Qurbon Muhammadrizo. Mushtarak tuyg‘ular jilosi (2011)

Mening bolaligim otam G‘ulommirza va ammam Gulsum ona (ammamni men «ona» derdim) ta’lim-tarbiyasi ostida kechdi. Otam ma’rifatli, ziyoli kishi edi. U kishi ilk ta’limni Mashhadda olgandilar. Eski o‘zbek yozuvi va fors tilini mukammal bilardi. Sho‘rolar davrida zamonga boqib, kolxozda hosilot bo‘lib ishlardi. Biroq otam san’atni, adabiyotni ni­hoyatda qadrlardi, sevardi. She’riyat mulkining sultoni hazrat Navoiyni, turkman mutafakkir shoiri, tasavvuf ilmining bilimdoni Maxtumquli, So‘fi Allohyor, Mullanafas kabi shoirlarning she’rlarini yoddan aytardi va ba’zan ma’rifiy suhbatlarda do‘st-birodarlariga sharhlab berardi. Qur’oni karimning aksariyat suralarini yod bilardi. «Oshiq G‘arib va Shohsanam», «Tohir va Zuhro», «Go‘ro‘g‘li» kabi dos­tonlarning oshig‘i edi. Maxtumquli asarlarini eski arabcha kulliyotidan o‘qirdi.

Dadamiz biz, (ayniqsa men) biron-bir chakki, no­o‘rin ish qilib qo‘ysak yoki xato qilgudek bo‘lsak, oldiga chaqirardi-da, shapaloq yoki tanbeh o‘rniga Navoiydan, Fuzuliydan, Maxtumqulidan shu xatoga taalluqli bir bayt yoki to‘rtlik keltirib izza qilardi. Masalan, akamiz mol-dunyo, mansabga sal qiziqib ketganida, u davramizda o‘tirganida kesatibroq Maxtumqulidan tubandagi to‘rtlikni keltirgandi:

Dunyoda ming tanob bog‘laring bo‘lsa,
Ot-yarog‘ asbobu shaylaring bo‘lsa,
Arja-arja to‘la mollaring bo‘lsa,
Foydasi yo‘q. Tashlab-tashlab ketarsan…

Otamdagi adabiyotga bo‘lgan muhabbat menga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. 7-sinfda o‘qib yurgan kez­la­rimdayoq she’r mashq qila boshladim. 8-sinfda “Ana xolos” degan kichik bir pesa yozdim. Bu pesa maktabda sahnalashtirildi. Undagi bosh qahramonni ham o‘zim ijro etdim. Kichik-kichik bu urinishlar meni katta adabiyotga yetaklab keldi.

O‘rta maktabni tamomlab, Xorazm Davlat pe­da­­­­­gogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fa­kultetiga o‘qishga kirdim. Talabalik yillarimda es­­­­ga oladigan voqealar juda ko‘p bo‘ldi. Ana shunday tarixiy hodisalardan biri institutning oxirgi bos­qichida o‘qib yurgan vaqtlarimda sodir bo‘lgandi. Xorazmga atoqli shoir Maqsud Shayxzoda keldi. U uchrashuv anjumanida Jaloliddin haqidagi dra­masidan parcha o‘qib berdi. Bu ijodiy uchrashuv menda juda katta taassurot qoldirgan. Shu paytgacha yozmoqchi bo‘lib yurganim, Maxtumquli haqidagi dramani qo­g‘ozga tushirish istagi kuchaydi. Ko‘z oldimda dono, tug‘yonga to‘la Maxtumquli bo‘y tiklab, kecha-yu kunduz o‘tgan davron dolg‘alari to‘g‘risida gapira boshladi. Natijada 1964 yilda tarixiy-badiiy «Maxtumquli» musiqali dramasi paydo bo‘ldi.

U paytlarda asarni sahnaga olib chiqish uchun res­publika madaniyat vazirligidan ruxsatnoma olish kerak edi. Baxtli tasodifni qarangki, o‘sha paytda ulkan adabiyotshunos olim, filologiya fanlari dok­tori Matyoqub Qo‘shjonov muhim bir ish bilan Xorazmga tashrif buyurgan edi. Uning kelishi mening jonimga oro kirdi.

Olim drama matni bilan tanishgach, asarga ijobiy taqriz yozib berdi. Ammo bu kafolat ham yetarli bo‘l­madi, vazirlikdagilar yana bahona topishdi. Max­tumquli haqida turkman xalqining taniqli oqso­qo­li, Turkmaniston Yozuvchilari uyushmasi raisi, mash­hur adib Berdi Kerboboyev ham drama yozgan ekan, shu kishidan ruxsatnoma olish zarur deb aytishdi. Noiloj, Ashxobodga, Berdi og‘a huzuriga otlandim. Asarni uyushma kotibi Ashir Nazarov olib qoldi. Uni Berdi og‘aga topshirishini, u kishi ikki kundan so‘ng kelishini aytdi.

Xullas, ikki kundan so‘ng atoqli insonning oldiga hayajon bilan kirdim. Ne ajabki, Berdi Murodovich meni eski qadrdonlardek kutib oldi, bir piyola choy quyib berdi. Yozuvchining gap-so‘zlaridan qo‘lyozmani o‘qib chiqqanligi ma’lum bo‘ldi. Asarni varaqlab chiqar ekan, «Qoyil, juda «go‘vi» (zo‘r degani) drama asari bo‘liptir» deya menga oq fotiha berdi. “Asarni turkmanchaga o‘girtirib olib kelsang, Mullanafas nomidagi drama teatrida sahnalashtirardik”, dedi va bu vazifani u turkmanistonlik mashhur dramaturg Tovshon Esenova zimmasiga yuklashini aytdi. Shun­dan keyin asarning original ekanligi, ahamiyati va uni sahnalashtirish maqsadga muvofiqligi ta’­kidlangan xatga imzo qo‘yib berdi. Va nihoyat, bu asar 1966 yilda Ogahiy nomidagi Xorazm viloyat teatri ijodiy jamoasi tomonidan muvaffaqiyatli sahnalashtirildi. Bu musiqali drama keyinchalik respublikamizning ko‘pgina viloyatlari sahnalarida, Turkmaniston, Qoraqalpog‘istonda namoyish etildi, Respublika radiosining «Oltin fondi»dan joy ol­di.

1981yilning oxirlarida meni O‘zbekiston Yozuv­chilari uyushmasiga a’zolikka qabul qilishdi. Bu vaqtlarda uyushmaning Xorazm viloyat bo‘limi mas’ul kotibi Rahim Bekniyozov o‘z arizasiga ko‘ra qarilik pensiyasiga chiqqan ekan. Qizig‘i shundaki, Yozuvchilar uyushmasining o‘sha vaqtdagi raisi shu kunning o‘zidayoq meni mas’ul kotiblik vazifasiga o‘tkazish borasida taklif kiritdi. Uyushma Prezidiumi a’zolari tak­lifni ma’qullashdi.

Rais juda uddaburon, ishning ko‘zini biladigan, ijodkorlarning takliflari bilan hisoblashadigan, iloji boricha ularga kerak bo‘lsa ham moddiy, ham ma’naviy yordamini ayamaydigan rahbar edi. U ki­shining ishga kelishi bilan Yozuvchilar uyushmasi qad tikladi, joylardagi obro‘si oshdi, viloyat rah­barlarining tak­liflariga ko‘ra bo‘limlar yangi shtat­lar (konsultant, tarjimon shtatlari) bilan to‘l­dirildi, Do‘rmondagi ijod uyi navbati bilan viloyatdagi ijodkorlarni ham bag‘riga oldi. Bu g‘am­xo‘rliklar juda ham yaxshi natija bera boshladi.

Albatta, yangi vazifa o‘z navbatida menga yangi kuch-quvvat va mas’uliyat yuklagan edi. Viloyatda ko‘p­gina ijodkor yoshlarni tarbiyalash, ularga ustozlik qilishdek savobli ishlarni boshlab yubordik. O‘ndan ortiq yosh iste’dod egalari uyushma a’zoligiga qa­bul qilindi. Betakror iste’dod sohibi, yetuk shoir, mohir tarjimon Matnazar Abdulhakim, Res­pub­likaga tanilgan shoirlar Otabek Ismoilov, Gav­har Ibodullayeva, Sotim Avaz, Rustam Nazar, Is­­moil Ollaberganov, adabiyotshunos olimlar Ham­­­dam Abdullayev, Nurmamat Qabulovlar shular jumlasidandir. Ustoz-shogirdlik munosabatlari yax­shi yo‘lga qo‘yildi.

Bir misol. Shoir Matnazar Abdulhakim oliy dar­gohni bitkazib kelgach, qishloq maktablarining birida o‘qituvchilik qilarkan. Rosti, shu paytgacha men uni tanimasdim. Tasodifan Urganch tumani gazetasida uning aruzda bitilgan bitta muxammasiga ko‘zim tushdi. She’r ravon va hissiyotga boy edi. Surishtirib bu yigit ishlaydigan maktab manzilini bilib, topib kelish uchun kotiba qizimizni jo‘natdim. Maqsadim, ma’qul tushsa uni Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limiga yangi ajratilgan adabiy konsultantlik lavozimiga ishga taklif qilishni o‘ylab qo‘ydim. Sal oldinroq viloyatdagi taniqli yozuvchilardan biriga bu borada maslahat soldim. Rejam unga yoqmadi, Matnazar xa­rakteridagi ayrim «salbiy» xususiyatlarni ro‘kach qilib, bu o‘ringa o‘zi bilan ishlaydigan boshqa bir yosh shoirning nomzodini talab darajasida qat’iy taklif qildi.

Oradan bir kun o‘tib Matnazar huzurimga keldi. Biroz suhbatlashib o‘tirdim, she’rlaridan namunalar eshitdim. Uning gap-so‘zlaridan, ko‘zlaridan iste’dod uchqunlarini ko‘rganday bo‘ldim. O‘zi ham kamtar, kamsuqum yigit ko‘rindi. Shundan keyin hech ikkilanmay Matnazarni ishga qabul qildim.

Matnazarning qo‘ltig‘ida doim Hazrat Navoiyning «Xamsa»sini ko‘tarib ishga kelib-ketishlarini ko‘rib, uning mumtoz adabiyotga ixlosi zo‘rligini angladim va unga «Xamsa»ni yaxshi o‘rganishni va har kuni vaqt topib shu asar borasida bir-ikki soat muloqotga tayyorlanishni topshirdim. Shu maqsadda bo‘limdagi boshqa ishlarni o‘z zimmamga olib, uning ishini yengillatib qo‘ydim. Ulug‘ bobomiz ijod chashmasiga kirishida unga imkon yaratib berishga harakat qildim. Shu yo‘sinda deyarli ikki yilgacha vaqt o‘tdi. Biz vaqt topildi deguncha xamsaxonlik qilardik. U asarni yaxshi o‘zlashtirdi, biz ham, ya’ni men ham ancha-muncha «xamsashunos» bo‘lib qoldim. Keyinchalik Matnazar Navoiyning boshqa g‘azallarini «chaqish»ga kirishdi. U Navoiyni o‘zlashtirgani sari, o‘zining ham badiiyat zinapoyasidan ko‘tarila borayotgani shundoq sezilib turardi. Shunday qilib, umrining oxirigacha u bilan ustoz-shogirdlik munosabatlarimiz davom etdi. Avvaliga men biroz narsani unga o‘rgatgan bo‘lsam, ko‘proq undan o‘rganishga harakat qildim. Nafaqat ijodiy, balki uning oilaviy-hayotiy, iqtisodiy muam­molarini hal etishda baholi qudrat o‘z hissamni qo‘shdim deb o‘ylayman va bundan quvonaman.

Men yoshlikdan bilvosita hazrat Navoiy, Ogahiy, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Maxtumquli, Hamid Olimjon, O‘tkir Hoshimov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari adabiyot darg‘alarining hayotiyu asar­laridan, hozirgi zamon mashhur turkman adiblari Gurbonnazar Azizov, Raimboy Sobirov kabi adiblar ijodidan hayot ta’limini oldim. Ayniqsa, filologiya fanlari doktori, tilshunos domlamiz O. Madrahimov hayot tarzi menga katta saboq berdi.

So‘nggi yillardagi eng katta ijodiy ishim «Max­tumquli» romani bo‘ldi. Romanni yozishga tayyor­garlik shu mavzudagi dramatik asarimni sahnaga qo‘yilishdan so‘ng boshlandi, desam xato bo‘lmas. To‘g‘ri, avval roman yozish niyatim yo‘q edi. Lekin Maxtumqulini ko‘p o‘qirdim, asarlarini mutolaa qilardim, u haqda ko‘p­gina maqolalar yozganman, ko‘p suhbatlarim shu ulug‘ donishmand inson to‘g‘risida bo‘lardi. Unga o‘xshatma qilib qo‘shiq-she’rlar yozardim. Shoirning hayotiga kirib borganim sari, unga ixlosim oshib bordi. Lekin roman yozishdan cho‘chirdim. Biroq tasavvuf ilmining ustasi Maxtumquli haqida katta asar yozishimga ko‘proq taniqli adib, ustoz akamiz Erkin Samandar turtki bo‘ldi. U kishi ishonchimga ishonch qo‘shdi, yo‘llanma berdi va tez-tez eslataverdi. Miyamda Maxtumquli borasida 30-40 yillik materiallar yig‘ilib qolgan bo‘lsa-da, bevosita asarning yozilishiga roppa-rosa ikki yil vaqt ketdi. Lekin nashriyot hammasini o‘rganib, kitob oxirida bu muddatni 10 yil deb yozib qo‘ysak to‘g‘ri bo‘lar, deb maslahat berishdi, rozi bo‘ldim.

Roman bosh g‘oyasini ochib berishda (hozirgi zamon o‘zbek adabiyotida birinchi tajriba bo‘lsa kerak) Qur’on oyatlari va hadislardan foydalanib, asar ruhiyatini qadriyatlarimiz, go‘zal urf-odatlarimiz, umumbashariy qadriyatlar bilan bir qatorda Sho‘rolar davrida ta’qiqlangan milliy ma’naviyatimizning asosiy omillaridan biri – Islomiy ma’rifat bilan sug‘orishga harakat qilindi.

Shuningdek, Maxtumquli, Mujrim Obid, Kiro­miy­­­lar yashayotgan davrdagi musulmonlar oilasidagi diniy-ma’naviy tarbiyaning qay darajada ekanligi, uning ibratomuz tomonlariga urg‘u berildi.

Maxtumquli Hazrat Navoiyni o‘z ustozi hisob­lagan, unga ixlos qo‘ygan. Nafaqat madrasalarda, balki butun umri bo‘yi ustoz asarlarini o‘qigan, «Xamsa»ni yod bilgan, ulardan ibrat olgan. U shunday yozadi:

Haqiqat izlagan ustoz Navoiy,
«Chor devon»i, «Farhod-Shirin», ruboiy,
Zahiriddin Bobur mezonil-oyi,
Dargohiga borib men Majnun bo‘lsam.

Navoiy bilan Maxtumquli o‘rtasida ruhiy yaqin­lik, fikriy bog‘liqlik bor. Shu o‘rinda tarixga mu­rojaat qilsak.

X asrlarda Tajan daryosida qurilgan «Puli xo­tin» ko‘prigi orqali ajdodlarimiz quda-andachilik, savdo-sotiq bahonasida bir-birlari bilan bordi-keldi qilishgan. Keyinchalik hazrat Navoiy ham shu ko‘prikdan Saragtga o‘tgan, bu ko‘prikda Amir Temur, Shohruh Mirzo, Ulug‘beklarning ham izlari qolgan. Andijon, Marg‘ilon, Samarqand, Turkiston va Bu­xoroi sharif, Xiva shaharlarini ixtiyor etganda, bu yo‘llar Maxtumquli oyoqlariga poyondoz bo‘lgan. Shoir deydiki:

Ilgimni uzatsam yetadir shoxoyi ar-ar,
Ul shayxi Fuzuliyga so‘zim bo‘lsa barobar.
Sulton Husayin, Mir Alisher dunyoga da’vogar,
Farhod-la Shirin, Layli va Majnun dilovar,
Yurtlarni kezib, siyil Xurosona kelibdir.

Ulug‘larimiz boshlab bergan ustoz-shogirdlik, ru­­hiy-ma’naviy irtibot an’analari bugungi kunla­rimizgacha davom etib kelayotir.

Uzoqqa borib o‘tirmaylik, turkman xalqining mash­hur adibi Xidir Deryayev o‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriyni o‘z ustozi hisoblagan bo‘lsa, xorazmlik Bola baxshi Abdullayev turkman xalqining taniqli baxshisi Suyav baxshini ustozim deb qo‘l bergan. O‘zbek shoiri G‘afur G‘ulom bilan turkman yozuvchilarining otaxoni Berdi Kerboboyevning do‘st­ligi, birodarligi kabi misollar ikki xalq ma’­naviyatining mushtarakligidan nishonadir.

Romanni yozishimda yana bir manba Abulg‘ozi Ba­hodirxonning «Shajarai tarokima» tarixiy asa­ri ruhiy tayanch va yo‘llanma bo‘ldi. Insonning pay­do bo‘lishi, Odam Ato farzandlarining Yer yuziga tarqalishi-yu ildizi bir turk xalqlarining qadim tarixi, kelib chiqishi, hayot tarzi borasidagi qim­matli fikr-mulohazalari asarni yozishimda nihoyat asqotdi. Abulg‘ozi nafaqat dovyurak bahodir, balki ajdodlarimiz tarixini yaxshi bilgan, tibbiyot il­mining nuktadoni bo‘lib, avlodlarga ko‘pgina ib­ratli meros qoldirgan yetuk alloma ham bo‘lgan. Uning xizmatlari romanning uch-to‘rt joyida tilga olinadi.

Ma’lumki, XIX asr Xorazm adabiy hayoti tarixi mumtoz adabiyotimizning gullab-yashnagan davriga to‘g‘­ri keladi. Bu davrda Xiva shahri madaniy-adabiy hayotning markazida davrining yetuk allomalari Mu­­­nis va Ogahiylar o‘zlaridan o‘chmas tarixiy va adabiy meros qoldirganlar. Bu davr maktabi av­valo Shermuhammad Munis (1778-1829) nomi bilan bog‘liqligini aytish lozim. Munis vafotidan keyingi Xorazm adabiy maktabi bevosita Ogahiy va Feruz nomi bilan bog‘liqdir. Ogahiyning ijodi XIX asr o‘zbek adabiyotidagi nodir hodisa, Xorazm adabiy muhitida esa uning yuksak bosqichi sifatida qimmatliroqdir. Shoir ijodiy-ilmiy merosi boy va rang-barang bo‘lib, keng ko‘lami va mazmunan teranligi bilan kishini hayratga soladi. Aytish mumkinki, Navoiydan keyin adabiyotimiz tarixida bunchalik ko‘lamdor va badiiy yuksak ijod ilk bor vujudga keldi.

So‘nggi yillarda Ogahiy hayoti va ijodiy merosi keng o‘rganilmoqda. Ko‘pgina salmoqli tadqiqotlar paydo bo‘ldi. Shoirning 6 jildlik asarlar majmuasi nashrdan chiqarildi. Shu jumladan, men ham 5 yil muqaddam Ogahiyga bag‘ishlab «Taxt va baxt» deb atalgan tarixiy sahna asarimni yozdim va u ikkinchi jild «Saylanma»mdan o‘rin oldi.

Albatta, shu paytgacha yozilgan kitoblar va sahna asarlarining hammasidan ham ko‘nglim to‘ladi, deb aytolmayman. Biroq shunisidan baxtiyormanki, istiqlol yillarida, ya’ni bu erkinlik bergan im­koniyatdan baholi qudrat foydalanishga harakat qilib kelyapman. Mustaqilligimizning besh yil­ligi oldidan viloyatimiz ijodkorlari bi­lan mamlakatimizni bosh­dan-oyoq aylanib chiqish tashab­busini ko‘tardim va shu maqsadda maxsus bir yarim oylik safarga otlandik. Safar taassurotlari «Xo­razmdan O‘zbekiston bo‘ylab» rukni ostida respublika matbuoti, televideniye va radiolarda keng yoritib berildi. Natijada, o‘zbek adabiyotida unutilayotgan «Sayohatnoma» janri qayta tiklandi. Mening nazm va nasrda bitilgan «Jonim fido» nomli safarnoma kitobim dunyoga keldi. Bu kitobda mustaqilligimizning hali tetapoya davrida xalqimiz tomonidan erishilgan tarixiy yutuqlar va bu muqaddas yo‘ldagi ayrim yechimini kutib turgan muammolar o‘z aksini topdi.

So‘nggi yillarda nasriy asarlarim bilan bir­ga dramaturgiya sohasida ham ma’lum yutuqlarga erish­­dim, deb o‘ylayman. Abdulla Qahhor no­mi­dagi respublika satira teatri ijodiy jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan va bugungi kungacha sah­nadan tushmay, teatr muxlislarini xursand qi­lib kelayotgan «Bugunning shum bolasi», Sirdaryo teatrida sahnalashtirilgan «To‘y» spektakli, Xorazm viloyat teatri sahnalarida qo‘yilgan «Maxtumquli», «Qasam va vijdon», «Aybdorlar» pesalari bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bu asarlarning ko‘pchiligi Respublika televideniyesi va radiosi orqali bir necha bora xalqimizga namoyish qilindi.

Ijodiy izlanishlarim davomida Markaziy Osiyo xalqlari hayotini yaqindan o‘rganishga harakat qildim. Bu maqsadda turkman yozuvchilari Berdi Ker­boboyev, Tovshon Esenova, Ashir Nazarov, Raimboy Sobirov, Xonkeldi Qoraboyev, qoraqalpoq xalqining sevimli adiblari Ibroyim Yusupov, To‘lepbergen Qayipbergenov, qozoq shoirasi Oltinsoch Jaganova, tojik shoirasi Zulfiya Atoyi kabi taniqli adib­lar bilan bir qancha muloqotlarda bo‘ldim. Qar­dosh ijodkor do‘stlarimizning she’rlarini, asar­larini o‘zbek tiliga tarjima qildim. Jumladan, tojikistonlik taniqli shoira Zulfiya Atoyi, mumtoz turkman adabiyoti vakillaridan Kamina va Seyidiy, Turkmaniston xalq shoirlari, Maxtumquli nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari Gurbonnazar Azi­zov, Karim Qurbonnapasov va boshqalarning bir qan­cha she’larini turkman tilidan o‘zbekchaga tarjima qilib, turli gazeta va jurnallarda, kitoblarda chop ettirdim.

Darhaqiqat, umrim kitob va kitobot ishlari ichida kechmoqda. Men bundan nolimayman. Yaratganning bu ne’mati uchun har qancha shuk­rona etsam oz. Ko‘nglimda hali yana bir talay ijodiy rejalarim, orzularim bor. Bu ezgu ishlarni amalga oshirishimda O‘zidan madad so‘rab qolaman.

ADIB HAQIDA

Qurbon Muhammadrizo 1938 yil 18 fevralda tug‘ilgan. Xorazm Davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini tamomlagan. Dast­labki faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlagan. So‘ngra Xorazm radiosida muxbir, televideniyesida muharrir, bosh muharrir va rais vazifalarida faoliyat olib borgan. Shuningdek, 1982-86 yillarda O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasining viloyat bo‘­limi rahbari bo‘lib xizmat qilgan. Shu yillar davomida adibning “Gul va ko‘ngil”, “Yurak titraganda”, “Xorazmda bir go‘zal bor” she’riy to‘plamlari, “Falakning gardishi”, “Nurli izlar” qissa va publitsistik asarlari nashr etilgan. So‘nggi yillarda “Maxtumquli” romani, “Nazm daftari” va o‘nlab dramatik asarlarni o‘zida jamlagan “Saylanma”si chop etilgan. Oilali, yetti nafar farzandi bor va o‘nlab nevara-chevaralarning sevikli bobosidir.

“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 7-son.