Omonulla Madayev. Barhayot ustoz (2007)

Atoqli adabiyotshunos, ko‘plab mashhur olimlar ustozi Subutoy Dolimov tavalludiga bu yil yuz yil to‘ladi. O‘tgan asrning 20-yillaridan muallimlik faoliyatini boshlagan Subutoy Dolimov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi kabi faxriy unvonlar sohibi edi. Hind eposi “Kalila va Dimna”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Muhammad Rizo Ogahiyning olti jildlik “Tanlangan asarlar”i (prof. G‘.Karimov bilan hamkorlikda), Almaiy asarlari, o‘nlab adabiyot darsliklari, metodik qo‘llanma va risolalar Subutoy Dolimovning fidoyi va zahmatli ijodiy mehnati bilan nashrga tayyorlangan.
Xalqimizda ustoz otangday ulug‘ degan hikmat bor. Komil insonni komil ustoz tarbiyalaydi. Oddiy o‘spirin yetuk mutaxassis bo‘lguniga qadar asalari kabi o‘nlab murabbiylardan “qiyom” yig‘adi. Kimdandir muomalani, kimdandir kasb sirlarini, kimdandir ustozlikni o‘rganadi. Yillar o‘tib uning o‘zi shogirdlar yetishtiradi.
Ulug‘ ustozlar tarbiyasini olishda biz eng baxtli avlod ekanmiz, desam, xato bo‘lmaydi. Chunki G‘ulom Karimov, Subutoy Dolimov, Ayub G‘ulom, Ozod Sharafiddinov, Laziz Qayumov kabi mashhur olimlar bizga saboq berishgan. Bu insonlarning maroqli ma’ruzalari, amaliy mashg‘ulotlari biz uchun namuna edi. Shubhasiz, ular orasida Subutoy domla Dolimov alohida hurmat-e’tiborga loyiq inson edilar.
Shunday odamlar bo‘ladiki, ularning hayotdan o‘tishi muayyan davr uchun yo‘qotish hisoblanadi. Yana shunday insonlar ham bo‘ladiki, ularning vafot sanalari uzoqlashgani sari qadr-qimmatlari oshaveradi, yo‘qotishning salmog‘i bilinaveradi. Ayniqsa, shogirdlar ularni har lahza qo‘msab turadilar. Mutaxassislik sohasidagi har bir yangilikka duch kelganda: “Bu o‘rinda ustoz nima der edilar?” deb o‘ylanib qolasan.
O‘tgan asrning oltmishinchi yillari so‘z san’atkorlari biror asar yozishsa — Abdulla Qahhorning, til muammolarini hal qiluvchi olimlar esa Ayub G‘ulomning nima deyishini kutardilar. Xuddi shunday mumtoz adabiyot tahlilida G‘ulom Karimov, zamonaviy adabiyotda Ozod Sharaffiddinov, adabiyot o‘qitish sohasida Subutoy Dolimovning o‘tkir va sinovchan nigohlarini his qilar edilar. Ehtimol, hozirgi ayrim kamchiliklarimiz ana shunday ustozlar nazarini his qilmayotganimizdadir. Muhimi, ular ta’limu saboqda ham, hordiq chiqarishu mehnatda ham hamisha biz bilan birga edilar. Shu bois hamkasblarimiz bilan uchrashib qolsak, suhbatimiz albatta Subutoy Dolimov, Ozod Sharafiddinovlarga kelib taqaladi.
Yaqinda hassos shoirimiz Erkin Vohidov Milliy universitetimiz talabalari bilan bo‘lgan uchrashuvda she’riyat sehri haqida so‘zlay turib, birdan paxta dalalarini eslab qoldi va hazrat Navoiyning ushbu baytlarini o‘qidi:

Sahar xovar shahi charx uzrakim,
xaylu xasham chekti,
Shioi xat bila ko‘hsor
uza oltun alam chekti.
Qazo farroshi chekti subhning
siymin supurgusin,
Muzahhab parlarin andoqki,
tovusi haram chekti.

Ma’lum bo‘lishicha,  kurs talabasi bo‘lgan shoirimiz sahar payti paxta tergani chiqqanida Subutoy Dolimov shu baytlarni o‘qib, tabiatning tongdagi go‘zal manzarasini Alisher Navoiy qanchalar zargarona tasvir etganini sharhlab, she’rda ”supurgi” so‘zining qo‘llanishini ham izohlab, milliy she’riyat uchun barcha so‘zlar qadrli ekanini ham tushuntirgan ekanlar. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, Subutoy Dolimov saboqlaridan bahra olgan har bir talaba xotirasida Erkin aka aytgani kabi o‘nlab misollar topiladi.
Yodimda — Subutoy Dolimov yetmish yoshdan o‘tganda ham universitetda saboq berardilar. Ammo kafedramizning har bir a’zosiga qo‘yiladigan talab ustozga ham taalluqli edi: o‘qituvchimi, dotsentmi, professormi har yili ilmiy hisobot tayyorlardi. Shunda domlamiz qisqa muddatda Ogahiyning olti jildlik “Tanlangan asarlar”ini, ”Kalila va Dimna” hind eposini, Kaykovusning “Qobusnoma”sini, “Adabiyot o‘qitish metodikasi” darsligining keyingi nashrini, “5-sinfda adabiyot o‘qitish qo‘llanmasi”ni, nechtadir maktab darsliklari, “Umr saboqlari” deb nomlangan tarjimai hol kitobini nashr ettirganliklarini aytdilar. Shunda o‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasi mudiri professor G‘ulom Karimov:
— Domla, sizning bir sutkalik kuningiz hammamizniki kabi 24 soatmi? Yoki oshiqchasi ham bormi? — deb so‘raganlar. Ustoz esa o‘ta kamtarlik bilan, oddiygina qilib: ”Umr tugab qolayotganga o‘xshaydi. Ulgurib qolishim kerak”, — deb javob qaytargan edilar. Haqiqatan ham, Subutoy Dolimov “umrning oxirigacha yashashga ulgurib qol” shiorini ”ishlashga ulgurib qol” tarzida qalbiga singdirgan samimiy inson edilar. Agar kafedraga biror yumush bilan o‘n odam kelsa, shulardan yetti-sakkiztasi domlani so‘rardi. Chunki ustozimiz adabiyot ilmining qomusiy olimi edi. Ayniqsa, mumtoz adabiyot she’riyatini sharhlashda ularga yetadigan kimsa yo‘q edi.
Avvalgi maqolalarimdan birida ozarboyjonlik professor P.Halilovni eslagandim. Bu zukko olim Ozarboyjondan O‘zbekistonga ilm istab keluvchilarga: “Biror so‘zning ma’nosini bilmasang, Subutoy muallimdan so‘ra. Agar Subutoy muallim ham bilmasa, demak, u so‘zning ma’nosi yo‘q ekan”, — der edilar.
Kutubxonamdagi eng aziz va mo‘tabar kitoblarimdan biri Subutoy Dolimovning “Umr saboqlari” memuar asaridir. Unda: “Hurmatli Omonjon, sizga esdalik uchun — 6/V 78”, deb yozilgan dastxat bor. Kitobdan Oybek, Olim Sharafuddinov, To‘ychi Hofiz kabi ajoyib insonlar haqidagi xotiralar ham o‘rin olgan. Ha, ajablanmang. To‘ychi Hofiz haqidagi xotiralar. Subutoy Dolimov, agar adabiyot sohasida faoliyat ko‘rsatmaganlarida, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov kabi mashhur hofiz bo‘lishlari shubhasiz edi. 1977 yili domlaning yetmish yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Ozod Sharafiddinov 1928 yildagi bir voqeani eslaganlarida, hech kim ajablanmagan edi. Ozod akaning aytishlaricha, Mulla To‘ychi Toshmuhammedovning 60 yillik yubileylari o‘shanda Subutoy Dolimov ijrosidagi maqom bilan boshlangan ekan. “Umr saboqlari” kitobida bu haqda quyidagi satrlar bor:
“Nasrulloyi” — og‘ir maqom: xususan, dutorda ijro qilish juda qiyin, chunki dutorda yarim, chorak, nimchorak va qochiriq ovozlarni chiqarish, avjini chalish, barmoqlarni ishlatish, pardalarni o‘z o‘rnida ezish va nola chiqarish juda murakkab ish edi. Qo‘limga dutorni oldim, zarb bilan o‘n minut chaldim. Hamma jim. Dutor nola qiladi, fig‘on chekadi…
To‘ychi Hofiz, Shorahim aka, Abdusoat aka, Uspenskiylar og‘ir tin olishgan. Nazarimda ustozlarim butun vujudi bilan tinglashardi. Ular chehrasida mamnuniyat. O‘zim ham hayajonlandim. Qo‘limda dutor, ko‘zimda yosh. Bu quvonch va xursandlik yoshlari edi” (S.Dolimov, “Umr saboqlari”, Toshkent, “O‘qituvchi” nashriyoti, 1978. 22-bet).
“Nasrulloyi” kuyining ijrosi naqadar murakkabligini sozandalar yaxshi bilishadi. Uni To‘ychi Hofizdek mashhur san’atkor oldida ijro etish esa oson bo‘lmagan. Yigirma yoshli Usmonjon (Subutoy Dolimovning asl ismlari)ning katta ustozlar oldida bu tarzda sozandalik sinovidan o‘tishi esa, ulkan jasorat bo‘lgan…
Ammo bari bir yaxshiyam Subutoy Dolimov adabiyot yo‘lini tanlaganlar, deyman. Sababi san’atda Boborahim aka, Jo‘raxon aka, Rasul qori, Ma’murjon aka, Orifxon aka kabi hofizlarimiz bor edi. Lekin adabiyotda, ayniqsa, adabiyot o‘qitish metodikasida Subutoy Dolimov yolg‘iz edi va shundayligicha qoldi. Musiqa sohasidagi ilmu hunar esa, adabiyotshunoslik va o‘qituvchilikda yuksak maqomga erishgan ustozga katta zavq-shavq va irodayu zakovat bag‘ishladi. “Umr saboqlari”da domla shunday yozadilar: “O‘qituvchilik ajoyib kasb. Men o‘qituvchilikni san’atkorlikka o‘xshataman. Negaki, yaxshi hofiz yoqimli maqomi bilan tinglovchilarni o‘ziga jalb etadi. Hamma zavq bilan tinglasa, hofizning o‘zi ham huzur qiladi, aytgan maqomi ham yuraklarga kuchli ta’sir etadi. O‘qituvchi, xususan, ona tili va adabiyot o‘qituvchisi ajoyib til bilan, nozik, go‘zal, puxta nutq bilan dars bersa, sinfdagi hamma bolalarning diqqatini o‘ziga jalb etadi, bunday darsdan bolalar zavqlanadi, o‘quvchining zavqi esa o‘qituvchiga huzur bag‘ishlaydi”.
Ustozning har bir mashg‘uloti bizga ana shunday zavq bag‘ishlagan. Muhimi shundaki, ustoz o‘zining har bir shogirdidan ham ana shunday dars o‘tishni talab qilganlar. Ko‘pincha: ”Badiiy adabiyotni sevmagan, his qilmagan o‘qituvchi dars bermasin, chunki adabiyot o‘qituvchisi ham bilim beradi, ham tarbiyalaydi”, — der edilar.
Subutoy Dolimovning adabiyot o‘qitishdagi faoliyati haqida ustoz Qudrat Ahmedov shunday deganlar: “Subutoy Dolimovning metodistlik faoliyati adabiyot o‘qitishning uch sohasida aniq seziladi. Birinchidan, ifodali o‘qishda; ikkinchidan, o‘quvchi yozma nutqini shakllantirishda; uchinchidan, sharhlab o‘qitishda”. Ha, ustozimiz adabiyotshunoslik, matnshunoslik sohasida ham katta ilmiy salohiyatga ega edilar. Esimda, Kaykovusning Muhammad Rizo Ogahiy tarjima qilgan “Qobusnoma” asarini birinchi marta nashr qilish harakatida yurgandilar. Bir kuni ishxonaga juda asablari buzilgan holatda kirib keldilar. Men buning sababini so‘raganimda, bir amaldor “Qobusnoma”dagi diniy tushunchaga aloqador o‘rinlar qisqartirilishi kerakligini ta’kidlaganini aytdilar. Men: “Bu — “Qobusnoma”ku, demadingizmi?” — deb so‘radim. Shunda ustoz: “Men unga: “Alloh, Xudo, Islom, Iymon” degan o‘rinlarni qisqartirib, Kaykovusni senga birinchi kommunist qilib beraman”, dedim”, — dedilar. Ovozlaridan alam, kesatiq ohangi juda aniq sezilib turardi. Keyinchalik ne-ne mashaqqatda G‘ulom Karimov bilan hamkorlikda Muhammad Rizo Ogahiyning olti jildlik “Tanlangan asarlar”ini nashrga tayyorladilar. Ogahiyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan nomzodlik dissertatsiyalari esa, hajman ham, mazmunan ham doktorlik ilmiy darajasiga loyiq edi…
Ustoz Subutoy Dolimov hayotda juda hazilkash va o‘ta samimiy inson edilar. Ahmad Aliyev, Sharif Yusupov, Ozod Sharafiddinov, Muhammadnodir Saidov, Rahmatilla Inog‘omov, O‘tkir Hoshimov va kaminaning farzandlarcha erkalik bilan qilgan hazillarimizni ulkan daryodek qabul qilar, bu hazillarga chiroyli javoblar topar, yengil tabassum hadya etar edilar.
Ustoz xotirasiga doir maqolamizni domla yaxshi ko‘rgan baytlar bilan yakunlamoqchiman. Shunchaki sayr qilib yurganlarida ham Subutoy aka Fuzuliyning betakror misralarini yod aylar edi:

Gul g‘unchalig‘inda xor ilandir,
Ochilsa, bir o‘zga yor ilandir.
Aslinda tikan chekar azobin,
Faslinda hakim olar gulobin…

Benazir ustozning oxiratlari obod bo‘lsin, deymiz.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 15-sonidan olindi.