Ibrohim G‘afurovning “Hayo — xaloskor” kitobini ohista varaqlarkanman, ne sababdandir, ko‘z o‘ngimda fidoyi tarixchi adibimiz Mirkarim Osim siymosi gavdalanaverdi. Kitob muallifiyu Mirkarim Osim, kitob sarlavhasiyu Mirkarim Osim, kitobga kirgan maftunkor asarlaru Mirkarim Osim. Bular orasida qandaydir ko‘zga ko‘rinmas bir ip bor edi. Bu ip ikki adib, ikki fidoyi ziyolini bir-biriga chambarchas bog‘lab turardi. Ibrohim G‘afurovdan, uning “Hayo — xaloskor”idan, bugungi ahli ta’blar majlisidan, ajabki, Mirkarim Osimning isi kelib turardi…
Ko‘z o‘ngimdan 70-yillar, Toshkentning mo‘tabar imorati — “Navoiy-30”, Mahmud mo‘ylov lag‘monxonasidan chiqib, peshinda ohista sayr-suhbat qilib yurgan ustoz-shogird Mirkarim Osim va Ibrohim G‘afurovlar qiyofasi o‘tib turardi. Ikki do‘st yoshida 30 yillik farq bor. Biri zamonning barcha zahar-zaqqumini yutgan, boshidan foje’ taqdirni kechirgan, qaddi dol mo‘ysafid, ikkinchisi kuchga to‘lgan, zamona adabiy tafakkurining oldi vakili, hali yo‘li kesilmagan, omadli iste’dod sohibi.
Ularni nima birlashtiradi? Millat, tarix, adabiyot, onajon Toshkent. Ular nima haqda hech to‘xtamay, tanaffus bilmay suhbatlashadilar? Adabiyot, tarjima mahorati, tarix, tarixiy siymolar. Albatta, daho shoir Alisher Navoiy, joni jasadiga, ruhi ravoniga sig‘magan Mashrab, yana qancha mumtoz adiblaru jahon adabiyotining bo‘y yetmas chinorlari haqida. Bu suhbatning oxiri bormi? Aslo yo‘q, u umrbod tugamaydi, to‘zim bilmaydi.
O‘sha yillari chop etilgan (1976) “Yam-yashil daraxt” kitobida shogird Ibrohim G‘afurov yozgandi: “Bu yil kuz chinakam oltin kuz bo‘ldi. Kech kuz tushdi. Lekin oftobning ilig‘i pasaymadi. Noyabrning oyoqlarigacha ko‘kda bulut ko‘rinmadi. Oftobning nafasi shu qadar yoqimli ediki, odam uyga kirgisi kelmasdi. Mirkarim Osim bilan sayr qilib yurardim.
— Ana, osmonni qarang, — dedi Mirkarim aka qo‘llarini osmon sahfasi tomon yozib. — Naqadar ko‘k. Ayniqsa, daraxtlarning shoxlari orasidan qarasangiz, judayam ko‘m-ko‘k bo‘lib ko‘rinadi. Bir xil rassomlar shuni topib ishlaydi. Qarang, qarang, to‘g‘rimi?
— Rost, juda ham ko‘k, — dedim.
— Sizga mendan ko‘ra ham ko‘kroq ko‘rinsa kerak. Men o‘n ikki yasharligimda bundan ham ko‘k ko‘ringan edi, esimda, bilaman… Mana bu tomon esa unchalik ko‘k emas, qiziq…
— U tomonga hozir ko‘proq oftob tushyapti, shuning uchun oqaribroq ko‘rinadi.
— Ehtimol, ehtimol…
— Qarang… — dedi yana Mirkarim aka siniqroq ohangda. — Tabiatning tovushlari… qanchalar yoqimli… Qulog‘ingiz eshitib to‘ymaydi ularni…
Men keksa adibning yillar to‘zg‘itolmagan zavqiga hayron qoldim. Chinakam adib ham jisman qariydi, lekin uning yuragi qarimas ekan. Yuragi ham qarigan adiblar bo‘lishi mumkin. Lekin xalq ularni adib deb atarmikin?” (226-227-betlar).
Ibrohim G‘afurovni ustoz Mirkarim Osimga bog‘laganimizning juda ko‘p sabablari bor. Mirkarim domla tavalludiga bu yil 100 yil to‘ladi. Shogirdi esa bu yil 70 yoshda — ustoz yoshiga yetdi. Mirkarim Osim Stalin qatag‘oni zug‘umlarini boshdan kechirib kelib, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida oddiy muharrir bo‘lib ishlab, keyinchalik xalqimiz orasida mashhur bo‘lgan “Jayxun ustida bulutlar” (Beruniy), “Ibn Sino qissasi”, “Aljabrning tug‘ilishi” (Muhammad Xorazmiy), “Singan setor” (Mashrab), “Mohlaroyim va Xonposhsha” (Nodirabegim) kabi tarixiy qissa va hikoyalarini Ibrohim G‘afurov ko‘z o‘ngida (ba’zan ustoz-shogird maslahatlashib) yozdi, unga o‘qitib, fikrini oldi.
Mirkarim Osim sovet davri adabiyotida asarlari el orasida mashhur, bir necha avlodni vatanparvarlik tarbiyasida voyaga yetkazgan bo‘lsa-da, adibning o‘zi va shaxsi haqida jamoatchilikda shu qadar ma’lumot kam ediki, M. Osim ismi-sharifini ko‘pchilik Navoiy hazrat zamondoshlaridan Xondamir, Zayniddin Vosifiy kabi tarixchilar davrdoshi deb bilardi. “To‘maris”, “Shiroq”, “O‘tror”, “Temur Malik”, “Zulmat ichra nur”, “Spitamen” qissalarini yaxshi bilgan avlodlar bu tarixiy asarlar muallifi Mirkarim Osimni deyarli tanimasdilar. Adabiyotshunoslikda Ibrohim G‘afurov va Mahkam Mahmudovning bir-ikki qisqa maqolasi demasa, adib haqida tadqiqot ishlari olib borilmagandi. Bu totalitar tuzum mafkurasining o‘ziga xos siyosati edi. Biz rahmatli Naim Norqulov bilan “Mirkarim Osim” adabiy portreti risolasini yozib e’lon qilganimizda (1977 yil adibning 70 yilligiga — M.S.) ko‘plar bu tarixchi adib o‘z zamondoshlari ekanligidan ajablangan edilar.
Biz atoqli adib Mirkarim Osim va adabiy tanqidchi Ibrohim G‘afurov shaxsi, asarlari, kitobi nomi o‘rtasida uzviy bog‘liqlik haqida gapirib o‘tdik. Navoiy dahosi to‘g‘risida o‘zbek adabiyotida birinchilardan bo‘lib badiiy asar yozgan M. Osim (oldin tarixiy biografik hikoyalar va ularni birlashtirib qissa qilgan) Navoiy va muhit, Navoiy va shoh Husayn Boyqaro munosabatlarida ishonarli konflikt ko‘rdiki, bu u o‘rgangan tarixiy manbalarda qayd etilgan edi.
Keyingi yillarda (mustaqillik davri) Navoiy va Husayn Boyqaro munosabatlarida tarixchi va adabiyotchilar hech qanday ziddiyat, nizo ko‘rmadilar hamda bu do‘stlikni bir umrlik o‘zaro sadoqat ruhida talqin qildilar. Sovet davridagi asarlar (Oybek “Navoiy”, Uyg‘un, Izzat Sulton “Alisher Navoiy”) bu jihati bilan tanqid ostiga olindi. Zamon mafkurasining tamg‘asi qolgan asarlar sifatida baholandi.
Bugun ulug‘ yoshga yetgan Ibrohim G‘afurov ham o‘ziga xos nafosatli uslubda tarixiy siymolar obrazlariga qo‘l urdi va aynan ustoz M. Osim adabiy pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi — Navoiy va jamiyat, hazrat va shoh Husayn o‘rtalarida kishi bilmas ichki ruhiy-psixologik ziddiyat ko‘rdi. Bu borada “Hayo — xaloskor” kitobida “Navoiyga unsiyat” bobida adabiy-tanqidiy xulosalarini bayon qildi. Bu, albatta, o‘sha 70-80-yillar ustoz-shogird suhbatlari va hozirda o‘zi tarixiy manba rolini o‘tab qolgan
M. Osim qissalarining salmoqli ta’siri va mantiq quvvatining natijasidir. Tabiiyki, balog‘at bosqichidagi adib Navoiy dahosini bugungi boy va baland saviyali zamonaviy tafakkur nuqtai nazaridan yoritadi. Ulug‘ zotning ichki iztirob va hissiyotlarini Navoiy yoshidan o‘tgan, katta hayotiy tajribali ijodkor qalbi bilan tasvirlaydi.
“Hayo — xaloskor”ning yana bir adabiy qissasi qahramoni xalqimiz orasida shoh Mashrab nomi bilan mashhur bo‘lib kelgan Boborahim Mashrab obrazidir. Oradan 30 yil o‘tib, bir paytlar ustozi Mirkarim Osimga “Singan setor” qissasining yozilishiga maslahatu madad bergan shogird o‘zi Shoh Mashrab obraziga qalam uradi. Va aynan M. Osim talqini hamda simpatiyasidagi majnunsifat Mashrab obrazini yaratishga erishadi. Ibrohim G‘afurov talqinidagi Mashrab Mirkarim Osim “Singan setor”idagi qahramon-shoir obrazining to‘ldirilgan, davomiday taassurot qoldiradi kitobxonda.
O‘ylaymizki, Ibrohim G‘afurov otasi, ayniqsa mushtipar, “dunyodagi hamma onalardan go‘zal” o‘z onasi obrazini yaratayotganda, asarlariga kirgan barcha imonli zotlar personajlarini tasvirlayotganda va kitobiga aynan “Hayo — xaloskor” deb nom qo‘yayotganda ko‘z o‘ngida ustozi Mirkarim Osim iymanib, gavdalanib turgan bo‘lishi kerak. Mirkarim Osim siniqlik, hoksorlik, hayo, andisha singari insoniy sifatlarning timsoli edi. Bu zot birovning yuziga, ko‘ziga tik qarab gapirolmasdi. Ijodiy idoralar yo‘laklarida shunchalar devorga yaqin yurardiki (boshqalarga keng yo‘l berish uchun), hamisha kamzulining ikki yengi ohak bo‘lardi.
Bu yil 70-bahorini qarshilagan Ibrohim G‘afurov shaxsida uch ijodkor siymosini ko‘rsak — san’atkor tarjimon, nozikta’b adabiy tanqidchi, nafosatli adib, “Hayo — xaloskor” kitobi shu uch noyob iste’dod egasining ayni balog‘at yoshidagi ijodiy hisoboti — xassos adibning bir umrlik adabiy xazinasini o‘zida jam qilgan kitobligi bilan boshqalarning, hatto muallifning o‘zining oldingi asarlaridan ham tubdan farq qiladi.
Adib kashf etgan birgina mansuralar janridagi asarlariga maxsus tadqiqot bag‘ishlaganda ham bu adabiy topilma tagiga yetish qiyin. Bu kitobning bizga ta’sir qilgan jihati undan zahmatkash, fidoyi, zakiy yozuvchi Mirkarim Osimning isi kelib turishida, tarixchi adibni yana qayta tiriltirganida deb bilaman.
Mahmud SATTOROV
“Hurriyat” gazetasidan olindi.