Agar yanglishmasam, 1966 yilning oxirlari edi. O‘shanda “G‘uncha” jurnalida ishlardim. Muharririyatdagilar obuna targ‘iboti bahonasida meni Oltiariqqa safarga jo‘natishayotib: “Anvar Obidjonov o‘qiydigan 13-maktabga ham boring, topib, gaplashib ko‘ring”, deb tayinlashdi. Poloson degan chekka qishloqda yashovchi, hech kim o‘zi tugul hali suratini ham ko‘rmagan Anvar ismli bolani jurnaldagilar yaxshi tanishining sababi shu ediki, u bizga to‘rtinchi sinfdaligidan boshlab she’rlar jo‘natib turar, tinmay yozishi, payti kelsa, kun oralab xatlar yuborishi bilan hammaning e’tiborini tortgan edi.
Tirishqoqlikda tengi yo‘q bu muallifimiz birdan ancha vaqt jimib ketgach, unga katta umid bog‘layotgan muharririyatimiz bundan xavotirlana boshlagandi.
Oltiariqda uchrashuvlar o‘tkazib, orada Anvar o‘qiydigan maktabda ham bo‘ldim. Uchrashuv chog‘ida uning chiqib qolishidan umid qildim, ammo undan darak bo‘lmadi. Direktor va o‘qituvchilardan so‘rasam, “Bizdan ketgan” deyishdi. Yaxshiroq surishtirsam, qaysidir o‘qituvchi bilan chiqisholmay, yuqori sinfni boshqa maktabga o‘tib bitiribdi. Yaqindagina harbiy xizmatga ketgan ekan.
Maktabning yonginasida bo‘lgani uchun Anvarning xonadoniga kirdim. Uch qizni uzatib, endi besh o‘g‘ilni voyaga yetkazayotgan serfarzand xonadon, birovi tomorqada uymalangan, birovi qo‘y-sigirga qaragan. Xarobgina qishloqdagi elqatori tuproqtosh uylar. Shoir “Eski tom” she’rida yozadi:
“Tongda yomg‘ir quydi shov-shuv, Loyqa suvga to‘ldi tarnov. Inda titrar Olahakka, Eski tomdan o‘tdi chakka…”Bilaman, bu — Anvarning uyi. Biror qo‘shnisidan kambag‘alroqdek tuyulmasa-da, xonadondagi ahvolni kuzatib turib, bemalol she’r yozib yotish mumkin bo‘lgan sharoit mavjudligini sezmadim. Bu sharoitdan yorib chiqish uchun ulkan maqsad yo‘lida katta kuch sarflash lozimligi ko‘rinib turar edi.
Shundan so‘ng oradan olti yilcha o‘tib, Anvar bilan birinchi marta qo‘l olishib ko‘rishdim. Bilsam, harbiy xizmatdan qaytishi bilanoq dadasi vafot etibdi, xonadonda katta o‘g‘il bo‘lgani uchun, kolxozga ishga kirib, dalada tabelchilik qilibdi. Endi tuman gazetasiga muxbir bo‘lib o‘tibdi. Universitetning jurnalistika fakultetiga sirtdan o‘qish uchun hujjat topshirishga kelgan ekan. Meni eng quvontirgani bir qo‘ltiq she’r olib kelgani bo‘ldi. Xayriyat, turmush qiyinchiliklari uni sindirolmabdi. Yangi she’rlarini o‘qib, unda ijobiy tomonga keskin o‘zgarish bo‘lganini ko‘rdim. Ayniqsa, jonivorlar haqidagi she’rlari o‘ziga xos usulda bitilgani, quvnoqligi, ayni paytda tagdorligi bilan lovullab ko‘zga tashlanardi. O‘shanda “Yosh gvardiya” nashriyotiga o‘tib ishlayotgandim, she’rlarni ishxonadagilarga ko‘rsatib maslahatlashdim, ularni kitob qilib chiqarishga hech biri e’tiroz bildirmadi.
Iqtidor o‘z yo‘liga. Anvarning asosiy yutug‘i shundaki, u o‘z maqsadida sobit, haddan tashqari mehnatkash. U shu qadar ko‘p yozardiki, oxir-oqibat bu uning uslub tarangligi, nazm texnikasini puxta egallashiga olib keldi. She’rga rang beradigan xalq tilini o‘rinli qo‘llay olishni o‘rgandi. Anvar Obidjon haqida so‘z aytish oson ish emas. Ijodkor va shaxs sifatida ham, oddiy inson sifatida ham u shu qadar serqirra siymoki, agar to‘rt xususiyatini aytsangiz, yana o‘n xususiyati qolib ketadi. Men esa, ayniqsa, o‘z yaqinlarim, jigarlarim haqida durustroq so‘z topib aytolmaydigan no‘noqlardan biriman. Faqat ishonch bilan aytishim mumkin bo‘lgan gap shuki, Anvar o‘zbek bolalar adabiyotining yirik ijodkorlaridan biri. Mashhur yozuvchimiz Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Xalq so‘zi” gazetasida bosilgan maqolasidagi: “Q. Muhammadiy, P. Mo‘min, H. Nazir asarlarini o‘qib, Xudoga shukur, shunday ijodkorlarimiz bor-a, deb faxrlanaman. Mark Tven, aka-uka Grimmlar, Sharl Perro, Janni Rodari singari jahonshumul yozuvchilarni o‘qiganda esa, ularning o‘ziga xosligi, adabiyotga hech kim aytolmagan gaplarni aytib kirib kelganini o‘ylab, e Xudo, bizga ham ana shunday yozuvchilardan bersang edi, deb ich-ichimdan orzu qilgan paytlarim ham ko‘p bo‘lgan. Ana shunday ijodkorni Alloh bizga polosonlik Anvar Obidjon qiyofasida berganga o‘xshaydi”, degan gaplarida men hech qanday mubolag‘ani sezmadim. Ko‘nglida borini ochiq aytgan mardlarga rahmat.
Xudoyberdi akaga o‘xshab, men ham jahon bolalar adabiyotini imkon qadar kuzatib boraman, bolalar adiblaridan eng nomdorlarining yuzga yaqin namoyandasi ijodini o‘rganganman, ko‘plarini o‘zbekchaga tarjima qilganman. Shu bois Anvarni boshqalarga chog‘ishtirib ko‘rish imkonim bor. Qani, o‘ylab ko‘raylik, Anvar o‘sha shoir yoki yozuvchilarning qaysi biridan kam? Rus klassik bolalar shoirlari Korney Chukovskiy va Samuil Marshak, italiyalik Karlo Kollodi va Janni Rodari, amerikalik Doktor Syuz va Jon Chiardi, angliyalik Alan Miln va De la Mer, nemis bolalar adiblari Erix Kestner va Jeyms Kryuslardan Anvarning kamlik joyi bormi? Yo‘q, albatta!
Nemis shoiri Bertold Brext “Molingizni ko‘rsating” deydi. Biz jahonga Anvarning “mollari”ni, ya’ni ijod namunalarini ko‘rsata olmadik, yo‘qsa, uning nomi ham jahon bo‘ylab jaranglagan bo‘lardi. Anvarning o‘zi esa, bu narsaga beparvo qaraydi, ruschaga o‘girilgan ba’zi she’rlarimni ahvolini ko‘rib, tarjimadan ko‘nglim sovigan, O‘zbekistonda tuzukroq tanilsam, shuning o‘ziga ming marta shukur qilardim, deydi.
O‘zi nashriyotda necha yillar katta lavozimlarda ishlab ham, birorta kitobini qalin muqovada chiqarmadi, yaxshiroq bezak berdirishgayam urinmadi. Uning “Oltiariq hangomalari” asari yupqa muqovada chiqarilgani yetmaganidek, kitob varaqlarini oldin tikdirib, so‘ng muqovalashni ham lozim topishmaganki, o‘qishni boshlasangiz, varaqlari to‘kilib tushaveradi. Anvar bunaqa narsalarga e’tiborsiz, faqat yozishni biladi, xalqiga kerakli gapni aytishni biladi.
Xayriyat, ming tahsinlar bo‘lsinki, “Sharq” nashriyoti yaqinda Anvar Obidjonning tanlangan she’rlarini birinchi marta qalin muqovada chiqardi. Nashriyotning yana bir ishi maqtovga sazovorki, bu ko‘rkam va mazmundor kitob zamonamizning hozirgi davriga moslanib, ham kirill, ham lotin alifbolarida bosilgan. Cho‘lpon nomidagi nashriyot esa Anvar Obidjonning bolalarga atalgan asarlarini bir necha jilddan iborat ixcham-ixcham kitoblar qilib chiqarishni boshlagani ham juda quvonarlidir. “O‘g‘irlangan pahlavon” deb ataluvchi birinchi kitob bezaklarga boyligi bilan ko‘zni yashnatadi. Keyingi kitoblarni tezroq ko‘rishni va ular yurtimizdagi hamma kutubxonalarga yetib borishini istar edik.
Anvar Obidjon ijodi mustaqillikdan keyin qadr topdi, kerakli bahosini oldi. Oldingi zamonda ishxona tomonidan ishchan xodimlarga berib turiladigan “Faxriy yorliq”lardan boshqa siylovni ko‘rmagan shoir Mustaqillikdan so‘ng hukumat e’zoziga sazovor bo‘ldi. “O‘zbekiston xalq shoiri” degan yuksak unvon egasi endi.
“Afandi” gazetasiga Anvarjon haqida yozgan bir maqolamda uning 1947 yil 25 yanvarda tug‘ilganini ham qistirib o‘tgandim. Bir kuni Anvarjon uchrab qolib, oltiariqcha hazil qilib, hujjatimga sal oshirib yozishgan, aslida 8 yanvarda tug‘ilganman, dedi. O‘shanda nimadir xotiramni qitiqlagandek bo‘lgan edi, bir kuni uning kitobini varaqlayotib, “Tug‘ilgandi Bo‘richa sakkizinchi yanvarda” deb boshlanuvchi she’riga ko‘zim tushdi-yu, gap nimadaligini angladim. Bu she’rning qahramoni yosh Bo‘richa tug‘ilgan kuniga otasi kiyik to‘shini, onasi quyon go‘shtini va’da qilib turgan bo‘lsa-da, ulardan o‘zi hali yeb ko‘rmagan parvardani so‘raydi. Ota-onasi topib berolmagach, shirin parvardadan totib ko‘rish orzusida shaharga yo‘l oladi. Shaharda uni tutib, ajoyibxonadagi qafasga tiqishadi. Bu yerda ovqat tekin bo‘lsa ham, u nuqul uzoqdagi adirga bo‘ylanaveradi. Oradan yillar o‘tadi. Bir kuni tomoshaga kelgan qizcha shirinlikni deb achchiq qismatga yo‘liqqan Bo‘riga bir bo‘lak parvarda tashlab o‘tadi. Tag‘in aynan 8 yanvarda!
Turmush zahmatlari-yu, ijod mashaqqatlarini pisand qilmay, millatimiz bolalari tarbiyasiga xizmat qiluvchi biri biridan go‘zal va ma’nodor asarlar yozishga umrini sarflab kelgan Anvar Obidjon, mana, oltmish yoshga ham yetibdi. Unga uzoq umr, yanada yuksak ijodiy parvozlar tilash, adabiyotimizdagi katta mehnatlari haqida ikki og‘iz iliq so‘z aytib, jajji kitobxonlar nomidan minnatdorchilik bildirib qo‘yish niyatida ushbu maqolaga qo‘l urdik. Aslida, bu ham Bo‘richaga tutilgan parvardadek bir gap.
Miraziz A’ZAM
“Hurriyat” gazetasidan olindi.