Bir paytlar bu ko‘z ilg‘amas kengliklarda ko‘m-ko‘k dengiz mavjlanib yotardi. Baliqchi kemalar ko‘kka sapchiyotgan moviy to‘lqinlar osha dengizbo‘yi elining tuz-nasibasini qirg‘oqqa tashishdan charchamasdi. Endi esa baliqlargina emas, qumga tiqilib yotgan kemalar qoldig‘i ham onda-sonda uchraydi. Faqat dengiz to‘lqinlanib yotgan o‘sha kezlardagi nomlargina o‘tmishni yodga solib turibdi. Uchsoyu Jiltirbosh, Qorachig‘anoqu Suvchuchuk, Surgil…
Taniqli qoraqalpoq adibi O‘rozboy Abdurahmonov sobiq dengizning endigi manzaralariga nazar solib turarkan, o‘ziga-o‘zi taskin bergandek, shunday deydi:
— Orol xalqimizning tuganmas boyligi edi. Sho‘rolar bu rizq-ro‘zni bizga ko‘p ko‘rdi. Biroq Alloh yer ostidan undan-da kattaroq nasiba — bitmas-tuganmas olov dengizini in’om etdi. Shunga ham shukr. Yetmish yil hukmronlik qilgan notanti “do‘st”lar Orolni quritib, xalqimizni sho‘rhok qumga o‘tirg‘izib ketgan bo‘lsa, O‘zbekiston istiqloli uning tubidagi olov dengizi qopqog‘ini ochib, tillolarga barobar gaz va neft konlaridan elimiz iqboli yo‘lida foydalanish kalitini qo‘limizga tutqazdi.
Ma’dan izlovchilarning kunduzlari ko‘zga elas-elas chalinadigan minoralariga nazar solarkanman, O‘rozboy g‘oyat topib aytgan o‘xshatishdan ko‘nglim to‘ladi. Burg‘ilash qurilmalari, garchi poyonsiz kengliklar uzra kumush tangalardek sochilib yotgan bo‘lsa-da, tunlari ular charaqlab ko‘zni olayotgan samo yoritqichlariga basma-bas ko‘z qisishayotgan yulduzlar marjoniga o‘xshab ketadi.
Orolbo‘yidagi burg‘ilash ishlariga doir yangiliklarni dastlab ”O‘zbekgeoburg‘ineftgaz”ning rahbari To‘ychi Shoymurodovdan eshitgan bo‘lsam-da, ming chaqirim yo‘l bosib kelib, atay ma’dan izlovchilar tunu kun ish olib borayotgan kengliklarga yo‘l oldik.
Dengizning qirg‘oqdan suv qochgan hududlari bugun Orolqum deb atalmoqda. Bir vaqtlar bu joylar xuddi Oy kraterlari kabi hech narsa bitmaydigan taqirga aylanib qoladi, deb taxmin qilingan edi. Ona tabiatning mo‘jizasini qarangki, dengiz tubining ko‘pgina hududlari tabiiy holda ko‘kargan butalar va necha ming xil sho‘rga chidamli giyohlar chirmovuqday o‘sib yotgan to‘qaylarga aylanibdi. Yulg‘unzorlarda qirg‘ovullar yayrab uchib-qo‘nib yuribdi. Yana qanchadan-qancha jonzotlar undan panoh topishgan. Shimoliy qutb etaklarini makon tutgan ko‘char qushlar ham bahor va kuzda Osiyo kengliklariga kelib-ketayotib, bu yerdagi ko‘l va to‘qayzorlarda bir muddat nafas rostlashadi.
Ustyurt shamollari sho‘rxok qumni osmonu falakka to‘zon qilib uchirayotgan, hali tabiiy butazorga aylanib ulgurmagan hududlarda esa inson qo‘li bilan sun’iy o‘rmonlar barpo etilayotir. Qandim va boshqa butali o‘simliklargina emas, hatto saksovul qalamchalari qadalgan paykallar ham yaqin ikki-uch yilda ana shunday qalin chakalakzorga aylansa ajab emas. Negaki, suv qochgan hududlarga kech kuz va erta bahorda ekilayotgan o‘simliklar bu joylarning manzarasini tamoman o‘zgartirishga qodir.
“Jo‘ra, manovdi qara, qanday yaxshi o‘rmon bo‘libdi, — deydi O‘rozboy. So‘ng yo‘l bo‘yi aytib kelayotgan shukronasini maroq bilan takrorlaydi: — Sho‘rolar biz o‘zbek va qoraqalpoqlarning onadek aziz dengizimizni tap tortmay quritib yuborgan edi-ya. Beminnat nasibasidan ayrilgan xalq endi ne qiladi, dengiz balig‘i bilan tirikchiligi o‘tib turganlarning holi ne kechadi, deya qayg‘urar edik. Ey, jo‘ra, Allohimizning marhamati ko‘p ekan: yer tubidan Oroldan-da katta dengiz berdi! Bu nasibani yer ustiga chiqarib, elu-yurtimizni bahramand etish yo‘lida Prezident Islom Karimov ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlikdan boshimiz osmonda”.
ISKANDAR VA ZULAYHONING IZLARI…
Ustyurt qidiruv-burg‘ilash boshqarmasi rahbari Saidvaqqos Isoqov bilan avvaldan tanishmiz. O‘tgan yil bahorida Dehqonobod tog‘lariga tutash Shimoliy Tandircha va Taxam qirliklarida ma’dan izlovchilar, Feruza va Xonobod neft konlarini ochgan burg‘ilovchilar hayoti bilan tanishtirgan kezlari u Koson neft-gaz ekspeditsiyasi boshlig‘i bo‘lib ishlardi. Asli Farg‘ona vodiysida tug‘ilib o‘sgan. Qo‘qondagi neft texnikumini bitirganidan keyingi o‘ttiz yillik hayoti esa Qashqadaryo kengliklarida yangi konlarni qidirib topishdek mashaqqatli va, ayni chog‘da, ko‘ngilga iftixor bag‘ishlovchi ishlarda kechgan. Uning endigi faoliyati Ustyurt va Orolqum bilan chambarchas bog‘lanibdi.
Albatta, uy-joying, bola-chaqang oldida ishlaganga nima yetsin. Biroq ma’dan izlovchi o‘ziga kasb tanlagandayoq bu masalada qat’iy qarorga kelgan bo‘ladi: zimmangdagi vazifa nimani taqozo etsa, qayerdan kon izlash zarurati kelib chiqsa, kiprik qoqmay o‘sha joyda bo‘lishing kerak. Sharoiti, ob-havosi yoqadimi-yo‘qmi, sening o‘rning burg‘ilovchilar yonida bo‘lish, mashaqqatlarni, yangi kon ochilgan kundagi quvonchu shodliklar, ish yurishmay qolgan kezlardagi alamlarni birga totish qismatingga yozilgan.
Saidvaqqos Mamarahimovich toleyidan mamnun. Unga hamisha mas’uliyatli jarayonlar ishonib topshiriladi. Fidoyiligi, jonkuyarligini hamkasblari va kompaniya rahbarlari qadrlashadi, maslahat qilishadi. U esa elga foydasi tegayotgani, yangi ochgan konlari mamlakat beliga quvvat bo‘layotgani, qanotida ne-ne yosh burg‘ilovchilar, ma’dan izlovchilar kamol topayotganidan xursand.
Surgil konlariga uning o‘rinbosari Maqsitboy Qurbonniyozov hamrohligida yo‘l oldik. Mo‘ynoqdan o‘tib, shimol tarafga burilganimizda allaqachon oqshom tushib, osmonda yulduzlar charaqlay boshladi. Bir paytlar dengiz mavjlanib yotgan hududning qaysi burchiga ko‘z solmang, burg‘ilash qurilmalari chirog‘i ko‘rinadi. Ular tunu kun to‘xtamay ishlab turibdi. Bu manzillarga imkon qadar yo‘l solib borilgan. Lekin bu og‘ir yo‘llar “Xunday” jiplariga cho‘t emas. Ichkarida tashqarining sovug‘u-to‘zonlari zarracha bilinmaydi. Maqsitboyga yo‘llarning har qarichigacha yod bo‘lib ketgan. Shu bois “Surgil-22” deb nomlangan burg‘ilovchilar qo‘nalg‘asiga qiynalmasdan yetib keldik.
Tashqarida shamol izillaydi. Olis biyobonlarda ma’dan izlovchilar hayotini o‘smirlik yillari o‘qiganimiz Pirimqul Qodirovning “Qadrim” qissasi orqaligina bilar edik. Iskandar va Zulayho muhabbatiga guvoh bo‘lgan qir-adirlar, burg‘ilash minoralari, gazchilar qo‘nalg‘asi tasviri hali-hali ko‘z o‘ngimizda gavdalanib qoladi. Men har gal Ko‘kdumaloq va Ustyurt gazchilari huzuriga yo‘l olsam, o‘sha tanish manzaralarni axtaraman. Zim-ziyo tun qo‘yniga yorug‘lik sochib ishlayotgan parmalash qurilmasi, undan ellik-oltmish qadam narida gugurt qutilaridek yonma-yon qo‘yilgan vagon-uylarga razm solarkanman, hozirgina yo burg‘ilash mashinasi tomondan yoki yon tarafdagi shaharchadan Iskandar bilan Zulayho chiqib kelayotganday bo‘lib tuyuladi…
KULIB BOQQAN TAQDIR
Ancha kech bo‘lib qolganiga qaramay, “Surgil-22”ning burg‘ilash ishlariga rahbarlik qilayotgan Niyatulla Allayorov va uning hamkasblari bilan tanishib oldik. O‘rozboy har zamonda gurungimizga qo‘r tashlab turibdi. Bu joylarga ko‘p kelganidanmi, u ma’dan izlovchilar tilidagi xos so‘zlar, jarayonlarni yaxshilab tushuntirib berardi. Oqshomni vagon-mehmonxonada, Orolqum qahramonlari davrasida o‘tkazdik.
Ertalab turganimizda havoni g‘ubor qoplab, maydalab qor yog‘ib turgan ekan. Dengizning Ustyurtga tutashib ketgan qirg‘oqlaridagi baland chinklar xira oftob nurida oqarib ko‘zga tashlanadi. Niyatulla hozirgina smena almashgan yigitlar bilan tundagi ish natijalarini muhokama qilardi. Xona devoriga ish bosqichlari, jadvallar, turli ko‘rsatkichlar osilgan. Ratsiyadan dispetcherning burg‘ilash maydonlaridan olayotgan ma’lumotlari eshitilib turibdi.
Niyatullaning yoshi o‘ttiz beshda. O‘n yildan buyon ma’dan izlovchilar safida ekan. Dastlab burg‘ilovchiga yordamchi bo‘libdi. Besh yil mustaqil ishda suyagi qotgach, ishboshi usta yordamchisi sifatida faoliyat olib borish ishonib topshirilibdi. Burg‘ilovchilar ikki haftalik vaxta tartibida ishlashadi. Har bir smenaga bosh usta yoki uning yordamchisi yetakchilik qiladi. Umumiy ish jarayoniga ikkalasi ham birdek javobgar. Niyatulla Urga, Qo‘ng‘irot orti, Shimoliy Orol, Checha, Surgildagi o‘ndan ortiq quduqlarni parmalashda ishboshi bo‘lgan. Loyihada belgilangan chuqurlikka yetilgach, ularning hayajoni orta boshlaydi.
— 1550 metrdan o‘tgach, har uch yuz metrda yer jinslaridan namuna ola boshlaymiz, — deydi u. — Hozirgi quduqdan 2480 metrda gaz chiqdi. Bu yuqori qatlamdagi turli gazlar. Loyiha bo‘yicha yana besh yuz metr kavlaymiz. O‘shanda yer tubidagi yonilg‘i miqdori uni yuqoriga chiqarishga arzir-arzimasligi ayon bo‘ladi.
Niyatulla bilan birga ma’danlar “qulf”ini ochayotgan Abdusamat Mahmudov qo‘qonlik. Umuman Surgil konchilari orasida farg‘onaliklar ko‘p ekan. Ularni ish joylariga olib borib, olib kelish uchun Nukus va Farg‘ona o‘rtasida samolyotlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Zamonaviy mobil telefon aloqasi ham ular xizmatida. Bu, avvalo, ma’dan izlovchining mehnati nechog‘li qadrli ekanini ko‘rsatsa, ikkinchidan, mamlakat qudratini ham namoyon etadi.
Konchilar uch yildan beri yangi burg‘ilash minorasida ishlamoqda. Uning afzalliklariga qiziqqanimda hamsuhbatimning yuziga tabassum yoyildi.
— Bu biz uchun bir mo‘jiza bo‘ldi, — deydi u. — Avvalgi uskunalarda o‘n ikki soat davomida minoraning ochiq joyida turib ishlardik. Qor-yomg‘ir va izg‘irinda ham. Endi burg‘ilovchi kabinada o‘tiradi, shovqindan, issiq-sovuqdan himoyalangan. Boshqaruv kompyuterlar orqali bajariladi. Silkinish darajasi, ko‘zdan yiroq jarayonlarni ekran orqali kuzatib o‘tiramiz.
Parmalash minorasini ko‘zdan kechirayotib burg‘ilovchilardan “Bo‘sh vaqtda nima bilan mashg‘ul bo‘lasizlar. Hayhotday sahroda zerikib qolmaysizlarmi?” — deb so‘raymiz.
— Bu muammo emas, — deydi Obodbek. — Qishda shaxmat o‘ynaymiz, televizor ko‘ramiz. Yozda futbol o‘ynaymiz. Yana aytaversam, jing‘ilzorda quyonu qirg‘ovul ko‘p. Ovning gashti zo‘r…
Niyatullaning Rustam, Nurulla, Nig‘matulla, Abdujamil degan aka-ukalari ham bir sohada ustozu shogird bo‘lib ishlashar ekan. U bilan xayrlashar ekanmiz, yuz-ko‘zlarida aka-ukalarning noyob kasblarni tanlaganidan iftixor balqib turardi. Bu o‘z baxtini yurt taqdiriga bog‘liq holda ko‘rayotgan odamlar qalbidagi baxtiyorlikning oddiygina timsoli bo‘lsa ajab emas. “Surgil-20” deb nomlangan manzilda ham shunday fidoyilarni uchratdik. Ishboshi Islom Mamatqulov Qo‘qondagi Shoimbek qishlog‘idan. Neft texnikumini bitirgach, Belorussiyada askarlik xizmatida bo‘libdi. So‘ng esa Tyumen neft qidiruvchilari safida tajriba oshirgan. Hozir “F-400” minorasida kon izlamoqda. Mingbuloqda neft quduqlarini burg‘ilashda ishlagan bu uskuna yetti ming metr chuqurlikkacha kavlay olishi bilan afzal. Mo‘ynoq va Berdax konlarini ochishda ko‘p xizmat qilgan bu qurilmani To‘xtanazar Sultonov, Ahmadali Mamadaliyev, Adhamjon Saidov, Ismoil Qo‘chqorov, Sobit Chovdirboyev kabi ma’dan izlovchilar omadli minora deb bilishadi.
Minora o‘rnatilgandan so‘ng dastlab qurilma ehtiyojlariga zarur bo‘ladigan suv uchun alohida quduq qazib olinarkan.
— Shirin suv ham chiqib qoladimi? — deb so‘raydi O‘rozboy.
— Hozircha yo‘q. Tollida 500 metrcha kavlab ko‘rdik. Chiqmadi…
— Shirin suvni ham neft va gazni qidirgandek astoydil qidirsak, birda bo‘lmasa, birda chiqishi kerag-ov.
— Buning uchun geofiziklar buyurtmasi zarur…
Ma’dan izlovchilarga bu borada ham omad tilab, yangi manzillarga oshiqamiz. Uchsoyga yetganda olisdan tog‘day bo‘lib ko‘ringan qir ustidan chiqdik. Bu yerda burg‘ilash minorasi boshqa joyga ko‘chirilayotgan ekan. Salkam oltmish metrlik minorani maxsus mexanizmlar bilan “qulatish” jarayoni ham qiziq ekan…
Dengizga baliqning quyrug‘idek bo‘lib kirgan yarim orol kunchiqarida bir paytlar “Artek”ka havas qilib qurilgan oromgoh, oltinqum plyajlar, tezyurar teploxodlar langar tashlaydigan port, zog‘ora baliq tangalaridek suzib yurgan qayiqlar ko‘z oldimizda gavdalangandek bo‘ldi. Essiz, ko‘p o‘tmay ularning sarob ekaniga iqror bo‘ldik…
Kunbotishda esa bir paytlar mashhur baliqchilar maskani bo‘lgan Uchsoy qo‘rg‘oni. Unda-bunda qaylargadir ko‘chib ketgan odamlar hovli-joyi ko‘rinib qoladi. Biroq bugungi Uchsoy avvalgi shayton qarg‘agan joy emas. Konlar ochilib, Uchsoy shimolida gaz tozalash inshooti qurilgani odamlarni faqat ishli qilib qolmay, uning qiyofasini ham tubdan o‘zgartirib yuboribdi. Yangi maktab-internat, shifoxona, gazchilar qo‘nalg‘asi…
EKOLOGIK FALOKATDAN SO‘NG
Qo‘ng‘irotga qaytayotib bir fursat Mo‘ynoqning bugungi manzaralariga boqdik. Bozor gavjum. Odamlar o‘z tirikchiligi bilan band. Kimdir baliq, kimdir qirg‘ovul xarid qilyapti. Dengiz uzoqlab ketgandan keyingi yigirma yil ichida ilk bor hayotning o‘nglanayotganiga ishonch hosil qildik. Jiltirbosh va Suvchuchuk ko‘llarining tiklanishi baliq tutishga ham imkon berayotgan ekan. Yangi qurilishlar, odamlarning asriy makonlariga qayta boshlaganiga guvoh bo‘lish bundan-da umidbaxsh. Ko‘p yillar qulflog‘lik yotgan shahar aeroporti ham erta-indin samo darvozasini ochayotgandek bo‘lib tuyuldi…
Qo‘ng‘irotga qadar cho‘zilgan yo‘lning ikki yoni keta-ketguncha marjon ko‘llar, bepoyon to‘qayzor va sholizor dalalardan iborat. Hakim ota Sulaymon Boqirg‘oniy maqbarasiga burilayotib, ko‘m-ko‘k bo‘lib yotgan kuzgi g‘allazor ko‘zimizga yanada issiq ko‘rindi. Ziyoratdan qaytayotib O‘rozboydan: “Bu joylarning yeri unchalik sho‘rga o‘xshamaydi-ku”, deb so‘radim. “Er zo‘r… G‘alla o‘sib yotibdi-ku. Farg‘onalik dehqonlar kuzda bu yerda ham, Qangliko‘l tumanida ham sholidan rosa mo‘l hosil olishdi”. Bu javobni eshitib hayratim oshdi. Agar suv bo‘lsa, haqiqiy dehqonlar bo‘lsa, hali Orolbo‘yini obod qiladigan ishlar ko‘p ekan…
Ha, Orolbo‘yining boyligi faqat yer ostidagi gaz va neftgina emas. Suvli joylarda Farg‘ona vodiysidan ishchi kuchlarini jalb etib g‘allazor va sholizorni ko‘paytirish, ayni chog‘da, dengizning qurigan tubiga ekilayotgan cherkez, qandim, saksovulzor maydonlarni kengaytirib borish hisobiga unumdor yaylovlar hosil qilib, qorako‘lchilikni rivojlantirish mumkin ekan.
Xalqaro Orolni asrash jamg‘armasining GEF agentligi hamda Germaniyaning texnikaviy hamkorlik jamiyati mintaqaning tabiat jonkuyarlari bilan hamkorlikda sobiq dengiz o‘rnida qumlarni mustahkamlovchi ihotazorlar barpo etayotir. Chimboy, Qozoqdaryo va Qorao‘zakda saksovul va boshqa butali o‘simliklar ko‘chatini yetishtiruvchi pitomniklar vujudga keltirildi. Saksovulzorlar orasiga teresken, chog‘on, boyalish, quyonsuyak kabi issiq va sovuqqa chidamli o‘simliklar ekilmoqda. Bundan yetti-sakkiz yil burun vujudga keltirilgan o‘rmonzorlar orasida g‘alla yetishtirish, qo‘y va o‘rdak boqish sinab ko‘rilmoqda. Hozir bunday sun’iy o‘rmonlar maydoni 10-15 ming gektardan oshmaydi. Yana yuz ming gektarlab qumzorlar qiyofasini shu tarzda o‘zgartirib, ekologik muvozanatni tiklash va farovonlikka xizmat qildirish mumkin.
Shu gurunglar bilan Qo‘ng‘irotga yetib kelganimizni ham sezmadik. O‘lkaning yer osti boyliklarini o‘zlashtirish tarixi muzeyi eksponatlari bilan tanishtirgan ekolog Salima Qoraboyevaning aytishicha, Ustyurtdagi birinchi gaz favvorasi qirq ikki yil burun Shoxpaxti degan joyda otilib chiqqan ekan. Shundan buyon Quvonch, Borsa-kelmas, Oqsho‘lak, Qorasho‘lak, Urga, Shag‘irlik va boshqa hududlarda o‘nlab konlar ochildi. O‘n yil avval yiliga 15-17 ming pogon metr hajmda quduqlar burg‘ilangan bo‘lsa, 2007 yilda bu ko‘rsatkich 55 ming metrdan oshibdi.
Uch yil avval Sharqiy Mo‘ynoqda 2820 metrdagi qatlamdan neft topilgan. Hozir uning zahirasi aniqlanmoqda. Ustyurt va Orolqum konlarining o‘ziga xosligi shundaki, ulardagi yonilg‘i tarkibi oltingugurtsiz. Bu ularni tozalashda murakkab jarayonlarga ehtiyoj qoldirmaydi. Biroq yonilg‘i tarkibida foydali moddalar ko‘pligi uchun Oqsho‘lakda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuiga o‘xshash tabiiy gazdan polietilen va polipropilen oluvchi korxona qurishga kirishilmoqda. U Janubiy Koreya mutaxassislari bilan hamkorlikda bunyod etiladi.
Poyonsiz Orolqum boyliklari dengiz misol mavjlanib ochilayotgani taqdirning kulib boqqani bo‘lsa, ajab emas. Shuning uchun ham “Gazprom”, “Eriyell” kabi xorijiy kompaniyalar hamkorligida yangi konlarni o‘zlashtirish miqyoslari kengaymoqda. Bu mamlakat boyligiga boylik qo‘shib qolmay, Orolbo‘yini obod qilishda yuz ko‘rsatayotgan yangi omillar bilan bir butun holda navqiron yoshlarimiz uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochishi shubhasiz. Nasib etsa, Ustyurt va Orolqum kengliklari bunyodkorlik zavqiga to‘lib-toshgan endigi avlodlarimizni o‘ziga chorlovchi go‘zal manzillardan biri bo‘lib qolgusidir.
* * *
Orolbo‘yi safaridan qaytar ekanman, ko‘nglimda bir ishonch uyg‘ondi: hali bu joylarga ona tabiat bilan oshno tutingan, yer va suv ilmini ulug‘lagan, Habib Abdullayevday sahrolarda konlar ochishga qodir, ayni chog‘da, zamonaviy ilmiy salohiyat va mukammal texnologiyalar bilan qurollangan yoshlar guras-guras bo‘lib keladilar. Ular yangi davrning Iskandar va Zulayholari sifatida o‘z shaharlari, go‘zal manzilgohlari, mukammal korxonalarini quradilar. Jannatmakon oshyonlar bunyod etib, Vatan ko‘ksini gullarga burkaydilar.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 4-sonidan olindi.