Olimlarning ilmiy ishlari ilmiy mushohadaga asoslangan bo‘ladi. Shu bois, ularni o‘qish va uqishning ham bir muncha murakkabliklari bor. Nomzodlik yoki doktorlik dissertatsiyasini oladigan bo‘lsak, har bir jumla biror-bir fikrni tasdiq yoki inkor qilishi, o‘quvchini ma’lum yangilikdan xabardor etishi zarur. Eng muhimi, ilmiy ishda umumiy, mavhum mulohazalar emas, ilm qiluvchining aniq-tugal fikrlari, ilmiy izlanishi, kuzatuvi asosidagi xulosalari bo‘lishi shart.
Sho‘rolar zamonida ilmiy ish yozishning o‘ziga xos qolipi yuzaga kelgan edi. Dissertatsiyani baholashda unda shu mavzuda yozilgan boshqa ishlarning sanab o‘tilishi, o‘zingdan katta, nufuzli ustozlarning ishlari tilga olingani, ulardan ko‘chirmalar keltirilgani va yuksak baho berilgani muhim ahamiyatga ega bo‘lardi. Boshqalarning fikrlari shu qadar ko‘p keltirilardiki, muallifning shaxsiy fikri yoki xulosasi ko‘p hollarda ularning soyasida qolib ketardi.
Ish yuzasidan, ba’zan esa qiziqishim bois, ko‘plab dissertatsiyalarni, ilmiy ma’ruza matnlarini, olimlarning davra suhbatlarini o‘qib chiqishga, ayrim hollarda ularga baho berishga to‘g‘ri keladi. Bu ish bilan uzoq yillar davomida uzluksiz shug‘ullanganim, bugun ham imkon darajasida mashg‘ulligim bois, ko‘ngilda ba’zi mulohazalar ham yig‘ilib qoldi. Ular, avvalo, o‘zimga, shogirdlarimga kerak. Balki bu fikrlarim boshqalarni, masalan, yosh tadqiqotchilarni ham qiziqtirib qolishi mumkin, degan fikrda qo‘limga qalam oldim.
Ilmiy ish, u dissertatsiya, monografiya, ilmiy risola yoki ma’ruza teksti bo‘ladimi, bundan qat’i nazar, ilmiy tilda, ammo sodda va ravon uslubda, yosh tadqiqotchilar oson tushunadigan, boshqalar ham zerikmay o‘qiydigan qilib yozilishi kerak.
Allomalardan biri ilmiy adabiyotlar odamlarni jaholatdan qutqaradi, degan xulosaga kelgan. Demak, ilmiy ish fandagi aniq bir muammo, yo‘nalish xususida bo‘lishi, unda keltirilgan dalil va xulosalar ilmiy mushohada taraqqiyotining bugungi talablariga javob berishi zarur.
Faylasuf Demokrit bir vaqtlar: “Bitta ilmiy isbot yoki dalilni qo‘lga kiritish men uchun Fors saltanatiga hokimlik qilishdan a’loroqdir”, degan ekan. Bu bejizga aytimagan, albatta. Ilmda biror bir isbotga kelish, fikrni boshqalar aytmagan yangi bir dalil bilan isbotlash o‘ta og‘ir ish. Ammo olimlikka da’vo qiluvchi uchun bundan boshqa yo‘l yo‘q.
Olim ilmiy mushohadasida charx ura boshlagan, soddaroq qilib aytganda, miyasida aylanib, tinchlik bermayotgan bir fikrni, qachonki uning to‘g‘riligi va zarurligiga o‘zi ishonch hosil qilganidan keyingina aytishi kerak. Ammo bunda ortiqcha shoshilish kabi o‘rinsiz imillash ham ketmaydi.
Ba’zan zahmatkash bir olim minbarga ko‘tarilib, jo‘yali bir fikrni o‘rtaga tashlaydi. Uning ortidan boshqalar, “Shundoq fikr aytilganida biz jim tursak, ilmiy obro‘yimizga putur yetib qolmasin”, deganday, birin-ketin so‘z olishadi. Gapni “Domla juda to‘g‘ri aytdilar, haqiqatan ham shunday…” qabilida boshlab, shu ohangda yakunlashadi. O‘zida mustaqil fikri bo‘lmagan odam, minbarni band qilmay, boshqalarni tinglab o‘tirgani ma’qul.
Ba’zi ilmiy ishlarda ko‘pchilik tushunmaydigan iboralar, izohtalab so‘zlar haddan tashqari ko‘p uchraydi. Ayrim yosh tadqiqotchilar o‘zlaricha ilmiy ishning nufuzini oshiraman deb shunday qilishadi. Ularni tushunish uchun boshqa ko‘plab manbalarni erinmay varaqlash kerak. Bu, ochig‘ini aytganda, ishning xomligi, pishib yetilmaganligi belgisidir. Haqiqiy olim o‘z fikrini ilmiy jumboqlarsiz ham ifoda qila oladi.
Yashirishdan ne foyda, ba’zi ilmiy ishlarni nari borsa besh-o‘n kishi, balkim yigirma-o‘ttiz kishi o‘qiydi, dissertatsiya himoya qilinganidan keyin ularning ko‘pi katta-kichik kitob javonlarini bezab turaveradi. Bu endi, adolatdan emas, deb o‘ylayman. Axir, bitta dissertatsiyani yozish uchun bir kishining bir necha yillik umri, davlatning mablag‘i ketgan-ku! Bunday desak, hozir hatto badiiy asarlarni ham o‘quvchiga zo‘rlab tiqishtirishning iloji yo‘q. Yagona yo‘l, mening nazarimda, ilmiy ishni o‘qiydigan va o‘qiganda undan bahra oladigan qilib yozish kerak.
Ilmiy mushohada va notiqlik mahorati hamisha ham yonma-yon yurmaydi. Ba’zi olimlarning fikri qog‘ozda juda tiniq, qiziqarli aks etadi, ammo ma’ruza qilsa gapi mutlaqo qovushmaydi. Ba’zan esa, buning aksini ko‘ramiz — olim minbarda juda biyron so‘zlaydi, “Shu fikrlaringizni qog‘ozga tushirib bering”, desangiz, boshni qashlab turib qoladi.
Olimlik mansab ham, martaba ham emas. Lekin ilm kishisining nutqi ham, yozuvi ham mukammal bo‘lsa qanday yaxshi.
Ilm kishilariga juda ko‘p ma’ruza qilishga to‘g‘ri keladi. Har gal minbarga ko‘tarilayotganimda, mashhur notiq Sitseronning bir fikri yodimga tushadi: “So‘zning kuchi bilan ommaning diqqatini o‘zingga tortish va ularni rom etishdan ham lazzatliroq narsani bilmayman”.
Albatta, notiqlikda Sitseron darajasiga yetish qiyin, ammo ma’ruzachi, agar u ilm kishisi bo‘lsa, aytadigan gaplarini yaxshilab o‘ylab, fikrini jamlab, hech bo‘lmaganda tezis ko‘rinishida qog‘ozga tushirib olishi kerak. “So‘z — libos, ma’no shu libos ostiga yashiringan sir”, deyishadi. Ma’ruzada shunday so‘zlarni topib ishlatish kerakki, ular tinglovchilarga ta’sir ko‘rsatsin, xotiralariga o‘rnashib qolsin.
Aflotun: “Agar savol to‘g‘ri berilgan bo‘lsa, har qanday savolga ham javob qaytarish mumkin”, degan ekan. Ba’zi notiqlar, men ko‘proq ilm kishilarini ko‘zda tutmoqdaman, ma’ruzani yaxshi o‘qishadi, ammo tinglovchilarning savollariga kelganda o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishadi, hayajon bosadi. Ilm kishisi uncha-muncha narsaga hayajonlanmay, har qanday holatda ham mantiqiy fikrlashda davom etishi kerak, deb o‘ylayman.
Alisher Navoiy hazratlari: “So‘zni ko‘ngulda pishkormaguncha tilga kelturma, har nekim ko‘ngulda bor — tilga surma”, deganlar. Bu borada Sitseronning fikri mana bunday: “Agar notiq gapirmoqchi bo‘lgan narsasini mukammal bilmasa (mukammal bilmay turib ham minbarga ko‘tarilsa — M.T.), uning notiqligi uch pul”. Bu o‘gitlar hamisha yodimizda turishi kerak.
Meni, balki boshqa ko‘plarni ham, ajablantiradigan bir narsa bor. Ilmiy anjumanlarda asosiy ma’ruzalar tinglanib bo‘lingach, muhokama boshlanadi. Ba’zi, hatto ustoz maqomidagi olimlar ham unda qatnashishadi. Ammo ma’ruzachining u yoki bu fikrini tasdiqlash, inkor etish uchun emas, shunchaki muhokamada ishtirok etish uchun. Juda g‘alati holat. Ulug‘ Pifagor ham bunday holatlarni ko‘p kuzatganmi, shunday degan ekan: “Tinglash va sukut saqlash seni donolik sari yetaklaydi. Sukut — donishlikning boshlanishi”. Bu so‘zlarni juda avval o‘qib, ta’sirlanib, yon daftarimga ko‘rinarli qilib ko‘chirib qo‘yganman, turfa xil yig‘inlarda bot-bot eslab turaman.
Yana bir mulohaza. Ilmda ustoz-shogirdlik an’analari mavjud. Hech kim o‘z-o‘zidan olim bo‘lib qolmaydi. Hammamiz ham ilm maydoniga ulug‘ ajdodlarimizning bizlargacha yetib kelgan ilmiy merosidan ozmi-ko‘pmi bahramand bo‘lib, bugungi ustozlarga ergashib, ularning ne-ne zahmatlar bilan bitilgan kitoblarini o‘qib-o‘rganib kirganmiz. Ilk ishlarimiz ularning rahbarligi ostida yorug‘likka chiqqan. Izohli lug‘atimizda “rahbarlik” so‘zi “boshchilik”, “boshliqlik”, “yo‘lboshchilik”, “rahnamolik”, “murabbiylik”, “ustozlik”, “ilmiy” so‘zi esa “”ilmga oid”, “ilmga qaratilgan”, “ilm-fan bilan bog‘liq muammolarni o‘rganuvchi”, “ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanuvchi” ma’nolarida izohlangan. Demak, “ilmiy rahbar” atamasini “Yosh tadqiqotchilarga ilmiy faoliyatda rahbarlik qiluvchi murabbiy”, deb tushunsak, har jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi. Ammo…
Ilmiy rahbar bo‘lish oson emas. Bunday nomga musharraf bo‘lgan kishi, eng avvalo, bag‘rikeng, samimiy, ilmda nufuzi baland, so‘zi mantiqli va… jur’atli bo‘lishi kerak. Ba’zan shunchaki olimlikni havas qilib qolgan, kimgadir ishonib, tayanib qo‘liga qalam olgan kishilarga ham rahbarlik qilishga to‘g‘ri keladi. Bunday paytlarda rahbar jur’atli bo‘lishi, ya’ni, avvalboshdayoq bu talabgordan ilm kishisi chiqadimi yoki yo‘qmi, buni ochiq aytishi, umri behuda o‘tishiga o‘zi ham sababchi bo‘lmasligi kerak. Va, aksincha, ilmiy rahbar shogirdini o‘z farzandiday bilib, unga to‘g‘ri maslahatlar berishi, bechoraning sadoqatini uzoq vaqt o‘ziga qulluq qilishi, mayda-chuyda ishlarga hoziru nozirligi bilan sinab ko‘rmasligi lozim. Bu gapim kimgadir tegib ketmasligini istar edim — ayni mana shu holatga dosh berolmagan ko‘plab yoshlar ilm dargohlarini tashlab ketganlarini ham bilaman. Bu endi — kechagi o‘tmishimizdan qolgan achchiq xotira. Ammo xotira ekan-da, deb beparvo ham bo‘lmasligimiz kerak…
E’tiboringizga havola etayotgan ushbu fikrlarimni taniqli mutafakkir Kantning: “Ustoz o‘z shogirdiga fikrlarni emas, fikrlashni o‘rgatishi kerak”, degan o‘ta muhim so‘zlari bilan yakunlamoqchi edim, yodimga Kaykovusning mana bu hikmati tushib qoldi: “Ey farzand, badanni o‘zingga mute’ qil va qahr bila itoatga buyurg‘il”. Ustoz-shogirdlik munosabatlarini bundan ortiq ifodalash juda qiyin.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 52-sonidan olindi.