Tasavvur qilingki, charxi falak bir evrilib, Mahmud Koshg‘ariy ming yil naridan tirilib keldi-yu, siz u kishiga: “Bobojon, ciz “Devonu lug‘otit turk” kitobingizda, men turkiylar yurtining hamma joyiga sayohat qilib, bu tillarni eng nozik jihatlariga qadar birma-bir o‘rganib chiqdim, degansiz. Shu… “Tarona Bitiruvchi 2005” nima degani?” – deb savol berdingiz. Men ul zotning o‘sha onda javob qaytarishiga ishonmayman. Hoynahoy, Koshg‘ariy ham o‘ylab-o‘ylab, “Bu biron yulduz yo sayyoraga munajjimlar qo‘ygan nom bo‘lsa kerak”, deb tusmollasa ajabmas.
Yo‘q, turk tillarining otasi Mahmud Koshg‘ariy ham, buyuk Navoiy ham “Tarona Bitiruvchi 2005” neligini bizga talqin qilib berolmaydi. Hozirgi tilchilardan birontasi ham buning nimaligini izohlashdan ojiz. “Tarona Bitiruvchi 2005” kalimasidagi har bir so‘z o‘zbekcha, ammo o‘zi o‘zbekcha emas, demak, o‘zbekniki emas. Ona tilini biladigan, elu xalqni hurmat qiladigan o‘zbek bunday fikrlamaydi, bunday deb yozmaydi ham.
Ma’lum bo‘lishicha, bolalarning o‘rta maktabni bitirish sharafiga poytaxtdagi “Xalqlar do‘stligi” saroyida o‘tgan kontsertning nomi ekan bu!
Maktabni xatm qilganlarga yetuklik attestati beriladi. Zero shu damdan boshlab, u yetuk odam hisoblanadi, allaqanday “bitiruvchi” emas. Demak, har bir odamning umrbod yodida qoladigan bu kundagi kontsertni chulchutchasiga “Tarona Bitiruvchi…” deb emas (“Melodiya vipusknika…”ning beo‘xshov o‘girmasi!), sal o‘zbekcharoq, biroz samimiyroq qilib “Etuklik taronasi – 2005” desa, kim xafa bo‘ladi?
Gap odamning qaysi tilda ko‘proq so‘zlashida emas, balki qaysi tilda o‘y o‘ylab, fikr qilishida. O‘rischa o‘ylab, shuni o‘zbekcha qilib gapiradigan odamning nutqidagi o‘zbekcha ifodalar ham rus tiliga xos shaklu shamoyilda bo‘ladi, albatta.
O‘rischa ta’lim-tarbiya olganlarni qo‘ya turaylik. Yana, ko‘p maqolalardagi “ba’zi birovlar” deganday adressiz yumshoqlikdan ham voz kechaylik-da, yaxshigina suxandon bo‘lib tanilgan, endi esa eng bozori qizigan qimor turi – “O‘zloto”da javlon urayotgan Muzaffar Mirzabekov inimizni bir chandib o‘taylik. Ya’niki, Muzaffarbek “O‘zloto”ni “Uzloto” deb gajak qiladi. O‘risning-ku, iloji yo‘q – ruschada til oldi “o‘” yo‘qligidan “o‘zbek” deyishga qovushmay, noiloj unga yaqinroq bo‘lgan “u”ni qo‘llab, “uzbek”, “Uzbekistan” deydi. Ammo siz… o‘zbek bo‘laturib, ona xalqimiz nomini aytishga tilingiz kelishmagani nimasi, inim? Hech bo‘lmasa, ortingizdagi titrga qarang – xo‘tukday harflar bilan “O‘zlotto” deb yozib qo‘yilgan, “Uzlotto” emas!
Etakchi uyali telefon aloqasi mahkamasining nomi “O‘zdunrobita” edi. “Uzdunrabita” deya “madaniy” talaffuz etadigan suxandonlar kalom boshidagi “Uz…” – O‘zbekiston ekanini bilishadi, ammo “madaniy” qilib “Uz” deya talaffuz etishadi. Holbuki, “O‘zdunrobita” – “O‘zbekiston+dunyo = robita”ning ixcham shakli (robita – arabchadan o‘zbekchaga o‘tgan, kommunikatsiya degani). Oxiri “O‘zdunrobita” tashkiloti ham bir yumalab, “Uzdunrobita” bo‘lib oldi. Uni yoysak, mantiqan “Uzbekistan-dun’ya+robita” bo‘ladiki, endi uni o‘ris ham tushunmaydi, o‘zbek ham.
Buyam holva.
Xudoning bergan kuni taniqli diktor Mirzohid aka: “Korxonangizni tekshirishga kelganlar “Tekshiruvlarni hisobga olish kitobi”ga yozishlari shart, bundan bo‘yin tovlagan kimsa esa qonunni surbetlik bilan buzmoqda” deb yakkash bir matnni o‘qir edi… Ajab, deysiz, kitobga yozmasa, surbet emas, odobli, yaxshi odam ekan-ku? Madaniyatli odam kitobga yozib-chizmaydi-da! Shoshmang, “Kniga ucheta proverok”dagi “kniga” – “kitob” emas… “daftar” bo‘lib chiqmasin, tag‘in? “Zachetnaya knijka” – “Sinov daftarchasi”, “Sberegatelnaya knijka” – “Omonat daftarchasi” bo‘lganiday? “Kniga” bu o‘rinda kitob emas, daftar degani-ku? O‘zbekchada daftarga yoziladi, kitobni esa o‘qiymiz.
Ochiq aytish kerak, davlat tili haqidagi qonunning o‘zak moddasi – barcha hujjatlar davlat tilida tayyorlanadi, lozim bo‘lsa boshqa tilga tarjima qilinadi, degan qoidaga amal qilinmayapti. Bil’aks ko‘p davlat hujjatlari rus tilida tayyorlanyapti, ko‘rib chiqilib, tahrir qilinyapti, ma’qullangach, nihoyat… xo‘jako‘rsinga o‘zbek tiliga o‘girib qo‘yilyapti.
Xuddi shu asnoda ona tilimiz xossalari barbod bo‘lib ketayapti. Chunki boyagiday son-sanoqsiz yozishmayu hujjatlarni ko‘p tashkilotlarda o‘zbekcha savodi haminqadar bo‘lgan kosiblar o‘giradi. Bundaylar “prinimat tabletku” degan kalimani dori ichish deb emas, “tabletka qabul qilish” deb ag‘daradi. Yo bo‘lmasa, “vannaga tushish”, “vannada cho‘milish” degani ularga yot, ular vannani ham… qabul qila beradi. Chunki ruschada “prinimat vannu”-da. Holbuki, o‘zbek tilida vanna qabul qilish deganda omborchi yo magazinchi uni tovar sifatida ombor yo do‘konga, qabul qilishi, ya’ni tushirib olishi anglashiladi, xolos.
Tarjima – og‘ir ish. Istagan odam tarjimon bo‘lib ketavermaydi. Ko‘p vallomatlar bunga kelganda dosh berolmaydi. Manaman degan professorlar ham ikki bet qog‘ozni eplab tarjima qilolmay, yer chizadi. Zero til tabiati shunchalar murakkabki, uni hech bir matematik formulayu aljabrga sig‘dirib bo‘lmaydi. Tilni shunchaki “anglash” kifoya emas, uni juda teran his etish, qilday farqni qirqqa ajrata oladigan zukko bo‘lish kerak.
Ona tilini yaxshi bilmagan, uning tabiatini anglamagan tarjimon asliyat tili ta’siriga tushib, o‘zga til xossalarini ko‘r-ko‘rona ona tiliga o‘tkaza boshlaydi. Masalan, ko‘plikni anglatuvchi “lar”ni qo‘llashni olib qaraylik. Chaqaloq dunyoga kelgach… “kengayayotgan ko‘krak qafasi burishib yotgan o‘pkalarni tortadi, yozilayotgan o‘pkalar esa o‘zlari bilan havo oqimini ham jalb etadi va shu tariqa atmosfera havosi o‘pkalarga bosim ostida kiradi” (“Hurriyat”, 2004, 2-iyun). Aslida, “legkiye”ni – o‘pka deyish o‘rniga o‘pkalar deb tarjima etgan odamdan o‘pkalab o‘tirish shart ham emas. Negaki, uning muallifi yozuvchi emas, tibbiyot xodimi ekan. Gazeta ham buni ta’kidlab, muallifning ismi ortidan “shifokor” deb eskartma beripti. Ajab, shifokor degani o‘zbek emas degan pattami, yo boshqa kasb ziyolilariga tilni poymol qilaverish huquqi berilganmi?
…Saksoninchi yillarning o‘rtalari edi. Til va adabiyot instituti ilmiy kengashining til masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida bir olim «O‘zbek tilida ko‘plikni anglatuvchi vositalar» degan mavzuda ma’ruza qildi. Asosiy fikr – til yillar osha o‘zgarib boradi, shu qatori, ko‘plikni anglatadigan grammatik belgilarni qo‘llash ham yangilanadi, degan gap ekan. Ilgari jumlada ko‘plikni bildirish uchun asosan «ish» (yugurishdi, aytishdi) qo‘llangan bo‘lsa, keyingi chorak asrda ko‘proq «lar» (ovoz berdilar) ishlatilayotgan ekan. Tilchi olim gazeta-jurnallar tilidan ko‘p misollar keltirdi, oldingi davrdagi shunday manbalarga qiyosladi, pirovardida fikrini isbot qildi.
Shunda, Izzat Sulton savol tashladi:
– Xo‘sh, modomiki tilda ko‘plikni anglatish shakli o‘zgarayotgan ekan, bunga sizning munosabatingiz qanday?
– Munosabat… mening munosabatim yo‘q, domla.
– Ajab, nega endi munosabatingiz yo‘q?
– Ha endi, men tildagi o‘zgarishlarni kuzatdim va shunday xulosaga keldim… Shu. Bu yerda munosabatning nima keragi bor?
Izzat Sulton biroz qizishdi:
– Qiziq, sizday tilshunoslarningki ona tilimizda yuz berayotgan hodisalarga munosabati bo‘lmas ekan, unda kimdan o‘pkalashimiz kerak o‘zi?..
Oradan yigirma yilcha vaqt kechdi. Bu orada talay narsalar, jumladan tilga munosabat ham ancha yangilandi. Ammo olim xalqi juda qat’iyatli toifa bo‘lar ekan, ana o‘shalarning tilga munosabati bir qatra ham o‘zgarmadi. Aksar tilshunoslarimiz hamon lingvistika doirasidan tashqari chiqolmay, asosan grammatik qoliplarni o‘rganish, tasnif qilish bilan ovora, ekstralingvistika maydoniga ham chiqib borishga yuraklari dov bermaydi. Biron tilchi odam yo‘qki – “Hoy azizlar, o‘zbek tilida “fanlar” (yoki ilmlar) deb gapirilmaydi, “fan” yoki “ilm” desak kifoya-ku”, deb aytmaydi! Fanlar akademiyasi degani “Akademiya nauk”ning harfma-harf tarjimasi emasmi?
“Pul” ruschada “dengi” bo‘ladi, chunki bu tilda “dengi”ning birlik shakli yo‘q.O‘zbek tilda esa “pullar” degan ifoda yo‘q, oddiygina qilib “pul” deymiz-qo‘yamiz, million yo milliard so‘m aqcha bo‘lsa ham. Nega, deyishning o‘rni emas, shunday, vassalom. “Akademiya” so‘zi ruschada aksar ko‘plikda keladi – “Akademiya iskusstv”, “Akademiya xudojestv” kabi. Inchunin, “Dom znaniy”ni “Bilimlar uyi” yoki “Den znaniy”ni “Bilimlar kuni” deyish ham tilbuzar odamlarning gapi.
Endi, akademiyaki har bir kalimasiga «lar-lar» qo‘shib tursa, oddiy shofyor nima qilsin? «Chur-r» etib melisa hushtagini chaladi. Haydovchi sho‘rlik, kayfi baland shekilli, kabinada o‘ltirgan ko‘yi, nazoratchiga bo‘ljayib qarashdan boshqaga yaramaydi.
Avtoinspektor so‘raydi:
– Ichdingizmi?
– Xxa! («ha» deyishga tili kelishmadi – o‘zbek emas ekan. Ammo mard odamga o‘xshaydi, aybini dangal bo‘yniga oldi).
Bunaqa tap tortmas haydovchini umrida endi ko‘rib turgan melisa bola vaziyatni o‘zi yumshatishga harakat qiladi:
– «Akva»nimi?
– Xxa!
– Yutdingizmi?
– Yo‘q…
– Men esa, yutdim! (furajkani yechib, “Akvakepka”ni kiyib tirjayadi)
Suv ichib mast bo‘lgan haydovchi oxirgi marta «Xxa!» deya hayqiradi-da, mashinasidan irg‘ib tushib, qahratonning sovug‘ida sharfini bo‘yniga qayta chirmab, muzdekkina «Akva»ni maqtashga tushib ketadi: uni ichgan odamga nima uchundir «uch yuzta shapkalar, besh yuzta maykalar” berilar ekan.
Baraka top, birodar, o‘zbekchani xiyla o‘rganibsan, ammo ustozlaring o‘zi tildan bexabar kimsaga o‘xshaydi. Ularga aytib qo‘y, o‘zbekchada “to‘rt nafar odamlar keldilar” emas, “to‘rtta odam keldi”, desa kifoya. Shuning uchun shapkayu maykaning soni aniq bo‘lsa, unga “lar” qo‘shilmaydi, bu xato.
Umuman, keyingi paytda “lar”ni qo‘llashga ruju qo‘yildi. Chunonchi, “dlya etix tseley” deyilsa, uni hozir aksari “bu maqsadlar uchun” deydi, “shu maqsadda” desa, kifoya-ku? Nima, ruslarda darvoza (vorota) ko‘plikda kelsa, biz ham “asliga to‘g‘ri” qilib, “darvozalar” deyishimiz kerakmi? Rus tilida ikki, qo‘sh ma’nodagi narsalarning hammasi ko‘plikda (“glaza”, “ushi”), o‘zbekchada esa, aksar holda birlikda keladi (“ko‘zim”, “qulog‘im”). “Sapogi” – “etiklar” emas, “etik”, “bryuki” – “shimlar” emas, “shim”, “spichki” esa “gugurtlar” emas, “gugurt”. Va hokazo.
Ona tilimizda bitta bolani sinfkomligiga o‘tkazish ham saylov, ikki yuzta odam deputat bo‘lishi uchun ikki yuz million odam ovoz bersa ham saylov, vassalom, saylovlar emas. Hozir saylovni saylovlar deb ishlatayotganlar bu so‘zning rus tilidagi shaklini ham (vibori) aynan ko‘chirib qo‘llashayotganini bilishmaydi shekilli. Shu singari, “tanlovda g‘olib chiqdi” deyish kerak”, “tanlovlarda” emas.
Kattakon bir korxona “Toshkent quvurlar zavodi” deb nomlanibdi. Ajab, “Toshkent quvur zavodi” desa, unda bir dona quvur ishlab chiqargan bo‘lib qoladimi?
Til tabiatini his etmaydigan odam eplab-seplab tarjima qiladi, asliyat tiliga xos jihatlarni ko‘r-ko‘rona qo‘llayveradi, eng chatog‘i – uning tarjimasini o‘zi kabi odamlar o‘qib-o‘rgansa, ommalashib ham ketadi.
Ruschadagi “kem-chem” so‘rog‘ini olib qarang. U ko‘pincha “bilan” deb tarjima qilinadi. (On prishyol s ottsom – U otasi bilan keldi). Biroq doimo shunaqa qilib o‘girish xato. Masalan, hashar o‘zimizniki, Sharqniki. Shu bois, u ruschaga ham o‘z oti bilan “xashar” bo‘lib kirgan. Ammo ruscha o‘ylab, o‘zbekcha gapiradigan odamlar borki, ular hatto hashar haqida ham o‘ristaxlit qilib, “hashar yo‘li bilan choyxona qurildi” deb aytishadi, shunaqa deb yozishadi. Chunki ruschada bu gap “putyom xashara” deb beriladi-da (put – yo‘l, putyom – yo‘li bilan).
Eng asl milliy xususiyatlaru udumlarimizga oid gaplarni ham ruscha ifodalayotgan ekanmiz, bu o‘zbekcha tafakkur tarzi patorat topayotganini ko‘rsatmaydimi? Qashqar yo‘li, Jizzax yo‘li degani-ku, to‘g‘ri, ammo “hashar yo‘li” degani nimasi? Hashar qilib qurdik, desa kifoya emasmi?
“Put”, darhaqiqat, “yo‘l” degani. Ammo “dengi, dob?tiye prestupn?m putyom” degan jumlani “jinoiy yo‘l bilan topilgan pullar” deb o‘girilgan bo‘lsa, bu o‘zbekcha emas. Xalq “Jinoyat orqasida topilgan pul” deb aytadi, vassalom. Yana. Shartnoma yoki bitimda muammolar… “ razreshayutsya putem peregovorov” deb belgilangan bo‘lsa, u “muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan hal etilishi”dan ko‘ra “muzokaralar orqali bartaraf etilishi” durust.
Har oqshom “Axborot” yakunida ob-havochi qizlar chiqib kelib, salom berish o‘rniga dabdurustdan “Doktor MOM – shamollashga qarshi eng yaxshi vosita” deb bidirlay boshlar ekan, bu narsa o‘zbek tili globallashuv jarayonidagi tillararo kurashda tor-mor bo‘lganini dangal e’tirof etishdir. Qay bir savodsiz “sredstvo” (dori)ni “vosita” deb so‘zma-so‘z ag‘dargan ekan, bu – uning saviyasi. Ammo endi uni tinimsiz reklama qilish “Doktor MOM”ni sotib olishga da’vatdan tashqari, o‘zbek televideniyesi o‘zbek tilini buzishga astoydil kirishganining bir dalili ham bo‘lib qoldi.
“Talant” degan so‘zni oling. U rus tilida 1) «kishidagi iste’dod, kuchli qobiliyat» va 2) «qobiliyatli kishi», degan ikki ma’noga ega. O‘zbekchada esa uning faqat birinchi ma’nosi mavjud. Basharti biz tilimizni “boyitish”ga kirishib, keyingi ma’noni ham unga tiqishtirsak, bu bilan til boyimaydi, balki o‘ziga xosligini yo‘qota boradi. Chunonchi, “Talantliv?y pisatel” – “iste’dodli adib”. Ammo «Molod?e talant?»ni “Iste’dodli yoshlar” o‘rniga “Yosh iste’dodlar” desak, tilni mahv etayotgan bo‘lamiz.
Bulvar gazetalar xudoning bergan kuni yo‘l qo‘yadigan xatolarning yana birini ko‘rib chiqaylik. “Legenda” – afsona degani. Ammo “legendarn?y geroy” – “afsonaviy qahramon” emas, bunisi xato. Chunki o‘zbek bolasi “afsonaviy” deganda ertak va afsonalardagi, rivoyatlardagi narsa deb anglaydi. Keyingi paytda “afsonaviy boks qiroli”, “afsonaviy san’atkor Nabi Rahimov” kabi ifoda shakllarini o‘zbek tiliga zo‘rlab tiqishtirishga urinishyaptiki. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham “afsonaviy qo‘shiqchi” yoki “afsonaviy futbolchi” kabi chuchmal, noqis talqinlar berilmagan. Demak, “afsonaviy darvozabon” deb til burash o‘rniga “mashhur darvozabon” desak, kifoya.
Tilni boyitishda hech bir vosita tarjima oldiga tusha olmaydi. Ajabki, tilni eng ko‘p buzadigan narsa ham yana tarjimaning o‘zi. Demak, gap bir tildan boshqa tilga to‘g‘ri tarjima qila bilishda ekan.
Men Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanini ilk bor qaysi nashridan o‘qiganim hozir yodimda yo‘q. Ammo sarvarag‘iga “Sarvar Azimov tahriri ostida” deb yozilganini eslayman. O‘shanda ajablangan edim: Sarvar Azimov-ku, tahrir qipti, ammo nega endi “tahriri ostida”, masalan, ustida yo yonida emas, tahriri bilan ham emas?
Keyin bilsam, ruschada bu ma’no “pod redaktsiyey” deb ifodalanarkan, boyagi birikma esa uning hijjalab qilingan tarjimasi bo‘lib chiqdi. “Pod”, darhaqiqat, “ostida” degani. Ammo o‘rislar “pod”ni faqat tagida, quyi tomonida degan ma’noda qo‘llamaydi. “Pod rukovodstvom nastavnika” deydi ular. Buni “Ustoz rahbarligi ostida” deb emas, “Ustoz rahbarligida” deb bersak to‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun ham “… tahriri ostida” emas, “… tahririda” deyilsa, olam guliston.
Keyinchalik kitobdan tahrirning o‘zi olib tashlanib, roman matni Qodiriy qanday yozgan bo‘lsa, shunday beriladigan bo‘ldi. Ammo illatning yuqishi osonu ketishi qiyin bo‘lar ekan: ikki jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”day mo‘tabar kitob “Z. M. Ma’rufov tahriri ostida”, “Adabiyot nazariyasi” esa “M. K. Nurmuhamedov tahriri ostida” deb nashr etildi. Endi, tilshunosu adabiyotshunoslarki shunday deb yozadigan bo‘lsa, bu boshqalar ham shunday xatolarni bolalatishiga fatvo berishning o‘zginasi bo‘lmaydimi?
Har bir xalq tilining o‘ziga xos tabiati bor. Milliy tabiatga ega bo‘lmagan til mavjud emas. Tildagi bu o‘ziga xoslik esa… avvalo yotsirashda – duch kelgan so‘z, istalgan ifoda tarzini o‘ziga qabul qilib olavermaslikda ko‘rinadi. Milliy tabiatini yo‘qotayotgan til – zavolga ketayotgan tildir.
…Axborot asri deymiz, axborotning globallashuvi asri deb belgilaymiz hozirgi davrni. Qanday atalsa ham, bir narsa aniq: axborot tilda aks etadi va u tilni ham “globallashtirishi” – yo‘qqa chiqarishi mumkin. Binobarin, o‘z lisonini saqlab qolishga intilgan har bir xalq tildan uning milliy tabiatini buzmasdan foydalanishi darkor. Yo‘qsa, har qanday qudratli til ham mahv bo‘ladi va uni qonun chiqarish (masalan, davlat tili deb e’lon qilish) kabi choralar bilan asrab qolish amri mahol. Ajabki, bir xalqning tilini boshqa bir el yoki o‘zga bir til buzib-yanchib, barbod etmas ekan, uni shu tilda so‘zlovchilarning o‘zi boy berib, g‘orat qilarkan…
Zuhriddin ISOMIDDINOV
“Hurriyat” gazetasidan olindi.