Adabiyot gazetamizda matnshunoslik muammolariga bag‘ishlab maqolalar e’lon qilinayotgani ayni muddoa bo‘ldi. Chunki bugungi kunda matnshunoslik, ayniqsa, O‘zbekiston uchun dolzarb ahamiyatga ega. Hozir o‘lkamiz tarixi va madaniyatiga oid yuzlab bebaho asarlar nashr etilmasdan qo‘lyozma holida saqlanmoqda.Shularni hisobga olib, so‘nggi yillari O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ham matnshunoslikni institutning yetakchi ilmiy yo‘nalishlaridan biriga aylantirib, qimmatli qo‘lyozma asarlarning ilmiy-tanqidiy matnlarini nashrga tayyorlashga qaror qilindi. Ilmiy ishlar bo‘yicha direktor muovini, tarix fanlari doktori Surayyo Karimova rahbarligida “Markaziy Osiyo tarixi, fani va madaniyatiga oid manbalar tadqiqi” nomli Davlat granti doirasida Ogahiyning “Jome’ ul-voqeoti sultoniy”, “Zubdat ut-tavorix”, fors tilidagi Muhammad Tolibning “Matlab ut-tolibin”, Muhammad Amin Buxoriyning “Ubaydullanoma”, Jumaquli Urgutiyning “Tarixi Xumuliy”, Abdurahmon Tolening “Abulfayznoma”, arab tilidagi Beruniyning “Saydana”, Mahmud ibn Sulaymon al-Kafaviyning “Katoyib a’lom”, Abu Hafs Nasafiyning “Matla un-nujum” asarlari ilmiy-tanqidiy matnlarini tayyorlashga kirishildi va ularning dastlabkilari nashr uchun hozirdir.
Arab va fors tillaridagi asarlar ilmiy-tanqidiy matnlarini O‘zbekistonda tayyorlash zarurmi, ularni o‘zbek tiliga o‘girish bilan cheklanilsa bo‘lmaydimi, qabilidagi savollarga duch kelamiz ba’zan. Biz, ilmiy tadqiqotlar saviyasi talab darajasida bo‘lishi uchun bu, albatta, zarur tadbir, deb javob beramiz. Chunki odatda bir necha nusxada yetib kelgan asar qo‘lyozmalari orasida turli farqlar bo‘ladi. Asarning turli nusxalari muqoyasa qilinib, yaratilgan ilmiy matngina tarjima va tadqiqotlar uchun ancha ishonchli bo‘ladi. Qolaversa, turli mavzuda izlanishlar olib borayotgan mutaxassislar tarjima emas, balki asl matnga tayansalar, ularning tadqiqotlari tosh bosadigan bo‘ladi. Chunki asl matnda muhim istiloh va unvonlar asar yozilgan davrda qanday ishlatilgan bo‘lsa, shunday yoziladi. Tarjimada ular o‘zgarishga uchrashi va boshqa ba’zi kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Milliy fanimizning xalqaro obro‘si bilan bog‘liq yana bir jihat borki, bizning tariximiz va madaniyatimizga oid asarlarning ilmiy-tanqidiy matnlari Arab mamlakatlari (movarounnahrlik ulamolar kitoblari), Eron (fors tilidagi bir qancha tarixiy manbalar), Amerika (Munis va Ogahiyning “Firdavs ul-iqbol” asarining Yuriy Bregel tarafidan tayyorlangan ilmiy-tanqidiy matni), Yaponiya (Muhammad Hakimxonning “Muntaxab ut-tavorix” asarining Yayoi Kavaxara, “Boburnoma”ning Eyji Mano tarafidan nashr etilgan ilmiy-tanqidiy matnlari) va boshqa mamlakatlar olimlari tomonidan nashr qilinayotganida o‘zbek manbashunos-matnshunoslari bu ishda nainki ishtirok etish, balki faol kirishib, bu sohada yetakchilikni o‘z qo‘llariga olishga burchlidirlar.
Turkiy tildagi asarlarni kirill yoki lotin alifbosiga tabdil qilishdan oldin ham ularning muallif tomonidan ilk bor yaratilgan yozuvdagi ilmiy-tanqidiy matnlarini hozirlash katta ahamiyatga ega. Aks holda, tabdil turli-tuman xato-yu kamchiliklarga ko‘milib, har tomondan tanqid tig‘iga duchor bo‘laveradi.Bu holni muayyan bir misolda ko‘radigan bo‘lsak, 2001 yili “Fan” nashriyotida Alisher Navoiy yigirma jildlik asarlar to‘plamining 17-jildi sifatida “Nasoyim ul-muhabbat” asari nashrdan chiqdi. Buyuk adibning eng yirik nasriy asari O‘zbekistonda ilk bor to‘liqholida nashr etilishi quvonchli hodisa, albatta. Biroq bu nashrni ko‘zdan kechirgan, ayniqsa, ilmiy ishlarida foydalanmoqchi bo‘lgan mutaxassis o‘ylanib qoladi. Kitobda xatodan xoli sahifa kam. Boz ustiga, Navoiy matnidagi ko‘plab so‘z va jumlalar e’tiborsizlik natijasida tushirib qoldirilgan. Ba’zi so‘zlarning to‘g‘risini va nashrdagi xato shakllarini quyida keltiramiz: “ul kitobdag‘i” – “ul kitobda dag‘i”, “siroti mustaqim” – “siyrati mustaqim”, “aning man’in” – “ani mutaayyin”, “yozi giyohi” – yoz giyohi”, “inak” – “onak”, “anga rom” – “orom”, “komlarim” – “g‘amlarim”, “yoyoq” (yayov ma’nosida) – “ayoq”, “suvab” – “savob”, “ramida” – “rasida”, “elttingmu?” – “ittingmu?”, “taxalluf” – “takalluf”, “sel” – “sayl”, “iflos” – “ixlos”, “afzun” – “afsun”, “tafsilin” – maxlasin”, “to‘ni” – “tani”, “qaziya” – “qissa”, “ishorat” – “ishrat”, “base” – “boshi”, “bir zarf” – “biz taraf”, “siroyat qilibdur” – “sanga qolibdur”, “joj (behuda, be’mani gap) chaynama” – “yoy chaynama”, “dom” – “tom”, “sarvaqtig‘a” – “pisar vaqtig‘a”, “Tum” – (hozirgi Tim) – “Qum”, “hakim” – “hukm” va hokazo. Bu kabi xatolar kitobxonga matn ma’nosini qiyinlashtirib, ba’zan uni mutlaqo tushunarsiz qilib qo‘yadi. Masalan: “Ul it boshin ul harfqa solib, ul sutdin ichti” jumlasidan so‘ng, “It boshini qanaqa harfga tiqdi ekan?”, deb bosh qotirish mumkin. Holbuki, bu so‘z asliyatda “zarf”, ya’ni idishdir. Xatolar tufayli ba’zi hollarda Navoiy ko‘zda tutganiga zid ma’nolar chiqarish mumkin. Nashrga tayyorlovchilar ayrim so‘zlarni “to‘g‘rilab” tabdil qilishlari natijasida “tushunarli, ayon” ma’nosidagi “mafhum” so‘zi barcha hollarda teskari ma’nodagi “mavhum” shaklida yozilgan. Ahmad Yassaviy xalifalaridan Bob Mochin ismi Bobi mo Husayn tarzida taqdim etilgan.
Davra suhbatiga “Aks-sado”da (“O‘zAS”, 2010, №29) g‘urur bilan aytilgan: “O‘zbekistondagi matnshunoslik sistemasida ishlab chiqilgan talablar kabi akademik mezonlar dunyoning boshqa hech bir mamlakatida yo‘q!” kabi gaplarga hali erta emasmi? Men, aksincha, professor Nurboy Jabborovning “Dunyoda fanning bu jabhasi zamon talablari darajasida rivojlangan bugungi kunda biz hanuz matnshunoslikning sistemali yaxlit nazariyasini ishlab chiqa olganimiz yo‘q” (“O‘zAS”, 2010, 27-son), degan fikriga qo‘shilaman. Eronda Firdavsiy va Sa’diy, Germaniyada Gyote va Shiller, Rossiyada Pushkin va Tolstoyning biron asari shunday ahvolda nashr etilishi mumkinmi? To‘g‘ri, XX asrda shakllangan til va klassik adabiy til orasida katta tafovutlar bor. Biroq “Nasoyim”ning muvaffaqiyatsiz nashri sabablari faqat shulardan iborat emas. Aslida biz 2001 yildayoq asarning, boringki, a’lo darajada bo‘lmasa-da, qoniqarli nashriga ega bo‘lishimiz mumkin edi.
O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining katta ilmiy xodimi Hamidxon Islomiy “Nasoyim ul-muhabbat” ustida izlanishlar olib borib, nomzodlik ishini yoqlagandi. Domla “Nasoyim”ning Turkiya, Rossiya, Frantsiya va O‘zbekistondagi eng qadimgi, ba’zilari Alisher Navoiy hayotligi davrida ko‘chirilgan mo‘tabar nusxalar asosidagi matnini o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillaridayoqhozirlagandi. Balki Navoiy asarlarining 17-jildini tayyorlashda ana shu matn ham e’tiborga olinganda foydasi tegarmidi? Albatta, “Nasoyim ul-muhabbat”ni nashrga tayyorlagan mutaxassislar ham yetarli tajriba va malakaga egaliklarini, oldin bir qancha sifatli matnshunoslik ishlarini amalga oshirganliklarini hech kim inkor etmaydi. Lekin, ehtimol, vaqt kam bo‘lgani uchundir, ular asarning qadimgi qo‘lyozma nusxalariga tayanishdek birdan-bir to‘g‘ri va maqbul yo‘ldan bormay, turk olimi Kamol Eraslon tomonidan 1996 yili Anqarada chop etilgan lotin grafikasidagi nashrni asos qilib olishgan. To‘g‘ri, K.Eraslon o‘z ishida bir necha mo‘tabar qo‘lyozma nusxaga tayangan. Biroq u amalga oshirgan nashrda ancha-muncha xatolar o‘tib ketgan. Kirilldagi nashrga K.Eraslon yo‘l qo‘ygan xatolarning o‘zigina o‘tganida ham bir navi edi. Shunisi afsuslanarliki, Turkiya nashrida to‘g‘ri keltirilgan ko‘p so‘zlar Toshkent nashrida xato tarzda tabdil qilingan. Bu hol boshlovchilargina emas, nom qozongan ustozlar ham matnshunoslikka katta mas’uliyat bilan yondashib, mumtoz asarlar matnini tayyorlash bir urinishda qilinadigan ish bo‘lmay, uzoq muddat qunt va sabot bilan ishlashni taqozo etishini unutmasliklari lozimligini ko‘rsatadi.
G‘ulom Karimiy,
O‘zR FA Sharqshunoslikinstituti katta ilmiy xodimi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 44-sonidan olindi.