XIX asr oxirlariga kelib falsafa va san’atda borliqni o‘zga bir yo‘sinda anglashga, ifodalashga urinishlar kuchaya boradi. F.Nitshe, Z. Freyd, A.Bergson, U.Jeyms kabi mutafakkirlarning qarashlaridan ta’sirlangan ijodkorlar san’atga yangi, modernizm yo‘nalishini olib kiradilar.
Modernizm yo‘nalishida ijod etuvchi san’atkorlarda mif, qadimgi afsona va rivoyatlarga qiziqish yuqori bo‘lgan. Ayniqsa, F.Kafka, T.Mann, B. Brext, J.Joys kabi ijodkorlarning asarlarida bu jihat yaqqol ko‘zga tashlanadi. Albatta, bu modernizm talab etayotgan ifodaga judayam mos kelardi. Boisi, ustuvor xususiyatlari reallikni rad etish asosiga qurilayotgan bu yo‘nalishning ifodaviy-g‘oyaviy maqsadlariga folklor va uning inson ruhiyatiga bo‘lgan ta’siri ahamiyatli sanalar edi.
O‘zbek modern adabiyoti namunalarini kuzatar ekanmiz folklorga bo‘lgan kuchli murojaatni, mifik obrazlar, afsona va rivoyatlardagi syujet, motivlardan badiiy-g‘oyaviy maqsadlarda keng foydalanilganini ko‘rishimiz mumkin. Bu borada shoir Faxriyor asarlari fikrimizning misoli bo‘la oladi:
Onam bolaligimda,
bu yomg‘irda tulki bolalaydi, deguchi edi.
Oftobning chang, to‘g‘ri chiziq tomirlaridan
to‘ralgan (tulkichalar) kattargan sari
– shaklini yo‘qotib boradi tobora.
She’rda tabiat hodisasi hayvonlarning bolalashi bilan bog‘liq holda ifodalanmoqda, lekin asosiysi folklorda tulkining ayyorlik ramzi ekanligi va ifodaviylikda ayni shuning qo‘l kelganligidadir.
Mif inson ojizligining mahsulidir. Mif hali odamlar tushunmagan, ularni hayratga solgan, qo‘rqitgan va sevintirgan olam silsilalarining o‘ziga xos yo‘sinda anglanishi, ayqash-uyqash tasavvurlar mevasidir. Biz insonlar xohlasak-da mifik tafakkurdan voz kecha olmaymiz. U go‘dakligimizdan buyon ongimizga, qonimizga singib ulgurgan. Modernizmning ustuvor ifodaviy xususiyatlari ham inson ongining tub-tubidagi puchmoqlarni tasvirlash edi. Bu o‘rinda mifik obraz ifodaviylikdagi bir vosita bo‘lib, uning vazifasi ong ostida yashirinib yotgan hislarni qo‘zg‘atishdan iborat.
Yuqoridagi fikrlarimizga yanada aniqlik kiritadigan bo‘lsak, modernizm uchun asos bo‘lgan falsafiy tushunchalarga murojaat etishga ehtiyoj tug‘iladi. XIX asrning oxirlariga kelib faylasuflar inson faqatgina ongi vositasida fikr yuritmasligini, balki u ba’zan hissiyotga tayangan holda ham mushohada yuritishini e’tirof eta boshladilar. Zigmun Freyd inson o‘z hislari ko‘magida fikr yuritsagina olam hodisalarini mohiyatan anglashi mumkin ekanligini ta’kidlaydi. Uning izdoshi Karl Gustav Yung psixologiya ilmiga “Jamoaviy ongsizlik” tushunchasini kiritadi. “Yung fikricha, psixika nimaningdir hosilasi emas, u birlamchi va inson borlig‘ini aniqlab beruvchi asosiy printsipdir. Jamoaviy ongsizlik – inson ongining dastlabki holati”. Yungning nazariyasiga ko‘ra psixikani anglash butun tirik mavjudotlarning uyg‘un jihatlarini his etish bilan amalga oshiriladi. Bunday holat aynan ibtidoiy odamlarda yaqqol kuzatilsa-da, barcha ijtimoiy davrlardagi inson ruhiyatiga birday daxldordir.
Ko‘rinib turibdiki, modernizm yo‘nalishi vakillari inson ibtidosidagi ruhiyatni qidirganlar. Uning ongsiz, tabiat bilan uyg‘un holatidagi ichki ruhiyat manzaralarini ifodalashga uringanlar. Insonning ibtidoiy tafakkuri esa o‘z-o‘zidan mif, asotir va afsonalarga borib taqaladi…
Mifik obraz o‘quvchi xayolotida o‘ziga xos taassurotni uyg‘ota olishi bilan ahamiyatlidir. Misol uchun, Faxriyorning “Kuzda” she’ridan bir misrani olib qaraylik: “Sariqlik – tosh rangi, yalmog‘iz toshning”. Ushbu she’rda kuzgi manzaralar va qahramonning falsafiy mushohadalari uyg‘unlashib ketgan. Keltirilgan misradagi tosh obraziga ikki xil sifat berilmoqda – sariqlik va yalmog‘izlik. Bolalikda (ba’zilar har doim) folklordagi yalmog‘izning borligiga ishonmagan, uni eslab zir-zir titroq bosmagan insonning o‘zi bo‘lmasa kerak. She’rdagi toshning rangi sariq. Sariq tosh obrazi tasavvurda yalmog‘iz va u uyg‘otgan hislar bilan uyg‘unlashib ketarkan, ko‘z oldimizda o‘zgacha xususiyatlarga ega “tosh” gavdalanadi. Ayni shu “tosh” ifodaviylikdagi keyingi manzaralar uchun ayni muddaodir…
Faxriyor ijodining folklor namunalari bilan uyg‘unligini o‘rganarkanmiz, bu borada shoirning “Yoziq” va “Ayolg‘u” dostonlari juda ahamiyatlidir. Ushbu asarlar bir qancha xususiyatlariga ko‘ra postmodernizm yo‘nalishini ham yodga soladi. Chunki, bu asarlarda xalq og‘zaki ijodi, tarix lavhalari, san’at asarlari, diniy tushuncha va rivoyatlar kabi ko‘plab soha namunalariga bevosita va bilvosita murojaat, parodiya, kinoya yaqqol kuzatiladi. Postmodernizm metodida bu holat intertekstual o‘yin deb ataladi:
Nilufar ko‘ylagin bozorga solar,
Tangasini sanaydi suv parilari…
Nilufarning ko‘ylagini sotib olgani
Yosumanning nafaqasi yetmaydi…
Bu o‘rinda Yosuman va suv parilari kabi mifik obrazlar muayyan bir tasviriy vosita sifatidagina keltirilib, ular bilan aloqador syujet voqeligiga ishora sezilmaydi. Ammo quyidagi parchaga nisbatan bunday munosabat bildirib bo‘lmaydi:
Kungaboqar quloqni tunda
G‘or – quduqqa tashlab yuborar.
Qamish unib chiqar undan, yo rab…
Bozingar yutgan qilich singari
Quduqning bo‘g‘ziga qamish qadalar.
Cho‘pon yo‘q bitta nay yasab olgani,
Qishloqqa qaytmadi hali podalar.
Ha, bu bolaligimizda ko‘p eshitgan “Iskandarning shoxi bor” afsonasidagi syujet motivi. Ammo ijodkor maqsadiga ko‘ra bir muncha o‘zgarishlar kiritilgan. Ya’ni quduq ichiga sartarosh baqirmay, kungaboqar eshitilganlar (quloq)ni quduqqa tashlaydi va h.k. Dastlabki parchalardan farqli o‘laroq, bu o‘rinda ifodaviy vosita qahramonlar emas, balki syujet motivi. Ikki holda ham folklor namunalari ijodkorning badiiy-g‘oyaviy maqsadi uchun xizmat qilmoqda.
Shoirning ongi va qalbida charx urayotgan g‘oya, hislarning obrazli ifodasi uchun folklor namunalari asos bo‘layotgan ekan. Demak, ushbu namunalar shaklan va yoxud mazmun jihatidan ifodaviylikdagi maqsadga yaqin turadi. “Yoziq” she’rida xalq og‘zaki ijodi namunalarining asosan shakliy xususiyatlari e’tiborga olinib, ma’no qayta yaratiladi. Deylik, suv parilariga xos latofat, insonlarga yordam berishlik yoki aksincha jodulab suvga g‘arq etishlik kabi mazmun xususiyatlari tasvirda ahamiyatsiz. Ahamiyatli jihati ularning tashqi ko‘rinishida. Ya’ni, ularning yarmi ayol, yarmi baliq – tangali baliq. Yoki Yosumanning qahraton sovuq keltirishi emas, balki qariyaligi muhim. Qariyalar esa nafaqa oladilar… Iskandar haqidagi afsonaning syujeti va mazmuni esa tubdan o‘zgartiriladi. Endi quduq, qamish, nay, cho‘pon kabi obrazlar jar soluvchi emas, balki, ayta olinmayotgan, jar solinmayotgan, bo‘g‘izda qolib ketayotgan va shunga mahkum bo‘lgan dardlarning ramziga aylanib qoladi…
Faxriyorning “Ayolg‘u” dostonida ham juda ko‘plab mif, afsona, ertak qahramonlari va syujet motivlari keltiriladi. Bu borada shoirning o‘zi shunday deydi: “Dostonning nomi ham ramziy: unutilgan tarix, millat xotirasini asotirlar yordamida tiklashga bir urinish bo‘lgan edi bu”. Besh juft taxayyuldan iborat ushbu she’rning yettinchi taxayyuli to‘laligicha xalq og‘zaki ijodidagi obrazlar asosida quriladi:
bir kecha tush
sherning tirnog‘ini bo‘yniga
tumor qilib taqqan
shohning xotini
tumso malikaga
inchi iqlimdan
zangori olma keltirib berdi
olmani yedi u rusumga ko‘ra…
malikaning ko‘zi yoridi
oy ko‘rsaki malika
shahzoda o‘rniga bo‘ri tug‘ibdi
ko‘m-ko‘k bo‘rivachcha…
Mifologik maktab vakillari adabiyot va san’atning vujudga kelishiga miflar asos bo‘lgan deya ta’kidlaydilar. Bu maktabga ko‘ra mif poeziyaning javharidir. Umuman olganda, XIX asrga kelib san’atning yangi bosqichdagi rivoji ham bevosita folklor bilan mushtarak bog‘liqdir. Bu haqida “Adabiyotshunoslik lug‘atida” shunday yoziladi: “Zero, klassitsizm davri sig‘ingan antik etalonlardan, ma’rifatchilik topingan aql kultidan bezgan romantizm vakillari xalq og‘zaki ijodida chinakam ekzotika, bitmas-tuganmas xazinani ko‘rdilar”. Demak, xalq og‘zaki ijodi doimo yozma adabiyot uchun ilhom manbai bo‘lib kelgan. Uning zamiridagi chinakam badiiyat, falsafa va umuminsoniy qadriyatlar ifodasi modern san’atkorlar ijodida ham o‘ziga xos talqinda namoyon bo‘lmoqda.
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi.