Kitobni sevadigan bir oilada tug‘ildim va esimni taniganimdan beri adabiyotga mehr qo‘yganlar qurshovidaman. Rahmatli ota-onam qachon bo‘sh qolishsa, qo‘llaridan kitob, gazit yo jo‘rnol tushmasdi. Shu manzaralarni ko‘rib katta bo‘ldim. Ayniqsa kichik opam Noziraxon kitob jinnisi edilar. Yosh bolaligimda necha marta o‘zim guvoh bo‘lganman: kattalar opamga: “Bor, qozon (yo qumg‘on) tagiga o‘t qalab qo‘y”, deyishsa, tutantiriqqa qo‘yilgan qog‘ozdagi yozuvlarni o‘qib tugatmagunlaricha gugurt chaqmasdilar. U qog‘oz ko‘p bo‘lsa, ko‘ravering. Ichkarida biz, choy qachon qaynar ekan, deb kutib o‘tiraverardik. Qo‘limga ilk qalam tutqazgan ham shu opam bo‘ladilar. Maktab yoshiga yetgunimcha qanchadan-qancha daftarni yozuvga to‘ldirib tashlaganman. Ayamning o‘zlariga xos ertaklari bo‘lardi. Ayniqsa rahmatli dadam hikoya aytishga usta edilar.
Uzun qish kechalari sandalda o‘tirib ko‘rak chuvirdik. Ertalabgacha “sichqoncha”larni sandalning ko‘rpasi tagida isitib, sal pahmoqlashtirib topshirishimiz lozim edi. Kechki ovqatdan keyin chuvishga tushardik. Dadam rahmatli hikoya ayta boshlardilar, biz bolalar miriqib tinglab, ancha-muncha ko‘rak chuvib qo‘yganimizni bilmay qolardik. Dadam gapiraverardilar, biz eshitaverardik. Ular hammasi rosa qiziqarli edi va men o‘zimni o‘sha ertaklar ichida his etvorardim. Bolalarcha savollarni qalashtirib tashlardim. Keyinchalik bilsam, ko‘p hikoyalari dinimiz tarixidan bo‘larkan. Ammo u paytlar dadam buni bildirmasdilar. Sovet davrida buni aytib ham bo‘lmasdi-da. Biz sovet o‘ktabirchilari yoki pionerlari edik, bilmasdan ko‘cha-ko‘yda, maktabda og‘zimizdan gullab qo‘ysak, “Yosh sovet bolasini eskilik sarqiti ruhida tarbiyalayapti”, degan ayb bilan dadajonimizning boshlariga to‘qmoqlar tushishi mumkin ekan. Endi o‘ylab qarasam, shuning ehtiyotini qilib, manbaini aytmasdan ham vazifalarini a’lo darajada bajarib ketibdilar. “Ming bir kecha”ni “Alfi laylo” derdilar. “Laylo”ni bironta ayol kishining oti bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Keyin bilsam, “kecha” degani ekan…
Bular bari qo‘shilib menda adabiyotga havas uyg‘onishiga sabab bo‘lgandir balki, ammo havas ona allalaridan yo bolalikda eshitilgan ertagu hikoyalardangina tug‘ilmaydi, deb o‘ylayman. Chunki allani ham, ertagu hikoyalarni ham deyarli hamma bola eshitadi, lekin kimdir adabiyotchi bo‘ladi, kimdir me’mor, kimdir uchuvchi bo‘ladi.
Demak, biz bilmagan, biz o‘zimiz hal eta olmaydigan, bo‘lishi bizning irodalarimizga bog‘liq bo‘lmagan holatlar ham bor. Ya’ni, ona qornidayoq bitib qo‘yiladigan taqdirning ulushini unutmaylik hech qachon, demoqchiman.
Endi ilk yozgan hikoyamga kelsak. Ilk yozganim saqlanib qolmagan. Mavzuini ham eslamayman. Lekin ilk e’lon etilganining yozilish tarixi ham, bosilish tarixi ham tafsilotlari bilan esimda. O‘zimcha pishdi deb o‘ylagan hikoyamni rahmatli Shukur Xolmirzayevga ko‘tarib olib borganman va u kishidan juda iliq fikrlar eshitganman. Yoqarmikan, nima derkinlar, deb hayajonda borgan bir g‘o‘r talaba Shukur akaday hikoya ustasi og‘zidan: “Hikoyangiz yoqdi, “Sharq yulduzi”ning kelgusi sonlaridan biriga tayyorlab qo‘ydim”, degan xushxabarni eshitsa, o‘zini qanday his etadi! O‘sha damdagi quvonchlarimni eslasam, hozir ham ayricha huzur tuyaman… “Yutuq” deb nomlangan ushbu hikoyam taqdir taqozosi bilan “Sharq yulduzi”da emas, 1982 yili yangi tashkil etilgan “Yoshlik” jurnalining ilk sonlarida mashhur yozuvchi O‘tkir Hoshimov “Oq yo‘l”i bilan chiqqan. Bu hodisa tom ma’noda mening yutug‘im edi!
Kitob shaklida esa, oldiniga hikoyalarim “Yo‘l boshida” to‘plamiga kiritildi, undan keyin mustaqil “Dunyo keng…” hikoyalar to‘plamim chop bo‘ldi, undan ham keyinroq qissa va hikoyadan iborat “Shu yerlik kishi” nomida kitobim chiqdi. Biron-bir asaringizning ma’qul topilib matbuotda chiqishi o‘zi bir olam quvonch, endi u kitob bo‘lib chiqsa, u yog‘ini har kim o‘zi tasavvur qilaversin! Ayniqsa, sovet davrida – ming xil chig‘iriqlarni yengib o‘tishga to‘g‘ri keladigan, har ma’nodagi talabchanlik qattiq bo‘lgan bir davrda, yupqagina kitobini qo‘lida ushlash boshlovchi har bir yozuvchiga cheksiz sururlar baxsh etar edi! Uning ustiga, yozganlaringizni odamlar o‘qisa, siz haqingizda, asarlaringiz haqida u yer-bu yerlarda gapirilsa!..
Keyinroq “Oq bino oqshomlari” hikoyam asosida kinosenariy yozdim, rejissyor Hotam Fayziyev suratga oldi, haligacha televizorda ko‘rsatib turiladi. Bu sohada ozgina tajriba orttirganimdan so‘ng Alisher Navoiyning men juda-juda sevadigan “Layli va Majnun” dostoni asosida kinoqissa qildim, afsus, sovetning oxirgi pallalari pul qadri kundan-kun buzilib, oxiri suratga olinmay qolib ketdi. Hazratning yaxlit tug‘ilgan sanalari bois 1991 yili 2-son “Sharq yulduzi” jurnalida chop bo‘ldi. Shunisiga ham shukr…
“Yoshlik” jurnali tashkil bo‘lgan yili men Surxondaryo viloyatining chekka bir cho‘l qishlog‘ida, o‘qituvchi yetishmaydigan to‘liqsiz bir o‘rta maktabida sakkizta fandan dars beradigan bir “ma’lim” edim. Toshkentdaligimda bir-ikkita mashqlarim bilan tanish bo‘lgan Erkin A’zam tahririyatga ishga chaqirdi. Lekin men hech bo‘lmasa bir o‘quv yilini tugatib qo‘yay deb maktabdan ketmadim. Jurnalning ikkinchi sonida chop etilgan birinchi (“Yutuq”) hikoyamni ham o‘sha paytdagi Lenin yo‘li rayonining Arab qishlog‘ida kutib olganman.
Qishloq odamlari sodda, samimiy edi. Bir-ikki oy ishlaganimdan keyin keksalardan ayrimlari: “Qalay, bizning O‘zbekiston yoqdimi, o‘rganib ketdingizmi?” deb so‘rashgan. Rosti, sal dovdirab: “Nima, men O‘zbekistondan bo‘lmay, oydan kelibmanmi?” dedim. Shunda ular kulib: “Siz farg‘onachisiz-ku”, deb javob qilishgan. Ammo bolalarining “ma’lim”ini qattiq hurmat qilishardi, men ham ularni yaxshi ko‘rib qoldim. Haligacha bordi-keldimiz bor, Ollohga shukr…
Bu aytilganlar ko‘proq shaxsimga tegishli ikir-chikirlar, boshqalarga uncha qizig‘i bo‘lmasa, uzr so‘rayman. Aslida adabiyot haqida gaplashmoqchi edik.
Meni tanigan, meni yozuvchi sifatida unutmagan, mendan nimalardir yangi asarlar kutib yurgan tanishlarimga, do‘stlarimga tahririyat bergan bu fursat va imkoniyatdan foydalanib ba’zi narsalarni bildirgim keldi.
Ikki-uchta kitob yozib, uncha-muncha davralarda nomim ham chiqib, o‘zimga, kuchimga, qobiliyatimga harholda ma’lum ma’noda ishonch hosil qilib olganimdan keyin menda g‘alati bir holat yuzaga keldi. Ketma-ket yozib, u yer bu-erda ko‘rinib turish, tobora nom qozonish, yuksakliklarga intilish… kabi istaklar butkul yo‘qoldi. Yozmay qo‘ydim. Yozgim kelmay qoldi. Eshitgan quloqqa g‘alati tuyular, ammo bu yillar ichida, ayniqsa, endigina yozmay qo‘ygan yillarim mavzulari, to‘kis voqealari, aniq obrazlari bilan, boshlanishiyu tugashlarigacha tayyor holda ne-ne hikoya, qissa va roman rejalari xayolimga keldi. Ko‘nglim sezardi: agar ularni yozsam, harholda qiziqarli bir narsalar bo‘lishi, hatto yaxshiroq narsalar chiqishi ham mumkin edi. Lekin men qaysarlik qilib turib oldim, kelganini yelkamning orqasiga tashlayverdim, yozmadim. Ko‘nglim nimadir boshqa narsa tusar edi. U narsaning nimaligini u paytlar o‘zim to‘la tasavvur etmas, qanday yuzaga chiqarish yo‘llarini ham bilmas edim. To‘qsoninchi yillarning yarimlarida “Vatan” gazetasining “Nimaga yozmay qo‘ydingiz?” degan savoliga “Men hozir o‘zimni onadan qayta tug‘ilganday his etyapman. O‘say, voyaga yetay, o‘qib-o‘rganay, ana undan keyin, nasib etsa, qo‘limga qaytadan qalam olarman”, deganga o‘xshash javob berganim esimda. O‘zimcha esa: “Olloh qo‘limdan vaqtinchaga qalamimni oldi, albatta bu narsa hikmatsiz emas, bir kuni lozim topganida qalamimni qaytarar”, deb ovunardim. Lekin bekor yurmadim: Olloh menga har biri o‘nta-o‘nta romanga tatigulik olti farzand, hozircha to‘rt nabira berdi – shular mening eng yaxshi asarlarim deb ham yupanaman…
Mana, hozir o‘sha yozmay qo‘ygan paytimni hisoblab ko‘rsam, yaqin o‘n sakkiz yilcha bo‘pqopti. Onadan qayta tug‘ilgan taqdirimda ham, hozir o‘n sakkiz yoshga kirgan bo‘laman. Harholda o‘n sakkiz yurakda turli-tuman havaslar uyg‘onadigan yosh. Shu boismi, yaqinlardan beri ichimda birnimalar g‘imirlab qolgan. Endi haqiqiy to‘lg‘oqni kutyapman. Ungacha, qo‘lim yozishdan chiqib ketmadimikan, degan hadikda va umidda bitta-ikkita hikoya yozgan edim, bittasini “Tafakkur” (“Chilla”, 2009, 3-son), ikkinchisini “Sharq yulduzi” (“Etakdagi kulba”, 2010, 1-son) jurnallari bosib, menga dalda berishdi. O‘qiganlar ham iliq qabul etganlari ko‘nglimni ko‘tardi.
Nima demoqchiman?
Hayotga, odamlarga qarashlarim butkul yangilandi. Bundan kelib chiqqan holda adabiyot to‘g‘risidagi fikrlarimda ham o‘zgarishlar yuz berdi. Ko‘nglim boshqa narsalarni tusab, boshqacha yondashuvlarni istab qoldi. Keyingi asrlarda adabiyotimiz tobora o‘zining asl vazifasini unutayotganday, o‘zi bilmagan-sezmagan holda asta-sekin begona o‘zanlarga tushib, endi hatto o‘zining qadrdon o‘zanini yo‘qotganday taassurot qoldiradi menda. Balki kamchilik mening o‘zimdadir, lekin adabiyotning bunaqa holatidan qoniqmay qolganim chin. Adabiyotning bosh mavzulari bo‘lmish Odam, Hayot, O‘limning haqiqatini bilmasdan, his etmasdan turib qilingan ishlar, yozilgan asarlarning qimmati uzoqqa bormasligiga ishonch hosil qildim. Xayolimda biz mayda narsalar orasida, keraksiz g‘oyalar tevaragida o‘ralashib yurgandaymiz. Haqiqiy adabiyotning darajasi oliy bo‘ladi, oldiga olijanob maqsadlarni qo‘yadi, jamiyatni olijanob ruhda tarbiyalaydi. Uning vazifasi sayoz, tuban hayotni ham “bor bo‘yicha” tasvirlash emas. Necha yillar davomida “bor bo‘yicha” tasvirlashga o‘rganib qolib, qarashlarimiz ancha o‘tmaslashib, fikrlarimiz sayozlashib qolganday. Masalan, bugun biz odamni, daraxtni, voqea-hodisani, ya’ni, olamning tashini ko‘ramiz, ko‘rayotganimizday tasvirlay ham olamiz, lekin ichini ko‘rmaymiz yoki ichiga kirgimiz kelmaydi. Sabablarni ko‘ramiz, tahlil qilamiz, ammo sabablarning Sababchisini ko‘rmaymiz yoki o‘zimizni ko‘rmaganga solamiz. Hayotning ko‘rinib turgan tomoni hamisha ham asli bo‘lavermaydi, aldamchi bo‘lishi ham mumkin, aldamchi dunyoga bog‘lanib qolish va shundan boshqasini ko‘rmaslik yuzalarda o‘ralashib qolishga olib keladi. Hali eslarimizdan chiqmagandir, ota-bobolarimiz – butun olamga ma’naviyatdan dars bergan o‘tmishdoshlarimiz bu dunyoni “yolg‘on”, “besh kunlik” deb bilishar edi va balki shuning uchun ularning asarlari hamon yashayapti va yana yashayveradi. Chunki aslini tanigan odamning fikrlari teran, g‘oyalari toza va uzoq umrli bo‘ladi.
Shoh Mashrab (u kishiga Ollohning rahmatlari yog‘ilsin) bir she’rida: “Dunyoga ko‘ngul bersa kishi, bo‘lg‘usi rasvo, Bu foniy jahon mulkiga shatto urub o‘ttum” desa, boshqa bir she’rida shu fikriga hamohang ravishda: “Dunyo yasanib, jilva qilib oldima keldi, Borg‘il nari, deb ketig‘a bir shattalab o‘ttum”, degan.
Bu dunyoning chin yuzini taniganlar uning chin bahosini ham bera oladi. To‘g‘ri anglash kerak, Mashrab bu satrlarida dunyoni dunyo o‘laroq inkor etmayapti, – zotan o‘zi ham shu dunyoda yashab, dunyoning ne’matlaridan bahramand bo‘lib o‘tgan, – balki dunyoning chin yuzi bilan aldamchi yuzini ajratib olishga va bu aldamchi dunyoning insonlarni to‘g‘ri yo‘llardan chalg‘ituvchi yolg‘on jilvalariga uchmaslikka, uning ketidan quvmaslikka chaqiryapti bizlarni. Chor-sovet istilosi davrida uzoq yillik mafkuraviy ishlovlar natijasida dunyoga qarashlarimiz ham o‘zgarib ketdi: chinini yolg‘on, yolg‘onini chin deydigan bo‘lib qoldik. Bugun davlat mustaqilligini qo‘lga kiritganimiz bilan hali ma’naviyatimiz, dunyoqarashlarimiz to‘la mustaqil bo‘lib ulgurganicha yo‘q. Bugun hatto hozir men aytayotgan shu kichkina, oddiy fikrlarni ko‘tara oladigan darajada ham mustaqil bo‘la olganimiz yo‘q. O‘zlikka qaytish ko‘chasining boshida turibmiz hali-hozircha. Ko‘cha boshida ham holat har xil: ayrimlar chin yurakdan o‘zlikka qaytmoqchi; boshqa ayrimlar esa, o‘zlik ularning hozirgi holatlarini inkor etishini bilganlaridan, qaytaylikmi-yo‘qmi degan ikkilanishda turishibdi; uchinchi bir ayrimlar ham bor, ular o‘zlikka butkul qaytmoqchi emaslar, ular o‘zlikni inkor etuvchilardir, ularning yuraklari o‘zgarib qolgan, ammo mafkurada ularning ta’siri hali ham katta.
Bugunning katta ziddiyatlaridan biri shu.
Jamiyatimizning bu holati adabiyot deb atalmish sohaga ham qattiq ta’sir etyapti. Bu yo‘lsizliklar, bu ikkilanishlar masala qo‘yish va yechishda, mavzu va qahramon tanlashda, yozish uslublarida va hatto tilda ochiq bilinib turibdi. Biz hatto nimalar qilayotganimizni ham, qilayotganlarimiz millatimizga keraklimi-keraksizmi ekanini ham ajratolmaydigan darajaga tushib qolgandekmiz nazarimda. Mudom o‘zlikka qaytishga bel bog‘lagan ekanmiz, bu zormanda o‘zlik o‘zi nima ekanini ajratib olmasak, yana har xil yo‘llarga uloqib ketishimiz hech gap emas.
Men “o‘zlik” deganda milliy o‘ziga xosliknigina nazarda tutmayapman. Albatta, asrlar davomida shakllangan milliy o‘ziga xoslik ham dunyoni chiroyli va rang-barang qilib turadigan ijobiy hodisadir, bunday o‘zlik inkor etilmaydi, balki qo‘llab-quvvatlanadi. Ammo eng birinchi galda o‘zlik Odam zoti o‘zining kimligini bilishi, o‘zini tanishidir. Ya’ni: men kimman – o‘zidan-o‘zi paydo bo‘lib qolgan, qiymatsiz, tasodifiy bir narsamanmi yoki yaratilishimdan ko‘zlangan oliy maqsadlar tufayli yuksak darajada qiymat berilgan bir oliy yaralmishmanmi?! Hayot nima – bugun bor, ertaga yo‘q bo‘ladigan qiymatsiz, mazmunsiz bir vaqt tushunchasimi yoki ertaga ham davom etadigan abadiy hayotning boshlang‘ich pallasimi?! O‘lim nima – tasodifiy kelishning muqarrar yakuni bo‘lmish abadiy yo‘qlikmi yoki vaqtinchalik hayotdan abadiy borlikka, abadiy hayotga o‘tish holatimi?!
Bularni har kim, eng birinchi galda ziyolilar, yozuvchi-shoirlar, ilm ahli o‘zlari uchun aniq ajratib olishlari lozim. Aks holda, chin bilan yolg‘on orasida arosatda qolib ketilishi tayin. Arosatdagi dunyoqarash bilan qanaqa adabiyot yaraladi? Va bunday “adabiyot” qanaqa yuraklarni tarbiyalaydi, kishilik jamiyatiga nima beradi, uni qanaqa yo‘llarga boshlaydi?
Ko‘p “asar”lardan qoniqmay qo‘yganimning sabablaridan kattasi shu. Lekin qoniqmaslik boshqa, odamlarni to‘g‘ri yo‘lda qoniqtiradigan asarlar yozish boshqa. Bu yo‘lda Ollohdan yordam so‘rayman, doim to‘g‘rilikni ko‘rsatib turuvchi aql-farosat, chiroyli narsalarni chiroyli ifodalovchi badiiy qobiliyat va zehniyat, kuchli qalam va ulkan to‘zim bersin hammamizga.
Hozirda bor adabiyot ayrim qirralari ila ko‘ngillarni to‘la qoniqtirmayotgan bo‘lsa, o‘rni nima bilan to‘ladi? Ehtiyojlar ichida eng kuchlisi ma’naviy ehtiyojdir. U vaqtida va to‘g‘ri qondirilmasa, tuzalmas xatoga yo‘l qo‘yiladi – yaxshilikka nomzod kishi yomonlikka boy beriladi. Ollohga shukr, adabiyotimiz bugundangina iborat emas. Juda katta ma’naviy meros egalarimiz biz. To o‘zimiz to‘g‘ri yo‘llarga tushib olgunimizcha to‘g‘ri yo‘lda yurgan va to‘g‘riligi asrlar ichra isbotlangan adabiyotimiz bizga yordamga keladi. Adashmaslik uchun o‘shalarni mahkam ushlab, asosiy ma’naviy tirgagimiz bo‘lmish Qur’on va sunnat asosida shakllangan adabiyotimiz va qadriyatlarimiz doirasida oziqlanib turishimiz kerak.
Buni mumtoz adabiyot deyiladi va u bekorga “mumtoz” deyilmaydi! (“O‘tkan kunlar”dan bu yog‘ida mumtozlikka da’vogar asarlar bormi? Bordir balki, lekin odam o‘ylanib qolarkan…)
Lekin o‘zlikdan uzilgan, juda unchalik uzilib ketmagan bo‘lsa ham, harholda uzilishga yaqin qolganlarga mumtoz adabiyotni tushunish, anglash qiyin tuyuladi. To‘g‘rirog‘i, zehnlarga “ularni tushunish qiyin” degan tushuncha singib qolgani tushunish yo‘liga asosiy to‘siqdir. Ya’ni, yetarli darajada tushunilmayotganiga matnlarning og‘irligi emas sabab, balki “tushunish og‘ir” degan tushuncha u adabiyotni bizdan ayirib turibdi. Aslida ularni tushunish juda oson, faqat kichkinagina bitta sharti – o‘zlikka qaytish, fikrda va ruhda qaytadan ularga qovushish lozim. Ya’ni, til bir bo‘lgani bilan ruh boshqa bo‘lsa, albatta tushunilmaydi-da. Boshqacha aytganda, mumtoz adabiyotni tushunish uchun mumtoz adabiyotga mahram bo‘lish kerak. O‘xshatish joiz bo‘lsa, mumtoz adabiyotimiz bor chiroyini nomahramlardan yashirgan go‘zal ayol kabidir. Suqlanib qaragan odam nari borsa bu ayolning yopinchig‘ini ko‘radi. O‘rangan ayol hech qachon nomahramga bor chiroyini, go‘zalligini ko‘rsatmaydi, uni faqat mahramigina ko‘ra oladi, u butun go‘zalligini faqat mahramigagina ochadi. Shu ma’noda, mahram bo‘lmay turib mumtoz (tasavvuf) adabiyotimizni tushuntirmoqchi bo‘layotganlarga hayron qolaman. Shuncha chiroyli so‘zlar, shuncha tirishishlar hammasi bekor, uvol ko‘rinadi menga. Uni tushunayotganga o‘xshashadi, hatto boshqalarga ham tushuntirmoqchi bo‘lishadi, aslida, haqiqatiga yeta olishmaydi, chunki “…shunoslar”ning ko‘pi unga nomahramdirlar. Ichidagi odam bo‘lib emas, tashda turib anglamoqchi bo‘lishadi. Xuddi muzey tanishtiruvchisi oyna tagidagi go‘zallikni tashqarida turib ta’riflagani kabi, dahlizda turib ichkarini ta’riflamoqchi bo‘lishadi. Bunda albatta haqiqat ochilmaydi-da. Chunki ta’rifchi ichkarini ming zavqu shavq bilan tasvirlamasin, tashqaridagi odam narsaning ich yuzini – aslini emas, tash ko‘rinishini – shaklinigina tasavvur eta oladi, xolos.
Qayoqlarga o‘tlab ketdim? Yo‘q, o‘tlamadim chog‘i. Hamon bir gap tevaragida – nega yozmay qo‘ydim, nimani va qanday yozish kerak, degan savol tegrasida aylanyapman, shekilli.
O‘quvchilar xato anglamasinlar, so‘zlarimda hozirgi adabiyotning mutlaq inkori ham, faqat mumtoz adabiyot kabi yozishga chaqiriq ham yo‘q. Chunki hayot qonuniga ko‘ra, orqaga qaytilmaydi, faqat oldga yuriladi, o‘sayotgan daraxt kabi yuksakka intiliniladi. Bu yerda gap sog‘lom tuproqdan oziqlanib, toza suvdan ichib yuksalish haqida ketyapti, xolos.
O‘rni kelib qoldi, mavzuga tegishli bo‘lgani uchun, keyingi yillarda adabiy davralarda tez-tez kuzatilayotgan bir tortishuv haqida ham mulohazalarimni bildirib o‘tsam. Gap “modern adabiyoti” nomida kirib kelgan bir tushuncha haqida. Ilk aytmoqchi bo‘lganim: “modern” so‘zining hech ham sirlilik joyi yo‘q, “yangi” ma’nosini beruvchi oddiy so‘zdir u. Agar g‘arb oxirgi yuzyillikda adabiyot olamida ko‘ringan o‘zgachaliklarni “modern adabiyoti” deb nomlagan bo‘lsa, bu o‘zlarining tilida va tushunchalarida “yangi adabiyot” deganidir, xolos. Buning odatdan tashqari hech qanaqa siri ham, yuki ham yo‘q. Chunki shaklda ham, mazmunda ham u biron-bir nazariy qoida, qolip yo ajralib turuvchi usullarga asoslanmaydi. Ya’ni, yozilishi oldingilarga va boshqalarnikiga o‘xshamagan har qanday asar yangidir, yangichadir. Bu ma’noda har qanday yangilikka yo‘l keng ochiq, buni birov qoralamaydi. Aksincha, tajribada sinalib, xalqqa yoqib, adabiyot uyidan o‘ziga munosib bir tokchani topib o‘rnashsa, qandini ursin. Tortishuv bu nom ustida bo‘lmasligi kerak, balki u yangi adabiyot bizga nimani va qanday beryapti – shu haqda kechishi lozim. Yangiligi quruq shaklida yoki boshqacharoqligi faqat tushunarsizligida bo‘lsa, uning nimasi “modern”? O‘tgan asr boshlari o‘zbek adabiyoti deyarli har kuni yangilanib turdi. Masalan, “O‘tkan kunlar” romani nechog‘li eng yangi (“modern”) asar bo‘lsa, u bilan deyarli orqama-ketin yozilgan “Sarob” romani endi undan ham “modern”lashgan edi. Cho‘lpon she’rlari modern edi, Rauf Parfi she’rlari undan ham modern. Va hokazo. Ya’ni, bu so‘zga sirlilik yuklamasdan, oddiy ko‘z bilan boqsangiz ham, adabiyot har kuni yangilanib turadigan hodisa ekanini ko‘rasiz. Lekin bu gap g‘arb adabiyotiga taqlidan “modern”lashmoqchi bo‘layotganlarga yo tushunarsizdir, yo, tushunarli bo‘lgan taqdirda ham, yoqmaydi. Chunki bunda ular o‘zlariga yuklayotgan va bor qilib ko‘rsatayotgan sirlilik yo‘qoladi.
Biz bir narsani aniq bilib olaylik: yangilik (modern) g‘arbda faqat adabiyotga xos bo‘lib dunyoga kelmagan, aksincha, u eng oldin fikrda (falsafada) ko‘rindi. Gapning lo‘ndasini aytadigan bo‘lsak, dunyoni tushunishda dinning tushuntirishidan nechog‘li uzoqlashishi va qochishi darajasiga qarab o‘ziga turli nom va “…izm”lar qo‘yib olgan fikriy-falsafiy yo‘nalishlar qiyofasida yuzaga keldi. Shu fikrlar asosida keyinroq turli adabiy oqimlar ham o‘rtaga chiqdi. Afsus, bir necha o‘n yildan beri bizda “modern adabiyot” haqida gap bo‘ladi, lekin bu tushuncha ostida nima yotibdi, u qayerda va qanday shart-sharoitlar natijasida paydo bo‘ldi – bu haqda hartomonlama asosli (fundamental), ilmiy tadqiqot yo‘q, uni yaratishga (o‘rganishga) jiddiy harakat ham sezilmayapti. Natijada kim nimani xohlasa “modern” deb atayapti, o‘quvchilarning fikrini chalg‘ityapti.
G‘arbda bunday “…izm” va oqimlar ko‘pincha yo‘lsizlikdan, chorasizlikdan, tushkunlikdan, o‘lchovsizlikdan, norozilikdan va, nihoyat, zerikishdan yuzaga kelgan – buni o‘sha g‘arb tadqiqotchilarining o‘zlari ham qayd etishgan. Bu chiroyli niqob ostida ayrim hollarda asar tagiga inson fitratiga ters g‘oyalar ham singdirib yuborilgan bo‘ladi, uni odam birdaniga sezmay ham qoladi, fikrlash tarzi yangiga o‘xshab tuyulgani uchun ixtiyorsiz ravishda ergashib ketib qolishi ham mumkin. Ehtiyot bo‘linadigan nuqta xuddi mana shu yerda. Nimadan ehtiyot bo‘lishni bilish uchun esa, sal teparoqda aytganimizdek, sinchi adabiyotshunos-mutafakkir olimlarimiz g‘arbda paydo bo‘lgan bu hodisani tagi-tugi bilan o‘rganishlari va saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib berishlari lozim. To biz hodisaning shaklinigina emas, ma’nosini ham bilaylik, saragini olib, puchagini axlat paqirga itqitaylik. Shunda xatar kam bo‘ladi.
Lekin o‘zlik aslo boshqalardan uzilib olish degani emas. Kishilar va millatlar bir-biri bilan doimo aloqa qilib turganidek, o‘zaro adabiy aloqalar va bir-birining adabiy tajribalaridan o‘rganishlar ham bo‘lib turadi. Men bu gaplar bilan, ikkala oyog‘imiz ona tuproqlarimizda mustahkam turib ham yangicha (modern) adabiyotni yaratsa bo‘ladi, demoqchiman, xolos. Shunda faqat ergashuvchi va oluvchi bo‘lib qolmaymiz, balki ergashtiruvchi va beruvchi ham bo‘lamiz.
Har xil yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish va sog‘lom yo‘lda sobit qolish uchun ayniqsa ziyolilar, xalqning oydin kishilari, barcha ijodkorlar o‘zlarida himoya qobig‘ini yaratib olishlari kerak. Bu qobiqni Odam bolasiga xolis imon beradi. Imon ko‘zi bilan dunyoga boqsangiz, dunyo o‘rtadagi hamma pardasini ko‘taradi, begona (nomahram)lardan yashirgan chin yuzini butun chiroyi va ma’nolari bilan sizga ochadi, begona (nomahram)larga ko‘rsatmagan haqiqatini sizga ko‘rsatadi. Va siz birdan o‘zingizni har qanday zerikishdan, yo‘lsizlikdan, chorasizlikdan, o‘lchovsizlikdan himoyalangan his etasiz, qarshingizda namoyon bo‘lgan ma’nolardan, go‘zalliklardan shunday hayratga tushasiz, shunday zavqlanasiz… mana shu hayratdan, mana shu zavqdan tug‘ilgan adabiyot haqiqiy va mumtoz adabiyot bo‘ladi!
ADIB HAQIDA
Nurullo OTAXONOV (Nurulloh Muhammad Raufxon) — 1955 yili Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni 1972 yili tugallab, 1972-76 yillar orasida Toshkent samolyotsozlik zavodida ishchi, “TatEnergoStroy”ga (Rusiya) qarashli ximkombinat qurilishida elektrpayvandchi bo‘lib ishlagan. 1976 yili ToshDUning (hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti) o‘zbek filologiyasi fakul’tetiga o‘qishga kirib, 1981 yili a’lo baholar bilan bitirgan. Mehnat faoliyatini 1981 yili Surxondaryo viloyatining hozirgi Qiziriq tumanining yangi o‘zlashgan chekka bir qishlog‘idagi to‘liqsiz o‘rta maktabda bir nechta fandan dars berish bilan boshlagan. Keyinchalik “Yoshlik” jurnalida muharrir, bo‘lim mudiri (1982—1989), “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida xodim (1989), “Mushtum” jurnalida mas’ul kotib (1989—1991) “Movarounnahr” nashriyotida bosh muharrir (1991—1993), “Sharq yulduzi” jurnalida bo‘lim mudiri (1993—1999) vazifalarida ishlagan. 1999 yilning iyulidan “Hidoyat” jurnali Bosh muharriri, 2010 yil avgustidan boshlab esa «Movarounnahr” nashriyoti Bosh direktoridir.
“Yo‘l boshida”, “Dunyo keng…”, “Shu yerlik kishi” singari qissa va hikoyalar to‘plamlari chop etilgan. “Oq bino oqshomlari” kinosenariyi muallifi. Dunyo adabiyotidan bir qator asarlarni o‘zbek tiliga o‘girgan.
“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 9-son.