Adib hayoti jurnalistika bilan chambarchas bog‘liq: dastlab «Yosh leninchi» (hozirgi «Turkiston»), «Qizil O‘zbekiston» (hozirgi «O‘zbekiston ovozi») gazetalarida ishlagan, «Sharq yulduzi», «Guliston» jurnallariga bosh muharrirlik qilgan, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati»ni shakllantirgan, Yozuvchilar uyushmasiga kotib bo‘lgan. Oltmish yillik ijodiy faoliyati davomida o‘n mingga yaqin (!) publitsistik asar — korrespondentsiya (fiqra), lavha, reportaj, hisobot, intervyu, maqola, taqriz, kuzatish, sharh, xat, ocherk, feleton, esse yozgan, efirda, ekranda behisob chiqishlar qilgan. O‘n mingtacha! Aytishga oson: bitta maqola, ocherk yozib, e’lon qilish qanchalar qiyin.
80-yillarning o‘rtalarida kutubxonachilikka o‘qigan bir talabaning boshdan-oyoq Asqad Muxtor badiiy, publitsistik asarlari ro‘yxati, qisqa izohlaridan iborat kattagina diplom ishiga ko‘zim tushgan edi. Shundan keyin ham adib o‘n yildan ortiq ijod qildi, ko‘p narsa yozdi.
Yozuvchilar bor, publitsistikaga har zamonda, hafsala qilganda, zavqi kelganda yo biror sana munosabati bilan murojaat etadi. Biror maqola, suhbat bilan chiqadi-da, uzoq vaqt jim bo‘lib ketadi. Asqad aka bu ish bilan muntazam, betinim shug‘ullangan. Urushdan keyingi yillari «Po‘lat quyuvchi» dostoni, «Daryolar tutashgan joyda» qissasini yaratishdan oldin Bekobodga bir necha bor safar qilib, turkum maqolalar, ocherklar yozib kelgani, radioga ko‘p eshittirishlar tayyorlagani ma’lum.
O‘tgan asrning 60 — 70-yillari, 80-yillar o‘rtalarigacha publitsistikamizda, to‘g‘risi, ofarinchilik, voqealarning sirtidan gap urish, madhu sano, ta’zim-tavoze uslubi ustuvor edi. O‘sha yillari ko‘p va xo‘p yozgan Asqad Muxtor mana shunday qusurlardan imkon qadar qochishga, tabiiylikka intilar, dunyoqarashi kengligi oddiy voqea, ibratli dalillardan katta fikr, salmoqli xulosa chiqarishga imkon berardi.
«Yozuvchi mahorati biror qiziq voqeani topib tasvirlashdan ko‘ra, biror voqeani qiziq qilib tasvirlashda ko‘proq namoyon bo‘ladi», degan ibratli gapi badiiyatigagina emas, publitsistikasiga ham taalluqlidir. Adibning «Zarang yaprog‘i» nomli yo‘l ocherkidan Kanada tabiati, odamlari haqida ko‘p ma’lumotlar olamiz. Mashhur bog‘bon Rizamat otaning dil rozi — monologi asosiga qurilgan «Umr hikmatlari»da nuroniylarimizga xos donishmandlik, bag‘rikenglik, kamtarlik ufurib turadi. Bolalar, yoshlar haqida yozganda adib tilda, uslubda bola bo‘lib, yosh bo‘lib ketardi. Umrining oxirgi yillarida, bemor payti «kundaliklar», to‘g‘rirog‘i, «Tundaliklar» yozdi. «Uyqu qochganda…» nomi bilan kitob bo‘lib ham chiqdi.
Qisqalik — iste’dodning hamshirasi, degan naqlga amal qilibmi yoki katta narsalarni o‘qishga hafsalasi yo‘q kitobxonning vaqtini ayabmi, lo‘nda, purhikmat publitsistik lavha, chaqmoq satrlar bitdi. Bunday miniatyur lavhalar Lixtenberg, Bernard Shou, Stanislav Yeji Letsda ko‘p uchraydi. Endi bizda ham urf bo‘layotibdi: Asqad Muxtor, G‘aybulla as-Salom, O‘tkir Hoshimov qatralari buning bir misolidir. Mana, Asqad akaning aforizmlaridan ayrimlari: «Kitob boylik, Lekin sotib olingani emas, o‘qilgani», «Chinakam badiiy asar hamma vaqt javobsiz savollardir», «Shoir bo‘lish yaxshi, shoirlik da’vo qilish yomon», «Kimningdir yozganiga ofarin, kimningdir yozmagani uchun rahmat», «Avvallari yashash uchun yozdim, endi yozish uchun yashayapman», «Kichkina yaxshilik qilish uchun ham odam (balki buyuk odam) bo‘lish kerak, katta yomonlik qilishga kichik odam ham qodir»…
«Insonga qullik qiladurman» kitobiga yozgan muqaddimasida o‘tgan asrning o‘ttiz to‘qqizinchi, qirqinchi yillarida, hali talabalik kezlari buyuk Sohibqiron Amir Temur haqida ilmiy-badiiy yo‘sinda kurs ishi yozgani, bu hurmatli domlasi Ibrohim Mo‘minovga ma’qul kelgani, 60-yillari hikoya yozilib, ustozi — taniqli akademikka ko‘rsatilganda u kishiga manzur bo‘lgani, lekin e’lon qilmay turishni maslahat bergani («… sen buni hozir biron joyga bermay qo‘ya qol. Mening kunim sening ham boshingga tushib o‘tirmasin…» degan ekanlar), faqat mustaqillikdan keyin chop ettirganini eslaydi. (Sohibqiron haqidagi «Insonga qullik qiladurman» hikoyasi va shu nomli kitobi sevimli muallimi Ibrohim Mo‘minov xotirasiga bag‘ishlangan.)
Asqad Muxtorning adabiy-tanqidiy maqola, taqriz, suhbatlari o‘zida ilm, badiiyat, publitsistika unsurlarini mujassam etgan antiqa, sinkretik asarlardir. Ular hikoyadek, ocherkdek qiziqish bilan o‘qiladi, kuchli estetik zavq beradi. Zulfiyaning «Qatra» she’ri maxsus tahlil qilingan teran, ehtirosli maqola fikrimiz dalilidir.
«Davr mas’uliyati» maqolasida («Muxbir», 1970) Asqad Muxtor publitsistika ijodiy niyatni samarali ro‘yobga chiqarish, fikr, tuyg‘u, hissiyotlarni obrazli aks ettirish yo‘llaridan biri ekanligini ta’kidlaydi. Adib fikricha, odamlarning, ommaning ma’naviy dunyosini, ideallari va ehtiroslarini faqat lirik va psixologizm to‘lqinlarida to‘laligi bilan kitobxon ongiga yetkazib bo‘lmaydi, bunda ijtimoiy fikr ifodasiga kuchli ehtiyoj seziladiki, publitsistika ayni shu vazifani ado etadi.
Adib «Voprosы literaturы» jurnalining 1974 yilgi tanqidchilikka bag‘ishlangan maxsus soni savollariga bergan javob-maqolasida Ozod Sharafiddinovning ilmiy-badiiy-pulbitsistik maqola, tadqiqotlariga yuqori baho beradi: «Bu tanqidchi yozuvchiga, kitobxonga aql o‘rgatmaydi, nasihat qilmaydi, balki hayot haqida, adabiyot haqida o‘quvchi bilan tengma-teng suhbat quradi, o‘quvchilar qatorida mening ham simpatiyam uning tomonida».
Asqad Muxtor ko‘p va xo‘p, kuyunib-koyinib yozgan mavzu — til muammosi, so‘z mas’uliyati. «Tilimiz bir mo‘jiza» maqolasida avtobusda o‘rin bo‘shatib bergan yigitga qarata yoshi ulug‘ ayolning «Umringizdan baraka toping, tasaddiq…» so‘zlarining mag‘zini chaqishga yarim betcha, kir-chir avtobus haydovchisining dag‘dag‘a bilan aytgan «Bilet ollaring, oldinda kontrolyor bor» degan gaplarini izohlashga katta bir abzats ajratganini, bir kitobxon unga — jurnal redaktoriga «ko‘z» so‘zi bilan bog‘liq mingga yaqin maqol, matal, aforizm yozib yuborganini minnatdor bo‘lib eslaydi…
Asqad Muxtor mohir muharrir, betakror murabbiy, bag‘rikeng ustoz edi. Avvalo, o‘zining ustozlariga hurmati, ixlosi baland edi: she’rlari, maqola, suhbatlarida Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Muqimiy, Furqat, oqsoqol adiblarni, ustoz olimlarni yodlab turar, asarlari, fazilatlarini tez-tez ibrat qilib ko‘rsatardi.
Bir suhbatida Yozuvchilar uyushmasida o‘tgan mushoirada «Ikki narsa og‘irdir ko‘nglimga asti, Ikki narsa uchun yo‘q menda bardosh, Biri — dushmanimning shodon qah-qahasi, Biri — do‘st ko‘zida yaltillagan yosh» degan to‘rtligini o‘qib berganda to‘rda, hay’atda o‘tirgan G‘afur G‘ulom xursand bo‘lib o‘rnidan turib ketib: «Yaxshi narsa yozibsan, «yaltillagan»ni o‘rniga «mo‘ltillagan» de, ta’siri kuchliroq chiqadi», deganini eslaydi O‘zbekiston Qahramoni, xalq adibi Said Ahmad va tengdosh do‘sti xotirasiga bag‘ishlangan essesini «Mukammal inson surati» deb ataydi. Keyingi avlod vakillaridan yozuvchi Xayriddin Sulton «Boburiynoma»da Asqad akani «Ulug‘ inson, ulug‘ adib, shafqatli murabbiy, zoti sharif», deya ta’riflaydi, u kishi muharrir bo‘lgan «Guliston» jurnalini mustabid bir tuzumdagi erkin fikr orolchasiga o‘xshatadi, Tvardovskiy boshqargan «Novыy mir» jurnali rus jamiyatiga qanchalik ijtimoiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, «Guliston» ham o‘sha kezlari o‘zbek jamiyatining ma’naviy hayotiga shunchalik kuchli ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlaydi. Xayriddin Sultonning ilk hikoyasi talabalik yillarida bosh muharrir oq fotihasi bilan jurnalda bosilgan edi. Boshqa bir adib Alisher Ibodinov hali talaba emas, armiya xizmatida dengizchi bo‘lib yurgan kezlarida ilk hikoyasi chop etilgani, adibimiz iste’dodli yigitga universitet jurnalistika fakultetiga iliq tavsiyanoma-tavsifnoma yozib yuborgani esimda. Abdulla Qahhor, Mirtemir, Zulfiya, Shayxzoda, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov, Odil Yoqubov, G‘aybulla as-Salom (keyingi avlod ijodkorlaridan Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibrohim G‘afurov, O‘tkir Hoshimov, Ikrom Otamurod, Mahmud Sa’diy) kabi Asqad Muxtor ham qalam ahliga, ayniqsa, yoshlarga g‘oyat mehribon, bag‘rikeng, tahriri toza, tiniq ijodkorlardan. Qanchadan-qancha qo‘lyozmalar u kishi tahriridan chiqib, ochilib ketmagan, deysiz. Mirtemir domla «Asqad qo‘lyozmaga bilib qalam tegizadi», degan ekan. Abdulla Oripov she’rlaridan biridagi «Asqad aka lutf etganday» degan satr ham mashhur adibga katta hurmat, ehtirom ramzi. Adibning munis, mehribonligi, tanti va kamtarligini ko‘rgan, eshitgan yoshlardan qay birlari qimtinib, qay birlari tortinmay huzuriga kelganlar, qo‘lyozmalarini qoldirganlar, xat yo‘llaganlar; maslahatlaridan, yordamlaridan bahramand bo‘lganlar qancha. Suhbatlaridan birida hazil maqomida shunday degani kechagidek yodimda: «Yaqinda bir qizaloq telefon qilib jurnalingizga borsam, maslahat olsam maylimi?» deb so‘radi. «Marhamat, siz kimsiz?» deb so‘rasam, «Yosh talantman», deb javob berdi jarangdor ovozi bilan…»
Asqad Muxtor publitsistikasida ham sho‘rolar davri mafkurasi o‘z ta’sirini qoldirgan, albatta. Lekin ko‘pgina maqola, suhbatlari bugungi kunda ham o‘zining dolzarbligini, ta’sir kuchini yo‘qotmagan: «Kamolot kaliti», «Tabiat go‘zalligi — ma’naviy boyligimiz», «Siz qanday o‘qiysiz?», «Xat yozib turasizmi?», «Ijodkorning daxlsiz dunyosi», «Tarixiylik — zamonaviylik», «Daryo va sohillar», «Ajoyib sirli garmoniya» va boshqa maqolalarini — ulug‘ insonning avlodlarga elchilarini eslash kifoya. Darhaqiqat, zamon va qahramon, ma’naviyat, ma’rifat, maktab, oila, tarbiya, til, ekologiya va adib ko‘targan boshqa muammolar bugungi kunda har qachongidan ham muhimroq va dolzarbroq. «Tundaliklar»ning «Ikkinchi daftar» qismidagi kichik qatralarda ham katta, muhim fikrlar aytilgan. She’riy so‘zning ilohiy qudrati, tasavvur («bu — oliy savqitabiiy»), tasavvuf («Nima uchun panteizm, neoplatonizm oqimlariga amal qilgan Dante, Petrarka asrlardan beri ulug‘lanadi-yu, tasavvufga buncha qora chaplanadi?.. Bu singari kamsitishlar bizlarga mustamlaka deb qarashning alomatlari edi»), Sharq adabiyotining G‘arbga ta’siri, keyingi paytlari hamma narsani rad etishning avj olganligi, o‘zbekchadan ruschaga tarjimalarning keskin kamayib ketayotganligi, utopik asarlarning ideal izlash natijasida yuzaga kelganligi va hokazolar haqidagi teran mulohazalari fikrimiz dalilidir.
Asqad Muxtor publitsistikasi, ayniqsa, yosh ijodkorlar uchun mahorat maktabi, ibrat namunasidir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 2-sonidan olindi.