Men yaqinda taksi mashinasida boraturib, yoshgina bir haydovchi yigitning hasratini eshitib qoldim.
— Omon bo‘lsak, kelasi hafta to‘yimiz, — dedi u.
— Juda yaxshi. Tabriklayman. Qo‘sha qaringlar, — dedim.
— Aytganingiz kelsin. Lekin to‘y tashvishi, eldan burun qaritadiganga o‘xshaydi. To‘y xarajatini bunday xomcho‘t qilib ko‘rsam, hammasi bo‘lib 9 million so‘m atrofida bo‘lar ekan. Kelinning o‘ziga 2 million 200 ming so‘m to‘ladik. Quda tomon “Karnay-surnaysiz to‘y-to‘y emas”, deyishibdi. Bu ham 180 ming so‘mga tushdi. To‘y deganlari bazmsiz bo‘lmaydi, albatta. Otarchi deganlariga ham o‘t ketsin. So‘roqlab-so‘roqlab borsam: “Akasi, 300 ming so‘mga zakalat berib ketganlar ham bor”, deydi. Og‘iz ocha olmay qoldim. 300 ming so‘m ajdarhoning og‘zida. Menga o‘xshagan haydovchining bir yillik maoshi.
Ha, bir-biriga ko‘ngil qo‘yib, bir-birini chin qalbdan sevib, ixtiyoriy ravishda turmush qurishga ahdu paymon qilishgan yigit-qizlarimiz oldida ana shu xil o‘tib bo‘lmas g‘ovlar bor. Hozirgi barcha sohalar bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar davrida qiz chiqarish, kelin tushirish orzusida yurgan qanchadan qancha ota-onalar o‘zlari-o‘zlariga jabr qilayotganlari, qiz-o‘g‘illarining baxtiyor hayotiga raxna solayotganlarni tushunisharmikin? Holiga qarab ish qilgan xorimas, deydilar. Ko‘rpangga qarab oyoq uzat, degan xikmatli maqol ham bor.
Meni kechirasizlar, yana bir muhim gap esimga tushib qoldi: Xalqimizda yigit-qizni unashtirish oldidan “Non sindirish” degan urf-odatlarimiz bor. Har ikkala tomonning otaligini olib, kuyov tomonidan qiznikiga borgan oqsoqollar unashtirishni dasturxonga qo‘yilgan maxsus nonni ushatib, ulashuvdan boshlaydilar. Non sindirilib, ulashilgach, kelin-kuyov haqida neklik tilab “uvalik-juvalik bo‘lishsin” deb muborakbod qiladilar.
Ikki yoshni unashtirishda birinchi vosita non bo‘lishining o‘zida ham ulug‘vorlikning ramziy ma’nosi bor. Yaxshi niyat bilan non ushatgan shu keksalarning o‘zlari har ikkala tomon imkoniyatlarini hisobga olib to‘y yukini biroz yengillatsalar savob ish bo‘lardi. Qiz uzatuvchi qudalar ham oralaridan qil o‘tmas quda bo‘lib qolardilar.
Keyingi yillarda ZAGSdan, ya’ni FXDYo bo‘limidan o‘tish ham katta to‘y marosimiga aylanib ketdi. FXDYo bo‘limidan chiqib restoranda beriladigan ziyofat yana yigit yelkasiga og‘ir yuk bo‘lib tushadi.
Nikoh to‘yi oldidan yigit-qiznikida to‘y, ertasiga bazm, qozonda pishiriladigan quyuq-suyuqlar, dasturxonga tortiladigan turli-tuman noz-ne’mat, spirtli ichimliklar, parranda, qo‘y, mol go‘shtlari, baliq, tandir, manti, shashlik, palov…
Eh-he, nimalar qo‘yilmaydi to‘y dasturxoniga. Durust, noz-ne’matsiz dasturxon dasturxon emas, ammo bir kishi ikki-uch soat ichida qancha ovqat iste’mol qilishi mumkin. Dasturxon atrofida 500 kishi bo‘ladigan bo‘lsa, ko‘pincha 700 kishiga yetib ortadigan noz-ne’mat tayyorlanadi. Natijada ovqat-noz-ne’matning yarmidan ko‘pi isrofga chiqadi. Bugina emas, to‘yda ham, azada ham katta-kichikka to‘rttadan non ro‘molchaga tugib, qo‘llariga tutqaziladi. Ayollarning dasturxonlari-chi. To‘yga kelgan ayollarga yana qo‘shimcha non solib qaytariladi. Bu nonlar iste’mol qilinsa mayli edi-yu, mog‘orlaydi, oxiri nest-nobud bo‘ladi. Aziz nonimiz shu tariqa xoru zor.
Ha, o‘rni kelib qoldi. Men yana bir fikrni mulohaza tariqasida gazetxonlarga havola qilmoqchiman. To‘y — ezgulik, har kimning orzu-havasi. O‘lim, aza-chi? O‘lim — boshga tushadigan og‘ir musibat. Mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘lar bu og‘ir judolikka hamdard bo‘ladi, uzoq yaqindan yetib keladi. Bu haqiqiy odamiylik, insoniylik burchi. Ammo aza, ta’ziya marosimlari hozirgi paytlarda katta bir to‘yning sarf-xarajatidan oshib tushayotganidan ham ko‘z yummasligimiz kerak. Men bu yerda quyuq-suyuq tayyorlanib, ta’ziya dasturxoni bezatilishini birinchi navbatda ko‘zda tutyapman. Yetti, yigirma, qirq, yil oshi, is qilish, mavlud, iftor va boshqa har xil ikir-chikir urf-odatlar, rasm-rusumlar ozmuncha sarf-xarajat, isrofchilikka sabab bo‘layotirmi?
Bolasi o‘lib jigar-bag‘ri qonga to‘lgan, eri o‘lib bolalari yetim qolgan oilaga tashvish, ortiqcha sarf-xarajatlar dard ustiga dard bo‘layotganini payqamog‘imiz kerak. Bu tariqa yetim-esirning rizqiga zomin bo‘lishning qay xil xayrli tomonlari bor ekan?
Haqiqatda biz savob ish qilamiz deb gunoh ish qilayotganimizni qancha tezroq tushunib olsak, shunchalik xayrli savob ish qilgan bo‘lur edik. Gapning qisqasi — hozirgi urf-odatlarimizning qaysilaridan mutlaqo voz kechib, nimalarni qoldirishimiz va aniqrog‘i yana qanday urf-odatlar qabul qilmog‘imiz lozim? Mening fikrimcha, to‘y-hashamlarni ixchamlash, noo‘rin qilinayotgan ortiqcha xarajatlariga barham berish, o‘tkazilayotgan har xil ma’rakalarda isrofgarchilikka aslo yo‘l qo‘ymaslik, ayniqsa tirikchiligimizning asosiy omili bo‘lgan aziz nonni tejab-tergab sarf qilish uchun tumanlardagi barcha shirkat xo‘jaliklarida, qishloqlarda, mahallalarda marosimlarni o‘tkazish komissiyalarning ishiga qattiq turib nazorat o‘rnatilsa, to‘g‘ri kelgan odamni emas, shirkat xo‘jaligi raisi, korxona rahbari, mahalla raisi to‘y komissiyasiga mas’ul qilib qo‘yilsa, juda ma’qul bo‘lur edi. Bundan tashqari, har qanday marosimlarda erkak-ayolga non va pul ulashishga barham berish payti yetib kelmadimikin?
Tumanlarga madaniyat uyi qoshidagi xalq talantlari san’atidan keragicha foydalanib, barcha daromad qidirib yurgan insofsiz otarchilar to‘y ostonasiga yo‘latilmasa, pul qistirishlardek sharmandalikka mutlaqo barham berilsa, nur ustiga nur bo‘lur edi.
Annamurod JUMAQULIEV
“Hurriyat” gazetasidan olindi.