Bolalik yillarimni eslaganimda olmazor hovlimiz ayvoni oldida uzun qilib tortilgan patgilamning o‘rmagi ko‘z oldimga keladi. O‘rmakning kuzuvini onam bog‘lar, (odatda kuzuvni asosan kayvonilar, ishining ustasi bo‘lgan chevarlar bog‘laydi) biz uning turini (o‘rmak iplari) yugurardik.
Keyin onam “Bismillahir rohmanir rohiym” deb ot ustida o‘tirgandek o‘rmakning ustiga o‘tirib to‘qishni boshlar, onamning har qilich qoqib, bir yo‘l arqov o‘tkazganlarida patgilamning gullari ochilib, kattarib, to‘lishib borishini havas bilan kuzatar, o‘zim ham onam bilan basma-bas patning turini chalishardim. (Erda tortilgan patgilamning o‘rmagi ikki tarafda o‘tirib to‘qiladi) Bilasizmi, o‘shanda hali maktabga borib-bormagan vaqtlarim edi.
Onam bilan yonma-yon o‘tirib o‘rmak to‘qirdik, iroqi do‘ppilarning iroqisini tikardik. Mana bu to‘rtliklar o‘shanday paytlar, onamning o‘rmak to‘qib yoki do‘ppi tikib o‘tirib aytgan xirgoyilaridan esimda qolgan:
Iydirgin mardga meni,
Kuydirgin mardga meni.
Alloh, Alloh, zorim eshit,
Suydirgin mardga meni.
Yoki:
Talh hijronni yutgayman,
Kuyib noma bitgayman.
Seni nafaqat tirik,
Qabrimda ham kutgayman.
Onamning ovozi shirali, xirgoyilari chiroyli edi. Bu satrlarning ma’nosini chuqur tushunmasam-da, u kishiga qo‘shilib xirgoyi qilib o‘tirganlarimni kuni kechagiday eslayman.
Muhitda gap ko‘p.
Otamning Abdurahmon bova, Rajabov bova, Abdumo‘min bova, Eshon bova kabi yetti-sakkiz nafar qadrdonlari har o‘n, o‘n besh kunda uyimizda kitobxonlik qilishardi. Bu suhbatlarda Navoiy, Fuzuliy, Bedil singari ulug‘larimiz g‘azallaridan tashqari ishqiy, sarguzasht dostonlar ham o‘qilardi. Go‘ro‘g‘li, Kuntug‘mish, Avazxon, Alpomish kabi dostonlar qah-ramonlari otamning do‘stlari singari menga ham qadrdon bo‘lib qolgandi. Bu kitobxonlik kechalarida dostonu g‘azallarni ko‘proq otam Ummatqul Xudoyberdi o‘g‘li o‘qirdi. Chunki u kishining ovozlari baland, qiroatlari yoqimli edi. Bu ovozni hali-hanuz ba’zan tushlarimda eshitganday bo‘laman.
Bunday kechalarda men doim otamning yoniga suqilib kirib olib, xayolan Barchinga aylanardim. Boychiborga dardimni aytardim. Xullas, dostonlar olamida yashardim.
Bu dostonlarda yengilmas kuch, qudrat timsoli Hazrat Ali o‘zi bilan “Engsang senga tegaman, yengilsang o‘ldiraman” sharti bilan kurashga tushgan Zufununni yengar va uni shu muzofotga hokim qilib qoldirib, o‘zi yangi muzofotlarni zabt etish yo‘lida ot solib ketardi.
Men Hazrat Alining yollari bo‘ron yanglig‘ guvillab ketayotgan qorabayir otining har yelkasi bir muzofotni ko‘tarib ketayotganiga ishonib yashardim. Bu vaqtlarda otam bog‘bon, onam pillachilik agronomi bo‘lib ishlardi.
…Ozgina ortga qaytamiz.
O‘z onam Sharofat Xonnazar qizi paxta dalasidagi o‘qariqdan dorilangan suv ichib qo‘yib, o‘ttiz besh yoshlarida olamdan o‘tganlarida men ikki yoshga yetmagan go‘dak ekanman. Shunda amakim Ummatqul Xudoyberdi o‘g‘li bilan xolam Qarshigul Xonnazar qizi meni o‘z tarbiyasiga olgan ekanlar. (Biznikilar aka-uka, opa-singillarga uylanishgan ekan).
Men o‘z onamni eslay olmayman. Hatto birorta suratlari ham qolmagan. Bu dunyoda kun ko‘rmay, yosh ketgan onajonimning huru g‘ilmonlarga qo‘shilgani rost bo‘lsin.
Ammo amakim (“amaki” deganim uchun Xudo meni kechirsin, chunki men dunyoda farzand uchun u kishidan mehribonroq ota bo‘lishiga ishongim kelmaydi) va xolam tufayli hech bir kamim yo‘q edi. Xoladan onaning hidi kelarkan. Bu ikki jannatmakon insonlar – amakim bilan xolam meni onam dunyodan o‘tgan kundan boshlab o‘zlarini “ota, ona” deyishga o‘rgatishgan ekan. Joylari jannatda, tuproq to‘shaklari pardan bo‘lsin ularning. Ular hali-hanuz yer ostida yotib ham meni qo‘llayotganlariga ishonaman.
Shunday qilib, onam agronom bo‘lib ishlayotgan yillarga kelgandik. Haqiqiy mehnat hamma zamonlarda ham o‘z qadr-qimmatini topadi. Onaizorimning 3-4 marta Moskvaga, s’ezdga delegat bo‘lib borib kelganlarini eslayman.
Onamning to‘q ko‘k rangli oti bo‘lib, peshonasida katta oq qashqasi bo‘lardi. Shuning uchunmi uning nomi “Ola qashqa” edi. Otning ko‘zlari shunday aqlli ediki… Keyin men umrim davomida bunday otni boshqa uchratmadim. U haqiqatan ham shunday betakror xushsurat otmidi, yo bolalikning ko‘zlari katta bo‘ladi, deganlariday bu mening bolalik tasavvurimmidi, bilmayman… Shuning uchun ham birinchi she’rimni 7-sinfda o‘qib yurganimda shu otimizga bag‘ishlab yozganman va bu she’r tuman gazetasida bosilgan.
Qishloqda nima ko‘p – ish ko‘p. Kunduzlari maktabga, pillaga, dalaga, paxtaga… xullas, tinim bilmasdik. Kechasi yozishga odatlangandim. Tarki odat – amri mahol. To hanuz asosan tunda ishlayman. Garchi uyqusizlik sog‘likka zarar ekanini bilsam-da, tunda maza qilib ishlayman. Har qalay, tunda hech kim sizga xalaqit bermaydi. Maktabda o‘qib yurgan vaqtlarimda ham yarim kechasigacha o‘tirib yozaverardim. Bu hol onamning jahlini chiqarar, xonaning chirog‘ini o‘chirib, meni yotishga buyurib chiqib ketardilar. Shunday paytlarda onamning uxlab qolishlarini kutib yotardim. Shu yotishda xayolimda bir-ikki she’rni to‘qib qo‘yardim-da, keyin sekin turib qog‘ozga tushirardim. Chiroqning yana yonganini ko‘rgan onam yana kelar, endi yotib uxlamasam otamni uyg‘otishini aytib qo‘rqitardilar. Bu hol 2-3 martadan qaytariladigan kechalar ham bo‘lardi.
Rahmatlik onaizorim haqida keyingi yillarda Lila opa degan tatar qo‘shnimiz (ular onam bilan egachi singilday qadrdon edilar) aytib bergandi. O‘sha yillarda onam qo‘shnilarga chiqib kuyinarkan: “Kechasi bilan o‘tirgan bola ertalab yuzini yuvib maktabga chopqillab ketaveradi. E, Xudoyim-ey, nima qilsam ekan, bolam bechora uvuz etida kuyib ketayapti”.
Yildirim yillar bir-birini quvib shu alfozda o‘taverdi. Maktab davri tugab, betakror talabalik yillarim boshlandi. Jurnalistika fakultetining birinchi kursida o‘qiyotganimda “Ilk muhabbat” nomli kitobim chop etildi. Bu kitob shunchalar katta mehr-muhabbat bilan kutib olindiki, buning uchun muxlislarimdan, ayniqsa, universitet domlalari – ustozlarimdan minnatdorman. Ularning bir yutug‘imga o‘n yutuq qo‘shib maqtashlari, ba’zan imtihon paytlari Rasul Hamzatov, Silva Kaputikyan yoki Eduard Mejelaytisdanmi yo Bella Axmadullinadan birorta she’r o‘qitib (o‘zbekcha tarjimada albatta yod o‘qirdim) imtihon daftarchamga “5” baho qo‘yib berishlari meni qanotlantirib yuborardi. Abdug‘afur Rasulovning san’atkorlarga xos nutq san’ati hammamizni rom etib qo‘yardi. Ba’zan darslardan qochib ketgan paytlarimiz ham u kishining darsiga qaytib borardik.
U vaqtlarda she’riyat kechalariga odamlar oqib kelar va biz ham bu anjumanlarga bayramga borayotgandek shoshilib borardik. Adashmasam, bu yillarda “Minbar she’riyati” davri boshlanib kelayotgan edi. Moskvada Yevgeniy Yevtushenko, Robert Rojdestvenskiy, Bella Axmadullina, Andrey Voznesenskiy kabi rusning vijdoniga aylanib ulgurgan shoirlari sahnada 2-3 soatlab she’r o‘qir, ularning so‘z aytish jozibasi, voizliklariga mahliyolik kundan-kun ortar va bu holatning ta’siri bizning yurtimizda o‘tayotgan uchrashuvlarda ham sezila boshlagan edi. Biz Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon kabi shoirlardan soatlab she’r eshitishdan zerikmasdik. O‘z navbatida ular ham she’r o‘qishdan charchashmasdi.
“Bu shoirlar, – degandi universitetdagi bir uchrashuvda adabiyot va she’riyatnig katta bilimdoni, aziz domlamiz (joylari jannatda bo‘lsin) Begali Qosimov, – daryolarga o‘xshaydi. Gurrosi, shiddatli g‘alayonlari boshqa-boshqa daryolarga. Asov daryolarga”.
Bu haqda adabiyotimizning tolmas, otashnafas targ‘ibotchilaridan biri Hamid Sulaymondan yana bir ta’sirli gap eshitgandim: “Sizlar hozir juda gurkirab yetilib keldilaring. Xuddi bug‘doy boshoqlariday. Shunday yetilish jarayonlarida har xil voqealar ham sodir bo‘lishini biz ko‘rdik, sizlar ko‘rmanglar. Ilohim, sizlarni Xudo o‘z panohida asrasin”.
Adabiyot muzeyida (u kishi muzey direktori edilar) Gerkules domlamizning (ular haqiqatan ham juda basavlat, kelishgan, doston qahramonlarini eslatadigan odam edilar), 3-kurs talabasi bilan shu qadar jiddiy, samimiy suhbat o‘tkazganlari bir umr yodimda qoldi.
Shamolday o‘tib borayotgan umrimiz dovonlarida shoir akalarimizning hayot yo‘llarini kuzatib, jannatmakon ustozlarimizning bu e’tiroflari qanchalar haqligiga amin bo‘ldim.
Xalqimizning bu sevimli shoirlari o‘zbek she’riyatining yuqori pog‘onalarga ko‘tarilishida zamondosh ijodkorlarga yalovbardor bo‘ldilar deb ikkilanmay ayta olaman.
Mening Toshkentga kelib qolishimga jannatmakon ustoz, davlat arbobi Sharof Rashidov sabab bo‘lganlar. U kishi Sirdaryoga borganlarida “Sirdaryo haqiqati” gazetasida mening she’rlarimni o‘qib, o‘sha yillardagi viloyat hokimi Nosir Mahmudov va gazeta bosh muharriri Ismoil Sulaymonovga otam bilan gaplashib, maktabni tugatganimdan so‘ng meni (unda 9-sinfda o‘qirdim) Toshkentga o‘qishga yuborishlarini tayinlab ketgan ekanlar. Keyinchalik bu haqda Ismoil Sulaymonov o‘z kitoblarida batafsil yozdilar. Toshkentda aziz ustozlarim Mirtemir aka, qadrli Zulfiya opa, Komil Yashin kabi millatimizning faxr-iftixoriga aylangan odamlardan ko‘p mehr-muruvvatlar ko‘rdim. Ishlash, yashash saboqlarini oldim. Allohga shukrki, menga ana shunday ustozlardan tahsil olish saodatini berdi. Shuning uchun ham Toshkent va Moskvada tahsil olgan yillarim hayotimning eng yorqin fasllari bo‘lib qoldi.
Ijodkor o‘z ijodiga, hayot yo‘liga o‘zi baho berishi qiyin. Biroq insonda ko‘ngil degan narsa bor. Ko‘ngil – o‘z sohibining xolis hakami! Odam ko‘ngli to‘lmagan narsasini birovga ko‘rsatgisi kelmaydi. Shu nuqtai nazardan aytishim mumkinki, men ham she’rlarimni ko‘nglim to‘lgani uchun nashr ettirganman. Ammo gazeta yoki jurnallardagi ayrim chiqishlarda ba’zan qandaydir kamchiliklar bo‘lganday, kitoblarimda ham ba’zan shunday kamchiliklar bo‘lib turadi. Demoqchimanki, har tomonlama mukammal deb o‘ylagan kitobimni hali chiqarolganim yo‘q. Shu tuyg‘u ham insonni ishga, ijodga undab tursa kerak.
Adabiyot, nazarimda, ko‘ngillarni zang bosishdan saqlab, poklab turadigan toza daryo suvlariga o‘xshaydi. Biz ma’naviy ko‘tarilishlarsiz hech qayoqqa borolmaymiz. “Qobusnoma”da “Aql bilan pul topish mumkin, ammo pul bilan aql topib bo‘lmaydi” degan purhikmat bir gap bor. Jamiyat binosining qad ko‘tarishida ma’naviyat poydevor vazifasini o‘taydi.
Adabiyot – ko‘ngil uchun ishlaydi. Uni dag‘allashib, toshga aylanib ketishdan saqlaydi. U odamlarni mehr-muhabbatga o‘rgatadi. Bir-biridan teskari tomonga emas, bir-biriga peshvoz yurishga undaydi. Peshvoz yurganda ham birinchi qadamni ikkilanmay o‘zing tashlashing kerakligiga o‘rgatadi. Qanday sevish, qanday yashash kerakligini o‘rgatib oqayotgan toza daryo suvlaridan ichmay yashab bo‘ladimi?!
Shu pok suvlardan bir qultum – Sent Ekzyuperining “Istehkom” romanidan bir jumla keltirmoqchiman: “Ayol zoti sevishini bildirishi uchun ayolning soyasi va aks-sadosiga aylanishga rozi bo‘lgan erkakdan nafratlanadi. O‘z aksi bilan so‘zlashishning kimga ham qizig‘i bor. Unga sening “istehkom” singari mustahkamliging zarur. Zero, har bir toshingdan senliging bilinib tursin”.
Darhaqiqat, adabiyot rivoji millat ma’naviyati va kelajagi uchun shunchalik muhim ekan, bu sohaga yana-da diqqatli bo‘lishimiz kerak. Ulug‘larimizdan meros an’analarni davom ettirishimiz va shu bilan birga yangi an’analarga muallif bo‘lmog‘imiz lozim bo‘ladi. Kurashchan qozoq shoiri O‘ljas Sulaymon yozadi: “Yangi deb hamma yangiliklarni qabul qilib, eski deb hamma eskilardan voz kechib bo‘lmaydi. Sivilizatsiya uchun xizmat qiladiganlarini olib qolish kerak”.
Bu fikrni hamma masalada tadbiq qilish mumkin. Xayolimga dastlabki kitoblarimdan birida yozgan satrlarim keldi:
Bundan agar el uchun,
Kelar bo‘lsa qilcha naf.
Qilday tilini topib,
Tillashaver mard bilan.
Taraqqiyotimiz, ertangi kunimizning tinchligi, obodligi uchun xizmat qiladigan har qanday an’ana, qadriyatlarni ko‘z ustiga qo‘yib saqlash va uning aksi bo‘lgan hodisotlardan zudlik bilan voz kechish yo‘llarini topish kerak.
Sevimli adibimiz Asqad Muxtor shunday degan ekanlar: “Klassika – bu shunday chuqur va po‘rtanali dengizki, uning shiddatli to‘lqinlari kuch bilan bir urilishdayoq har qanday “izm”larni qirg‘oqqa chiqarib tashlaydi”.
Haqiqatan ham mumtoz adabiyotimizning qudrati cheksiz. Hammamiz shu buyuk daraxtning ildizlaridan oziqlanib oyoqqa turganmiz. Ammo masalaning yana bir tomoni borki, yuki yengil, maza-matrasiz, fikran qashshoq she’ru g‘azallarni ba’zan mumtoz adabiyotimizda ham, modern she’riyatida ham uchratish mumkin.
Modern so‘zining tarjimasi “zamonaviylik”dir. Zamonaviylikka, yangilikka kim intilmaydi? Modern qo‘rg‘onlarida yurgan shoirlarimizning chaqmoqday chaqnagan fikrlari ko‘ngilni yoritib yuboradigan paytlar ko‘p bo‘ladi. Bizning she’riyatimiz mavqei baland she’riyat va bu balandlik bizning “modern”chilarimiz ijodida ham asta-sekinlik bilan ko‘zga tashlanib boryapti.
Dadil, nozik fikrlovchi yosh shoiramiz Oydinniso misralariga diqqat qiling:
Shu lahza,
aynan shu lahza
hamma-hammasidan kechaman!
Hayot yo‘q,
o‘lim yo‘q,
Sevgi bor lim kosa,
Yurak to‘lguncha ichaman.
Shu lahza,
faqat shu lahza…
Qolganini Xudo biladi.
Yoki:
Men tog‘ni sevaman
U menga lolalar tutmaydi.
Faqat
Meni jarliklardan
Jimgina qizg‘anadi u.
Hajman siqiq, lekin o‘quvchini o‘yga toldiruvchi bu kabi she’rlarni modernning yaxshi namunalaridan degim keladi.
Xullas, adabiyotimizni rivojlantirish uchun biz juda ko‘p ishlarni amalga oshirish bilan birga har birimiz o‘z ustimizda ishlashimiz, qattiq ishlashimiz kerak bo‘ladi. “Eng qora ish, eng toza ish – bizning ishimiz”, deydi yozuvchining mehnati haqida Robert Rojdestvenskiy. Qora mehnatdan qochmaslik fazilati oqliklar, yuksakliklar beradi. Biz bu fazilat bilan ko‘zlagan manzillarimizga yetib boramiz.
ShOIRA HAQIDA
Halima Xudoyberdiyeva 1947 yilda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tavallud topgan. 1972 yilda Toshkent Davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetini tamomlagan. 1975-77 yillarda Moskvada, Gorkiy nomidagi Adabiyot institutida tahsil olgan.
Shoira mehnat faoliyatini talabalik yillaridayoq boshlagan edi. U 1971-75 yillarda “Saodat” jurnalida bo‘lim boshlig‘i, 1978-83 yillar oralig‘ida “Yosh gvardiya” (hozirgi “Yangi asr avlodi”) nashriyotida bo‘lim boshlig‘i, 1983-85 yillarda “Saodat” jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari, 1985-94 yillarda esa “Saodat” jurnalining bosh muharriri vazifalarida ishladi. Shu bilan bir vaqtda 1989-94 yillarda Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritdi. Keyinchalik “Sanam” jurnali bosh muharrir o‘rinbosari vazifasida ijodiy faoliyatini davom ettirdi.
Halima Xudoyberdiyevaning “Ilk muhabbat”, “Oq olmalar”, “Suyanch tog‘larim”, “Chaman”, “Issiq qor”, “Sadoqat”, “Muqaddas ayol”, “Bu kunlarga yetganlar bor”, “Hurlik o‘ti”, “Yuragimning og‘riq nuqtalari”, “To‘marisning aytgani”, “Saylanma”, “Yo‘ldadirman”, shuningdek, rus tilida “Belыe yabloki», “Reshimost” singari o‘nlab kitoblari chop etilgan.
Shoira ijodiy faoliyati davomida tarjimachilik ishlarida ham bir qator yutuqlarga erishgan. Xususan, uning tatar dramaturgi To‘fon Minnulinning “Alla” pesasini o‘zbek tiliga tarjima qildi. Bu spektakl keyinchalik Hamza nomidagi Milliy akademik teatrda sahnalashtirilib, uzoq yillar tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Shoira Halima Xudoyberdiyeva bir qator mukofot va unvonlar sohibasidir. Jumladan, u Do‘stlik, Hurmat belgisi ordenlari va Davlat mukofoti sovrindoridir. 1992 yilda o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan hissasi uchun “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoniga munosib deb topildi.
“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 3 (244)-son.