Professor Sharif Yusupov o‘tgan asrning yetmishinchi yillari boshlarida ToshDUning (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida talabalarga so‘nggi xonliklar davridan saboq bergan. Domlaning yaqin o‘tmishimizga doir maroqli suhbatlari qiziqarli bo‘libgina qolmay, o‘sha payt uchun bir muncha kutilmagan xulosalari, ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan faktlari bilan boshqa saboqlardan ajralib turar edi. Ustozning darsiga qatnashmagan talaba ko‘p narsadan bexabar qolardi.
Sharif Yusupov badiiy asarlarda, ayniqsa, kinofilmlarda johil, savodsiz bir kimsa qilib tasvirlangan Qo‘qon xoni Xudoyorxon haqida so‘zlar ekan, uning yaxshigina shoirligini aytib, bizni taajjubga solardi. Bir kuni dars yakunida ustozga “Shu mulohazalaringizni maqola yoki kitob qilib yozmaysizmi, hamma uchun qiziqarli bo‘lardi-da”, deyishga jur’at etdim. Domla: “Hay-hay, birov eshitmasin, hozircha bu gaplarim shu yerda tura-tursin, vaqti-soati kelib yozilar ham”, dedilar. Yillar o‘tib adabiyot gazetasida ishlay boshlaganimda ustozga va’dalarini eslatgandim, “Ha, zamon o‘zgaryapti, mana endi bor gapni borligicha yozadigan payt keldi, uncha-muncha narsa qoralab qo‘ydim”, dedilar va bu ishga astoydil kirishib, Qo‘qon xonligi tarixiga oid turkum maqolalar yozib berdilar. Hammasi “O‘zAS”da e’lon qilindi, keyinchalik “Tarix ummoni sirlari”, “Xufiya qatlamlar” nomi bilan to‘plam holida chop etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Xudoyorxon xon bo‘lish bilan birga, go‘zal g‘azallar ham yozgan, onalari vafot etganida, uch kun unsiz faryod qilib, bugun o‘qisangiz ham vujudingizni titroqqa keltiruvchi marsiya bitgan ekan. Sodda xon Oq podsho huzuriga mehmonga otlanganida, Og‘acha begimning “Bormang, hazratim, sizni bandi qiladilar”, deya zorlanganini, xon vafotidan keyin bu oqila ayolga general Jo‘rabek oshiq bo‘lishi-yu, Og‘acha begim uning sevgisiga “Men xonning xotinimen, sallotning tenggi emasmen!”, degan jasoratli javob berganini hayajonsiz o‘qish mumkin emas.
Bir gal Qo‘qonda, tadbirkor do‘stimiz Nurilla hoji Abdullayev bilan yoyma do‘kondan tarixchi olima Anna Leonidovna Troitskayaning 1968 yili Moskvadagi “Nauka” nashriyotida chop etilgan “Katalog arxiva Kokandskix xanov XIX veka” sarlavhali noyob kitobini sotib oldik. Qo‘qon xonligi chor Rusiyasi tomonidan bosib olingach, o‘rdadagi jamiki mol-mulk, yozma manbalar, kitoblaru hujjatlar bosqinchilar tasarrufiga o‘tadi, qoplarga joylashtirilib, ko‘p bor uyoq-buyoqqa tashib yuriladi. Yillar o‘tib, Anna Leonidovna saqlanib qolgan hujjatlarni saralab, ma’nosiga ko‘ra alohida bo‘limlarga ajratib, kitob holiga keltirgan. Turli mazmundagi fatvolarning har biri o‘ziga xos tarixga ega, xonlik davridan nishona. Ulardan biri toshkentlik ikkita boobro‘ ayolning Qo‘qonga kelishi munosabati bilan chiqarilgan: “Fatvo. Toshkentdan muhtaram xonimizning onalari huzuriga ayol mehmonlar kelishgani bois, xazinadan bir kulcha sovun, bir yumaloq ko‘k choy, bir yumaloq qora choy ajratilsin. Berdim, barmoq imzo. Oldim, barmoq imzo”.
Goho “Sizlar o‘tmish tarixni ulug‘lab, asta-sekin o‘n oltinchi asrga qaytmoqdasizlar, bu ishingizdan jaholatning hidi kelmoqda”, degan istehzolar quloqqa chalinganida, ularga bizda aslida qanday ulug‘ qadriyatlar mavjud bo‘lganini eslatib qo‘yish uchun shu fatvoni yodga olaman.
“Xufiya qatlamlar”ga so‘zboshi yozgan professor Begali Qosimovning fikrlariga e’tibor bering: “Adabiyotshunos olim, professor Sharif Yusupov bilan suhbatlashganmisiz? Toshkentning so‘nggi yuz-yuz ellik yillik tarixi, mahalla-ko‘ylari, osori atiqalari, qo‘yingki, bek-amaldorlaridan qoziyu quzzotlarigacha, idora-mahkama imoratlaridan boyvachchalari yig‘ilib turadigan choyxonalarigacha bekami ko‘st biladigan va ular haqida bir-biridan qiziqarli hikoyalarni aytib bera oladigan kishilar u qadar ko‘p emas. Ayniqsa, so‘nggi 50-60 yildagi o‘zi ko‘rgan, guvoh bo‘lgan voqealarni, xususan, san’atkorlar hayoti, fe’l-atvori, gap-so‘zlari, ular bilan yuz bergan turli-tuman hodisalarni u kishidek o‘rniga qo‘yib, ta’sirchan tarzda aytadigan ikkinchi kishini topish qiyin…”
Har gal, domla menga dastxat yozib tortiq qilgan kitoblarini qo‘limga olar ekanman, ustozning “Muqimiy va Muhyi”, “Komil haqida yangi ma’lumotlar”, “Sattorxonning tarjimai xol asari”, “Isyonkor dodxox” (General Jo‘rabek), “Gap kanizakda edimi?” (Amir Nasrulloning Qo‘qonga yurishi tarixi, sabablari) kabi tadqiqotlarini, Xudoyorxonning o‘g‘li shoir Fansurullobek, sarkarda Alimquli, Sharifxo‘ja, Muhiddinxo‘ja, Saidrasul Aziziy, Eshonxo‘ja, Hakimxo‘ja qozikalon va boshqa taniqli kishilar to‘g‘risidagi maqolalarini, qani endi, boshqalar ham o‘qishsa, ma’nolaridan bahramand bo‘lishsa, degan fikr xayolimdan o‘tadi. Negaki, ularda yaqin o‘tmishimizga doir voqea-hodisalarning muhim tafsilotlari bilan birga, milliy g‘urur, Vatanni sevish, uning taqdiriga befarq bo‘lmaslik, bu tuyg‘udan bebahralarning ayanchli taqdiri haqida jiddiy mulohaza yuritiladi.
Domla Yusupovning kitoblari o‘quvchini fikrlashga, olis moziy voqea-hodisalari mohiyatini chuqur, ayni chog‘da to‘g‘ri idrok etishga, o‘zi uchun zarur xulosalar chiqarishga undaydi.
“Tarix ummoni sirlari”ni olaylik. Sarlavhaning o‘ziyoq e’tiborni tortadi. Tarix ummonida sir ko‘p, sinoat ko‘p. Ochilmay qolgan, anglanmagan haqiqatlar bisyor. Muallif tarixni o‘rganishda xolislik va adolat bosh mezon bo‘lishi zarurligini, biror bir xulosaga kelishda “etti o‘lchab, bir kesish” lozimligini ta’kidlaydi.
1875 yilning avgust oyida Xudoyorxon Turkiston general-gubernatoridan harbiy yordam olib, Qo‘qonga qaytish, taxtni yana bir bor egallash niyatida Toshkentga keladi. Ammo makkor fon Kaufman unga Peterburgga borishni, imperator huzuriga kirishni, a’lohazratning o‘zidan yordam so‘rashni maslahat beradi. “Shunday qilsangiz, Qo‘qonga qaytishingizga, taxtni egallashingizga umid qilsa bo‘ladi”, deydi. Bu maslahat, aslida, puxta o‘ylangan tuzoq edi va xon unga osongina ilinib, Orenburgda bir muddat uy qamog‘ida saqlanadi.
Xudoyorxon Peterburg safari oldidan yaqin tanishi bo‘lmish Mulla Ma’ruf degan kishiga o‘ziga tegishli Alisher Navoiy va Mirzo Bedil qalamiga mansub nodir kitoblarni saqlash uchun qoldiradi. Keyinchalik Orenburgdan Toshkentga ishonchli odamini jo‘natib, shu kitoblarni olib kelishni buyuradi. Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sining jahonda yagona to‘liq nusxasini sebzorlik taniqli ma’rifatparvar Muhiddinxo‘ja qoziga sovg‘a qiladi. Keyinchalik qozining amakivachchasi uni Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutiga topshiradi. Mustaqillik yillarida “Zafarnoma” kirill alifbosida to‘la hajmda nashrdan chiqadi.
“Tarix ummoni sirlari”ni o‘qir ekansiz, “birgina hujjatning o‘zi tarix bo‘la olmaydi”, degan gap behuda aytilmaganiga ishonch hosil qilasiz. Uzoqqa bormay, Xudoyorxon va fon Kaufman munosabatlarini olaylik. Tarixning o‘zida bu ikki shaxsga doir biri ikkinchisini inkor qiluvchi ma’lumotlar yetarlicha. Buni Sharif Yusupov o‘ta sinchkovlik bilan tahlil qilgan. Chunonchi, fon Kaufmanning 1871 yilning 21 martida Xudoyorxonga yozgan maktubidan keltirilgan quyidagi satrlarga e’tibor bering: “Siz “oq podshoh”ning buyuk homiyligida ekansiz, Sizning har bir do‘stingiz bizning do‘stimiz, har qanday dushmaningiz esa bizning yovimiz bo‘lib qoladi”.
1872 yili valiahd shahzoda Nasriddinbek Toshkentga kelganida, uning sharafiga quyuq ziyofat berilib, shu marosimda fon Kaufman Xudoyorxonni o‘z mamlakatini yuksak pog‘onaga ko‘tara olgan Pyotr I ga tenglashtiradi va “Yashasin Xudoyorxon!” deb sharafli qadah ko‘taradi. Ayni chog‘da, uning o‘zi Xudoyorxonning Orenburgda” poytaxtdan alohida ko‘rsatma kelguniga qadar yashab turishini” avvaldan rejalashtiradi, bu ish amalga oshgach, Qo‘qon ahliga murojaat qilib: “Sizlarning sobiq xoningiz Xudoyorxonni men Peterburgga jo‘natdim. Endi u sizlarga xon emas”, deb munofiqlik qiladi. Bir muddat avval, Xudoyorxon Xo‘jandda yashab turganida, xonlik taxtiga endigina o‘tirgan Nasriddinxonga noma bitib: “Sizga ma’lumdirki, uzoq yillar davomida do‘st bo‘lishimga qaramay, men hech qachon uning (Xudoyorxonning) xatti-harakatini ma’qullagan emasman”, deyishgacha borib yetadi.
Yaqin o‘tmishimiz haqida ko‘p ibratli tadqiqotlar olib borgan ustoz Sayfiddin Jalilov “Xudoyorxon” nomli risolasida (“Mumtoz so‘z”, 2014) XIX asrning 60-yillarida Qo‘qon xonligida yuzaga kelgan iqtisodiy va siyosiy vaziyatni sharhlar ekan, xonlikning Janubiy Qozog‘iston, Toshkent, Xo‘jand, O‘ratepa kabi iqtisodiy jihatdan boylik keltiradigan viloyatlari Rusiya tomonidan bosib olinib, bu hududlar qo‘ldan ketgach, davlatning iqtisodiy ahvolini yaxshilash uchun Xudoyorxon yaqin amaldori bo‘lmish Isa Avliyoning maslahati bilan xalqdan undiriladigan soliqlarni yanada ko‘paytirganini yozadi. Tarixdan ma’lumki, fon Kaufman 1867 yil oxirida Xudoyorxon bilan, olti oydan keyin Buxoro amiri bilan tinchlik bitimi tuzadi. Ayyor Kaufman bu bilan, va’da qilganidek, o‘zaro savdo aloqalarini rivojlantirishni emas, Qo‘qon va Buxoroni bir-biriga yaqinlashtirmay, xon va amirni xotirjam qilib qo‘yib, o‘zining bosqinchilik niyatini davom ettirishni ko‘zda tutgan edi. Shunday bo‘ladi ham.
1861 yilning 10 yanvarida Orenburg korpusi qo‘mondoni general-ad’yutant Bezak Rusiya harbiy vaziri Chernishevga maktub yozib, unda amir Nasrulloni quyidagicha ta’riflaydi: “Ajoyib aql egasi, eng uddaburon va mohir siyosatchilardan bo‘lmish Nasrullo Buxoroda hukmronlik qilgan o‘ttiz to‘rt yil davomida Turkistondagi barcha xalqlar ustidan alohida bir jozibali qudratga ega bo‘ldi”. Sharif Yusupovning fikricha, “chor amaldorlarining oqni qoradan, yaxshini yomondan, savobni gunohdan ajrata olmagan bu nodon hukmdorga bunday yuqori baho berishining sababi u uzoq yillar davomida yurgizgan siyosat Rusiya hukumatining mustamlakachilik maqsadlariga muvofiqligidadir”. Kitobda bu fikr ishonchli dalillar bilan asoslab berilgan. Chunonchi, yuqorida nomi keltirilgan Orenburg korpusi qo‘mondoni Bezak amir Nasrullo vafot etishi bilanoq, buqalamundek fikrini o‘zgartiradi va Rusiya harbiy vaziriga quyidagi mazmunda maktub yo‘llaydi: “Nasrullo Bahodirxon 5 oktyabrda (1860 yil) Samarqanddan qaytishi bilanoq vafot etdi. Uning xotini, o‘z akasi maslahatiga ko‘ra, Nasrulloning dorisiga zahar aralashtirganini bo‘yniga olgan. Buning uchun amir o‘sha zahoti har ikki jinoyatchini o‘limga hukm etgan”. Manbalarda amirning chidab bo‘lmas darajadagi zulmi va qilmishlaridan to‘yib ketgan xotini Kenagac begim amir uxlab yotganida qulog‘iga simob quyib o‘ldirgani ham aytiladi.
Fitratning “Abulfayzxon” asari xususida Sharif Yusupov shunday yozadi: “Fojiada Abulfayzxonning xojasaroyi bo‘lmish Ulfat unga (xonga) “Xoqonimizga ma’lumdirkim, podshohlik qon bilan sug‘oriladigan bir og‘ochdur. Qon oqib turmagan yerda bu og‘ochning qurib qolishi aniqdir”, deydi.
Boshqa bir holat. Yaqin o‘tmishda va hatto, mustaqillik yillarida yozilgan ba’zi tadqiqotlarda ham Toshkentning so‘nggi qozikaloni Hakimxo‘ja eshon Norxo‘ja eshon o‘g‘li haqida asosan salbiy mulohaza yuritiladi. Bu holatga Sharif Yusupov jiddiy tuzatish kiritadi: “Emishki, Toshkentga Chernyayev qo‘shini hujum qilgan 1865 yilning yozida qozikalon Hakimxo‘ja o‘zi istiqomat qilgan Sebzor dahasi yigitlarini bosqinchilarga qarshi kurashga boshlagan, kuchi yetmagach, o‘z odamlari bilan qochib qolgan, mansabini saqlab qolish ilinjida shahar darvozasini bosqinchilarga ochib bergan ekan va hokazolar… Aslida voqea bunday bo‘lgan. Toshkent shahri qamalda qolgach, bir yarim oy mobaynida ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan azoblardan qirilib bitishga mahkum etilgan aholi Abulqosimxon eshon, Solihbek oxund, Hakimxo‘ja qozikalon singari pokdomon zotlarga iltijo qilib, bosqinchilar bilan murosa yo‘lini topishni so‘raydi. Shu tariqa so‘nggi chora sifatida taslim bo‘lish haqida Chernyayev bilan bitim tuziladi. Bu to‘g‘rida eng ishonchli manbalarda yozib qoldirilgan. Ana shu voqealardan keyin Hakimxo‘ja qozikalon Turkiston gubernatori Romanovskiy ishtirok etgan katta yig‘ilishda bu hukmdordan aslo tap tortmay, dilidagi gapni dangal aytadi: “Hammamizni yaratgan Haq taolo bor. Uning amri har bir inson uchun muqaddasdir, binobarin, sizning amringizdan ham yuqori turadi. Agar Haq taolo meni o‘z panohida asrasa, faqat siz emas, balki sizdan yuqorida turganlar ham hech narsa qila olmaysizlar. Muhtaram janob, siz meni qo‘rqitish bilan shariat yo‘lidan toydirishga majbur qilaman deb o‘ylay ko‘rmang”.
Bu jasoratli gap imperator saroyigacha yetib boradi, katta-kichik hukmdorlar orasida “Turkistonda Xudodan boshqa hech kimdan qo‘rqmaydigan millatparvar bir odam bor, u ham bo‘lsa Hakimxo‘ja qozikalondir”, degan ovoza tarqaladi.
Tarix qatlarida qolib ketgan qanchadan-qancha haqiqatlardan bahramand bo‘lganingda, ko‘ngling yorishadi. Xojasaroy Ulfat, qozikalon Hakimxo‘ja va yana boshqa ko‘plab jasur, fidoyi vatandoshlarimiz misolida bugungi yosh avlod uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan asarlar yaratish nechog‘li zarur ekanini anglab yetasan.
Iste’dodli yozuvchi Alisher Ibodinovning “Shafqatsiz tog‘lar” kitobida Ahmad Zaki Validiy, V. Nalivkin, N. Ostroumov, Ibrat domla, toshkentlik qozi Sattorxon Abdulg‘afforov, Mulla Olim Maxdum, Mirzaolim Mushrif va boshqalarning Qo‘qon xonligi tarixiga doir kitoblari va xotiralaridan o‘rinli foydalanilgan. Bu manbalarda Xudoyorxonning otasi Sheralixon 1842 yili o‘zim tug‘ilib o‘sgan Safed Bulon qishlog‘idagi yig‘inda oq kigizga o‘tqazilib, xon deb e’lon qilingani, shu tabarruk joydan Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on va Chust orqali Qo‘qonga yurish boshlangani aytiladi. Men uchun yangilik bo‘lgani – rus olimi V. Nalivkinning XIX asr oxirida rafiqasi bilan ikki yil Safed Bulonning shundoqqina yonginasida joylashgan so‘lim Nanay qishlog‘ida yashagani, mahalliy aholining turmushi, urf-odatlarini o‘rgangani bo‘ldi. Ikkinchi yangi fakt shuki, Sheralixon Qo‘qon taxtiga o‘tirgach, uning savodi to‘la chiqmagan o‘g‘illari Xudoyor va So‘fibekka nanaylik mashhur maktabdor mulla Toshboy saboq bergan ekan.
Abdulla Qodiriy o‘tgan asrning 20-yillarida Qo‘qonga kelib, Xudoyorxonning o‘sha paytda hayot bo‘lgan xotinlaridan biri Roziyabegim bilan uchrashgani ilmda bor gap. Habibulla Qodiriyning otasi haqidagi xotiralarida xonlar davridagi Qo‘qonning yirik ulamolaridan biri, mo‘tabar diniy arbob Miyon Fazl Vahhobning fojiali sevgisi tilga olinadi. Bu tabarruk zot Xudoyorxonga pir maqomida bo‘lgan ekan. Ammo…
Xonliklar tarixiga ko‘z tashlasangiz, turli ofatlar, el-ulus boshiga tushgan mislsiz kulfatlar, ayovsiz qatliomlarning son-sanoqsiz sabablari ma’lum bo‘ladi. Imon-e’tiqodi sust, xiyonatkor kishilar hukmdorlarga yaxshi ko‘rinmoq, biror yog‘li mansabga ilinmoq ilinjida haramni yosh sohibjamollar bilan to‘ldirishga harakat qilganlar. Bunday kishilar Xudoyorxon o‘rdasida ham bo‘lgan. Ular xonning qulog‘iga Miyon Fazl Vahhobning husnda tengsiz xotini borligini shipshiydilar. Hirs-havas jazavasiga tushgan xonning buyrug‘iga binoan qo‘shmachilar eshon xonadoniga borib, suluv ayolni ko‘rib, og‘zilari suv ochib qaytadi. Bu ayol o‘sha – Abdulla Qodiriy suhbatlashgan Roziyabegim edi.
Xudoyorxon Roziyabegimni o‘rdada o‘tkaziladigan ayollar ziyofatiga taklif ettiradi va uni shu yerda tunab qolishga majbur qiladi. Tunda mehmon ayol yotgan xonaga… xon kirib keladi. Haramda ikki-uch kun qolib ketgan Roziyabegimdan sodir bo‘lgan voqeani eshitgan oriyatli eshon xotiniga uch taloq qo‘yadi va uni o‘n to‘rt arava sep bilan xon o‘rdasiga qaytarib yuboradi. Hajr azobida kuyib-yongan eshon shaharda tarqagan gap-so‘zlarga chidamay, Qo‘qondan bosh olib chiqib ketadi va O‘sh shahriga tutash tog‘dagi g‘orda (bu joy hozir ham bor) sadoqatli shogirdlaridan biri bilan darveshona hayot kechira boshlaydi. Ammo oradan qirq kun o‘tar-o‘tmas shamday kuyib ado bo‘ladi. O‘limi oldidan shogirdiga: “Mulla Abdulboqi, menga yaqinroq kelib, og‘zimni hidlang-chi, nimaning hidi kelayapti?”, deydi. –“Kabob hidi kelyapti, ustoz, kabob” deya javob beradi shogird. Miyon Fazl Vahhobning jigari hajr olovida qovrilib ketgan ekan…
Taqdir bunday nomusli zotni xo‘rlagan Xudoyorga umri so‘nggida bundan-da og‘ir jazo – vatangadolikni hozirlab qo‘yganini ko‘ring…
Bugun ijodkorlar orasida tarixiy mavzuda qalam tebratish urf bo‘lib bormoqda. Ammo, yutuqlar bilan birga, bir asardagi to‘qima obraz boshqa bir asarga tarixiy shaxsga aylanayotgani, taniqli shaxslar to‘g‘risida “qo‘lbola”, mantiqqa zid talqinlar ko‘payayotgani ko‘ngilni xijil qiladi. “Qiz Jibek” badiiy filmi bilan bog‘liq “asrga tatigulik” yanglishuv boshqa sohalarda ham to‘xtovsiz takrorlanmoqda. Yon-atrofimizda chop etilayotgan maktab darsliklarida u yoki bu millatning favqulodda alohidaligi, ulug‘ligi va qadimiyligi davosi quchayib borayotir.
Aslida, o‘tmish haqida qog‘oz qoralashning yomon joyi yo‘q, biroq yaqin va olis tarix voqeligini, avvalo, to‘g‘ri idrok etish, mohiyatini bugungi o‘quvchiga buzmay, kamitmay, boshqa libosga o‘ramay, oshirmay-toshirmay yetkazish ham ilmiy, ham ijodiy halollikni talab etadi. Tarix fanlari doktori, professor Mirsodiq Ishoqov bu mas’uliyatni quyidagicha ifodalaydi: “Tarix o‘tmish ekan, unga nisbatan tarixchi o‘z maqsadlari, qarashlari orqali kirib boradi. Ya’ni, tarixni o‘zidan xoli (o‘zi bilganicha) tadqiq qila olmaydi… Tarixni bilishda tarixiy ma’lumotlarning asliyati qanchalik haqqoniyligi yoki soxtaligi masalasi diqqat markazida turmog‘i lozim. Ko‘p hollarda muayyan vaziyat taqozosi bilan voqeaning tafsilotlari ataylab soxtalashtirilgan bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda manbalar, agar ularning variantlari bo‘lsa, qiyosiy o‘rganilishi zarur bo‘ladi…”
Shu qisqa iqtibosning o‘zida juda ko‘p masalalar kundek ravshan bo‘lib turibdi: tarixshunos bu ishga qanday maqsadda yondashayotgani va uning shaxsiy qarashlari qandayligi, bilimi, imon-e’tiqodi, so‘zga mas’uliyati juda muhim. Voqea-hodisalar tafsilotining soxtalashtirilishiga esa Parijning Versal saroyi zallaridan birini bezab turgan “Napoleonning toj kiyishi” surati misol bo‘la oladi. Rassom bu asarni real voqea asosida yozgan, ammo buyuk fotihning e’tirozi tufayli, muallif unga tuzatish kiritib, soxtalikka yo‘l qo‘ygan.
Ilmiy tadqiqotlarda yaqin o‘tmishning adolatsiz, aql-idrok bilan anglab bo‘lmaydigan xunrezliklari, Sharqni necha asrlar davomida qonga botirib kelgan, yurtni vayron, xalqni benavo qilgan uch mudhish qusur – ko‘pxotinlik, boylikka, aysh-ishratga berilish asoratlari to‘g‘risida kuyunchak mulohazalar bor. Shu uch qusur ne-ne saltanatlarning tagiga suv quydi, otani bolaga, bolani otaga qarshi qo‘yib, saroynigina emas, mamlakatni qonga botirdi. Hali sohibqiron Amir Temurning muborak jasadi tuproqqa qo‘yilmay turib, taxt atrofida qonli mojarolar boshlanib ketgani xususida Alisher Ibodinov: “Agar Temurning vorislari, sarkardalari uning vasiyatiga so‘zsiz amal qilib, jon dillari bilan Pirmuhammadga bo‘ysunganida, uni qo‘llab-quvvatlab, chin sadoqat bilan xizmat qilishganida qanday tarixiy vaziyat vujudga kelardi?”, deb yozadi. Bu satrlarni o‘qiganingda ich-ichingda o‘kinch paydo bo‘ladi: taxt uchun kurashlarda millatning qanchadan-qancha bo‘lg‘uvsi sardorlari, donishmand daholarining ham boshlari kesilib ketgan bo‘lishi mumkin-ku! “Bu xunrezlik ilm-ma’rifat bobida olis yulduzlar qadar balandlikka ko‘tarilgan bobomiz Ulug‘bek davrida ham davom etganini izohlash qiyin”, deydi Xurshid Do‘stmuhammad. Alisher Ibodinovnng fikricha, “Haqiqiy taxt egasini xiyonat yo‘li bilan o‘ldirib, uning mamlakatini qonunsiz egallab olish qonuniy hol, naqd bo‘lmasa milliy an’anaga aylangani, aslida, davlatchiligimiz asoslarini yemirgani, buyuk bir millatni mustamlaka zanjiridagi g‘arib va xokisor xalqqa aylantirib, dunyo siyosati to‘ridan ostonaga uloqtirgani haqiqat”.
Bu fikrga qo‘shilmaslikning iloji yo‘q. Negaki, birgina Qo‘qon xonligida “milodiy 1740 yildan to 1875 yilgacha, ya’ni 135 yil ichida taxtga qonuniy tarzda o‘tirgan xonlardan o‘n besh nafardan ortig‘i yollangan qotillar, fitnachi unsurlar, qilichi qonsiragan jallodlar qo‘lida jon beradi. Abduraimbiy, Sulaymonbiy, Olimxon, Muhammadalixon, Sulton Mahmudxon, Sheralixon, Sulton Murodxon, Mallaxon, Sulton Saidxon, Shohmurodbek va boshqalar taxtga o‘tirganlaridan keyin o‘ldirilgan, so‘yilgan xonlardir. Hatto amir Umarxonday ma’rifatli podshoh ham o‘z akasi Olimxonning jasadi ustidan yurib hukmronlikka erishgan”.
Atoqli yozuvchi Chingiz Aytmatov insoniyat tarixidagi qonli odamkushliklar haqida yozar ekan, “Urushning dahshati shundaki, bu qirg‘inbarotlarni boshlagan fotihlar, sarkardalarning nomi tarixda qoladi, ammo begunoh qurbon bo‘lgan million-million kishilardan nom-nishon ham qolmaydi”, deydi. Mana shunisi alam qiladi.
Taxt uchun qonli kurash faqat Sharqdagina mavjud bo‘lmagan. Saltanat yo‘lidagi tirik “g‘ov”larni pichoq, oybolta tig‘i bilan daf qilish bugun dunyoga ma’rifatdan, insof-diyonatdan saboq bermoqchi bo‘layotgan G‘arbda bundan ikki yarim – uch asr avval rosmana an’anaga aylanib ketganini hech kim inkor etmaydi. O‘lim jazosiga hukm qilingan Shotlandiya qirolichasi Mariya Styuart, Angliya qiroli Karl I, Frantsiya qiroli Lyudovik XVI va uning bevasi qirolicha Mariya Antuanetta boshlarini jallod kundasiga qo‘yishdan oldin miriqib uxlaganlari, yuvinib, eng yaxshi kiyimlarini kiyishgani, sochlarini silliq qilib tarashgani, beva qirolicha jallod boshini tanasidan judo qilishi oldidan o‘ziga oro bergani, ko‘p vaqt Versal saroyining hashamatli marmar zinalaridan baland poshnali tuflisida shaxd bilan yuqoriga ko‘tarilgan bo‘lsa, dor ostiga ham xuddi shunday, yanada viqor va salobat bilan mardona yurib kelgani, qatl sodir bo‘lganida maydonga yig‘ilgan olomon “Yashasin respublika!” deya qichqirgani bu fikrning, shubhasiz, isbotidir. Ular har qanday gunohkor, u qirolmi, kazzob o‘g‘rimi, davlat sirini dushmanga sotgan xoinmi, shunday jazolanishi kerak, deb o‘ylashgan, qatl maydoniga ajoyib tomoshaga guvoh bo‘lish uchun kelishgan. Boksda jang birinchi raunddayoq tugab qolsa, tomoshabinlarning hafsalasi pir bo‘lganidek, qatl marosimi gilotina yordamida amalga oshirilsa, olomon zo‘r tomosha bo‘lmadi-da, deya bundan norozi bo‘lib, shovqin solgan. Kamdan-kam kishi bu qon to‘kish, aslida, saroydagi fitna-fasod oqibati, toju taxt, boylik, baland martaba uchun kurash ekanini bilgan, ammo ovoz chiqarmagan. Sharqda esa, har gal, saroyda fitna uyushtirilib, kimningdir boshi kesilganida, yana bir muttahamdan, firibgardan, sotqindan, tullakdan qutuldik, endi buyog‘iga xotirjam yashaymiz, deb o‘ylashgan. Toju taxt bor ekan, bu birodarkushlik hech qachon barham topmasligini hayollariga ham keltirishmagan. Uxlab yotgan Mo‘min Mirzoni shirakayf bobosining fatvosiga binoan qo‘liga kishan solib, qatlga olib ketishayotganida, u mulozimlarga “Meni qayoqqa olib ketayapsizlar, nima qilmoqchisizlar o‘zi?” deb emas, “Men shahzodaman, bobomning suyukli nabirasiman, shunga yarasha hurmat qilishingizni talab qilaman”, deydi. G‘afur G‘ulom qalamiga mansub maqolalardan birida aytilishicha, jallodlar unga: “Shahzodam, xotirjam bo‘ling, qo‘lingizga avomning qo‘liga solinadigan oddiy temir emas, toza kumushdan yasalgan kishan soldik, bu hurmat emasmi?” deb javob berishadi.
Bu keltirilganlar uzoq davom etgan, yillar, asrlarni ortda qoldirgan adolatsizlik, qonxo‘rlik insonning qon-qoniga, jon-joniga singib ketishi ham mumkinligidan dalolat beradi.
Alouddin Atomalik Juvayniyning “Jahon fotixi tarixi” asarida (Nazarbek Rahim tarjimasi) Markaziy Osiyo va Eron, Mo‘g‘uliston va Xitoyning XIII asrdagi ijtimoiy-siyosiy tarixi aks ettirilgan. Muallif bu davrni “hur kishilar oziqsiz, yigitlar surgunda, hisoblilar hisobidan adashgan, aqllilar falokat hududiga tushib qolgan, tadqiqotchilar o‘z mavzularining asiri bo‘lib qolgan, bilimdonlar johilning xizmatiga kirgan, yetuk barkamol kishilar razillik kasaliga duchor bo‘lgan, maqom sohiblari g‘aflatda qolib, zalolat yo‘liga kirgan, yaxshini yomondan farqlay oladigan kishilar vijdonsiz, razillar qo‘liga asir bo‘lib tushgan davr edi”, deya tariflaydi. Kitobda hikoya qilingan ba’zi voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini, ba’zilarini gap-so‘zlari ishonchli bo‘lgan kishilardan eshitganini, yana bir qismini esa e’tiborga molik manbalardan olganini aytadi. Mirzo Muhammad ibn Abdulvahhob Qazviniy “Tarixi Jahongusho”ning ikkinchi jildiga yozgan maxsus muqaddimasida (1916 yili) Juvayniyning bobolari, otasi Bahouddin va akasi vazir Shamsiddin obro‘li, ilmli davlat kishilari bo‘lganini, Alouddin o‘n besh yil muddat mo‘g‘ullar tomonidan Eron voliyligiga tayinlangan amir Arg‘un yonida bo‘lib, kotiblik, daftardorlik va elchilik vazifalarida ishlaganini uqdiradi. Juvayniy bu kitob mo‘g‘ul hukmdorlarining talabi (buyrug‘i) bilan ularning ishlarini tarix sahifalariga muhrlash uchun yozilganini o‘quvchiga asta shipshitib qo‘yadiki, bu eslatma muallifning imon-e’tiqodli kishiligidan dalolat beradi. Hukmdor buyurtma berdimi, uni bajarish kerak, voqea-hodisalar tafsilotini buyurtmachiga ma’qul keladigan qilib yozmoqdan boshqa yo‘l yo‘q. Juvayniy asosan shu yo‘ldan boradi. Buni kitobda keltirilgan, to‘g‘riligi, aniqligi xususida bir to‘xtamga kelish ancha mushkul bo‘lgan ko‘plab rivoyatlar, hamdu sanolarda ko‘rish mumkin. Mana, ulardan biri:
“Chingizxonning xalqqa yer bo‘lib berib, dehqonchilikni targ‘ib qilishi tufayli oziq-ovqat mahsulotlari ko‘paydi, ichimliklari Jayxun irmog‘i misoli oqa boshladi… Bozorlari va savdo rastalarida javohir va gazlamalar shu darajada arzonlashdiki, mo‘g‘ullar torlik va qashshoqlikdan mo‘l-ko‘lchilik va rohat-farog‘atga erishdilar”. Yana biri: “O‘qtoy hoqon davrida uning dargohi olimlar uchun boshpana va huzur-halovatli joyga aylandi, to‘g‘rilik tongining nuri oqshom qorong‘uligini tarqatib yubordi, mamlakat hududlari Chin va Mochindan Suriyaga qadar uzayib, ne’matlar odamlarning ustiga yog‘ildi. Ulug‘ hoqonning sahiyligi bois, mashhur Hotami Toyning nomi unutildi, O‘qtoyning boshqaruvi paytida dunyo huzur-halovatga to‘ldi, hatto falak yaratgan mashaqqatlar (azob-uqubatlar) ham yo‘q bo‘lib ketdi” (215-bet).
Juvayniy shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lgandir, ammo u boshqa ko‘plab tarix yozarlarga o‘xshab, o‘zi e’tirof etganiday, “buyurtma asiriga aylanmay”, bu davr hukmdorlari tomonidan amalga oshirilgan mislsiz qatliomlar, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan qirg‘inbarot janglar, talonchilik, vayronkorlik va boshqa adolatsizliklarni chetlab o‘tmaydi, ularga ramziy, she’riy va naqliy ishoralar orqali munosabat bildiradiki, bu hol asarning tarixiy manba sifatidagi qimmatini oshiradi. Quyidagi ikki iqtibosga e’tibor bering: “Chingizxon askarlari Samarqandda qal’a atrofini halqa tarzida o‘rab, tosh va o‘qlar yordamida ichki qal’aning devor va minoralaridan teshiklar ochadilar, ikki nomoz orasida darvozalarni sindirib, ichkariga kiradilar. Jasur yigitlardan tashkil topgan ming kishilik guruh (mahalliy xalq) katta masjid ichiga kirib, tashqariga o‘tli shishalar otib, o‘zlarini himoya qiladilar. Bosqinchilar masjidni yoqib yuborishadi. Masjid va masjid ichidagi odamlar dunyo olovida yonib, oxirat suvida yuvinadilar… 1221 yilning aprel oyida yuz bergan to‘qnashuvlar paytida Samarqand shahri batamom yo‘q bo‘lish nuqtasiga keladi (162-163-betlar).
Alixonto‘ra Sog‘uniy yozadi: “Nima uchun keyingi asrlarda Turkiston xalqi johiliyat botqog‘iga botdi? Buning bosh sababi – dinni asosi bilan tushunmagan ilm-madaniyat dushmanlari hokimiyat tepasida bo‘ldilar. O‘zlarini din homiylari deb e’lon qilib, xalqni ma’rifat nuridan mahrum, zamonaviy fanniy ilmlardan butunlay yiroq tutdilar… Shuning uchun Turkiston xalqining ichida uyg‘onish, fikr ochilishi bo‘lmadi. Davlatning inqirozi, millatning ongsizligiga shu johillar sababchidur”.
Rad etib bo‘lmaydigan bu muhim xulosani ma’rifatparvar olim Ismoilbek Gasprinskiy qalamiga mansub “Dorur-rohat musulmonlari” asari misolida yanada kuchaytirish mumkin. Unda Islomning G‘arb madaniyati va, umuman, dunyoviy ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan bemisl hissasi ko‘rsatib beriladi. Muallifning yozishicha, Andaluziyada musulmonlar tomonidan olib borilgan oqilona va odilona siyosat natijasida ushbu o‘lka Ovrupo va Osiyo davlatlariga ancha yillar namuna bo‘lib turgan, ilm-fan, qurilish beqiyos taraqqiy topgan, 800 dan ortiq madrasalarda olim va donishmandlarning anjumanlari muttasil o‘tkazib turilgan. Birgina shahar hokimining shaxsiy kutubxonasida 600 mingdan ortiq kitoblar bo‘lgan. Mamlakatdagi yetmishdan ortiq kutubxonalarda saqlanayotgan kitoblardan aholi, talabalar abonement orqali foydalanishgan. “Ovrupo mamlakatlaridan faranglar Andaluzga kelib, musulmon madrasalarida ilm va hunar o‘rganganlar,– deb yozadi Ismoilbek. – Shu sababli, Andaluz musulmonlari Ovruponing madaniyati va jadidasi (yangi madaniyati) yuksalishiga asosiy sababchi bo‘lganlar. Ular Ovruponing muallim va ustozlari hisob etilsalar joiz…” (Ushbu asardan keltirilgan iqtiboslar Begali Qosimov tarjimasida berildi).
Amerikalik olim Draber “Evropada aqliy taraqqiyot tarixi” kitobida: “Evropaning bugungi ulug‘ ziyosi musulmonlar yoqqan sham va chiroqlarning yog‘dusidan maydonga kelgandir”, deb yozgan ekan. Gasprinskiy bu fikrni davom ettirib, “Yunon madaniyati Ovrupodan avval Islom dunyosiga yoyildi, musulmonlar uni taraqqiy ettirib, nuqsonlarini kamaytirib, Ovrupoga topshirdilar”, deydi.
“Dorur-rohat musulmonlari”dan ba’zi ma’lumotlar: “Abu Ja’far Yunon hukmdori bilan inoq bo‘lib, Afinadan beadoq kitoblar oldiradi. Ma’mun davrida Yahyo ibn Xolid Barmakiy Ptolomeyning “Majistiy” asarini tarjima qiladi. Sanad bin Ali va Xolid bin Abdumalik Marvarudiy astronomiya bo‘yicha yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritadilar. Yer sharining uzunlik va kenglik darajalari o‘lchab chiqiladi. Abbos bin Sayyid Jo‘shariy kabi mashhur olimlar yunonlarning astronomiyaga oid asarlaridagi ko‘plab xatoliklarni aniqlaydilar, quyosh dog‘lari, oy-kun tutilishi, dumli yulduzlar borasida bir qancha kashfiyotlar qiladilar. Yevropa handasa (geometriya) ilmini xurosonlik Abulvafoning hijriy beshinchi asr boshida tuzgan “Az-ziji Shomil” va “Majistiy”sidan o‘rgandi… Afsuski, XI asrdan boshlab zamon notinchliklari kuchayib boradi. Bir tomondan g‘aznaviy, saljuqiylarning mulk dag‘dag‘asi, ikkinchi tomondan Chingiz istilosi, uchinchi tomondan Quddusi sharif uchun boshlanib ketgan “salb yurishlari” islom olamini larzaga solib, ilmu hunar yo‘llarini buzdi. Lekin ilm-maorif nuri so‘nmadi, aksincha, dushmanlarga ham ziyo berib, munavvar qildi. Mo‘g‘ullarning katta qismi islom madaniyatini qabul etdilar, ovrupolilar esa yuz yillik salb yurishlari davomida qanchadan-qancha san’at va hunarlarni o‘rganib qaytdilar. Islom madaniyati o‘choqlari Bag‘dod, Sheroz, Nishopur, Samarqanddan tashqari, Afrika va Ispaniyada, ya’ni islom olamining deyarli barcha nuqtalarida mavjud bo‘lib, bu yerlarda ilm-fan benihoya rivoj topdi. Muallif ushbu ma’lumotlarni keltirar ekan, har bir millat, xalqning buyukligi va quvvatliligi uning ilm va hunarni nechog‘li egallagani bilan o‘lchanishini ta’kidlaydi: “ilm va hunarga ega millat va xalq eng ulug‘, eng buyuk xalqdir”.
Tarix sahifalarida go‘zal xotira bo‘lib qolib ketgan Andaluziyaga qaytamiz. Bu yerda yuz bergan tanazzulning sababi nimada edi? Ismoilbek bu savolga g‘oyat aniq javob beradi: “Inson ishi, inson tartibi hech qachon boqiy bo‘lmaydi. Chunki borlik va yo‘qlik, taraqqiyot va tanazzul sabablari o‘z ichimizda. Talofatimizga sabab bo‘lgan og‘u va zahar ham, joni saodatimizga sabab bo‘ladigan quvvai ma’naviya ham vujudimizdadir. To‘g‘rilik va nafsoniyat, haqqoniyat va zulm, marhamat va g‘addorlik, tanballik va g‘ayrat, ilmga muhabbat va jaholatga mayl, mardlik va olchoqlik, bahodirlik va qo‘rqoqlik – barchasi insonga xos. Shundayki, ushbu hollarning qay biri g‘olib kelsa, jamiyati bashariya ana shunga muvofiq tartibi maishat qiladi… Insonlar husn axloqli, xush qiliqli bo‘lsalar, jamiyat va hayotlari davomli bo‘lib, taraqqiy etar, salomat va saodathol bo‘lurlar. Aks holda, ichidan chirigan olmadek, bir-bir to‘kilib, inqirozga yuz tutadi… Uch yuz yil kamoli shuhrat va nom ila saltanat qilib, Andaluz davlati oxir-oqibat boshqa yo‘lga yuz tutdi. Afkorlar, odatlar va hissiyotlar o‘zgara boshladi. Tug‘yon, tanballik, qayg‘usizlik, kibr, tafriqa (bo‘linish, parchalanish) ilon og‘usi kabi, vujudi davlat va millatni chirita boshladi. “Holsizlanmish daraxtda sog‘ meva bo‘lmas” deganlariday, adolatsiz qozilar, poraxo‘r voliylar, aqli noqis va g‘ayratsiz hukmdorlar kelib, fitnabozlar – ulamoga, shirin yolg‘on so‘ylovchilar – sodiq bandalarga, nafsoniyat va manfaati shaxsiya – favoidi umidiyaga, riyobozlik va namoyish uchun o‘qilgan namozlar amali xayriyaga va millatparvarlikka g‘olib keldi. Bu zahar ikki yuz yil Andaluzning vujudini kemirib xarob qildi. Bir davlat uch-to‘rt qismga bo‘linib, bir-birlariga iddao bilan urush yo‘liga o‘tdilar… Musulmonlar orasida paydo bo‘lgan ittifoqsizlik va fasoddan foydalanib, o‘sha paytga qadar mag‘lub va nochor bo‘lib kelgan Kastiliya nasroniylarining hukmdori Ferdinand Andaluziyaning ichki ishlariga aralashib, o‘lka inqirozini tezlashtirib yubordi…”
Shu o‘rinda eslab o‘tish joizki, Andaluziyani osonlik bilan qo‘lga kiritgan Ferdinand g‘alaba sharafiga o‘tkazilgan marosimda: “Men musulmonlarning bu qadar olchoqlanganini (pulga, mol-mulkka, sovg‘a-salomga sotilishini) xayolimga ham keltirmagan ekanman”, degan ekan.
Bu va boshqa ko‘plab tarixiy voqealar zamirida achchiq bir haqiqat mavjud: ilmsizlik, tarqoqlik, ichki nizo, fitna, ogohlik ko‘zlarining yumilishi barcha ofatlarning doyasidir. Saltanatlarning qulashi, xonliklarning osongina bosib olinishi, Chingiz qo‘shinlarining mahalliy himoyachilar ustidan g‘olib kelishi va, hatto, olis Andaluziyada ozodlikning qo‘ldan ketishiga ham taxt talashish, sotqinlik, munofiqlik, uzoqni ko‘ra olmaslik, maishatparastlik, manmanlik, el-yurt dardidan uzoqlashish, dardini tinglamaslik sabab bo‘lgan. Turkiy dunyo tarixi bunday misollar bilan to‘la. Taassufki, bu illatlar tarix omborlarida qolib ketgan emas. Nur bor joyda soya bor, deydilar. Buni aslo unutmasligimiz kerak.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 2-son