Fozilbek Otabek o‘g‘lining “Dukchi Eshon voqeasi” va Alinazar Egamnazarovning “Siz bilgan Dukchi eshon” kitobini mutolaa qildim. Fozilbek Otabek harchand ulug‘ isyonchining jasorati haqida to‘lib-toshib yozmasin, bir lahza bo‘lsin ko‘z o‘ngida kechayotgan davr siyosati, xudosizlarning ayovsiz qamchinini e’tibordan qochirmagan.
Shu boisdan Dukchi eshonni qariyb qallobga aylantirgan va uning karomatlarini oddiy ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas, deganxulosaga kelgan. Albatta, zamon, davr va sharoit nuqtai nazaridan Fozilbekni tushunish mumkin, ammo tarix haqiqati va adolat qonuni hurmatli muallifimizni kechirmaydi. Muhammadali Sobir o‘g‘li — Dukchi eshon hech qachon qallob bo‘lmagan. Xudodan qo‘rqadigan odam hech kimni aldamaydi. Qallob odam xaloyiqni isyonga boshlay olmaydi va o‘zi ham qomatini tik tutib dor ostiga borolmaydi. Qallob el o‘rtasida bu qadar e’tiqod va muhabbatga sazovor bo‘lolmaydi. Qallob elning ulug‘larini vatan uchun kurashga da’vat etmagan, bu da’vatlardan qo‘rqib, faqat qornini qappaytirishni o‘ylagan elboshilar aslida qallob. Ana shu qalloblar keyincha uning nomini qora tuproqqa qorishdi, tuhmat qilishdi, el o‘rtasidagi muhabbatini yulqib olmoqchi bo‘lishdi, zolimlar, kelgindilar, bosqinchilarni ulug‘lab qasidalar, tarixlar yozishdi. Uni sazoyi qilganlar, burda-burdalab tashlangan jismini oxir-oqibat salanglatib osganlarning qutqusiga uchib, “devona”, “majnun”, “jinni”, “riyokor”ga chiqardilar. Shoirlar uni mazammat qilib, she’rlar va g‘azallar yozdilar, qozilar uning “jinni”ligi haqida fatvo chiqardilar, ulamolar “so‘qir”likda aybladilar. Fozilbek xuddi shu siyosatning qurboni bo‘ldi va ulug‘ xalq yo‘lboshchisini “oddiy qallob”ga aylantirdi. Butun diqqat-e’tiborini Chor podsholigini ayblashga qaratgan Fozilbek ulug‘vor piri murshiddan shuncha “Stepan Razin” yasashga harakat qildi. Alinazar Egamnazarovning risolasi tarixiy hujjatlar asosida yozilgan bo‘lib, unda buyuk isyonchining shaxsiyati haqida deyarli lom-mim deyilmagan. Muallifning hamma xulosalari tarixiy sanadlarni qayd etishdan iborat. Qahramonlar ishlarining oqibati haqida o‘ylasalar, sandaldan jilmagan bo‘lardilar. Qahramonlar dor sirtmog‘idan, kunda va jodudan talvasaga tushsalar, maydonga bel sirib chiqmagan bo‘lardilar. Umuman, tarixiy dalillar bilan ishlovchi olimlar o‘zlari bilmagan holda eng porloq siymoning ham yuziga gard yuqtirishlari mumkin. Bu tarixiy-ma’naviy jihatdan juda katta oqibatlarga olib keladi. Qariyb butun boshli vodiyning, buyog‘i Qirg‘iziya, Uyg‘urgacha bo‘lgan juda katta mamlakatning piri murshidi, nimaga va kimga qo‘l ko‘tarayotganini bilib, qurbonlik kundasiga tik bora olmoqqa jur’at topa olgan va bu jasorati bilan qudratli imperiyaning tomirlarini zirqiratgan Dukchi eshonning haqiqiy siymosi hozirgacha yaratilmay kelinayotgani meni qattiq iztirobga solardi. Xalq o‘zining jonfido farzandlarini bilishi kerak. Tarix besh-o‘nta shoirning tarjimai holidangina iborat emas. Tarix charxini mayli halokat tomon, mayli, saodatga tomon bo‘lsin olib borgan qahramonlarning hayoti va kurashi kelajak avlodning vatanparvarlik, millatsevarlik, fidoyilik, eng muhimi, komillik yo‘lidagi tarbiyasida katta rol o‘ynaydi. Besh-o‘nta shoir va adiblardan boshqa kimni xalq qahramoni qilib ko‘rsatyapmiz? Madaminbek, Shermuhammadbek, Ergash qo‘rboshi, Ibrohimbek kabi yuzlab shaxslarning bobolarimizning na adabiy-badiiy, na sahnaviy siymosini yarata olganimiz yo‘q. Ammo yuz minglab tirajda chop etilayotgan fahsh va zo‘ravonlik haqidagi adabiyotlar, suyuqdan-suyuq ishqiy sarguzashtlar bilan bolalarning qonini qizdirayotgan artistchalar ishtirokidagi filmlar millatni hech qachon ulug‘ g‘oyalar, o‘lmas qadriyatlar ruhida tarbiya qila olmasligini bilsak-da, og‘zimizga mum solib o‘tirishdan nariga o‘tolmayapmiz. Siz Toshkent ko‘chalariga nazar tashlang, bu afishalarga qarang: ertaga bolalar shular ruhida o‘sadimi?.. Shulardan ibrat oladilarmi? Shularga sig‘inadilarmi? Axir bu olchoq va botil qiyofalar bugun balo-qazodek hamma yoqqa bostirib kirib kelayaptilar-ku! Faqat ko‘cha-ko‘ylarga emas, qiz va yigitlarning qiyofalariga qarang, ular tutayotgan daftarlarning muqovasiga boqing!..
Aravon, Asaka, Novqat, Ko‘ngart, Ketmontepa, Qoraqo‘rg‘on, Mingtepa kabi manzillar va qishloqlarni o‘zimcha tasavvur qilardim. Mahalliy qishloqlarimiz o‘rtasida ot bilan eshak orasidagi tafovut yo‘qligi, balki ular bir shoxdagi ikki yaproqdek bir-biriga juda o‘xshashligini, qishloqlar aksariyat daryo sohillariga, suvloqlarga, dala-dashtlarga, seryaylov qir-adirlarga, lalmi yerlarga tushishini bilmaydigan o‘zbek bolasi yo‘q.
Hammasi deyarli bir xil: hovli chetida oyoqqa doimiy suratda ilinaveradigan xas-hashaklar chilviri, tom boshidagi poxol g‘arami va bostirma, o‘tin qalashtirib tashlangan saroy, it kapasi, yaloq kosa, tanbal tovuqlar katagi-yu kibrli xo‘rozlarning chapanilarcha kezinishlari, ma’ramoqdan tomoqlari uzaygan buzoqlar, eshak qoqilgan qoziq atrofida dumi bilan chivin surgan xo‘tikchalar, qo‘shni hovlisida kekirdak cho‘zgan ko‘ppaklar, o‘ydim-chuqurlar, paxsa uyning derazasida holsiz tebrangan kashtali parda, uy ichida taxmon, naqshli matolardan tikilgan ko‘rpa va ko‘rpachalar… Eshik ostonasida chelak, qumg‘on, dorga osilgan yaktak va shalvarlar, chetan qo‘raga tashlangan ot va eshak anjomlari, umuman, tipik qishloq.
Andijon qal’asidan ikki yuz-uch yuz metr naridagi xonadonlardan birida edim. Bu hovli ulkan daraxtlar va ko‘p qavatli imoratlar ichida joylashgan bo‘lib, Xakand qishlog‘i tepalaridagi g‘isht zavodining sohibi, yangi Andijon tadbirkorlaridan Abduvosit akaga qarashli edi.
— Siz “Dukchi eshon” ko‘chasidasiz, ilgarigi “Drujba” ko‘chasi, — dedi qoracha, o‘rta bo‘y, g‘ayrati ichiga sig‘maydigan tadbirkor. Uning kulcha yuzlari lovillab pishayotgan g‘ishtni esga solar, suhbati shirin, odamgarchiligi baland yigit edi. — Istasangiz, kazaklar eshon dadani ot aravada sazoyi qilib olib kelgan joylarni ham ko‘rsataman…
Hayratimning cheki yo‘q edi. Ko‘z o‘ngimdan qal’a darvozalari oldidagi jazirama maydonda darra bilan savalanayotgan qo‘zg‘olonchilar, qatorlashib tikib tashlangan dor og‘ochlari, salanglab turgan murdalar, uvvos solib yig‘layotgan xaloyiq, kazaklar, zobitlar o‘ta boshladi. Tadbirkorning suhbat xaltasi ochildi.
— Eshon dadani bilasizmi?
— O‘qiganman, xolos.
— Eshon dadaning karomatlaridan gapirib beraymi? Bir puflaganda gurillatib olov yoqqanlar, odamlarning ko‘nglidan kechgan o‘ylarni sezib-bilib turganlar… Qodirqul mingboshi eshon dadani tutib bergan. Mingboshining to‘rtta xotini bo‘lgan, to‘rtovini ham birovlar ilib ketgan… Muhammadaliboyni eshitganmisiz? (Dukchi eshonga qo‘shilmagan nufuzli boylardan — M.)
Boyvachcha Asht tomonlardan Andijonga ot aravada tuz tashib keltirib tirikchilik qilgan qashshoq Muhammadaliboyning yo‘l-yo‘lakay hazrati Xizrga duch kelgani, uni otiga mingashtirib olgani, hazrati Xizr mingan ot qanday qilib yashin tezligida Andijonga yetib kelgani va xum to‘la tuzlar tillaga aylanib qolgani haqidagi rivoyatlarga chalg‘ib ketdi.
— Buni bilib qolgan singlisi qoziga shikoyat qilib boribdi, — davom etardi tadbirkor. — Qoziga: “Otamdan qolgan xum to‘la tillalardan akam mening hissamni bermayapti. Adolat qilib haqimni chiqarib bersangiz”, debdi. Qozi o‘z mulozimlari bilan Muhammadaliboyning qo‘rasiga kelib, yerto‘laga tushib ko‘rsa, xumlar jarang-jurang tillalar bilan emas, yiltillagan, namchil tuzlar bilan to‘ldirilgan ekan. “Eh miyasi aynigan xotin!” deb qozi yerto‘ladan chiqib ketgan ekan… Muhammadaliboy ana shu tillalariga katta masjid qurdirgan. Hozir ham bor…
Men ish yuzasidan “Dukchi eshon” ko‘chasi bo‘ylab negadir har gal tun mahali o‘tardim va qorayib turgan qal’a devorlariga hadik va hayrat bilan boqardim. Safardoshim Abdumannobga Dukchi eshon tarixi bilan qadri hol shug‘ullanib yurganimni aytganimdan so‘ng, Marhamatga yo‘l oldik. “Oldin Muhammad Yusufni ziyorat qilamiz”, dedi Abdumannob. Yuqorida aytganimizdek, “tipik qishloqlar” orqalab Marhamat — Mingtepaga tomon yo‘lga tushdik. Bu yerlarda ham qishloqlar odatdagidek keng paxta dalalari tugagan pushtalardan boshlanadi. Kuzak hamma yerda o‘z qudratini namoyish qilayotgan palla: dalalar moviy hovur ichida ko‘pchiydi, yaproqlarini shov-shuv to‘kib yuborib, yalang‘och tanasi bilan ayozga to‘sh urgan dov-daraxtlar, tiniqlashib qolgan ariq va anhor suvlarining ojiz shildirashi, qora qarg‘alarning tantanavor oyoq olishlari, yo‘l chetida nimadir sotib o‘tirgan yangi zamon savdogarlari, yo‘l bo‘yida o‘tgan yo‘lovchilarni kutib o‘tirgan kirakashlar, sang‘ib yurgan besohib eshaklar, qora choponga o‘ralib, o‘tgan-ketganni kuzatib o‘tirgan mo‘ysafidlar, yo‘l chetida osib qo‘yilgan ma’noli shiorlar… Qishloqlar tobora o‘z tusini o‘zgartirib borayotgandek. Ba’zi imoratlar shahardagilardan qolishmaslikka harakat qilgandek oriq, bo‘ychan teraklar uchini dog‘da qoldirib, ko‘kka tomon tirmashgan, ayrimlari esa odmi, oddiy… Marhum shoir Muhammad Yusufning Qovunchi qishlog‘ini topish uchun xiylagina odamlarni bezovta qildik. Uchragan muyulishda to‘xtab, shoirning qishlog‘ini so‘rayverdik, odamlar ham erinmay qora choponlari yengini cho‘zib, “huv burilishgacha borib, o‘ngga burilasiz… Ashatta…” deb qolaverishdi. Nihoyat atrofi oppoq devorlar bilan ihotalangan baland darvozali, kattakon qabriston yonida to‘xtadik. Qabriston deyarli dov-daraxtsiz bo‘lgani uchun yalang‘och qabrlar va ularning ustidagi marmar toshlar yaqqol ko‘zga tashlanar, shoir dafn etilganidan so‘ng xiyla obod qilinganligi shundoq bilinib turardi. Shoirning qabriston etagidagi mozoriga eltuvchi tor asfalt yo‘lakcha, uning atrofiga ekilgan gullar va kuni kecha o‘tkazilgan archa nihollari ziyoratchilarning doimiy tashrifidan guvohlik berardi. Qubbali doira ayvon ostidagi byustdan boqib turgan shoirning ko‘zlari qabriston darvozasiga qadalgandek, tik yoqali plashchi, tekis taralgan sochlari, tiyrak nigohi, oriq va cho‘zinchoq iyagi. Bu o‘sha shoir edi. Davralar va olqishlar, qo‘shiqlar va tantanalarni boshiga ko‘targan shoir. Xonandalarga vatan haqida qo‘shiq aytishni o‘rgatgan, eng sodda va o‘tlig‘ qo‘shiqlari bilan umumxalq muhabbatini qozongan Muhammad Yusuf. Kattakon xalqning muhabbatini qozona olgan va juda erta olamni tark etgan shoirning ma’noli nigohlaridan ko‘p narsalarni uqish mumkin edi. Haykal ostidagi bir shapaloq yerga ekilgan gullar ham shoirning o‘ziga o‘xshardi. Qabriston etagidagi uydan chiqib kelgan yigit ayvon ostidagi o‘rindiqqa o‘tirdi va Qur’on tilovat qildi. “Shoirning yuzlarida yomg‘ir va shamollarning asorati bor, artib qo‘yish kerak”, dedim men yigitga. U qabristondan hokimning o‘zi xabar olib turishini, chiroqlar, asfalt yo‘l, devoru darvozalar shoir dafn etilganidan keyin o‘rnatilganligi, ziyoratchilar haqida gapira-gapira bizni darvozaga dovur kuzatib bordi. Qabriston etagida qolgan shoirning nigohi hamon darvozada edi. Men shoir juda etakka emas, ehtimol, darvoza qoshiga, yoxud qabristonning o‘rtaroq qismiga dafn etilsa, bo‘lmasmidi”, degan o‘yga bordim va o‘sha zahoti ichimda nimadir keskin rad etdi. Shoirlar poygakda bo‘lgani ma’qulroq…
Qovunchi qishlog‘ining markazidagi anhor bo‘yidagi hovlida shoirning onasi yashardi. Kattakon mevali bog‘, devorlariga naqsh solingan uy, odmi va kamtarona kulbalar. Munkayib qolgan, ammo yuzlari favqulodda toza va nurli ayol bolasining quyib qo‘ygandek o‘zi edi. Yetmishdan oshib qolgan ayol qo‘llari titrab yelkamizdan olib ko‘rishgan bo‘ldi va birgina nazardan so‘ng yuzlarini ro‘mol bilan to‘sdi. Uning ovozi shoirnikidek xasta edi: “Bilmasam, bandadan bo‘ldimi, Xudodanmi, bolamdan ayrilib qoldim…” Onaning qo‘llari titrar, oyoq olishlari og‘ir edi. U o‘tirolmadi. Nazira qizi Nozima bilan o‘sha yerda ekan. Ko‘rishdik. Hovlidagi yaydoq daraxtlarga qaradim. Men shoir tirikligida bu yerlarga kelganim yo‘q edi. Muhammad Yusuf yuz yillar yashab beradi, deb o‘ylagan bo‘lsam kerak, bundoq yurak yozib suhbatlashgan ham emasman. Abdumannob shoirning chapani rostgo‘yligi, haqiqatchiligi, yon-verida yuradigan “do‘st”larining oqibati haqida kuyunib gapira ketdi. Hovlidagi keng mevali bog‘ xomush edi. Uy-muzeyga mo‘ljallab qurila boshlagan sarg‘ish g‘ishtli devor suvga tushgan musichadek mung‘ayib turar, darvoza ortidagi qo‘lbola rastalarda hayot qaynagandan qaynardi. Anhorning tiniq suvlari kuzak osmonidek sof va beg‘ash edi. “Xizrobod” arig‘i. “Nega Xizrobod?” dedim shoirning bolalik do‘sti Tavakkalga. “Bir vaqtlar Xizr buva ariqning o‘rnini tayog‘i bilan chizib o‘tgan ekan. Bu ariq o‘sha izdan paydo bo‘lgan. Muhammadjon yalang oyoq sohil bo‘ylab sayr qilar, keyin suvga tushib, bir salqinlanib olardi va uyga kirib ketardi. Chapanicha qiliqlari bor edi… Anov maktabda sakkizgacha billa o‘qiganmiz. Hozir maktab uning nomida. Kichikroq muzeyi ham bor…” Tavakkal o‘siq soqollaridan iymangannamo marhum do‘sti haqida hikoya qilardi.
— Avval dadasini ziyorat qildik. Bilasiz-ku, Nozima dadasi bilan gaplashadi. Hech ketgisi kelmaydi. Endi kech tushib qoldi, qaytamiz…
Naziraning boshidagi qora ro‘mol, parishon chehrasiga uyqash edi. U aftidan shoir yubileyidan so‘ng yana faromush bo‘lib, chala yarim tashlab qo‘yilgan uy-muzey va ustidan turli naqshlar solib “pardoz berilgan” shoirning onasi istiqomat qilayotgan kulba haqida o‘ylayotgandek edi. Hali qurilishi tugallanmagan shoirning uy-muzeyi, hovli ortidagi Xizrobod arig‘i va shoirning darvozaga qadalgan kinoyali nigohlari… Azamatlar, o‘yladim men, bu kulbada Dukchi eshon va Cho‘lpondan keyin millat nomini qadoq qo‘llari va oriq yelkalari bilan ko‘tarib turgan shoir yashaganini bilisharmikan? Har zarra tuprog‘ini, kuyib jizg‘anagi chiqqan xalqning sho‘rli peshonasini, uning beshik va isiriqlarini, er yigitlari va kelinchaklarini, burnidan suv oqqan bolakaylarini kim undan o‘tkarib kuylay oladi? U Toshkentning zeb-ziynati edi. Bugun Qovunchidagi kamtarona qabriston etagidagi qubbasimon tom ostida yotgani bilan u Vatan bolasi edi!… Butun O‘zbekiston uning qo‘shiqlari bilan nafas olyapti… Obbo, azamatlar-ey, kimdir tepasida aytib turmasa, hech ish qilishmaydi, shekilli, o‘ylardim men… Nigohim yo‘l-yo‘lakay tadbirkor va fermerlar, savdogar va biznesmenlarning yer tishlagan kulbalar tepasidan boqib turgan arku qo‘rg‘onlariga tushdi. Obbo, azamatlar-ey, o‘yladim men…
Asqar MAHKAM
“Hurriyat” gazetasidan olindi.