Akmal Saidov. «Dastlab amal bo‘lgan» (2007)

Gyotening «Faust»idagi bir so‘z ma’nosi va uning tarjimasi haqida

Iogann Volfrang Gyote o‘zining shoh asarini yaratgandan so‘ng roppa-rosa 200 yil o‘tgach “Faust” o‘zbek tilida nashr etildi. Uni o‘zbek tiliga Erkin Vohidov o‘girgan edi.

Oy o‘rtanar, ko‘zlarida yosh,
Bag‘ri dog‘u yuragi qiyma.
Der: ey, falak, men edim quyosh,
Nega meni qilding tarjima?

Erkin Vohidovning bu satrlari “Faust”­­ni tarjima qilishga kirishgan payt­larda yozilgan. Buyuk Gyote o‘n besh ming misraga yaqin “Faust”ni oltmish yil yozgan. Ulug‘ shoirning fikri va falsafasi, u yashagan zamon va makon ruhi mohirona berilgan shoh asarni E.Vohidov o‘zbek she’riyati olamiga olib kirdi.

Shu tariqa “insoniyat tarixining mag‘zi” bo‘lmish “Faust” o‘zbek xalqining ham mulkiga aylandi.

1972 yilda Yozuvchilar uyushmasida “Faust” tarjimasi taqdimnomasi bo‘lgan. Unda akademik Vohid Zohidov ham ishtirok etgan edi. “Bu asarni kuni kecha qo‘lga oldim va uni to‘liq o‘qib chiqishga vaqtim bo‘lmadi, — degandi taqdimotda so‘z olgan akademik. — Ammo
“Faust”dagi ikki muhim joy Erkin Vohidov tomonidan qanday tarjima qilinganligi bilan qiziqib ko‘rdim. Birinchisi “Teoriya, drug moy, suxa” jumlasi tarjimon tomonidan “Nazariya quruq og‘ochdir”, deb o‘girilibdi. Juda mohirona tarjima! Bu jumla “Nazariya quruqdir” deb berilishi ham mumkin edi. Biroq tarjimon Gyote dahosiga o‘ta ijodkorona yondashgan. Xuddi shunday fikrni “Injil”dagi “Slovo” so‘zi tarjimasi haqida ham bildirish mumkin”.

Nima uchun muhtaram akademigimiz bu ser­qirra, chuqur ma’noli, murakkab falsafiy mushohadalarga to‘la, hajm jihatidan ham yirik asardagi bevosita shu bir — “Kalom” tarjimasiga alohida e’tiborini qaratgan.

“Injil”dagi bu so‘z tarjimasi bilan bog‘liq sahna “Faust”da markaziy o‘rinni egallaydi:

“Dastlab Kalom bo‘lgan”. Ilk satrdanoq
Meni lol etdi-ku murakkab jumboq,
Nima bo‘ldi ekan buning ma’nosi?
Nahot so‘z olamning bo‘lsa asosi?

Tragediyada Faust  bu  ilohiy so‘z qanday tarjima qilinsa, ma’nosi to‘g‘ri bo‘lishi haqida mulohaza yuritadi. “Injil”da ilohiy xushxabar “Azalda Kalom bor edi”, deb boshlanishi yaxshi ma’lum. Darhaqiqat, ushbu ilohiy xushxabar Qur’oni karimning
55-surasi 2 oyatida ham keltirilgan. Faust bu haqda “Nahot so‘z olamning bo‘lsa asosi?” deya mazkur  ta’rifga yangi-yangi ma’no baxsh etishga intiladi. Uning o‘zi ana shunday Inson tub mohiyatini anglash uchun betinim izlanadigan faylasufdir. U borliqning azali va intihosi ildizlariga yetish uchun har qanday iztiroblarga ham tayyor. Bunga hatto Mefistofel ham hayron:

Shunday uqubatda yasharki odam
Rahmim kelar hatto mening ham.
Tangri Mefistofelning bu taajubiga quyi­dagicha javob beradi:
Faustni tanirsan?
Qulim.
U to tirik ekan qo‘lingda sening.
Izlanish bor yerda adashish ham bor.

Shayton qiyofasidagi Mefistofelning o‘zida izlanish ruhi hukmron  bunday olimni ham yo‘ldan urishiga ishonchi komil. Buning uchun u Tangridan Faustni sinab ko‘rishga rizolik oladi.

Faust ilmga g‘ayri tabiiy darajada chan­qoq olim, u hamisha haqiqatga intiladi, hatto o‘zini Ilohga tenglashtiradi, biroq Yer Ruhi bilan uchrashganidan keyin xatosiga iqror bo‘lib, o‘zining naqadar nomukammalligini anglaydi. Shunday bo‘lsa ham, o‘zida shaytonga qalbini sotmaydigan ma’naviy va ruhiy qudrat borligiga amin. Shuning uchun u iblis bilan shartnoma tuzishdan hayiqmaydi.

Mefistofel — o‘ta firibgar va hiylagar.  U Faustning xonasida laycha qiyofasida paydo bo‘ladi, olim bilan yuzma-yuz qolgandagina haqiqiy basharasini ko‘rsatadi. Faust bilan shayton o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq Mefistofel olim hayotligi davrida uning quliga aylanadi.

Iblis Faustni dastlab “Kichik”, so‘ngra “Katta davra”ga “olib kiradi”. Faust go‘zal Yelenaga uylanadi, ko‘hna saltanatlar mahobatining guvohi bo‘ladi. U olamni takomillashtirish buyuk g‘oyalari doim barhayot bo‘lishi, ezgulik albatta tantana qilishiga ishonch bilan hayotdan ko‘z yumadi. Faust boshiga tushgan uqubatlar oldida taslim bo‘lmaydi, ko‘r bo‘lishi, keksayishiga qaramasdan, ma’naviy kamol topadi. Mefistofel uning ruhan zaif ekanligini isbotlay olmaydi va o‘zi  mag‘lub bo‘ladi.

Gyote shoh asari qahramoni olim va huquqshunosdir. U — real tarixiy shaxs. Faust XVI asrda Germaniyada yashagan, shifokorlik qilgan, afsungar kimyogarligi ham ma’lum. Uning aql bovar qilmaydigan mo‘jizakorligi, isyonkor ruhi haqida afsonalar to‘qilgan. Faust to‘g‘risidagi rivoyatlar avloddan avlodga o‘tib kelgan. Bu tarixiy shaxs hayotlik vaqtidayoq o‘z ruhini shaytonga sotgan, degan mish-mishlar tarqalgan edi. Aynan mana shu boisdan Faust xalq ijodiyotiga mansub kitoblar va qo‘g‘irchoq tomoshalari qahramoni bo‘lgan. Lekin u nafaqat bu bilan mashhur edi.

Faust obrazi Vilyam Shekspirning zamondoshi, ingliz Kristofer Marlo dramasi, romantizmgacha mavjud bo‘lgan “Bo‘ron va shiddat” (u shu nomdagi pesa muallifi hamdir) oqimining asoschisi nemis Klinger romanida, shuningdek, bir qancha bosh­qa adabiy asarlarda o‘z aksini topgan.

“Bo‘ron va shiddat” harakati yetakchilaridan biri, zaharxandaligi bilan mashhur bo‘lgan  Iogann-Genrix Merk esa Mefistofelning hayotdagi prototipi edi. Iblis bilan “qarindoshlik” uning uchun mash’um bo‘ldi: Merkning barcha farzandlari bevaqt o‘lib ketadi, 1791 yilda esa u ruhiy xastaligi oqibatida o‘zini o‘zi otib o‘ldiradi.

Ko‘rinib turibdiki, Gyote Faust haqida asar yaratishga qaror qilgan adiblarning birinchisi emas edi.  Ammo Faust shaxsiga yondashishdagi o‘ziga xoslik Getyo shoh asarini boshqalardan keskin ajratib turadi. Tragediyaning yakunlanishi xuddi ana shuning dalolatidir. Faust boshqa adiblar “Faust”lari singari shaytonlar tomonidan tilka-pora qilinmaydi, aksincha, farishtalar tomonidan osmonga olib chiqib ketiladi. Fikrimizcha, u insonning cho‘qqilardek sarbaland mavqei timsoli bo‘lib, odamzotning o‘z qudratiga ishonchi ramzidir.

Gyote asarida olim Faustning xonasi gotik uslubdagi qorong‘u ravoqlar sifatida tasvirlanadi. Bu O‘rta asrlar davrining zohid inson to‘g‘risidagi tasavvurlari bilan uy­g‘unlashib ketgan. Faust har qanday qilib bo‘lsa-da mana shunday o‘zini o‘rab turgan, cheklangan olam,  biqiq xonasi tutqunligidan ozodlikka chiqishga talpinadi. Zero, o‘z-o‘zini kamol toptirishning intihosi bo‘lmaydi. Izlanuvchan tafakkur olim oldiga hamisha yangi, yanada murakkabroq vazifalar qo‘yaveradi.

Faust — favqulodda serg‘ayrat, bitmas- tuganmas kuch-qudratga ega faol inson. Yordamchisi Vagner esa uning teskarisidir. Vagner uchun bilim — bu olamni va o‘zini idrok etish emas, balki o‘qib tugatilgan kitoblar soni bilan o‘lchanadigan sof miqdoriy tushunchadir.

O`rta asr fani soxta ilmiyligidan hafsalasi pir bo‘lgan Faust afsungarlikka beriladi. Bu u olomonning hamdu sanosini istehzolik bilan qarshilagan uchinchi sahnada namoyon bo‘ladi. Olim Koinot bilan mushtarak bo‘lish, uning sir-sinoatlarini bilish istagida tajriba o‘tkazib, sal bo‘lmasa o‘zini halok etayozgandi. Garchi Faust ibodatxonalarga ko‘p qadam ranjida qilavermagan bo‘lsa ham, bevosita cherkov bongi jaranglari va xor qo‘shig‘i uni hushiga keltiradi, o‘zi sodir etayotganlarining kufrligini anglashiga imkon beradi.

Gyotening ushbu asari qariyib 60 yil (!) davomida bitildi va shu sababli u o‘zida adibning hayot tajribasi ham, teran, yashirin ma’nolarni ham  mujassamlashtirgan. Gyote xuddi asar qahramoni singari olim va huquqshunos bo‘lganligi, ayniqsa, e’tiborga molikdir.

Gyote Faust tilida  shunday deydi:

Ilohiyat ila band bo‘ldim,
Faylasufi xiradmand bo‘ldim.
Ilmi huquq, ilmi tabobat —
Barchasini o‘rgandim…

Faust esa tarixiy shaxs sifatida faqat olim edi.

Gyotening Faust shaxsiga bu ta’rifi uning borliq to‘g‘risidagi tasavvurlari in’ikosidir, degan fikrni tug‘diradi. Bu holda Faust nima uchun shaytonlar tomonidan tilka-pora qilinmaganligi tushunarlidir. Chunki muallif o‘zining haqligiga ishonchi komil.

Odatda, tragediyalar fojeali tugaydi. Biroq asar sinchkovlik bilan mutolaa qilinmasa, “Faust”da bunday yakunning o‘zi yo‘q. Barcha tragediyalarga tanlash ziddiyatlari xos. Anglashimizcha, tanlash muammosi borliqni yanada chuqurroq tasavvur etishning davomini tanlashdan iboratdir. Buning ikkita yo‘li bor, ammo ikkalasining ham boshi berk, intihosi halokatli. Faust shayton bilan qabih shartnoma tuzadi, Mefistofel undan nimani istashini, nimani talab qilishini biladi. Biroq o‘zi uchun nihoyatda fojeali bitim, uni qaroridan qaytarishga ojiz. Chunki u hayotini bilimlarini muttasil takomillashtirib borishsiz tasavvur qila olmaydi.

Olimni sevib qolgan begunoh qiz Margarita Gretxenning taqdiri ham ayanchli. U zindonga tashlanadi va o‘limga mahkum etiladi. Holbuki, u hali juda nav-nihol:

Go‘zal edim g‘oyat bir zamon,
Husnim meni o‘ldirdi, ayon.
Yor yonimda edi u choqda,
Hozir esa yiroq-yiroqda…

Shunday qilib, Gyote asarida, fikrimizcha, ikkita fojea mujassamlashgan. Faust nima qilib qo‘yganligini anglaydi, u Mefis­tofeldan nafratlanadi, shayton esa o‘z nav­batida uni “mayda maxluq” deb ataydi. Biroq uning Mefistofel bilan yonma-yon bo‘lishdan boshqa iloji yo‘q. Mefistofel bamisoli ko‘lanka singari undan ajralmaydi,  biror daqiqa ham yolg‘iz qoldirmaydi.

Asar “Bag‘ishlov”iga ham alohida to‘xtash darkor. U, birinchi qarashda, tragediyaga umuman aloqador emasdek. Muqaddimadan shoir direktor buyruqlariga itoat etishga ro‘yxush emasligi ravshan bo‘ladi. Zero u — san’atkor, ijodkor, qalb amri bilan ish ko‘radi. Nima haqda va qanday yozish uning izmidadir. Faust ham O‘rta asrlar jamiyati qoidalari asosida yashashni xohlamaydi. U o‘z taqdirining sohibidir.

Gyotening “Faust”i o‘zida nafis she’riyatni, mumtoz mukammallikni va teran falsafiy tafakkurni mujassamlashtiradi.

Gyotening “Faust”i insonparvarlik tafakkurining cho‘qqisidir. Inson, uning ehtiroslari yuksakligi va barqarorligi, hayot haqiqati va mazmuni, betinim iztirobiy izlanish, parvozlar va tubanlik, Hurlik va Muhabbatga ega bo‘lish haqidagi buyuk dramatik epopeyadir.

Gyotening “Faust”i misli ko‘rilmagan ehtiroslar otashi, aql qayrog‘i,  bitmas-tuganmas donolik chashmasi, asrlarga va ming yilliklarga tatiydigan asardir.

Gyote ota-onasi bilan yashagan uyda “Injil” har kuni mutolaa qilinadigan kitob bo‘lgan. Din tarixiga bo‘lgan qiziqish unda juda erta uyg‘ongan. U “Injil”ni muttasil mutolaa qilib ulg‘aygan. Gyote “Injil” tili — ivritni o‘rgangan. U Iso Masih kitobini ivritda o‘qib tugatgan.

“Mening tillarni o‘rganishga va Muqaddas kitob ma’nosini chaqishga bo‘lgan intilishim, — deb e’tirof etgan edi shoirning o‘zi, — tasavvurimda go‘zal va shonli mamlakat, uning atrofidagilar, qo‘shnilar hamda minglab yillar muqaddam shu bir parcha yerni ulug‘lagan xalqlar va voqealarni hayotbaxsh gavdalantirishga olib keldi”.

Gyote bolaligidayoq Muqaddas Beshkitobdan katta parchalarni yod bilardi. Frankfurtda hurmatga sazovor adliya maslahatchisi, huquqshunos bo‘lgan otasi bundan juda g‘ururlanardi.

“Injil” Gyote uchun xuddi she’riy obrazlar va syujetlar bulog‘i edi. U butun umrini baxshida etgan “Faust”da “Bag‘ishlov”dan tortib bosh qahramon o‘limining yakuniy sahnasigacha “Qadimgi ahd”dagiga o‘xshash ko‘plab manzaralar, shaxslarga duch kelish mumkin. Bunday ikki yuzdan ortiq o‘xshashliklar borligi hisoblab chiqilgan. Gyotening eng sevimli kitobi bo‘lgan, Yuhanno bayon etgan Muqaddas xushxabardan olingan manzara ayniqsa o‘xshashdir. Gyotening “Bag‘ishlov”ida xuddi Muqaddas Kitobdagidek Tangrining shayton bilan muloqoti takrorlanadi.

“Injil”da Tangri shaytonga savol beradi: “Sen mening qulim Ayubga e’tibor berdingmi?” Gyote asarida ham Mefistofelga “Faust­ni bilasanmi?” savoli beriladi va “U mening qulim” deb qo‘shimcha qilinadi. Bu yerda gap faqat yuzaki o‘xshashlik to‘g‘risida ketayotgani yo‘q. Aksincha, bundan juda teran fikr anglanadi: inson sinov qilinmoqda, uning ruhi ham sinovdan o‘tmoqda.

Mefistofel obrazi Muqaddas Kitob ruhida talqin qilinadi. Ammo Faust obrazida, uning umidsizligida (Muqaddima, olimning xonasidagi sahna) Ekkleziast kitobi, undagi “behudadan behuda urinish”lar g‘oyasi inson sa’y-harakatlarining besamaraligi ask-sadosi ifodasini topgan. “Faust”ning ikkinchi qismida bosh qahramon obrazida Masihga xos xislat seziladi.

Boqiy “Faustning “Bag‘ishlov”i  “Injil”ga taqliddir. Bu o‘zlashtirish Gyotening o‘zi tomonidan tasdiqlangan: “Mening “Faust”imdagi manzaralar Injil tasvirlari bilan ba’zi o‘xshashlikka egaligi rost, — deydi Gyote o‘z kotibi I.P.Ekkerman bilan ingliz yozuvchisi Jorj Bayronning taqrizini muhokama qilar ekan, — biroq buning uchun men ayblanishdan ko‘ra, maqtashga loyiqman”.

Har ikki tasvirning  mos tushganligi, ayniqsa, “Injil” matni ham dramatik shaklda bayon qilinganligi nazarda tutiladigan bo‘lsa, bu hayrat uyg‘otmasdan qolmaydi. Asarda Mefistofel paydo bo‘lishidan oldingi sahnada, ya’ni Faustni dushman kuch egallab olishidan bir daqiqa avval olim Muqaddas Kitob tarjimasi bilan mashg‘ul bo‘ladi. U “Injil” muallifi xulosasini tuzatishni va uni yangicha ifodalashni xohlaydi. Bundan paydo bo‘lgan g‘ururlanish tuyg‘usi uni shaytoniy kuchga izn berishiga moyillik tug‘diradi.

“Injil” birinchi she’ri (sano)sidagi “Dast­lab Kalom bo‘lgan” tarzida qilingan tarjima ma’qul tushmagan olim dastavval uni “Dastlab Idrok (Sinn) bo‘lgan”, so‘ngra: “Dastlab Qudrat (Kraft) bo‘lgan”, tarzida talqin qiladi.

Biroq u bu ta’riflarni ham rad etadi va nihoyat “Dastlab Amal (That) bo‘lgan”  degan iboraga to‘xtaydi. Bu tarjima unga hatto Masihnikiga qaraganda ma’noni  to‘g‘riroq ifoda etadigandek tuyuladi. Lekin Faust o‘zining avvalgi ikki ta’rifi singari bunisi ham rad etilishga munosib, degan fikrga keladi.

“Kalom”, “So‘z”ning ilohiy mazmun-mohiyati buyuk Alisher Navoiy “Xamsa”sining “Hayratul-abror” dostonida butun qirralari bilan aks ettirilgan:

So‘z kelib avvalu
Jahon  so‘ngra,
Ne jahonki kavn ila
Makon so‘ngra.
Chunki mavjud bo‘lsa
Nuktai “kun”,
Bo‘ldi mavjud toza
Yo‘qsa kuhun,

deb yozadi g‘azal mulkining sultoni. Ya’ni so‘z olam yaratilishidan avval paydo bo‘lgan. Muqaddas Qur’onning Ar-Rahmon surasi (78-oyat)da ham shunday deyiladi:

“Mehribon (Alloh) Qur’onni ta’lim berdi. (U) insonni yaratdi. Unga bayonni (nutqni) ta’lim berdi”.

“Hayratul-abror”dagi “kun” arabcha “k” va “n” harflari qo‘shilib “kun”ni tashkil etadi. “Kun” esa “yarat”, “ijod qil” ma’nolarini anglatadi.

Hazrat Navoiy ta’rifiga ko‘ra “So‘z jon bo‘lib, ruh aning qolipidir. Kimning tanida ruhi bor bo‘lsa, so‘zga ehtiyoj sezadi:

Jon o‘lub ul, ruh aning qolibi,
Kim tanida ruh, aning tolibi.

Dostonda so‘zning qudratiga bag‘ishlangan yana boshqa juda ko‘p ham faylasufona, ham shoirona misralarga duch kelamiz:

So‘z bila kufr ahli musulmon bo‘lub,
So‘z bila hayvon degan inson bo‘lub,
Ham so‘z ila elga o‘lumdin najot,
Ham so‘z ila topib o‘luk tan hayot.

Gerder “Injil”dagi ushbu matn va yunoncha ilohiy atama — “Logos” (“So‘z”)ni sharhlab, o‘zining “Yangi Ahd”ga “Sharhlar”ida yozadi: “So‘z!” Biroq tarjima qilinganda nemischa “So‘z” ilohiy “Kalom” ifodalagan “Mazmun!”, “Iroda!”, “Amal!”, “Faol Sevgi!” tushunchalarini bermaydi. Gyote borliq, tarixiylik va tabiiylikni o‘z tushunchasiga muvofiq idrok etib, ushbu ta’riflarning barchasidan “Amal” tushunchasini afzal ko‘radi: “Dastlab Amal bo‘lgan”,  deyiladi she’rda.

Kengroq mushohada qilinsa, inson “Injil”dagi ushbu “Kalom”dan boshqa o‘ta teran ma’noli, keng qamrovli so‘zni izlab topa olishi amri mahol. Ehtimol Muqaddas Kitobda qayd etilgan, Iso alanga orasida eshitgan  “Alif udir” (“az yest
sыy”)ni u bilan bir qatorga qo‘yish mumkindir. Bunda “udir” Yaratuvchiga taalluqli bo‘lmagan holda “Tangri”ni ifodalashini nazarda tutish joiz. “Injil”dagi “Kalom”da esa makon va abadiyatdagi “Yaratuvchi Tangri” tasvirlangan. “Kalom” (logoc) ta’rifi bir yo‘la unisini ham, bunisini ham mujassamlashtiradi.

Biroq bu o‘rinda “Kalom” deyilganda muayyan, lutf etiladigan va eshitiladigan so‘z anglanmaydi. Balki umuman “So‘z”, ya’ni tug‘ilishimiz bilan ruhimizda paydo bo‘ladigan “tafakkurning ma’naviy gavdasi” ermish “Kalom” va “ushbu ma’naviy gavdaning moddiy libosi — tovush” bo‘lgan hamda uni ifodalovchi “Kalom” tushuniladi. Bu, hech bo‘lmaganda, insonga nisbatan xuddi shundaydir. Inson nutq tafakkuri bilan birga tug‘iladi, asta-sekin rivojlanadi, tobora ko‘proq muayyan ma’naviy shakl kasb etadi va, nihoyat, tashqi muloqot amaliga o‘tishi uchun ma’naviy tasavvurdan ruhiy tasavvurga — tovush libosiga o‘raladi. Bularning barchasida aniq mantiq: ibtido, ravnaq, bosqichma-bosqichlik mavjud. Unda cheklanganlik, muvaqqatlik, insoniylik xususiyatlari ko‘zga tashlanadi.

Ilohiy So‘z, aksincha, “Tangri” — ham “Yaratguvchi Parvardigor”,  ham mavjud bo‘lgan Tangri, ham Tangri hozir bo‘lgan, ham yaralgan Tangridir”. U Tangri irodasi mahsuli, undagi mavjudot, biroq u bilan qo‘shilib ketmagan va u bilan bir xil bo‘lmagan, ibtidosiga egadir. Chunki u ijod mahsuli va ibtidosizdir, ya’ni bevosita ilohiy ijoddir. Tangri esa abadiyatda amal qiladi. Abadiyatda esa shunday bo‘lgan, shunday va shunday bo‘ladi. Bular ayni bir narsadir.

Faustning “Injil”dagi bu muqaddas iborani butun mukammalligi bilan ifoda etishga muvaffaqiyatsiz urinishi bu tushuncha qanchalik keng qamrovli ekanligining yorqin timsolidir.

Faust tomonidan qo‘llanilgan “Kalom”, “Idrok”, “Amal” ifodalarining har biri o‘zida “Injil”da mukammal holda ifodalangan  “Kalom”ning faqat bir qismi xolos. Har qanday ijodiyot uchun:

birinchidan,  “Idrok” (niyat, reja va ibtido);

ikkinchidan, “Qudrat” (imkoniyat va vosita);

uchinchidan, “Amal” (sodir etish va intiho) zarur.

Har holda insonga xos barcha ijodiyotlar shu tarzda kechadi.

Ilohiy ijodda sobitqadamlik yo‘q: uning idroki ayni vaqtda vosita va amaldir. Bularning barchasi esa ayni vaqtda uning o‘zidir. Mazkur tushunchalarning barchasi “Injil”dagi “Kalom”da jam bo‘ladi, unda “Idrok”, “Idrok shakli” va “Idrok ifodasi” mujassamlashgan.

“Kalom” (“Injil”dagi ma’nosida) faqat Tang­riga tegishlidir; inson uni anglay olmaydi. Inson faqat mohiyati keng qamrovli, Tangri Kalomining xuddi atomlaridek bo‘lgan “So‘z”ga ega. Bundan Tangrining “Kalom”i — Tangrining o‘zi ekanligi xulosasi kelib chiqadi. Buni tasavvur etish uchun hayotiy o‘xshatish keltirish mumkin. Butun bir imoratni uning bo‘laklari tarkibiga kiradigan zarralar orqali tasavvur etib bo‘lmaydi. Xuddi shuningdek, “Kalom”ni ham insoniy so‘z orqali ifodalash mumkin emas.

Bizning barcha so‘zlarimiz, ya’ni biz ifodalagan va ifodalamagan, alohida va jam qilingan fikrlarimiz biror yaxlit narsaning parchasi, xolos. Bu zanjir qanchalik ulkan va u nimalarni qamrab olganidan qat’iy nazar uning birinchi halqasi abadiyatga, hamma narsani ang­latuvchi Kalomga. Tangriga zanjirband bo‘lmasa, hech narsaga tegishli bo‘lmagan bir bo‘lakdir xolos. Bu, oxirgi holatda U uzluklik xususiyatiga ega bo‘lmaydi. U Paskalning ta’rificha, markazi hamma joyda, aylanasi esa hech joyda bo‘lmagan doiraning to‘g‘ridan-to‘g‘ri radiusidir.

Barcha buyuk asarlar singari Gyotening “Faust”i ham falsafiy hikmatlarga boydir. Bu behuda nazariyaparastlik bilan jonli turfa rang hayot o‘rtasidagi nomuvofiqlik haqidagi mash­hur ta’rifga ham taalluqlidir:

Nazariya —  quruq og‘ochdir,
Ammo yashnar hayot daraxti.

Doimo barhayot “hayot daraxti” falsafasi bizga tarixiy, madaniy manbalarga g‘oyat ehtiyotkorlik bilan, ta’rif joiz bo‘lsa, Gyotecha munosabatda bo‘lishni taqozo etadi. Gyotening ijodi Kipling g‘oyasi asossizligini ochiq-ravshan isbotlaydi. “Gyotening sharq falsafasiga yaqinligi mening yo‘limni yoritib turdi, ruhimga madad bo‘ldi”,  deb yozgan edi E. Vohidov.

Buyuk nemis shoiri Sharq madaniyatini, xususan Sharq mumtoz adabiyotini juda yaxshi bilgan. Xususan, u Hofiz she’riyatiga ta’zim qilgan, o‘zi unga shogird tushishga tayyorligini bildirgan. “Faust”dagi bir lavha fikrimizni yaqqol isbotlaydi. Chunonchi, Faust xuddi Sharq dostonlari qahramonlaridan Farhoddek zamin qa’ridagi ko‘zguda tengsiz bir malak suratini ko‘rib, o‘n to‘rt yasharli sohibjamol Margaritaga ishqi tushadi:

Yoyilmay, taralmay ul tutam bulut
Ohista sharq tomon uchib ketmoqda.
Men hayrat ichida unga boqurman:
Ana shu yumaloq shaklidan asta
Boshqa ko‘rinishga o‘tdi.
U turli suvratlar
Qarshingda qilur namoyon.
Rostmi bu ko‘rganim? Nurga yo‘g‘rilgan
Yuksak cho‘qqi uzra bo‘ladi paydo
Ma’budalar kabi go‘zal bir ayol.

Bugungi kunda jahonning hamma mamlakatlaridagi insonlar — ular qaysi dinga e’tiqod qilishlari yoki hech biriga e’tiqod qilmasliklaridan qat’iy nazar tarixiy, shu jumladan, diniy merosga ham Gyote kabi hurmat bilan yondashganlarida “karikaturalar mojarosi” kabi jiddiy ziddiyatlar ro‘y bermasdi, islom dini mohiyatini tushunmasdan uni terrorizm bilan bog‘lashga behuda urinishlarga duch kelinmasdi.

Shu nuqtai nazardan islomga munosabatni ham Gyotedan o‘rganish kerak. Betakror ijod sohibining asarlari, shu jumladan, “Faust” ham dinlararo, madaniyatlararo, millatlararo bag‘rikenglik namunasidir. Ular Sharq va G‘arb tsivilizatsiyalarini uyg‘unlashtirish maqsadlariga ham xizmat qilmoqda, deyish uchun hamma asoslar bor.

Shuning uchun ham Gyotening buyuk “Faust” tragediyasidan kelib chiqadigan pirovard asosiy xulosa  quyidagicha:

Kim — erk, hayot deb jang qilolsa har kun —
Erku hayot uchun o‘sha munosib!

Akmal SAIDOV,

professor

“Hurriyat” gazetasidan olindi.