Ulug‘ shoir, olim va faylasuf, jamoat arbobi Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”(“Qut berguchi bilim” yoki “Saodat kitobi”) asari o‘rta asrlar turkiy yozma adabiyotining bebaho yodgorligidir. Bu yil asarning yaratilganiga 940 yil to‘ldi. Muallif uni 1069/1070 yili yozib tugallagan.
“Qutadg‘u bilig”ning yaratilishi o‘rta asrlar Sharq badiiy-falsafiy tafakkurida, kishilik ma’naviy takomilida yuz bergan ulkan bir hodisa edi. Ushbu ijod durdonasi axloqiy-ta’limiy dostongina emas, kishilik ma’naviyati, jamiyat va davlat boshqaruvining muhim masalalarini o‘zida qamrab olgan, tiriklikning katta-katta muammolarini bilim va aql, adolat o‘lchovlari ila yechishga yo‘naltirilgan buyuk mafkuraviy asar hamdir. U turkiy xalqlarning azaliy dunyoqarashi, qadim falsafasi bilan islom qarashlari uyg‘unlashgan, og‘zaki va yozma adabiyotning sara an’analarini o‘zida aks ettirgan betakror asar sifatida yuzaga keldi.
“Qutadg‘u bilig”ning uchta yirik qo‘lyozmasi ma’lum. Ularning biri eski turkiy-uyg‘ur, ikkisi arab xatida. Arab yozuvli qo‘lyozmalar(Namangan va Qohira nusxalari), chamasi, XIII–XIV yuzyilliklar oralig‘ida ko‘chirilgan. Uyg‘ur yozuvli nusxani esa 1439 yili hirotlik Hasan Qora Sayil Shams baxshi ko‘chirgan.
Fanda asarning arab yozuvli Namangan nusxasi ancha keng o‘rganilgan. Asar bo‘yicha yaratilayotgan tadqiqotlar ham, ko‘pincha, matnning ana shu nusxa asosidagi nashrlariga tayanadi. Asarning uyg‘ur yozuvli nusxasiga kelsak, masala jiddiy. Herman Vamberi bilan Velhelm Radlovdan bo‘lak hech kim asarning bu qo‘lyozmasi ustida jiddiy ishlagan emas. Qolaversa, ularning transkriptsion nashrlari o‘sha paytdayoq turkshunoslikda tanqidga uchragani mutaxassislarga ayon. Buni to‘g‘ri tushunish kerak, ularning tadqiqoti Yevropa turkshunosligi endi oyoqqa turayotgan bir davrda – XIX asr oxirlarida yaratilgan. Shuning uchun qusurdan xoli emas.
Hozir ham bu soha juda gurkirab ketgan deyolmaymiz: uyg‘ur xatidagi matnlarni o‘qib, ular ustida ilmiy ish yaratishga qodir bo‘lgan olimlarning o‘zi dunyo turkshunosligida barmoq bilan sanarli. Shuning uchunmi yoki matnni o‘qib ma’no chiqarish qiyinligidanmi, asarning Hirot nusxasi fan e’tiboridan aytarli chetda qolib kelmoqda edi. Quvonarlisi, o‘zbek turkshunosligida bu yo‘nalish birmuncha jonlanib qoldi. Yaqinda qadimgi turkiy bitiglar bo‘yicha mutaxassis, turkshunos olim Qosimjon Sodiqovning “Qutadg‘u bilig”ning uyg‘ur yozuvli Hirot nusxasi” (2010), deb atalgan kitobi chop etildi. Kitobda Hirot nusxasining matn va yozuv o‘zgachaliklari, qo‘lyozmaning turkiy matnchilik tarixida tutgan o‘rni to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Unda asarning kirish, boshdagi o‘n bir bobi hamda xotima bo‘limlarining transkriptsiyasi, talqini ham keltirilgan. Tanlangan transkriptsiya, ilmiy matn printsiplari turkshunoslikning bugungi talablariga to‘la javob beradi. Matnshunoslikda ergashsa bo‘ladigan yo‘l.
Shu o‘rinda o‘zbek matnshunosligida ko‘p ham e’tiborga olinmayotgan va filologiya ilmining oyog‘iga tushov bo‘lib borayotgan bir qusur to‘g‘risida ikki og‘iz gap. Ilm ahliga ayon, hozirgi ilmiy-tadqiqotlarning ko‘pi ilk manba emas, turli nashrlar asosida yozilmoqdaki, bu dunyo fanida amalga oshirilgan ishlarning qaytarig‘idek xuddi. Ustiga ustak, nashrlarimizda, hatto sof ilmiy ishlarda, tarix yoki boshqa sohadagi ishlarni qo‘ya turing, filologiya sohasidagi doktorlik va nomzodlik ishlarida ham ilmiy transkriptsiyaga ko‘pda amal qilinmaydi. Buning yomon jihati — har qanday yozma merosning ilmiy nashri transkriptsiyada bo‘luvi kerakligini tushunib yetmayapmiz. Shuning uchun matnshunoslik bilan bog‘liq ishlarimiz dunyo ilmi darajasiga ko‘tarilolmay, soyada qolib ketyapti. Hozirgi jahon ilmi talablarini nazarda tutadigan bo‘lsak, ilmiy nashr deyilganda matnning ilmiy transkriptsion o‘girmasi, uning tarjima va izohlari, faksimili bilan birgalikdagi to‘liq to‘plami ko‘zda tutiladi. Bu jihatdan Q.Sodiqovning ishi maqtovga loyiq.
Kitob olimning ko‘p yillardan buyon qo‘lyozma ustida olib borgan tinimsiz mehnatlarining samarasidir. U o‘zining ilmiy faoliyati davomida asarning uchala nusxasini sinchiklab chog‘ishtirib, aytish mumkinki, fanda tosh bosadigan, qoladigan asarlar yaratdi. Yangi chop ettirgan kitobida ham uning uzoq yillik tajribasi, ayni sohada yiqqan bilimlarining etkisi sezilib turibdi. Shu sohada boshqa olimlar hali aytib ulgurmagan, original fikrlari talay.
Q.Sodiqovning asar qo‘lyozma nusxasi va uning o‘ziga yarasha belgilari, asar nusxalarini o‘zaro chog‘ishtirish asosida aytgan fikrlari ahamiyatlidir. Qizig‘i shundaki, uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmaning boshqa nusxalardan farqli yerlari ko‘p. Ularni o‘qib, ma’no chiqarib olishning o‘zi mushkul. Shu choqqacha bu nusxani ko‘rgan olimlar, ushbu farqlarning ko‘pini kotibning xatosi, deb keldilar. Q. Sodiqovning xulosasiga ko‘ra, uyg‘ur yozuvli qo‘lyozma boshqalariga qaraganda eskiroq nusxadan ko‘chirilgan. Undagi farqlar kotibning xatolari emas, mazmun bilan bog‘liq. Uning kotibi qoraxoniylar davri tilini juda yaxshi bilgan va matnga uquv ila yondashgan. Qo‘lyozma qunt bilan o‘rganilsa, asar va uning mazmuni bilan aloqali ko‘p tugunlar yechiladi, ilk nusxa (muallif varianti) sari yo‘l ochiladi.
Asar nusxalarini o‘zaro chog‘ishtirish asosida aytilgan mulohazalarga bir-ikki misol. Asarning Namangan nusxasida dastlabki to‘rt bob sarlavhasi arabcha atalgan. Qolgan sarlavhalar esa turkiyda. Muhimi shundaki, uyg‘ur yozuvli Hirot nusxasida ilk to‘rt bobning sarlavhasi ham turkiy atalgan. Qo‘lyozmalar orasidagi bu farq aniq bir xulosa aytishga imkon beradi. Q. Sodiqovga ko‘ra, boshda(muallif nusxasida) bob sarlavhalarining bari faqat turkiyda edi. Keyinchalik, asar maqaddimasidagi boshlang‘ich boblarning sarlavhalari Sharq islom kitobat an’anasi yo‘lini tutib, arabchaga o‘girilgan. Shunga ko‘ra, asarning uyg‘ur yozuvli Hirot nusxasi qandaydir eskiroq nusxaga asoslanganligini taxmin qilish mumkin.
Mavjud nusxalarning hech biri to‘liq emas. Bir nusxadagi bob boshqasida tushib qolgan yoki ularning ayrimlari qo‘shib yuborilgan. Baytlarining soni ham har xil: bir nusxada bor bayt boshqasida uchramaydi…
Matnshunoslar buni yaxshi biladi: asarning muayyan bir nusxasi ustida ishlaganda ba’zan mazmunni ochib berish qiyin kechadi. Ana shunday o‘rinlarda asarning boshqa qo‘lyozma nusxalarini chog‘ishtirish ilmiy izlanuvchiga asqotadi; o‘zini qiynagan tugunlar yechilib, asosli, yangi-yangi o‘y-fikrlar tug‘ilaveradi. Bunga bir-ikki o‘rnak beramiz.
Tadqiqotchining yozishicha, ezgu ishlar qilmoqlikka bag‘ishlangan to‘qqizinchi bobda, til va so‘z ta’rifida shunday bayt bor (bayt Namangan nusxasidan olingan):
Uqush ko‘rki so‘z-ul, bu til ko‘rki – so‘z, Kishi ko‘rki yuz-ul, bu yuz ko‘rki – ko‘z.Ushbu baytning ma’nosi: “Uquv(ya’ni zakovat)ning ko‘rki so‘zdir, bu tilning ko‘rki – so‘z, Kishining ko‘rki yuzdir, bu yuzning ko‘rki – ko‘z”.
E’tibor qaratilsa, birinchi satrning ma’nosi g‘aliz ekanini anglash qiyin emas: unda “uquvning ham, tilning ham ko‘rki so‘z” ekani ta’kidlanmoqda.
Asarning uyg‘ur yozuvli Hirot nusxasida ushbu bayt boshqacharoq berilgan – mantiqda izchillik bor. Undagi bayt quyidagicha:
Uqush ko‘rki til-ul, bu til ko‘rki – so‘z, Kishi ko‘rki yuz-ul, bu yuz ko‘rki – ko‘z.Ma’nosi: “Uquvning ko‘rki tildir, bu tilning ko‘rki — so‘z, Kishining ko‘rki yuzdir, bu yuzning ko‘rki — ko‘z”.
Ko‘rinadiki, asarning Namangan nusxasini ko‘chirayotgan kotib, charchaganidanmi, bexosdanmi, birinchi gapdagi til so‘zining o‘rniga so‘z deb yozib yuborgan. Hirot nusxasida esa ana shu bayt asos qo‘lyozmadan to‘g‘ri ko‘chirilgan.
Tadqiqotchining e’tiborini tortgan yana bir misol. Asar muallifi Yusuf Xos Hojibning yoshi bilan bog‘liq bo‘lgan bir ma’lumot asarning Namangan nusxasida shunday berilgan:
Tegurdi menga elgi elik yashim, Qug‘u qildi quzg‘un tusi-teg bashim. O‘qir elik emdi mengar kel teyu, Pusug‘ bo‘lmasa, bardim emdi naru.Ma’nosi quyidagicha bo‘ladi: “Ellik yoshim menga qo‘l tegurdi,
Qora quzg‘un tusidek boshimni oq(qush) qildi [ya’ni: soch-soqolim oqardi]. Ellik (yosh) endi men tomon kel, deb chorlamoqda,
Pistirma (ya’ni o‘lim) bo‘lmasa, endi nari boraman”.
Ushbu baytlarda adib o‘zi to‘g‘risida ma’lumot berar ekan, yoshining ellikdan oshib oltmish tomon ketganligini ta’kidlayapti. Lekin birinchi satrda “Ellik yoshim menga qo‘l tegurdi” deb, keyingi baytda ham “Ellik(yosh) endi men tomon kel, deb chorlamoqda” deyilgani qiziq. Chamasi, bu o‘rinda ham kotib tasodifan yanglishib ketgan: keyingi baytdagi altmish so‘zining o‘rniga elik deb yozib yuborgan.
Tadqiqotchiga ko‘ra, asarning uyg‘ur yozuvli Hirot nusxasida ushbu baytlar to‘g‘ri berilgan:
Tegurdi menga elgi elik yashim, Qug‘u qildi quzg‘un bushi-teg bashim. O‘qir emdi altmish menga kel teyu, Pusug‘ chiqmasa yo‘lda, bardim sayu.Bu ikki baytning ma’nosi quyidagicha bo‘ladi: “Ellik yoshim menga qo‘l tegurdi, Qora quzg‘un tusidek boshimni oq(qush) qildi [ya’ni: soch-soqolim oqardi]. Endi oltmish (yosh) menga kel, deb chorlamoqda, Yo‘lda pistirma [ya’ni o‘lim] chiqmasa, u tomon boraman”.
“Qutadg‘u bilig” nusxalarini o‘zaro chog‘ishtirib o‘rganishning ahamiyati katta. Muhimi, Hirot qo‘lyozmasining qadri boshqa nusxalardan oz emas, uning o‘ziga yarasha yutuqlari ham bor. Matnlar bir-biriga chog‘ishtirilganda asarning ilk, muallif nusxasi sari yo‘l ochiladi.
Bir misol: “Qutadg‘u bilig”ning Namangan nusxasidagi boblar fihristi “Eti kavakib o‘n iki buruj” (“Etti yulduz, o‘n ikki burj”) degan sarlavha bilan boshlangan.
Qohira nusxasining boblar mundarijasida bu sarlavha “Eti kavakib, o‘n iki yulduzni ayur”, deb berilgan.
Hirot nusxasidagi boblar fihristida esa, bu sarlavha bir oz farqli. U “Eti yulduz, to‘rt yag‘iz, o‘n iki o‘kakning o‘gdukini ayur”, deyilgan. Shu o‘rinda sarlavhadagi to‘rt yag‘iz birikmasiga e’tibor qaratsak. Undagi yag‘iz – asli rang ma’nosini bildiradi. Bu sifat badiiy asarlarda, xususan, “Qutadg‘u bilig”da ham yerga nisbatan qo‘llanilgan: yag‘iz yer – qo‘ng‘ir yer. Ko‘chma ma’noda “er”ning o‘zini ham bildiradi, yag‘iz deganda “er, tuproq” tushuniladi. Bob sarlavhasiga kelsak, unda to‘rt yag‘iz deyilmoqda, buni “to‘rt yer” deb tushunilmaydi; uni unsur, element, materiya deya anglamoq kerak: to‘rt yag‘iz – “to‘rt unsur” degani. Ana shunda matnga mos tushadi. Chunki ushbu bobda yetti yulduz, o‘n ikki burj va to‘rt unsur to‘g‘risida so‘z yuritilgan. Shundan kelib chiqib, tadqiqotchi yuqoridagi sarlavhani “Etti yulduz, to‘rt unsur, o‘n ikki burjni madh etganini aytadi”, deb o‘giradi. Uning yuqoridagi misolga tayangan holda qayd etishicha, yag‘iz so‘zi ilk ma’nosida “unsur”ni bildirgan, qolgan ma’nolari esa o‘shandan urchigan.
Bulardan ko‘rinadiki, muallifning ko‘zi tirikligidayoq asarning bir qancha varianti bo‘lgan. Bizgacha saqlangan qo‘lyozmalar bir nusxadan emas, uning turli variantlaridan ko‘chirilgan, deb qarash to‘g‘ri bo‘ladi.
O‘tmishda asar qo‘lyozmalarining tarqalishi, asarning turkiy adabiyot kechmishidagi dong‘i-ovozasi to‘g‘risida ham tadqiqotchining jo‘yali xulosalari bor. Uningcha, asar qo‘lyozmalarining XIII—XV asrlarga tegishli ekani, ayniqsa, uyg‘ur yozuvli nusxaning temuriylarning yirik madaniy, adabiy markazlaridan bo‘lmish Hirotda ko‘chirilgani o‘ta ahamiyatlidir. Bu — uning qoraxoniylar zamonidagina emas, keyingi asrlarda ham turkiy adabiyotda katta o‘rin tutganidan dalolat beradi. “Qutadg‘u bilig” Hirot adabiy muhitida ma’lum va mashhur edi. O‘sha kezlari asarning bizgacha yetib kelmagan nusxalari bo‘lgani tabiiy. Hasan Qora Sayil Shams baxshi bizga ma’lum bo‘lgan Hirot nusxasini o‘sha qaysidir qo‘lyozmadan ko‘chirgan.
Asarning mavjud qo‘lyozmalari ichida arab yozuvli Namangan va Qohira nusxalari eskiroqdir. Arab yozuvli nusxalar bo‘la turib, uyg‘ur xatida yangi bir nusxaning ko‘chirilgani qiziq. Bu hodisa yozuv amaliyoti, xususan, o‘sha kezlar turk-islom madaniy muhitida uyg‘ur va arab yozuvlarining tengma-teng ishlatilganligi bilan bog‘liq. Q.Sodiqovning fikriga qaraganda, muallif o‘z asarini uyg‘ur xatida yozgan, keyinchalik u arab yozuviga ham o‘girilgan. Shu yo‘sin XI — XV yuzyilliklarda asarning uyg‘ur hamda arab yozuvli qo‘lyozmalari keng tarqalgan. Shularga tayanib, “Qutadg‘u bilig”ning kunimizga qadar yetib kelmagan boshqa nusxalari ham ikki xil yozuvda bitilgan, deya taxmin qilsa bo‘ladi.
Q. Sodiqovning kuzatuvicha, uchala nusxaning matni bir-biriga to‘la mos tushmaydi. Qo‘lyozmalarning biri boshqasidan ko‘chirilgan emas. Ularga butunlay boshqa-boshqa nusxalar asos bo‘lganligi aniq. Shu o‘rinda mavjud qo‘lyozmalarning qay biri qadimiyroq nusxadan(ehtimol ilk nusxadan) ko‘chirilgan, degan so‘roqning tug‘iluvi tabiiy. Bu xususda uning xulosasi shunday: uyg‘ur yozuvli Hirot qo‘lyozmasi, keyingi davrga tegishli esa-da, boshqalariga ko‘ra eskiroq nusxadan ko‘chirilgan. Chamasi, unga asos bo‘lgan qo‘lyozma ham uyg‘ur xatida edi.
Shu va shuning singari yutuqlari bilan ushbu kitobni matnshunoslik sohasidagi yangilik desa arziydi.
Qudratulla Omonov,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 30-sonidan olindi.