Yaqin orada yo‘lingiz tushib poytaxtimizning Forobiy ko‘chasidan o‘tgan bo‘lsangiz, tepalikda qad rostlagan mahobatli tasviriy pannodagi asarga ko‘zingiz tushgandir. Unda oq tulporda olis manzildan qaytayotgan Otabekning (mashhur «O‘tkan kunlar» romani qahramoni) qabriston yonida otdan tushib, tiz cho‘kkancha marhumlar ruhiga duoyu fotiha bag‘ishlayotgan holati aks ettirilgan. Tasvir ostida esa quyidagi zalvorli bitik darj etilgan:
Ey, aziz inson! Asta bos qadam! Bir kuni shu tuproq quchar seni ham!..Ulkan pannoning yana bir yerida esa sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlarining: «Aziz avliyolar, sahobalar maqbaralarini-yu, qutlug‘ qadamjolarini ziyorat etmoqni ham farz, ham qarz bilur edim. Qayda bo‘lmay, ziyoratgohlar oldida otdan tushib, tahorat olgach, yalang oyoq bilan borib, ziyoratni o‘rinlatdim. Arkoni davlat, barcha mulozimlarim ham ziyoratgohlarni ana shunday tavof etmoqni odat bilishdi», degan tuzugi joy olgan.
Tasvirdagi Otabekning some’ holatiyu, undagi da’vatkor so‘zlar sizni befarq qoldirmagani, shuuringizdan bezovta o‘ylar kechgani aniq. Sir emas, bugun ayrimlarimiz qabriston odobini unutganmiz. Ko‘pchilik haydovchilar, xususan yoshlarning qabristonlar oldidan o‘z mashinalarida katta tezlikda, buning ustiga radio va magnitofonlari ovozini baralla ko‘tarib, shovqin-suron bilan o‘tib ketishayotganini ko‘ramiz… va bu bepisandlikdan malollik tuymaymiz. Shunga ko‘nikkanmiz. Millatning solih farzandi timsoliga aylangan Otabek esa…
«Xalqimiz faqat jisman emas, ruhan ham uyg‘oq bo‘lmog‘i darkor. Ruh bedorligiga uning rahbar rahnamolari, olimu ziyolilari, barcha farzandlari mas’uldir».
Yurtboshimizning ushbu da’vatkor so‘zlari mazkur pannoning bosh qismidan o‘rin olgan. Darhaqiqat, mustaqillikdek ulug‘ ne’matni asrash, uning poydorligini ta’minlash uchun xalq ruhini uyg‘otish lozim. Bunday ulug‘ yumushga millatning har bir peshqadam namoyandasi, ziyolisi o‘zini safarbar va mas’ul deb bilmog‘i kerak…
Forobiy ko‘chasidagi qabristonga kiraverishda qad rostlagan mazkur tasviriy ko‘rgazma bilan tanisha turib, sizda uni g‘oyatda ibratli, yurtimiz miqyosida yoysa arzigulik yangilik bo‘lgani haqida fikr tug‘ilgan bo‘lsa va shuning barobarida bu xayrli ish tashabbuskori — muallifi kim ekan, deya qiziqqan bo‘lsangiz ajab emas.
Siz balki «Sharqona bozor fazilatlari», «Vatan yuragida javohir», «Ajdodlar nidosi», «Non-ne’matlar sultoni», «Shahidlar nidosi», «Mangu xotira» kabi risolalar, yoki bo‘lmasa «Toshkentning o‘n ikki darvozasi» nomli turkum maqolalar bilan tanishdirsiz. Bezovta qalb, donishmandona nigoh mahsuli sifatida dunyoga kelgan bu asarlar muallifi… Ha, o‘sha siz bilgan taniqli elshunos, tarixchi olim, tinib-tinchimasligi, jonkuyarligi bilan el-yurt e’zoziga, e’tirofiga sazovor bo‘lgan nuroniy Mehrjonbobo — Bilol Aminovdir.
«Chin olim yostig‘in toshdin yaratdi, Neki bildi, oni olamga aytdi», deydi Xoja Ahmad Yassaviy hazratlari. Bilol Aminov ana shunday behalovat olimlar sirasiga kiradi. Ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak, mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq u vaqtli matbuotda, radio va televideniyeda xalqimizning “Mehrjon” deb atalguvchi azaliy bayrami haqida chiqishlar qila boshladi. Bu bayramning qadimiyligini Abu Rayhon Beruniy asarlaridagi bitiklar bilan isbotlab, uning xalqimiz hayotida, ma’naviyatida tutgan o‘rni jihatidan bahoriy bayram Navro‘z bilan egizak ekanini jon kuydirib targ‘ib etdi. Bilol akaning chiqishlari e’tiborsiz qolmadi. “Mehrjon” bayrami har yili oltin kuz faslida — 23-24 sentyabr kunlari yurtimizda keng nishonlana boshladi.
Istirohat bog‘lariga, mahallalar va ko‘chalarga «Mehrjon» nomi berildi. Mazkur bayram tegrasida xuddi Navro‘zdagi kabi xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazish, keksalar, nogironlar, yetim-esirlarni yo‘qlash odat tusiga kirdi.
2004 yil — «Mehr-muruvvat yili» davlat dasturida mazkur bayramga alohida urg‘u berilib, «Shukronalik va mehr-muruvvat g‘oyalarining ifodasi bo‘lgan an’anaviy Mehrjon sayli o‘tkazilsin», deya ko‘rsatildi. Bundan ruhlangan tolmas olim yaqindagina og‘ir xastalikni o‘tkazgan esa-da, oyoqqa turib ketdi. Shifokorlarning ogohlantirishiga qaramasdan qizg‘in ijodiy ishga kirishdi. Olti oy davomida «Assalom, Mehrjon!» kitobchasini, «Mehrjon xalq saylini O‘zbekiston viloyatlarida tashkil qilish va o‘tkazish haqida” tasviyanoma risolani, «Assalom, Mehrjon!» rangli kalendar-plakatni, «Mehrjon — ezgulik darakchisi» nomli rasmli risolani chop ettirdi. Bulardan tashqari, bu qadimiy bayram haqidagi turkum maqolalar yozib, respublikamiz vaqtli matbuotida o‘zbek, rus, qozoq tillarida e’lon qildirdi. Darhaqiqat, o‘ylagan niyating ijobati, harakatlaring samarasini ko‘rmoqlik kishiga betimsol kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi. Yangidan yangi orzu-niyatlar, g‘oyalar tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.
Albatta, hamma vaqt ham o‘ylagan niyating, taklifing, tashabbusing qo‘llab-quvvatlanavermaydi. Ba’zi loqayd, yangilikdan hadiksiraydiganlar xayrli ishni orqaga surishi ham mumkin. Ammo, Bilol Aminov bunday hollarda qo‘lini sovutmaydi, ezgulik tantanasiga ishonadi. Uning har qanday vaziyatda suyanadigan, ruhiga quvvat oladigan tayanch manbasi bor. Bu xalq donishmandligi durdonalari bo‘lmish hikmatlar hamda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hadisi shariflaridir.
Nafsilambrini aytganda, Bilol akaning butun umri, xatti-harakati hadisu hikmat asosiga qurilgan, desak yanglishmaymiz.
Aytaylik, Bilol aka bir qo‘lida aso, boshqasida ozgina bozorlikmi, kitoblarmi solingan xalta bilan chorrahadan o‘tib boryapti. Shunda odobligina bir o‘smir qo‘lidagi yukni olib, mashinalar g‘ujg‘on ko‘chadan o‘tib olishiga ko‘maklashdi. Bunday holatda boshqa qariya bo‘lganida «Umringdan baraka top, bolam», deb duo qilardi-da, yo‘lida davom etardi. Ammo, Bilol aka bu bilan kifoyalanmaydi. Vaziyatdan unumli foydalanib, o‘smirga hadisu hikmatlardan so‘zlaydi. O‘ziga xos mayinlik, sehrli ovoz bilan yigitchaning yuragiga yo‘l topadi. Hech bir malol kelmaydigan yo‘sinda ajdodlar o‘gitini uning qulog‘iga quyadi.
«Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo», deyishadi. Qahramonimiz Bilol aka butun umr hikmat izlab, o‘z hayotining har bir daqiqasini hikmatga yo‘g‘irib yashayotgan zamondoshlarimizdan. Yozgan asarlarining aksari hikmatu hadis targ‘ibiga bag‘ishlangan. U nafaqat bobomeros durdonalarni to‘plash, xalqqa yetkazish bilan shug‘ullanadi, balki o‘z hayot tajribalaridan kelib chiqib, o‘qigan-uqqanlarini qalb qatidan o‘tkazib, o‘zi ham hikmatlar yaratadi.
Uning «Yon daftardagi bitiklar» turkumida yaratgan «Qutlug‘ dard», «Bozor odoblaridan bir shingil», «Ajab saodat» nomli hikmatlar to‘plami bu insonning ma’naviy-ruhiy olami kengliklari haqida yetarlicha tasavvur bera oladi.
Tarix fanlari nomzodi, milliy qadriyatlarimiz tiklanishida faollik ko‘rsatayotgan taniqli amaliyotchi olim Bilol Aminov ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Respublikasining Tarix institutida xizmat qildi. Xalq etnopedagogikasi bilan bog‘liq mavzularda O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent Farmatsevtika institutida ma’ruzalar o‘qidi. Vaqtli nashrlarda, radio, televideniyeda, shifokorlar, o‘qituvchilar malakasini oshirish institutlarida, mahalla, maktablarda qiziqarli ma’ruza va suhbatlar o‘tkazdi. Hali eslab o‘tganimizdek o‘nlab risolalar yaratdi.
Elshunos olim keksalik va xastalikka yo‘l bergisi kelmaydi. U o‘zi yashaydigan professorlar shaharchasi, “Mirzo G‘olib” mahallasi faollaridan biri. O‘nlab maktab o‘quvchilarini o‘zining «Hikmat — ibrat» to‘garagiga jalb etib, ularni xalq donishmandligi durdonalaridan voqif etib kelayotir. Uning mazkur yo‘nalishdagi asarlari, hadisu hikmatlarni yoshlar ongiga sindirishning tezkor usullari borasidagi tavsiyanomalari olim faoliyatini keng ko‘lamga olib chiqayotir.
«Insonda ko‘ngil taxti, deb atalgan bir shohona tuyg‘u bor. Bu tuyg‘u har qanday martabadan yuksakroqdir», deydi tabarruk yoshdagi elshunos olim. Darhaqiqat, inson ko‘ngli birlamchi. Uni Ka’baga mengzaydilar ahli donishlar. Zero, Ko‘ngil Ka’basini foniy dunyo martabalaridan afzal ko‘radigan Mehrjon bobomiz — Bilol Aminovga hamisha shunday ma’naviy yuksakliklar hamqadam bo‘lishini tilaymiz.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 8-sonidan olindi.