Ko‘hna Farg‘ona zamini jahonga buyuk allomalar, otashnafas shoirlar, el ardog‘idagi mashhur san’atkorlarni yetkazib bergan. Farg‘ona tarixida o‘tgan mashhur zotlardan biri Mavlaviy Cho‘bin yoki Domla Cho‘bin nomi bilan zamondoshlari orasida shuhrat topgan mulla Asrorqul To‘pchi Mirzo o‘g‘lidir. Mavlaviy Cho‘bin asli hozirgi Rishton tumanidagi Zohidon qishlog‘ida tavallud topgan. Tug‘ilgan yili noma’lum, taxminimizcha, XIX asrning birinchi choragida dunyoga kelgan. Otasi Qo‘qon xonlari saroyida munshiylik vazifasida xizmat qilgan ekan. Shu tufayli xalq orasida To‘pchi Mirzo nomi bilan tanilgan.
Mulla Asrorqul o‘z ona qishlog‘ida xat-savodini chiqargandan so‘ng Qo‘qonga keladi va mashhur Muhammad Alixon madrasasida o‘qiy boshlaydi. Mazkur bilim dargohi o‘z zamonasida Ho‘qandi Latifdagi eng obro‘li ilm o‘choqlaridan biri edi. Asrorqul bu yerda madrasa dasturi bo‘yicha chuqur bilim oldi va komil mulla bo‘lib yetishdi. Ammo u dunyoviy ilmlarni o‘rganishga ahd qilib, Hindiston safariga otlanadi. Bir necha yillar Hind diyoridagi o‘quv dargohlarida ta’lim oladi. Turli dunyoviy fanlar, ayniqsa, riyoziyot(matematika), ilmi hay’at(astronomiya) fanlarini puxta o‘rganadi. Shundan so‘ng Qo‘qonga qaytadi. Uning shaharga qachon qaytgani ma’lum emas. Dunyo ko‘rgan, diniy va dunyoviy ilmlar tufayli yetuk olim darajasiga ko‘tarilgan mulla Asrorqul Ho‘qandi Latif ulamolari orasida tezda shuhrat qozonadi.
Uning ta’rifi mamlakat hukmdori Sayyid Muhammad Xudoyorxonga ham yetib boradi. Xon allomani huzuriga chorlab, u bilan suhbatlar quradi. Asrorqul Hindistonda egallagan bilimlarni amalda ko‘rsatish uchun xon o‘rdasida “Doirai hindiyya” — soyadan vaqtni o‘lchash soati, ya’ni quyosh soatini quradi. Bu soat cho‘b, ya’ni yog‘ochdan qurilgani uchun mulla Asrorqul xalq orasida “Mavlaviy Cho‘bin” nomi bilan mashhur bo‘lib ketadi. “Doirai hindiya” Xudoyorxonga ma’qul bo‘ladi. Mavlaviy Cho‘bin xonning buyrug‘iga ko‘ra Jome madrasasining bosh mudarrisi Ulug‘xon to‘raga noib vazifasiga tayinlanadi. Mavlaviy bu madrasada ko‘p yillar tolibi ilmlarga dars beradi. Garchi madrasa dasturida bo‘lmasa ham riyoziyot va ilmi hay’at fanlaridan ham qiziquvchi talabalarga saboqlar beradi. U Jome madrasasining hovlisida ham “Doirai hindiya” yasaydi. Biroq uning bu mashg‘ulotlari zamonasidagi ayrim mutaassib ruhoniylar, johil mudarrislarning ig‘vo va fasodiga duchor bo‘ladi. Oqibatda jaholat peshvolari Mavlaviy Cho‘binni kufr ishlarni qilishda, ya’ni kofirlikda ayblaydilar. Biroq xondan qo‘rqqanliklaridan buni xalq orasida oshkor etmay, payt poylab turadilar.
1875 yili ular kutgan kunlar kelib qoldi: taxtga intilgan mansabparast amaldorlar fitnasidan qo‘rqqan Xudoyorxon rus askarlari panohida Xo‘qandni tashlab ketdi, xonlik shahzoda Nasriddinbek qo‘liga o‘tdi. Biroq mamlakatda urush, buzg‘unchilik davom etaveradi. Vaziyatdan foydalanib qolishni ko‘zlagan chor Rossiyasi qo‘shinlari Farg‘ona vodiysiga yurish boshlaydilar. 1875 yilning avgusti o‘rtalarida Nasriddinbek mamlakatni rus qo‘shinlaridan himoya qilish uchun katta qo‘shin bilan dushman kelayotgan tomonga — Xo‘jand sari safarga otlandi. Ana shu paytda, ya’ni shaharda qo‘shinlar qolmay, faqatgina tinch aholining o‘zi bo‘lgan paytda Xoja Muhammad Bachqiriy, To‘xtasin yasovul Yangiqo‘rg‘oniy, Jabbor Amin Sho‘rqishloqiy, Qalandarbek Oqqo‘rg‘oniy boshchiligidagi olomon shaharga bostirib kirib, xon o‘rdasini va xazinalarini talon-taroj qiladilar, shahardagi bir necha mashhur zotlarni o‘ldiradilar. Ular Jome madrasasiga ham kiradilar. Mavlaviy Cho‘binga qalbida g‘araz va adovat saqlab yurgan ayrim yaramas mudarrislarning qutqusi bilan johil olomon “shariatga xilof” soatni buzib tashlaydi. Bunga ham qanoat qilmay, johil olomon Mavlaviy Cho‘binni hujrasidan masjid hovlisiga sudrab chiqib, jome ayvoni oldida urib o‘ldiradi. Domlaning tarafdorlaridan bo‘lgan Xo‘jamqul degan olim olomonga nasihat qilmoqchi bo‘lganda, uni uyiga quvib borib, yashirinib yotgan joyidan topib chiqib, o‘z hovlisida qatl etadilar. Olomon bundan tashqari Abduvali mudarrisni ham o‘ldiradi. Bosqinchilar bir-ikki kun shaharni talab, so‘ng qishloqlariga qaytib ketadilar.
Mavlaviy Cho‘binning jasadini mulla Ismoil degan shogirdi Zohidonga eltib, oila a’zolariga topshiradi. Domlani katta hurmat va ehtirom bilan o‘z ona qishlog‘idagi qabristonga dafn etadilar. Avlodlari Mavlaviy qabri atrofiga gullar ekib qo‘yadilar. Tez orada qabristonda gulzor paydo bo‘ladi. Shu tufayli bu qabriston el orasida “Gulmozor” nomi bilan atala boshlandi.
Mavlaviy Cho‘binning hayoti va faoliyati haqida taniqli olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi Po‘latjon Qayumov (1885 — 1964) o‘zining “Tazkirayi Qayyumiy” asarida alohida bir faslda so‘z yuritgan bo‘lib va uni “Ahmad Donishga barobar munavvar ul-fikr olimlardan bo‘lib, shul yo‘lda shahid etilmishdir”, deb ta’riflagan edi. Po‘latjon domlaning yozishicha, Mavlaviy Cho‘binning Muhammad Amin ismli farzandi bo‘lgan. Tazkira muallifi u bilan 1908 yili Zohidonda uchrashgan. O‘sha paytda Muhammad Amin Asrorqul o‘g‘li qozilik mansabida turgan ekanlar. Demak, Mavlaviyning o‘g‘li ham zamonasining ilmli, diyonatli kishilaridan bo‘lgan ekan. Aks holda, u qozilik lavozimiga qo‘yilmagan bo‘lur edi. Farg‘ona davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Malikjon Boborahimovning bizga xabar berishicha, Mavlaviy Cho‘binning nabirasi Usmonali Asrorqulov Zohidonda 1997 yili vafot etgan. Uning o‘g‘li Umarali Asrorqulov hozir Zohidonda yashaydi.
Muarrix Mirzo Olim Mushrifning “Ansob us-salotin va tavorix ul-xavoqin”(“Sultonlar nasablari va xoqonlar tarihlari”) nomli tarixiy asarida ham johil olomonning 1875 yil avgustida Qo‘qonga bosqin qilgani va Mavlaviy Cho‘binni ham halok etganlari haqida qimmatli ma’lumotlar bor. Mushrif o‘z asarida mazkur voqealar haqida bitgan bir g‘azalini ham keltiradi:
Bir necha sohib xuruj hodis bino bo‘ldi darig‘,
Fe’li shaytoni havoga mubtalo bo‘ldi, darig‘ —
deb boshlanuvchi bu g‘azalda:
Nechani qatl ayladilar xaznani toroj etib,
Rustoyi shahr xalqig‘a vabo bo‘ldi, darig‘.
Mavlaviy Cho‘bin bila ul Abdumo‘min reshni
Qatl qildilar, hama kori qazo bo‘ldi darig‘.
Masjidi Jome’da jam’ o‘ldi jamiki xosu om,
Chun hujumi guftgo‘yi mojaro bo‘ldi, darig‘… —
kabi misralar ham bor.
Afsuski, Mavlaviy Cho‘bin haqida bilganlarimiz hozircha shulardan iborat. Kelgusidagi ulug‘ allomaning hayoti va faoliyatiga doir yangi ma’lumotlar chiqib qolishidan umidvormiz. Milliy qadriyatlarimiz qad rostlayotgan ushbu kunlarda yurtdoshimiz Mavlaviy Cho‘bin haqida ma’lumotlar ko‘payadi, deb o‘ylaymiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 40-sonidan olindi.