O‘zbek mumtoz adabiyoti shunday g‘aroyib olamki, bu olamga tadqiqotchi sifatida kirmoqchi bo‘lgan kishi Navoiy, Bobur, Mashrab singari ulug‘ shoirlarning muborak asarlarini o‘qish, tahlil qilish, ular bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish mashaqqatiga tayyor bo‘lishi lozim. Shu sohada samarali izlanishlar olib borgan Bertels, Oybek, G‘afur G‘ulom, Porso Shamsiyev, Shayxzoda, Vohid Zohidov, Vohid Abdullayev, G‘ulom Karimov, Hamid Sulaymon, Natan Mallayev, Abduqodir Hayitmetov singari zabardast olimlar mumtoz adabiyotimizning buyuk siymolari ijodini o‘rganishga ulkan hissa qo‘shdilar. Ana shu porloq nomlar qatoridan o‘rin olishga munosib yana bir nom bor. U filologiya fanlari doktori, professor Abdug‘afur Abdurashidovdir.
Abdurashid aka 75 yil avval Toshkentdagi Qoziko‘cha mahallasida mumtoz adabiyotga ixlosi baland oilada dunyoga keldi. 1953 yili hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetini bitirib, 1954 — 1957 yillarda Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti qoshidagi aspiranturada tahsil oldi va umrining so‘nggi kuniga qadar shu dargohda xizmat qilib, katta ilmiy-ijodiy yo‘lni bosib o‘tdi.
Kamina uzoq yillar Abdurashid aka bilan birga ishlab uning o‘z sohasiga vujudi bilan berilgan, mumtoz adabiyot namoyandalari ijodining yangi qirralarini o‘rganish istagi bilan yashagan, o‘ziga va boshqalarga o‘ta talabchan olim ekaniga iqror bo‘lganman. U shu fazilatlari bilan adabiyotshunoslikda o‘chmas iz qoldirdi.
Olimning ilmiy faoliyatini asosan uch qismga bo‘lish mumkin. U uzoq yillar matnshunoslik bo‘yicha samarali izlanishlar olib borib, mumtoz adabiyotimiz namoyandalari merosini to‘plash, o‘rganish va nashr etishga alohida e’tibor berdi. Uning jonbozligi bilan Mashrabning “Tanlangan asarlar” (1980, rus tilida), “Dilim daryoi nurdir” (2004), Nodiraning “Jon tasadduqing” (1993), Boburning “Devon” (1994), Ogahiyning “Ishq ahlining tumori” (1999), Mirza Shohiyning “Devon” (2001) kabi asarlari kirish so‘z, sharh va lug‘atlar bilan e’lon qilindi. Bu siradagi barcha asarlarning, ayniqsa, Sulton Mas’ud Mirza Shohiy “Devon”ining ilk bor nashr etilishi nafaqat matnshunoslik taraqqiyotiga, balki mumtoz adabiyotimiz ufqlarini yangi nomlar bilan boyitishga ham munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Olim ilmiy faoliyatining asosiy qismini tadqiqotchilik ishlari tashkil etadi. U o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixini o‘rganishga kirishgan vaqtda Alisher Navoiydan tashqari, asosan Muqimiy va Furqat ijodlari bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan, chunonchi, shoir va olim Xolid Rasulning Furqat ijodiga bag‘ishlangan risolasi e’lon qilingan edi. Davr shu va boshqa mumtoz shoirlar ijodining ijtimoiy ahamiyatiga doir tadqiqotlar yaratishni talab etar edi. Mafkuraviy mezonlar ustuvorlik qilgan tarixiy sharoitda A.Abdug‘afurov dastlab Furqat, keyinchalik Navoiy ijodlarida ijtimoiy masalalarning talqin etilishini o‘rgandi. “Navoiy ijodida satira” mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasi hamda shu dissertatsiyaga asos bo‘lgan “Navoiy satirasi” (1966) va “Navoiy ijodida satira” (1977) monografiyalarining pafosi asosan buyuk shoir asarlarida zolim podsholar, adolatsiz amaldorlar, riyokor ruhoniylarning fosh etilishiga qaratildi. Ammo 60 — 70-yillardagi muayyan muhit ta’sirida olimning ilmiy izlanishlari doirasi keskin o‘zgardi. U shu davrdan boshlab Navoiy hayoti va ijodining noma’lum sahifalarini o‘rganish bilan birga Furqat va Mashrabning ijodiy faoliyatiga yangi nuqtai nazardan yondashib, qator kitob va maqolalar e’lon qildi. Bobur, Ogahiy, Amiriy, Nodira, Uvaysiy, Komil, Muqimiy ijodining o‘rganilmay kelgan qirralariga e’tiborni qaratdi. Uning “Zokirjon Furqat” (1959, 1977), “Erk va ezgulik kuychilari”, “Mashrab she’riyati” (1979), ”Buyuk beshlik saboqlari” (1995), “Qalb qa’ridagi qadriyatlar» (1998), “Muhammad Rizo Ogahiy” (1999) singari kitob va o‘nlab maqolalari o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixini o‘rganishga katta hissa bo‘lib qo‘shildi.
Sir emas, hozir ilm-fan muhitiga kirib kelayotgan ayrim yoshlar o‘zlariga qadar yaratilgan ilmiy ishlar asosida dissertatsiya va kitoblarni tezkorlik bilan yozib tashlamoqdalar. Agar ilm-fanga kirib kelayotgan avlod shu yo‘ldan borishda davom etsa, adabiyotshunoslik ham, boshqa fanlar ham taraqqiyotdan to‘xtashi hech gap emas. A. Abdug‘afurov qaysi shoir bilan qiziqqan bo‘lsa, uning hayoti va ijodi to‘g‘risida yangi gapni aytishga intildi. Shu maqsadda uning adabiy merosini va u haqdagi manbalarni qunt bilan o‘rgandi. Hatto adabiyotshunoslikda barqarorlashgan qator adabiy fakt va hodisalarga tanqidiy nazar tashlab, shu fakt va hodisalar talqiniga aniqlik kiritishga erishdi.
Ulug‘ shoirimiz Alisher Navoiy Husayn Boyqaro taxtni egallaganidan so‘ng, 1469 yilda Hirotga qaytgan. Uning Hirotga qaytishi kimning tashabbusi bilan ro‘y bergani haqida navoiyshunoslikda yagona fikr bo‘lmagan. Agar ayrim manbalarda Navoiyning Husayn Boyqaro tomonidan chaqirib olinganligi qayd etilgan bo‘lsa, boshqa manbalardan Hirotga qaytish tashabbusi uning o‘zidan chiqqanligi anglashilib turadi. Ehtimol Navoiy mavzuidan uzoq kishilar uchun mazkur tashabbusning kimdan chiqqanligi masalasi mutlaqo ahamiyatsizdir. Ammo mazkur faktga aniqlik kiritish shoir bilan podsho munosabatlariga doir nozik masala bo‘lganligi sababli A.Abdug‘afurov uning yechimini “Vaqfiya”ning muqaddima qismidan topgan. Navoiyning yozishicha, Xuroson taxtiga endigina o‘tirgan Husayn Boyqarodan o‘zining nomiga kelgan yorliq-maktubda uning Hirotga — saroyga kelishi taklif etilgan edi. “Navoiyning yozishicha, — deb uqtiradi olim, — u to Husayn Boyqaro taxtni qo‘lga kiritguniga qadar o‘lkaning siyosiy-ijtimoiy hayotiga aralashish, biror mansabda xizmat etish niyatida bo‘lmagan, bunday ishlarga o‘zida moyillik qo‘rmagan”.
A.Abdug‘afurov mazkur kichik bir masalaga oydinlik kiritish orqali Navoiy hayoti va ijtimoiy faoliyatida ro‘y bergan katta o‘zgarishlarning sulton Husayn Boyqaro bilan uzviy bog‘liq ekanligini yana bir bor tasdiqladi.
Ma’lumki, Navoiyning lirik merosi to‘rt devondan iborat “Xazoyin ul-maoniy” asaridan o‘rin egallagan. Ammo bu fakt ulug‘ shoirning barcha lirik she’rlari shu kulliyotda jamuljam bo‘lganini anglatmaydi. Professor Hamid Sulaymon ulug‘ shoirning mazkur kulliyotga kirmay qolgan 24 g‘azal, 8 qit’a, ikki ruboiy va fardlarini topib, “Favoyid ul-kibar” devonining 1960 yilgi nashriga ilova tarzida e’lon qilgan. A.Abdug‘afurov izlanishlarni davom ettirib, shu paytgacha Husayn Boyqaroga nisbat berib kelingan yetti bandli taxmisning Navoiy qalamiga mansub ekanligini aniqladi. Bundan tashqari, Navoiyning turli asarlarida bir-ikki bayti keltirilgan, shuningdek, shoir she’rlariga bog‘langan muxammaslar asosida uning topilmagan g‘azallari miqdorini belgilab berdi. Navoiyning dastlabki “rasmiy devoni” — “Badoye ul-bidoya”ning tuzilish sanasiga ravshanlik kiritib, unga 1478 — 1479 yillarda tartib berilganini ilmiy jihatdan asosladi. Shuningdek, “Xazoyin ul-maoniy”dagi qator jumboqlarni yechishga muvaffaq bo‘ldi.
Olimning Husayniy, Bobur, Mashrab, Ogahiy, Muqimiy singari mumtoz adabiyot namoyandalarining hayoti va ijodi yuzasidan olib borgan tadqiqotlari ham alohida e’tiborga molik. Ammo uning o‘zbek adabiyotshunosligi oldidagi eng katta xizmati avvalo Furqat hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tadqiqotlar bilan belgilanadi. U murakkab ijtimoiy-tarixiy sharoitda yashagan zabardast shoir hayoti va ijodi bilan butun umri davomida shug‘ullanib, furqatshunoslikni milliy adabiyotshunoslikning yetakchi tarmoqlaridan biri darajasiga ko‘tardi.
Furqat ijodi, nomi yuqorida tilga olingan Xolid Rasuldan tashqari, M.Shayxzoda, V.Zohidov, G‘.Karimov, M.Yunusov, S.Mirvaliyev, H.Vohidov singari olimlarning ham diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb etgan. Aytish mumkinki, A.Abdug‘afurov shu olimlar bilan bir vaqtda jahongashta shoirning ona vatani hamda xorijdagi hayoti va ijodiy faoliyatini mukammal o‘rganishga harakat qildi. Uning shu yo‘nalishda olib borgan tadqiqotlari “Zokirjon Furqat” (1977) monografiyasi hamda “Zokirjon Furqat haqida yangi ma’lumotlar” (“Qalb qa’ridagi qadriyatlar” to‘plamida, 1998) maqolasida o‘z tajassumini topdi. Olimning ilmiy izlanishlari so‘nggi yillarda Sh.Yusupov va N.Jabborovning Furqat davri, hayoti va ijodi bo‘yicha e’lon qilgan kitob va maqolalari bilan birga bu ulkan shoir nomi bilan bog‘liq qator jumboqlarning hal etilishiga katta imkoniyat yaratdi.
Olim ilmiy faoliyatining uchinchi qismi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti tomonidan nashr etilgan o‘zbek tilidagi 5 jildlik va rus tilidagi 2 jildlik “O‘zbek adabiyoti tarixi”ning yaratilishi va shu institutda mumtoz adabiyot bo‘yicha doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari himoyasidagi faol ishtirokidir.
Agar umr bevafolik qilmaganida, O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, filologiya fanlari doktori, professor A.Abdug‘afurov shu yil muborak 75 yoshga to‘lgan va kasbdosh birodarlarining qutlov so‘zlarini qabul qilgan bo‘lardi. Afsuski, u 2005 yili, ayni ilmi va ijodi kuchga to‘lgan bir vaqtda yorug‘ dunyo bilan xayrlashdi. Ammo adabiyotshunosligimiz ravnaqiga qo‘shgan katta hissasi bois olimning muborak nomi hamisha e’zoz bilan tilga olinadi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 1-sonidan olindi.