XX asr g‘arb modern yozuvchilari orasida Frants Kafka yetakchi o‘rin egallaydi. Uning ijodini o‘rganish masalasi so‘nggi yillarda, jahon adabiyotshunosligi ilmida eng murakkab va shu bilan birga eng qiziqarli vazifalardan biri bo‘lib kelmoqda. Kafka o‘zi kim? Uni qaysi maktab yoki oqimga mansub deb hisoblash mumkin? Uning adabiyotga qo‘shgan hissasi nimadan iborat bo‘ldi? Shu va shu kabi savollar o‘z yechimini kutib turibdi. Hanuzgacha adabiy tanqichilikda haqiqatga yaqin bo‘lgan yakdil fikr yo‘q.
O‘tgan asrning o‘rtalarida chexiyalik faylasuf Karel Kozik o‘zining “Gashek va Kafka” nomli maqolasida ushbu vaziyatni xolisona ta’riflarkan: “Kafkani talqin qilish maqsadida har xil metodlardan, psixoanalizdan tortib to strukturaviy tahlilgacha, sotsiologik va antropologik tadqiqotlardan tortib badiiy asarni ilohiyot, din, falsafa nuqtai nazaridan ko‘rib chiqishgacha, uning Kerkegor va Dostoyevskiy bilan munosabatini aniqlashgacha bo‘lgan muammolar tahlil etilgan. Xullas, tadqiqotchilar jamiki mavjud imkoniyatlardan batamom foydalanib bo‘lishgan”, degan fikrni bildirgan edi. Bu so‘zlar, nazarimizda, adib ijodini ko‘r-ko‘rona maqtab, ko‘klarga ko‘targan tadqiqotchilarga qarata kinoya tarzda aytilgan bo‘lsa ajabmas. Aslida, Kafka ijodini istalgan yo‘nalishda talqin va tadqiq qilish mumkin. Va bu o‘zini to‘liq oqlaydi, negaki u yoki bu shoh asarni turli asnoda tahlil qilishga odatlangan adabiy tanqidchilik tutgan yo‘lga mos tushadi. Biz ham ushbu an’anaga amal qilgan holda iste’dodli adib yaratgan asarlarning ayrimlari haqida fikr yuritmoqchimiz.
Frants Kafka ijodi bilan chambarchas bog‘liq modernizm adabiyot, san’at va estetika nazariyasida burjua jamiyatining ilg‘or tafakkur rivoji bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib, klassitsizm an’analarini tubdan o‘zgartirish orqali namoyon bo‘lgan edi. Shu tariqa u burjua ijtimoiy munosabatlarini o‘zida aks ettirgani holda klassik an’analarga molik bo‘lgan realizm san’ati aqidalariga ro‘yi-rost qarshi chiqdi.
Bizningcha, “Evrilish” novellasi adib ijodida muhim o‘rin tutuvchi mashhur asarlaridan biri. Asarning ilk jumlasidayoq Kafka qiyofasi namoyon bo‘ladi: “Beorom uyqudan so‘ng tong saharda uyg‘ongan Gregor Zamza o‘zi yotgan to‘shagida bahaybat hasharotga aylanganini sezdi”.
Bu jumla kitobxonni dovdiratib qo‘yishi turgan gap. Kafka yaratgan fantastik obraz o‘zining namoyishkorona va chalg‘ituvchi “xunuk nafosat”i, badburush qiyofali bahaybat hasharot haqidagi taassurot evaziga kishining g‘ashini keltiradi. Shunday evrilish yuz berdi deb tasavvur qilaylik-da, hikoyani o‘qiyotganimizda buning “haqiqat”ligiga ko‘nikaylik. O‘shandagina Kafka tasvirlagani real mazmundagi hikoyaga aylanadi. Buni nima bilan izohlashimiz mumkin? Avvalo shuni aytish kerakki, novellada dastlabki voqea, ya’ni kishining hasharotga aylanishidan boshqa favqulodda hech qanday hodisa yuz bermaydi. Adib Gregor Zamza evrilishidan so‘ng u va uning oilasida boshlangan tirikchilik tashvishlari, kelishmovchilik, noqulay holatlar haqida hikoya qilishga o‘tadi. Bu esa mutlaqo odatdan tashqari, muallifning jarangsiz, nursiz tili ishtirokida davom etib, kitobxon novelladagi voqeaning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, aql bovar qilmasligini asta-sekin unuta boradi. Bu holatning Kafka hayotidagi ba’zi bir jihatlariga o‘xshash tuyulishini sinchkov tanqidchi darhol anglab oladi.
Sababi, Kafka ta’bi nozik, ortiqcha gapni ko‘tarolmaydigan, salga xafa bo‘laveradigan odam bo‘lgan, shuning uchun ham tashqi olam, aniqroq qilib aytganda, eshikdan boshlanadigan dunyo unga doimo begona va qo‘rqinchli bo‘lib ko‘ringan. Ko‘chaga chiqish, hatto biron-bir ehtiyoj yuzasidan eshikdan tashqariga chiqish zarurati uni jilovlab bo‘lmas darajada vahimaga solgan .
Biroq, nur bor joyda soya bor deganlaridek, har bir erkak hayotini ayol zoti nurga to‘ldiradi. Kafka hayotida ham ayollar bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, ayollar uning ma’yusona chehrasiga, mungli ovoziga, o‘limga mahkum his-tuyg‘ulariga maftun bo‘lishgan.
Kafka 1920 yil (o‘limidan sal oldin) Milena Yesenskaya ismli ayol bilan tanishadi va uni sevib qoladi. Taniqli jurnalist bo‘lgan Milena Yesenskaya ilk bor Kafka asarlarini chex tiliga tarjima qildi. U uch yil mobaynida adib hayotining mazmuniga aylandi. Kafka hayot paytida uning yuksak iste’dodini tan olgan, yozuvchining yonida turgan kam sonli odamlardan biri edi. O‘z navbatida Kafka ham Milenaning jurnalistlik faoliyatini munosib baholagan. Biroq hayotda Kafka o‘z taqdirini Yesenskaya bilan bir umr bog‘lashga jur’at topolmadi.
Milena Yesenskaya Maks Brodga yo‘llagan maktublaridan birida shunday yozadi: “Uning na tayinli turarjoyi, na boshpanasi bor. U xuddi kiyimda yurgan odamlar orasida go‘yo yalang‘ochdek. Frants yolg‘iz yashashga ham qodir emas. Frants endi hech ham tuzalmaydi. U yaqin orada bu dunyoni tark etadi”.
Ha, hayotda Yesenskaya va Kafka boshqa-boshqa xarakterdagi odamlar edi. Xushchaqchaq, serharakat, ochiq ko‘ngil Milena va xo‘mraygan, hafahol qiyofali, hech kimga ishonmaydigan Frantsni birga ko‘rganlar hayron qolishardi. Shunga qaramasdan, Milena Frants injiqliklarini ko‘taroldi, qo‘lidan kelgunicha unga yordam berdi. Milenada hayotga bo‘lgan ishonch va shijoat shu qadar kuchli ediki, istar-istamas Frants ham unga ergashardi, unga jo‘r bo‘lib hayot shodliklaridan qisman bahramand bo‘lardi. Kafka butun qalbini Milenaga bag‘ishladi, balki u faqat Milena bilan birga bo‘lgan davrida dilidagi gaplarni aytishga jur’at etolgandir. Bu bir faraz.
Darvoqe, Kafka Milena bilan birga bo‘lgan onlarini hayotidagi eng yaxshi kunlar deb hisoblagan va Milenaga yozgan hatlarida bunga o‘zi ham ikror bo‘ladi. Kafkaning Milena Yesenskaya bilan ishqiy kechinmalari, alamli tasavvurlari uning o‘sha paytda yozilgan “Qasr” romani syujetida o‘z aksini topadi. Roman qahramonlaridan biri Frida obrazi aynan Milenaning prototipi, Klamm esa uning badavlat bankir erini eslatadi.
1921 yil Kafka o‘z kundaliklari va ayrim romanlari (“Qasr” va “Amerika”) ning qo‘lyozmalarini Milenaga topshiradi. Ular, ancha vaqt o‘tib, Kafka vafotidan so‘ng, dunyo yuzini ko‘rdi. Eng achinarlisi, muallif hatto 1918 yilda yozilgan “Jarayon” romanining ham nashrini ko‘rolmay olamdan o‘tib ketdi. Roman 1925 yilda chop etildi.
Tashqi olam qarshisida himoyasiz bo‘lgan, hayotning zohiriy tomonlariga moslasha olmagan Kafka qattiq azob changalida yashadi. Bu esa unda hayot oldida, odamlar oldida aybdorlik hissini uyg‘otardi. Kafka o‘z otasi orzu-havasini ro‘yobga chiqara olmaganidan ham xijolatda yashadi. Savdo firmasini boshqargan otasi German Kafka o‘g‘lining kelajakda taniqli huquqshunos yoki savdo ishining davomchisi bo‘ladi, deb ishongan edi. Ming afsus, bunday bo‘lib chiqmadi. Qat’iyatli ota oldidagi aybdorlik hissi Kafkani butun hayoti davomida ta’qibga oldi, qo‘yib yubormadi. Bundan iztirob chekkan adib 1919 yil “Otamga xat”ini yozadi, biroq uni otasiga yo‘llashga o‘zida kuch topa olmaydi. Bu xat 1966 yilga kelib Maks Brod tomonidan nashr qilindi. Ta’kidlash lozimki, otasi bilan bo‘lgan murakkab munosabatlari Kafka hayoti va ijodining yashirin qirralarini ochib berdi.
Shu ma’noda Kafkaning “Evrilish” novellasi ko‘p jihatdan avtobiografik xarakterga egadir. Rus adabiyotshunosi A.Karelskiy ushbu novellani muallifning o‘z “otasi va oilasi oldidagi aybdorlik kompleksining ulkan metafora”si, deb atagan edi. Uning fikriga qo‘shilmasdan ilojimiz yo‘q.
Yuqorida ta’kidlaganimiz, novella bosh qahramoni Gregor Zamza dastlab kitobxon ko‘z o‘ngida nochor (ro‘dapo!) odamdek ko‘rinish beradi. Oilani sharmanda qilgan Gregor ilojsiz holatga tushib qoladi, ahvoli juda tang. Shu bois ham, u o‘zining evrilishidan vahimaga tushmaydi. Dastlabki talmovsirashdan qutulib, Gregor o‘zining yangi ahvoli, aniqrog‘i qiyofasiga moslashishga harakat qiladi. Oilasi ham sodir bo‘lgan voqeadan ilk hayajonni bosib, qanday bo‘lmasin bunga ko‘nikishga harakat qiladi. Bahaybat qo‘ng‘izga aylangan o‘g‘ilning o‘limi esa oila a’zolari tomonidan yengil nafas-la qabul qilinadi, ularning bir tashvishdan qutulgani oshkora namoyon etiladi.
Asarda aybdorlik hissi va jazo berish g‘oyasi ikkinchi planga, o‘ziga xos tagma’noga singdirib yuborilgan. Birinchi o‘ringa esa g‘am-hasratga to‘la allegoriya (majoz) chiqadi: uyqudan uyg‘ongan odam o‘zining tom ma’noda hayotdagi yolg‘izligini his etadi. Bu g‘ariblik hatto tashqi tomondan, tong payti odamlarnikiga o‘xshamay qolgan qiyofada ham o‘z ifodasini topganini kuzatamiz. Shu tariqa o‘z qahramonining ma’naviy, ruhiy, qolaversa aqliy yakkalanib qolganini muallif uning qiyofasini aql bovar qilmas darajadagi noxush metamorfoza orqali tasvirlaydi.
Endi Kafka ijodining markaziy muammosi – insonning begonalashib ketishi, o‘z qobig‘iga o‘ralashib atrof muhitdan uzoqlashishi masalasiga e’tiborimizni qaratadigan bo‘lsak, yozuvchi fikricha, odamoviga aylanish, yovvoyilashish – bu inson borlig‘ining bema’niligi va bemaqsadligining umumiy, qolaversa bashariy muammosiga aylanib borayotganligidir.
Agar Gregor Zamza (“Evrilish”), “Akademiya uchun hisobot”dagi maymun va “Uya”dagi kemiruvchi hayvon taqdirlarini o‘zaro qiyoslasak, ushbu asarlarning asosiy g‘oyasi – inson hayotining bema’niligini tan olish va odamning odam qiyofasidan chiqib ketishi, odamsimon mahluqqa aylanishi muqarrarligi g‘oyasi ekanligini anglab yetamiz.
Kafkada begonalashib ketish, odam qiyofasini yo‘qotish zamon va makonga taalluqsiz, o‘ziga xos abstraktsiyadir. Bu g‘oya esa kishi va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar tabiatidan mantiqiy ravishda kelib chiqadi.
Kapitalizmda ijtimoiy munosabatlar tizimini ham, shaxs ongining ahvolini ham kuzatgan Kafka ushbu tizimda odam va shaxs o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tushuna olmadi. Milena Yesenskayaning yozishicha: “Uning uchun hayot boshqa odamlar tasavvurida nimani anglatayotganidan keskin farq qilardi, jumladan pul, birja, sarroflik do‘koni, yozuv mashinkasi Kafkaga g‘ayritabiiy ko‘rinardi”.
Bu narsa balki Kafka tasavvurida kapitalistik munosabatlar asosida qurilgan jamiyatning tub mohiyati – moddiy dunyoga sajda qilish, ishlab chiqarishning kapitalistik usulidagi mehnat mahsuliga aylanayotgani ijtimoyi belgi (mol-dunyo) sirini topganini anglatganmikin? Aksincha, Kafka “dunyodagi vaziyat” va “ruhiy holat” o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni mavhum tarzda tushungan. Aynan “Jarayon” romanida ushbu munosabatlar haddan ortiq mavhumlashtirilganligini kuzatamiz. “Evrilish”, “Akademiya uchun hisobot” va “Uya” novellalarida Kafkaning “dunyodagi vaziyat” borasidagi tasavvurlari ham o‘ta mavhum. Ushbu tasavvurlar aslida bitta qolipga joylashtirilgan: g‘aribi benavo odam – adovatli dunyo ko‘rinishida talqin qilinadi. Begonalashib ketish, yovvoyi mahluqqa aylanishning mazmuni muallifning dunyoni his etishiga hamohang bo‘lib, dunyo bilan “sulh tuzish” yoki “ko‘nikib ketish”ga qobiliyati yo‘q, buning udasidan chiqa olmaydigan shaxsning abadiy yolg‘izligi, notavonligi, ojizligidandir. Bu aslida peshonaga bitilgan begonalik, yetti yot bo‘lib ketishning mavhum g‘oyasi. Yotsirash, odamovilik, yakkalanib qolish, tushkunlikka tushish hollarini hech bir vaziyatda bartaraf qilib bo‘lmaydi.
Shaxsning fojiali yolg‘izligi oldini olib bo‘lmaslik Kafka ijodining asosiy mavzusiga aylandi, chunki u butun borliqni qurshab olgan tajovuzkorona muhitni, o‘zini o‘rab turgan og‘ir sharoitni chuqur his etgan, o‘ziga juda yaqin olgan, behisob mol-dunyo to‘plash va nafs balosiga yo‘liqish insonga to‘g‘ri kelmasligini teran anglagan.
Taqdir Kafkaga badxohlik qildi. Uning butun oilasi fashistlarning kontsentratsion lagerlarida dom-daraksiz yo‘qolib ketdi, ijodi esa burjua jamiyatining tilsiz qurboniga aylandi. Kafka hayot bo‘lganida bu og‘ir judolikka bardosh berolmagan, mudhish muhitda yashay olmagan bo‘larmidi. Adib vafotidan so‘ng, adabiy tanqidchilik tahqirona tarzda uni ko‘klarga ko‘tardi, muqaddas but-sanamga aylantirdi. Rus munaqqidi Lev Kopelev ta’kidlaganidek: “Kafka ijodi zamonaviy sub’ektivizm taraqqiyotining oxirgi me’yori, oxirgi chegarasining ifodasiga aylandi. Bu chegara ortida esa san’at yo‘q, umuman hech narsa yo‘q…”, edi.
Voqea-hodisalar, obrazlar, fikrlar, odamlarning xatti-harakatlari Kafka asarlarida aksariyat hollarda bir-biriga bog‘lanmagan, xuddi alahsiragan uyqudan keyin dahshatga tushish holatidek, ruhiy kasal kishi alog‘-chalog‘ fikr va tasavvurlarining parchalaridek mantiqsiz ko‘rinadi.
Kafkaning “jaholatparast targ‘ibotchilari”, “nodon madhiyachilari” uning ijodidagi tushkunlik kayfiyatni, umidsiz ruhda yangraydigan ohanglarni, zaif jihatlarini bo‘rttirib ko‘rsatishga harakat qiladi. Ob’ektiv reallikka, inson ongiga, tafakkuriga ishonmaslik, umuman Insonga bo‘lgan ishonchsizlik deb qabul qilinishi, talqin etilishi mumkin bo‘lgan narsalarnigina ta’kidlaydilar. Kafka nafaqat g‘ayritabiiy hodisalarga moyillik, aqlga sig‘maydigan voqealarni tasvirlash, mantiqqa zid fikr-mulohazalar yuritish bilan band bo‘ldi, balki ijtimoiy illatlarni ham ayovsiz tanqid ostiga oldi. Inson va insoniyat boshiga tushgan kulfatlarga hamdard bo‘lib, ushbu balo-ofatlarni haqqoniy tarzda, bir-birini taqozo etishda va o‘zaro aloqada emas, balki chuqur uyqu, xayolda yoki alahlaganda ko‘ringan narsalar, sirli va g‘alati sarob orqali tasvirlashni afzal ko‘rgan edi. Aynan shundan Kafka yaratgan asarlarni tushunishning murakkabligi, talqin qilishdagi ziddiyatlar kelib chiqadi. Bu esa, o‘z o‘rnida, Kafkani modernist ijodkor deb atashga izn beradi, uning tafakkuri. Uning xayoloti zulmatdagi nurdek yorug‘ va teran edi.
Ma’lumki, hayoti poyoniga yetayotganini his qilgan Kafka barcha qo‘lyozmalarini yo‘q qilib tashlashni vasiyat qilgan, nashr qilingan kam sonli hikoyalarini esa qayta nashr qilishlarini taqiqlab qo‘ygan. Aslida bu o‘lim o‘z og‘ushiga olgan adibning qo‘rsligi yoki telbaligi degani emas. Maktub va kundaliklarida Kafka o‘zi yozganidan qanoat hosil qilmaganligi, ijodidan qoniqmaganligi, o‘z ijodiga ishonchsizlik hissiyoti kuchayib borganini tushunish mumkin. Kafka “o‘zining mashaqqatli, dardga to‘la ijod mahsuli bo‘lgan g‘alati mevalarini uzarkan, har biridagi adabiyot ildizlarini yulib tashlaydi, poydevorini buzadi, yaqqol ko‘rinib turgan voqelikning badiiy in’ikosi, tasviriy va ifodaviy imkoniyatlarini barbod qilayotganini” o‘zi ham teran his etgan, anglagan albatta. Kafka “yaxshi modernist bo‘lishi mumkin, biroq asl modernizm bo‘lolmaslik” ning yorqin namunasidir.
Xullas, realizmga qarshi chiqqan modernizm XX asr adabiyotida bir qolipda fikr yurgizish, siyqasi chiqqan iboralarni qo‘llash, eski an’analarga ergashish xislatlarini maydondan surib tashladi va u Kafka, Prust, Joys kabi yorqin qalamkashlarni dunyoga tortiq qildi.
“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 10-son.