Mirtemir domla shogirdlarini erkalab “kipriklarim” deb atardi. Xalqimizning yana bir suyukli shoiri ustoz Shuhrat aka, yoshlar mening qanotim, shular bor ekan ko‘nglim to‘q, tashvishim yo‘q, deb qo‘yar, bizdek shogirdlarini quchib bag‘riga bosardi. Shuhrat akaning mehri daryo edi, yaxshilarga hamisha dasturxoni ham, ko‘ngli ham ochiq edi. Shuning uchun u kishining tevaragidan yosh adiblar arimas, xuddi otasiga erkalik qilgandek yayrab, Shuhrat akaga talpinardi.
Shuhrat aka mukammal inson edi. Avvalo u yetuk shoir, zabardast yozuvchi, mohir tarjimon va zukko muharrir-noshir edi. Tabiat ham u kishini bekamu ko‘st qilib yaratgan edi-da. Adl qomati, o‘ziga xo‘b yarashgan kumushdek oppoq sochi, yuzidagi muloyim tabassum, hamma bilan birdek ochilib-sochilib muomala qilishi… Shuhrat aka gapirayotganda birov u kishining so‘zini bo‘lolmasdi. Chunki ustozning gapi shu qadar samimiy, jo‘yali, serjilo, eng muhimi, yurakka jiz etib tegadigan bo‘lardi.
Yurganda oyog‘idan o‘t chaqnaydi, degan gap go‘yo Shuhrat aka uchun aytilgandek edi. Ustoz yerni tebratgudek bo‘lib shaxdam yurar, g‘ayrati ichiga sig‘mas, qo‘lga olgan ishini oxiriga yetkazmaguncha tinchimas, yoshi bir yerga borib qolganda ham navqiron yigitlardek harakatchan va zaxmatkash edi. “Shinelli yillar”, “Oltin zanglamas”, “Jannat qidirganlar” kabi romanlarini bir zarb, ikki zarbda yozib tugatgani ko‘plarga ma’lum. Bu ustozdagi ulug‘ bir ruhiy quvvat, jo‘shqin ilhom va o‘ziga ishonch mevasi edi, desam xato qilmagan bo‘laman.
Shu topda ustozni o‘ylab o‘tiribman-u, u kishining yana qaysi fazilatini aytishni bilmay bosh qashlab qoldim. Ha, darvoqe yaxshilik. Shuhrat akani hech ikkilanmay yaxshilik rahnamosi, oliy himmat sohibi deyish mumkin. Men Shuhrat akaning o‘z yonidan xarajat qilib, bir shogirdining to‘yini o‘tkazib berganiga guvohman. To‘yda O‘zbekistonning atoqli yozuvchilari saf-saf bo‘lib, to‘rda o‘tirishibdi. Lekin Shuhrat aka — oyoqda. O‘ziga xos o‘ktamlik va uddaburonlik bilan marosimni boshqardi, biz yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, to‘y tarqaguncha tinim bilmadi. U kishi “Sharq yulduzi” jurnalida mas’ul vazifada ishlaganlarida uzoq viloyatlardagi qancha-qancha yoshlarning asarlarini chop etishga ko‘maklashdi, qoqilib-surilib, yo‘lini topolmay yurgan yoshlarga murabbiylik qildi. Ustoz madad so‘rab kelgan har qanday kasb egasidan — u adibmi, vrachmi, o‘qituvchimi — mehrini darig‘ tutmas, shuning uchun ham biz ba’zan Shuhrat akaning oldida o‘tirgan yetti yot begonalarni ham uchratar edik. Ustoz ular bilan xuddi eski qadrdonlardek dil-dildan, shirin zabon bilan suhbatlashardi.
Shuhrat akaning nomini sharaflab, martabasini baland qilgan narsa, avvalo u kishining quyma, dilga payvand go‘zal she’rlari va xalqona tilda yozilgan o‘lmas romanlaridir. Yaqinda ustozning “Oltin zanglamas” va “Mashrab” romanlarini qayta o‘qib chiqdim. “Mashrab”dagi jo‘shqinlik, shoirona bir harorat, yuraklarga zavqu shavq eltuvchi tashbehlar kishini rom etadi. Asarning bitmay qolganiga afsuslanasiz. Agar u nihoyasiga yetganida muhabbat haqida bitilgan yangi, beqiyos bir qo‘shiq bo‘lur edi. “Oltin zanglamas”ni talabalik paytimdan beri necha bor qo‘lga olgan bo‘lsam, to itmomiga yetmaguncha sabr qilolmaganman. Bu safar ham shunday bo‘ldi. So‘nggi sahifani yopib, o‘ylanib qoldim. Shuhrat aka Sodiq muallim misolida o‘zining boshidan o‘tganlarini yozgandek edi go‘yo.
Shu o‘rinda bir xotira yodimga tushdi. Rahmatlik ustoz Turob To‘la rahbarligida ijodiy safarga bordik. Borgan viloyatimiz issiq edi. Uning ustiga yozning chillasi. Dim havoda uxlayolmay, kechasi allamahalgacha mehmonxona ro‘parasidagi favvora oldida suhbatlashib o‘tiramiz. Turob akaga erkalik qilmoqchi bo‘lib, so‘radik:
— Ustoz, agar Sizdan do‘stlaringizga ikki og‘izdan ta’rif bering, deyishsa, nima derdingiz?
Turob aka bir soniya engagini qashib o‘tirdi-yu dona-dona qilib dedi:
— Asqad — aql ramzi, Said Ahmad — mutoyiba uchun tug‘ilgan, Shuhrat — sabru-bardosh sohibi, sobir inson…
Sobir, sabr-bardoshli inson… Ha, Shuhrat akaning qattol urushdan qaytib kelib, boz temir panjara ortida chekkan jabru-jafolariga uncha-muncha inson chidamasa kerak. Zo‘rlikdan xo‘rlik yomon, deydilar. Tuhmatu malomat tufayli qamalib chiqib ham, sha’ni-shavkati o‘rniga qaytmasa, har qadamda u kamsitilsa, halol mehnati, o‘tkir iste’dodi nazarga ilinmasa, kasbdoshlaridan past qo‘yilsa… Bundan-da ortiq xo‘rlik va haqorat bo‘ladimi?
Shuhrat aka bularning bariga tishini tishiga qo‘yib chidadi, bo‘hton va fitnalar bir kuni adolat nuri oldida fosh bo‘lishiga, xalq uchun qilgan mehnatlari inobatga olinishiga astoydil ishondi. Jilla qurisa, “Baliq bilmasa, xoliq bilar”, deb umid qildi.
Abdulla Qahhordek buyuk bir insonni, pokdomon ustozni deb Shuhrat aka ana shunday nopisandliklarga giriftor bo‘lgan edi. Abdulla Qahhor og‘ir xastalikka uchragan paytda Shuhrat akani yo‘qlatdi. Shuhrat aka bir sodiq shogird va qat’iyatli inson sifatida ustozning vasiyatini to‘la-to‘kis ado etdi. Ana shu odamgarchilik Shuhrat akaga qimmatga tushdi. U sog‘ligini yo‘qotdi, qo‘li qalam tutolmaydigan bo‘ldi. Ammo cho‘kmadi. Egilmadi ham, sinmadi ham. “Oltin zanglamas” degan iborani bemalol Shuhrat akaning o‘ziga nisbatan qo‘llash mumkin.
Ustozning adabiyotimizda qoldirgan yorug‘ izlari avlodlar qalbidan to abad o‘chmagay.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 3-sonidan olindi.