Asad Dilmurod. Tuyg‘u va tafakkur birlashadigan o‘zan (2010)

Sevimli “Yoshlik” kamina uchun ayniqsa e’zozli, negaki, orzu-havasga lim-lim bo‘lgan o‘t-olov davrim, ayni paytda, ilk ijodiy urinishlarimni doim yodimga solib turadi. Jurnal dastlabki tarixiy hikoyam “Sherdor”ni jamoatchilik e’tiboriga havola etganda qanchalar ruhlangan edim, shundan keyin necha-necha yuz yillar naridan bugunga nigoh qadagan moziyga butunlay bog‘langan bo‘lsam ajab emas.

Umr qushdek uchib o‘tdi-yu, xayolparast yoshligim olisda qoldi, shuning bilan birga, u hayotim va qalbimga juda yaqin: mudom zavqu shavq bilan bezov talik va bedorlikka undaydi.

Yorug‘ dunyoda badiiy adabiyot atalmish bitmas-tuganmas noyob xazina mavjud ekanidan voqif etgan, dilimda so‘z san’atidek tengi yo‘q mo‘jizalar mo‘jizasi mehru muhabbatini joylagan navqiron fasldan bir umr minnatdorman.

Balki kularsiz: xayol otida dunyo kezish, yaproq shitirlashidan ham hayratlanish, lov etib yonishu o‘chish, tez sevinishu qayg‘urish kabi odatlarni yo‘rgakda yuqtirgan bo‘lsam kerak. Ko‘pincha biron badiiy asar ohanrabosi ta’siriga tushib qolardim va turli azoblarga yo‘liqqan badiiy qahramonlar hayotiga aralashib ketardim. Qaysi vaqt “Xo‘rlangan va haqoratlanganlar” romanini o‘qib yig‘laganim, necha kun o‘zimga kelolmay ma’yus yurganimni xotirlasam, ko‘ksim allanechuk sanchib qo‘yadi.

O‘sha kezlar nima uchun shunday g‘alati kechir-mishlarga chulg‘anganim sababini tuzukli bilmasdim, ammo endi ancha-muncha bilaman, barkamol badiiy so‘z chinakam go‘zallik – estetik qudrat bo‘lib, birinchi navbatda, aqlu zakovat emas, qalb, ruh va sezgilarga ta’sir ko‘rsatar ekan…

Badiiy ijodni qismat hisoblab, ijod sururi va nashidasi bilan baxtini to‘kis sanaydigan har bir kimsa kitob oldida burchli, kamina bo‘ynida ham uzish qiyin shunday qarz bor, agar hayotdan qaysidir darajada o‘rnimni topib, biron qadam ilgari bosgan bo‘lsam, bari shu sodiq do‘stu yor ko‘magida amalga oshganini jonu dilim bilan e’tirof etaman.

Kamina kitob asiri edim, birontasini albatta yostig‘im ostida qo‘yib yotardim, hatto qiziqarli voqea-hodisalarini tushlarimda ko‘rardim, bir qo‘limda ketmon, birida o‘roq tutib, vaqt topsam-topmasam, kutubxonaga chopganlarim esimda va hamon o‘zimni romantik tafsilotlarga boy ertakla-ru dostonlar olamida, “Kapitan Grant bolalari”, “Boshsiz chavandoz”, “Gulliver sayohatlari”, “Qoplon dara asirlari” kabi javohirlar uyg‘otgan ajib taassurotlar og‘ushida ko‘raman, demoqchimanki, kitob bugun ham suyaguvchi qadrdon hamdamimdir.

Afsuski, oqu qorani tuzukli farqlamas ba’zi so‘zamollar endilikda badiiy kitob eskirdi, xizmatini tugatdi, televideniye, kino va internet tizimi ma’naviy taraqqiyot, xususan, san’at sohasida alohida jalb qiluvchi yangi bosqichni boshlab berdi qabilida o‘ylamay-netmay fikr yuritishlari rusumga aylandi, bir yoqlamalikdan iborat bunday sovuq munosabat faqat mutolaa bilan ulg‘aygan chinakam kitobxon avlod vakillariga naqadar og‘ir botadi.

Ochig‘i, jaholat va xudbinlik hidi anqiydigan yuzaki qarashlar umri uzoq emas, chindan ham ular ezgu milliy qadriyatlar va an’analar asosida tobora rivojlanib borayotgan badiiy-estetik tafakkur mash’ali yorug‘iga tob berolmay chekinayotgani va chilparchin bo‘layotgani kuzatiladi.

Bashariyat o‘tmishi, buguni va ertasini birlashtiruvchi azaliy-abadiy dialektik mantiq, umuman, inson istiqboli, ezgulik va adolat tantanasini ba-diiy adabiyotsiz tasavvur qilish mushkul, demak, u mangulikka daxldor ilohiy ne’matdir.

Bundan seziladiki, ijodkor samandar kabi olovu otash ichra yashash uchun mahkumdir, aniqrog‘i, mudom so‘z, tafakkur va qalam bilan mustahkam ittifoq tuzib, uni og‘ishmay ijro etishdek murakkab jarayonning faol ishtirokchisiga aylanishi, nihoyat, mutlaqo berk tilsim eshigini ochishi lozim, binobarin, bunday sharaf faqat munosib salohiyat sohibi bo‘lgan kishilargagina nasib etadi.

Po‘latdek toblangan chinakam iste’dod bilan barcha sinovlarga dosh beradigan butun e’tiqod egizakdir. Har qanaqa sharoitda ular bo‘sh kelmay bir-birini qo‘llab-quvvatlashga qodir. Ayni holat badiiy so‘z poetikasi jozibadorligi, pozitsiyaviy barqarorlik, fikriy isyonkorlik, mantiqiy izchillik va falsafiy ko‘lamdorlik miqyosini belgilaydi. Agar iste’dod va e’tiqod tanu jonimiz ichra yonma-yon nafas olib turishiga zig‘ircha shubha qilsak, qalam hamda so‘zni qiynamaganimiz ma’qulroqdir.

Vaqti-zamonida mafkura e’tiqodni chetga surib yuborgani oqibatida so‘z bag‘ridagi najotbaxsh cho‘g‘ yolqini deyarli so‘ndi, mahorat bobida yetuk ko‘pgina san’atkorlar, o‘zidan adashgan so‘z bilan birga, boshi berk ko‘chalar sari yuz burishga majbur bo‘lishdi.

Endilikda so‘z san’ati bo‘yniga o‘ralgan, emin-erkin nafas olishi uchun behad xalaqit berayotgan jaholat sirtmog‘i parchalandi, u o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘lga kiritdi.

Mana shu isloh samarasi o‘laroq, badiiy-estetik va tanqidiy-estetik tafakkur mezonlari tubdan o‘zgardi, shu sohalarda muhim ko‘tarilishlar ro‘y berib, eskicha fikr yuritishu qalam tebratish yarashmay qoldi va, bemalol ta’kidlash mumkinki, bugungi milliy adabiyot o‘zini izlash, o‘zligi sari intilish orqali kutilmagan badiiy mahorat bekatlarini zabt etish maqsadida bel bog‘lagan adabiyotdir.

Shaksiz, adabiy shijoat, behad quvonchli bo‘lishi bilan birga, mislsiz darajada mas’uliyatli, hatto keng qamrovli hamdir. Tarixan qisqa muddatda to‘plangan ibratli tajribalar badiiy ijod ko‘ngil ehtiyoji, ma’naviy poklanish, o‘zlikni anglash ruknlarini jamlagan zargarona nozik hunar ekanligini qayta-qayta eslatayotir.

Darhaqiqat, keng ma’nodagi estetik idealni ro‘yobga chiqarish borasida izlanish ixtiyoriy ravishda yurakni cho‘g‘langan fikr tig‘iga o‘nglagan holda muttasil dard chekishdan iboratdir. Xuddi shu haqiqatni nazarda tutgan Robindranat Tagor badiiy adabiyotning yagona tendentsiyasi tuyg‘u degan fikrni ilgari surgandi. Rostdan ham tuyg‘u asar tomirlari bo‘ylab to‘lqin kabi oquvchi issiq qondir, shu omilsiz u jaziramada chanqab qurigan daraxtga o‘xshab qovjiraydi. Sehrgar adib Elias Kanetti kuchaytirilgan his-hayajonga o‘ralmagan poetik so‘z hayotiylik, jonlilik va estetik ta’sir kuchidan mahrum bo‘lishi, yuzaki tafsilotlar soyasida nomu nishonsiz qolib ketishini qayd etgani bejiz emas.

Chindan, tajriba ko‘rsatadiki, badiiy tasvirda og‘riqli va otashin kechinmalar gavhardek tovlanib turishi, ya’ni mahorat o‘zanida iztiroblar bilan tafakkur tutashuvi ro‘y berishi maqsadga muvofiqdir, negaki, faqat shunday holatlarda sezgilarni junbushga soluvchi hujumkor psixologik bo‘hron sodir bo‘ladi.

Asli, shu jihatdan sinchiklab qaralsa, so‘z san’ati ko‘nikmasi qalb va aqlu idrok, zakovat va sabru bardoshni qayta-qayta iylab pishitadigan halovatsizlik chig‘irig‘iga mengzaydi va u muntazam ravishda har xil adabiy tajribalar ustida zahmat chekishga da’vat etadi.

Katta-kichik izlanishlar bahona bildimki, qarshida cho‘zilib yotgan, misli yo‘q uqubatlarni yashirgan o‘nqir-cho‘nqir yo‘l tasavvur qilganimdan ko‘ra uzoqroq, aniqrog‘i, nihoyasiz. Ana shu chegarasi yo‘q chegara qoshida ruhiy tushkunlikka tushmay, turli shubhaga bormay, kuyib-o‘rtanmay harakatlanish mumkin emas.

Ter to‘kish onlari faqat so‘z va qalam bilan hasratlashish, ular yuragiga qo‘l solish kifoya qilmaydi, avvalo, yolg‘iz o‘zing bilan o‘zing muttasil olishib, dilingni shafqatsizlarcha tinmay taftish qilishingga to‘g‘ri keladi. Hayotiy voqea-hodisalar, taassurotlar, iztirobu quvonchlarni shunchaki qayd etib o‘tish muhim emas, muhimi – ularni yurak qoni bilan me’yorida tasvirlash va teran talqin qilish orqali o‘zlik mohiyatini anglash sari borishdir.

Agar toshda gul undirish azobidan ziyodaroq qiynoqlaru to‘lg‘oqlar evaziga, orzu-umidlaring, g‘am-qayg‘u va armonlaringni boshlagan asaring mazmuni, estetik idealing va qahramonlaring dunyosiga ko‘chirish vazifasini eplasang, yelkangdan ulkan tog‘ qulagandek yengillashasan, tiyiqsiz og‘riqlar halovatga evriladi. Agar niyatingga yetolmasang, dilingni ezayotgan tugun yechilmay qolaveradi. Joningga botib turadigan o‘sha tugun ijod hadeganda ushalmas armon, dildagi maysalashi qiyin umid, olisdagi ishg‘ol etish dushvor dovon ekanligidan bot-bot ogoh etadi.

Talabalik yillarimda Ozod aka: “Yozuvchilik chamanzor bog‘dan gul terish emas, aksincha, qora mehnat – do‘zax azobi, indallosi, har gal ustulga o‘tirishdan ilgari qalinroq shim kiyib olish kerak”, deya hazilomuz nasihat qilardi. So‘z san’atiga chuqur ixlos qo‘ygan ustoz o‘giti tag-zaminida pinhon haqiqatni teranroq anglashim uchun anchagina muddat kerak bo‘ldi.

Hamon esimda, Ozod aka nasriy asar, qaysi janrda bitilmasin, har jihatdan, xususan, arxitektonik joziba talabiga binoan, tilsimli bo‘lishi zarurligini muntazam uqtirardi. Mana shu xislat-ni hozirgi yangilanish ehtiyoji keng ko‘lamda taqozo etayotgani barchamizni sergak torttiradi.

Shaksiz, bu borada yuqori samaraga erishish uchun, birlamchi, teran poetik va falsafiy ifodalar, majoziy obrazlar, mifologiya, mistika va romantizm, tasavvuf ta’limoti imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozim, ikkilamchi, syujet avvalida yilt etgan maqsad uchquni bir maromda alanga olishini ta’minlash zarur, toki pirovard natijada o‘quvchi diliga harorat bag‘ishlasin.

Xo‘sh, nuqul ruhiyat va ko‘ngil tebranishlari ifoda etilgan syujetsiz asarlar faol tarzda tashabbusni egallayotgani ushbu tamoyillar qimmatini tushiradimi? Yo‘q, aslo, aksincha, ularni yanada ku-chaytirish va hatto tag‘in ham jiddiyroq qo‘llashni taqozo etadi, faqat keskin psixologik talqin bilan boyitilgan asarlargina qoliplarni sindiradi va kelgusida ikkinchi umrini yashaydi.

Bugungi kunda har qanday qolip qalam erkini cheklab, badiiy-estetik tafakkur taraqqiyotini mahdudlikka giriftor etuvchi kushanda ekanligi yaqqol isbotlandi. Tayyor qolip hatto aqlu idrokni kishanlab, iste’dod oyog‘iga bolta uradi, sirasi, dil qushi qanoti qayrildimi, demak, so‘z va fikr hech qachon bemalol harakat qilolmaydi.

E’tiqod, qat’iyat va hurlik tuyg‘usidan uzoqlashgan so‘z egiluvchan va beqaror bo‘ladi, arzon maslaklarga ergashib ketadi. Insoniy iztiroblar bilan birdam poklanishga moyil so‘z yonida o‘z qobig‘iga o‘ralashib, faqat o‘z ko‘machiga kul tortadigan tamagir va xushomadgo‘y so‘z ham mavjud ekanini inkor etolmaymiz.

Fahmimcha, ijodkor moddiy borliq manzaralari, hayot va jamiyat pastu balandini faqat o‘zigagina xos betakror nuqtai nazar orqali mustaqil kuzatishi va o‘rganishi zarur. Ijodkor turfa suronu riyozatlar mohiyatini puxta anglamay, ziddiyatli kechinmalar ummonida bemalol suzmay, bo‘yoqlar musiqasi, sukunat hayqirig‘ini hushyorona tinglamay qudratli xaloskor omil sanalgan go‘zallik bilan yuzlashishi amri mahol, umuman, mangu tirik-lik va kurash qonun-qoidalarini, zuhuran emas, bo-tinan tekshirish ko‘nikmasi yuksak badiiy mahorat uchun mustahkam zamin yaratuvchi asosiy ishonchli quroldir.

Faqat qalb ko‘zi olam va odamni to‘la-to‘kis hissiy bilish va idrok etish imkonini beradi. Faqat shu usul vositasida poetik so‘z qadrini yuqori ko‘tarish va hali hech bir nazar tegmagan ruhiy olam qatlamlariga dadilroq sayohat qilish mumkin…

ADIB HAQIDA

1947 yilda Samarqand viloyati, Urgut tumanidagi Qoratepa qishlog‘ida tug‘ilgan.

1971 yilda Toshkent Davlat universiteti jurnalistika fakultetini bitirgan. Ko‘p yillar jurnalistika va noshirlik sohasida faoliyat ko‘rsatgan.

Hozirgi vaqtda “Sharq yulduzi” jurnali nasr bo‘limi mudiri bo‘lib ishlaydi.

“Osmonning bir parchasi”, “Afrosiyob sukunati”, “Ko‘chki” kabi hikoya va qissalar kitoblari chop etilgan.

“Tosh burgut”, “Sirli zina”, “Sherdor”, “Mulk”, “Girih”, “Intiho”, “Mezon burji”, “Oq ajdar sayyorasi”, “Oymomo kulchasi”, “Tog‘lar, sukut saqlamang” kabi qissalar; “Mahmud Torobiy”, “Pahlavon Muhammad”, “Fano dashtidagi qush” singari romanlar muallifi.

Asarlari rus, ukrain, qozoq, tojik va uyg‘ur tillariga tarjima qilingan. Moskvadagi “Molodaya gvardiya” nashriyoti qissa va hikoyalardan iborat “Kamenniy sokol” kitobini (1987) nashrdan chiqargan. Turkiyada bosilgan Turkiy xalqlar adabiyoti qomusiga “ Mahmud Torobiy” romanidan bob kiritilgan. “Devona” adabiy stsenariysi asosida badiiy film suratga olingan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

“Yoshlik” jurnali, 2010 yil, 10 (239)-son.