Ibrohim Normatov. Kimdan erkinmiz? (2006)

Biz matbuot erkinligi uchun kurashayapmiz. Bu demokratik rivojlanishning va fuqarolik jamiyatining asosiy tamoyillaridan biridir. Matbuot “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga ko‘tarilar ekan, hech kimga qaram bo‘lmasligi kerak, deymiz. Yaxshi. Xo‘sh, u kimdan, nimadan va nima uchun erkin bo‘lishi kerak?! Matbuot erkinligi haqida gap ketganda, so‘zsiz, bu savol hamisha ko‘ndalang bo‘lib turadi.

Umuman, hech kimga hech qanday daxli bo‘lmaydigan ommaviy axborot vositasi bormi o‘zi? Bo‘lsa jahondagi qaysi telekanalni, radioni, gazeta yoki jurnalni misol qilib ko‘rsatish mumkin? Aytaylik, erkin “Ozodlik” radiosi AQSh Kongressidan mablag‘ oladi. “BI-BI-SI” rahbarini Buyuk Britaniya hukumati tayinlaydi. Yoki Rossiyani olaylik. “Gazprom”,  “Lukoyl” va boshqa shular kabi sanoat gigantlariga bir necha ommaviy axborot vositalari qaram. Boqimanda nashrlar hamma mamlakatlarda ham bor.

Xo‘sh, mablag‘ berayotgan idora yoki tashkilot o‘sha ommaviy axborot vositasiga o‘z ta’sirini o‘tkazmaydi, deb kim ayta oladi?! Bizningcha, hech kim. Hayotda hamisha olgan odam bergan odamning oldida tili qisiq bo‘lib qoladi. Bu oddiy falsafa. Bu ommaviy axborot vositalari faoliyatiga ham tegishli. Mablag‘ bilan ta’minlangan idora qanday bo‘lmasin o‘z ta’sirini o‘tkazishga harakat qiladi? Albatta, matbuotni bunday ta’sirdan faqat qonun himoya qilishi mumkin. Mukammal qonun ommaviy axborot vositalarini ayrim eskicha fikrlaydigan mansabdorlar va amaldorlar, tabiiy monopoliyalar, homiylar, reklama beruvchilar, matbuot tarqatuvchilar, noshirlar va boshqalarning ta’siridan samarali himoya qila oladi.

Hozir esa bizning mustaqil va erkin nashrlarimiz bilan ularning homiylari hamda muassislari o‘rtasidagi munosabatlar asosan o‘zaro majburiyatlar olish bilan kafolatlangan. Eng yomoni, bu majburiyatlar vaziyatga qarab o‘zgarib turadi. Ba’zan esa homiy yoki muassis tomonidan belgilab berilgan reja-dastur, yo‘nalish erkin matbuot va erkin jamiyat asoslariga to‘g‘ri kelmaydi. Agar munosabatlar qonunda ko‘rsatilgan tartibda yo‘lga qo‘yilsa va shundan kelib chiqib majburiyatlar olinsa, matbuotimizning erkinligiga hech qanday g‘ov bo‘lmaydi. Eng muhimi, bu erkinlik qonuniy jihatdan kafolatlanadi hamda himoya qilinadi.

Prezidentimiz O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlarini hayotiy misollar va dalil-isbotlar bilan asoslab, tahlil qilib, izohlab berar ekan, inson huquqlari va erkinliklarini, so‘z erkinligi va matbuot erkinligini hamda oshkoralikni eng muhim ustivor yo‘nalish sifatida alohida ta’kidlab o‘tdi. Bunga fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etish jarayonining uzviy tarkibiy qismi sifatida urg‘u berar ekan, bu jarayonda davlatning ishtiroki zarurligiga e’tiborni qaratdi. “Barcha ommaviy axborot vositalariga, — dedi Islom Karimov o‘tgan chaqiriq Oliy Majlisning to‘qqizinchi sessiyasidagi ma’ruzasida, — mulk shakli, tiraji, qamrovi hamda mavzu yo‘nalishidan qat’iy nazar, ularning mamlakatimiz axborot maydonida halol raqobat asosida faoliyat olib borishi uchun davlat zarur shart-sharoitlarni yaratib berishi lozim. Aytish mumkinki, bu — jamiyatni tom ma’noda demokratlashtirish garovidir”.

To‘g‘risi, bu boradagi ishlarning natijasi yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi. Hozir davlat nashrlari bo‘lgan gazetalar va jurnallar uchun qanday shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lsa, nodavlat, mustaqil, erkin, xususiy, tijorat hamda tarmoq nashrlari ham xuddi shunday shart-sharoitlarda chop etilayapti. Hech qanday g‘ov, to‘siq, ta’qiq yo‘q. Ba’zan tanish hamkasb uchrab qolib: “Yangi gazeta chiqaryapman” yoki “Bosmaxona ochdim” desa mutlaqo hayratlanmaydigan bo‘ldik. Aksincha, kechagina ish izlab yurgan hamkasbimiz bugun mustaqil gazeta chiqarib, boshqalarni ishga taklif etayotganligiga havas qilamiz. Mamlakatimiz axborot maydonida halol raqobat boshlanganiga ancha bo‘ldi. Bu raqobat ba’zan obro‘li gazetalarni ham dovdiratib qo‘yayotganligi bor gap. Oldi-qochdi narsalar bilan mazmun-mohiyatini boy berib qo‘yayotgan gazetalar ham yo‘q emas. Raqobatga bardosh berolmay chiqmay qolayotgan yoki tiraji kamayib ketayotgan nashrlar-chi?.. Shunday: hozirgi gazetxon tanlab o‘qiydi, tanlab xarid qiladi, tanlab obuna bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, hozir gazeta chiqarishni chidaganga chiqargan. Bu fuqarolik jamiyatini shakllantirishda matbuotni erkinlashtirish jarayonidagi tabiiy holatdir.

Raqobatga bardosh berishning muhim shartlaridan biri, bu — hozirjavoblikdir. Har bir ommaviy axborot vositasi har qanday yangilik, voqea-hodisa, muhim xalqaro xabarni iloji boricha tez, qisqa va lo‘nda berish uchun kurashmog‘i zarur. Xabarni birinchi bo‘lib tarqatish katta ahamiyatga ega. Birinchi hozirjavoblik va tezkorlikda boshqalarni dog‘da qoldirish degan gap. O‘sha xabarni keyinchalik boshqa ommaviy axborot vositasi tarqatsa, uning ahamiyati qolmaydi. Esimda, 1999 yilning fevralida Toshkentda terroristik xuruj amalga oshirilganida oradan atigi 18-20 daqiqa o‘tib O‘zbekiston televideniyesi Vazirlar Mahkamasi binosi oldidan olingan videotasvirlarni hamda Prezidentning so‘zlarini efirga bergandi. O‘shandayoq bor haqiqat aytilgan edi. Shuning uchun ham shov-shuvga va mish-mishga o‘rin qolmadi. O‘zbekiston televideniyesi ko‘rsatgan hozirjavoblik, ya’ni zudlik bilan tarqatgan xabar o‘shanda jahondagi barcha yirik axborot agentliklari, telekanallar hamda radioto‘lqinlar uchun birinchi ishonchli manba bo‘lib xizmat qilgandi.

Demak, hozirjavoblik uchun bizda imkoniyat bor. Biroq ko‘pincha negadir shoshmayroq, gap eshitib qolmasmikanmiz, deb hadiksiraymiz, boshqalar bersin-chi, shunga qarab ko‘ramiz, deb kutamiz. Men faqat ko‘ngilsiz hodisalar haqidagi xabarlarni nazarda tutayotganim yo‘q. Hatto xushxabarni, muhim tadbirlarni, dunyo voqealarini berishda ham negadir ehtiyotkormiz. Bersakmikan yoki yuqoridan ruxsat olsakmikan, deb ikkilanib turamiz. Buni qo‘rquv emas, ko‘nikmaga aylanib qolgan ichki nazorat deyish mumkin. Ichki nazorat bizga yillar mobaynida o‘z hukmini o‘tkazib keldi. Endi uni ichimizdan haydab chiqarish uchun kurashyapmiz. Jamiyatimizdagi demokratik o‘zgarishlar bizga dalda berayotgan ekan, so‘zsiz, biz uni haydab chiqaramiz.

Oshkoralik ham xuddi hozirjavoblikdek matbuot erkinligini ta’minlashning muhim shartidir. Oshkoralik bor joyda erkinlik bo‘ladi. Davlat siriga daxldor bo‘lmagan har qanday voqea-hodisaning sabablari ochiq aytilishi va bu xalqqa yetkazilishi kerak. Bo‘lmasa mish-mishlar o‘z-o‘zidan uydirmalarga aylanib ketaveradi. Uydirmalar esa vahimani kuchaytiradi. O‘z navbatida vahima odamlarning qalbiga g‘ulg‘ula soladi. Yaxshisi, quvonchli yoki ko‘ngilsiz bo‘lsin, birorta voqea-hodisa yuz bersa, shunga daxldor yoki mas’ul odam darhol matbuotda chiqish qilib, yuz bergan holatni xolisona izohlab bersa — olam guliston, hech qanday uydirmaga o‘rin qolmaydi.

Olam tafsilotlarga to‘la. Inson ularning oldini olishga ojiz. Falokat oyoq ostida, deyishadi. Davlatdan va tuzumdan qat’iy nazar qayerdadir nimadir bo‘lib turadi. Buni yashirishning hojati yo‘q. Sobiq ittifoq davrida yashirib faqat mulzam bo‘lganimiz qolgan. Hatto tabiiy ofatni ham yashirdik. Vaholanki, xorijning murakkab texnikalari sobiq SSSRning qayerida yer qimirlab, qayerida toshqin bo‘lganligini qayd qilib qo‘yardi.

Oshkoralik bilan xolislik egizak. Ularni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Gap oshkoralik haqida borar ekan, misol tariqasida bir voqeani eslab o‘tmoqchiman. Yoz kunlarining birida avtobusda Qoraqalpog‘istonga bordim. Gazliga yaqin yerda yo‘lning o‘ng tomonidagi ochiq joyga pachoqlanib ketgan bitta avtobus bilan bitta yuk mashinasini ko‘rgazmaga qo‘yib qo‘yishibdi. Fojia o‘sha kuni kechasi yuz beribdi: avtobus bilan yuk mashinasi to‘qnashibdi. Juda noxush manzara. O‘tgan-ketgan haydovchilar ko‘rib ta’sirlanishsin, hushyor tortishsin, saboq olishsin va xulosa chiqarishsin, deb to‘qnashgan avtobus bilan yuk mashinasini yo‘l bo‘yiga qo‘yib qo‘yishibdi. Bizning avtobusimiz yo‘lovchilari to‘g‘ri qilishibdi, degan xulosaga kelishdi. Bu nafaqat haydovchilarni, balki yo‘lovchilarni ham hushyor torttirishi aniq. To‘g‘risi, avtobusimiz haydovchilari ham, biz ham o‘ylanib qoldik. Qushday uchib kelayotgan avtobusimiz o‘rtacha tezlikka tushib qoldi. Hayot hammaning ko‘ziga aziz ko‘rinib ketdi. Bunday ko‘ngilsiz hodisani ko‘rgan har qanday odamda hushyorlik va sergaklik muhrlanib qoladi.

Aytmoqchi bo‘lgan gapim shuki, bizning matbuotimizda, ya’ni ko‘pchilik o‘qiydigan gazetalarimizda bu ko‘ngilsiz hodisa haqida xabar bosilmadi. Agar bosilganida edi, undan ta’sirlanib hushyor tortganlar va saboq olganlar soni ko‘p marta oshgan bo‘lardi. Nazarimda buning hech qanday sir joyi yo‘q, bu ikkita beburd haydovchining jinoyatkorona ehtiyotsizligi oqibatida yuz bergan baxtsiz hodisa. Oshkoralik sergaklikni va hushyorlikni oshirib, bunday hodisalarning oldini olishga yordam berishi mumkin. Faqat hodisani matbuotda berishda xolislikni unutmasligimiz kerak.

Men ommaviy axborot vositalarimiz faoliyatini kuzatib borar ekanman, o‘zbek matbuoti bugun hadik va loqaydlik bekatini ortda qoldirib, demokratiya va erkinlik bekati sari yo‘l oldi, deb ishonch bilan ayta olaman. Ayrim gazetalar bu yo‘ldan ildam bormoqda. Buni ko‘rmaslik, sezmaslik mumkin emas. Erkin va teran fikrlaydigan, hayotni haqqoniy va xolisona yoritayotgan jurnalistlar safi tobora kengayib bormoqda. Buni ilg‘amaslik, his etmaslik mumkin emas. Biroq xorijdagi ba’zi hamkasblarimiz buni ko‘rib-ko‘rmaslikka, bilib- bilmaslikka olishyapti. Aytaylik, bundan o‘n-o‘n besh yil oldin o‘zbek matbuotiga, o‘zbek jurnalistlariga qanday tamg‘a bosishgan bo‘lsa, hozir ham xuddi shunday tamg‘a bosishyapti. Yana kimlar deng? Shu o‘zimizning matbuotda ishlab, shu yerning tarbiyasini olgan hamkasblar. Xorijning ommaviy axborot vositalariga o‘tib ish boshlashlari bilanoq go‘yo hammadan aqlli, dono, bilarmon va bilimdon bo‘lib qolishyapti. Yaqinda “Ozodlik” radiosi ana shunday hamkasblardan bir nechtasini ishdan bo‘shatdi. Endi esa ular, aksincha, xorijda haqiqat yo‘q ekan, deb bong urishyapti.

Xo‘sh, biz kimdan erkinmiz? Biz, avvalo, faqatgina o‘z fikrimizning, o‘z ko‘z qarashlarimizning, o‘z tushunchamizning, o‘z farosatimizning quli bo‘lib qolishdan erkin bo‘lishimiz kerak. Biz erkin bo‘lar ekanmiz, boshqalarning fikrini ham, boshqalarning tushunchasini ham hurmat qilishimiz zarur. Bizning erkinligimiz boshqalarning erkinligini poymol qilmasligi shart. Erkinlik bobida hech kim mutlaq hakam bo‘lolmaydi. Yuqorida men fikrlarimni erkin bayon qildim, demak, mamlakatimizda so‘z erkinligi va matbuot erkinligi bobida yaratilgan shart-sharoit buning uchun menga imkoniyat berdi. Aks holda men fikrlarimni bu darajada ochiq aytolmagan va matbuotga yozolmagan bo‘lardim.

Ibrohim NORMATOV

“Hurriyat” gazetasidan olindi.