Butun dunyoda qadriyatlar almashishi, integratsiyalashuv, globallashuv, ta’bir joiz bo‘lsa, madaniyatlar aralashuvi, sintezlashuv jarayoni kechayotgan hozirgi paytda o‘zga urf-odatlarga moyil bo‘lish tabiiy hol. Ko‘plab tadqiqotchilar kishi ongini dasturlashtirish, madaniy gegemonlik, madaniy imperializm kabi iboralarni qo‘llamoqdalar. Unda yangi madaniy tamoyillarga ko‘r-ko‘rona ergashish, hukmron madaniy axloqqa bo‘ysunish kabi hodisalar nazarda tutiladi. O‘ylatadigani shundaki, bunda demokratik tamoyillar va liberalizm tushunchalariga asosan hech kim ayblanmaydi. Ushbu jarayon nafaqat kattalarga, hatto bolalar ruhiyatiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazayapti. Bu borada internet boshqa axborot vositalariga qaraganda yetakchilik qilmoqda.
Bugun kompyuter texnologiyalari hayotimizda mustaham o‘ringa ega. Endilikda unda ishlashni bilmaydigan xodimni yaxshi mutaxassis deyish qiyin. Agar o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalarida yoshlarning eng sevimli mashg‘ulotlari musiqa tinglash va teleko‘rsatuvlar ko‘rish bo‘lgan bo‘lsa, hozir kompyuter va internet avvalgi qiziqishlarni siqib chiqardi. Zamonamiz yoshlarining 70 foizi o‘z qiziqish va sevimli mashg‘ulotlari haqida so‘z yuritganda sport, do‘stlar bilan suhbatlashish, ma’naviy va madaniy hordiq chiqarish bilan bir qatorda internet bilan shug‘ullanishni birinchi o‘rinda tilga oladi. Nielsen/Net Ratings kompaniyasi o‘tkazgan so‘nggi ilmiy tekshiruv natijalariga ko‘ra, butun dunyo tarmog‘iga ulanayotgan yosh bolalarning soni kun emas, soat sayin oshib boryapti: birgina 2007 yili Yevropada yosh avlod vakillarining uchdan bir qismi onlayn tizimidan foydalangani kuzatilgan. 2008 yili dunyo axborot tarmog‘ida 10 million yosh «sayr» qilgan bo‘lsa, hozir ularning soni 13 milliondan oshib ketgan. Bu ko‘rsatkich kundan-kunga ko‘paymoqda. Bunday onlayn hayotda yashaydigan yoshlarning katta qismi — 4,5 millioni Buyuk Britaniyaga to‘g‘ri keladi. Ular har kuni elektron manzillarni tekshiradi, turli xil saytlardan ma’lumot izlaydi va chat(global tarmoqdagi suhbatxona)lar orqali muloqotda bo‘lishadi. Germaniyada hozircha 3 million va Frantsiyada esa 1,5 million yigit-qiz vaqtini asosan onlayn tizimida o‘tkazadi. Bir yildan so‘ng bu ko‘rsatkich ikki barobarga oshishi kutilmoqda. Kompyuter savodxonligi shu darajada balandki, bugun hatto olti yashar bola ham blutus (bluetooth) va spam nimaligini kattalarga nisbatan yaxshi biladi.
Dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan biri Kanadada o‘n yetti yoshgacha bo‘lgan 6 ming bola o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, internetdan ular faqat axborot olish maqsadida foydalanishmas ekan. Kanada yoshlarining yarmidan ko‘pi internet va kompyuter texnologiyalarini ota-onalaridan yaxshiroq bilishini aytgan. Ularning 80 foizi mustaqil ravishda internetga ulanishini, ota-onalari kompyuterga himoya vositasi bo‘lgan filtrlash dasturini o‘rnatib qo‘ymagani va farzandlari qanday saytlarga kirishini nazorat qilmasligini tan olishdi. Umuman olganda, aksariyat ota-onalar, aniqrog‘i, ularning 65 foizi farzandlari internetdan faqat uy vazifasini tayyorlash uchun foydalanadi, degan fikrda. Ular esa asosan internet orqali musiqa tinglaydi, elektron manzillarni tekshiradi, xullas, vaqtichog‘lik qiladi. Yoshlarning uchdan ikki qismi internetga yangi do‘stlar orttirish va kim bilandir suhbatlashish maqsadida ulanadi, ularning 15 foizi bu munosabatlarni keyinchalik real hayotda davom ettirar ekan. Muloqotning bu kabi shakllari yaxshi albatta. Lekin, mutaxassislarning fikricha, yoshi o‘nga yetmagan bola odatda mustaqil ravishda internetdan foydalanish uchun zarur bo‘lgan tanqidiy fikrlash va shu asosda ma’lumotlarni farqlash, ularni ajrata bilish, boshqacha aytganda, «filtrlay» olish, ya’ni ijtimoiy immunitet qobiliyatiga ega emas. Shu sababli yolg‘iz qolganda ham internetdan foydalanish ehtimoli bo‘lgan bolani qattiq nazorat ostiga olish kerak, unga o‘zi haqidagi shaxsiy ma’lumotlarni internet orqali tanishgan odamlarga aytmaslikni o‘rgatish zarur. So‘nggi paytlarda internet orqali ta’qib etish yoki, ilmiy tilda aytadigan bo‘lsak, grifing holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Bu kabi tarmoq bezoriligining eng birinchi qurbonlari aynan yoshlar, xususan, o‘smirlar hisoblanadi. Bir qarashda beozor tuyulgan chat xonalar yoki, maxsus muloqot dasturlari orqali kechadigan suhbatlar tafakkuri endi shakllanayotgan bolalarni ba’zan jinoyatgacha yetaklab borayotgani bor haqiqat.
Virtual sekta yoki grifing bilan shug‘ullanadiganlar yoki grifyorlar zamonaviy yoshlarning qiziqishlaridan juda yaxshi xabardor bo‘lib, onlayn konferentsiya, forum xonalarida istalgan mavzuda suhbat yuritishi, o‘zlarini ularning muammolarini tushunadigan odamlar sifatida ko‘rsatishi mumkin, buning ustiga, veb tarmoqda anonimlikni saqlash xususiyati qisqa fursat ichida ishonchga kirib olishga imkon yaratadi. Grifing bilan kurashishning eng oddiy usuli — kompyuterga maxsus taqiqlov dasturlari (eng mashhurlari Kiberpatrul yoki Kidskontrol)ni o‘rnatish. Shunda zararli manbalardan keladigan barcha xabarlar avtomatik tarzda filtrlanadi yoki dasturga ota-onalar tomonidan kiritilgan cheklov tufayli bolaning o‘zi qiziqib nojo‘ya axborotni olmoqchi bo‘lganda, avtomatik taqiq ishga tushadi. Ayni paytda mazkur dasturlar ham to‘liq xavfsizlikni kafolatlay olmaydi, chunki ba’zida ular foydali axborotni cheklab qo‘yishi yoki keraksizini o‘tkazib yuborishi mumkin.
Hozirgi kunda ko‘plab mamlakatlarda internetdan foydalanish ko‘nikmalari qo‘shimcha dars sifatida maktab dasturlariga kiritila boshlandi. Buni ham grifingga qarshi kurashishning o‘ziga xos usuli sifatida ko‘rsatish mumkin. Negaki, fakultativ darslar orqali bolalar internetdan olinadigan ma’lumotlarning qanchalik haqqoniy va to‘g‘ri ekanini tekshirishga o‘rgatiladi. Bunday saboqlar, ayniqsa, o‘smirlar uchun zarur.
Internetda o‘smir yoshlar uchun grifingdan tashqari yana bir qancha xavflar ham bor. Ya’ni bolalar va internet muammosi tobora chuqurlashib borayotgan bir paytda, ekstremistik xarakterdagi sekta va uyushmalar saytlarining foydalanish uchun ochiqligi, virtual firibgarlikka keng yo‘l qo‘yilganini ham e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi. Bolalarning qiziquvchan tabiati ularni yuqorida tilga olingan turdagi saytlarga yetaklashi, bu veb-sahifalarda ularning ruhiy yoki jismoniy sog‘lig‘iga xavf soluvchi ma’lumotlarni ko‘rishiga olib kelishi tabiiy. Turli saytlar orqali olingan xabarlar ruhan ta’sir o‘tkazib, bolalarni internet doirasida va undan tashqarida ham jinoyatga undashi hech gap emas.
Bank yoki kredit kartochkasidagi hisob raqamlarini bilgan bolakaylar onlayn savdolarda qatnashish imkoni bilan kichik o‘yinchoqdan tortib to eng so‘nggi rusumdagi mashinaga qadar sotib olish huquqiga ham ega bo‘ladi. Bu esa ularni virtual firibgarlarning nishoniga aylantiradi. Shu sababli global tarmoqdan foydalanuvchilar ko‘p bo‘lgan Belorusda bu kabi muammolar qator yangi kasblarning vujudga kelishiga ham turtki bo‘lgan. Yangi turdagi mazkur mutaxassislarning vazifasi oilada internetdan foydalanish madaniyatini joriy etish va bolalarga psixologik, ma’naviy hamda jismoniy zarar yetkazmaydigan ochiq va xavfsiz axborot makonini yaratishdan iborat.
Dunyo miqyosida 38 foiz bolalar zo‘ravonlik ruhidagi saytlarni, 26 foiz bola millatchilik xarakteridagi veb-sahifalarni muntazam kuzatib borishi ma’lum bo‘ldi. 2008 yilning oxirgi oylarida dunyoning eng mashhur kompaniyalaridan biri bo‘lmish «Maykrosft» 28 davlatda o‘zining chat xonalarini yopishini e’lon qildi. Bu harakat bolalar muammolari bilan shug‘ullanuvchi huquq-tartibot hamda xayriya tashkilotlari tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi, chunki nazoratsiz forum xonalar spam, virus va axloqsiz axborotni tarqatish manbaiga aylanib qolgan edi. Shu tariqa MSNning tekin chatlari Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasining ko‘plab mamlakatlarida o‘z faoliyatini to‘xtatdi.
Zamonaviy texnologiyalarning tez sur’atlarda o‘sishiga qaramay, odamlar ulardan qanday oqilona foydalanish kerakligini to‘liq anglab yetmagan. Kompyuter va internetgacha bo‘lgan davrda o‘sib-ulg‘aygan aksariyat ota-onalar va muallimlar agar bola internetdan foydalana boshlasa, albatta, foydasidan zarari ko‘proq, deb o‘ylaydi. Bolani kompyuter yoki internetdan chalg‘itish harakati zamirida boshqa bir muammo, ya’ni kattalarning bu masalada nisbatan savodsiz ekani aniqlandi. Agar ularning o‘zlari avval texnologiyalar savodsizligi masalasiga jiddiyroq yondashib, uni bartaraf etishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Negaki, birgina shu sababga ko‘ra bolani texnologiyalardan ajratib qo‘yish to‘g‘ri emas. Internetning xavflilik jihati shundaki, unda muayyan ma’naviy axloqiy me’yorlar yo‘q. Ilgari bu tarmoqdan xavfsirash nisbatan kamroq edi, endilikda esa xavf ikki jihatdan ortgan. Birinchisi, hajm va qamrov jihatdan bo‘lib internetdan foydalanish arzonlashdi. Kompyuter biror moddiy mulk emas, balki oddiy ish quroliga aylandi. Unga ega bo‘lish xuddi televizor sotib olishdek oson bo‘lib qoldi. Qolaversa, internet mahsulotlaridan foydalanish nafaqat kompyuterda, balki qandaydir chegirmalar bilan mobil aloqa vositalarida ham kechmoqda. Ikkinchisi, internet tarmog‘ining ichida qiziqishni, moyillikni oshiruvchi vositalarning o‘ylab topilishidir. Masalan, ba’zi o‘yinlarning yutug‘iga pul qo‘yilgan, ular sovrinli musobaqani emas, balki qimorni ko‘proq eslatadi. Aniqlashimizcha, internetdagi ba’zi murakkab o‘yinlarni faqat kichik yoshdagilargina emas, kattalar ham o‘ynashadi. Virtual qahramonlarning yovuz maqsadlari peshonangdan sovuq ter chiqaradigan darajada dahshatlidir.
Internetdan foydalanish go‘yoki tikonzor ichidan gul terishdek bo‘lib qoldi. Star craft, Line age, GTA, Catwoman, Transformars, Lift for dead, Sims sity, Mortal combat, War Craft, Duty Jj3, Call of Duty, Shiper ops Red, Aylerd SPOR kabi o‘yinlar bolalarga yovuzlik ruhida ertak aytishdan tashqari ularni «qahramon» sifatida o‘z yovuz olamiga olib kirib ketadi. Endi kompyuter qarshisidagi bola saytda o‘z virtual qiyofasini yaratib, turli ko‘ngilsiz voqealardan iborat hayot ichiga kiradi. Ayniqsa, olis masofadagi «admin»lar nazorat qilayotgan internetaro o‘ynalayotgan Line age o‘yini xavflilik jihatdan yuqori darajada. Bunda bola «shafqatsiz hayot» qo‘yniga singishdan avval virtual qahramoniga, ya’ni o‘ziga qilich tanlaydi. U turli bonuslarni yutgani sari qirg‘in quroli mukammallashib boraveradi. Masalan, qurollari — xom, som, arka, luk (kamon), bolg‘a, shina, qilich (drakonik), qilich (destrnыy), sochma miltiq va hokazolar virtual qiyofaga kuch beradi. Bundan tashqari, ilk bosqichlarda jonni ko‘paytiruvchi baflar, o‘q teshib o‘tmas BIJA kiyimlar, zirhlar D, A, S kategoriyalarda saqlanadi. Ularga ega chiqish uchun turli «mashaqqatli sinovlar»dan o‘tilib, qasrlarni kuch bilan egallaydi. Unda g‘arbdagi afsona-asotir obrazlari — oq-qora elflar, orklar, gnomlar, titanlar, badbashara odamlar bilan shafqatsizlarcha urush olib boriladi. Bunda rahm-shafqat ko‘rsatilmaydi, chunki, rahmdillik ko‘rsatadigan «qahramon» shu rahmdilligi qurboniga aylanadi(?!). O‘yin shunday qurilganki, bunda ozgina rahmdillikni mahv qiluvchi yuzlab makrlar ishlatiladi.
Mazkur tarmoqlararo o‘yinda har bir qatnashuvchining bonuslari, joni, himoya kiyimi kabi ashqol-dashqollari yashirilgan o‘z kodlari bo‘lib, uni tasodifan topib olgan boshqa qatnashuvchi tap tortmay o‘g‘irlaydi va buning oqibatida o‘g‘rilik, behayolik, shafqatsizlik real hayotga ko‘chishi mumkin. Chunki, bunday bonuslardan ajralgan kishi admin orqali «o‘g‘ri»ning kimligini topib jazolamoqchi bo‘ladi. Afsuski, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, shu o‘yin oqibatida MDHda ikki marta qotillik jinoyati bo‘lgan. Bizda esa, bir marta bezorilik (mushtlashuv) yuz berdi. Achinarlisi shundaki, ba’zi katta yoshdagilar ham bu o‘yinni qiziqib o‘ynayotirlar. «Shafqatsiz qahramon» o‘rni kelganida boshqa begona chorasiz «qahramonlar» bilan uyushib harakat qilishiga ham to‘g‘ri keladi. Qiyin vaziyatdan chiqib olgach esa, ular bir-biriga qarshi urishadi. Chunki, o‘yinning yagona qoidasi: «Sen o‘ldirmasang, seni o‘ldiradilar». Boyagina bir-biriga «yordam» bergan hamkorlar endi bir-birini «o‘ldiradi». Mana sizga g‘ayriinsoniylik. Virtual olamda kechayotgan zo‘ravonlik, sotqinlik, behayolik, o‘g‘rilik, buzuqlik ertaga real hayotga ko‘chmaydi, deb hech kim kafolat berolmaydi. Chunki, bolaning nafsini, shaytonini quvvatlantirayotgan, «parvarishlanmasa» hech qachon yuzaga chiqmaydigan yashirin tuyg‘ular bir kun ko‘cha-ko‘yda «namoyon bo‘lmaydi», deb aytolmaymiz. Shuning uchun ham kompyuterda saytlarni «kavlayotgan» bolalarning otalari do‘ppini yerga qo‘yib, onalari bir ozgina qozon-cho‘michlarini bir chetga qo‘yib o‘ylab, mulohaza yuritsalar, farzandlarining tarbiyasiga ozroq vaqt ajratsalar yaxshi bo‘lur edi. Chunki, yuqoridagi holatlardan nafaqat o‘zlari, balki jamiyat ham zarar ko‘radi.
2007 yildagi ma’lumotga nazar solaylik: VVS News xabariga ko‘ra, Germaniyadagi mutasaddilar mamlakatdagi internet tarmog‘ida ishlovchi 12 ming kishini bolalar pornografiyasiga oid material almashuv tarmog‘i a’zosi deb gumon qilgan. UPI agentligining qayd etishicha, ulardan 1700 nafariga ayblov e’lon qilingan. 2008 yilning yoz oyida boshlangan global reyd Saksoniya-Anxalt federal yerida 300 nafar gumondorning xatti-harakatini tekshirishdan boshlangan ushbu tadbir dunyoning 70 mamlakatida davom etib kelayapti. Associated Press axborot agentligining ilk xabariga asoslangan mazkur jinoyatning ochilishida Internet-provayderlaridan birining axboroti dalil bo‘lgan. Ushbu jinoyatda bolalar pornografiyasini targ‘ib qiluvchi portalga kirish bilan bog‘liq juda ko‘p holatlar aniqlangan.
G‘arb “ommaviy madaniyati” (aniqrog‘i madaniyatsizligi!) — insonning tuban illatlarini junbushga keltiruvchi rep, pop, rok musiqalarining asiriga aylangan ayrim yosh yigit-qizlarimiz xalqimizning bebaho ma’naviy durdonalari — o‘lan, bayoz, lapar va aytishuvlar, maqom va betakror milliy ohanglarimizni tinglasharmikin? Achinarlisi shundaki, bugun yoshlarimiz g‘arb estradasining “yulduz”larini tanish tugul, hayot tarzini, qo‘pol qilib aytganda, necha marta turmushdan ajraganiyu bir kunda ko‘rinishini (imidjini) qancha bor o‘zgartirganini besh qo‘lday biladi, ammo Navoiydan birorta g‘azal yoki “Shoshmaqom”dan birgina kuy nomini so‘rasangiz oydan tushganday yelka qisishadi.
Sirasini aytganda, internet saytlaridagi “mahsulot”larni tanqid qilish oson. Ularga muqobil milliy, bolalar va o‘smirlarga mos, ularning qiziqish olamlariga xos ijod mahsullarini biz ham ishlab chiqarsak bo‘ladi. Bugun farzandingiz kitob o‘qimasa rasmli kitob keltirib, shu rasmdagi voqeani kitobga yozgan, desangiz, u albatta o‘qiydi. Xuddi shu narsani kompyuter olamiga ko‘chirsangiz, u shubhasiz boshqa chalg‘ituvchi saytlarga kirmaydi, deb o‘ylayman. Chunki odatda biror nimani taqiqlashdan avval unga muqobil boshqa afzalroq narsa taklif qilinadi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 41-sonidan olindi.