O‘tgan asrning qirqinchi yillari Toshkentga, sirtqi o‘qishga tushib ketgan tog‘am qalin bir kitob olib qaytdilar va har kuni kechqurun mahalla yoshlarini yig‘ib, shu kitobni bobma-bob o‘qib beradigan bo‘ldilar. Bu kitob Oybek domlaning «Qutlug‘ qon» romani edi.
O‘ttizinchi yillarning boshlarida, hamma ishlardan haydalib, qishloqqa qaytib kelgan rahmatlik dadamlar ham shunday qilgan, har kecha mahallamiz yoshlarini yig‘ib, birda «O‘tgan kunlar», birda «Ming bir kecha» ertaklarini o‘qib berganlar, toki o‘ttiz yettinchi yili «xalq dushmani», degan bo‘hton bilan mash’um NKVD tomonidan qamoqqa olinib, «Sibir» bo‘lgunlaricha bu ishni davom ettirgan edilar. O‘qish Kumushbibining o‘limi sahifalariga kelganda yig‘ilganlar go‘yo o‘z opalari o‘lganday yum-yum yig‘lashar, hatto rahmatlik dadamlarning o‘zlari ham ko‘z yoshini tiyolmas edilar.
Aslini olganda bu ikki ulug‘ asar voqealarida qandaydir o‘xshashlik bor. «O‘tgan kunlar»da Kumush Zaynab bergan zahardan o‘lsa», «Qutlug‘ qon»da Gulnor Salimboyvachcha zahri qotilidan ko‘z yumadi. «O‘tgan kunlar»da Kumushbibini o‘g‘irlab ketmoqchi bo‘lgan mal’unlar Otabek qo‘lida jon bersalar, «Qutlug‘ qon»da Gulnorga zahar bergan Salimboyvachcha Yormat pichog‘idan jon beradi. Bu faqat shuni ko‘rsatadiki, Oybek domla ham Qodiriy asarlaridan juda qattiq ta’sirlangan, uning sehrida bo‘lganlar. O‘ylaymanki, Qodiriy va Cho‘lponlar yaratgan buyuk asarlardan keyin to «Qutlug‘ qon» dunyoga kelguncha bizda kitobxon qalbini larzaga keltiruvchi boshqa asarlar yaratilmagan, o‘rtada yomon bo‘shliq paydo bo‘lgan. Shuning uchun ham «Qutlug‘ qon» bu bo‘shliqni to‘ldirgan eng yorqin asar sifatida qabul qilinib, Oybek domlaning nomi tillarda doston bo‘lib ketgan.
Yillar o‘tdi. Urush boshlandi. Qirq to‘rtinchi yilning kuz oylari qishlog‘imizdan qirq yigit armiyaga ketadigan bo‘ldi. Men tolqon-polqon solingan to‘rvamga «O‘tgan kunlar» bilan «Qutlug‘ qon»ni solib oldim. Keyinchalik Gobi cho‘llarida, qishlog‘imizni sog‘ingan paytlarimizda besh minut bo‘sh vaqt bo‘lib qolsa, yig‘ilishib, bu kitoblarni o‘qir va har o‘qiganda go‘yo kindik qonimiz to‘kilgan olis yurtimizga birrov borib kelganday tasalli topardik. Qirq beshinchi yilning kuz oylarida bizni Port Artur shahriga olib borib tashlashdi. Omadni qarangki, rus tilini yaxshigina bilganim sabab, shtabga olishdi. Shtabning kattagina kutubxonasi bor edi. Men unga a’zo bo‘lib oldim-u, bo‘sh vaqtlarimning hammasini o‘sha yerda o‘tkazadigan bo‘ldim. Bu orada gazetalarda Stalin mukofotiga sazovor bo‘lgan asarlar ro‘yxati e’lon qilindi. Ular orasida Oybek domlaning «Navoiy» romani ham bor edi. Sal o‘tmay kutubxonaga kitobning o‘zi ham kelib qoldi. Sizga yolg‘on, menga chin, degandek, uni bir-ikki kechadayoq o‘qib chiqdim-ov! Keyin do‘stlarimga, shtab rotasida xizmat qilayotgan o‘zbek yigitlariga o‘qib berdim. Bir necha kun biz hammamiz sog‘ingan yurtimizga qaytgandek, biz hirot ko‘chalarida emas, Samarqand, Buxoro va Turkiston ko‘chalarida yurgandek, yozuvchi qandaydir sehrli mahorat bilan tasvirlagan masjid madrasalar, peshtoqlari tilla suvi bilan bezatilgan yozuvlarni tomosha qilgandek dillarimiz yayrab, qalblarimiz g‘ururga to‘lib-toshib ketardi. Albatta, Mo‘min Mirzo qismati bizni ham titratib yuborgan, lekin Navoiy hazratlarining Husayn Boyqaroga aytgan achchiq gaplarini go‘yo buyuk Bobomiz emas, biz aytgandek, dillarimiz taskin topardi.
Shundan keyin men bir necha oy g‘alati holatga tushib yurdim. Shunda menda ham yozish istagi g‘imirlay boshladi. Bir necha oy kechalari shtabda o‘tirib, ilk qissam “Tengdoshlar”ni yoza boshladim-da… ayb yoshlikda deb o‘ylayman (yoshlikda kishi dadil va biroz surbet bo‘ladi), uni tugatar-tugatmas pochtadan Toshkentga, Yozuvchilar uyushmasiga jo‘natdim. Jo‘natishga jo‘natdim-u, ammo yuragimni g‘ulu chulg‘ab oldi. Asarim xom-xatala bo‘lishi mumkin-ku, shoshmashosharlik qilmasdan, armiyadan qaytganimdan keyin o‘zim olib borsam ham bo‘lardi-ku, degan o‘y miyamdan chiqmay qoldi. Bir oylar o‘tdi-yov. Kunlardan birida men bilan shtabda xizmat qiladigan serjant yigit yugurib keldi va negadir mug‘ambirona ishshayib: – Seni shtab boshlig‘i, polkovnik Maslov chaqiryapti, – dedi.
Yuragim gurs-gurs urib, polkovnikning xonasiga kirib bordim. To‘rda o‘tirgan polkovnik o‘rnidan turdi va: «E, sen yozuvchi ekansan-ku. Aytmaysan ham bizga, – deb kuldi. Ma’lum bo‘lishicha, Toshkentdan, Yozuvchilar soyuzidan maktub kelibdi. Unda: «Sizning qismingizda Odil Yoqubov, degan starshina xizmat qilar ekan, u qissa yozibdi, qissa bizga ma’qul bo‘ldi. Soyuzimiz jurnali uni chop etish fikrida. Sizdan iltimos, unga ozgina bo‘lsa ham ijod uchun imkon yaratib bersangiz», deb yozilgan edi. Maktubga «O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzi raisi, Stalin mukofotining sovrindori Oybek», imzo chekkan edi.
– Yaxshi, – dedi polkovnik. – Bunday ulug‘ insonning iltimosini rad etib bo‘lmaydi. – Men bo‘lim boshlig‘inga aytib qo‘yaman. Imkon yaratib beradi.
Shu-shu – shtabdagi do‘stlarim ismimni aytib emas, «hoy, yozuvchi» deb chaqirishadigan bo‘lishdi. Biri bu so‘zni samimiy aytsa, biri kesatib aytardi. Yaxshiyam shu orada Stalinning «O‘rta ma’lumotli soldat va serjantlar Oliy o‘quv yurtlariga kirishlari uchun muddatidan oldin (muddatidan oldin emish, bu buyruq e’lon qilinganda mening xizmatga chaqirilganimga besh yildan oshib ketgan edi!) xizmatdan ozod qilinsin», degan buyrug‘i kep qoldi-yu, do‘stlarimning pichinglaridan qutuldim.
«Tengdoshlar» ellik birinchi yili bir vaqtning o‘zida ham «Sharq yulduzi» jurnalida, ham «Lenin uchquni» gazetasida uch oy davomida chop etildi. Bu paytda Oybek domla, betobligi bois, raislik vazifasidan bo‘shagan edilar. Men u kishiga minnatdorchilik bildirishni juda-juda istasam ham, uylariga borishga iymanar edim. Faqat ellik to‘qqizinchi yili «Literaturnaya gazeta»ga muxbir bo‘lib tayinlanganimdan keyingina birda intervyu, birda suhbatini olish uchun bir necha marta huzurlariga bordim. Shunda har safar meni bir narsa hayratga solardi. Ustoz, xastaligi tufayli, sal duduqlanib gapirardilar, ammo aytgan so‘zlaridan, hamisha porlab turadigan, qop-qora ko‘zlaridan, butun kelbatidan qandaydir… ilohiy desam uncha yopishmas, lekin kishini o‘ziga rom qiluvchi bir sehr yog‘ilib turardi. Har safar ulug‘ adibning bu suhbatlaridan keyin, kamina bir necha kun ana shu sehr, xuddi kuz oftobiday kishining dilini yayratuvchi cheksiz bir mehr ta’sirida yurardim.
Hozir uncha esimda yo‘q, chamasi, Ustoz vafotidan bir-bir yarim yil avval bo‘lsa kerak, “Literaturnaya gazeta” rahbariyatidan Oybek to‘g‘risida kattaroq bir maqola yozib berish haqida topshiriq oldim. Ocherk yozish bahona, men bir necha marta domla bilan uchrashib, boya aytganimdek, kishini o‘ziga rom qiluvchi suhbatlaridan bahramand bo‘ldim. Domla biroz duduqlanib gapirishlari sabab (elliginchi yillari u kishiga nisbatan bo‘lgan nohaq va mash’um bo‘htonlar mevasi), bizning bu suhbatlarimizda Ustozning vafodor rafiqasi va do‘sti Zarifa opa ishtirok etib, ba’zi so‘zlariga «tarjimonlik» qilardilar. Shu sababmi, boshqami, ocherk yomon chiqmadi chamasi. U tez orada «Literaturnaya gazeta» sahifalarida chop etildi. Ertasigami-indinigami avval Zulfiya opa, ketma-ket Zarifa opa telefon qilib, ocherk domlaga ma’qul bo‘lganini aytdilar. Boshim osmonga yetdi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 5-son