Badiiy so‘zning mo‘jizaviy quvvatidan qalb larzaga keladi, sehrlanadi, zavq-shavqqa to‘ladi. Haqiqiy badiiy asar ta’siridan ko‘ngilda o‘zgacha bir harorat va yorug‘lik paydo bo‘ladi. Asar muallifi, uning qahramonlari yoki tasvirlagan voqelik mohiyati tufayli g‘oyibona muloqotlar, bahs-tortishuvlar boshlanadi. Yaxshi kitob insonning bir umrlik sirdoshi va yo‘ldoshiga aylanadi. Bu toifa asarlarni takror o‘qish va uqishga havasmandlik, ayniqsa, adabiyotshunoslarga tinchlik bermaydi: dilini, ko‘ngil haroratini birovlar bilan baham ko‘rish, adib mahoratidan, pokiza tiynatli qahramonlar qismatidan so‘z ochishga ehtiyoj tug‘iladi. Shu zaylda turlicha, yangicha adabiy tahlil va talqinlar maydonga keladi. Chinakam san’at namunasi bilan birga, shu umrboqiy asar mohiyatini ilmiy-nazariy jihatdan teran ochib bergan maqola va kitoblarning ham umri uzayadi.
Ushbu mulohazalar Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professori Umarali Normatovning yaqinda “O‘zbekiston” nashriyotida bosilgan «Qodiriy mo‘jizasi» nomli kitobiga ham tegishli. O‘quvchi bu kitob orqali olimning qalb haroratini his etadi; zavq-shavqqa to‘la hayajonli adabiy-ilmiy tahlillariga guvoh bo‘ldi. Albatta, olim bu kitobni bir-ikki yil ichida yoki bir o‘tirishda yozgan emas. Abdulla Qodiriy hayoti va ijodining barcha qirralarini, adibga munosabat bildirgan ilmiy asarlarni o‘rganish, tadqiq etish — uzoq davom etgan mashaqqatli ish. Umarali Normatov bu ish bilan umri davomida mashg‘ul bo‘ldi. O‘rni kelganda izlanishlarini, kuzatishlarni qog‘ozga tushirdi.
Agar diqqat qilinsa, U.Normatovning vaqtli matbuotda bosilgan maqolalarining soni besh yuzdan ko‘p, alohida nashr qilingan kitoblarining soni yigirmadan ortiq. Tabiiyki, bu asarlar orasida Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganlari ham bor. Ammo, mening nazarimda, «Qodiriy mo‘jizasi» — bu mutlaqo o‘zgacha, zavq-shavq bilan, to‘lib-toshib, mehr-muhabbat bilan yozilgani jihatidan barchasidan ajralib turadi. Kitobning «Qodiriy bog‘i», deb nomlangan dastlabki bo‘limida adibning hayot yo‘lini, boshidan o‘tgan yaxshi-yomon kunlarni, fojeaviy qismatini yoritar ekan, olim u yashagan murakkab adabiy-ijtimoiy muhit ruhini, uning atrofida kechgan ig‘voyu malomatlar mohiyatini chuqur his etib yozadi: «Qamoqda, tergov paytida ustiga bo‘htondan iborat ayblar qo‘yilganda, ayniqsa, hamkasblarining yuzsizlarcha munofiqlik qilayotganini ko‘rganda adib qanday ahvolga tushganini, bu imoni butun, o‘ta halol, rostgo‘y, mard yigit qalbida qanday tug‘yonlar kechganligini xayolan tasavvur qilish mumkin. Agar o‘sha keskin dramatik ruhiy holat to‘la tiklansa, shekspirona tragediya tug‘ilishi aniq». Bunday fikr-mulohazalarni manbalarni chuqur o‘rgangan va adibning ruhiy-psixogik holatini xayolan tugal tasavvur qilgan odamgina yoza oladi.
U.Normatov yozuvchining asarlarini va arxiv hujjatlarini, mavjud ilmiy tadqiqotlar hamda biografik ma’lumotlarni qayta nazardan o‘tkazadi, yozuvchi dunyosini, ham iste’dodli ijodkor, ham o‘z zamonasining ziyolisi sifatidagi xususiyatlarini teran tushunadi. Adib dunyoqarashi shakllangan muhitga, ta’lim-tarbiya maskanlarining saviyasiga to‘g‘ri tashxis qo‘yadi; bir qancha chigal masalalarga oydinlik kiritadi. Olim muayyan muammo ustida fikr yuritar ekan, o‘z talqinlarida ijod psixologiyasiga, inson tabiatiga xos barcha xususiyat va mayllarni inobatga oladi.
Kitobdan o‘rin olgan «O‘tkan kunlar»ning ma’no va badiiyat jilolariga, «Mehrobdan chayon» va «Obid ketmon» asarlarining yangicha talqinlariga bag‘ishlangan sahifalarda ham olimning qalb harorati ufurib turadi.
Umarali Normatov «O‘tkan kunlar» romani negizida «istiqlol qayg‘usi»ni ko‘radi. Romanda tasvir etilgan sotsial muhitning muhim bir qirrasiga urg‘u beradi. Tabiiyki, shu fikrning, g‘oyaning ildizlari Abdulla Qodiriy shuurida, asl maslagida mavjud edi. Domla ayni «istiqlol qayg‘usi», «mustamlaka balosidan xalqqa saboq berish» tezisini ilgari surganda otashin erkparvar shoir Cho‘lponni eslaydi. Shuningdek, Abdurauf Fitratning «Turkistonda ruslar» maqolasidan iqtiboslar keltiradi. Bu sahifalarda davrdoshlarning darddoshligi va maslakdoshligi oydinlashib boradi.
«Obid ketmon» haqiqati»da muallif qissadagi Xatib domla va mulla Muhsin obrazlarini, ayniqsa, mulla Obid obrazi tabiatini sinchiklab o‘rganadi. Shu asar bahonasida U.Normatov Abdulla Qodiriyning dinga va dindorlarga munosabatini tushuntirar ekan, ma’lum bir vaqtlar oralig‘ida davr oqimidagi ijodkorga, so‘ngra o‘z ichki butunligiga qaytgan shaxs siymosiga urg‘u beradi: «Umuman, 30-yillar o‘zbek adabiyotida dinga, dindorlarga bunaqa xolis munosabatda bo‘lgan boshqa birorta asarni, ruhoniylarning bunaqa samimiy, hayotiy obrazlarini ko‘rmaymiz». Shubhasiz, bu o‘rinda olim mulla Obidni ham nazarda tutadi; oldingi qodiriyshunoslar tadqiqotlarida uchramaydigan Obid ketmon obrazining yangi qirralarini o‘rtaga tashlaydi; pokdomon, halol, haqiqatgo‘y, iymonli bir insonning tevarak-atrofidagi «odamcha»lardan har jihatdan farqlanishini ko‘rsatadi.
Adabiyotshunos olimning «Mehrobdan chayon» romani taqinlari tarixiga, obrazlari ustidagi bahslarga munosabati, ayniqsa, Xudoyorxon obrazi yuzasidan bildirgan fikrlari g‘oyatda o‘rinlidir. Ma’lumki, «Mehrobdan chayon» romanidan Qo‘qon xonligidan ayrim lavhalar, xususan, Xudoyorxonning hukmronligi, amalga oshirgan ishlari, o‘rdadagi fisqu fujurlar bilan bog‘liq manzaralar ham o‘rin olgan. Yozuvchi xonni o‘z istagi yo‘lida hech qanday zulmdan qaytmaydigan hukmdor, ayni chog‘da, o‘ziga yarasha fazilatu nuqsonlari bor obraz sifatida ko‘rsatishga intiladi. Xon shaxsiyatining badiiy talqinida adib muvozanatni saqlay bilgan. Umarali Normatov shunday yozadi: «Eng muhimi, «feodal iyerarxiyaning cho‘qqisida turgan va butun adolatsiz tuzumni o‘zida mujassamlashtirgan tarixiy shaxs» obrazida keskin qoralash, fosh etish bilan barobar uni o‘z holicha, yo‘qni yo‘ndirmay, bor gaplarni yozishga urinish ham mavjud».
Menda kitobning ikkinchi bo‘limidagi «Otaga ta’zim», «Adib haqida qaydlar» sahifalarida berilgan tahlillar adib asarlariga uning hayot yo‘lidagi juda muhim «daricha»lar orqali qarashdek taassurot qoldirdi. Zero, jahon adabiyotshunosligidagi mavjud adabiyotshunoslik metodlaridan birida, aynan ana shu tamoyil, ya’ni muayyan bir ijodkor asarlarini tarjimai holi vositasida tadqiq etish yetakchilik qiladi. Adibning otasi tilga olingan asarlaridagi epizodlarni birov eslaydi yo eslamaydi. U.Normatov esa shu kichik eslatmalardan ulkan bir ma’no — adibning otasiga ehtiromini kashf etadi.
Kichik sarlavhalarga ajratilgan «Qaydlar» qisqa, lo‘nda, ma’lumotlarga boy. Unda «O‘tkan kunlar» ta’qiqlangan zamonda hukm surgan qo‘rquv saltanatining butun dahshatlarini anglash, tasavvur qilish mumkin. Shuningdek, bir sahifada «O‘tkan kunlar»ning yozib tugallangan sanasi juda o‘rinli asoslangan bo‘lsa, boshqa sahifada romanning asl matni muammosiga doir fikrlar — hali bu sohada izlanishlar davom etishini anglatadi. «Qozon safari voqeasi»da ko‘pchilik uchun yangi ma’lumotlar bor. «Qaydlar»dagi tahlillarning hayotiy voqea-hodisalar bilan uyg‘unligi o‘quvchining diqqatini o‘ziga tortishini alohida ta’kidlashni istar edim.
XX asar o‘zbek adabiy tanqidchiligi tarixida adabiy tanqidning suhbat janrida mutaxassislar bilan eng ko‘p muloqotlar uyushtirgan munaqqid Umarali Normatov bo‘ldi. Bu gapda mubolag‘a yo‘q. Domla butun ijodiy faoliyati davomida qirqdan ziyod suhbatlar o‘tkazibdi. Ulardan o‘n beshtasi jamlanib, 2008 yili «Ijodkorning daxlsiz dunyosi» nomi bilan alohida kitob holida nashr ham qilindi.
Yangi kitobidan o‘rin olgan «Badiiy so‘z qudrati» sarlavhali suhbat Abdulla Qodiriy ijodi xususida. Suhbat chorak asr muqaddam uyushtirilgan bo‘lsa ham, undagi qarashlar, ayniqsa, adib romanlari poetikasi, milliyligiga, eng go‘zal epizodlarga tegishli mulohazalar hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Aksincha, o‘sha paytlarda suhbatdoshlar tilga olgan ayrim masalalarni keyingi davr tadqiqotchilari go‘yo yangilikdek taqdim etgan hollarga duch kelmoqdamiz. Har holda, U.Normatov suhbat jarayonida oddiy bir savol berguvchi sifatida emas, balki bahs-munozaraga kirishuvchi, suhbatdosh adibning ko‘nglidagi gaplarni aytishga undovchi, eng muhimi, suhbat bahonasida mavzuga oid ilmiy-nazariy muammolarni o‘rtaga tashlovchi olim sifatida namoyon bo‘ladi.
Bu kitobda fazilat ko‘p, uning ayrim qirralaridan so‘zladik, xolos.
Ustoz U.Normatov bilan bir oliy dargohda baqamti ishlayotgan bir shogird sifatida ushbu kitobdagi ayrim sahifalarning maydonga kelish jarayoniga guvohman. Garchand bu kitob qismlari avval maqolalar holida alohida-alohida yozilib, matbuotda e’lon etilgan bo‘lsa ham, ularning asosini Umarali Normatov iste’dodi va tabiatiga xos samimiyat, xolislik, haqgo‘ylik kabi tahlil tamoyillari birlashtirib turadi. Eng muhimi, ulardan qalb harorati shunday yaqqol sezilib turadi. Bu sezim o‘quvchi qalbiga mehr-muhabbat, ehtiros bo‘lib ko‘chadi. Adabiyotshunoslar bo‘ladiki, go‘zal so‘zlaydi, dona-dona so‘zlaydi, lekin quruq yozadi. Og‘zaki suhbatlari bilan insholari orasida tafovut bo‘ladi. Ammo Umarali Normatov yozganlarida uning sohir ovozi jaranglab turadi. Ko‘z tegmasin, ustoz olim shu jarangdor ovoz bilan sal kam yarim asrdan buyon Milliy universitet talabalari oldida ma’ruzalar o‘qiydi; talabalar qalbiga ko‘rkam adabiyotga muhabbat urug‘ini ekadi. Umarali Normatov o‘z murabbiylik faoliyati davomida Abdulla Qodiriy ijodi yuzasidan yozilgan o‘nlab diplom ishlariga, qodiriyshunoslik sohasiga tegishli ikkita nomzodlik va bitta doktorlik dissertatsiyasiga ilmiy rahbarlik qildi.
To‘la ishonch bilan ayta olamizki, qodiriyshunoslik Umarali Normatov ijodining asos-negizini tashkil etadi. Shu ma’noda mazkur «Qodiriy mo‘jizasi» kitobi adabiyotshunos olimning ijodiy biografiyasidagi bosh mavzu va bosh kitobdek taassurot qoldiradi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 5-sonidan olindi.