70-yillarda adabiyotga kirib kelgan avlod ichida Ahmad A’zamning o‘z o‘rni bor. Avvalo, bu o‘rin dastlabki davrda adabiyotni hech qanday siyosiy maqsadlarsiz, mafkurabozliklarsiz ko‘rishga va anglashga intilish shaklida bo‘lsa, keyinchalik adabiyot orqali o‘z davri ijtimoiy tafakkurini uyg‘otish qiyofasini oldi. Yozuvchining adabiyotshunoslar shu paytgacha e’tibor bermay kelayotgan “Vatan haqida yozolmagan she’rim”, “O‘zim bilan o‘zim”, “Odamoviga uch yoqlama qarash” novellalarida, “Noinsof Muso”, “Kichik ilmiy xodim Hamdamov” hikoyalari, “Bu kunning davomi”, “Asqartog‘ tomonlarda” qissalarining, umuman shu avlodning adabiyot, jamiyat, odamga bo‘lgan munosabatlarini yaqqolroq ifodalagan deb aytish mumkin.
Bu telenovellalarda biz o‘zbek nasridan nisbatan yangi qahramon — jamiyatda, hayotda o‘z o‘rnini anglayotgan, anglash orqali uyg‘onayotgan fikr, uyg‘onayotgan o‘zlikni, uyg‘onayotgan “men”ni anglatuvchi qahramon paydo bo‘ldi. Bu novellalarda “Men”dan boshqa qahramon yo‘q ijobiy ham, salbiy ham, jabrlovchi ham, jabrlanuvchi ham, yozuvchi ham, eziluvchi ham, hukmga mustahiq ham, hukm etuvchi ham ana shu “men”ning o‘zi, ya’ni o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgan odam. A.A’zam bu obrazi bilan o‘zi mansub avlodning butun boshli ijodiy konferentsiyasini ifodalab berganga o‘xshaydi. Biz aynan “men”ning anglashi jarayonini bugun 50 yoshga kirgan va kirayotgan shoir, yozuvchilarning barchasida ko‘ramiz:
O‘ziga o‘zi gapirayotgan odam, o‘zini ko‘zguga solayotgan odam kim? Ehtimol adabiyot — bu o‘ziga o‘zi gapirayotgan odamdir? Har qalay, 70-yillarda adbiyotga kirib kelgan shoir va yozuvchilarning she’rlari, hikoyalari va qissalarini o‘qiyotgan kishida adabiyot bu o‘ziga o‘zi gapirish bo‘lsa kerak, deganday taassurot uyg‘onadi. Odam nega o‘ziga o‘zi gapiradi, qachon o‘ziga o‘zi gapiradi? Adabiyot “real voqelikning real in’ikosi” emasligi bugun hammaga ayon. Bugun filologiya fakultetlarining birinchi bosqich talabasiga ham bu fikr juda erish tuyuladi.
Biroq o‘ttiz-yigirma yil muqaddam “o‘ziga o‘zi gapiradigan” obrazlar bilan bir avlod adabiyotga kirib kelganda, bu holat o‘sha paytdagi adabiy muhit “pir”lariga ancha erish tuyulgandi va hatto “bu adabiyot emas” deyuvchilar ham bo‘ldi. Lekin bu avlod ancha o‘jar chiqdi: o‘ziga o‘zi gapirishdan voz kechmadi, oqibatda esa mavjud badiiy did ularni yamlamay yutish o‘rniga asta-sekin bu obrazlarga o‘rin bo‘shatib bera boshladi.
Odam fikrlayotganda o‘zi bilan o‘zi gaplashadi. Fikr qilish — uyg‘onishning boshlanishi va ehtimol, uyg‘onishning o‘zi hamdir. Odam o‘zini o‘zi tadqiq qilayapti ekan, demak uyg‘onayapti, tabiiyki o‘ziga-o‘za gapirayotgan odam “Men kimman”, “kim edim”, “kim bo‘laman” degan savollarga javob topgisi keladi.
Yuqorida tilga olingan avlod adabiyotga aynan shu savollarni qo‘yib, shu savollarga javob izlagandek tuyuladi. Bular shunchaki savollar emas, bu milliy g‘urur, milliy uyg‘onish ishtiyoqi bilan bog‘liq savollar edi. San’at asarlarida ijtimoiy ma’no izlash adabiyotni jo‘nlashtiradi, biroq san’at ijtimoiy ma’nosiz shunchaki bejirim libosga o‘xshab qoladi. San’atda ijtimoiy ma’no tirik yurak, og‘riyotgan, iztirob chekayotgan yurakning tovushi, urib turishi bilan bog‘liq. Agar qalam shu og‘riyotgan yurakka botirib yozilmasa, iztirabli qalb sezilmasa san’atning qudrati ko‘rinmaydi. Davr va ijodkor munosabatlari to‘qnosh keladiga nuqta juda nozik nuqta; davr ijodkorni, ijodkor davrni o‘z yo‘nalishiga bo‘ysundirgisi keladi, lekin har ikkalasi bo‘ysunmagan nuqtada bu munosabat xolis va san’atkorona tarzda namoyon bo‘ladi.
Biz o‘ziga-o‘zi gapirayotgan odamlar obrazida ana shu uyg‘unlikka intilishni ko‘ramiz. O‘ziga o‘zi gapirgan odamlar badiiy did, saviya, an’analarni yangiladi: o‘ziga o‘zi gapirish bilan ular nasrni bir muncha odamga, odamning ichki dunyosiga yaqinlashtirdi. Inson dardi, iztirobi haqida shunchaki o‘tkinchi voqealar, muammolar emas, balki adabiyot uchun abadiy jumboq, abadiy makon bo‘lgan inso ruhiyati nuqtai nazaridan baho berishdi.
Ehtimol, faqat shuning uchun ham bu davr, bu avlod adabiyotida aldangan asarlarni, mafkuraviy asarlarni kam ko‘rarmiz: kommunistik didga, kommunistik e’tiqodga xizmat qiladiga asarlar bu avlodda juda kam: bu avlod A.Orif, E.Vohid, R.Parfi, Sh.Xolmirzayevlar boshlab bergan adabiyotni san’atga yaqinlashtirish an’anasini adabiyotning birdan-bir an’anasiga aylantirishga intildilar.
Bu avlodning adabiyot orqali milliy uyg‘onish, ijtimoiy fikrni uyg‘otishga qilgan xizmatlari, shubhasiz, hali ko‘p o‘rganiladi va bahosini oladi.
Bu avlod bugun Murod Muhammad Do‘st, Erkin A’zam, Xurshid Davron, Ibrohim Haqqul qiyofasida 50 yoshga kirayapti. Ana shular ichida bugun biz so‘z yuritgan Ahmad A’zamning ham o‘z o‘rni bor. A.A’zam bugun kam adabiy mahsulot berayapti, bugun band odam, lekin men uning yaqin yillar orasida adabiyotimizda voqea bo‘ladigan, o‘zidan keyingi avlod ham havas bilan qaraydigan asarlarini birin-ketin e’lon qilishiga ishonaman.
Ellik yosh — bu ikkinchi ijodiy kuchning, quvvatning ochilish yoshi. Ahmad A’zam uchun ham shunday bo‘lishiga shubha yo‘q.