Uzoq tarixga ega bo‘lgan shaharlar yosh shaharlardan shu jihati bilan tafovut qiladiki, bu shaharlarda yashagan millat va elatlar bir emas, bir necha milliy madaniyatlardan oziq olib yashaydilar. Shunday shaharlarda tug‘ilgan qalam ahli ham ikki tilli shoir va yozuvchi bo‘lib ulg‘ayadi. Samarqand bu dunyoi azimdagi ko‘hna shaharlardan biri sifatida o‘zbek yoki tojik tilida ijod qilgan, o‘zida har ikki xalqning milliy madaniyatini mujassamlantirgan ko‘plab ijodkorlarning beshigi bo‘lgan.
Shu kunlarda tug‘ilgan kunining 140 yilligi nishonlangan Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqzoda (1869-1948) ikki tilda ijod qilgan, ikki xalqning milliy madaniyati beshigida ulg‘aygan va ikki xalqning murakkab tarixiy davrdagi hayotini tasvirlagan siymolardan biridir.
Sirasini aytganda, biz adabiyotshunoslar yaqin-yaqingacha Samarqandda shunday adibning yashab ijod qilganini bilmay kelar edik. Agar 90-yillarning o‘rtalarida Mirzo Qo‘qonboy yashagan uyda ta’mirlash ishlari olib borilmaganida, uzoq yillardan beri chang bosib yotgan jomadon va uning ichidagi 200 dona daftar topilmagan, binobarin, samarqandlik Ayniyi Soniy kashf etilmagan bo‘lardi. 12-24 varaqli bu daftarlarga shu vaqtgacha noma’lum bo‘lib kelgan adibning ikki romani, bir necha qissa, hikoya, xotira va qaydlari bitilgan edi. Bu asarlar muallifi garchand o‘zbek, fors-tojik, arab va rus tillaridan tashqari, qator turkiy tillarni puxta bilgan, o‘z davrining eng ma’rifatli va bilimdon kishilaridan biri bo‘lishiga qaramay, azbaroyi kamtarligi tufayli 68 yoshga borgan chog‘idagina qo‘liga qalam olib, ilk romanini yozishga kirishgan ekan. Agar Mirzo Qo‘qonboy roman, qissa va hikoyalarida tasvirlangan olamshumul voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan va ularni kelgusi avlodlarga yozib qoldirish zarurligini his etmaganida, ehtimolki, qo‘liga adiblik qalamini olmagan bo‘lardi. Zero, u o‘zini Abdulla Qodiriy yoki Sadriddin Ayniy singari yozuvchilar bilan bahslasha oluvchi qalamkash, deb hisoblamagan.
Mirzo Qo‘qonboyning hayot yo‘li boshqa zamondoshlaridan bir muncha jihatlari bilan farq qiladi. Bu farq shundan iboratki, 19 yoshigacha madrasa ta’limini olgan, keyin rus-tuzem maktabini tugatgan Mirzo Qo‘qonboy 1893 yildan 1918 yilning 1 yanvariga qadar chor hokimiyatining sud va ma’muriy muassasalarida tarjimon va kotib bo‘lib ishlagan. “Bu vazifalarda ishlash jarayonida, — deb yozgan edi marhum akademik Botirxon Valixo‘jayev, — Qo‘qonboy hayotni, odamlar turmushini, general-gubernatorlikdagi qing‘irliklarni, mahalliy xalq manfaatlariga qarshi bo‘lgan siyosatni va shunga doir maxfiy hujjatlarni bilib oldi. Qo‘qonboyning ko‘zi ochila bordi, ongi va shuurida ham o‘zgarishlar ro‘y berdi”.
Mirzo Qo‘qonboydan kattagina adabiy meros qolgan. Bu meros orasida ushbu satrlar muallifining ilk bor tanishgani “Jizzax qo‘zg‘oloni” xotira-essesidir. Qo‘zg‘olonchilar ustidan bo‘lib o‘tgan sud jarayonida kotib va tarjimon sifatida qatnashgan Mirzo Qo‘qonboy chor mustamlakachiligi davrida nafaqat 1916 yili Jizzaxda, balki undan avval Andijon va boshqa joylarda bo‘lib o‘tgan qo‘zg‘olonlarning kelib chiqish sabablari va fojiali oqibatlarini siyosiy-ijtimoiy jihatdan chuqur tahlil qilib beradi. Mazkur qo‘zg‘olonning 20 yilligi munosabati bilan yozilgan, yangi-yangi ilmiy kuzatish, ma’lumot va tahlillarga boy mazkur asar chor hokimiyati mustamlakachilik siyosatining asl mohiyatini ochib tashlovchi davrning takrorlanmas noyob hujjatidir.
Ma’lumki, XIX asr oxiri — XX asr boshlaridagi Turkiston xalqlari hayoti nafaqat ijtimoiy va iqtisodiy, balki madaniy va maishiy jihatdan ham achinarli holatda bo‘lgan. Xususan, sanitariya va gigiyena masalalariga e’tiborsizlik orqasida aholi o‘rtasida turli kasalliklar tarqalgan. Jadid yozuvchilari, xususan, Fitrat “Munozara” va “Hind sayyohi bayonoti” publitsistik asarlarida milliy qoloqlikning dahshatli ko‘rinishlaridan biri bo‘lgan bu muhim masalaga jamiyat e’tiborini qaratganlar. Mirzo Qo‘qonboy jadid birodarlaridan farqli o‘laroq, millatning sog‘liq va salomatligi bilan bog‘liq bu muammoni bartaraf etish yo‘llarini axtardi. U XIX asr oxirlarida Turkiston general-gubernatorligiga ilmiy safar bilan kelgan rus shifokori P.V.Shchusev bilan tanishib, uning shu safar chog‘ida yozgan “Rusiya duxturining, ya’ni tabibining musulmonlarga ranju kasal bo‘lmasindan sog‘-salomat bo‘lmoqlari nasihati” risolasini tarjima qiladi va bu risolani 1899 yili Sankt-Peterburgda nashr etishga erishadi.
Risola tarjimonning quyidagi so‘zlari bilan boshlangan: “Ey musulmonlar, ishoninglar, har nimakim ushbu nasihatnomada yozilg‘ondur sizlarning naflaringiz uchundur. Agarda ushbu tubanda yozilg‘on nasihatlarni qulog‘ingizga olub, unga amal qilsangizlar, albatta, o‘rtalaringizda kasal ilon o‘lum kam bo‘ladur. Sizlarning esonchiliklaringizni xohlaguvchi olim Urusiyo do‘xturi Shusev ushbuni yozdi”. Tarjimonning shu so‘zlaridan keyin rus shifokorining Buxoro va Jizzax viloyatlarida keng tarqalgan kasalliklarning kelib chiqish sabablari bayon etilgan va bunday kasalliklarga chalinmaslik uchun musulmonlarga maslahatlari berilgan edi.
Mirzo Qo‘qonboy Fitratning yuqorida tilga olingan asarlaridan 10-12 yil avval ushbu risolani o‘zbek va tojik tillarida nashr etish bilan Turkiston jadidlari faoliyatidagi kemtik joyni to‘ldirishga erishdi.
Mirzo Qo‘qonboy 1918 yildan 1925 yilga qadar bo‘lgan davrda ham adliya muassasalarida xizmat qilishda davom etdi. Ayni paytda bir necha darsliklarni o‘zbek tiliga tarjima qildi. Agar bu tarjimalarning aksari tabiiy fanlarga oid darslik va o‘quv qo‘llanmalari bo‘lganini nazarda tutsak, Mirzo Qo‘qonboyning shu davrda yosh avlodning zamonaviy ilm-fan asoslarini egallashiga katta hissa qo‘shgani ma’lum bo‘ladi va jadidona xizmatlari ravshanlik kasb etadi.
1927 yili ro‘y bergan bir voqea Mirzo Qo‘qonboy hayotida chuqur iz qoldirdi. O‘sha yilning yoz kunlaridan birida ulkan ma’rifatparvar Munavvar qori Abdurashidxonov Samarqandga tashrif buyuradi. Mirzo Qo‘qonboy shu voqea munosabati bilan toshkentlik birodari sharafiga ziyofat beradi. Ziyofat chog‘ida bir-ikki samarqandlik ijodkorlar bilan birga Cho‘lpon ham hozir bo‘ladi.
Shu yili Moskvadagi o‘zbek drama studiyasini tugatib kelgan yosh san’atkorlar Samarqandda ochilgan o‘zbek davlat teatrida xizmat qilayotgan edilar. Ular orasida mazkur teatrning adabiy emakdoshi Cho‘lpon ham bor edi. O‘sha kezlarda shoirning yotar joyi bo‘lmaganligi sababli Mirzo Qo‘qonboy unga hamsoya bo‘lib yashashni taklif etadi. Chamasi, Cho‘lpon u bilan bir xonadonda yashagan kunlarda uning ko‘rgan-kechirganlari bilan tanishib, uzundan-uzoq va bir-biridan g‘aroyib hikoyalarini tinglab, undan shu tarixiy voqealarni qog‘ozga tushirish va kelgusi avlodlar uchun yozib qoldirish lozimligini aytgan.
Mirzo Qo‘qonboy shundan keyin o‘zi shohid bo‘lgan tarixiy davr voqealarini xayolida qayta jonlantirib, ularning ayrimlarini kichik hayotiy lavhalar va qaydlar tarzida qog‘ozga tushira boshladi. Ayni paytda A.Qodiriy va S.Ayniy singari zamondoshlarining yaqin o‘tmish to‘g‘risidagi asarlarini o‘qib, ulardan saboq olishga, XX asr boshlarida sodir bo‘lgan olamshumul voqealarni tasvirlash malakasini egallashga intiladi.
Mirzo Qo‘qonboy 1936-1937 yillarda “Jizzax qo‘zg‘oloni” xotira-essesidan tashqari, “Istadjon” va ”Qamchisidan qon tomadi” qissalarini yozib tugatgach, 1937 yil 10 avgustda dastlabki yirik epik asari — “Tog‘ qizi” romanini yozishga kirishadi.
Ushbu asarning maydonga kelish tarixi xususida muallif bunday so‘zlarni yozgan: “Ma’lumki, Turkistonning chorizm hukumati tarkibidagi yarim asrlik idora tartibi fojiadan iborat bo‘ldi. Bir qancha sabablarga ko‘ra, bu davr tarixini matbuotda yoritib bo‘lmasdi. Sabablardan biri shuki, mahalliylardan yozadigan kishilar yo‘q edi… Ikkinchi sabab shundan iboratki, birov yozishga jur’at etsa, senzur yo‘l bermasdi; uchinchi sabab esa bizga fojia bo‘lib ko‘rinayotgan o‘sha voqealar o‘sha paytlarda oddiy bir hol edi”.
Shu so‘zlar yozilgan 1937 yildan keyin chor mustamlakachiligi davridagi Turkiston xalqlari hayoti to‘g‘risida ko‘plab roman va qissalar yaratildi. Binobarin, 1940 yil dekabrida yozib tugallangan, ammo oradan qariyb yetmish yil o‘tgach nashr etilgan “Tog‘ qizi” romanida tasvirlangan aksar voqealar va qahramonlar tipi bugungi kitobxon uchun balki yangilik emasdir. Shunga qaramay, “Tog‘ qizi” romanini o‘qigan kitobxon mazkur asar orqali ota-bobolarining mustamlakachilik yillaridagi chirkin hayot asoslarini parchalab, qanchadan-qancha qonlar va jonlar evaziga hozirgi dorilomon kunlarga yetib kelganlarini yana bir bor, bu safar Mirzo Qo‘qonboyning ko‘zi bilan ko‘radi, uning so‘zi bilan eshitadi. Adib yaqin kechmish voqealarini tarixiy davr kontekstida shunday badiiy yorqin va ishonarli talqin etganki, biz uning ko‘zi rassom ko‘zidek o‘tkir, tili esa haqiqiy adib tilidek boy va rangin bo‘lganini ko‘rib hayratga tushamiz.
Romanda tasvir etilgan davr 1914 yildan 1917 yil fevral va oktyabr voqealari hamda sho‘ro hokimiyatining dastlabki yillarini o‘z qamroviga olgan. Adib mamlakatimiz va xalqimiz tarixining bu o‘ta murakkab va fojiali davrini Samarqand atrofidagi qishloqlarda istiqomat qilgan kishilar hayoti misolida gavdalantirib bergan. Binobarin, bu asar A.Qodiriyning “O‘tgan kunlar”, S.Ayniyning “Doxunda”, Oybekning “Qutlug‘ qon” romanlaridan farqli o‘laroq, hali o‘zbek adabiyotida o‘z aksini topmagan yangi jug‘rofiy hudud ahlining mashaqqatli hayotini tasvir etishga bag‘ishlangan. Muallif asarda ikki avlod vakillari obrazini yaratish orqali mustamlakachilik va feodal bedodlik davrining, adib iborasi bilan aytsak, “vahshatangiz” manzaralarini badiiy mujassamlantirgan.
Roman voqealarida Ofarinkent qishlog‘i jilovini temir qo‘llari bilan ushlab turgan Ashurqul oqsoqol va uning makr-hiylalaridan adoi tamom bo‘lgan munis va munisa kishilar harakat qiladilar. Ashurqul zarur paytda o‘zini ularga otalik qilayotgan, mehribonlik ko‘rsatayotgan kishi qilib ko‘rsatadi. Ammo o‘rgimchak yanglig‘ o‘rab olib, ularning qonini so‘radi va ularni shunday ustalik bilan kafangado etadiki, xuddi shu nuqtada u zulmga asoslangan tuzumning dahshatli timsoliga aylanadi.
Otasi Niyoz bobo vafotidan keyin yetim qolgan Qurbon, dastlab onasi, so‘ng otasi vafotidan so‘ng g‘aribona hayoti Qurbon bilan kechayotgan Mohzoda Parvardigor oldida qanday gunoh qilibdilarki, adib iborasi bilan aytsak, “g‘addor falak alarning boshiga bir balo tayyorlagan edi”. Bu balo ularga “otalik qilayotgan” Ashurqul oqsoqol va uning hamtovoqlari bo‘lib, yozuvchi shu razil kimsalar obrazini ham, Qurbon bilan Mohzoda va uning otasi Juma obrazlarini ham yorqin bo‘yoqlar bilan tasvirlagan.
Bu asarni o‘qigan kitobxon adibning nafaqat qahramonlar portreti va tabiat manzaralarini tasvirlash, balki tarixiy davr hayotini ikki qutbdagi qahramonlar taqdiri orqali badiiy mujassamlantirish, ular ruhiy kechinmalarini ochish va ichki monologlarini ifodalash san’atiga, muallifga xos analitik tafakkur jilvalariga qoyil qoladi. Romanning bu va boshqa fazilatlari Mirzo Qo‘qonboyning ikki tilda ijod qilgan tarixnavis adib S.Ayniy bilan bir qatorda turuvchi ijodkor bo‘lganidan dalolat beradi.
Afsuski, adibning samarqandlik mashhur xalq qahramoni — Namoz o‘g‘riga bag‘ishlangan so‘nggi romani hozircha to‘la holda topilib, nashr etilganicha yo‘q. Ammo o‘ylaymizki, “Tog‘ qizi” romanini yozish jarayonida badiiy ijod dovonlarini zabt etgan adib bu asari bilan ham adabiyotimizning badiiy ufqlarini ma’lum darajada kengaytirishga erishgan bo‘lishi mumkin.
Ehtimol, yosh jihatidan M.Behbudiy va Fitrat bilan avloddosh, ammo asosiy asarlari 30-yillarda yaratilgan Mirzo Qo‘qonboyni milliy uyg‘onish davri adabiyotining namoyandasi sifatida tekshirish to‘g‘ri bo‘lmas. Biz bu o‘ziga xos ijodkor asarlariga 30-yillar adabiyotining mulki sifatida yondashganimizda ham ular qon tomirida jadidona zarralar mavjudligini sezamiz. Bizningcha, muhimi Mirzo Qo‘qonboy ijodini ikki xalq adabiyotining qaysi davriga kiritish masalasi emas, balki tavalludining 140 yilligida yozuvchi sifatida kashf etilishi va asarlarining nashr etilib, kitobxonlar qo‘liga yetib borishidadir. O‘ylaymizki, Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqzoda ijodi XX asr o‘zbek va tojik adabiyotlari tarixidan munosib o‘rin egallaydi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 41-sonidan olindi.