G‘afur G‘ulomga so‘z berilgan vaqtda Abdulla Qodiriyning oila a’zolari o‘tirgan joyda qandaydir g‘ovur-g‘uvur bo‘lib o‘tdi… G‘afur G‘ulom nutqida, mening nazarimda, yozuvchi ijodining ijobiy tomonlari, uning adabiyotimiz taraqqiyotida tutgan o‘rni yetarli darajada yoritilmadi. Mazkur anjuman bo‘lganiga 40 yildan ortiqroq vaqt o‘tgani uchun bo‘lsa kerak, shoirning ayrim so‘zlari xotiramdan ko‘tarilgan.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftanomasining 2006 yil 15 oktyabr sonida Sherali Turdiyevning «Abdulla Qodiriy kechasida so‘zlangan nutq» degan maqolasi e’lon qilindi. Unda Abdulla Qodiriy tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan anjuman haqida, ayniqsa, Abdulla Qahhor nutqi haqida ancha batafsil ma’lumot berilgan.
Men yubiley majlisining bevosita ishtirokchisi bo‘lganim uchun shu anjuman haqida ayrim mulohazalarni bildirishni lozim ko‘raman.
Men o‘sha vaqtlarda (1964 yil bahori) O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Pushkin nomidagi Til va adabiyot institutida ilmiy kotib bo‘lib xizmat qilar edim. Abdulla Qodiriy tavalludining 70 yilligi arafasida bizlar yuqori martabali kishilarga murojaat qilib, yubileyni qanday o‘tkazish haqida maslahat so‘radik. Ular Til va adabiyot institutida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda ilmiy majlis o‘tkazinglar, degan mazmunda ko‘rsatma berishdi.
Til va adabiyot instituti o‘sha vaqtda O‘zbekiston televideniyesining yonida, hozirgi Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyiga tutash binoning ikkinchi qavatida joylashgan edi. Birinchi qavatda esa Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va majlislar zali bor edi. Anjuman shu zalda o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Mazkur anjumanning o‘tkaziladigan kuni va soati oldindan belgilangan bo‘lishiga qaramay, o‘sha kuni institut rahbarlari boshqa bir muhim majlisga borishlari kerak bo‘lib qoldi. Oldinroq institut faoliyati yuqoridan tuzilgan komissiya tomonidan qattiq taftish qilingan edi. Shu komissiyaning ish yakunlari Markaziy Komitetning qaysi bir bo‘limida xuddi shu kuni muhokama bo‘lishi kerak ekan. Institutning o‘sha vaqtdagi direktori adabiyotshunos olima Habiba Qurbonova, direktor o‘rinbosari taniqli tilshunos olim Bolta Jo‘rayev, institut partiya qo‘mitasining kotibi, yirik tilshunos olim G‘ani Abdurahmonovlar shu majlisga borishlari shart edi. Ular ketishdi. Abdulla Qodiriy yubileyiga bag‘ishlangan anjumanda esa institut direktsiyasidan yolg‘iz men vakil bo‘lib qoldim.
Yubiley anjumani boshlanishidan bir oz oldin, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi rahbarlaridan Hamid G‘ulom boshchiligida bir guruh yozuvchilar kelishdi. Men ularni direktor xonasiga taklif qilib, majlisni qanday o‘tkazish haqida gaplashib oldik. Men Hamid akaga qarab: «Direktorimiz yo‘qlar, o‘zingiz majlisga raislik qilsangiz», dedim. Ular rozi bo‘ldilar.
Bizlar, ya’ni institut xodimlari, eshik oldida turib, mehmonlarni ochiq chehra bilan kutib ola boshladik. Ular ichida o‘zbek xalqining faxri bo‘lgan Oybek va Abdulla Qahhor kabi yozuvchilar, Vohid Zohidov kabi akademiklar, talabalar bor edi. Abdulla Qodiriyning farzandlari, yaqinlari zalning chap tomonida yig‘ilishib o‘tirishdi. Derazalar oldida odamlar tikka-tik turishar edi. Hatto bir qism mehmonlar zalda joy bo‘lmagani uchun tashqarida qoldilar. Institut devoriga osib qo‘yilgan kichik bir e’lon orqali shuncha odamning to‘planishi xalqning Abdulla Qodiriyga bo‘lgan izzat-hurmatining yorqin bir ko‘rinishi bo‘ldi. Oybek domla prezidiumda to‘lqinlanib o‘tirar edilar. Yuzlaridan qandaydir nur yog‘ilib, butun zalga fayz to‘kib o‘tirar edilar.
Hamid G‘ulom majlisni ochib, doklad uchun so‘zni Homil Yoqubovga berdilar. Men prezidiumda, Abdulla Qahhorning chap yonlarida, chekkada o‘tirar edim. Ular qo‘llarida qog‘oz, ruchka bo‘lib, nimalarnidir yozib-chizib o‘tirar edilar. Ular chizgan chiziqlar, qandaydir geometrik shakllarni eslatar edi. Shu vaqt eshikdan G‘afur G‘ulom kirib keldi. Prezidiumda bo‘sh o‘rin bo‘lmagani uchun men darrov o‘rnimdan turib, ularni prezidiumga taklif qilib, o‘zim pastga tushib o‘tirdim.
Dokladchi Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodi haqida yaxlit bir tasavvur hosil qilishga harakat qildi. «O‘tgan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlariga alohida-alohida to‘xtalib, o‘zbek adabiyotida romanchilikning boshlanishi haqida, san’atkorning mahorati haqida, hajviy asarlari haqida ancha batafsil so‘zladi. Eshituvchilar maroq bilan tinglashdi. Homil Yoqubov mening ilmiy rahbarim bo‘lgani uchun oldin ham menga Abdulla Qodiriy ijodining ayrim qirralari haqida ko‘p yangi gaplarni gapirgan edilar. Yangi ilmiy kashfiyotlarning bir qismi shu yig‘ilishda keng jamoatchilik o‘rtasiga tashlandi.
G‘afur G‘ulomga so‘z berilgan vaqtda Abdulla Qodiriyning oila a’zolari o‘tirgan joyda qandaydir g‘ovur-g‘uvur bo‘lib o‘tdi… G‘afur G‘ulom nutqida, mening nazarimda, yozuvchi ijodining ijobiy tomonlari, uning adabiyotimiz taraqqiyotida tutgan o‘rni yetarli darajada yoritilmadi. Mazkur anjuman bo‘lganiga 40 yildan ortiqroq vaqt o‘tgani uchun bo‘lsa kerak, shoirning ayrim so‘zlari xotiramdan ko‘tarilgan. Shuning uchun bu o‘rinda men Sherali Turdiyevning maqolasida aytilgan quyidagi so‘zlarni keltirish bilan cheklanaman: «Shoir G‘afur G‘ulom o‘zining qisqacha so‘zida Abdulla Qodiriy eski risolalar tipidagi ba’zi asarlar yozgan va keyinchalik jabr ham ko‘rgan, dedi».
Abdulla Qahhorga so‘z olgach, zal qandaydir bir qalqib ketganday bo‘ldi. Joy yo‘qligidan tashqarida qolgan mehmonlar tiqilishib bo‘lsa hamki zalga kirdilar, chunki ular Abdulla Qahhor nutqini eshitishni sabrsizlik bilan kutib turgan edilar. Ma’lumki, Abdulla Qahhor biror bir anjumanda so‘zga chiqsalar, shu yerda kishilar xotirasidan bir umr chiqmaydigan iz qoldirib ketar edilar. O‘sha kuni ham xuddi shunday bo‘ldi. Balkim kutilganidan ham ortiqroq bo‘ldi.
Abdulla Qahhor o‘z nutqida yoshligida o‘qigan bir hikoyani eslab, undagi zanjirband fil voqeasini juda qiziqarli tarzda bayon qildi. Hikoyaning xotiramda saqlanib qolgan qisqacha mazmuni quyidagicha: qaysi bir mamlakatning hayvonot bog‘ida bir filning oyog‘iga zanjir solib, temir qoziqqa bog‘lab qo‘yishgan ekan. 100 yillarcha vaqt o‘tgandan so‘ng shu zanjir eskirib, yemirilib, uzilib ketibdi. Temir qoziqdan nomu nishon ham qolmabdi. Lekin shunda ham fil ozod bo‘ldim-ku deb, boshqa yoqqa ketib qolmay, aksincha, o‘rgangan odatiga ko‘ra temir qoziq atrofida aylanib yashagan ekan.
Darhaqiqat, shaxsga sig‘inishning salbiy oqibatlari fosh etilib, Abdulla Qodiriy o‘zbek yozuvchilari safiga qaytarilgan bo‘lsa hamki, hali uni millatchi, aksilinqilobchi deb, kamsitib, eskicha mezonda ish ko‘ruvchilar bor edi. Abdulla Qahhorning obrazli iborasi bilan aytganimizda, ular hali shaxsga sig‘inish vaqtida qoqib ketilgan temir qoziq atrofida aylanib yurar edilar.
Hatto ayrim munaqqidlar katta olim Izzat Sultonning gazetada e’lon qilingan «Yozuvchi Abdulla Qodiriy haqida» deb nomlangan yaxshi bir maqolasiga ham qarshi chiqishib, u maqolada adib ijodi ideallaashtirilgan, degan aybni qo‘ygan edilar.
O‘sha vaqtlarda mening xayolimda bir qator savollar paydo bo‘lgan edi. Nima uchun Abdulla Qodiriydek ulkan adibning 70 yillik yubileyini keng doirada, butun respublika miqyosida o‘tkazmasligimiz kerak? Nima uchun adibning viloyatlardagi millionlab muxlislari yig‘ilishib, uni eslamasliklari kerak? Yozuvchining serqirra, murakkab ijodini tadqiq etish vaqti kelmadimi? Bizlar o‘tkazayotgan oddiy bir yig‘ilishni ilmiy-nazariy konferentsiya tarzida o‘tkazib, unda 4-5 ilmiy dokladni eshitsak, adibni shaxsan ko‘rgan, bilgan keksa avlod vakillarining xotiralarini eshitib, ularni matbuotda e’lon qilsak, yaxshiroq bo‘lmasmidi?
Men Abdulla Qahhor nutqini eshitib, zanjirband fil haqidagi hikoyani tinglab, bu savollarga ma’lum darajada javob topgandek bo‘ldim. Uning nutqi nihoyatda dolzarb va mazmunli bo‘lishidan tashqari juda qiziqarli va ta’sirli edi. Adib ijod yo‘li uchun xarakterli bo‘lgan hajviy uslub uning nutqini yanada jozibali qilgan edi.
Abdulla Qahhor o‘z nutqida o‘zbek adabiyoti tarixiy taraqqiyotining eng murakkab, eng chigal davri hisoblangan o‘tgan asrning 20-yillari adabiyoti haqida ham bir qator muhim muammolarni o‘rtaga qo‘ydi. U shunday degan edi: «Bizning 20-yillar adabiyotimiz tarixi hozirgi turishida kambag‘al ko‘rinadi. O‘z vaqtida faqat Abdulla Qodiriygina emas, kattakon olim-yozuvchi Fitrat, zo‘r talant egasi Cho‘lpon, jo‘shqin komsomol shoir Botu… singari ko‘p arboblarimizning ham nomi o‘chgan edi. Keyingi vaqtlarda adolat yuz ko‘rsatib, bularning hammasi bosh ko‘tarayotibdi, adabiyotimiz tarixiga qaytayotibdi».
Abdulla Qahhor ayrim munaqqidlarning Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon kabi «adib va shoirlarning oqlanganiga kishilarda shubha tug‘dirmoqchi, bularga qora ko‘lanka solmoqchi» bo‘lganliklarini jasorat bilan tanqid qildi. U adabiyotimiz tarixini katta bilimdonlik bilan, ob’ektiv tadqiq qilishga da’vat etdi.
Abdulla Qahhor nutqining qisqartirilgan matni keyinchalik uning Besh jildlik asarlarining so‘nggi jildida (1989 yil) nashr etildi. Afsuski, yubiley kechasida aytilgan nutqlar magnit tasmasiga yozib olinmagan. Unda stenografistka ham qatnashgan emas. Shuning uchun ham, mening nazarimda, keyingi nashr etilgan matnlarni o‘sha majlisda bevosita ishtirok etgan o‘rtoqlarning xotirasida saqlanib qolgan matnlar deb tushunish to‘g‘ri bo‘ladi.
Xullas, Abdulla Qodiriy tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy majlis adib muxlislari qalbida bir umrga saqlanib qoladigan anjuman bo‘ldi. Garchi yig‘ilish kichikroq doirada o‘tsa hamki, unda adibning serqirra ijodiga yuqori baho berildi. Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda, u: «…yangi davr adabiyoti, Yevropa adabiyoti gazi bilan o‘lchanganda ham to‘laqonli asarlar yozgan, o‘zbek romanchiligini boshlab bergan ulkan adibdir». Kelajak avlod uning o‘lmas asarlarini hamma vaqt o‘qiydi, har bir davrda uning serqirra, murakkab ijod yo‘liga bag‘ishlangan yangi-yangi kashfiyotlar yaratiladi.
Ibrohim MIRZAEV,
filologiya fanlari nomzodi
“Hurriyat” gazetasidan olindi.