Usmon Azimni uzoq yillardan beri bilaman. Yosh shoirning adabiyot olamidagi ilk qadamlarini eslaganimda, avvalo, uning gurji diyoridan Mayakovskiy nomidagi mukofot sovrindori bo‘lib qaytgan sururli kunlari yodimga keladi. O‘shanda u turli minbarlardan shavq-zavq bilan she’r o‘qir ekan, ovozi ham, o‘qish usuli ham, hatto she’rlaridagi lovullab turgan cho‘g‘ham o‘sha otashin shoirni eslatar edi.
Shu voqeadan keyin o‘tgan qariyb o‘ttiz yil ichida Usmonning she’ri o‘zgardi: yoshlikning jo‘shqin soylari bora-bora ikki yoni baland teraklar bilan qurshalgan anhorga kelib qo‘shilganidek, uning she’rlaridagi kurashchanlik ruhi sekin-asta o‘ychanlik va falsafiylik kasb eta boshladi. Agar uning ilk she’rlaridan zamonning, tarixiy davrning yangroq sadolari jaranglab turgan bo‘lsa, endi shoir qalbining turfa tamannolari ustuvorlik qiladigan bo‘ldi.
Usmon Azimning 1979 yili chop etilgan ilk she’rlar to‘plami “Insonni tushunish”, deb nomlangan. U shu vaqtdan boshlab har bir she’rida insonni tushunish, uning murakkab ruhiy olamini kashf etish yo‘lida izlanib keladi. She’riyatning bosh qahramoni garchand inson deb atalgan bo‘lsa-da, bu inson aslida shoirning o‘zi ekanligi ma’lum. Binobarin, shoir o‘zidagi insonni, uning ruhiy olamini, iztiroblari, alamlari, tug‘yonlari, shuningdek, erkaliklari, sevinchlari, quvonchlari, farog‘atli va baxtli daqiqalarini tushunishga va, albatta, ohori to‘kilmagan bo‘yoqlar yordamida aks ettirishga intiladi. Biz Usmon Azimning “Insonni tushunish”dan boshlab kuni kecha chop etilgan “Yurak” va “Fonus” to‘plamlarigacha bo‘lgan ijodi sahifalarini varaqlab, ulardagi poetik mazmunni ilg‘ashga intilar ekanmiz, shoirning shu davr mobaynida hozirgi o‘zbek she’riyatining peshqadam namoyandalaridan biriga aylanganiga ishonch hosil qilamiz.
Usmon Azimning o‘qtin-o‘qtin turli gazeta va jurnal sahifalarida e’lon qilingan she’rlarini o‘qigan kitobxon ularning aksari bugungi o‘zbek she’riyatining namunasi ekanligiga amin bo‘ladi. Usmon Azim she’rlarining, xususan, kaminaga, o‘ylaymanki, she’riyat muxlislariga ham manzur bo‘ladigan jihatlari oz emas. Shulardan biri ulardagi poetik fikr, tuyg‘u va kechinmaning nafis ifodalanganidir.
Men Usmonning shunday she’rlarini o‘qir ekanman, bundan bir qancha yillar ilgari ro‘y bergan voqea xotiramga keladi. Kunlarning birida biz Mirtemir domlani ziyorat qilish uchun uning xonadoniga borgan edik. Hovlidagi ishkom tagiga qo‘yilgan stol atrofida o‘tirib suhbat qurar ekanmiz, pochtalon bir talay gazetalarni olib kelib qoldi. Mirtemir domla qaysidir gazetani olib varaqlay boshladi. Shu payt ko‘zi oqsoqol shoirlardan birining she’riga tushib qoldi. U she’rni o‘qib bo‘lgach: “Falonchi aka juda ideal she’rlar yozadigan bo‘lib ketdimi!”, dedi-da, qotib-qotib kuldi. Chunki bu turkum she’rlar: “Bahor kelsa, gul ochiladi, qish kelsa, qor yog‘adi” , deganga o‘xshash siyqa gaplarning siyqa ifodasidan bo‘lak narsa emasdi. Mirtemir domlaning kinoyasi shu she’rga berilgan odilona baho edi.
Taxminan o‘sha yillarda o‘zbek she’riyatiga kirib kelgan Usmon Azim va uning tengdoshlari shoirning vazifasi o‘tmishdoshlarni takrorlash emas, balki poetik mazmunni ifodalashning yangi usul va vositalarini topish, yangi poetik obraz va bo‘yoqlar yordamida voqelikni, shu voqelikning ruhiy va ma’naviy markazi – Inson qalbida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni tasvirlash ekanligini angladilar. Ayniqsa, Usmon Azim boyagi oqsoqol shoir darajasiga tushib qolmaslik uchun doim ijodiy izlanish muhitida yashadi va hozir ham yashab kelmoqda.
Shubhasiz, har qanday shoir ham muayyan ijodiy marraga chiqibolganidan keyin shu marra atrofida aylanib qolishi, ijodiy topilmalarining rang-ro‘yini ketkazib yuborishi hech gap emas. Agar shoir o‘z iste’dodining yangi imkoniyatlarini, yangi qirralarini kashf qilishda davom etmasa, u yangi ijodiy dovonga ko‘tarila olmaydi. Usmon Azimning ijodiy yangilanib turishining sabablaridan biri shundaki, u bir adabiy turdan ikkinchisiga, bir janrdan boshqasigi o‘tib turadi. Shoirning ketma-ket hikoyalar, piyesalar va kinostsenariylar yozishi, turli janrlar, mavzular va qahramonlar muhitidan nafas olishi uning muntazam yangilanib turishiga imkon yaratmoqda. U shunday yangilanish pallalarida avval topgan poetik obraz va bo‘yoqlarni yanada o‘ynatib-yashnatib yuboradi. Eng muhimi, u his va tuyg‘ular olamiga nur tezligi bilan kirib, lirik qahramonning yoniq ruhiy holatini bir-ikki chizmabilan yaqqol gavdalantirib beradi.
Usmon muhabbat haqida ko‘p va xo‘p yozgan. Agar uning avvalgi she’rlarida lirik qahramonning sevgi tuyg‘ulari ifodasida ravshanlik va hatto porloqlik ustuvorlik qilgan bo‘lsa, so‘nggi she’rlarida porlab yongan mushaklarning yorqin izlari tasvirga tortilgandek tuyuladi. Ammo bu so‘ngan sevgi izlari emas. Lirik qahramon sevgisi (binobarin, shoir sevgisi) olovlangan bo‘lsa olovlanganki, aslo so‘nmagan. Faqat shoir endi sevgi haqida minbar oldida turgan olomonga emas, balki eng yaqin kishisining, sirdoshining qulog‘iga shivirlab aytadi.
Quyidagi she’rda shoir lirik qahramonining ana shunday o‘zgacha, ammo yoniq ruhiy holati o‘z tasvirini topgan:
Sen haqda she’r yozsam,Qayta yaralar.
Har bir so‘z. Har so‘zning
Nolasi yangi.
Dunyoga yangi bir
Dunyo taralar —
Mendan — ovoziyu
Sendan — sha’n rangi.
Usmon Azimning muhabbat lirikasi so‘nggi yillarda shunday qiyofa olgan: u so‘zga xasis, lirik qahramon qalbini o‘rtovchi iztirob yolqinini bir-ikki obraz, bir-ikki chizma bilan ifolaydi, xolos. U shunday usul bilan so‘zning she’riy matndagi vaznini, salmog‘ini oshiradi va ayni paytda she’rxonni she’rni chuqur his etishga, har bir so‘z va har bir poetik obrazning mag‘zini chaqishga da’vat qilgandek bo‘ladi.
Shoir bir she’rida yozadi:
Men seni deb azoblarga urdim bosh,Men seni deb xatolarga qayrildim.
Men seni deb gunoh bo‘ldim, bag‘ri tosh,
Men seni deb bu dunyomdan ayrildim.
Shoirning talqin etishicha, lirik qahramon ayriliqlarga qaramay bir narsaga erishganki, bu narsa ikki olamga teng bebaho boylikdir. Shoir shu fikrni lirik qahramonning kayfiyatidan kelib chiqqan holda quyidagicha ifodalaydi:
Oh, lahzada yo‘qlar etding, bor etding,Borimga ham, yo‘g‘imga ham sen yorsan.
Meni qandayin gunohlarga yor etding,
Ikki dunyom yo‘qdir, faqat sen borsan.
Aytish mumkinki, Usmon shu she’rda poetik obrazga yangi falsafiy ma’no bag‘ishlashga, lirik qahramonning yorga bo‘lgan muhabbatini yanada ulug‘lashga erishgan. Shoir bu she’r orqali chin sevgi inson ruhini pok va bokira tuyg‘ular bilan boyituvchi, uni ilohiy yuksaklik sari yetaklovchi omil, degan g‘oyani olg‘a suradi.
O‘zbek mumtoz she’riyatining eng go‘zal namunalari ajoyib poetik topilmalari, chuqur ma’noli obrazlari, tashbehlari, musiqiy navolari bilan tovlanib turadi. XX asrning 20-yillarida mumtoz aruzdan zamonaviy barmoqqa o‘tilganda, ana shu ranginlik “feodal davr lirikasi”ning belgisi sifatida sho‘ro davri she’riyatiga yo‘natilmadi. Cho‘lpon sof lirik tuyg‘u bilan yo‘g‘rilgan she’rlarida shu ranginlikni ta’minlovchi ayrim poetik unsurlaridan mahorat bilan foydalandi. Oybek bu an’anani davom ettirib, istiorani o‘z lirikasining ranginligini belgilovchi muhim vositaga aylantirdi. Oradan bir qancha yillar o‘tib, “sof lirika”ga qarshi kurash alangalari so‘ngach, dastlab Erkin Vohidov va Abdulla Oripov, so‘ngra Rauf Parfi, Shavkat Rahmon va Usmon Azimlar avlodi o‘zbek she’riyatidagi fikr va tuyg‘u ifodasining nafislashishiga yordam beruvchi tasvir usuli va vositalariga keng murojaat etdi. Xususan, Usmon istiora va boshqa tasvir vositalari yordamida tuyg‘uning ong orti harakatlarini ham tasvirlash mahoratini puxta egalladi.
Shoirning shunday she’rlarida ifodalangan poetik mazmunni bayon qilish, uni tahlilga tortish ham qariyb ilojsiz. Shu o‘rinda Usmonning “Yomg‘irli kechada…” deb boshlangan she’ridagi lirik qahramon ko‘nglida tug‘yon urgan tuyg‘ular harakatiga e’tibor qaratsak:
Yomg‘irli kechada falakka uchdim,Shamollar yuzimga yopishdi – ivib.
Yulduzlar armonli shivirga tushdi:
— Yomg‘irning hidi-ku…
— Yomg‘irning hidi!..
Bir yulduz iltijo etdi tangriga
Istig‘for so‘zida nur bo‘yi anqib.
— Qanday soz — yotmoqlik yerning tagida –
— Yomg‘irni eshitib uxlamoq baxti!..
Shu she’rni o‘qir ekanman, Dilorom Omonullayevaning latif musiqasi va Kumush Razzoqovaning dilnavoz ovozi bilan el-yurtga manzur bo‘lgan shoirning “Yomg‘ir yog‘ar mayda-maydalab” qo‘shig‘i yodimga keladi. Yomg‘ir — Usmonning sevimli obrazlaridan, yomg‘irli kun yoki tun esa uning qalbini junbishga keltiruvchi tabiat mo‘jizalaridan biri. Agar yomg‘ir yosh yigit va qizlarning muhabbat tuyg‘ulariga jo‘rovozlik qilsa, umr bahorini ortda qoldirgan kishilarda daf’atan armon tuyg‘usini uyg‘otib yuboradi, o‘tayotgan umrning uchqurligini yodlariga solib, ularni hazin va mungli kayfiyat og‘ushiga oladi. Biz mazkur she’rda aynan shuruhiy holatning tasvirini ko‘ramiz. Lirik qahramon o‘zi sevgan yomg‘irli kechada qanot bog‘lab uchgandek bo‘ladi. Yomg‘irdan iviganshabada (!) uning yuziga urilib yopishadi. Bu g‘aroyib manzarani ko‘rgan yulduzlar nazdida yomg‘ir navosini eshitib uxlash nash’ali.Ular ana shu baxtdan bahramand bo‘lishi mumkin bo‘lgan lirik qahramonga havas bilan boqib, uni kumush nurlar changiga ko‘mib yuboradilar. Bu ular tomonidan lirik qahramonga ko‘rsatilgan mehr-muhabbatning belgisi. Ammo lirik qahramon hatto kumush nurlar changida ko‘milishni ham xohlamay, tangriga: “Zaminga bermagin izmim”, deb yolvoradi…
She’r yakunida lirik qahramonning tangriga munojotidan boshqa muattar bo‘y esib-taralib turadi: bu bo‘y hayotsevarlik bo‘yidir!
Usmon so‘nggi yillardagi she’rlarida armonning ranglari va ohanglarini qanchalik turfa shakllarda ifodalayotgan bo‘lmasin, bu tasvir zaminida nekbin ruh, hayotsevarlik g‘oyasi yotadi. Usmon Azim she’riy kamalagining asosiy rangi ham ana shu ruh va ana shu g‘oyada.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 47-sonidan olindi.