Yog‘du ichra gullagan so‘z — she’r bo‘ladi. Bunday she’rning mazasi dardingga malham bo‘ladi. Yaxshi she’r yomon xayollaringni sidirib tashlaydi. Yaxshi she’r o‘qisang yayrab-yayrab, sevib-sevib yashaging keladi.
She’rdagi otash — so‘zdagi otash. Ochiq ko‘z bilan otashga o‘zini otgan odam shoir bo‘ladi. Ko‘ngilda jununlik ko‘z ochgan kun toshlar mumdek eriydi. Tikanlar tovoningni tilmaydi, silaydi. Olam gulzorga, shoir bulbulga aylanadi.
Siz-u bizga hamnafas bo‘lib yurgan ana shunday bulbul shoirlardan biri Sirojiddin Sayyiddir. Sirojiddinning ikki jildli kitobini o‘qib ikki og‘iz so‘z aytgim keldi. Shoirning shoir haqida aytgani buloqqa buloqning qo‘shilgani kabidir. Bunda shoirlar emas, she’rlar so‘zlaydi. She’rlar sizni o‘z yo‘liga, ya’ni so‘z yo‘liga yetaklaydi. Bu yo‘l — go‘zallik yo‘li, muhabbat yo‘li… Yo‘l boshida esa shoir turgan bo‘ladi.
So‘z yo‘li irmoqlar yo‘li, so‘z yo‘li chaqmoqlar yo‘li. Bu irmoq sizni daryoga yetaklaydi. Siz so‘zlar daryosida oqa boshlaysiz. Beixtiyor ko‘ksingiz sadolanadi. “Ey menga daryoday dil bergan, Vatan”. Shoirlik Vatanni anglashdan boshlanadi. Shoirlik so‘zni siylashdan boshlanadi. Sirojiddin ko‘ksida Vatani bor shoir.
U ona siymosida, ota ayvonida, hovlisida mung‘ayib turgan tandirda, borini shig‘il-shig‘il meva qilib, bargi xazon qilib to‘kib bo‘lgan, momosining xotirasiga aylangan qari tutda, ayvonida alyor aytib turgan qaldirg‘ochlarda Vatan ko‘radi.
Shoir Sirojiddin Sayyid Vatanni madh etganda shabnamdek to‘kilgisi, nasimlarga aylangisi keladi. Bobo yurtni iddaosiz, ta’masiz sevadi.
Yurtim, menga zar kerakmas zarlaringdan,
Kipriklarim o‘psalar bas gardlaringdan.
Men bir nasim bo‘lib keldim, men bir nasim,
Aytib o‘tsam deyman ko‘hna dardlaringdan.
Dardning ko‘hnasi qanday bo‘ladi? Davosiz dardmi?.. Yo‘q-yo‘q, menimcha, dardning ko‘hnasi tiniq dard, shirin dard. Uning davosi o‘zi bilan. Zero, dard bergan Xudoyim shifosini bergani kabidir. Dardning ko‘hnasi odamni odam qiladi. Yana ham yaqinrog‘i, ota-bobolarimizdan bizga meros Dard, asrlar osha ajdoddan avlodga, vujuddan vujudga, dildan dilga o‘tib kelayotgan dard — bu Muhabbat dardi. Ko‘z ochib ko‘rganing, g‘oz-g‘oz turganing muqaddas tuproqqa, Momo Yerga, Ona-Vatanga muhabbat. Bu dard bilan og‘rigan odamning qalbiga Vatan bor kengliklari bilan sig‘adi. Xaslari zarga, zarlari gulga aylanadi. Bu dard odamni shoir qiladi.
Mening shoirligim, do‘stu yoronlar,
Yozilmish maynglayimga bir zamonlar.
Tug‘ilmish u g‘aroyib pallalardan,
Onam boshimda aytgan allalardan.
Sirojiddin toza tilakli shoir. Uning qalamidagi qo‘rni yaratgan bergan. Shu bois, bu charxi davron qaysi yo‘sinda aylanishidan qat’i nazar, shoirlik yo‘rgakda yuqqan odam zamonasoz bo‘la olmaydi. Zero, Qodiriyni Qodiriy, Cho‘lponni Cho‘lpon qilgan pokiza iymon, yuksak e’tiqod, xalqiga, Vataniga va qalamiga bo‘lgan muhabbat dardi edi.
Dardning ko‘hnasi Navoiy hazratlaridan qolgan dard. Bu dunyoda odamzot so‘zda aytishi mumkin bo‘lgan dardlarning barchasini qalam ahlining piri komili aytib ketgandek go‘yo. Buni teran his qilgan shoir:
Shoir kimdir —
Mir Alisher boboning
Birinchi va mangu muovinidir —
Deydi.
Yoki:
Hazrat Navoiyga yetmoq-chun ey dil,
Yana besh yuz yillar yurmoq kerakdir.
Zero, bu dunyoda o‘zini, o‘zligini tanigan odam baxtli odamdir. Baxtli odamlar esa ilmu hikmat, dinu diyonat, mehru muhabbat bilan yashaydi. O‘zgalarni ham baxtli yashashga chorlaydi. Sirojiddin so‘zni ko‘ngil ko‘zgusiga solib she’r yozadi. So‘zni tanlab-tanlab, sizlab, erkalab she’r yozadi. Vatan ostonadan boshlanadi, degan ko‘hna gap bor. Sirojiddin uchun Vatan tol beshikdan, ayvondan, tandirdan boshlanadi. Vatan dildan boshlanadi.
Dil nima o‘zi?
Shoir ko‘zi bilan ko‘rsang, yurak — yog‘du, uzoqroq tikilsang ko‘zingni oladi. Yurak — otash. Yurak bilan dil o‘rtasida nima bor? Yurak dilga aylanadimi? Dil — ko‘zi yo‘q ko‘zgu. Dil ko‘rganini ko‘z harchand ochiq bo‘lsin, ko‘rolmas. Shoir qachon she’r yozadi? Dil osmon bo‘lganida yozadi, dil yomg‘ir bo‘lganida yozadi.
Yomg‘irlar yig‘lashib sel bo‘ldi, Ona,
Sog‘inchlar birlashib yil bo‘ldi, Ona.
To‘planib-to‘planib barcha og‘riqlar,
Mening ko‘kragimda dil bo‘ldi, Ona.
Ona — dilning ostonasidagi dilbar posbon. Farzand dili qulfining kaliti ham, dil dardining malhami ham onalar qo‘lida. Shu bois, ona madhida shoirning dil sharobi she’r bo‘ladi. Zero, beshik boshidagi bedor dil—ona! Allalari tungi tilovatga aylangan — ona! Ayting, sog‘inchning rasmi bormi? Uni chizmoqchi bo‘lgan musavvir quyosh bodroq sochib charchamaydigan yurt — Surxon diyori, Sariosiyo tumanining cheka bir qishlog‘ida, pastqamgina hovlida, ostonada yo‘l kutib o‘tirgan, Sirojiddin Sayyidni shoir qilgan onaning rasmini chizsin. Bu eng go‘zal, eng mukammal Sog‘inchning rasmi bo‘ladi.
Shoirni shoir qilgan tuyg‘ularning bittasi — sog‘inch. Sog‘ingan dil talpinib yashaydi, intilib yashaydi. O‘zi shaharda yashasa ham poda boqqan qirlari, yotiblar ichgan suvlari jonini jimirlatib-jimirlatib qo‘yadi.
Siz men uchun — mangu qasam,
Ko‘nglim kelib bir chayqasam,
Olamda qolmas tashvishim,
Yotiblar ichgan suvlarim.
Sirojiddin siylagan so‘zlarning bittasi — ayvon. Zero, azal-azaldan ota-bobolarimiz imorat qurganda kungay qilib, ayvonli qilib qurishni ma’qul ko‘rganlar. O‘tmishda, bugungi dang‘illama imoratlar tushlarimizga kirmagan paytlar bir parkentlik onaxon imoratini maqtay turib: “Bir uy soldik, bir uy soldik… ikki uy, bir ayvon, yana bora-borguncha peshayvon”, degan ekanlar. Chunki ayvoni bor uyning fayzi bo‘lak. Tongda ko‘z ochgan odam yorug‘ olamga o‘z ayvonidan boqadi. Ayvonda o‘tirib yog‘ayotgan qorni tomosha qilish, yomg‘irlar qo‘shig‘ini tinglash, bo‘g‘otingizda bir-biriga mo‘ltirab o‘tirgan bir juft beozor musichani ko‘rish qanday zavqli. Tumshug‘ida loy tashib, ayvoningiz peshtoqida o‘z “qasrini” qurishga kirishgan qaldirg‘ochlarning harakatini befarq kuzatib bo‘ladimi?.. Bularning barchasi tirik jonzotlarning tashvishi. Qolaversa, harakatda barakat bor, degan chorlov bu.
Ayvonida o‘tirgan odamga quyosh yuz ochadi. Gulu rayhonlarning islari dimog‘ini qitiqlaydi. Onangiz ayvonda o‘tirib yo‘llaringizni poylaydi. Bolangiz ayvonda mo‘ltirab kelishingizni kutadi. Uyingizning ayvoni — umringizning ayvoni.
Kiygin eng chiroyli ko‘ylaklaringni,
Ifor et umrimning yo‘laklarini.
Bu tong qaldirg‘ochlar ayvonimizga
Keltirgay qalbimning bo‘laklarini.
Qalbining bir parchasini o‘z ayvonida qoldirib ko‘chaga chiqqan odam uyida baxti bor odam. Uyida baxti borlar ko‘chada qomatlari tik, yuzlari yorug‘ yuradilar. Bu dunyoda inson zoti uchun bebaho damlar ota-ona bag‘rida, ota uyida o‘tgan yillar hisoblanadi. Shoir bejizga: “Onam ayvonidan keldingmi, bahor?”, deya entikmaydi. Yoki ota uyning devorlarini dil bilan oqlab berishni xayol qilish shoirona jununlik emas. Balki ota-ona oldidagi farzandlik mas’uliyatini his qilishning yorqin e’tirofidir.
Yana shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bolalikning tiyrak nigohiga muhrlangan, shoir she’riyatida bo‘rtib turadigan so‘zlar shodasi — yog‘och so‘ri, beshik, eski tandir Vatan suratlarini chizishda go‘zal timsollarga aylanadi. Bu timsollarda dil sog‘inchlari, orziqishlari, iztiroblari shabnamdek to‘kilib turadi. Shabnam poklik timsoli, bolalik poklik timsoli. Demak, bolalikni qo‘msash poklikni qo‘msashdir. She’r esa, hamisha pok qalbning mevasi bo‘lib kelgan. Yaxshi bog‘bon ilk pishgan mevalarni avval bolalarga bo‘lib beradi. Shu o‘rinda Sirojiddin Sayyidni daryodil bog‘bonga mengzagim keldi.
Mening she’rim bir bola, uni
Beshikdagi bola o‘qisin.
She’rni sharhlash olimlarning ishi. Shoirni esa o‘tli so‘z asir etadi, ohang ergashtiradi. Ohangi o‘zi bilan kelgan misra o‘quvchi dilini maftun etadi. She’rning shakli, she’rning vazni — bu ko‘ngilning shakli, ko‘ngilning vaznidir. She’rga ohang qaydan keladi, ko‘kdanmi? Nechun shoir she’r yozayotganda o‘zini unutadi? U qaysi samoda uchadi? Armonlar, iztiroblar, sog‘inchlar, diydorlar samosidami? Shoir qaysi samoda uchmasin uning oyog‘i Momo Yerdan uzilmaydi. Chunki shoir kindik qoni tomgan yer farzandi.
Dilim har bir daraxt, bog‘ birla o‘sdi,
Shu el birlan, shu tuproq birla o‘sdi.
Shoirning ko‘ngli gurungni tusaydi. Gohida tosh bilan, gohida ko‘ngil ko‘zidagi yosh bilan tillashadi shoir. Bittagina boychechak qoshida tiz cho‘kib o‘tirgan shoirni ko‘rganmisiz? Boychechak tilini boychechakka aylangan odam biladi. Siz maysaga qarab egilsangiz, maysa sizga qarab bo‘y cho‘zadi.
Quyunlar ichra o‘sgan bir qizil gul,
Kuyib ketsam, ko‘kargay so‘z bo‘lib kul.
Kulning ko‘klab ketishiga sizni faqat shoir ishontira oladi. Chunki xush niyat ko‘ngilni xushlaydi. Ko‘ngilda odamiylikdan iftixor, huzur uyg‘onadi. She’r o‘qib huzur qilmoq ba’zan totli taom rohatidan a’loroq ekanini, ehtimol, shoirlar bir-birlarini o‘qiganida teranroq his qilishar. Men so‘zimning avvalini “she’rning mazasi”, degan ibora bilan boshlagan edim. Dil izhorimning poyonida esa Sirojiddin Sayyidning “So‘z yo‘li” nomi bilan “Sharq” nashriyoti-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyatida chop etilgan ikki jildli saylanmasini huzur va iftixor bilan o‘qidim, mazza qildim, degan so‘zni baralla aytgim keldi.
Zotan, so‘z yo‘lidan topgan asil gulu giyohing fasllarni tan olmagay. Chunki ko‘ngil tuprog‘ida o‘sgan giyoh qurish bilmas, nihol esa o‘sib, o‘zga ko‘ngillarda chinorlardek yaproq yozgay. Sirojiddin she’rlari yaproq yozguvchi she’rlardir. Uning bobo shoirlarning qutlug‘ so‘z yo‘li — aruzdagi orombaxsh g‘azallari, ko‘hna she’riyatimiz, ma’rifatimizning ulug‘lari ijodidan hamda rus she’riyatidan qilgan diltortar tarjimalari ham tahsinga loyiq.
Shoirni shoirdan olgan ilhomi ham buloq jilg‘alarining bir-biriga qo‘shilgani kabidir. So‘z yo‘lining chiroqbardorlari, ulug‘ bobokalonlarimiz Cho‘lponlar, Qodiriylar, Usmon Nosirlar, Behbudiylar orzu qilgan davru davron mustaqil yurt ijodkorlariga nasib etdi. Bir-birimizga tutilgan yelka, bir-birimizga tutilgan narvon millat ma’rifati, millat adabiyoti uchun qo‘yilgan narvondir. Piri komillarimiz ruhi pokini shod etmoq, yotgan joylarini yoritmoq uchun yoqilgan chiroqdir. Ilohim, shu chiroq hech qachon qo‘limizdan tushmagay. Sirojiddin Sayyidning qo‘sh to‘plami sizu bizga, o‘zbek adabiyotiga muborak bo‘lsin.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 14-sonidan olindi.