Men bolalikdan Bobur ruboiylarini yod olganman, keyin Navoiy g‘azallarini… Keyinchalik barcha zamondosh yetuk shoirlarni sevib o‘qidim. Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Oybek she’riyati men uchun ijod maktabi bo‘ldi. Navoiy menga ustoz, pir o‘laroq Sharq she’riyati eshigini ochdi. Rumiy, Attor, Hofiz, Bedil asarlarini asliyatda o‘qish baxtiga muyassar bo‘ldim. Dastlabki mashqlarim maktab devoriy gazetasida, talabalik yillarimda Buxoro pedagogika institutining ko‘ptirajli gazetasida bosilgan. Keyinchalik “Gazoprovod” sarlavhali she’rim “Sharq yulduzi”da, “Jamila” nomli kichik dostonim Zulfiya opaning tavsiyasi bilan “Yosh leninchi”da chop etildi.
Ilk she’riy to‘plamim “Olam kirar yuragimga” 1968 yilda nashr qilindi. Bu kitob haqida taniqli shoir Husniddin Sharipov maqtab taqriz yozgani, Shuhrat aka yozgan taqriz esa Moskvada, “Literaturnaya gazeta”da bosilgani yodimda. So‘ngra yillar osha bir necha she’riy kitoblarim dunyo yuzini ko‘rdi: “Cho‘qqilarga yog‘ildi yog‘du” (1971), “Tosh tug‘yon” (1973 y.), “Hasan va oy” (1974 y.), “Quyosh chashmasi” (1976 y.), “Dostonlar” (1978 y.), “Tafakkur” (1979 y.), “Qadah” (1980 y.), “Suvaydo” (1983 y.), “Umidli dunyo” (1988 y.), “Varaxsha” (1989 y.), “Asr bilan vidolashuv” (2007 y.), “Yana ko‘nglimda uch oy” (2010 y.).
O‘tgan yillar davomida badiiy tarjima bilan ham izchil shug‘ullandim. Forsiydan Mavlono Jaloliddin Rumiyning olti kitobdan iborat “Masnaviyi ma’naviy”sini, Shayx Fariduddin Attorning “Mantiqut tayr”, “Ilohiynoma”, “Asrornoma”, “Pandnoma”, “Bulbulnoma”, “Ushturnoma” asarlarini, buyuk sharq shoirlari bisotidan “333 ruboiy” kitobini, Abdurahmon Jomiyning ikki yuz g‘azali (“Gulshaningda so‘lmasin gul”)ni, Alisher Navoiy “Devoni Foniy”sidan ikki yuz g‘azal, o‘n qasida (“Foniy gulshani”)ni, Sotim Ulug‘zodaning “Firdavsiy” romanini, turk tilidan Hazrati Ali ibni Abutolibning she’riy devonini, ingliz tilidan Vilyam Shekspirning eng yetuk o‘n ikkita asari: “Hamlet”, “Makbet”, “Otello”, “Qirol Lir”, “Romeo va Jul’etta”, “Yuliy Sezar”, “Koriolan”, “Venetsiya savdogari”, “Qish ertagi”, “Qirol Genrix IV”, “Antoniy va Kleopatra”si hamda sonetlarini, bolalar uchun turli mualliflarning “Muhammad alayhissalom qissasi”, “Muso alayhissalom qissasi”, “Iso alayhissalom qissasi”, “Budda qissasi”, “Akbar va Birbal” va “Shekspir hikoyatlari”ni, rus tilidan Aleksandr Pushkinning “Motsart va Saleri” fojeasi, buyuk frantsuz adibi Nikola Bualoning “She’riy san’at” asarini, Yan Raynisning “Oltin tulpor”, Bartold Brextning “Sichuandan chiqqan mehribon” dramalarini, Fridon Xalvashining “Kumush yelkan” she’riy to‘plamini, Radiy Fishning “Jaloliddin Rumiy” romanini o‘zbek tiliga o‘girdim. Ozarbayjon shoiri Baxtiyor Vahobzodaning “Faryod” dramasi va Fuzuliyga bag‘ishlangan “Shabi hijron” dostonini o‘zbekchalashtirdim. Ming shukrki, sanayversam yana topiladi…
Ijodiy faoliyatim davomida bir necha yil Buxoro institutida chet ellar adabiyotidan dars berdim. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida ishladim. Akademik Izzat Sulton rahbarligida ikki jildlik “Adabiyot nazariyasi”, ikki jildlik “O‘zbek adabiy tanqidi tarixi” kitoblarini yozishda qatnashdim. “Lirik she’riyat”, “Tarixiy drama” degan ilmiy risolalarim nashr etildi.
Xullas, o‘zim yozganlarim va tarjimalarni qo‘shib hisoblasa, kitoblarim soni qirqdan oshsa kerak. Ularning adadi masalasi o‘zingizga ma’lum. Masalan, “Suvaydo” va “Umidli dunyo” kitoblarim har biri yigirma ming nusxada bosilgan. “Jaloliddin Rumiy” romani qirq besh ming nusxada nashr etilib, o‘n kunda sotilib bitgan. Bu gaplar bugun afsonaga o‘xshaydi. O‘rni kelganda aytay, hozir kitob nashri va kitob savdosini ko‘ngildagidek deb bo‘lmaydi. Toshkentda to‘rt ming so‘mga sotilayotgan kitobni viloyatlarda o‘n ming so‘mga sotishadi…
Adabiyotning jamiyat hayotida tutgan o‘rni bag‘oyat buyuk. Bu gapni o‘zim adabiyotchi bo‘lganim uchun aytayotganim yo‘q. Yelkamda yetmish yillik tajriba bor. Ana shunga suyanib aytayapman. Dunyodagi barcha fanlar bir taraf, adabiyot bir taraf. Barcha fanlar taningga xizmat qiladi, adabiyot joningga, ruhingga. Xo‘sh, ruh nima? Ruh – sening insonliging. Hamma narsa parvarishga muhtoj bo‘lganidek, ruhing, insonliging ham parvarishga muhtoj. Uni yuvib, tarab turish kerak. Yo‘qsa, tubanlashib ketadi. Kostyum kiyib, galstuk taqqan olifta hayvonga aylanib qolishing hech gapmas. Bu yuvib-tarashni kim qiladi? Adabiyot, albatta. Adabiyot insonni kiroyi inson bo‘lishiga o‘rgatadi. Hoy, sen zoti sharifsan, Allohning yerdagi vakilisan, insonligingni unutma, nazaringni baland tut, faqat nafsing uchun yashama, hayvon darajasiga tushib qolma, deb ogohlantirib turadi. Shu ma’noda, adabiyot – ma’naviyat fani, bobolarimiz iborasi bilan aytganda, ilmi adab… Adab – bu o‘rinda keng qamrovli tushuncha, inson qiyofasini belgilovchi omil. Qariyalar duoda farzandlariga sog‘lik va umr barobarida Yaratgandan adab so‘rashadi. Xullas, kishi kim bo‘lishidan qat’iy nazar, masalan, buyuk olim, yetak mutaxassis, yirik davlat arbobi, mohir san’atkor, usta dehqon, mashhur sportchi bo‘lishidan ham oldin sohibadab, ya’ni, yaxshi inson bo‘lishi lozim. Adabiyot ana shu vazifaga xizmat qiladi.
Bugun texnika taraqqiyoti tufayli dunyo uyimizga kirib keldi. Televizor tugmasini bosasiz, vassalom: Parij, London, Nyu-York, Rim, Qohira, Istanbul, Tehron, Moskva, Dehli, Pekin qarshingizda tizilib o‘taveradi. Dunyoning vaziyatini o‘z ko‘zingiz bilan kuzatasiz. Dunyoda hamma narsa bor, faqat nur yo‘q, ertangi kundan umid yo‘q. Inson zoti tirikchilik ko‘yida zir yuguradi. Kambag‘allar non topsam deydi, boy-badavlatlar bir kun bo‘lsa ham ayshimni surib qolsam deydi. Dunyoga nega keldi, nega ketadi, bu narsa xayoliga ham kelmaydi. Yeb-ichib, mol-bisot to‘plasa, bas… Insonni bir lahza bo‘lsa ham to‘xtatib, hay, holingga nazar sol, bu ahvolda qayoqqa borasan, deb ogohlikka, ya’ni, insonlikka undovchi kuch – adabiyot…
Ey Navoiy, olam ahlida tamahsiz yo‘q kishi, Har kishida bu sifat yo‘qdir, anga bo‘lsin sharaf. Sen agar tarki tamah etsang, ulug‘ ishdir bukim, Olam ahli barcha bo‘lgay bir taraf, sen bir taraf...Mavlono deydiki,
Zindagi omad baroyi bandagi, Zindagi bebandagi sharmandagi…Ya’ni, hayot, tiriklik senga Allohga banda bo‘lish, chinakam inson bo‘lishing uchun berildi. Bas, shundoq ekan, bandalikdan, insonlikdan mahrum bo‘lib yashash – sharmandalikdir.
Xullas, adabiyot – insonshunoslik degani. Biz yerni, osmonni, undagi bor jismlarni bilsagu o‘zimizni, nechuk inson ekanligimizni, Yaratgandan tayin etilgan insoniy burchimizni bilmasak, holimizga voy… Hamisha va hamma sohada aql va insofni bayroq qilish insoniy burchimizdir. Adabiyot insonni aql va insofga undaydi.
Ovrupolik faylasufning bir gapini o‘qib qoldim. “Bilim deb hikmatdan, axborot deb ma’rifatdan ayrildik” deydi u. Darvoqe, dunyoni axborot bosib ketdi. Matbuotda ham, radioda ham, televizorda ham har kuni takror: o‘t olib ketdi, suv bosib ketdi, to‘fon, vulqon, zilzila, halokatu falokat… Ko‘chalarda ur-sur, to‘polon, xalq bir taraf, mirshablar bir taraf… Faqat xabar, axborot, informatsiya. Tahlil yo‘q, nega shundoq bo‘layapti, degan savol yo‘q, voqea-hodisaning tub mohiyatiga qiziqish yo‘q. Xullas, faylasufning kuyinganicha bor.
Men adabiyotimizda Sharq adabiyoti an’analari davom etishini istardim. Sharq adabiyotining mag‘zini tashkil etadigan narsa – hikmat. Xo‘sh, hikmat nima? Hikmat – mohiyat, aniqrog‘i mohiyatga yetaklovchi fikr.
“Masnaviyi ma’naviy”da yuzlab hikoyatu rivoyatlar bor. Bittasini aytib beray. Bir darvesh uzoq bir shaharda mashhur avliyo yashashini eshitib, uning ziyoratiga otlanibdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, dashtu sahrolar osha avliyoning manziliga yetib, uning eshigini qoqibdi.
“Hay, kim?” ovoz beribdi bolaxona darichasidan ayol kishi.
“Men falon yurtdan hazratimning ziyoratlariga kelgan darveshman” debdi musofir.
“Ovora bo‘libsan, darvesh, – debdi ayol. – Men uning xotiniman. Dunyoda ikkita ablah bo‘lsa, bittasi o‘sha. Dunyoda ikkita benomus, aldoqchi bo‘lsa, bittasi o‘sha shaytoni lain. Ziyoratingga arzimaydi u”, deya bor haqoratu malomatlarni yog‘dirib, erining boshiga mag‘zava to‘kibdi. “Kelgan yo‘lingga qayt”, deb gapini tugatibdi.
Darvesh hang-mang bo‘lib qolibdi. E’tiroz etmoqchi bo‘lib og‘iz juftlabdiyu yana o‘zini tiyibdi. “Mayli, nima bo‘lsa ham ko‘ray, chaqiring”, deb oyoq tirabdi.
“U uyda yo‘q, chiqib ketgan”, debdi ayol.
Shunda darvesh chor-nochor eshikdan yiroqlashib, to‘rt-besh qadam nari ketibdi. Bir odam uchrabdi. “Mabodo falon avliyoni ko‘rmadingizmi?” so‘rabdi darvesh undan. “Ko‘rdim, – debdi haligi kishi, – o‘tin tergani o‘rmonga ketdi”.
Darvesh o‘rmonga qarab yuribdi. Bir payt o‘rmondan avliyo chiqib kelibdi. Arslonga o‘tin ortib, ustiga o‘zi o‘tirib olganmish. Yo‘g‘on bir ilonni qamchi qilib, boshi uzra aylantirib kelayotganmish.
“Hay, darvesh! – debdi yiroqdan. — Ko‘nglingdan nima gaplar kechganini aytaymi?”
“Ayting”, debdi darvesh.
“Shundoq avliyo odam shunday johil xotin bilan qanday tirikchilik qilarkin?” deb o‘ylading.
“To‘g‘ri”, debdi darvesh.
“O‘ylab qara, bir xotinning javriga chiday olmasam, nechuk avliyo bo‘ldim? O‘shaning javriga chidadimki, arslonni eshshak qilib, ustiga o‘tin ortib, ilonni qamchi qilib yuribman”, debdi avliyo.
Xo‘sh, bu rivoyat bilan Mavlono nima demoqchi? Haligi ayol – shunchaki ayol emas, dunyo. Mavlono aytmoqchiki, bu dunyoga keldingmi, bas, u seni ayab o‘tirmaydi. Mashaqqatlarga duchor qiladi, boshingga tahqiru haqoratlar yog‘diradi. Ana shunga chiday olsang, marra seniki, bir nimaga erishasan. Chidamasang, naryog‘ini o‘zingdan ko‘r. Ha, dunyoni chidaganga chiqargan. Mana, sizga rivoyat zamiridan kelib chiqadigan hikmat.
Adabiyotimizni hikmat ruhi tark etmasin deyman.
Aruz – ming yillik she’riyatimizning yetakchi, bosh yo‘li. Uning yurak-qon tomiri. Men aruzda bitgan she’rlarim, ya’ni, g‘azallar, muxammaslar, ruboiylar, dostonlarimni saralab, bir kitob qildim. Asror Samad so‘z boshisi ila nashr etildi. “Shoirning aruz kitobi” rukni ostida… Istagim, har bir o‘zbek shoirning aruz kitobi bo‘lsin. Aruz bizning qonimizda, jonimizda. Mumtoz navolarimizga qanot bag‘ishlagan aruz emasmi? Bas, uni sevaylik, o‘rganaylik. Aruzda qalam tebratib, go‘zal manzumalar yarataylik.
To‘g‘ri, har bir jabhada yangilanish – hayot qonuni. Qolaversa, “Kimki yashab, yangilanadi, o‘sha mangu yashab qoladi”, deydilar ahli bilgichlar. To‘lqin ortidan to‘lqin kelmasa, daryo sassiq ko‘lga aylanadi. Avlod ortidan avlod kelmasa, jamiyat tanazzulga yuz tutadi. Adabiyot ham shunday. Izlanish, yangilanish – doimiy jarayon. Ammo yangilanish boshqalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri nusxa ko‘chirish evaziga bo‘lmasligi, adabiyot o‘zining tabiiy ildizlaridan uzilib qolmasligi kerak.
Keyingi yillarda yapon uchliklari – xakkularni tarjima qilish urf bo‘ldi. O‘qidim, yomon emas. Ammo nimadir yetishmaydiganday. Topdim, qofiya, ohang yetishmayapti. Bir tarjimonga shu haqda aytsam, yapon she’riyatida qofiya yo‘q deb qoldi. Fikrimni tushuntirishga harakat qildim. O‘zbek tili – qofiyali til, bu uning tabiati. Boshqa tillardan o‘girilgan she’r ana shu tabiatga bo‘ysunishi kerak, dedim. Baribir fikrimga qo‘shilmadi. Aytmoqchimanki, qofiyali qilib o‘girganda, u ohang kasb etar, jaranglar edi. Shu qofiyasiz holida esa u, ustoz Mirtemir aytmoqchi, she’r emas, qora so‘z… Yoki shoir Nikolo Bualo yozadi:
Go‘zal ohanglarsiz she’riyat o‘lik, So‘zlar so‘lg‘in boqar, satrlar so‘nik.Yana bir aytmoqchi bo‘lganim: kitob nashri va kitob savdosini mukammal tarzda yo‘lga qo‘yish kerak. Yangi milliy kutubxona qurilyapti, bundan benihoya xursandmiz. Endi shunga muvofiq ravishda davlat kitobni o‘z qanoti ostiga olmog‘i darkor. Kitob – ma’naviyatimiz gavhari, uni maishiy-iste’mol mollari bilan bir qatorga qo‘yib, bitta tarozida tortib bo‘lmaydi. Shundoq qilaylikki, bizda kitob kulti bo‘lsin. Shundoq qilaylikki, yaxshi kitob yozgan yozuvchi yaxshi haq ola bilsin, tirikchilik deb boshqa ishlarga chalg‘imasin.
Suhbatimizga xotima o‘rnida yana Mavlonoga murojaat qilmoqchiman.
“Bu dunyoning tuni va zulmati o‘tadi. Undan qolajak narsa – so‘zning nuri, – deydi Mavlono. – Chunonchi, payg‘ambarlar umri kechdi, biroq so‘zlarining ziyosi barhayot va mangu tirikdir”.
“Insonning vujudi bir uyum go‘ngga o‘xshaydi. Ammo ana shu go‘ng azizdir. Chunki uning bag‘rida podshoning uzugi bor” – deydi yana Mavlono.
Podshoning uzugi bu – inson ko‘ngli demak. Shu o‘rinda, ikki olamni men bitta ko‘ngil uchun yaratdim, ikki olam bitta ko‘ngilga sig‘adi, ammo bitta ko‘ngil ikki olamga sig‘maydi, degan hadisni ham eslang…
Adabiyot – inson ko‘ngli deb atalmish ilohiy mo‘jizani madh etuvchi nurli so‘zdir. Men mana shu nurli so‘z ichida ekanim uchun Yaratganga shukrlar qilaman. Va yana bir shukronam: uch qizim, bir o‘g‘lim, besh nabiram bor. Kasblari turli-tuman: shifokor, rassom, muhandis, iqtisodchi. Ammo ularning hammasi adabiyotni sevishadi, ardoqlashadi.
“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 10-son.