Istiqlol arafasida respublikamizning yangi rahbariyati tashabbusi bilan adabiy ta’limni tubdan yangilash harakati boshlangan edi. Ayni shu maqsadda tuzilgan ishchi guruhining XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi bilan shug‘ullanuvchi a’zolari – O. Sharafiddinov, N.Karimov, B.Nazarov, Q.Yo‘ldoshev va kamina zimmasiga g‘oyat jiddiy, mas’uliyatli vazifa yuklandi. Sho‘ro siyosati tufayli adabiyot tarixidan badarg‘a etilgan Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat singari ulug‘ siymolarning sha’nini tiklash, shu bilan barobar, bundan-da mushkulroq masalani hal etish – “sho‘ro adiblari”, “sotsrealizm namoyandalari”, tabiiyki, ular ro‘yxati boshida turgan Hamza ijodiy merosini sho‘roviy talqinilardan tozalab, bor holicha xolis ilmiy tarzda o‘quvchilarga, keng jamoatchilikka yetkazish lozim edi.
O‘sha kezlarida darsliklardan muqim o‘rin olgan sho‘ro davri adiblari, ularning ijod namunalariga nisbatan nopisand munosabatlar avjida edi. Ana shunday murakkab sharoitda ilmiy guruh vazminlik bilan oqilona yo‘l tutdi. Bunda ustoz Ozod Sharafiddinovning maslahatlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Yozuvchilarning Do‘rmondagi bog‘ida kechgan qizg‘in muloqotlar chog‘i ustoz kuyib-pishib aytgan mulohazalar, keltirgan dalil-isbotlar hamon yodimda. “Tabarruk adabiy siymolarimiz, ular qoldirgan adabiy meros, jumladan, sho‘ro davri adabiyoti boshida turgan Hamza tevaragida shu xil nopisand tanqidiy gaplar chiqishiga Hamza emas, o‘zimiz, xamzashunos olimlar aybdor, — degan edi u. — Hamza “inqilob kuychisi”, “o‘zbek sovet adabiyotining asoschisi”, “sotsrealizmning asoschisi”, “sho‘ro adabiyotining yalovbardori” sifatida shu qadar ko‘klarga ko‘tarildiki, endi uni ana shu a’rshidan tushirib, o‘z o‘rniga qo‘yish payti keldi. O‘zi yozmagan satrlarni, asarlarni unga yopishtirish g‘irt bema’nilik. Hamza bunga muhtoj emas. Qolaversa, yasama pardoz-andozlarga ham hojat yo‘q. Muallifligiga shubha yo‘q asarlarining o‘ziyoq uni adabiyotimiz tarixidan munosib o‘rin olishiga to‘la asos beradi.
Bilasizlar, Abdulla Qahhor o‘z vaqtida soxta yo‘llar bilan Hamzani ko‘tar-ko‘tar qilishga keskin qarshi chiqqan edi. Bir adabiy yig‘inda u Hamzaning yangi milliy adabiyotimiz, ayniqsa, badiiy til ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini e’tirof etgan holda katta jasorat bilan “Hamza bamisoli yangi yil archasi singari har xil yaltir-yultirlar bilan bezalib tashlanayotgani”ni tanqid qilgan edi. “Klassik” deb nom olgan azamatning bitta so‘zini almashtirib bo‘lmas edi. Hamzani klassik deb ko‘tarayotganlar butun boshli asarini qayta yozib chiqib tepasiga uning nomini qo‘yishdan or qilmayaptilar! Bexos Hamza tirilib qolib, bu ishdan ogoh bo‘lsa, yuragi yorilib qayta jon taslim qilgan bo‘lar edi…”. Jasur adib shu so‘zlarni aytganida, zalda o‘tirganlarning birortasi lom-mim demadi, deya olmadi. Ammo o‘sha kundan boshlab pana-pastqamda adib tevaragida g‘ivir-shivir, fisqu fasodlar avj oldi, jasur adibni “Hamzaning dushmani”ga chiqarishdi. Hatto bir shoir “Hamza dushmanlariga javobim!” sarlavhali she’r bitdi. Biz tanqidchi-adabiyotshunoslar esa ko‘ra-bila jim turaverdik. U davrlar o‘tdi-ketdi. Endi jim turish mumkin emas. Hamzaning ruhini tinchitish uchun ham uni adabiyotimiz tarixidagi o‘z o‘rniga qo‘yishimiz kerak…”.
Shu mulohazalar asosida bir to‘xtamga kelib, ilmiy guruh amaliy ishga o‘tdi. Dastlabki qadam tarzida maktab adabiyot dasturi, shu dastur asosida yaratilgan 11-sinf darsligida Hamza ijodi yangicha talqin etildi, keyinroq oliy o‘quv yurtlari uchun mo‘ljallangan “XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi” dasturi va darsligida bunday talqin yanada takomillashtirildi. Dastlabki paytlar ustozning o‘zi boshchilik qilgan “20 — 30-yillar o‘zbek adabiyoti taraqqiyoti muammolari” davlat granti ilmiy rejasiga Hamza ijodiy merosining yangicha talqini muammosi ham kiritildi va bu mavzuda bir qancha xayrli ishlar amalga oshirildi, jumladan, kaminaning “Yangi bir an’ananing tug‘ilishi”, “Xolislik xosiyati” maqolalari ustoz tavsiyasi bo‘yicha yozilgan edi.
Nihoyat, ustozning o‘n yildan ortiq davr mobaynida Hamza shaxsiyati, ijodiy merosi taqdiri ustidagi betinim o‘y-mushohadalari samarasi o‘laroq, “Istibdod qurboni yoxud o‘zligidan mahrum etilgan shoir” sarlavhali asari maydonga keldi. Asar dastlab “Tafakkur” jurnalining 2000 yil 3-sonida e’lon etildi, so‘ng “Ijodni anglash baxti” kitobiga kiritildi. Kitobda mazkur asarning “Istiqlol nurlarida evrilayotgan adabiyot” turkumidagi Cho‘lpon, Fitrat hamda jadid adabiyotiga bag‘ishlangan maqolalar qatorida berilishi tasodifiy emas.
“Istibdod qurboni” ustozning o‘sha kezlardagi asarlariga xos jo‘shqin publitsistik ruhda bitilgan, badia-esse janri imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda muallif ko‘nglida kechgan o‘y-mushohadalarni emin-erkin to‘kib-solish yo‘lida yozilgan. Bu yerda gap faqat asarning ifoda tarzi ustida borayotgani yo‘q. Eng muhimi, “Istibdod qurboni” muallifining muammoga kutilmagan yangi tomonlardan yondashganligi, milliy adabiyotimiz yaqin o‘tmishi manzaralari xususidagi mavjud tasavvurlarni o‘zgartirib yuborgani qimmatlidir. Avvalo, “inqilob kuychisi”, “inqilob fidoyisi”, “o‘zbek sovet adabiyotining asoschisi” sanalmish Hamzani millat erki, ozodligi yo‘lida jon fido etgan “millatchi”, “aksilinqilobchi”, “xalq dushmani” sifatida qatag‘on etilgan Cho‘lpon, Fitratlar qatoriga qo‘yib, u ham “istibdod qurboni” ekaniga da’vo etish fanda hazilakam jasorat emas! Bunday qarashni adabiyotshunos olim shunchaki da’vo qilish bilan cheklanmay, asar davomida uni atroflicha isbot etishga intiladi; sho‘ro davrida shoir haqida shakllangan soxta tasavvurlar ildizini ochib beradi, turli-tuman inqilobiy yorliqlardan poklab, bu ulkan adibning asl siymosini kitobxon ko‘z oldida gavdalantirishga chog‘lanadi va bunga erishadi ham.
Maqolada ta’kilanganidek, Hamza hayotlik chog‘ida, 20-yillar adabiy muhitida safdoshlari Qodiriy, Cho‘lpon, Fitratlar qatorida yurgan, o‘quv qo‘llanmalariga kiritilgan, hatto vafotidan keyin 30-yillar birinchi yarmida ham alohida mavqega ega bo‘lgan emas. Nega 30-yillar oxiriga kelib u birdan sovet adabiyoti mash’aliga aylandi-qoldi? Muallif, avvalo, shu jiddiy savolga javob izlaydi.
Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat kabi o‘sha davr milliy adabiyot darg‘alari “inqilob dushmanlari” sifatida qatl etilgan bo‘lsa, ularga qarshi turib sho‘ro adabiyotini yaratgan inqilob kuychisi bo‘lmog‘i kerak, bunaqa kuychi adabiyot maydonida topilmasa, uni yangidan yasash kerak! “Xullas, — deb yozadi muallif, — o‘sha yillarda bu rolga Hamzadan munosibroq odam topilmadi. Shunday qilib, shoirni o‘zligidan mahrum qilib, oddiy bir qo‘g‘irchoqqa aylantirish jarayoni boshlandi. Boshqacha aytganda, o‘z vaqtida omadi kelib, sho‘rolarning qatli omidan omon qolgan Hamza keyinchalik hukmron mafkura manfaatlari yo‘lida qurbon qilindi”.
Adabiy hodisalarga, ijodkor shaxsiyati va merosiga markscha-lenincha sinfiy-partiyaviy yondashish faqat yaroqsiz g‘ayriilmiy metodgina bo‘lib qolmay, u yolg‘on-yashiqlar, soxtaliklar, hattoki jinoyatlar uchun ham yo‘l ochib berishi mumkinligini Hamza qismati misolida yaqqol ko‘rish mumkin. “Istibdod qurboni” muallifi Hamzaning dunyoqarashi, oktyabr inqilobiga, jadid adiblari va jadidchilik harakatiga munosabati kabi muammolarning sho‘roviy talqinlari ustida qizg‘in bahslar yuritadi. Ehtimol, ustoz mulohazalarida munozarali o‘rinlar ham bordir, biroq ular Sizu bizni fikrlashga undashi bilan qimmatlidir. Sho‘roviy talqinga ko‘ra, Hamza oktyabr inqilobiga tayyor marksist sifatida yetib kelgan, uni zo‘r quvonch bilan kutib olgan, hech qanaqa ikkilanishlarsiz sho‘rolar tomonida turib uning himoyasi yo‘lida kurash olib borgan va shu yo‘lda qurbon bo‘lgan. Asarda bu xil da’volarning yolg‘onligini isbotlovchi ko‘plab dalillar keltiriladi. Ularga qo‘shimcha ravishda yana ayrim xarakterli holatlarni keltirish mumkin. Abdulla Qodiriy “Tarjimai hol”ida oktyabr arafasidagi ijtimoiy vaziyat xususida to‘xtalib shularni yozadi: “Ammo ayta olamanki, o‘sha vaqtlarda bizning Turkistonda (bu kungi O‘zbekistonda) kommunizm, umuman sosializm maslakidan tublik ma’lumotka ega bo‘lg‘an kishi yo‘q bo‘lsa ham ehtimolki, bitta-yarimta bo‘lg‘andir. Shuning uchun men o‘zimni bu to‘g‘rida umuman, O‘zbekiston ishchi-dehqonlaridan va bu kungi mas’ul va g‘ayri mas’ul ishchilarimizning o‘sha tarixidagi hollaridan yuqori o‘ringa qo‘ya olmayman… Buyuk o‘ktabr inqilobini ham shu yo‘sun ongsiz millat ichida qarshiladim” (“Diyori bakr”, 372-373-betlar). Azizlar, bu sud oldida aytilgan mardona e’tirof! Toshkentdek shahri azimda, faqat O‘zbekiston emas, Turkiston elining ijtimoiy-siyosiy jarayonlar o‘chog‘ida yashab, qizg‘in faoliyat olib borgan haqiqatgo‘y adibning e’tirofi! Samimiy bu e’tirof ayrim aqidaparast tanqidchilarga qo‘l keldi, uni “Qodiriy dunyoqarashidagi ojizlik”ni tasdiqlovchi hujjat sifatida dastak qilib oldilar.
Shu o‘rinda bir voqeani eslatib o‘tsam. 1973 yili sho‘ro davri adiblarining tarjimai hollarini o‘z ichiga olgan “Adabiyotimiz avtobiografiyasi” kitobi tayyorlandi. To‘plam qo‘lyozmasi muhokamasi chog‘i unga Abdulla Qodiriy tarjimai holi kiritilmagani xususida e’tiroz bildirildi. Shunda kitob to‘plovchisi Qodiriyning yuqorida keltirilgan so‘zlarini eslatib, bu haqiqatga zid, siyosiy xato, o‘sha kezlarda bizda Hamza singari yetuk ongli marksistlarning borligidan ko‘z yumish; binobarin, bunday hujjat Hamza tarjimai holi yonida turishi mumkin emas, deya qat’iy hukm chiqargan edi. Holbuki, Qodiriyning mana shu e’tiroflari bitilgan “Tarjimai holi” allaqachon matbuotda e’lon etilgan, 1969 yili chiqqan “Kichik asarlar” to‘plamiga kiritilgan, uni hech kim “siyosiy xatolik”da ayblashga tili bormagan edi.
Ozod domla ta’kidlaganlaridek, boshqa safdoshlari kabi Hamza ham dastlab sho‘ro “dohiy”larining milliy o‘lkalarga erk, ozodlik berishi xususidagi va’dalariga ishonib, oktyabrni sharaflovchi asarlar yozdi, sho‘ro idoralarida faol xizmat qildi. Hamzaning inqilobiy ruhdagi she’r, dramalari safdoshlarinikiga qaraganda ko‘proq va izchilroq ekani ham haqiqat. Ammo va’dalar qog‘ozda qolib ketayotganligini, zulm-haqsizlik avvalgidan battar davom etayotganligini ko‘rib, u ham safdoshlari kabi iztiroblar olovida qovrildi; sho‘ro davri fojialarini aks ettiruvchi asarlar bitdi; sho‘roviy-inqilobiy ruhdan xoli dramalar ham yaratdi. Bunisi ham haqiqat. Ustoz Hamzaning oktyabr inqilobiga, sho‘rolar siyosatiga munosabati talqinlarida bo‘lgani kabi, o‘z davrining jiddiy hodisasi jadidchilik harakatidagi o‘rni, diniy-islomiy e’tiqodi haqida ham dadil gaplarni o‘rtaga tashlaydi. Ular bilan tanishganda yana bir karra amin bo‘lamizki, murakkab tarixiy silsilalar pallalarida yashab ijod etgan ulkan adiblar shaxsiyati, merosini faqat qutblarga ajratib, qat’iy tarzda u yoki bu ijtimoiy harakatning namoyandasi sifatida talqin etishdan ehtiyot bo‘lish darkor ekan. Tarix tajribasi shundan dalolat beradiki, ulkan iste’dod egalari hech qachon biror ijtimoiy harakat, adabiy oqim doirasiga sig‘magan, sig‘maydi ham. Fikrlovchi inson, ayniqsa, ijodkor mudom izlanadi, o‘zini taftish etib boradi, yangi yo‘llar qidiradi. Bu yo‘llarda u goho izlaganini topadi, goho yo‘qotadi. Chin ijod ahlining qismati shunday. Jumladan, Hamza ijodiy bisotida ma’rifatchilik, jadidchilik ruhidagi asarlar bilan barobar sho‘roviy mafkura bilan yo‘g‘rilgan drama va she’rlarni ham istagancha topish mumkin. Muayyan davrlarda u talay diniy-islomiy ruhdagi asarlar bitgan, ayni paytda, dahriyona satrlar ham to‘qigan. Xam an’anaviy, ham yangicha — modern yo‘llarda asarlar yaratgan. Sizu biz ijodkorni bor holicha ko‘rish, anglashga burchlimiz. Shunday qilinganda ijodkorni ideallashtirishga ham, kamsitishga ham aslo o‘rin qolmaydi. Ijodkor bisoti bor holicha ko‘rsatilgandagina uning insoniy jozibasi ochiladi, ijodiy merosining chin qimmati ayon bo‘ladi.
“Istibdod qurboni” shu azaliy haqiqatdan bizga oqilona saboq berishi bilan g‘oyat qadrlidir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 8-sonidan olindi.