Adabiyotga qiziqish bolaligimdan boshlangan desam bir oz mubolag‘a qilgan bo‘laman. To‘g‘ri, yoshligimda xayolparastlik odatlarim bor edi. Ammo adabiyotga bo‘lgan chinakam ixlos talabalik yillarida sezildi. O‘qituvchilarimiz tavsiyasi bilan she’r yodlash va ifodali o‘qish mashg‘ulotlari menda she’riyatga, xususan, mumtoz adabiyotga havas uyg‘otdi. Mumtoz adabiyotni anglaganim sari hayratim, qiziqishim ortaverdi va meni adabiyot butunlay rom etib qo‘ydi.
Men 1956 yili Leningrad Davlat universitetida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladim. O‘shanda dissertatsiyamning avtoreferati kitob holida chop etildi. Ilk marta qo‘limga olgan bu kitob men uchun juda qadrli edi. Esimda, bu kitobimni aynan tug‘ilgan kunimda qo‘limga olgan edim. Bu mening o‘z-o‘zimga sovg‘am edi.
1961 yil Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” asarining ilmiy-tanqidiy matni (arab yozuvida) kattagina so‘zboshi bilan nashr etildi. Shunda Moskva, Leningrad, Eron, Afg‘oniston, Turkiya olimlari bu kitobga juda katta qiziqish bildirdi va iloji bo‘lsa yuborishimizni so‘radilar. Bu kabi e’tiroflardan keyin menda shu asarni rus tiliga tarjima qilish orzusi paydo bo‘ldi. Leningradlik olim, ilmiy ustozim Aleksandr Nikolayevich Boldirevga bu haqda xat yozdim. Ustoz bundan behad xursand bo‘ldi va oq fotiha berdilar. Men zudlik bilan ishga kirishdim va qisqa fursatlarda tarjimani yakunladim. Bu tarjima 1970 yilda Alisher Navoiyning rus tilidagi 10 tomligining 9-tomida nashr qilindi. Bu ham mening ijoddagi ulkan yutuqlarimdan biri edi.
Keyinchalik “Majolis un-nafois” haqida o‘zbek, rus, ingliz, fors, olmon, frantsuz tillarida ellikka yaqin maqolam chop etildi. Bir qator xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan xalqaro anjumanlarda ma’ruzalar qildim. Ammo bu asar haqidagi tadqiqotlarim keyinchalik ham davom etdi. “Majolis un-nafois”ning ikki forsiy tarjimasi 1945 yilda Eronda nashr qilingan. Britaniya muzeyida ham yana bir forsiy tarjimasi saqlanar ekan. Men buning mikrofilmini olishga muvaffaq bo‘ldim. Hozir Madrasda va Tehronda saqlanayotgan yana ikki forsiy tarjimasiga erishish umididaman.
“Majolis un-nafois”ning matni Alisher Navoiy asarlarining 15 tomligida o‘n ikkinchi tomdan, 20 tomligida izohlari bilan o‘n uchinchi tomdan o‘rin olgan. Yaqinda Respublikamizning 20 yilligiga sovg‘a qilingan Navoiyning mukammal asarlari 10 jildga jamlanib, uning to‘qqizinchi jildidan o‘rin oldi. Bu xayrli ishlarda mening ham o‘ziga xos ishtirokim borligidan behad mamnunman.
1962 yilda “Navoiy hayoti va ijodi” deb nomlangan kitobim chiqdi. Keyinchalik, 1968 yilda bu kitob qayta ishlanib, to‘ldirilgan holda chop etildi. Shu kunlarda esa yana yangi nashri kutilmoqda.
Umrim ne-ne ulug‘ zotlarning bebaho meroslarini varaqlash bilan o‘tdi. Men bu bilan har qancha faxrlansam arziydi. Ijodiy faoliyatim davomida turli xil mavzularda besh yuzdan ortiq maqola e’lon qildim. O‘nlab matn, yigirmaga yaqin tarjimalar va risolalarim chop etildi. Oddiy misol: “Kalila va Dimna” shu paytgacha olti marta nashr qilindi.
1991 yil Eronning Tehron shahrida joylashgan “Koxi Guliston” muzeyida saqlanayotgan Navoiyning o‘z qo‘li bilan yozilgan “Navodir un-nihol” devonini to‘rt tilda: o‘zbek, rus, ingliz va fors tillarida yozilgan so‘z boshi bilan nashr etishga muvaffaq bo‘ldim. Bu ish adabiy hayotimizda ham, shaxsiy hayotimda ham eng quvonchli voqea bo‘ldi. Hazratning yoshlarimiz ma’naviyatini shakllantirishda muhim asar hisoblangan “Siroj ul-muslimin” 1990 yilda, hayoti so‘nggida yozgan “Munojot”i 1991 yilda birinchi bo‘lib sevimli jurnalimiz “Yoshlik”da nashr etilgani meni behad shod qilgan edi.
Adabiyotdagi yutuqlarimda talabalikda saboq bergan ustozlarimning hissasi beqiyos. Biz talabalar Sharqshunoslik institutida urushdan keyingi anchayin og‘ir yillarda saboq oldik. U paytlarda institutlarda darsxonalar, stol-stullar yetishmas edi. Buning ustiga qishda auditoriyalarning sovuqligidan tuzuk o‘qiy olmasdik. Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan talabalar paxta maydonlariga safarbar etilar edi. Ayni ilm o‘rganadigan paytda uch oylab paxtazorlarda sarson-sargardon bo‘lardik. Men bu gaplarni bugungi talaba yoshlarimiz yaratib qo‘yilgan shart-sharoitlarning qadriga yetsin deb aytib qo‘ymoqdaman.
Darhaqiqat, o‘rni kelganda bizlarga ta’lim-tarbiya bergan ulug‘ ustozlarimning nomlarini bir eslab qo‘ysam: A.Hamroyev, S.Mirzayev, B.Xolidov, N.A.Semenov, A.Mutallibov, N.F.Solodovnikova, V.D.Shiller. A.K.Arenda, I.F.Levitskiy, N.Xalfin, O.Umarov, G.A.Bondorevskiy va boshqalar… Bu zotlar o‘z kasbining haqiqiy fidoyilari edilar.
Esimda, 1950 yil Leningrad universitetidan kelgan Aleksandr Nikolayevich Boldirev institutimizning Sharq fakulteti 3 va 4-kurs talabalariga “Fors mumtoz adabiyoti”dan bir oy dars berdilar. Domlaning forsiy she’rlarni go‘zal talaffuz bilan o‘qishlari hammamizda katta taassurot qoldirdi. Jumladan, ustozning saboqlari mening ham ko‘nglimda bir umr muhrlanib qoldi. Keyinchalik taqdir taqozosi bilan Leningrad universitetiga aspiranturaga borganimda shu domla ilmiy ishimga rahbar bo‘ldilar. Dissertatsiya mavzusi “Majolis un-nafois” asarining ilmiy-tanqidiy matni va adabiy manba sifatida o‘rganish masalasi edi. Bu mavzu Aleksandr Boldirevga ham juda ma’qul kelgan edi.
Xullas, men endi Navoiy asarlarini jiddiy mutolaa qilishga kirishdim. 1956 yilning boshlari edi. Domla jadallik bilan dissertatsiyani tugatishim zarurligini, Navoiy tug‘ilgan kuni ilmiy ishim muhokamaga qo‘yilishini aytdi. Men ishni oxiriga yetkazolmay qolishdan xavotirda ekanimni aytganimda, ustoz bir ajib gap aytdilar: “Bizlar har yili, hatto Leningradda dahshatli urush ketayotgan paytlarda ham Navoiyning tavallud kunini katta-katta anjumanlar, navoiyxonliklar bilan o‘tkazib kelganmiz. Bu yil ham xuddi shunday bo‘ladi. Sizning ilmiy ishingiz muhokamasi hazratning tug‘ilgan kuniga go‘zal sovg‘a bo‘ladi”.
Bu gaplar mening g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shdi. Qolaversa, ishimni hazratning tavallud kunlari munosabati bilan himoyaga qo‘ysam vaqtdan yutar ekanman. Chunki ilmiy ishlar muhokamasi navbatga ko‘ra belgilanar ekan. Mening navbatim esa bir yarim yildan so‘ng kelarkan.
Natija shu bo‘ldiki, 1956 yilning 22 fevral kuni akademik ilmiy kengashida nomzodlik ishimni himoya qildim. Opponentlarim akademik A.N.Kononov, dotsent G.Kostigovalar edi. O‘sha kuni so‘zga chiqqan olimlarning Navoiy siymosiga, uning ijodiga bo‘lgan tavajjuh va hurmatlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Darhaqiqat, donishmandlar aytganidek, ilm, o‘qish va o‘rganish bizni boy o‘tmishimizning ma’naviy vorislariga aylantiradi. Ilm, kitob ko‘ngil shamchirog‘idir. Bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak. Farzandlar ta’lim-tarbiyasi faqat davlat ishi emas, bu oila uhdasi hamdir. Bolalarimiz o‘z ajdodlari qoldirgan ma’naviy meroslarni bilishlari kerak. Buning uchun esa ular kitob bilan do‘st bo‘lishlari lozim bo‘ladi. Zero, ahli ilmlar aytganidek: “Kitoblar qalbni yoritadi, insonni yuksaklikka ko‘taradi. Eng yaxshi orzu-istaklarni uyg‘otadi, aqlni charxlaydi”.
Yaratganga ming shukurki, butun umrim ilm ichida o‘tmoqda. Ikki qiz, bir o‘g‘ilni tarbiyalab voyaga yetkazdim. Ularning biri bioximik, biri tish doktori, biri quruvchi bo‘ldi. Olti nafar nevaramning uchtasi oliy ma’lumotli, magistraturani tugatdi. Yana olti nafar evaram bor. Bolalarim mening sohamga qiziqishmadi. Ammo ilmda hamjihatmiz. Farzandlarim – katta baxtim. Yana bir baxtim – yaxshi muhitda, yaxshi hamkasblar bilan ishladim. Bir jihatdan ular, qolaversa, ulug‘lar ruhiyati madadkor bo‘lib, shunday farovon kunlarga yetib keldim.
TAHRIRIYaTDAN: Inson uchun boshqalar uqtirgan haqiqatlardan ko‘ra o‘zi anglaganlari qadrliroq bo‘ladi. Biroq bu haqiqatlarni qo‘lga kiritish anchayin mashaqqatli. Bu yo‘l insondan fidoyilikni talab etadi.
Adabiyotshunos olim, professor Suyima G‘aniyeva ana shunday zahmatkash ijodkorlarimizdan biridir. U uzoq yillik ilmiy izlanishlari orqali o‘zbek o‘quvchisiga mumtoz adabiyotimizning buyuk vakillarini tanishtirishdek mas’uliyatli ishda jonbozlik qildi. Bu yo‘lda o‘nlab risolalar nashr etdi.
Ma’lumki, buyuk ajdodlarimiz o‘zlarining ijodiy meroslari bilan juda katta pand- nasihat maktabini yaratdilar. Eng qadimiy yozma yodgorliklar sanalmish bitiktoshlarni olamizmi, Yusuf Xos Xojibning “ Qutadg‘u bilig” dostonini olamizmi, Ahmad Yugnakiyning “Hibatul haqoyiq” nomli benazir asarini misol qilib keltiramizmi, bularning har biri badiiy tafakkur va insoniy fazilatlarning o‘zaro uyg‘unligidan tashkil topgan. Alisher Navoiy asarlari esa bu toifaga mansub asarlarning eng saralaridir. Ta’bir joiz bo‘lsa, hazratning asarlari sharq she’riyati olamining zavol bilmas chechaklaridir. Toki, olamda so‘z qadrini anglaguvchi insonlar bor ekan, har bir avlod bu chechaklarning yangicha iforini kashf etadi.
Atoqli olima Suyima G‘aniyeva o‘z ijodiy faoliyati davomida hazrat Navoiyning benazir ishqnomalarini o‘ziga xos tarzda tadqiq etib kelmoqda. Shu kunlarda Suyima G‘aniyeva o‘zlarining muborak 80 yoshini qarshiladi. Hurmatli olimamizni ana shu qutlug‘ ayyom bilan barcha adabiyotsevarlar nomidan muborakbod etamiz.
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi.