Yoxud yutoqqan yuraklarga tomgan sayohatnomalar
Buyuk millatlarga xos, qalbni iftixor tuyg‘ulari bilan to‘yintiruvchi, unutilmas lahzalarni millatparvar farzandlar hayotining beorom, shijoatli damlari tarix sahifalariga muhrlaydi. Ana shu iftixor tuyg‘usi biz tengi avlod qalbida negadir chalkashroq, nursizroq namoyon bo‘ladi. Buning sabablari ko‘p, albatta…
Bolaligi yigirmanchi asrning 50-80 yillariga to‘g‘ri kelgan millatdoshlarimiz kurrai zaminni allaqaysi mamlakatning mavjud-nomavjud (ya’ni badiiy to‘qima) soyirlari nigohi bilan ko‘rar, yurtimiz tuprog‘ida tug‘ilib, yer sharining talay mintaqalariga poyqadami yetgan ajdodlarimizga daxldor qadriyatlardan deyarli ihotalab qo‘yilgan edik.
Marko Polo, Xristofor Kolumb, Ganzales de Klavixo, Fritof Nansen, Otto Sverdrup, Rual Amundsen va boshqa yuzlab olimlar va soyirlarning turli qutb va mintaqalarga maxsus safarlari haqida o‘qisak, G‘arb sayyohlari haqidagi turli badiiy filmlarni tomosha qilsak, ichimizda qandaydir o‘ksinish hissi g‘imirlab qolardi. Nega o‘shalarday jasur fidoyi ajdodlarimizni bilmaymiz, deya armon dengiziga g‘arq bo‘lar edik.
Odam qadami yetmagan qaysidir mintaqa yoki o‘lkani kashf etish, o‘rganish jarayonidagi mashaqqatlardan hikoya qiluvchi hujjatli filmlarni tomosha qilganda, shularga nima zarur ekan, o‘zlarini azob-uqubatlarga giriftor qilib, deya hayron bo‘lardik. Ularning asl maqsadlariga fahmimiz yetgach esa, nega bizning olimlarimiz ana shunday maqsadli safarlar uyushtirishmaganikin, degan o‘kinch qalblarimizni kemira boshlardi.
Bu armonangiz mulohazalar uzoq yillar, to sohibqiron Amir Temur hamda Zahiriddin Muhammad Bobur nomlari bilan bog‘liq ekspeditsiyalar tashkil etilib, ular faoliyati haqidagi materiallar matbuotda yoritila boshlaguncha asab torlarimizni chiyratib turaverdi. Shukrki, diyorimizda istiqlol shabadalari esib, tashqi dunyo bilan aloqalar jonlandi. Ulug‘ ajdodlarimiz bosib o‘tgan yo‘llarni o‘rganish maqsadida ilmiy-amaliy safarlar uyushtirila boshlandi. Turgan gapki, O‘zbekistonimiz farzandlari ham tarixda bu borada buyuk millatlarga xos ishlar qilgani oydinlasha bordi…
Shu o‘rinda afsus qiladigan bir mulohaza. Sohibqiron Amir Temur bosib o‘tgan yo‘llarni tadqiq etish niyatida tuzilgan dastlabki xayrli guruh — ekspeditsiya to‘g‘risida iste’dodli publitsist Hakim Sattoriyning matbuot sahifalarida chop etilgan maqolalari orqali xabar topgan va quvongan edik (dastlabki safar 1991 yil 1-20 avgustda uyushtirilgan edi). Ijodkorning safarlardan taassurotlari o‘laroq chop etilgan bir necha risolalariga ham (jumladan, “Xotira karvoni”, “Fan” nashriyoti, 1994 yil) ko‘zimiz tushdi. Biroq, afsuski, ushbu ekspeditsiya faoliyati izchil davom ettirilmay, oro yo‘lda qolib ketgan, deb eshitamiz…
Bobur xalqaro fondi tashkil etilganidan buyon dunyoning yigirmata mamlakatiga o‘ndan ortiq ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirildi. Avtobusda 300 ming kilometrdan oshiqroq masofani bosib o‘tdi, deb yozdi sevimli gazetamiz “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”. Fond jonkuyarlari nafaqat boburiylar, balki xalqimiz, yurtimiz sha’ni-sharafini dunyo miqyosida tug‘ro qilib ketgan ko‘plab buyuk vatandoshlarimiz siymosi, hayoti, ijodini o‘rganish, ular xoki mangu makon topgan go‘shalarni izlab topish, obodonlashtirish borasida ham tahsinga loyiq ishlarni amalga oshirishmoqda. Ekspeditsiya safarlaridan birida Hirot shahri yaqinida buyuk o‘zbek shoiri Lutfiy hazratlarining nurab, ko‘milib g‘oyib bo‘lgan xobgohini topishga muvaffaq bo‘lganidan xabar topgan edik. Mana yaqinda, aniqrog‘i, 2006 yilning may oyida tinib-tinchimas Zokirjon Mashrabov boshchiligida izsiz yo‘qolib ketish arafasida turgan ushbu qabr ustida o‘ymakorlik uslubida yaratilgan naqshinkor shiypon (andijonlik yog‘och o‘ymakori Usta Yo‘lbars shogirdlari bilan tayyorlashibdi) qad rostlabdi. Sag‘ana ustiga G‘ozg‘ondan olib borilgan marmartosh o‘rnatilibdi.
Bu sa’y-harakatlar nainki xalqimiz, balki butun jahon jamoatchiligi tomonidan ham qizg‘in ma’qullanib, e’tirof etila boshladi. Ekspeditsiya faoliyatining vaqtli matbuotda izchil va atroflicha yoritilib borayotgani, har galgi safar yuzasidan alohida-alohida kitoblar chop etilishi ham ayni muddao bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda biz ekspeditsiyaning faol ishtirokchisi yozuvchi Qamchibek Kenjaning “Hind sorig‘a” (2000), “Andijondan Dakkagacha” (2003), “Buyuklar izidan” (2006) deb nomlanuvchi sayohatnomalari (kitoblarning barchasi “Sharq” nashriyoti matbaa aktsiyadorlik kompaniyasida chop etilgan) haqida ham bir-ikki og‘iz so‘z aytishga qaror qildik.
Adibning safar taassurotlarini o‘zida jamlagan ushbu kitoblari qaysi jihatlari bilan qadrli?
“O‘nta bo‘lsa o‘rni boshqa… Qamchibekning ushbu asarlari Bobur Mirzoga bag‘ishlangan kitoblar orasida o‘ziga xos o‘rin oladi, safarnoma janrini ko‘pgina yangiliklar bilan boyitadi”, — deb yozadi muhtaram adibimiz Pirimqul Qodirov.
Darhaqiqat, safarnomalar muallifi nazariga tushgan har bir voqelik — bino, shaxs, tabiat manzarasi, hayvonot, nabotot olami Bobur Mirzo shaxsi, davri, ijodi va bugungi O‘zbekistonimiz timsollari bilan qiyosan tasvirlanadi, xulosalar chiqariladi. Muallif qaysi mamlakatda bo‘lmasin, mahalliy aholi ahvoli, ruhiyatiga sinchiklab nazar soladi. Oddiy kishilar, dehqonlar, ziyolilar, ayniqsa, xotin-qizlar turmushi, kiyinishi va yurish-turishidagi ayni millat yo elatga xos bo‘lgan betakror jihatlarni nozik ilg‘aydi va nihoyatda jonli, ravon tilda tasvirlaydi. Kishilar xarakteri, xatti-harakatidagi yoqimsiz holatlarni ham o‘ziga xos ajoyib yumor bilan shunaqangi beozor ifodalab beradiki, bunday ifoda uslubiga havas qiliblar ketasan kishi. “Loxo‘r qassoblarining… go‘sht sotish tartiblari menga uncha ma’qul bo‘lmadi. Ular do‘kon orqasida, yerga o‘tirib olishib, go‘shtni oyoq panjalari bilan qisib turib kesisharkan” (“Hind sorig‘a”, 114-bet). Bu jumlalarning nimasi kulgili, dersiz? Gap shundaki, kitobda ekspeditsiya a’zolari bir kun oldin ana shu qassoblardan go‘sht sotib olib, shu yerlik Muhammad Shafiq ismli kishi yordamida sho‘rva pishirib ichishgani ham qistirib o‘tilgan…
Adib ekspeditsiya harakat qilayotgan joy xalqi, urf-odatlari, millatidagi alohida o‘ziga xosliklar, mavjud siyosiy tuzum bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy holatlarni mustaqil O‘zbekistonimizning g‘ururli, oriyatli bir farzandi — fuqarosi sifatida kuzatadi, baholab boradi. Biroq muallif har ikki tomonning yutuq va kamchiliklarini muqoyasa qilish, tahlil etishda beg‘arazlik, xolislik mezonlaridan ayro tushmaydi.
Muallif voqelikni ekspeditsiyaning oddiy ishtirokchisi sifatida, shunchaki tasvirlab ketavermaydi. U hofizasida ilgari muhrlanib qolgan xotiralarni mahoratli ijodkor sifatida yuksak badiiy mezonlar talabidan kelib chiqib tasvirlashga harakat qiladi. Shu bois boburiylar bilan bog‘liq har bir voqea, hodisa safarnomalarda alohida his-hayajon, mehr-muhabbat, ehtirom tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan holda tajalli topadi. Taassurotlarini xayolida e’zozlab yurgan his-tuyg‘ularga yo‘g‘irib, dunyo fani, adabiy-badiiy qadriyatlaridan o‘zlashtirgan faraz yoki qarashlar silsilasi bilan muqoyasa etgan holda xulosalar chiqaradi. Masalan, muallif bir o‘rinda Hofiz Sheroziyning dunyoga mashhur shoir bo‘lib tanilishida Eron ayollarigagina xos bo‘lgan go‘zal husn, latofat, timqora sirli liboslaru shahlo ko‘zlarning “xizmati” benihoya katta bo‘lgan, degan farazni ilgari suradi va asosiy muddaoga ko‘chib yozadi: “… shu o‘rinda men yana husnu malohatda beqiyos, Jahongir va Shohjahonday boburiy shahzoda, shaxslarni o‘ziga rom etgan Nurjahon begim, Mumtoz begimlarning ham asli eronlik ekanliklarini esladim”.
Bu o‘rinda Eron ayollari go‘zalligi, malohatiga tahsinu ofarin bahonasida muhim bir tarixiy haqiqat — malikalarning nasli-nasabi forsiy ekanligi, eroniy ayollar go‘zalligiga boburiy bobolarimiz ham befarq bo‘lmaganliklari ta’kidlanmoqda.
Yozuvchi o‘z nigohida in’ikos topgan har qanday voqelikdan ijodkor sifatida hikmat, go‘zallik, ekspeditsiya a’zosi sifatida ilmiy haqiqat axtaradi. Voqea va hodisalardan, tarixiy shaxslar taqdiridan, albatta, Bobur Mirzo siymosi bilan bog‘liq biror bir yangi jihat topish payidan bo‘ladi. Va bu nekbin izlanishlar, umidlar ko‘p hollarda o‘z ijobiy samarasini berganligini ham alohida ta’kidlash kerak.
Muallifning har gal safarga otlanish oldidan boburiylarga dahldor turli rivoyatlar, adabiy-badiiy asarlar, xorijiy olimlar qalamiga mansub ilmiy manbalarni izlab topish, o‘rganishga juda katta kuch va vaqt sarflanganini kitobxon har bir jumla, har bir sahifada his qilib turadi.
«Safarnoma mashaqqatli mehnatdan tashqari katta muhabbatning ham mahsulidir», — deb yozadi Qahramon shoir Abdulla Oripov “Andijondan Dakkagacha” nomli kitobga yozgan so‘zboshisida. Darhaqiqat, biz qiziqib, yutoqib o‘qiyotganimiz sahifalar tashqi olamni asosan avtobus oynasidan kuzatib borayotgan yozuvchi Qamchibek Kenja nigohiga to‘qingan, oddiy odam uchun unchalik ham ahamiyatli bo‘lmagan, adog‘i yo‘q, bir xildagi tabiat manzaralari oqimidan iborat, zerikarli hodisalar, xolos. Biroq o‘sha ko‘zlar ko‘raverib ko‘nikib ketgan oddiy qush, o‘t-o‘lan, xas-cho‘p, dov-daraxt, tosh, obu otash, yulduz, oy, quyosh — barchasi yozuvchining Boburga bo‘lgan katta muhabbati tufayli yorqin obrazlarga yo‘g‘rilib, haroratli jumlalarga aylanib siz bilan bizning qalbimizga kirib keladi.
Ekspeditsiya Loxo‘r (Pokiston) yo‘lida xurmo yig‘im-terimi ustidan chiqib qoladi. O‘zbekistonliklar uchun xurmo daraxtining qanday o‘sishi, mevasi, hosili qay tarzda yig‘ishtirib olinishi qiziqarli jarayon, albatta. Muallif bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarmaydi. “Katta, tekis maydonga bo‘yralar solinib, xurmo to‘kib tashlangan ekan. Daraxtlar tepasida uzum shingiliday g‘ujum-g‘ujum qizg‘ish sariq xurmolar oltinday tovlanadi. Daraxtga chiqish uchun shotining ham keragi yo‘q: porsildoqsimon tanasi oyoq qo‘yishga o‘ng‘ay. Lekin baribir belga arqon bog‘lab olisharkan”.
Demak, biz asosan ro‘zayi Ramazon kunlari tanovul qilishga odatlanib qolganimiz tansiq, jiydasimon xurmo navi uzum shingiliday g‘ujum-g‘ujum meva soladi. Qizg‘ish sariq, oltinday tovlanib turadi. Tanasi porsildoq bo‘rtib-bo‘rtib chiqqani bois terimchiga shotining keragi yo‘q. Balandligi-chi? Aytilmaydi. Terimchilar beliga arqon bog‘lab olishlaridan daraxt xiyla baland o‘sishi ko‘z oldingizga keladi.
Safarnomalarda ekspeditsiya a’zolarining fe’li-xo‘yi, o‘zini tutishlariga chizgilarda, bir-birlari bilan munosabatlaridagi ayrim kelishmovchiliklardan ham muallifning zargarona ehtiyotkorligi “chiyratma” ifoda usullari ko‘zga tashlanadi. “Muloqot va manzaralardan goho-goho noxushroq tutun isi kelib qoladi-yu, ammo haytovur tez tarqab ketadi…” deya xayriyat izhor qiladi muallif. Yozuvchining bu boradagi mahorati xorijda ekspeditsiyaga birkitib qo‘yiladigan yo‘l ko‘rsatuvchi niqobi ostida hamrohlik qiladigan maxsus kuzatuvchilarning xizmat taqozosiga doir sirlilik, shaxsiyatlaridagi biqiqlik, dunyoqarashlaridagi cheklanganlik xususiyatlarini ochib berishda juda qo‘l keladi. Masalan, Pokiston yo‘llari bo‘ylab kuzatib boruvchi maxsus xodim Parvezga tabiati, fe’li-atvoridan kelib chiqib, lundagina qilib “qo‘nqavoy”, deya sifat beriladi. Bu ibora bizda qanday kishilarga nisbatan qo‘llanilishi ko‘pchilikka oynadek ayon.
Umuman, yozuvchi Qamchibek Kenja qalamiga mansub safarnomalar haqida matbuotda turlicha fikrlar bildirilmoqda. Ular orasida akademik Aziz Qayumov mulohazalari favqulodda lo‘nda va kutilmaganligi bilan ajralib turadi. U kishi shunday yozgan edi: “Bobur xalqaro jamg‘armasi… bugungi o‘zbek badiiy adabiyotida yangi bir ijodiy sohaning paydo bo‘lishiga… sabab bo‘lmoqda. Bu badiiy safarnoma janridir”.
Odatda, har qanday ekspeditsiya muvaffaqiyati asosan ikki muhim omilga bog‘liq. Bu — zarur mablag‘ va har jihatdan o‘ylab, to‘g‘ri shakllantirilgan ahil jamoa. Mana shu ikki jihati bequsur yo‘lga otlangan safar ishtirokchilari, albatta, maqsadlariga erishib, shon-shuhrat qozonganiga tarix ko‘p bor guvoh. Bu o‘rinda Bobur nomidagi xalqaro ekspeditsiyaning tashkilotchisi, rahnamosi, tom ma’nodagi millat fidoyisi Zokirjon Mashrabovning xizmatlari o‘zbek madaniyati va ma’naviyati tarixida alohida nurli sahifa o‘laroq yozilsa ham ajab emas.
Bir kuni Bobur nomli ekspeditsiya erishayotgan muvaffaqiyatlar boisini Qamchibek aka Kenjaboyevdan so‘radim. U kishining javobi quyidagicha bo‘ldi:
— Zokirjon aka Mashrabov tufayli, — Qamchibek aka nimanidir mulohaza qilarkan, biroz o‘ylanib turgach, fikriga oydinlik kiritdi. — Hoji akaning xususiy firmasi, asosan, mana shu ekspeditsiya uchun ishlaydi. Ammo u kishi sarf-xarajatlarini zinhor pesha qilmaydi, bilintirmaydi. Bir odamning Andijondan Toshkentga kelib ketishi uchun qa-ancha pul ketadi. Endi butun boshli ekspeditsiyaning avtobusda oylab xorijiy mamlakatlarda yurishini tasavvur qiling. U kishining tutumini Hotamtoy ham qilolmasa kerak.
Qamchibek aka Zokirjon Mashrabovning rahbarlik, olimlik, tadbirkorlik salohiyatlaridan tashqari inson qalbini nihoyatda nozik ilg‘ovchi ruhshunos, favqulodda holatlarda o‘zini yo‘qotmay, vaziyatga sovuqqonlik bilan baho berib, hatto xavfli, xatarli lahzalardan chiqish yo‘llarini topa biladigan, o‘ta sabr-qanoatli, dovyurak inson sifatidagi qiyofasini ham ko‘z oldimda gavdalantirib berdi. Aslida ham Zokirjon Mashrabovning ana shu fazilatlarni o‘zida to‘la mujassam qila bilgan shaxs ekanligiga shuhbamiz yo‘q edi. Aks holda ekspeditsiya bugun qo‘lga kiritib turgan muvaffaqiyatlarining o‘ndan biriga ham erishmagan bo‘lar edi.
Aksariyat sarmoyadorlar topganini sandiqqa bosish yoki biror chet el bankiga oqizish, kim oshdiga mahobatli saroylar, koshonalar, pultopar maishatgohlar barpo qilish bilan andarmon bo‘lib turgan bir paytda Zokirjon hojining ulug‘ ajdodlarimiz izlarini izlab, xoki turoblarini paypaslab oylab huzur halovati, sog‘lig‘i, bola-chaqalari diydoridan kechib, begona yurtlarda, cho‘lu biyobonlarda hayotini xavf ostiga qo‘yib, insofu diyonatni unutgan bojgirlar, sarhad posbonlari, turli amaldorlar qoshida haftalab sarg‘ayib turishlari. Kazzob, yo‘lto‘sar qaroqchilar hujumlaridan ekspeditsiyani omon saqlab, olib o‘tishlari… bu endi aytmoqqa oson, xolos.
O‘z qishlog‘i nomini ariq hatlab qo‘shni qishloqqa olib o‘tgan yigit ardoqqa loyiq, deydilar. Ana shu mezonlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiya qo‘lga kiritgan yutuqlar jiddiy e’tirof va ehtiromga arzirli hodisadir, degimiz keladi.
Abdunabi BOYQO‘ZIEV
“Hurriyat” gazetasidan olindi.