U bir paytlar “Ming shaharlar o‘lkasi”, dunyoga dong‘i taralgan olimlar, shoirlar hamda faylasuflar vatani bo‘lgan. Markaziy Osiyoning kelajagini tasavvur qilish uchun biz uning ulug‘vor o‘tmishiga sayohat qilishimiz darkor.
Milodning 998 yilida bir-biridan 200 mil [322 km, – tarjimon] uzoqlikda, hozirgi O‘zbekiston va Turkmaniston hududlarida istiqomat qiluvchi ikki yigit o‘zaro yozishmaga kirishdi. XXI asr laboratoriyalarida qo‘llaniladigan so‘z tortishuvi bilan ular bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan 18 masala borasida munozara olib bordilar.
Yulduzlar orasida quyosh tizimiga o‘xshash o‘zga tizimlar ham mavjudmi yoki biz bu koinotda tanhomizmi, deya savol qo‘yishardi ular. Yevropada mazkur masala keyingi 500 yil ichida ochiq qoldi, biroq bu ikki yigitga biz koinotda yolg‘iz emasligimiz ravshan edi. Ular yana – yer bir butun (yaxlit) va tugal shaklda yaratilganmi yoki u vaqt mobaynida evolyutsion tarzda taraqqiy etganmi, degan savollar bilan mashg‘ul bo‘ldilar.
Yosh olimlar shunday xulosaga kelishdi: vaqt davomiy, uning na boshi va na oxiri bor. Boshqacha aytganda, ular yaratilganlik nazariyasi (kreatsionizm)ni rad etib, evolyutsion geologiyani va hattoki, darvinizm asoslarini Darvindan qariyb ming yil oldinroq ilgari surishdi. Xolbuki, bu kabi qarashlarning barchasi ham islom, ham o‘rta asrlar nasroniy dinida bid’at sanalgan.
Ming yil avval amalga oshirilgan mazkur yozishmalar ilm-fan tarixida kamdan-kam uchraydigan kelajakka dadillik bilan qaraydigan intilishlar edi. Biz bu haqda saqlanib qolgan hamda ming yillar osha qayta nashr etilgan qo‘lyozmalarning bir necha nusxasi tufayligina bilamiz. 26 yoshli Abu Rayhon al-Beruniy yoki qisqacha al-Beruniy (973-1048) Orol dengizi yaqinida yashab, geografiya, matematika, trigonometriya, qiyosiy dinshunoslik, astronomiya, fizika, geologiya, psixologiya, mineralogiya va farmakologiya sohalarida tanilgan. Uning zamondoshi Abu Ali ibn Sino yoki ibn Sino (980-1037) hozirgi O‘zbekiston hududida joylashgan buyuk ilm dargohi – ulug‘vor Buxoro shahridan bo‘lgan. U tibbiyot, falsafa, fizika, kimyo, astronomiya, dinshunoslik, klinik farmakologiya, fiziologiya, etika va hatto musiqashunoslikda nom taratgan. Ibn Sinoning keyinchalik lotin tiliga tarjima qilingan “Tib qonunlari” asari G‘arbda zamonaviy tibbiyotning tomir otishiga turtki bo‘lgan. Birgalikda bu ikki nodir aql sohiblari antik dunyo va Yevropadagi Uyg‘onish davri o‘rtasidagi eng buyuk ilm darg‘alari qatorida turadi.
Bahs-munozaraga moyil bo‘lgan mazkur daholarni bugun ko‘pchilik arab millatiga mansub deb biladi (agar, umuman, bilsa). Buni tushunsa bo‘ladi, chunki bu ikki olim ham arab va fors tillarida ijod qilgan. Biroq ingliz tilida yozgan yapon millatiga mansub inson ingliz bo‘lolmagani singari, arab tilida yozgan Markaziy osiyolik odam ham arab bo‘lolmaydi. Aslida, ular matematika, astronomiya, tibbiyot, geologiya, tilshunoslik, siyosatshunoslik, she’riyat, arxitektura, amaliy texnologiya kabi sohalarda hozirgi kunda biz Markaziy Osiyo deb atayotgan hududda yashab ijod etgan etnik jihatdan forsiy va turkiy daholardan tashkil topgan “yulduzlar turkumi”dandir. 800-1100 yillar orasida markaziy osiyolik bu olim, san’atshunos va mutafakkirlar pleyadasi mintaqani dunyoning intellektual markaziga aylantirdilar. Ularning ta’sir doirasi Sharqiy Osiyo va Hindistondan Yevropa va Yaqin Sharqqacha taralgan edi.
Bugun buni tasavvur qilish qiyin. Xitoy, Pokiston, Eron, Rossiya va Kaspiy dengizi o‘rtasida joylashgan, sug‘oriladigan cho‘llar, tog‘lar va dashtlardan iborat bu ulkan mintaqani osongina dunyoning chet hududi, u yoki bu buyuk davlatning “tomorqa”si sifatida mensimay oradan surib chiqarishga intilinmoqda. Azaldan Markaziy Osiyoning yuragi bo‘lmish hozirgi qashshoq Afg‘onistonda AQSh qo‘shinlari o‘tmishga tayangan va ilmsiz “Tolibon” harakatiga qarshi urush olib bormoqda. Amerikada Markaziy Osiyoning qolgan mamlakatlari to‘g‘risidagi xabarlar nari borsa, Pentagonning u yerda afg‘on kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash uchun harbiy bazalar og‘ushida yurgani bilan kifoyalanadi. Xitoyda esa ushbu mintaqaga neft, tabiiy gaz, oltin, alyuminiy, mis va uran kabi xomashyo manbai sifatida qaraladi. Ayni paytda, Rossiyadagi munozaralar Moskvaning u yerda G‘arb bilan va tobora Xitoy bilan ham geosiyosiy raqobati atrofida aylanadi. Umuman olganda, xorijda ko‘pchilik odamlar ibn Sino va al-Beruniylar yurtini pisand qilmay, bu yerga boshqa biror manzilga borish uchun kesib o‘tish kerak bo‘lgan notinch hudud sifatida qaraydilar.
Mazkur yerlarning zamonaviy dunyoda jumboqqa aylangan holatini hisobga olgan holda, kim bunga hayratlanishi mumkin? Bir yarim asr ilgari boshlangan rus istilosi natijasida mintaqaning asosiy qismi Rossiya mustamlakasiga aylangan bir paytda, Britaniya o‘zining Hindistondagi mustamlakasini Rossiyadan mudofaa qilish maqsadida Afg‘onistonni “bufer zona”ga aylantirdi. Vaqt o‘tishi bilan hozirda Sintszyan (“Yangi hudud”) deb atalmish mintaqaning sharqdagi katta bo‘lagini Xitoy “yutib” yubordi. Bilim egallashning qadimiy an’analari allaqachon yemirilib ketgan edi; sovet hukumati savodxonlikni qayta tiklashiga qaramay, ham dunyoviy, ham diniy sohada hur fikrlilikni bostirdi. 1991 yil Sovet ittifoqi qulashi va besh mustaqil davlat paydo bo‘lishi hamda 2001 yil 11 sentyabrdan keyin Afg‘onistonda yangi va zamonaviyroq hukumat o‘rnatilishi bilan mintaqa uchun yangi kun keldi.
Ming yil ilgari markaziy osiyoliklar erishgan intellektual yutuqlarni sanab chiqishni qayerdan boshlashni bilish mushkul. Matematikada markaziy osiyoliklar birinchi bo‘lib, irratsional sonlarni qabul qilishgan, kub tenglamalarning turli shakllarini aniqlashgan, trigonometriyani kashf etishgan, o‘nlik sonlar tizimini va hind (G‘arbda “arab raqamlari” sifatida tan olingan) raqamlarini yanada takomillashtirishgan hamda boshqa o‘lkalarga tarqatishgan. Astronomiyada ular yaqin asrlargacha tengi yo‘q aniqlik bilan Yerning diametrini o‘lchaganlar hamda hayratlanarli darajadagi aniq astronomik jadvallarni tayyorlash uchun Uyg‘onish davridan ancha avval bir necha yirik rasadxonalar qurganlar.
Kimyoda esa markaziy osiyoliklar reaktsiyalarni qaytarishga, kristallizatsiyadan kimyoviy tozalashning bir vositasi sifatida foydalanishgan, go‘yo Dmitriy Mendeleevning 1871 yilgi davriy jadvaliga poydevor yaratish maqsadida muayyan tortishkuchini o‘lchash va uni guruh elementlarida qo‘llash kabi yutuqlarga erishganlar. Ular xristomatik tarzda qadimiy tibbiy bilimlarga o‘z hissalarini qo‘shdilar, farmakologiya asoslarini kengaytirdilar hamda barcha bilimlarni G‘arb va Hindistonga uzatdilar. Texnologik yutuqlardan keyinchalik g‘arbiy yo‘nalishda Yaqin Sharqqa va Yevropaga hamda sharqiy yo‘nalishda Xitoygacha tarqalgan shamol tegirmonlari va suvni ko‘tarish uchun gidravlik mashinasozlikni ta’kidlash mumkin.
Lekin bu Bag‘dodda xalifalikda mujassamlashgan arab dunyosi ilm-fan va ta’limining oltin davri emasmi? Xuddi shunday! Oftalmologiyaning asoschisi ibn al-Hayzam (taxm. 965-1040) kabi yorqin arab olimlari o‘tgan. Biroq, leyptsiglik olim Xaynrix Shuter birinchilardan bo‘lib bir asr avval ko‘rsatganidek, o‘sha “arab olimlari”ning ko‘pi (aksariyati bo‘lmasa agar) aslida Markaziy Osiyodan kelib chiqqan forsiy yoki turkiylardan bo‘lgan. Buni al-Beruniy kabi hozirgi O‘zbekiston-Turkmaniston sarhadlarida joylashgan Xorazm o‘lkasidan kelib chiqqan va shuning uchun “al-Xorazmiy” sharifini qabul qilgan matematik va astronom Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy misolida ko‘rish mumkin. Uning bir qator kashfiyotlaridan biri bo‘lgan algoritmlarda uning buzilgan shaklda bo‘lsa-da – ismi aks etgan bo‘lib, bizning “algebra” atamamiz esa uning matematikadagi keng e’tirof etilgan asari sarlavhasidan olingan. Shunga o‘xshash tarzda, G‘arbda Alfarabius nomi bilan tanilgan va Aristotel etikasini o‘ziga xos tarzda tahlil qilishda Tomas Akvinas (ruscha – Foma Akvinskiy)dan tashqari barcha G‘arb mutafakkirlaridan ilg‘orlab ketgan Abu Nasr al-Forobiy (taxm. 872-961) arab emas, balki hozirgi Qozog‘iston hududidan kelib chiqqan turkiy olim edi.
Abbosiylar xalifaligi aslida markaziy osiyoliklar tomonidan tashkil etilganligini hisobga olsak, markaziy osiyolik daholarning Bag‘dodda misli ko‘rilmagan muhim roli tabiiy bo‘lib qoladi. Ha, xalifalarning o‘zlari Sharqda joylashib qolgan etnik arablardan edi, ammo vaqt o‘tishi bilan arablar “mahalliy tus oldilar” hamda o‘zlari voyaga yetgan forsiy va turkiy dunyoga g‘arq bo‘ldilar. Xalifa Al-Ma’mun milodiy 818 yilda tayinlanganiga qaramay, Markaziy Osiyoni tark etishdan bosh tortdi va musulmon dunyosini hozirgi Turkmaniston hududida joylashgan betakror Marv shahridan turib boshqardi. Keyinchalik Bag‘dodga ko‘char ekan, u turkiy lashkarlari bilan bir qatorda o‘zi bilan forsiy va turkiy madaniyatlar ta’sirining “qorishmasidan” hosil bo‘lgan Markaziy Osiyoning qadriyatlarini olib ketadi.
Markaziy Osiyodan Yaqin Sharqqa bu ko‘chish yunon bilim maskanlaridan Rimga qarab harakatlangan qadimiy “aqllar ko‘chishi” yo‘sinida ro‘y bergan. Farq shundaki, bir qator markaziy osiyolik olim va mutafakkirlar Bag‘dodga ko‘chayotgan bo‘lsa-da, bir paytning o‘zida arab daholari Markaziy Osiyoning buyuk markazlariga intilar edi. Go‘yoki, “aqllar ko‘chishi” ikki tomonlama harakatni eslatadi. Al-Beruniy yashagan, hozirgi Turkmaniston hududida joylashgan, mislsiz darajada ravnaq topgan Gurganj shahri hamda sharqiy Afg‘onis¬tondagi G‘azna shahrining boylikka to‘lgan saroyi arab olimlari uchun ohanrabo bo‘lib xizmat qilar edi. Buning ustiga, Bag‘dodga ketishga majbur bo‘lgan markaziy osiyolik mutafakkirlarning hammasi ham u yerda qolib ketishga shoshilmas edilar.
Daholikning gullab-yashnashini vujudga keltirgan ushbu “Markaziy Osiyo”ga qanday hududlarni kiritishimiz mumkin? Dastavval, 1991 yilda mustaqillikka erishgan besh “-iston”ning barchasini, ya’ni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonni. Bu intellektual “gullash”da hozirgi Afg‘onistonning Balx, Hirot va boshqa buyuk shaharlari o‘rni va ahamiyati kam emas. Bunga qo‘shimcha sifatida o‘sha sermahsul yillarda bir qancha kashfiyotchilarga vatanlik qilgan bugungi Eronning shimoli-sharqida joylashgan Xuroson viloyatining poytaxti Nishopurni ham keltirish lozim. Ushbu “daholar hududi”ning sarhadlari har doim Markaziy Osiyoning madaniy orbitasi qamroviga kirgan qadimiy Qoshg‘ar shahri va bir qancha boshqa buyuk markazlar joylashgan hozirgi kundagi Xitoyning g‘arbiy chegaralariga qadar cho‘zilar edi.
Xaritada doira chizish bir narsa; butunlay boshqa narsa esa – nima sabablarga ko‘ra ushbu “Katta Markaziy Osiyo” deb atalishi mumkin bo‘lgan mintaqa shunday madaniy gurkirash hosil qilishi mumkin bo‘ldi, degan savolga javob bera olishdir. Gullab-yashnagan shaharlar madaniy hayotning poydevori bo‘lib xizmat qilgan. O‘sha davrda bir arab sayohatchisi hozirgi Afg‘oniston, Tojikiston va O‘zbekistonni qamrab olgan hududni kezib yurar ekan, hayratda bu yerlarni “ming shaharlar o‘lkasi” deb ataydi. Bir paytlar ushbu mintaqaning poytaxti bo‘lmish qudratli Balx shahrining vayronalari haligacha chaqirimlar osha Afg‘onistonning hozirgi Mozori-Sharifdan g‘arbda joylashgan yerlariga qadar yastanib yotgan. Balx o‘z gurkiragan davrida Parij, Rim, Pekin yoki Dehlidan kattaroq bo‘lgan. Boshqa barcha buyuk mintaqalar markazlari qatori unda suv aylanma tizimi, hammomlar va ertaklardagidek saroylar hamda saroydan tashqarida yashovchilar uchun quyoshda pishirilgan g‘ishtlardan qurilgan hashamatli uylar bo‘lgan.
Shu bilan bir qatorda, Balx qit’a bo‘ylab amalga oshirilgan savdo tufayli boyigan. Balx va Markaziy Osiyoning boshqa tijoriy markazlari savdogarlari Yaqin Sharq, Yevropa, Xitoy hamda Hindistonning ichki hududlariga sayohat qilishgan. Bu yurtlar savdogarlari esa “Katta Markaziy Osiyo”ning gurkiragan karvonsaroylariga o‘zlarining mahsulotlarini olib kelishgan. Musulmon dunyosi va boshqa yerlarda quldorlik keng tarqalganligi tufayli bozorlarda yirik qul bozorlari ham mavjud bo‘lgan. Oltin, kumush va bronzadan quyilgan pullar ushbu tijorat tomir otgan tugunlardan to Shvetsiyaning Gotlandi hamda Koreya va Shri-Lankagacha “sayohat” qilgan.
Markaziy Osiyo Yevrosiyoning barcha buyuk madaniyat o‘choqlarini bog‘lovchi yo‘llarning chorrahasida joylashgan edi. Hozirgi kunda “Ipak yo‘li” deb nomlanmish mazkur marshrutlar tarmog‘i shuhrat cho‘qqisiga chiqqan davrda barcha yo‘nalishlarda turli-tuman mollarni o‘tkazgan. Havo haydash yordamida ishlab chiqarilgan oyna Yaqin Sharqdan Xitoyga Markaziy Osiyo orqali tarqaldi; qog‘oz ishlab chiqarish va ipakchilik madaniyati Xitoydan g‘arbiy yo‘nalishda yo‘lga qo‘yildi. Ammo markaziy osiyoliklar “passiv o‘tkazgichlar” emas edilar. Yarim ming yillik mobaynida yaqin sharqliklar hamda yevropaliklar Samarqand qog‘ozini dunyoda eng sifatli deb hisoblagan bo‘lsalar, Yevropadagi o‘rta asrlar ibodatxonalari zebu ziynatlari Farg‘ona vodiysida ishlab chiqarilgan ipakdan tayyorlangan.
Savdogarlar dinlarni tashishga ham xizmat qilishgan. Iskandar Zulqarnayn (mil. avv. 356-33) bosqini bilan bu yurtlarga qadam qo‘ygan yunonlar Afg‘onistondagi o‘zlarining yangi shaharlariga Afina, Gerkules, Afrodita kabi sig‘inish timsollarini olib kelishgan. U paytda buddizm mintaqa bo‘ylab tomir otish uchun qulay sharoitga ega bo‘lib, bu yerdan Xitoy, Yaponiya va Koreyaga tarqalgan. O‘z yo‘llarida, buddaviy san’atkorlar kelgindi yunonlardan Buddani haykaltaroshlikda tasvirlash fikrini oldilar. Taxminan bir paytda, mintaqa hududida yahudiylar birlashmalari, Suriya nasroniy yepiskopliklari, manikeyaliklar jamiyatlari shakllana boshladi. Ushbu barcha dinlar zamirida o‘lkaning markaziy dini – ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash, gunoh va la’natdan xalos bo‘lish, jannat va do‘zax kabi tushunchalarga urg‘u beruvchi zardushtiylik yotar edi. Taxminan miloddan avvalgi VI yoki VII asrlarda yashagan Zardusht Balx viloyatidan chiqqan, lekin u asos solgan din g‘arbiy yo‘nalishda – keyinchalik ushbu dinga duch kelgan va uning ta’siriga tushgan yahudiylar yashagan Bobilgacha tarqalgan. Yahudiylik orqali zardushtiylik g‘oyalari dastavval nasroniylikka, keyinchalik islomga tarqaldi.
Shu bois VII asrda arab qo‘shinlari bilan kelgan islom biz hozirda “qiyosiy dinshunoslik” va “falsafiy tahlil” deb ataydigan sohalarda yetarli darajada “ekspert” bo‘lgan aholiga duch keldi. Ko‘p markaziy osiyoliklar islomni qabul qildilar, boshqalari esa madaniy to‘lqin mavji bosilmagunga qadar qabul qilishdan bosh tortdilar. Qaysi dinga e’tiqod qilishlaridan qat’i nazar, markaziy osiyoliklar mohir tizimga soluvchi va tahlilchi bo‘lib chiqdilar. Ulardan biri Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy (810-870) payg‘ambar Muhammad (a.s.)ning hadislarini to‘pladi, tahlil qildi hamda Qur’ondan keyin ikkinchi eng muqaddas kitob hisoblanmish to‘plamni yaratdi. Dunyoviy fikrlar ham mintaqa bo‘ylab to‘siqsiz sayohat qilib yurdi. Astronom al-Xorazmiy hind raqamlari (hamda “0”) va boshqa raqamlardan foydalanishni qiyoslab kitob yozgan bo‘lsa, o‘zga olimlar hind geometriyasi, astronomiyasi va hatto taqvim tizimlarida foydali g‘oyalarni izlab chuqur tadqiq qildilar. Bundan oldinroq markaziy osiyoliklar turli alifbolarni (masalan, Suriya va Hindiston yozuvlarini) sinovdan o‘tkazdilar. Bir qator mahalliy tillar payg‘ambar Iso (a.s.) gapirgan arama (aramey) tili alifbosini qabul qilib olishdi. Dunyoning har qanday boshqa burchagida intellektual jihatdan bundan-da “bag‘rikeng” mintaqani tasavvur qilish mushkul.
Markaziy osiyoliklarning arab va xitoylardan farqi ularning poliglot, ya’ni ko‘p tillarni bilishlaridir. Ular uchun ko‘p sonli tillar va alifbolar aralashmasi ichida yashash odatiy hol hisoblangan va qaysi paytda qanday tilga muhtojlik sezilsa, o‘sha tilda so‘zlashishgan. Shu tarzda, yangi din bilan arab qo‘shinlari kelganida Markaziy Osiyoning ba’zi davlat arboblari va mutafakkirlari arablarning tili ularga qanday foyda berishini aniqlash maqsadida mazkur notanish tilni o‘rgandilar. Savdogarlar tez orada klassik yunon tilidan endigina o‘girilgan bitiklar bilan kelishni boshladilar. Ko‘pincha nasroniy arablar tomonidan tarjima qilingan ushbu asarlar markaziy osiyoliklar uchun kutilmaganda falsafa va ilm sohasida yangi, o‘rganilmagan g‘oyalar olamini ochib berdi. Vaqt o‘tishi bilan ular bu jihatlarni egallab, mazkur sohalarda hatto qadimiy yunon mutafakkirlaridan ham chuqurroq izlanishlar olib bordilar.
“Katta Markaziy Osiyo”ning gullab-yashnashi “makon, makon va yana makon” omilining mahsulidir. Savdoga asoslangan farovonlik hamda savdo orqali kirib kelgan dinlar va g‘oyalarning o‘zaro qorishmasining yaratilishi ham aynan mazkur omil bilan izohlanadi. Biroq savdoning bir o‘zi ro‘y bergan intellektual uyg‘onishga turtki bo‘la olmas edi, chunki har qanday savdo-sotiq daholikka olib kelmaydi. Balki savdoni intellektual parvoz uchun zarur shart-sharoit sifatida qarash mumkindir, lekin buning o‘zi yetarli emas.
Bu kabi ijodiy “portlash”da din omili qanchalik darajada muhim? Ko‘pchilik uchun islom dini hal qiluvchi omil bo‘lgan. Al-Buxoriy o‘z umrini baxshida etgan ilmga bel bog‘laganida boshqa bir qator buyuk allomalardagi singari unga ham, shubhasiz, chuqur e’tiqod turtki bo‘lgan. Al-Forobiy esa o‘zining axloqshunoslik sohasidagi tadqiqotlari hukmron dinni yanada mustahkamlashiga shubhalanmagan. Boshqalar al-Forobiy fikriga qo‘shilgan holda ta’kidlar edilarki, hur fikrlash va tadqiq qilish dinni chorlashi darkor, aksi emas; va albatta, e’tiqod ilm-fanni cheklab qo‘ymasligi joiz. Yana boshqalar esa al-Forobiy usullariga ochiqdan-ochiq qo‘shilmasliklarini bildirardi hamda dinga jamiyat ommasi uchun ma’qul, intellektuallar uchun esa nomaqbul bo‘shliq sifatida qarashar edi. Bunday qarash hozirgi kunda asosan o‘zining she’riyati bilan mashhur bo‘lgan, 1048-1123 yillarda yashagan Umar Xayyomga tegishli. G‘arbda uni XIX asrda nashr etilgan “Umar Xayyom ruboiylari” deb nomlangan she’riy to‘plamlari orqali bilishadi.
Bularning barchasi shunday taxminlarni kuchaytiradiki, intellektual “jasorat” din yaratgan shart-sharoitlar emas, balki u yaratmagan shart-sharoitlar tufayli yuzaga keldi. Agar G‘arbdagi ba’zan ilm-fan va din o‘rtasidagi kurashni e’tiborga oladigan bo‘lsak, bu omil muhim o‘rin kasb etadi. Shu bilan bir qatorda, o‘zining barcha qolgan asarlaridan tashqari musiqa nazariyasi borasida qisqa vaqt ichida yirik asar yaratgan al-Forobiydek odam butun olamni o‘zining “chig‘anog‘i” sifatida ko‘rib, o‘rganish uchun na ruxsat va na daldaga muhtoj bo‘lgan.
Markaziy Osiyoning “oltin asr”iga o‘z hissasini qo‘shgan buyuk allomalarning rang-barangligi tufayli mintaqaning mazkur davr rivojiga sabab bo‘lgan omillarni ta’kidlab ko‘rsatish yanada mushkulroq bo‘lib qoladi. Mutafakkirlardan ayrimlarining kelib chiqishi badavlat yer mulklari egalaridan bo‘lib, shuning hisobiga kun kechirgan bo‘lsalar, ibn Sino va al-Beruniy kabi boshqalari esa daromadi yuqori lavozimlarga tayinlanganlar. Biroq bu kabi holatlar qoidadan istisnodir. Mutafakkirlarning aksariyati to‘liq ish bilan ta’minlangan olimlar, tadqiqotchilar va intellektuallar yoki shunga intilganlar edi. Ularni qo‘llab-quvvatlaydigan universitetlar va akademiyalar yo‘qligini hisobga olganda, buni bemashaqqat faoliyat deb bo‘lmaydi. Bir qancha haq to‘lab tahsil oladigan o‘quvchilar yig‘ilgan taqdirda ham bu ularga yetarlicha daromad olib kelmasdi. Shu bois, taqdir taqozosi bilan, ular hukmdorlar himoyasi va homiyligi ostida faoliyat yuritishar edi.
Markaziy Osiyoning eng ulkan afzalliklaridan biri shudir. Albatta, olimlikka bel bog‘lagan kishi Markaziy Osiyoda tug‘ilgan xalifa al-Ma’mun asos solgan fanlar akademiyasi – “Donishmandlar uyi”ga qo‘shilish umidida Bag‘dodga yo‘l olishi mumkin edi. Biroq shu bilan bir qatorda, mintaqa bo‘ylab va g‘arbda – Eronda mahalliy hukmdorlar va saroylar bo‘lgan. Ularning barchasi Bag‘dodning hurmat-izzatini joyiga qo‘yar ekan, o‘zlarini amalda mustaqil deb bilishgan. Har bir hukmdor ma’lum ma’noda (o‘zi uchun) xalifa bo‘lib, davlatini mutlaq avtoritar tarzda boshqarar hamda turkiylardan tashkil topgan yirik qo‘shin yordamida o‘z hududlarini himoya qilar edi. Biroq ular savdoni qo‘llab-quvvatlar, soliq yig‘ar, serhasham poytaxt shaharlar qurar va eng muhimi, san’at va ilm-fanga behisob mablag‘ sarflar edilar. Ana shunday saroylardan biri al-Beruniy ijod qilgan Gurganjda joylashgan. Yana biri o‘sha vaqtdayoq qadimiy devor bilan o‘ralgan Samarqand edi. U shaharda 850 va 1000 yillar oralig‘ida Somoniylar sulolasi boy kutubxonaga ega bo‘lgan, mazmundor adabiy kechalarda olimlar tomonidan “Buyuk masalalar” muhokama qilingan, musiqa va she’riyatga to‘yingan jo‘shqin ijtimoiy muhit yaratilgan.
Bu hukmdorlarning ba’zilari na saxiy, na muloyim-mehribon bo‘lgan; ular san’at va ilm-fan homiylari sifatida ham ajralib turmagan. Sharqiy Afg‘onistondagi poytaxtdan turib Mahmud G‘aznaviy (971-1030) Hindistondan hozirgi Eronning markazigacha cho‘zilgan imperiyani boshqargan. U shafqatsiz hukmdor bo‘lib, madaniyatni zarurat emas, mol-mulk deb hisoblagan. Shunga qaramay, Hindiston va hinduizm bo‘yicha keyinchalik birinchi bo‘lib keng-qamrovli tadqiqot muallifi bo‘lgan al-Beruniy va buyuk shoir Abulqosim Firdavsiyni o‘z homiyligiga olgan. Firdavsiyning islomdan oldingi Eronning mahobatli manzarasi tasvirlangan “Shohnoma” asari (taxm. 1000 y.) Frantsiyada trubadurlarga ham katta ta’sir o‘tkazib, jahon adabiyotining mumtoz asarlaridan biri sifatida tan olingan.
Markaziy Osiyoda oxirgi ulkan “madaniy energiyaning portlashi” Saljuqiy turklar hukmronligi ostida ro‘y berdi va taxminan 1037 yildan boshlab bir asrdan ko‘proq vaqt davom etdi. O‘zlarining sharqiy poytaxtlari bo‘lmish hozirgi Turkmanistonning Marv va bugungi Afg‘oniston-Eron chegarasidagi Nishopur shaharlaridan turib, ular ko‘p sohalarda kashfiyotchilarni qo‘llab-quvvatladi. Erishgan yutuqlardan biri sifatida keng joylarni qoplovchi qo‘shgumbazni keltirish mumkin. Dastlabki yutuqlar mahsulini hozirda Marvning qarovsiz qolgan vayronalari misolida ko‘rishimiz mumkin. Florentsiya ibodatxonasidagi Filippo Brunelleski gumbazi va Sankt-Peterburgdagi Avliyo Nikolay soboridan boshlangan “dunyo bo‘ylab sayohat” natijasida mazkur kashfiyot Vashingtondagi AQSh Kapitoliy binosining gumbazida ham o‘z aksini topdi.
Nima sababdan Markaziy Osiyoning buyuk asri so‘ndi? “Intellektual bo‘ron”ning so‘nishiga eng keng tarqalgan izoh sifatida 1218 yilda Chingizxon tomonidan Mo‘g‘ulistonning markaziy yerlaridan uyushtirilgan mo‘g‘ullar bosqini keltiriladi. Haqiqatan ham mo‘g‘ul bosqinchilari Markaziy Osiyodagi betakror shaharlarning aksariyatini vayronaga aylantirdi.
Lekin quyidagi uch e’tiroz bu farazni shubha ostiga oladi. Birinchidan, sanoqlilaridan tashqari barcha shaharlar savdo va tijorat tufayli tez orada qayta tiklandi. Ikkinchidan, mintaqani yakkalash u yoqda tursin, mo‘g‘ullar istilosi “Katta Markaziy Osiyo” bilan Yevropa va Osiyoning boshqa yerlari aloqalarini kuchaytirdi. Bosqinchi mo‘g‘ullar o‘zlarining beqiyos imperiyasi ichida chegaralar va to‘lovlarni bekor qilishlari tufayli shunday sharoit yuzaga keldi. Masalan, XIII asrda Afg‘onistondan Xitoyga sayohatini Marko Polo yagona “patent” yoki “viza” bilan amalga oshirdi. Madaniyatlararo aloqalar intellektual gurkirashning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanar ekan, mo‘g‘ullar davrida bu xususiyat tomir otdi.
Uchinchidan, 1221 yilda mo‘g‘ullar hur fikrlilikni bostirish niyatida bo‘lgan taqdirda ham (ular unday qilmadilar, bunga ehtiyoj ham yo‘q edi) bundan bir asr oldinroq yuzlab yillar davomida butun Markaziy Osiyo bo‘ylab har jihatdan gullab-yashnagan madaniy yuksalishning so‘nishi boshlangan edi. To‘g‘ri, XII asrda ham Marvda o‘ndan ortiq kutubxona (ulardan birida 12 ming jild bo‘lgan), Buxoroda esa 50 nafardan ortiq alloma faoliyat yuritgan. Biroq allaqachon, ya’ni 1100 yilga kelib intellektual hayotdagi ilmiy kashfiyotlar o‘rnini ilmiy traktatlar to‘plamini tayyorlash egallagan edi. O‘sha davrdan saqlanib qolgan qo‘lyozmalarning aksariyati asarlarning asl nusxasi emas, balki oldingi asarlarning nusxa-ko‘chirmalari yoki ularga berilgan sharhlar ekanligi avvalgi yorqin alanga so‘nganining ishonchli alomatidir.
“Kimning qo‘li bor?” degan savolga mo‘g‘ullarni ko‘rsatmas ekanmiz, unda tanazzulning asl sababi nima bo‘lishi mumkin? Markaziy Osiyodagi buyuk shaharlar bugun sahro quyoshida jimjitlik bilan yopilib turgan ma’yus vayronalar ko‘rinishini beradi. G‘amginlikni faqat tasodifiy chakalakzorlar buzadi. Ularga qarab, kishi madaniy inqirozda iqlim o‘zgarishi yoki boshqa ekologik jarayonlarni ayblashga jazm qiladi. Lekin mintaqaning ekologik tarixi borasida aksariyat izlanishlar shunday xulosaga keladiki, Markaziy Osiyoning “oltin davri”dagi iqlim hozirgi kundagi iqlim bilan deyarli bir xil bo‘lib, asosiy o‘zgarish mintaqaning bir paytlar iftixori bo‘lgan sug‘orish tizimida ro‘y bergan.
Mo‘g‘ullar va ekologiyani istisno qilganda, o‘lkaning tanazzulga yuz tutishiga kamida to‘rt omil sabab bo‘lgan. Birinchidan va balki eng muhimi, hech narsa abadiy emas. Mumtoz Afinaning oltin davri bazo‘r bir asrga cho‘zildi, undan keyin shahar pastroq, kumush davrga cho‘kdi. Yevropadagi Uyg‘onish davri shaharlarining sanoqlisida gurkiragan davr bir yarim asrga yetdi. Cho‘qqiga yetgach, inqiroz tomon yuz tutish tabiiy va muqarrardir.
Markaziy Osiyo misolida esa, g‘arbroqda joylashgan arablarga qaraganda ham ko‘proq qadimgi Yunoniston, Yaqin Sharq va Hindistondan kelgan cheksiz va notanish g‘oyalar yig‘ilmalarini egallab, o‘zlariga moslash da’vati original tafakkur shakllanishiga kuchli turtki bo‘lgan. 1100 yilga kelib bunday natijaga erishib bo‘lingan edi; undan keyin hech qanday nisbatan chuqurroq yangi izlanish qirralari topilmadi. Yevropadagi Uyg‘onish davri, albatta, shunday turtki bo‘lishi mumkin edi, biroq bu vaqtga kelib tsivilizatsiyalarni bir paytlar bog‘lagan buyuk savdo yo‘llari uzilgan, Markaziy Osiyoning tushkunligi va izolyatsiyasi “mustahkamlanayotgan” edi.
Ikkinchidan, madaniyatlar va ularning bir qismi bo‘lmish dinlar dinamizm, o‘z-o‘ziga ishonch, tajriba o‘tkazish va nihoyat, ortodoksal qotib qolishdan iborat jarayonni boshdan kechiradi. Markaziy Osiyoda bu jarayon avvalroq zardushtiylik va buddaviylik misolida o‘tgan edi. Islom dinida esa ijodiy tafakkurning yuksak ravnaq topishi erta boshlandi, ya’ni 800-1100 yillarga to‘g‘ri keldi. Ortodoksal qotish ham nisbatan erta vujudga keldi, lekin 1100 yilgacha o‘z cho‘qqisiga yetmadi. Hatto o‘shanda ham yana taxminan bir asr mobaynida intellektual jo‘shqinlik saqlangan bir necha yakka tartibda “avanpost”lar qolgan edi. Biroq forsiy va turkiy Markaziy Osiyoda arab dunyosi markazi va Erondagidek ma’lum sur’atlar bilan mustahkamlanayotgan musulmon ortodoksal qotishdan kelib chiqqan talablar erkin fikrlilik va gumanizm rivoj topishi mumkin bo‘lgan sohani tobora toraytirib bordi.
“Katta Markaziy Osiyo”da erkin intellektual hayotning so‘nishiga o‘z hissasini qo‘shgan ushbu “morfologik” voqeliklardan tashqari, uchinchi, o‘ziga xos omil yotardi: islom dini ichidagi sunniy-shia ajralishi. Mazkur fundamental bo‘linish Muhammad (a.s.)ning 632 yildagi vafotidan keyingi birinchi avlodga borib taqaladi. Damashqda ilk xalifalik vujudga kelish vaqtida sunniylar butun musulmon dunyosida mustahkam hukmronlik qilishardi. Bunga istisno tarzda Misrda shia sulolasi hisoblangan Fotimiylar 968-1171 yillarda hokimiyatda bo‘ldilar. Ammo, hatto Fotimiylar hokimiyati qulashidan oldinroq shia tarafdorlari sharqqa tomon quvg‘in qilindi hamda e’tiqodlararo nizo markazi Eron va Markaziy Osiyoga ko‘chdi. Shu tariqa mintaqa bo‘ylab hukmdor sunniy podsholar e’tiqod bo‘linishiga moyil bo‘lgan shubha ostidagilarga nisbatan siquvni kuchaytirdilar.
Ayonki, o‘zgarishlar hur fikr tarafdorlariga nisbatan qattiq zarba bo‘ldi, ammo sunniylarga ham ta’siri kam bo‘lmadi. Markaziy Osiyo g‘arbiy sarhadlari (hozirgi sharqiy Eron)ning Tus shahrida ijod qilgan ikki shaxs bunga yorqin misol bo‘la oladi. Birinchisi Nizom ul-Mulk (1018-92) yuksak iqtidorli boshqaruvchi va qolaversa, davrning eng oldi siyosatshunoslaridan biri edi. Nizom ul-Mulkning ustozlari uni Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining eng yorqin mutafakkirlari asarlari bilan tanishtirgan edi. Lekin uning saljuqiylar imperiyasi vaziri etib tayinlanishi paytiga kelib, shia muxolifatiga qarshi kurash avjga chiqadi. Har tarafdan kelgan xavfning oldini olish maqsadida Nizom ul-Mulk ortodoksal sunniy islomni “miyaga quyish” va yosh avlodni chuqur bilimli, lekin mazkur e’tiqodga sodiq qilib tarbiyalash uchun madrasalar tarmog‘ini yaratish taklifi bilan chiqdi. Bitiruvchilar nafaqat shialarning ajralishini, balki ortodoksal oqimdan og‘ishi shubhalangan har qanday g‘oyalarni rad etishlari zarur edi.
Ikkinchi “islohotchi” shaxs faylasuf va din arbobi Abu Hamid Muhammad ibn Muhammad al-G‘azzoliy (1058-1111) bo‘lib, u idrokning cheklanmagan ravishda qo‘llanilishiga qarshi bevosita hujum boshladi. Uning eng mashhur asari sarlavhasidan xulosa chiqarish mumkin: “Faylasuflarning (ya’ni olimlarning) mantiqsizligi”. F.Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” asari qahramoni buyuk inkvizitor singari al-G‘azzoliy o‘zining g‘animlari (o‘lkaning eng oldi olimlarini o‘ziga jalb qilgan Aristotel empirizmi)ni puxta bilar edi. Aristotelni tanqid ostiga olar ekan, al-G‘azzoliy vayron qiluvchi ta’sir bilan o‘z zamonasining barcha ratsionalistlarini siquvga oldi.
Nizom ul-Mulk va al-G‘azzoliy birgalikda Markaziy Osiyoda uch asr davomida barpo etilgan erkin tafakkurga parda tortdilar. Biroq buni markaziy osiyoliklar o‘zlariga xos topqirlik bilan qarshi oldilar. E’tiqodning sirtqi shakllari mustahkamlangan va qotirilgan bir paytda ular individual ma’naviylikka yangi qiziqish uyg‘otdilar. Tasavvufga asoslangan holda, xudoga sig‘inishga erishishning yuksak darajadagi bu shaxsiy tizimi na kitoblar, na iyerarxiya va na masjidlar talab qilar edi. Bu oqim sufizm deb nom oldi. Markaziy osiyoliklar tasarrufida tayyor ishlangan bunday tasavvuf va shaxsiy sig‘inish shakllari mavjud edi. Bunga o‘xshash ko‘nikmalar hinduist Hindiston bilan aloqada bo‘lganliklari hamda o‘lkaning savdo markazlarida keng tarqalgan va o‘zlarining diniga aylangan buddaparastlik, Suriya nasroniyligi va hatto yahudiylikning boy mahalliy an’analari tufayli hosil qilingan edi. Sufizmga bu kabi e’tiqod turlarining tasavvuf borasidagi hissasi xususida bahslar davom etishiga qaramay, bir narsa ayon: dastlabki so‘fiylar arablar bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo sufizmning yuragiga aylangan. Dastlabki va eng oldi so‘fiy harakatlar bu yerda vujudga keldi va shu yerdan butun musulmon dunyosiga tarqaldi. Bugungi kunda Rumiy, Attor va boshqalarning sufizmni madh etuvchi she’rlari Yangi Davrga ergashishga bo‘ldi, lekin o‘z davrida ular tashqi omma dunyosidan qochib, ichki dunyoga qarashga undaganlar.
Markaziy Osiyo 1100 yildan ham keyin jahon nigohidan aslo chetda qolmadi. XIV asrda G‘arbda Temurlang (Tamerlan) nomi bilan tanilgan Amir Temur Dehlidan O‘rta Yer dengizining sharqiy sohillarigacha bo‘lgan dunyoni bosib olib, o‘zining qayta tiklangan poytaxti Samarqandda olim va ijodkorlarni to‘pladi. Bir asrdan so‘ng Bobur Farg‘ona vodiysidan chiqib, Hindistonda Mo‘g‘ullar sulolasiga asos soldi. Iqtidorli yozuvchi bo‘lgan Bobur Markaziy Osiyoning qadimgi an’anasini tark etmagan holda o‘z saroyiga iqtidorli ijodkorlarni jam etdi.
Biroq Markaziy Osiyo 800-1100 yillar orasida erishgan intellektual shukuhini qaytara olmadi. Yuqori bo‘lgan mahalliy (bojxona) to‘lovlar farovonlik va madaniyatlararo muloqotni tug‘dirgan “oltin g‘oz”ni cho‘ktirdi. Diniy ortodoksallik o‘lkaning eng o‘ziga xos mutafakkirlarini “bo‘g‘di”. Tanazzulga yuz tutar ekan, Markaziy Osiyo vaqt o‘tishi bilan butun Yevroosiyoning yuksak madaniyati markazi bo‘lish imkoniyatini boy berib, odam oyog‘i yetmaydigan va chang bosgan xilvatgoh maqomiga tushib qoldi.
Den Razer 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin xuddi ana shunday zulmatga botgan joydan – Afg‘oniston va mintaqadan reportajlar olib bordi. Kamuflyajli jaket kiyib olib, reportajlarini faqat kun chiqar va kun botarda tasvirga tushirib, u mintaqani borib bo‘lmaydigan, qoloq, ekzotik, chet va xatarli, bir so‘z bilan aytganda, dunyoning oxiri degan ma’noda ko‘rsatardi. Go‘yoki, ibn Sino, al-Beruniy va boshqa bir qator jahon tan olgan daholar bu yerlarda yashamagandek.
Den Razerning tasviridagi Markaziy Osiyo esga olsa arzigulik mintaqa siymosida bo‘lsa-da, bunday holat bir qator ayanchli xulosalar keltirib chiqaradi. Bir tomondan, AQSh va jahon hamjamiyatining yechimini topishga umid qilsa bo‘ladigan eng asosiy tashvishi – bu mintaqadan kelib chiqayotgan xavf-xatarni cheklash. Bu o‘z navbatida, bizga xavf solayotgan har qanday narsani buzib tashlab, bu yerni tark etishni nazarda tutadi. Bunday yondashuv bilan bog‘liq muammo shundan iboratki, bu narsa keyinchalik o‘zimizga xizmat qiladigan qurolga aylanishi mumkin, chunki nazarimizdagi umidsizlikka, tushkunlikka tushgan o‘lka haqiqatan ham shunday bo‘lib qoladi va bundan ham ko‘proq xavf tug‘diruvchi mintaqaga aylanadi. Markaziy Osiyo va Afg‘onistonning to‘rt – yaqin kelajakda, ehtimol, besh – yadro quroliga ega bo‘lgan davlatlar orasida joylashganligi masalani yechishga yordam bermaydi.
Sho‘rolar va toliblar hukmidan xalos bo‘lganidan beri bu mintaqada qit’a bo‘ylab qadimiy savdo yo‘llari qayta jonlana boshladi. Yevropaga uchayotgan hindistonlik va koreyaliklar bu yerda to‘xtab o‘tishadi. Olti davlat va shuncha xalqaro moliyaviy tashkilotlar mazkur mintaqada yaqin kelajakda Yevropa, Xitoy, Hindiston va Yaqin Sharqni bog‘lovchi avtomagistrallar barpo etish bilan band. Bu ishlarning markaziy boshqarishsiz amalga oshirilayotgani shundan dalolatki, bularning darajasi va ko‘lami shu paytgacha e’tibor jalb qilmadi. Biroq yo‘llar qurilishi hozir to‘xtatib bo‘lmaydigan darajadagi kuchga aylandi. Yevropa va Xitoyni bog‘lovchi marshrutlar ochilishi, Afg‘oniston orqali Arab dengizi, Hindiston, Janubi-sharqiy Osiyoni Yaqin Sharq, Xitoy va Hindiston bilan tutashtiruvchi yo‘llar kelgusi o‘n yillikda butun Yevroosiyo qit’asini o‘zgartirib yuboradi. Vujudga kelayotgan shart-sharoitlarning kamdan-kami mutlaq yangi kashfiyotdir. Haqiqatan, yangi barpo etilayotgan transport tizimi qanday ko‘rinishda bo‘lar ekan, degan savol bilan qiziqayotgan har qanday kishi avval “oltin davr”dagi savdo yo‘llarini o‘rganib chiqishi lozim.
Shu tarzda, 1991 va 2001 yillar oralig‘ida Markaziy Osiyoning “ochilishi” mintaqaning intellektual jihatdan ham o‘zgarishiga olib kelmoqda. Hududning o‘n minglab talabalari xorijdagi eng old universitetlarga o‘qishga yuborildi. Ming yil avval ajdodlari bel bog‘lagan ma’rifatparvarlik ruhida Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari bu yoshlarga eng zamonaviy bilim olishlari va ularni Vatanga olib qaytishlari uchun homiylik ko‘rsatdilar. Bu yoshlar o‘zlarining mintaqasini global g‘oyalar dunyosi bilan qaytadan bog‘lash niyatida qaytishmoqda. Keyingi o‘n yillik mobaynida mazkur yosh yigit-qizlar jamiyatlarida va butun mintaqada yetakchi o‘rinlarni egallaydilar. Hatto Afg‘onistonda Milliy universitet, Amerika universiteti hamda minglab maktablar o‘sib kelayotgan avlodga yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
O‘sib kelayotgan avlodning imkoniyat ufqlarini toraytirish va ularning orzularini cheklash xavfi mavjud. Ba’zi yoshlarning diniy tashkilotlarga yoki tor millatchilik guruhlariga jalb etilishi ham tashvishli holat. Lekin markaziy osiyoliklar shaxsni ulug‘laydigan, har bir shaxsni idrok va donolik mazmunida belgilaydigan va o‘sha shaxsni global taraqqiyotning asosiy oqimlariga joylashtiradigan yuksak ma’naviyatli o‘tmish egalaridir. Bu – 300 yil mobaynida o‘zlarining mintaqalarini intellektual dunyo markaziga aylantirgan buyuk an’anadir.
Agar bu narsa hozirgi kunda mintaqada istiqomat qilayotganlar uchun chaqiriq bo‘lsa, ularning xalqaro sheriklariga mintaqa mamlakatlarini shaxmat taxtasida turtkilanadigan, madaniy jihatdan inert ob’ektlar sifatida emas, balki suveren davlatlar sifatida qabul qilishdir. Ularga shunchaki, Vladimir Putin hukumati ta’biri bilan aytganda, “bizning maxsus manfaatlarimiz doirasi” sifatida; xitoyliklar nazaridagi xomashyo manbai sifatida; yoki AQSh nazaridagi Qobulga safar chog‘ida yonilg‘i uchun to‘xtash joyi sifatida qarash yetarli emas. Bundan maqbulroq muqobil shundan iboratki, buyuk imperiyalarni va yanada kattaroq savdo zonalarini boshqarish, dunyoning boshqa madaniy markazlari bilan tenglar orasida muloqotda bo‘lish hamda o‘zlarining noyob geografik joylashuvlaridan foydalangan holda tsivilizatsiyalar o‘rtasida aloqa va ko‘prikka aylanish salohiyati qayerdadir bu xalqlarning DNKsida mavjudligini tan olish kerak. Bu kabi ogohlik hamma tomonlarda ishonch darajasini ko‘taradi va mintaqaning xalqaro sheriklarini Markaziy Osiyoga geosiyosiy o‘yin obektidan muhimroq makon sifatida qarashga undaydi.
Bu esa, o‘z navbatida, oson kechmaydi, lekin buni boshlash uchun muhim shart Markaziy Osiyoning o‘tmishi haqida chuqurroq bilim hosil qilishdan iboratdir.
Ushbu maqola AQShda chop etilgan: Rediscovering Central Asia /Summer 2009. Wilson Quarterly. 33-43 p
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 5-son
Frederik Starr Jons – Xopkins universitetining Pol Nitshe nomli Xalqaro munosabatlar oliy maktabi huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi. U Vudro Vilson markazining Kennan instituti ta’sischi raisi, Oberlin kolleji hamda Aspen instituti prezidenti lavozimida xizmat qilgan. F.Starr o‘z faoliyatini Turkiyadagi arxeologik tadqiqotlar va Prinston universitetida intellektual tarix fanidan dars berishdan boshlagan. 2005 yil aprel oyida mutaxassislar orasida bahs va munozaraga sabab bo‘lgan “Katta Markaziy Osiyo” kontseptsiyasining taqdimotini o‘tkazdi.