Ahmad Lutfiy asarlarining o‘zbekcha nashrlari haqida
Afsuski, ta’kidlangan asarlar mutolaasi davomida kitobxon o‘zbek tilining jozibasi to‘la aks etgan asarni o‘qish baxtiga musharraf bo‘ladi, deyish qiyin. Misol uchun, “Abu Bakr Siddiq (Rasulullohning g‘ordagi birodari)” “Movarounnahr”, 2005) kitobini olaylik (Tarji- mon — Sarvar Jahongirov).Abu Bakr (r.a.)dek kishiga bag‘ishlangan tarixiy asarni tarjima qilib, xalqqa, o‘quvchilar ommasiga yetkazib berilganligi tahsinga sazovor. Lekin… Avvalo, kitobning to‘la nashri chamasi hali-hanuz tugatilmaydi, shekilli. Negaki, kitob noshirlari birgina romanni shu kungacha to‘rt qismga bo‘lib bosishdi. Kitob 1-dan 4-ga borgan sari yupqarib bormoqda-yu, oxiri ko‘rinmayapti.
Keyingi yillarda ko‘p sonli diniy adabiyot namunalari o‘zbek tiliga o‘girila boshlandi. Xususan, “Hujjat ul-islom” Abu Homid G‘azzoliyning “Ihyo-u ulumiddin” asarining arabchadan mahorat bilan qilinayotgan tarjimalarini tilga olish mumkin.
Turk tilidan amalga oshirilgan ko‘plab diniy-falsafiy, tasavvufiy asarlarning tarjimalari sirasiga diniy xarakterga ega badiiy adabiyot namunalari ham qo‘shilmoqda.
Taqdim etilayotgan asarlar orasida turkiyalik taniqli yozuvchi va olim Ahmad Lutfiy Qozonchi asarlari salmoqli o‘rin tutadi.
Ushbu maqolada, mazkur muallifning sof diniy-tarixiy zamirga ega “Saodat asri qissalari”, “Abu Bakr Siddiq” va “Hazrati Umar” romanlarining o‘zbekcha tarjimasi xususida so‘z yuritmoqchimiz. Negaki, keyingi davrda o‘zbek o‘quvchilari tomonidan eng ko‘p so‘ralayotgan kitoblar orasida bu uch asar peshqadamlardandir.
Afsuski, ta’kidlangan asarlar mutolaasi davomida kitobxon o‘zbek tilining jozibasi to‘la aks etgan asarni o‘qish baxtiga musharraf bo‘ladi, deyish qiyin. Misol uchun, “Abu Bakr Siddiq (Rasulullohning g‘ordagi birodari)” “Movarounnahr”, 2005) kitobini olaylik (Tarji- mon — Sarvar Jahongirov).
Abu Bakr (r.a.)dek kishiga bag‘ishlangan tarixiy asarni tarjima qilib, xalqqa, o‘quvchilar ommasiga yetkazib berilganligi tahsinga sazovor. Lekin…
Avvalo, kitobning to‘la nashri chamasi hali-hanuz tugatilmaydi, shekilli. Negaki, kitob noshirlari birgina romanni shu kungacha to‘rt qismga bo‘lib bosishdi. Kitob 1-dan 4-ga borgan sari yupqarib bormoqda-yu, oxiri ko‘rinmayapti.
Tarjima aslida nima uchun qilinadi?..
Xalqni yangi asar va bilim bilan tezroq boyitish uchunmi yoki qanday bo‘lsa-da, bozorgir kitobni naridan beri tarjima qilib, pul ishlash uchunmi?! Axir bu kitob hazrati Muhammad (s.a.v.)ning eng yaqin safdoshi va tarixda sadoqatiyu, sobit e’tiqodi bilan nom qoldirgan ulug‘ inson haqida-ku!.. Nahotki, ma’naviy mas’uliyat his qilinmasa?! Asarning 1-kitobini qo‘liga olgan o‘quvchi muqovaning o‘zidayoq imlo xatosiga duch keladi: “Rasululloh” o‘rniga “rosululloh” yozilgan. Yaxshiki, keyingi kitoblarda bu xato tuzatildi. Lekin yana bir adabsiz yanglishlik davom etgan. Ya’ni kitob muqovasida ham, titul varag‘ida ham asar muallifining nomi berilmagan. Faqatgina ichki sahifa ostida kichik harflar bilan “Ahmad Lutfiy Qozonchi “Abu Bakr Siddiq” “Muvarounnahr”, 2005”, deb ko‘rsatilgan.
Ha, ajablanmang, muallif va kitob nomidan keyin tinish belgilari qo‘yilmay, imloviy xatolar bilan xuddi shu tarzda 2-, 3- va 4-kitobda ham berilgan.
Xo‘sh, nega asar muallifining nomi yuqoriga chiqarilmaydi. Bu uning ma’naviy va mualliflik haqqi-ku!
Biz hazrati Abu Bakr (r.a.) haqida yaratilgan, go‘zal bir tarixiy asarni badiiy jihatdan mukammal tarjimada o‘qish uchun kitobni sotib olganmiz va kamoli qiziqish bilan o‘qishga tutinamiz.
Biroq dastlabki sahifalardayoq g‘aliz ifodalarga duch kelamiz. To kitobning to‘rtinchisigacha, aksariyat o‘rinlarda tumtaroq jumlalar, egayu kesimi, to‘ldiruvchiyu aniqlovchisining o‘rni almashib ketgan gaplarni o‘qiymiz. Juda ham yaxshi kayfiyatda olgan kitobingizni azbaroyi ma’naviy ahamiyati uchungina avaylaysiz. Yo‘qsa…
Mana, 1-kitob muqaddimasidagi dastlabki parchalar:
“Iymon sohibi bo‘lish barchamizning eng avvalgi, niyatimiz va maqsadimizdir. Bu maqsad bizni bevosita dinni chuqurroq o‘rganishga, sahobalar hayoti bilan tanishishga ro‘baru qiladi…”
Bir qaraganda, mazmun bor, gap ham aniqdek. Lekin diqqat etilsa, turkcha qurilgan jumla o‘zbekcha so‘zlar ishtirokida takrorlangan, xolos. O‘zbek kitobxoni uchun o‘zbekcha tarjimada berilsa bo‘lmasmidi? Masalan, shunday: “Barchamizning asos niyatimiz va bosh maqsadimiz, albatta, imonli bo‘lishdir. Ushbu maqsad bizlarni dinimizni chuqurroq o‘rganishga va sahobalarning hayot yo‘li bilan tanishib borishga undaydi…”
Xuddi shu sahifadagi yana bir jumla: “Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni eng yaxshi tanigan, boshqalarga nasib qilmagan ko‘pgina xotiralarga ega bu qimmatli insondan ham, afsuski, juda kam xotiraga egamiz…”
Xo‘sh, bu gapdan biror mazmun anglay oldingizmi?
Fikri ojizimizcha, mutarjim: “Afsuski, hazrati payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni eng yaxshi bilguvchi va ul zot haqlarida, o‘zgalarga nasib qilmagan, ko‘plab go‘zal xotiralar sohibi bo‘lmish bu qadrli insonning o‘zi haqida juda kam yodnomalarga egamiz…” deya tarjima qilmoqchi bo‘lgan ko‘rinadi.
Tarjima asnosida nafaqat tilni yaxshi bilish, balki o‘zbek adabiy til me’yori, gap qurilishi va, qolaversa, turkcha so‘zlarning kontekstdagi o‘zbekcha muvofiq ekvivalentlarini topa bilish ham kerak. Masalan, asarning 4-kitobi 37-betida: “Bu gaplardan hazrat Sayfullohning ko‘zlari yashnab ketdi…” deyiladi. O‘zbekchada ko‘z yashnamaydi, yuz yashnaydi, ko‘z chaqnaydi.
Yana bir muhim jihat, tarjima uchun tanlangan so‘zlardan matn mazmun-mohiyatiga mos so‘z sinonimini ishlatish lozim bo‘ladi. Misol uchun, ushbu asarning 2-kitobi 8-sahifasida shunday qisqa suhbat keltirilgan:
“— Assalomu alaykum, ey, Abu Bakr!..
— Vaalaykum assalom, Rasululloh (sav)ning seviklilari
— Biz sening huzuringga yordam berish niyatida keldik…”
“Rasulullohning seviklilari” turk tili uchun uyg‘un, o‘zbekchada esa biroz o‘ng‘aysiz jaranglaydi. Agar “sevikli” o‘rniga “mahbub” qo‘llanilsa, maqbulroq bo‘lardi. Turk tilida hatto ota-onaga ham “sen” deya murojaat etiladi. Ammo xalqimiz uchun bu odobsizlik sanaladi va tarjimalarda ham bu an’anaga amal qilinsa, xususan, Rasululloh va Abu Bakrdek ulug‘ insonlarga, albatta, “siz” deya murojaat qilinsa, yaxshiroq bo‘lardi.
Yana bir muhim masala shuki, ba’zi istiloh, joy va kishi nomlarini qanday bo‘lsa, shundayicha o‘giravermaslik kerak. Masalan, mazkur asar tarjimasining to‘rtala kitobida ham “Bizans”, “Amavi xonadoni”, “valiy”, “Rumlar”, “juz’ya”, “Qorin bin Kiryonus” kabi kalimalarga duch kelinadi. Albatta, oddiy o‘zbek kitobxoni uchun bu so‘zlar notanish. “Bizans” — turklar qadimgi Vizantiyani shunday atashadi, “Umaviylar”ni esa “amavi” deyishadi, “valiy” so‘zi esa “do‘st” ma’nosida bo‘lib, asar matnida “voliy” — “boshqaruvchi” mazmunida kelmoqdadir, “Rumlar” emas “rumliklar”, “juz’ya” emas, “jiz’ya”, “Qorin bin Kiryonus” emas, “Qorun ibn Kiryonus” tarzida berilishi kerak.
Shu o‘rinda bir til qoidasini eslatish joiz. Turk tilining usmonliturk hatto, undan ham oldingi davrlarda qolgan bir xususiyatini tilshunoslar alohida ta’kidlashadi. U ham bo‘lsa, “turkchadagi kalima oldi-berdisida iste’molga kirayotgan ajnabiy so‘zlarni xuddi o‘zidek qabul etilmagan va ularni turk tili fonetikasiga uyg‘unlashtirilgan. Hatto olinayotgan kalimalar sas jihatidangina o‘zgarishga uchrab qolmay, balki ko‘p hollarda ma’no va qo‘llanish doirasida ham o‘zgarish ro‘y bergan…” (Prof.Dr. Muharrem Ergin. Turk dili. Istanbul, 1992, 162).
O‘zbek tilida esa bu holatga ko‘p ham duch kelinmaydi. Bizda ko‘proq so‘zning asliga tayanish kuchli. Nazarimizda, tarjimonlar ana shu jihatga e’tibor bermaganlar.
Yana bir qiziq holat shuki, ushbu kitoblarning dastlabki uchtasida “Muqaddima”lar berilgan. Aslida ham yozuvchi bir asarga uch muqaddima yozganmi, degan savol paydo bo‘ladi.
Asarda yoritilayotgan voqealarga e’tiborsizlik yoki nima tarjima qilinayotganini fahmlamaslik holati ham kuzatiladi. Mana, qarang: “Jumladan keltirishimiz mumkin, hazrat Abu Bakr (r.a.) Madinaga kelib, sahobalar bilan uchrashdi. Bu gal Rumlar bilan ro‘baru kelish vaqti kelgan edi. Ular ham xuddi shu fikrda ekanliklarini aytishdi. Shunday qilib, Mutening intiqomi olinardi…” (3-kitob, 3-4-betlar).
Aytish kerakki, zotan Abu Bakr Madinada edilar va u kishi sahobalar bilan uchrashish uchun Makkaga borganlar. Shuning uchun ushbu jumla taxminan quyidagicha berilishi kerak edi: “Jumladan, hazrati Abu Bakr (r.a.)ni Makkaga borib, sahobalar ila uchrashish asnosida, rumliklar bilan to‘qnashish vaqti kelganligi haqida qilgan muhokamalari edi. Sahobalar ham xuddi shu fikrda ekanliklarini aytishdi va shu tariqa, Muta’ning intiqomi ham olinar edi…”
Fikrimizcha, bu qadar g‘arib tarjimaning asosiy sababi — shoshma-shosharlik. Asar originali va tarjimasini mutaxassis nazaridan o‘tkazib olishda aslo loqaydlik va besabrlik qilmaslik kerak.
“Hazrati Umar” asarining tarjimasi (“Movarounnahr”, 2005) esa yuqorida ta’kidlangan nuqsonlardan anchagina xoli. Yosh tarjimon Shoakmal Shoakbar o‘g‘li va muharrir Abdug‘afur Iskandarning astoydil mehnat qilganliklari sezilib turibdi. Asar nashri yuqoridagidan farqli ravishda muallifi ko‘rsatilgan holda, chiroyli dizayn bilan ikki kitob holida o‘quvchilarga taqdim etilgani ham kishini mamnun qiladi.
“Hazrati Umar” kitobi ancha ravon o‘qiladi, tarjima asnosida munosib so‘z tanlashga diqqat qilingan. Jumlalar bayoni sodda va tushunarli. Ammo ba’zi o‘rinlarda gap qurilishi va mazmun ifodalashda g‘alizlik uchraydi. Misol uchun, 2-kitob 95-sahifadagi: “Kaskar serunum yerli, odamlar boy yurt edi” jumlasini “Kaskar yerlari serunum, odamlari boy yurt edi” yoki ko‘p takrorlangan “amir ul-mo‘minin” iborasi “amir al-mo‘minin” tarzida berilsa, muvofiq bo‘lardi. Yoxud 1-kitob 16-betdagi “boykot” so‘zi o‘rniga “e’tiroz”, “rad qilish” mazmunidagi boshqa biror o‘zbekchaga uyg‘unroq so‘z ishlatilsa, kitobxon yaxshiroq tushunardi.
E’tiborsizliklar tufayli ro‘y bergan ba’zi jiddiy kamchiliklar ushbu kitobning ham husnini buzib turibdi. Masalan, 2-kitobning 89-sahifasida o‘qiymiz: “Chunki Alloh taolo “Moida, 93” degan. Men esa Allohdan taqvo qilaman…”
To‘g‘ri, zukko kitobxon Qur’oni karimdagi “Moida” surasining 93-oyatini o‘qib olishi kerakligini anglaydi. Biroq hamma badiiy asarda ham kerakli adabiyotlarga ishoralar qilinaversa… unda badiiylik mohiyati qayda qoladi?!
“Men esa Allohdan taqvo qilaman…” jumlasi esa sharhga muhtoj. Ushbuni “Men Allohdan qo‘rqib taqvo qilaman” deyilsa, mazmunga uyg‘un bo‘lardi. Chunki ishora qilingan oyatda ham “Allohdan qo‘rqib, chiroyli amallar qilish” haqida so‘z boradi.
Yana bir nuqson: nashrning 126-141 sahifalar oralig‘idagi asar matni mazkur kitobning avvalgi, aniqrog‘i, 36-51-betlarining aynan o‘zidir.
Ushbu nuqsonlarni texnik kamchilik ham deylik, lekin minglab o‘quvchilarga taqdim etilayotgan nashrlar uchun bu kabi kamchiliklar loyiq emas!..
Ma’lumki, tarjimachiligimiz ko‘p yillik tajribaga ega va uning o‘ziga xos an’analari ham ma’lum qadar shakllangan. Birgina misol, Rashod Nuri Guntekinning mashhur “Choliqushi” romanining Mirzakalon Ismoiliy tomonidan amalga oshirilgan o‘zbekcha tarjimasi tarjimon mahorati tufayli hanuz kitobxonlar tomonidan sevib mutolaa qilinadi.
Yuqorida nomlari tilga olingan asarlarda esa tarjimon mahorati va tajribasi sezilmaydi, hatto o‘zbek tilining adabiy me’yorlaridan bexabarlik ko‘zga tashlanadi. Tarjima qilish uchun faqat tilni bilish kamlik qiladi va har bir til biluvchi badiiy tarjimonlik huquqiga ega emas. Buning uchun yozuvchilik iste’dodi va bilim ham talab qilinadi. “Saodat asri qissalari” ana shu talab asosida tarjima qilinganiga guvoh bo‘lasiz. Balki shuning uchundir, Nurulloh Muhammad Raufxon tomonidan tarjima qilingan “Saodat asri qissalari” asarida yuqorida ta’kidlangan ko‘p kamchiliklarni uchratmaysiz. Kitob muallifi ham hurmat bilan ko‘rsatilgan, dizayn va tahrir masalalari ham o‘rinli, chiroyli hal etilgan.
“Saodat asri qissalari” asarining avvalgi ikki kitobi tarjimasining mashaqqatli va muvaffaqiyatli tahriri muharrirga endi uchinchi kitobning tarjimoni sifatida o‘rtaga chiqishga da’vat qilgandek. Mazkur asarning uchinchi kitobi (“Sharq”, 2004) ham ravon o‘qiladi, kitobxonning voqealar rivoji sari qiziqishi orta boradi. Rasululloh (s. a. v.) hayotlariga oid turfa xil tarixiy voqealarning go‘zal tasviri o‘quvchini o‘sha davr muhiti va ruhiyatiga olib kira olgan.
Ko‘plab kitob ixlosmandlarining hatto ko‘chalarda ushbu asarni berilib o‘qiyotganliklarining guvohi bo‘ldik. Ko‘pchilik to‘la qoniqish, hatto ko‘z yosh bilan o‘qiganliklarini gapirib berishdi. Bunga sabab holatlar asarning ma’naviy ruhi bilan birga tarjimaning mahorat ila amalga oshirilganligida hamdir.
Shunday bo‘lsa-da, ushbu asar tarjimasining ham ba’zi o‘rinlarida turkcha matnga kuchli taqlid sezilib qolgan. Misol uchun, 3-kitobning 8-sahifasidagi jumla: “Bu daf’a qirmiziga tortib ketadigan qora yuzli xotin o‘rnidan turdi…”
Bizningcha, ushbu gapni o‘zbekcha qilib: “Bu daf’a qizg‘ishtob bo‘lib ketgan qoramag‘iz ayol o‘rnidan turdi” deyilsa, uyg‘un tushardi.
Yoki 9-betda berilgan: “Ehtimolki, bu toshmalar ichini to‘ldirgan azoblarning uchlari edi” jumlasi ham g‘aliz, ham tushunarsiz. Buning o‘rniga: “Ehtimol, bu toshmalar to‘lib-toshib kelayotgan azoblardan nishona edi” deyilsa, mazmun aniqroq chiqardi.
Tarjimadagi bu kabi nuqsonlardan yana biri turkcha murojaat uslubini saqlashga intilishdir.
«— Sizni nima injitdi, yo Nabiyalloh?” — deb so‘rashdi» (3-kitob, 13-bet).
Axir shu savolni o‘zbekchada sodda, ravon va go‘zal qilib: “Nima sizni ranjitdi” yoki “Yo Nabiyalloh, sizni nima ranjitdi?” deyish mumkin emasmi?..
Ammo shuni kamoli qoniqish bilan aytish kerakki, “Saodat asri qissalari” Ahmad Lutfiy Qozonchi asarlari ichida, ayrim kamchiliklariga qaramay, o‘zbekchaga eng muvaffaqiyatli amalga oshirilgan tarjimadir. Ushbu nashr Ahmad Lutfiy kabi boshqa turk adiblarining asarlarini tarjima qilayotgan mutarjimlar uchun o‘rnak bo‘la oladi. Zamonaviy turk tilidan o‘girilgan yana boshqa asarlar, xususan, “Qaynona”, “O‘gay ona”, “Jinlar orasida qolgan qiz”, “Aldangan Ayselning tavbasi”, “Vijdon azobi”, “Gullar suvsaganda” kabi kitoblarning past saviyada tarjima qilinganligi esa alohida maqola mavzusidir.
Maqoladan ko‘zlangan maqsad nomlari tilga olingan asarlar tarjimasini zinhor-bazinhor kamsitish emas. Asosiy niyatimiz — kitobxonning yuksak talabini qondiradigan va, eng muhimi, didni o‘ldirmaydigan asarlarni ko‘proq ko‘rish va o‘qish istagidir.
Otabek JO‘RABOEV,
filologiya fanlari nomzodi
“Hurriyat” gazetasidan olindi.