Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda dunyoda ko‘plab jinoyatlarga sabab bo‘layotgan nafs balosi, ya’ni korruptsiya va poraxo‘rlik natijasida yiliga bir trillion dollarga teng pul o‘zlashtirilarkan. Boz ustiga, korruptsiya muammolari bilan shug‘ullanuvchi Transparency International tashkilotining ma’lumotlariga qaraganda, poraxo‘rlik evaziga keltirilgan bu zarar hisoblanganda, o‘zga mulk va pulni o‘zlashtirish va bunga tegishli boshqa jinoiy harakatlar hisobga olinmagan.
Endi bu yog‘ini o‘zingiz tasavvur qilib ko‘ravering. Agar ana shu mablag‘lar ham xalq farovonligi yo‘lida ishlatilsa bormi…
Xo‘sh, korruptsiya shunchalik xavfli ekan, o‘zi nima u va uning mohiyati qanday degan savol tug‘ilishi tabiiy. Korruptsiya so‘zi ingliz tilidan tarjima qilinganda “corruption” — pulga sotilish, buzilish, aynish degan ma’nolarni anglatadi. Korruptsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga mansabdor shaxslarning o‘z vazifalarini suiiste’mol qilishlari va mansab soxtakorligi kabi holatlar kiradi. Ya’ni davlat xizmatchilarining, mansabdor shaxslarning o‘z mansab vakolatidan qasddan foydalanib, jinoyat olami vakillariga nomoddiy va moddiy jihatdan sotilishlari, pora olish, berish, vositachilik qilishlari va hokazolar…
Korruptsiya va poraxo‘rlik avj olgan davlat ich-ichidan yemiriladi. “Ettinchi kanal” internet saytining Isroil davlatida davlat rahbarlarining ham korruptsiya va poraxo‘rlikka aralashib qolayotganligini nazarda tutib, mamlakatda avj olgan korruptsiyani millat uchun yadro qurolidan ham qo‘rqinchliroq deb ta’riflagani bejiz emas. Davlatning bosh bo‘g‘ini jinoyatchilar bilan oldi-berdi qilsa, oxir-oqibatda jinoyatchilarning o‘zlari hokimiyat tepasiga kelib qolish ehtimoli haqiqiy voqelik bilan tenglashsa, yana nima ham bo‘lishi mumkin deysiz?
Shu sababli ham korruptsiya va poraxo‘rlikni bir so‘z bilan chinakamiga “Xalqaro ofat” deb atash mumkin.
Bu illatlar hattoki Birlashgan Millatlar Tashkilotining ham oldida turgan yechimi chigal dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi.
Muhtaram Yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘zining “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida korruptsiya va poraxo‘rlik haqida to‘xtalib, “Jinoyatchilik va korruptsiyaning avj olishi davlatning konstitutsiyaviy asoslarini yemiradi, fuqarolarning huquq va erkinliklari jiddiy tarzda buzilishiga olib keladi. “Qonunlar va farmonlarni qabul qilishdan maqsad ularni chetlab o‘tishdir” degan mutlaqo yaramas qoida jamiyatning eng oddiy huquqiy tartibot va jamoat tartibini saqlab turish qobiliyatidan mahrum bo‘lishiga olib boradi”, deb ta’kidlaydi. Aytish joizki, mamlakatimizda hozirda ichki ishlar, prokuratura organlari va boshqa huquq-tartibot tizimlarida “Korruptsiyaga qarshi kurash” bo‘limlari tuzilgan. Bu bo‘limlar ayni damda shu illatga qarshi kurashib, mustaqilligimizni mustahkamlashning muhim zamini bo‘lib xizmat qilmoqda. Yaqinda esa, ya’ni 2008 yilning 7 iyul kuni BMTning “Korruptsiyaga qarshi” Konventsiyasiga (Nyu York 2003 yil yil 31 oktyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun asosida milliy qonunchiligimizga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish choralari hamda yangi qonunlar, boshqa normativ huquqiy hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilmoqda. “O‘zbekistonning davlat xizmati to‘g‘risida”gi, “Jabrlanuvchilar, guvohlar va boshqa jinoyat jarayoni ishtirokchilarini davlat tomonidan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidan. Hozirda mazkur qonun loyihalari ustida takliflar bildirilmoqda.
Matbuot — jinoyatni fosh etuvchi asosiy kuchlardan biri
Korruptsiya va poraxo‘rlik illatlari o‘zining manfur basharasini o‘zgartirib, turli qiyofaga kirishga shu qadar usta bo‘lib ketganki, bugun u bilan nafaqat prokuratura organlari, balki vatan ravnaqi yodida bo‘lgan har bir fuqaro kurashishi kerak. Ayniqsa, bu o‘ziga xos fosh etish jarayonida OAV xodimlarining izlanuvchanligi va dovyurakligi muhim ahamiyat kasb etadi. Bunga dunyo miqyosida juda ko‘plab misollarni keltirish mumkin.
Masalan, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining bolgariyalik a’zosi Ivan Slavkovning 2012 yilgi Olimpiada o‘yinlarini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritish maqsadida qo‘mita a’zolarining ovozlarini sotganligi oddiy bir muxbir tomonidan fosh etilgan. Muxbir bir yil davomida yashirin kamera yordamida Slavkovni kuzatgan. Shu tarzda izlanuvchi jurnalist katta mashaqqatlar evaziga jinoyatchining asl basharasini to‘sib turgan maxfiylik pardasini ochib tashlagan. Ta’kidlash o‘rinli, korruptsiyani fosh etishda jurnalistdan nafaqat yetarlicha axborot to‘plash, balki ulkan jasorat ham talab etiladi.
Jurnalistik tekshiruv yoki tadqiqotlar jurnalistikasi deb ataluvchi sohaning yangi bir yo‘nalishi bu nafaqat mahalliy, balki xalqaro miqyosda izlanishlar olib borishdir. To‘g‘ri, ko‘p hollarda katta pul aralashgan ishlarda haqiqatni topish qiyinroq kechadi. Unga tegishli materiallar chop etilgach esa, jurnalistning hayoti xavf ostida qolishi ham mumkin. Chunki bugun dunyoda korruptsiya shunday kuchga egaki, uning izidan tushishga jur’at etgan jurnalistga ham oson bo‘lmaydi. Bunga misol sifatida 2000 yilda mozambiyalik jurnalist Karlos Kardoza korruptsiya haqida yozgan maqolasi uchun o‘z mashinasida otib o‘ldirilganligini keltirishimiz mumkin. Biroq, yuqoridagi xavfga qaramay korruptsiyani fosh etish OAVning asosiy vazifasidir. Faqat shundagina xalq davlat xizmatchilarining faoliyatidan to‘laqonli boxabar bo‘lib turadi.
Korruptsiya va poraxo‘rlikka majoziy ta’rif beradigan bo‘lsak, u jamiyat ildiziga tushgan qurtdir. Bu illatni iloji boricha zudlik bilan yo‘qotish zarur. Ammo afsuski, har bir davlatda bo‘lgani kabi, mamlakatimizda ham bu illat ozmi ko‘pmi, uchrab turibdi. Masalan, 2000-2008 yillarda “O‘zqurilishmateriallari” AK boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Sobir Ergashev o‘z mansab vakolatini qasddan suiiste’mol qilib, shaxsiy boylik orttirish maqsadida Italiyaning “Roveroy LTD” firmasi rahbari A.Chernishova, O‘zbekiston Respublikasi TIF Milliy banki loyihaviy moliyalashtirish Markazi direktori P.Zimin, “Langar” OTAJ rahbari M.Hamroyev, “Langar Granit” ShK direktori D.Kobilov, Navoiy viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari U.Ravshanov, K.Muminov, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirining o‘rinbosari Sh.Abdullayeva va boshqalar bilan jinoiy til biriktirib, juda katta miqdordagi valyuta kredit mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishgan. Ammo jinoyat jazosiz qolmaydi. “Olmoqning bermog‘i bor”, — deydi dono xalqimiz. Yuqoridagi kimsalarning uyushgan jinoyatlari fosh bo‘ldi va qilmishlariga yarasha jazo olishdi. Bu ham mamlakatimizda korruptsiya va poraxo‘rlikka qarshi qat’iy kurash olib borilayotganligidan dalolat beradi.
Poraxo‘rlik — bedavo nafs balosimi?
Yaqinda Jahon banki dunyoning ashaddiy “kleptokratlar”i, ya’ni poraxo‘rlikka ruhan chalingan odamlar ro‘yxatini e’lon qildi. Undan o‘nlab o‘zlarini rivojlangan, demokratiya gullab-yashnagan deb bilguvchi mamlakatlarning sobiq arboblari o‘rin olgan.
Masalan bir vaqtlar AQSh vitse-prezidenti Dik Cheyni tomonidan boshqarilgan yirik neft kompaniyasi Haliburton AQShning Iroqdagi qator maqsadlarini amalga oshirish uchun yo‘llangandi. Natijada ushbu kompaniya bir qancha noqonuniy ishlarni amalga oshirib, aynan shu ishlarni yopish maqsadida ko‘plab amaldorlarni pul bilan siylagan ekan.
Keyingi paytlarda yuqoridagi kabi vazifasi jinoyatchilik, shu jumladan korruptsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurashish bo‘lgan ba’zi bir davlat arboblari, sud-huquq tizimi, prokuratura xodimlarining o‘zi ham bu illat domiga ilinib, jinoyatchilar bilan “osh-qatiq” bo‘layotgani dunyo hamjamiyatini qattiq tashvishga solmoqda. Masalan, shu yilning yanvar oyida sudga tortilgan Interpol prezidenti va JAR politsiyasi rahbari Jeki Selebeni olaylik. Internet tarmog‘idan olingan ma’lumotlarga qaraganda, u o‘zining besh yillik faoliyati davomida jinoiy tuzilmalardan jami 170 ming AQSh dollari miqdorida pora olgan. Albatta, bu holdan har bir kishi sergak tortishi tabiiy. Ammo mana shunday chigal vaziyatlarda ham korruptsiyani fosh etuvchi insonlar topiladi. Qonunlarni mensimasdan, uni chetlab o‘tishga uringan kimsa esa, kim bo‘lishidan qat’i nazar qachon bo‘lmasin qonun oldida javob berishi muqarrar.
Korruptsiya masalalari bilan shug‘ullanadigan mutaxassislarning aytishicha, ko‘plab jinoyatlarga sabab bo‘layotgan nafs balosidan qutilish amri mahol. Biroq, katta va kichik, boy va kambag‘al davlatlarda korruptsiyaga qarshi kurashishning samarali strategiyalari mavjud. Shulardan biri mazkur muammoni ochiq-oydin muhokama qilishdir.
Ukrainada esa tez orada 10-11 sinf o‘quvchilari maktabda yangi “Korruptsiya va korruptsiya faoliyati uchun javobgarlik fanini” o‘rgana boshlashadi. O‘quv dasturi muallifi Lvov viloyati davlat komiteti boshlig‘i Yaroslav Kashubaning fikricha, bu hatto butun mamlakatning tanazzuliga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan korruptsiya va poraxo‘rlik holatlarini tag-tomiri bilan yo‘q qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Darhaqiqat, korruptsiyaga botgan mamlakatlarda yulg‘ich mulozimlarni jazoga tortib, poraxo‘rlikni butunlay yo‘qotish igna bilan quduq qazishdek o‘ta mashaqqatli ishdir. Shu boisdan ham bu xavfli illatlarning oqibatlarini yosh avlod ongiga singdirib borish, jamiyatda korruptsiya va poraxo‘rlikning batamom yo‘qolishiga zamin hozirlaydi.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).