Xalq artisti Tamaraxonim sho‘x, quvnoq, tetik kayfiyat uyg‘otadigan qo‘shiq, lapar, raqslarni yoqtirardi. Aslida uning o‘zini ham hamisha shunday — ruhiy tetik holda uchratardik. So‘nggi uchrashuvlarimizning birida xasta Tamara Artemovnaning yuzlaridan tabassum arimadi. Aytgan gaplari esa ham kulgu uyg‘otdi, ham o‘ylantirib qo‘ydi:
— Men bilan vidolashganingizda zambarakdan o‘q otib turishsin. Harbiy unvonim bor. Frontda bo‘lganman — harakatdagi jang qilayotgan frontda!
Boshqa kunlari esa mehmondo‘st xonadonning bekasi sizga peshvoz chiqar, tabassum ila ichkariga taklif qilar, xushbo‘y, rangi ham tiniq choy damlab oldingizga qo‘yar, so‘ngra zalni eslatadigan katta xonalarida rang-barang liboslarini, fotosuratlarini ko‘rsatar edilar.
— Choyingiz xushbo‘y, yoqimli. Damlashni qoyil qilar ekansiz! — desak, Tamara opa:
— Sir damlashda emas. Ko‘proq quruq choyda. Mana bu idishga har xil choylarni aralashtirib qo‘yaman. Hind choyining xushbo‘yligi bor, Seylon choyining rangi, baquvvatligi — uni qaynatsangiz ham aynamaydi, — deb chiroyli, bejirim idishlarga choy quyib berar, suhbat mavzusini cheklamay goh raqs san’atining imkoniyati, goh uning musiqaga bog‘liqligi, goh esa ko‘pdan ko‘p hamkasblari haqida so‘zlardi. Kinochilardan Malik Qayumov va Raj Kapurni tez-tez tilga olar, ularning filmlari haqida hayratga kelib so‘zlardilar.
Bir gal choy oxirlab qolgan, fotiha o‘qilishiga sanoqli daqiqa qolganida anchadan beri o‘ylab yurgan savolimni berdim:
— Sergey Eyzenshteyn bilan uchrashgansiz, deb eshitganman. U madaniyatimizni o‘rgangan, unga mehr qo‘ygan shaxs…
— Ha, ikki marta kelgan edi xonadonimizga. Yonida yana bir amaki bor edi. Ko‘p savol berib, tinglab o‘tirardi. So‘zlashdan ko‘ra tinglashni yoqtirardi. Aslida tinglay bilish — bu san’at. Har kim ham suhbatdoshining gapini bo‘lmasdan eshitib, fikr yuritib o‘tirishga sabr-toqat qilolmaydi. Biznikida bir gal mendan raqs tushishimni, lapar aytishimni iltimos qildi. Yana bir kelganida qizimning raqsini ko‘rib, chapak chalib, nimalarnidir shoshib-pishib yozgan edi.
Tamara opaning hikoyasi tafsilotlari bizni qiziqtirib qoldi. Axir jahon tan olgan san’atkor va olim yurtimizda film, stsenariy yaratish niyatida bo‘lgani, Tamaraxonimdek iste’dod sohibi bilan maslahatlashgani qiziqarli-da! Shu bois shaxsiy va davlat arxivlarida ko‘p hujjatlar, fotosuratlarni o‘rgandik. Moskvadagi SGALI (tsentraln?y gosudarstvenn?y arxiv literatur? i iskustvo — san’at va adabiyot arxivi) fondlari, ayniqsa, diqqatimizni tortdi. Zero, Sergey Eyzenshteyn arxivining ko‘p qismi xuddi o‘sha yerda saqlanadi.
Sergey Mixaylovichning yon daftarida Tamaraxonimning Toshkentdagi xonadoni adresi yozib qo‘yilgan ekan… Eyzenshteyn chizgan rasmlarda o‘zbek raqsi holatlari, harakatlari o‘z ifodasini topganini ko‘rib yana xursand bo‘ldik. Nihoyat, eng muhim xususiyatni topgandek bo‘ldik. Rejissyor, stsenariynavis Tamaraxonim bilan bo‘lgan uchrashuv haqidagi mulohazalarini yozib qoldirgan ekan! Qo‘lyozma siyohda yozilgan. O‘chirilgan so‘zlar, qayta tuzilgan jumlalar uchramaydi. O‘tkir zehnli muallif o‘sha uchrashuvdan ta’sirlanib, zavq-shavq bilan yozgan ko‘rinadi. O‘sha satrlarni siz ham o‘qib ko‘ring. Tarjimada qo‘lyozmaning ruhini saqlab qolishga harakat qildik: “Kunlardan bir kun xayrlashish maqsadida Tamaraxonimning uyiga bordik. Ko‘chaning jazirama issig‘i, kichkinagina hovlining dimligidan keyin mehmonxona juda salqin ko‘rindi. Pavlenko (Pyotr Pavlenko — S. Eyzenshteynga sherik muallif, mashhur yozuvchi) o‘sha kuni bizga hamroh bo‘lmagan edi. O‘tgan gal Tamaraxonim o‘zining raqqosalik san’atini namoyish etgan edi. Bu gal esa mezbon bir sovg‘asi bilan bizning ko‘nglimizni oldi. O‘rtaga tashlangan gilamda uning qizi — Lola paydo bo‘ldi. Raqsda Lola…”
Voqeaning davomini har kim darhol anglashi mumkin.
Pavlenko bilan uchrashganimizda yangi yechim yo‘lini aytdim. To‘xtasinning (“Farg‘ona kanali” filmi qahramoni) yana bir qizi bo‘ladi. Bu qizaloqning raqsini To‘xtasinning quvonchi bilan bog‘laymiz. Xuddi shu raqs suvdan, borlig‘idan ajralib qolgan To‘xtasinning dramasi bilan bog‘liq bo‘ladi. Jajji qiz Lola stsenariyni yana bir jihatdan boyitadi: uning o‘limi otasi yurtidan bosh olib chiqib ketishiga sababchi bo‘ladi. To‘xtasin tarki dunyo qilib cho‘lga, tog‘larga, xarobalarga ketishga majbur bo‘ladi. Elidan nariroqda, zamindan yiroqda bo‘lishni istaydi. Zotan, u yerda kimdir peshonasi terini to‘kib mehnat qiladi. Suv esa bir hovuch boylarning qo‘lida… Kichkina Lolaning dramasi stsenariyning ikkinchi qismini uchinchisi bilan uzil-kesil bog‘laydi”.
Moskvadan qaytib kelgach, Tamaraxonimning xonadoniga yana yo‘l oldim. Bu gal ham Xonim tabassum bilan kutib oldilar, to‘rga o‘tkazib mashhur choylarini damladilar. Suhbat avvalida o‘z ansambllariga Yevropada tarqagan cholg‘ularni ham kiritmoqchi bo‘lganlarini aytdilar:
— Negadir meni hamma ham qo‘llab-quvvatlamayapti, ansamblingizda faqat o‘zbek cholg‘u asboblari bo‘lsin, shunda musiqa ijrosi, ovozingiz ajralib turadi, deyishib yo‘lga to‘g‘anoq bo‘lishyapti, — deb biroz dardlarini aytdilar.
— Tamara Artemovna, aft etasiz, hind xonandasi o‘z ansambliga skripkani kiritishga ko‘nmasa kerak. Skripka nozik cholg‘u. Uning ovozini birorta cholg‘u bera olmaydi. Lekin o‘ziga xos kuyini ijro etadigan an’anaviy hind ijro uslubiga sodiq qolgan ansamblga Yevropa cholg‘usi to‘g‘ri kelmas. Sizning repertuaringiz kengroq. Sharoit birmuncha o‘zgacha, lekin ijroning o‘ziga xosligini saqlab qolish uchun bu haqda o‘ylab ko‘rish kerakmikin, — dedim-da, tashrifim sababini ayta boshladim: — Kecha safardan qaytdim. Moskvadagi arxivda S. Eyzenshteynning qo‘lyozmasi saqlanar ekan. Unda Sergey Mixaylovich 1939 yilning saraton kunlari xonadoningizga kelganini yozgan ekan. Eshiting, — deb “Farg‘ona kanali” stsenariysi muallifining mulohazalarini o‘qib berdim.
— O‘sha film nima uchun suratga olinmagan ekan? — deb so‘rab qoldilar Tamara opa.
— Taqiqlanish sababi birorta hujjatda qayd etilmagan. Faqat Toshkentga Pavlenko yuborgan bir telegrammada “XXX ning birinchi (tarixiy) qismini vazirlikda qisqartirishdi. Ko‘nmayapman…” deb yozilgan. Shayhontohurdagi kinostudiyaga — Eyzenshteyn nomiga yuborilgan xuddi shu telegrammaning orqa betiga Sergey Mixaylovich shoshilib yozgan javob matni ham saqlanib qolgan ekan: “Birinchi qismini mexanik tarzda stsenariydan olib tashlab asarning yaxlit kompozitsiyasini saqlab qolib bo‘lmaydi. Stsenariyni to‘laligicha saqlab qolish uchun barcha tadbirlarni ko‘ring. Eyzenshteyn”.
— Zo‘r film bo‘lardi-da! Juda qiziqib, mas’uliyatni sezib ish boshlagan edik. Birorta kadr topilmadimi? Mening uyimda ham suratga olishgan edi-ku?
— 2000 metr kino tasmasiga tasvir tushirilgan. Moskvaga qayta ishlash uchun yuborilgan. Qaytib kelmagan. Yo‘q qilingan, chamasi. Bormagan arxivim qolmadi: Krasnogorskdagi, Bel?e stolb?dagi, Moskvaning o‘zidagi
SGALI fondlarini ko‘p o‘rgandim.
Tamara opa o‘ylab qoldilar. So‘ngra:
— Bu ish bilan shug‘ullanadigan bo‘lsangiz, esingizda bo‘lsin, Eyzenshteyn Izzat Sulton bilan ko‘p gaplashgan. Usmon Yusupov bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Aslida Eyzenshteyn boshchilik qilgan ijodiy guruhni Toshkentga taklif etgan kishi Usmon aka edilar, — deb maslahat berdilar. Shu bois suhbatning davomi Izzat Otaxonovich bilan bo‘lgan edi.
Hamidulla AKBAROV
“Hurriyat” gazetasidan olindi.