O‘zbek bolalar adabiyotining XX asr 60 — 70-yillarigacha bo‘lgan davrini keyingi davri bilan qiyoslasak, garchi bu davrlar orasida uzviy bog‘liqlik bo‘lsa-da, keyingisi avvalgisidan jiddiy farqlanishini sezmaslik mumkin emas. Buning talay sabablari bor, albatta. Ana shu sabablarning ayrimlari badiiylikka e’tiborning kuchaygani, bolalar adabiyotiga xos xususiyatlarning ijodkorlar tomonidan chuqurroq egallana boshlangani, ayniqsa, yirik janrlarda asarlar yuzaga kelgani, bolalar adabiy tanqidchiligida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz bergani, yangi avlod ijodkorlarining maydonga kelgani bilan izohlanadi.
Safar Barnoyev ana shu yangi avlodga mansub yozuvchi edi. U dastlabki to‘plamlari bilanoq bolalar adabiyotiga yangi havolar olib kirishga intildi, deyarli qirq yillik ijodi bilan bolalar she’riyati, hikoyachiligi, qissachiligi rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.
Uning jussasi bolaligidayoq mehnatda toblanib tarashlandi. Otasi urushga ketgach, ro‘zg‘orni tebratishda onasiga tayanch bo‘ldi. Qo‘ligul onasi Ro‘zigul xolaning yopgan nonlarini uylari yaqinidagi guzarga eltar, qaytishda, albatta, yo‘l yoqasidagi kitob do‘koniga kirib o‘tardi. Turmush urinishlari, bolaligi haqida gapirganda: men to‘g‘ri ma’noda ham, ko‘chma ma’noda ham non qadrini yaxshi bilaman, derdi Safar aka. Ayniqsa, bolaligimda onam yopgan non isi, mazasi, rangi yuragimga, ko‘zimga muhrlanib qolgan, derdi.
Toshkentda Safar aka bilan universitetda birga o‘qidik. Uning yoshi bizdan birmuncha katta bo‘lishiga qaramay, buni sezdirmaslikka harakat qilar, doim o‘zini teng tutar edi. Paxta terimiga chiqqanimizda, terga botib astoydil mehnat qilar, gulxan atrofidagi she’rxonliklarda kamsuqumlik bilan ishtirok etardi. Ko‘pchilik boshlovchi bolalar shoiri singari uning ham Quddus Muhammadiy “Sandal”ida isinib, “Pechka”sidan taft olgani shundoqqina sezilib turardi.
Ongli hayoti adabiyotning ichida kechgan shoirning oilaviy turmushi ham adabiyot bilan bog‘lanib ketgan edi: mehribon ayoli Malika opa bilan dastlab adabiyot to‘garagida tanishgan edilar. Safar aka yozgan asarlarning ilk o‘quvchilari, tanqidchilari ham Malika opa va farzandlari edi. U oilaga, farzandlarga, do‘stlarga nihoyatda sadoqatli edi. O‘zi kirgan davralarni, suhbatlarni gullatardi. Qalbi orzularidek keng, xayollari jahongir edi.
Biz — davradoshlaridan yoshi kattaroq bo‘lgani uchun hazillashib u kishiga ba’zan Safar ota, deb murojaat etardik.
Bahor kunlaridan birida qaysidir bog‘ga choyxo‘rlikka kirdik. Safar ota, Rauf Zohir, No‘mon, Ortiqboy, men… Hali choy buyurib ulgurmagan ham edikki, narigi davrada o‘tirganlar tanish chiqib qolishdi va bizni o‘z yonlariga taklif etishdi. Davra kengaydi, suhbat qizidi. Do‘stlarimiz qatorida yozuvchilarni yaqindan tanimaydigan, lekin ijodga ishqibozlar bor ekan. Biz Safar akaga gap orasida bir-ikki bor “Safar ota”, deb murojaat qilganda boyagi yigitlardan biri dast o‘rnidan turib, “ipe, Nazir Safarov, o‘zlari bo‘ladilarmi, kechirasiz ustoz, qorong‘u tushib, biroz tanimabman”, deb qolsa bo‘ladimi. “Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q, Nazir Safarov deganlari nechta bo‘ladi, bitta bo‘ladi-da”, deb qo‘ydi Safar aka odatiga ko‘ra o‘ng qo‘lini she’r o‘qiyotgandagidek bir-ikki siltab. Boyagi yigit Nazir Safarovning roman, hikoya, ocherklarini juda sevib o‘qishini to‘lqinlanib gapira ketdi va bot-bot Safar akaga murojaat qilib, “Qarang-a, sira siz bilan bir dasturxon atrofida o‘tiraman deb o‘ylamagan edim, omadi yurishgan odam ekanman”, deb qo‘yardi peshonasidagi terni artib, astoydil. Safar aka ham salobat bilan bir-ikki bosh silkib suhbatdoshining fikrlarini ma’qullab qo‘yardi. Bundan ta’sirlangan yigitning himmati bilan dasturxon bir-ikki bor yangilandi, qaynoq va muzdek ichimliklar mo‘l bo‘ldi…
Safar Barnoyevning butun umri mehnat bilan o‘tdi. Nashriyotda, jurnallarda, Yozuvchilar uyushmasida barakali faoliyat olib bordi. Xususan, nashriyotda muharrir bo‘lib ishlaganda ko‘pdan-ko‘p do‘stlari, tanish-notanish shoir, yozuvchilarning kitoblari chiqishiga bosh-qosh bo‘ldi. Istiqlolning dastlabki yillarida Xalq ta’limi vazirligida xizmat qilib, maorif sohasiga mustaqillik ruhini singdirishda jonbozlik ko‘rsatdi. O‘sha paytda amalga oshirilgan ko‘pdan-ko‘p millatparvarlik, vatanparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan ishlarning maktab hayotiga, o‘quvchilar ongi va qalbiga singishida Safar Barnoyevning hissasi bor. “Gulxan” jurnaliga Safar Barnoyev muharrirlik qilgan yillar ham izsiz va samarasiz ketmadi. Asar va mualliflarga talab kuchaydi, jurnal rang-baranglashdi, o‘quvchilari doirasi kengaydi, bolalar adabiyotiga yangi nomlar “Gulxan” yog‘dulari orqali kirib keldi.
Safar Barnoyev ijodida o‘zbek bolalar adabiyotining rang-barang muammolari, chunonchi, bolalar taqdirida o‘chmas iz qoldirgan urush dahshatlari aks etgan. “Chehralar” to‘plamidagi she’rlar va balladalarning, “Afg‘on hikoyalari” turkumidagi asarlarning asosiy qismi ushbu mavzuni badiiy yoritishga bag‘ishlangan.
“Qirq yettinchi yil hikoyalari” deb nomlangan turkumga kirgan asarlarida — butun bir avlodning — urush tugagan pallalarda voyaga yetgan, oq-qorani tushuna boshlagan, ko‘ngli bir umr yarim bo‘lib qolgan bolalar avlodining qiyofasi aks etgan. Bu avlod keyinchalik o‘sib-ulg‘aydi, el-yurt xizmatiga kamarbasta bo‘ldi. Ular orasidan olimlar-u shoirlar, kosmanavt-u davlat arboblari yetishib chiqdi. Ota diydoriga to‘ymagan bu avlodning bir vakili sifatida Safar Barnoyev “Ota o‘g‘li”, “Dadamning qo‘llari”, “Dadam haqida qo‘shiq” asarlarida o‘sha davr bolalarining armonlarini tasvirlagan.
Adibning ijodi, asarlari o‘z vaqtida e’tirof etildi, munosib baholandi. U G‘afur G‘ulom nomidagi mukofot sohibi bo‘ldi, “Ofarin” mukofotini qo‘lga kiritdi. She’rlari, hikoyalari o‘ndan ortiq tillarga tarjima qilindi. Xususan, urush haqida yozib, ayniqsa, uning dahshatlarini o‘z boshidan o‘tkazgan rus, ukrain, belorus, chex, polyak kitobxonlarini qoyil qoldirish oson emas. Safar Barnoyevning urush mavzuidagi she’r, hikoyalari ana shu xalqlar kitobxonlariga ma’qul kelib, ularning tillariga tarjima qilinib, chop etilgan ekan, bu o‘zbek adibi mahoratining tan olinganidan dalolatdir.
Yozuvchi ijodi faqat ushbu mavzudagi asarlar bilangina cheklanmagan, albatta. Hayotda o‘zining mustaqil o‘rnini topishga intilayotgan yoshlar, o‘smirlar dunyosiga xos muammolarni yoritish Safar Barnoyev ijodi uchun begona emas edi. Bunga ishonch hosil qilish uchun uning “Tog‘daman”, “Birinchi tabassum”, “Sog‘inch” singari to‘plamlari, “Sinfdoshlar”, “Kiyik bolasi”, “Danak” kabi hikoyalar hamda “Oq laylaklar” singari qissalariga nazar tashlash kifoya. Xususan, kichik hikoyalardan tashkil topgan “Kichkina Xo‘ja Nasriddin” qissasi XX asr so‘ngidagi o‘zbek bolalar adabiyotining go‘zal namunalaridan biridir. Bu asar o‘z vaqtida o‘n ming nusxada nashr etilib, juda tez tarqalib ketgani, yozuvchining muxlislari ko‘pligini, u bolalarning sevimli adibi darajasiga ko‘tarilganini ko‘rsatadi.
Bu qissasi bilan adib o‘zbek bolalar adabiyotiga kichkina Xo‘ja Nasriddin obrazini olib kirdi. Kichkina Xo‘ja Nasriddinning o‘ziga xos sarguzashtlari tasviri orqali ajoyib bir obraz yaratib, o‘zbek bolalar adabiyotining ko‘rkam binosiga mustahkam g‘isht qo‘yib ketdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 22-sonidan olindi.