Abdulla Qodiriy mamlakatining fuqarolariga bir marta uchragan kishi ularni esidan chiqarmaydi; xotira devoriga muhrlaydi. Adib nasridagi badiiy tasvirning jozibasi shunday. Bugun Qodiriyning o‘nlab qahramonlariga takror va takror nazar tashlab, ularning ko‘zlariga boqib, umrboqiylik sirlarini izlaymiz. Badiiy asar qadr-qimmati, ohanrabosi va o‘quvchiga zavq berishi juda ko‘p badiiy unsurlarga bog‘liq. Bu ma’lum gap. Ammo qaysidir anglangan badiiy haqiqatlarni anglatishda va san’atkor badiiy olamiga qayta murojaatda hikmat bor. Abdulla Qodiriy qahramonlarining ma’naviy dunyosiga naqadar e’tibor bersa, bevosita o‘sha botiniy olamni namoyon etadigan tashqi omillarga ham, alabatta, nazar tashlaydi.
Nodir san’at durdonalarida adabiy qahramonlar portreti tasvirida ko‘zlar markaziy o‘rinni egallaydi. Zotan, insonning ko‘ngli, qalb holati so‘zi va ko‘zida namoyon bo‘ladi. Birovning gapidan ichini bilib olish qiyin emas. Ijod ahli, deylik, Qodiriy qahramonlarini gohida hikmatlarga to‘la go‘zal nutqlari orqali yuksak maqomga ko‘taradi. Masalan: «Bu ko‘ngil shu manfaatparastlar ta’sirida qoraydi. Yoshim oltmish beshga yetib bir vaqt bo‘lsin ibodatimni janobi Haqqa bevosita yo‘naltirganimni va ko‘ngil ko‘zim ochilib qilg‘on sajdamni xotirlay olmayman», (maqoladagi ta’kidlar bizniki — B.K.) degan o‘z-o‘ziga malomatli so‘zlar Yusufbek hoji siymosiga salobat va donolik bag‘ishlaydi. Ko‘ngil ko‘zining holatini belgilaydi. Ba’zan adib bir «chag‘ir ko‘z» odamga «qo‘lansa gaplar uchun yaratilgan» sifatini aynan bema’ni so‘zlari uchun beradi…
Mumtoz adabiyotda ko‘z va ko‘ngil juftligining bir baytda yonma-yon kelishi shu ikki moddiy va ma’naviy borliqning biri ikkinchisini to‘ldirib, birining boshqasiga o‘tib turishi hollarini anglatadi. Shunga monand gohida ma’lum va mashhur mumtoz shaxslar to‘g‘risida: «Haq subhana ul-taolo agarchi zohir ko‘zin yopuq yaratqondur, ammo ko‘ngil ko‘zin bag‘oyat yoruq qilg‘ondir» («Nasoyim ul-muhabbat») tarzidagi tavsiflarni o‘qiymiz. Rumiyning «Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin ko‘ngil» satri mashhur. Ayniqsa, oshiqlar e’tiroficha, yor jamolini ko‘rganda ko‘z ravshan tortadi, visoliga yetsa ko‘ngil xush bo‘ladi. Alisher Navoiy: «Ko‘ngluma hajringda jannat gulshani zindon erur, Ko‘zima sensiz gulafshon bog‘ xor afshon erur», degan misralarni bitadi.
«Ko‘z — ko‘ngil oyinasi». Gohida ko‘ngil xijilligini ko‘z oshkor qiladi. Ba’zan ma’naviy tubanlik, qalb ko‘rligi ma’nisiz ko‘zlarda aks etadi. Hali eslatilganidek, zohirdagi ko‘zi ko‘r bo‘lsa-da, botin ko‘zi ochiq insonlar, Ollohning ma’rifatiga, haqiqat maqomiga yetishgan zotlar o‘tgan tarixda.
G‘oyatda sirli xilqat bo‘lmish ko‘zda zabon yo‘q. Ammo so‘zlaydi. Ayniqsa, badiiy asarlarda esda qoladigan mohiyat bilan jiddiy «gapiradi». Demak, ko‘z bu — faqatgina moddiy borliq emas. Hayotda ham, badiiy ijodda ham ko‘z ko‘ngilning tilmochi, tarjimoni. Til yashirgan dil asrorini ko‘zlar oshkor etadi. Agar ko‘z doimo go‘zal narsalarni ko‘rsa, ko‘ngil tozaradi. Kimki ko‘zini yomon narsalarga qarashdan tiyadigan bo‘lsa, u kimsaning qalbiga xushu’ fazilati beriladi. Shu ma’noda Abdulla Qodiriy qahramonlarining kimligi, dil harorati va holatlari ko‘zlaridan ko‘rinadi. Adib asarlaridagi obrazlar tabiatiga, ko‘ngil holatlariga moslab ko‘zlariga turlicha sifatlashlar beradi. Abdulla Qodiriy Otabekni mehr-muruvvat bilan «kelishgan qora ko‘zlik» deydi, undan oldin esa, «og‘ir tabiatlik, ulug‘ gavdalik, ko‘rkam va oq yuzlik» bir inson ekanini aytib o‘tadi.
Alohida ta’kidlash kerakki, Otabek isitma aralash o‘ziga asir etgan, «odam suvratidagi malak»ni «qaro ko‘zlari kamon qoshlari» bilan tush ko‘radi. Otabekning oshiqona ruhiy holati tasviri uchun adib bejiz ko‘z ila qoshni keltirmaydi: «bek oshiq»! Shu bois, uning hujrasidan «uff» degan ixrash» eshitiladi. Shu sababdan xayolga g‘arq bo‘lgan bek «angrovlana»di, «ko‘zini bir nuqtaga tikib» o‘tira beradi. Zotan, mumtoz shoirlar yorning ko‘zi oshiqlarni asiru mubtalo etganini, qoshlari vujudini qilichdek tilka-pora qilganini, kipriklari esa, yuragiga nayzadek sanchilganini ko‘p bora aytganlar. «Ko‘zim evi yuzidin musavvar bo‘ldi, Bu vajh bila ko‘ngil munavvar bo‘ldi» — Boburning shu ta’biri bilan aytganda, Otabekning ko‘z uyiga, qalb ko‘ziga yorning suvrati tushadi. Shu bois u bezovta, ammo ko‘ngli munavvar bo‘lajak. Qodiriy tasviricha, ular tasodifan birinchi uchrashganlarida: «ixtiyoriy emas, g‘ayriixtiyoriy ikkisi ham bir-birisidan birmuncha vaqt ko‘z ololma»gan edilar. Shunda «taqdir shamoli»ning izmi bilan Otabekda «iffat pardasi ostida o‘ltirgan» «u afifaga qarshi bir ishq, ham chin bir ishq» paydo bo‘lgan edi. Qolaversa, agar Otabek shu «qaro ko‘zlar»ga asir tushmaganida «O‘tkan kunlar» mojarolari sodir bo‘lmas ham edi, ehtimol…
Biz tekshirayotgan mafhuma — tezis nuqtai nazari bilan romanning boshqa bir sahifasiga nazar tashlaymiz. Romanning «Xon qizig‘a loyiq bir yigit» bo‘limida Mirzakarim qutidor bilan Otabek tanishtiriladi: «Tanishtirishdan so‘ng Otabek bilan Qutidorning ko‘zlari bir-birlariga tez-tez uchrasha boshladilar». Bu uchrashish behikmat emas. Qutidor Otabekdan nimanidir so‘rmoqchi. So‘z o‘nqovini poylamoqda. Nihoyat, «ularning ko‘zi uchinchi to‘qnashuvda Qutidor kulimsirab» o‘z muddaosini aytadi. Ko‘zlarning bunday holatida so‘zsiz nigohlar bilan so‘zlashish yuz beradi; bo‘lajak suhbat yo savol-javobga hozirlik ko‘riladi. Bir-ikki sahifadan keyin shu ziyofatda parishonxotir o‘tirgan Otabekning «ko‘zlari ixtiyorsiz ravishda qarshisidagi Qutidorga qaraydilar, Qutidorning ko‘zi o‘ziga tushdi deguncha ko‘zini undan olib dasturxondagi ko‘ngli tilamagan narsalarga urina boshlaydir…». Bunday ixtiyorsizlik holatini muallif yana bir o‘rinda Otabekning iztiroblariga ilova qilaroq: «Kishi iztirobka tushkan kezlarda tilab emas, ixtiyorsiz ba’zi-bir o‘rinsiz ishlarga urinadir», deb yozadi.
Adib «O‘tkan kunlar»ning bir joyida «dog‘ qilinayotgan zig‘iryog‘ining hidi»ni ishlatganida tasvir «yana ham odam ishonarli» bo‘lib chiqqanini aytadi. Shunga o‘xshash yana bir badiiy detal shuki, Oftoboyimning egachisi Otabekni ko‘rib: «Oftob darrov isiriq hozirla, kuyavingni yomon ko‘zlardan asrasin!», deydi. Xalqona bir urf-udumga ko‘ra ko‘z tegishidan ehtiyot chorasi ko‘riladi. Voqelik tasviri bu o‘rinda haqiqatan ham o‘zgacha jilolanib reallashadi. Romanning ana shunday inja va latif nuqtalarida beixtiyor Qodiriyning inson ruhiyatining musavviri, xalq hayotining bilimdoni ekaniga to‘la-to‘kis iqror bo‘lasiz.
Roman avvalida ikkinchi bosh qahramon — Kumush ruhiyatida g‘alati bir parishonlik, xayollanish kezinadi. U ham Otabekka o‘xshab allatavur bo‘lib yuradi. Adib Kumushni tanishtirgan birinchi epizodda ham aynan shu holat manzarasini chizadi: «Biz bular bilan tanishishni shu yerda qoldirib ayvonning chap tarafidagi daricha orqali uyga kiramiz, ham uyning to‘riga soling‘on atlas ko‘rpa, paryostiq quchog‘ida sovuqdan erinibmi va yo boshqa bir sabab bilanmi, uyg‘oq yotqan bir qizni ko‘ramiz. Uning qora zulfi paryostiqning turlik tomonig‘a tartibsiz suratda to‘zg‘ib, quyuq jinggila kiprik ostidag‘i timqora ko‘zlari bir nuqtag‘a tikilgan-da, nimadir bir narsani ko‘rgan kabi… qop-qaro kamon, o‘tib ketgan nafis, qiyig‘ qoshlari chimirilgan-da, nimadir bir narsadan cho‘chigan kabi… to‘lg‘an oydek g‘uborsiz oq yuzi bir oz qizilliqg‘a aylangan-da, kimdandir uyalg‘an kabi…». Bu ko‘chirmada berilgan Kumushning ko‘rinishini ko‘zsiz tasavvur qilish mutlaqo mumkin emas. Birinchidan, bunda «uyg‘oq yotqan bir qiz» bor. Uning ko‘zlari ochiq, biz uni ko‘rib turamiz. Ikkinchidan, «quyuq jinggila kiprik ostidag‘i timqora ko‘zlari bir nuqtag‘a tikilgan»iga e’tibor beramiz. Uchinchidan, u «nimadir bir narsani ko‘rgan»ga o‘xshaydi. Qolaversa, «nimadir bir narsadan cho‘chigan»lik alomati ham ko‘zda zohir bo‘ladi.
Qodiriy romanining qaysiki sahifasida Kumushning holatini bersa, albatta, Otabekni maftun etgan uning ko‘zlari tasviriga to‘xtalib o‘tadi. Tasvir jarayonida «timqora ko‘zlar», «jon olg‘uchi qaro ko‘zlar», «qora ohu ko‘zlar», «shahlo ko‘zlar», «jodu ko‘zlar» kabi epitetli so‘z birikmalarini qo‘llaydi. Ayrim o‘rinlarda «shu vaqt uy ichidagi sitamgar pari o‘zining sihrlik ko‘zlari bilan Otabekka yana kulib qarab turar edi-da, go‘yoki bu kulish bilan o‘z sihrining qaysi darajada kuchlik bo‘lg‘anini so‘zlab faxrlanar edi» kabi jumlalarga «sihrlik ko‘zlar» jon ato etadi. Shu bilan birga, soxta taloq xatini olgan Kumushdagi tushkun kayfiyat «uning ko‘zlarida doimiy bir ma’yusiyat, arimas huzn(mung), har onda bir entikib chayqalish edi», degan haqqoniy tasvir orqali ifoda etiladi. Zero, har ikki ko‘chirmada Kumushdagi ko‘ngil holati, ya’ni surur va g‘am-qayg‘uning tasviri mujassamdir. Romandagi nigohga eng ko‘p diqqat qilingan epizodlardan biri Kumushning ota-onasi bilan Toshkentda kutib olinishidir. Kutib oluvchilarni Kumush qiziqtiradi: «hammaning ko‘zi alang-jalong»laydi. Qani Kumush? Ana! «…Qip-qizarg‘an holda Kumush ko‘rindi: paranjisi qo‘lida, qora atlas ko‘ynak egnida, zangor latta mursak ustida, oq shohi ro‘mol boshida edi». Ushbu tasvirdan keyin, albatta, biz kutgandek adib yozadi: «Shahlo ko‘zlari kulumsirashka yaqin holda uyatlik edilar». Ko‘zlarga yolg‘iz bir «shahlo» sifatini beribgina qolmasdan, yozuvchi ular uchun ehtirom ma’nosida «edi» to‘liqsiz fe’liga «-lar» qo‘shimchasini qo‘shib qo‘yadi. Xullas, shu zaylda «hammaning ko‘zi ittifoq qilgandek Kumushka» tushadi.
Ko‘zlarda inson ruhi aks etgan bunday o‘rinlar «O‘tkan kunlar»da talaygina. Ko‘z inson vujudidan tashqi olamga, zulumot dunyosidan yorug‘ olamga ochilgan bir juft daricha. Ko‘zning ichki va tashqi olamga tegishli imkoniyatlari bor. Inson vujudida ko‘zdan boshqa bunday cheksiz ko‘p xosiyat va imkoniyatlarga ega bo‘lgan ikkinchi bir a’zo yo‘q. Gohida butun kuch-qudratini, butun nafratini inson ko‘ziga jamlaydi, ko‘zdagi bu ifoda boshqaga har qanday haqoratomuz so‘zdan ko‘ra kuchliroq ta’sir etadi. Bunda ko‘zlar intiqom olguvchi maxsus bir qurolga aylanadi. Shunga monand romandagi Otabek bilan Qutidorning «najot farishtasining» yordami bilan dor ostidan qaytgan joyini eslang: «Otabekning qo‘llarini bo‘shatguvchi qo‘rboshining bunchalik titrab, qaltirashidan o‘z raqiblaridan bittasi shu kishi bo‘lg‘anini o‘yladi. Garchi o‘zining najoti hali qorong‘u ersa-da, qo‘rboshini bir sinab ko‘rish uchun hamma kuchini ikki ko‘ziga yig‘di-da, unga qaradi. Favqulodda dahshat kasb etkan uning ko‘zlari qarshisida qo‘rboshining gunohkor ko‘zlari chiday olmadilar-da, yerga boqdilar, Otabekning shu sinashi o‘z fikrining to‘g‘ri bo‘lishi bilan natijalandi». Ko‘zlar sinovchan boqadi, ko‘zlar qarshisida turgan odamni imtihon qiladi yoki ko‘zlar egasiga «xiyonat qilib» ichisini fosh etib qo‘yadi. Gohida til bir gapni gapiradi, ko‘z esa ko‘ngilda kechayotgan haqiqat alangasining yolqinini yashira olmay yonadi.
Abdulla Qodiriy faqat bosh qahramonlar portretida emas, balki ikkinchi darajali obrazlar tasvirida ham ko‘zning holatlarini esdan chiqarmaydi. Masalan, Mirzakarim qutidor «qoraqosh, qorako‘z, ko‘rkam yuz»li, Usta Alim «qo‘yko‘z», Hasanali «to‘galak qora ko‘zlik», Jannat opaning «ko‘zi qoqqan qoziqning o‘rnidek chup-chuqur», uning o‘g‘li Sodiq «ukkiko‘zlik»dir. Musulmonqulning ko‘zlari kipriksiz va qisiq. Homidga «qora cho‘tir yuzlik» sifati berilgach, «chag‘ir ko‘zli»gi aytiladi. Bir joyda «Xushro‘y o‘zining zolim ko‘zini» o‘ynatadi, boshqa bir epizodda «vahshiy ko‘zlari» bilan qaraydi. Bunday sifatlangan ko‘zlarda qahramonlarning ko‘ngli ham, tabiati ham qaysidir darajada o‘z ifodasini topadi, albatta. To‘g‘risi, ba’zan romanning qaysi bir o‘rinlarida qahramon uchun ko‘zlar holatining tasviriga ehtiyoj sezilgandek ham bo‘ladi. Eslang, o‘limga hukm qilingan «Qutidorning yuziga o‘lik tusi» kiradi. Shu mahal xayoldan: «ko‘zi qay holda bo‘lgan ekan», savoli lip etib o‘tadi. Boshqa bir o‘rinda «o‘n yetti yoshlar chamaliq, kulcha yuzlik, oppoqqina, o‘rta husnlik Zaynab»ning ko‘zini izlab qolasiz…
Yuqorida aytganimizdek, «O‘tkan kunlar» avvalida Kumushni uyqudan uyg‘ongan holda ko‘ramiz, romanning oxirgi sahifalarida vujudida bezovtalik hukm surgan Kumushning ko‘zi goh yumuq, goh besaranjom yoki bexosdan «yarqillab ochilib» ketishi kuzatiladi. Ammo, oxir-oqibat, u «uyalg‘an sumol ko‘zini» yumadi. Hayotdan ko‘z yumadi. Ha, bu dunyo hayoti go‘yo Kumushning kiprik qoqishidek, shahlo ko‘zlarini ochib yumishidek qisqa va o‘tkinchi bir fursatdir. Shu ma’noda «O‘tkan kunlar» insonning o‘ziga, so‘ziga, ko‘ngli hamda ko‘ziga qayta va qayta nazar tashlashga undovchi ham hayot, ham ishq kitobidir. Zero, alohida fazilatga ega ishq egalari «pok ko‘zni pok niyat bilan pok yuzga soladilar va pok ko‘ngil u pok yuzning zavq-shavqi bilan beqaror bo‘ladi» (Alisher Navoiy ta’biri). «O‘tkan kunlar»da mujassam topgan ko‘z va yuz, niyat va ko‘ngil pokligi obrazlar hayotini kelajak kunlar sari yetaklaydi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 14-sonidan olindi.