G‘afur Po‘latov. Adabiy turg‘unlik qachon tugaydi?

Badiiy asarlar va, umuman, adabiyot, san’at, ijodkorlik xususidagi tugal fikrlar bahs-munozara, ba’zan bir-biriga qarama-qarshi tahlillar tufayli qiyomiga yetadi. Adabiyotimizning bugungi yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatishda, original va tarjima asarlarga haqqoniy baho berishda adabiyotshunos olimlar  bilan bir qatorda badiiy so‘z ixlosmandlarining ham fikriga quloq tutish  foydadan xoli emas. Jurnalimizning yangi “Jurnalxon fikri” rukni jahon va o‘zbek adabiyotini muntazam kuzatib boradigan yozuvchi, shoir, olim,  tarjimon va oddiy faol o‘quvchilar uchun qizg‘in munozara minbari bo‘lishidan umidvormiz.

“Sotsialistik realizm” erkin ijodga qanchalik sirtmoq bo‘lmasin, sho‘ro davri o‘zbek adabiyoti maydonida bir qator darg‘alar yetishib chiqdi. Ularning ko‘plari mustaqillik yillarining ma’naviy ne’matlaridan bahramand bo‘ldilar. Lekin oradan yigirma yetti yil o‘tganiga qaramay, istiqlol davri qahramonlari haqida jiddiy badiiy asarlar yaratish masalasi hanuz ochiq qolmoqda.

Savol tug‘iladi: Behbudiy, Cho‘lpon kabi bobolarimiz orzu qilgan mustaqillik kishisining haqqoniy obrazini aks ettirishda bugun ham sustkashlik qilayotganimizning sababi nimada? Yangi davr qahramonining qalamga olsa arzigudek sifatlarini, nahotki,  topa olmayotgan bo‘lsak? Yozuvchining bosh vazifasi – hayotni kuzatish, nega endi ko‘z o‘ngimizda kechayotgan olamshumul o‘zgarishlarni sezmayapmiz, qalamga olmayapmiz?

Ko‘plab adiblar ikkilanib turganida,  adabiyotimizga o‘rtamiyona, sayoz qahramonlar oqimi gurillab kirib kela boshladi. O‘quvchi ulardan ma’naviy ozuqa olishi gumon. Chunki bunday jihatning o‘zi yo‘q. To‘g‘risi, men yengil-elpi qahramonlar haqida peshma-pesh yozilayotgan asarlarga sarf bo‘layotgan qog‘ozga, noshirlarning zahmatli mehnatiga achinaman.

Adabiyotni aylanib o‘tib bo‘lmaydi. Bu dargohga kirgan odam o‘zidan yaxshi iz qoldirishi kerak. Buning uchun esa, birinchi navbatda, davr ruhini sezish, yangi qahramonlar bilan yuzma-yuz bo‘lish, ular ruhiyatini idrok etish talab etiladi. Yangi asr boshlarida bizda tomir otgan ijtimoiy-siyosiy turg‘unlik adabiy muhitga ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Millatning ma’lum qismi bozor-o‘char, tirikchilik ehtiyojlarini qondirish bilan ovora bo‘ldi. Bunday paytda ma’naviy rivojlanish to‘g‘risida har qancha gapirmaylik, bir yerda depsinib turilaveradi va bu holat ko‘p illatlarni, masalan, jur’atsizlikni, beparvolikni  keltirib chiqaradi. Xalq va hokimiyat o‘rtasida jarlik paydo bo‘ladi. Odamlarning yaxshi yashash haqidagi orzu-umidlari  ro‘yobga chiqmaydi. Chunki jur’atsizlik kasaliga birinchilardan bo‘lib qalam ahli chalinadi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning “Yiqqan puliga kitob sotib olgan qizini urishgan ayolni eshitib, o‘zbekligimdan uyalib ketdim”, degan so‘zlarini hamon eslayman. Bu gap o‘sha davrning jasoratli so‘zi edi. Ijtimoiy falajlik, ma’naviy bo‘shliq, xalq dardiga e’tiborsizlik surunkali tus olganini endi hech kim rad eta olmaydi. Baxtimizga Shavkat Mirziyoyevdek xalqparvar, qat’iyatli siyosatchi mamlakat rahbarligiga keldi. Prezidentimiz ma’naviyat mash’ali bo‘lgan Kitob mavqeini ko‘tardi, ijodkorning hurmat-e’tiborini joyiga qo‘ydi.  Yozuvchilar uyushmasiga e’tibor  kuchaydi. Endi esa muhtaram adiblarimiz bu marhamatga munosib javob qaytarishlari zarur bo‘ladi.

Sir emaski, dastlab AQSh va Yevropada, keyinroq Rossiyada sariq matbuot, so‘ng internet paydo bo‘lgach, AQSh kitobxoni Irving va Drayzerdan, Britaniya kitobxoni Shekspir va Bayrondan, frantsuz kitobxoni Stendal va Balzakdan, kitobsevar Rossiya esa Dostoyevskiy va Tolstoydan uzoqlasha boshladi. Garchi biz kitob o‘qishda ulardan ko‘ra ko‘proq uzoqlashgan bo‘lsak ham, lekin  Qodiriydan, Fitratdan, Qahhordan, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Odil Yoqubov, Shukur Xolmirzayevning ijod chashmalaridan uzoqlashgimiz yo‘q. Ma’naviyat jamiki muammolarning yechimini ko‘rsatuvchi mash’ala ekan, bugun ham, ertaga ham bu ustoz adib­larning kitoblari bizga hamroh bo‘lishi kerak. Buning uchun esa, mening nazarimda, adabiy tanqidchilik va, umuman, adabiyotshunoslik hozirgiga qaraganda bir muncha tez odimlamog‘i, aniqrog‘i, imillamasligi kerak.

Tanqidchilik adabiyot qozoniga yoqilgan olovdir. Olov bo‘lmasa, ovqat pishmaganidek, tanqidchiliksiz o‘zbek nasri va nazmining darajasi chala pishgan taomdek bo‘lib turaveradi.

Mening nazarimda, milliy adabiyotimiz yo‘lidagi eng katta g‘ov – an’anaviy uslublarga haddan tashqari berilib ketganimiz va buning oqibati bo‘lmish  primitivlik, sayozlikdir. Ba’zan asar tilini o‘zgartirish kerak degan gaplarni eshitib, yoqa ushlayman. Unda adibning o‘zini ham o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi-ku.  Agar biz bundan keyin ham primitivlik qobig‘ida qolib ketadigan bo‘lsak, hech qachon jahon adabiyoti supasiga chiqa olmaymiz. Gapning ochig‘i shu. Nobelni qo‘yaturaylik, nima uchun biz hech bo‘lmasa nasrda Chingiz Aytmatov darajasiga yeta olmayapmiz? Qardosh qirg‘iz dahosining yubileyini mamlakat miqyosida o‘tkazishimizda ramziy ma’no bor. Aytmatov bilan bo‘ylashish orzusi bo‘lishi kerak bizda. Sergey Yesenin, Marina Svetayeva, Anna Axmatovalardan jahon adabiyoti zavq oladi. Yesenin Toshkent va Samarqandda bo‘lganida beqiyos ilhomga cho‘mganini yashirmagan. Rus shoiri ilhom olgan bu dilbar zamindan nechun biz dunyoga arzigudek  ilhom nashidasini olmayapmiz? Takror aytaman: hammasiga an’anaviy uslubga yopishib qolganimiz, realistik adabiyotdan cho‘chishimiz hamda tarjimonlik san’atini talab darajasida shakllantira olmasligimiz sababchi. G‘arb adabiyoti mafkuraviy to‘siqlardan xoli, hayotiy haqiqatni yoritish yo‘li ochiq va munavvar. Bizda ham yo‘llar ochilmoqda-ku, imkoniyat berilyapti-ku, nega sustmiz, nega faol emasmiz?

Yana bir masala – yangidan nashr etilayotgan asarlarni qayta ishlab borish amaliyoti. Xeminguey asarlarining har bir nashrini to‘ldirib, qayta ishlab borganini kundaliklarida qayd etgan. Chunki asar vaqt va munosabat chig‘irig‘idan o‘tadi. Muallif tirik ekan, asari qotib qolmasligi kerak. Bizda esa ko‘pchilik yozuvchilar, hattoki atoqlilari ham, asari chiqdimi, tamom, unga boshqa qo‘l urmaydi. Nashr etilgan u yoki bu asarga ijodkorlar o‘rtasida og‘zaki yoki yozma munosabat bildirish ham yo‘q. Vaholonki, busiz adabiy taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi.

Urush olovidan chiqqan do‘ppidek Vetnamning mo‘jazgina badiiy adabiyoti jahonga bo‘y cho‘zishga intilmoqda. Shu yurtlik Nguyen Vet Tan “Xayrixohlik” romani uchun AQShning Pulittser mukofotiga erishdi. Belarus adabiyotini Svetlana Aleksiyevichning nomi dunyoga taratdi. BMTdagi yig‘inlardan birida AQSh vakili Nikki xonim hozirda marhum diplomat Vitaliy Churkinga “Biz Rossiyani uning kuch-qudrati uchun emas, balki Chexov va Tolstoylarning yurti bo‘lgani uchun ham hurmat qilamiz”, deganini kurrai zamin eshitgan. Adabiyot fan yoki san’atdagi kabi iqtidorlarni taxlab tashlamaydi. Adabiyot o‘ta rashkchi tarmoq. Yozuvchilar uyushmasi va uning joylardagi bo‘linmalari “yilt” etgan ijodkorga e’tiborli bo‘lishi, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi zarur.

Bir yilda ikki va undan ortiq qissa va roman chop etayotgan ijodkorlarning ishchanligiga lol qolaman. Ammo bahoni pirovard natijaga qarab berish kerak. Flober o‘z kitobining ba’zi boblarini o‘n yillab yozgan. Yozma adabiyot ijodkorlardan kuch va mustahkam sog‘liqni talab qiladi. O‘rniga, ta’bir joiz bo‘lsa, bir qop qoralangan qog‘oz beradi. Hamma gap shu qoralamaning adabiyotimizga tegadigan nafida. Zo‘r yozaman va qoyillataman degan fikrdan doimo yiroq yurish kerak. Bunday dimog‘dorlik faqat xalal beradi. Benuqson asar yaratish mumkin emas, bu antik yunon adabiyotidan qolgan orzu. Buni unutmaylik.

Men urush mavzusida yozaman. Britaniya siyosatchisi, Nobel mukofoti sohibi Uinston Cherchill aytganidek, urush ham ilhomlantiruvchi kuchdir. So‘qir Homerni Chanoqqala urushi tug‘yonga solgan bo‘lsa, yengilmas ispan Armadasi bilan kechgan qaynoq janglar Shekspir ijodida burilish yasadi. Tolstoyni rus-frantsuz, Kiplingni Hindiston, Mayn Ridni Amerika-Meksika, Xemingueyni italyan-ispan urushlari, Oldington va Remark­larni birinchi jahon urushi janggohlari ilhomlantirgan. Vonnegut va Shyutlar ijodiga ikkinchi jahon urushi turtki berdi. AQShlik yozuvchilar Xesfort va Xoldemanlar Vetnam urushidan ozuqa oldilar. Meni sho‘ro-afg‘on urushi ijod maydoniga yetakladi. Urushning beadoq kulfatlaridan kelib chiqib shuni aytmoqchimanki, biz, o‘zbek qalamkashlari xotirjam ijod qilishimiz uchun mamlakatimizda ikki ulug‘ ne’mat bor. Bu – keksalarimizning shukronalik duolari va yurtimizda hukm surayotgan tinch­lik-totuvlik. Shunday ekan, yaxshi va ta’sirchan yozish ijodkor sifatida bizning ma’naviy burchimiz ekanligini unutmaylik.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 1-son