Alisher Navoiy “Xazoyin ul-maoniy” asarining matnini professor Hamid Sulaymonov nashr ettirgandi. Shu matn xorijda ham ma’lum. Kanadalik yirik sharqshunos Elizar Birnbaum Eron kutubxonalaridan izlab topgan Navoiy bu asarining ikki matnidagi ba’zi kamchiliklarni tuzatishda H.Sulaymonov nashr etgan matnga asoslanganini yozadi. Matn tilini ilmiy o‘rganishda undagi tovush(harf) va mazmun munosabatiga alohida e’tibor qaratish kerak. Matn tilshunosligi ilmiy jihatdan boshqa tilshunoslik sohalaridan farqqiladi. Tilshunoslik, umuman, tilda fonema (tovush), morfema (eng kichik ma’nodorbirlik), so‘z (tilning asosiy markaziy birligi), so‘z birikmasi va gapni birliklar sifatida ajratib, ularni fonologiya, morfologiya, leksika, sintaksis va stilistika kabi til bosqichlarida o‘rganadi.
Matn tilshunosligidagi asosiy birliklar: matn, abzats, murakkab sintaktik birikmalar va gap(jumla)dan iborat. Agar tilda eng yirik birlik gap bo‘lsa, matnda u eng kichik birlik bo‘lib qoladi. Binobarin, an’anaviy tilshunoslik va matn tilshunosligi o‘rtasida katta farqlar bor. Matnga bir butun sistema va struktura sifatida yondashilsa, farqlar yanada oydinlashadi. Hozirgi davrda mavjud bo‘lgan matn tilshunosligiga doir turli nazariy qarashlar ham o‘zaro farqlanadi, lekin ular negizidagi eng asosiy muammo — matn tuzilishi va unda mazmunning tildagi ifoda vositalari bilan berilishidir. Biroq matndagi har bir birlik doirasida tildagi turli kategoriyalar va ularning qo‘llanishini alohida o‘rganish mumkin.
Hozir yurtimizda matn tilshunosligiga doir yirik asar yoki darslik, nazariy kontseptsiya yo‘q. Bu sohada yaratilgan ba’zi o‘quv qo‘llanmalarigina mavjud, biroq ular hali ommalashmagan. Matn tilshunosligi magistratura o‘quv rejasiga kiritilib, o‘zbek, Sharq va G‘arb tillari o‘rganilayotgan bo‘limlarda o‘qitilmoqda. Lekin bu sohada yaxshi natijalarga erishganimiz yo‘q. Matntilshunosligida xorijda taklif etilgan ko‘pgina nazariy qarashlar mavjud. Ulardagi ijobiy jihatlardan o‘z darslarimiz va amaliy faoliyatimizda, matn tabdili va tahlili sohalarida foydalanish mumkin. Olimlar ko‘proq mumtoz asarlar matnini tayyorlash va uni o‘rganish sohasida o‘z fikrlarini aytmoqdalar. Biroq mumtoz asarlarimizning G‘arb tillariga tarjimalarini o‘rganish, ular tahlili va tabdili masalalarini ham unutmaslik lozim.
Ba’zi mumtoz asarlarimiz fors, ingliz, nemis, frantsuz,yapon va boshqa tillarga tarjima qilindi, ularning tarjimalari haqida nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalari yozildi. Bu sohada tarjimashunoslikni adabiyotshunoslik tarjimasi vatilshunoslik tarjimasi deb, ularga maxsus shifr berib, ikki mutaxassislikka bo‘lib yuborilganini noo‘rin, deb o‘ylayman. Axir, tarjima nazariyasining asosi asliyat tili bilan tarjima qilingan til xususiyatlari va ularni chuqur qiyoslashdan iborat emasmi? Asar yozilgan tilda va tarjima qilingan tilda so‘zlovchi xalqlarning psixologiyasi, madaniyati, urf-odati va boshqa jihatlarini yaxshi bilmay badiiy asar tarjimasi bilan shug‘ullanish yaxshi natija bermaydi. Ana shu jihatdan tarjimashunoslik boshqa ko‘pgina fanlar va ularning turli sohalari bilan uzviy bog‘langan. Tarjima doim asosan til va adabiyot oralig‘ida bo‘lib kelgan; shu sababli ba’zan xorijiy tadqiqotchilar tarjimaning tilshunoslik va adabiyotshunoslik bilan bog‘liqbo‘limlarini ko‘rsatadilar, lekin ularga hech qachon ikki mutaxassislik sifatida qaramaydilar.
Fikrimiz dalili — 2004 yili Kambrij universiteti nashriyotida chop etilgan Basil Xatimning “Tarjima” nomli darsligi va yana shu muallifning “Tarjima va bu sohada ilmiy-tadqiqot olib borishga o‘rgatish” nomli o‘quv qo‘llanmasida aynan shunday qarash mavjud. Tarjima aslida bir tildagi matnni boshqa bir tilga o‘girishdir. Asliyatmatni va tarjima qilinayotgan tilga o‘girilgan matn bosqichma-bosqich bir-biri bilan chog‘ishtirilishi natijasida hosil bo‘luvchi bu jarayonni tillararo matnlarni qiyoslash, deb atash mumkin. Yaxshi tarjima natijasida asar muallifining uslubi, o‘z “ovozi”,mahorati, ba’zi til alomatlari saqlanib qoladi. Shu ijobiy xislatlar mohir tarjimon Ibrohim G‘afurov tomonidan Chingiz Aytmatovning rus tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Qulayotgan tog‘lar” asari matnida ko‘plab topiladi. Tarjimada I.G‘afurov o‘zining tilni chuqur bilishini namoyish etgan. Nazarimda, uning tarjima jarayonida qo‘llaydigan o‘z lug‘ati bor. Mana, e’tibor bering: “…kaboblarning hidlari ko‘kka o‘rlagan”; …serizdihom azim shaharda turar” “olti oy muz-qori erimaydigan terskaylarda istiqomat qilardi. Shuning uchun uni qorli tog‘lar ilvirsi deb atashardi, qor uyurimlari…”; “…echkilar hurkak, sezgir ko‘zlarini yiltiratib…”; “…ular tovushdan ham tez uchishadi – jonlari, tuyoqlarining kuchida – barashmaydi…”, “…suvloqdan bosh ko‘tarib, …suvotga borayotgan kiyiklar…”
Bu so‘z va iboralarning ko‘pchiligi hattoki besh jildli izohli lug‘atdan ham topilmaydi. Asliyat matniga tarjima jarayonida qanday yondashish, zarur so‘z va iboralarni topib, ularni o‘z o‘rniga qo‘ya olish, urf-odat, madaniyat, psixologiya va hayotning eng nozik tomonlarini yaxshi bilish natijasida Chingiz Aytmatovning “Qulayotgan tog‘lar” asari go‘yo o‘zbek tilida yozilgandek tuyuldi menga.
Matnshunoslar badiiy asarlar matniga yassi(gorizontal) va tik(vertikal) holatlar jihatidan qaraydilar. Birinchi holatda matn, abzats, murakkab sintaktik birikma va gap farqlansa, ikkinchi — tik holatda matn ichidagi barcha xususiyatlar mazmunnitashkil etishi ko‘rinadi. Tarjimada ham ana shu ikki holat e’tiborga olinadi.
Matnshunoslarni tayyorlashda xorijiy tillarni, xususan, turk, arab, fors, hind, xitoy, koreys, yapon, ingliz, nemis, frantsuz, ispan, italyan va boshqa tillarni o‘rgatish foydadan xoli emas. Chunki o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalaridan ba’zilari ana shu tillarga tarjima qilinib nashr etilgan. Hozirgi davrda arab va fors tillaridan o‘zbek tiliga yoki, aksincha, o‘zbek tilidan arab va fors tillariga tarjima qiluvchilar ko‘proq topiladi. BiroqG‘arb tillaridan, hattoki rus tilidan o‘zbek tiliga yoki, aksincha,o‘zbek tilidan rus tiliga tarjima qiluvchilar ancha kamroq. To‘g‘ri, keyingi davrda bular ham ko‘payib bormoqda, lekin ehtiyojni qondira oladigan darajada emas. Bu tarjimonlar magistratura yoki alohida kurslarda o‘qigan, nazariy va amaliy bilimlarni yaxshi egallagan bo‘lishlari lozim. Tarjima nazariyasi va amaliyoti bo‘yicha bakalavriyat va magistraturani O‘zbekiston Milliy universiteti xorijiy filologiya fakultetida qayta tiklash maqsadga muvofiqdir.
Albatta, matnshunoslik va manbashunoslik adabiyotshunos, tilshunos, psixolog, tarixchi va faylasuflarni birlashtirib turadi. Chunki mumtoz asarlarning ko‘proqmatnlari shu sohalarga oid.
Nazarimda, Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida matnshunoslik va manbashunoslik bo‘limi tashkil etilib, unga bu sohalarni muvofiqlashtirib turuvchi markaz vazifasini bajarish topshirilsa, ayni muddao bo‘lur edi.
Abduzuhur Abduazizov,
O‘zMU professori
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 48-sonidan olindi.