Berdaq Yusuf. O‘tirmoqmi yoki o‘ltirmoq (2006)

Eski o‘zbek tili fonetikasi va grammatikasini o‘rganishda Alisher Navoiyning «Muhokamat ul-lug‘atayn» asari asosiy manbalardan biridir. Shuning uchun ham o‘sha davr tilini o‘rganishda olimlar mazkur asarga tez-tez murojaat qilishadi.
Filologiya fanlari doktori, professor Ergash Umarov ham unli tovushlar haqida fikr yuritish maqsadida o‘zining «Unlilar qanday tasnif qilingan?» maqolasida («O‘zAS», 2006, 27 yanvar) 1967 yili P.Shamsiyev tomonidan nashr etilgan «Muhokamat ul-lug‘atayn»dan quyidagi ko‘chirmani keltiradi: «To‘rki, domdur, yana to‘rki andin daqiqroqdurki: qush o‘lturur (aslida o‘ltur — B.Yu.) yig‘ochdur va to‘rki, andin daqiqroqdur: uyning to‘ridur va to‘rki, barchadin ariqdur: to‘rlug‘ni yo eshikni to‘rmak uydur».
E.Umarov: «Misollardan ko‘rinib turibdiki, eski o‘zbek tilida to‘rtta o‘ bo‘lib, ular bir-biridan daqiq, ya’ni uzun-qisqalik bo‘yicha farqlangan», deydi. Ajabo, to‘rtta o‘ qaysi misollardan ko‘rinib turibdi? Mantiqan to‘rtta o‘ bo‘lishi mumkinmi? Nahotki, daqiq atamasi uzun-qisqalikni anglatsa!
Daqiq so‘zi P.Shamsiyevning «Navoiy asarlari lug‘ati»da «ingichka», «nozik», deb berilgan. Yuqoridagi matnda ham «nozik», ya’ni «yumshoq» ma’nosida qo‘llangan. Matndagi oriq so‘zi (ariq emas — B.Yu.) buni tasdiqlaydi. Professor A.Nurmonov ham daqiq so‘zi «yumshoq» ma’nosida ishlatilganligini aytib, shunday deydi: «Alisher Navoiy bu atama ostida «noziklik» tushunchasini beradi va uni «qalinlik» tushunchasiga qarama-qarshi qo‘yadi» (A.Nurmonov. O‘zbek tili unlilarining fonologik belgilari. «O‘zbek tili va adabiyoti, 1997, 2-son, 76-bet).
Umuman, yuqoridagi «daqiq», «oriq» atamalarini A.K.Borovkov, O.Usmonov, X.Doniyorov, U.Sanaqulov kabi ko‘plab taniqli turkologlar ham «yumshoq» ma’nosida qo‘llanganligini ta’kidlashgan. Demak, daqiq ushbu matnda, eski o‘zbek tilida ham E.Umarov aytganidek unlilarning uzun-qisqaligini emas, balki yumshoqligini anglatgan.
Qizig‘i shundaki, E.Umarovning o‘zi ham boshqa bir maqolasida daqiq atamasiga «ingichka» deb izoh bergan («O‘zbek tili va adabiyoti, 1994, 1-son, 27-bet»). Fitrat «ingichka» terminini «yumshoq» so‘zi o‘rnida qo‘llagan. (Fitrat, Sarf. Samarqand-Toshkent. 1930, 8-bet.).
Yuqorida keltirilgan matnda arab yozuvida bir xil yoziladigan, ammo turlicha talaffuz qilinadigan te+vov+re harflari birikuvidan tashkil topgan to‘rtta so‘z, ya’ni omograf haqida gap ketyapti. Bulardan birinchisi «setka» ma’nosidagi «to‘r»dir. Ikkinchisi birinchisidan biroz yumshoqroq bo‘lgan qush qo‘nadigan «tur»dir. Uchinchisi undan yumshoqroq bo‘lgan «poygakning qarshisi» ma’nosidagi «to‘r»dir, to‘rtinchisi esa hammasidan oriq, ya’ni «yumshoq» bo‘lgan «parda yoki eshik naqshi» ma’nosidagi «tur»dir. Ko‘rinib turibdiki, yuqorida qattiqlik-yumshoqlik jihatidan bir-biridan farqlanadigan mustaqil to‘rtta so‘z bor. Birinchi to‘r so‘zidagi o‘ qattiq, orqa qator, ikkinchi to‘rdagi o‘ esa yumshoq, old qator, uchinchi turdagi u qattiq, orqa qator, to‘rtinchi turdagi u yumshoq, old qator unli bo‘lib, bularning har biri mustaqil fonemadir, ya’ni E.Umarov aytganidek to‘rtta o‘ emas, balki bir-biridan farq qiladigan boshqa-boshqa unli tovushlardir.
To‘r (qattiq) «setka» va to‘r (yumshoq) «poygak qarshisidagi joy» ma’nosidagi so‘zlar hozirgi o‘zbek adabiy tilida mavjud bo‘lib, tur (qattiq) «qush qo‘nadigan tayoq» va tur (yumshoq) «eshik yoki deraza pardasidagi naqsh» ma’nosidagi so‘zlar hozirgi adabiy tilimizda yo‘q. Ammo ular o‘zbek tilining ba’zi shevalarida, shuningdek, qozoq, qirg‘iz tillarida hozir ham mazkur ma’nolarda qo‘llanilayotganini ushbu tillarning izohli lug‘atlarida ko‘rish mumkin.
E.Umarov eski o‘zbek tilidagi unlilarning uzun-qisqaligi shoirlarga so‘z o‘yinlari yaratish imkonini berganligini aytadi va quyidagilarni yozadi: «Lug‘atshunos Toli Hiraviyning ko‘rsatishicha, Alisher Navoiy «Sab’ai sayyor» dostonida bu fonetik hodisadan ustalik bilan foydalangan:
Ko‘rmadi shoh munosib o‘lturmoq,
Yaqinida buyurdi o‘lturmoq.
Olimning yozishicha, ikkinchi misradagi «o‘lturmoq»dagi o‘ tovushi uzun talaffuz qilinsa o‘tirmoq, qisqa bo‘lsa o‘ldirmoq ma’nosini anglatadi. Demak, eski o‘zbek tilida unlilar uzun-qisqalik bo‘yicha farq qilgan…».
Ma’lumki, Navoiy dostonlaridagi so‘zlarga izoh berish, ularni tushunish uchun ba’zan bir misra yoki bir bayt kamlik qiladi. Buning uchun yarim sahifa, ayrim hollarda hatto bir sahifali matnni o‘qish, tahlil qilishga to‘g‘ri keladi. Yuqoridagi baytdagi o‘lturmoqning ma’nosini aniqlash uchun ham uni katta kontekstda olib qarash kerak.
Gap shoh Bahrom ovga chiqqanida ro‘y bergan bir voqea haqida ketmoqda. U cho‘lda ov ovlab yurganida ko‘ziga uzoqda birov ko‘rinadi. Shoh uni tezda otga mindirib olib kelishlarini buyuradi. Uni olib keladilar. Bahrom unga savol beradi. U tikka turib javob beradi… Ma’lum bo‘lishicha, bu odam mashhur naqqosh, rassom Moniy bo‘lib chiqadi. Shoh Moniyni uchratganidan juda xursand bo‘ladi va uni o‘ldirishga emas, balki o‘tirishga (tikka turmaslikka) buyuradi, taklif qiladi… Demak, ikkinchi misradagi o‘lturmoq «o‘ldirmoq» ma’nosida emas, balki «o‘tirmoq» ma’nosidadir. Toli Hiraviy bu so‘zni katta matndan yulib olib qaraydi va qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yadi. Toli Hiraviy Navoiy asarlariga tuzilgan «Badoyi al-lug‘at» nomli lug‘atini yozishda an’anaviy arab-fors lug‘atchilik printsiplaridan chetga chiqa olmagan. Bu printsiplar arab va fors tillari tabiatidan kelib chiqib tuzilgan. Masalan, mazkur tillardagi unlilarga uzun-qisqalik xos bo‘lib, yumshoq-qattiqlik, singarmonizm xos emas. Eski o‘zbek tiliga esa fonologik uzun-qisqalik xos emas, unga xos bo‘lgan singarmonizmni u nazardan soqit qiladi, tushunmaydi. Natijada Toli Hiraviy o‘lturmoq so‘zini o‘zining sub’ektiv qarashiga moslashtirib talqin qiladi. Ikkinchi misradagi o‘lturmoq har qancha qisqa qilib talaffuz qilinsa ham hech qachon «o‘ldirmoq» ma’nosini anglatmaydi, bunga yuqorida ko‘rganimizdek matn yo‘l qo‘ymaydi. Bundan tashqari, bu so‘z agar «o‘ldirmoq» ma’nosida bo‘lganida edi, u «qof» bilan emas, singarmonizm qonuniga asosan «kof» bilan «o‘lturmak» tarzida yozilgan bo‘lardi.
Professor Ergash Umarov Toli Hiraviyga ko‘r-ko‘rona ergashib, o‘zi aldangani yetmaganday, gazetxonlarni ham chalg‘itgan. Asl matnni jiddiy o‘rganmasdan, Toli Hiraviyning xato fikriga asoslanib, eski o‘zbek tili unlilari haqida noto‘g‘ri xulosalar chiqargan. U hech bo‘lmasa Alisher Navoiy asarlari o‘n besh tomligining to‘qqizinchi tomidan joy olgan «Sab’ai sayyor» dostonidagi yuqorida keltirilgan qisqa matnni o‘qiganida edi, bunday noqulay ahvolga tushmagan bo‘lar edi.
Juda bo‘lmaganda mazkur baytdan keyingi baytga diqqat qilinsa ham, bu yerda hech qanday «o‘ldirish» haqida gap ketmayotganligi yanada ayon bo‘ladi:
Qo‘yub olig‘a guna-guna taom,
Egach-o‘q tuttilar to‘la-to‘la jom.
Bahs mavzui bo‘lgan baytning birinchi misrasining oxiridagi o‘lturmoq qo‘shib yozilgan. Aslida u «ul turmoq»dir. Arab yozuvida baytning birinchi va ikkinchi misrasi oxiridagi so‘zlar bir xil yozilgan. Ammo ularni matndan kelib chiqib birinchisini «ul turmoq», ikkinchisini «o‘lturmoq» deb yozmoq lozim. A.K.Borovkov «o‘l turmoq» P.Shamsiyev «ul turmoq» tarzida yozishgan.
E.Umarov yuqoridagi yanglish xulosalari bilan kifoyalanib qolmay, T.Hiraviyning xato fikriga asoslanib, afsus-nadomatlar chekib, yana antiqa xulosalar chiqarishda davom etadi: «Afsus, besh yuz yil avval yozilgan bu ma’lumotlarga zid ravishda mustamlakachilik davrida turkiy, shuningdek, o‘zbek tilidagi unlilar tilning ishtirokiga ko‘ra til oldi-til orqa, qattiq-yumshoq tovushlarga bo‘linib o‘rganildi. Inchunin, o‘zbek tiliga singarmonizm degan termin kiritildi».
Unlilarning tilning gorizontal holatiga ko‘ra old qator — orqa qatorga, ya’ni yumshoqlik-qattiqlikka bo‘linishi faqat o‘zbek yoki turkiy tillar nuqtai nazaridan emas, balki umumiy tilshunoslik nuqtai nazaridan shunday. Shuning uchun bu yerda mustamlakachilikning aloqasi yo‘q. Turk tilidagi (Turkiya turkchasidagi) unlilar ham yumshoq-qattiq unlilarga bo‘lib o‘rganiladi.
E.Umarov: «O‘zbek tiliga singarmonizm degan termin kiritildi», deydi. Gap terminda emas, gap termin ifodalagan tushunchada. Singarmonizm atamasi ifodalagan til hodisasi nafaqat o‘zbek tilida, balki butun turkiy tillarda, nafaqat turkiy tillarda, balki butun oltoy tillarida bordir. Faqat bu til hodisasini biz singarmonizm, unlilar uyg‘unligi, unlilar garmoniyasi desak, boshqalar boshqacha ataydi, masalan, turklar «unlu uyumu», deydi.
E.Umarov «Xo‘sh, unlilar talaffuzida til ishtirok etadimi?» degan savolni o‘rtaga tashlaydi va o‘zining bu savoliga 2-sinf «Ona tili» darsligidan «javob» topishga muvaffaq bo‘ladi. U «Ona tili» darsligidan quyidagi ko‘chirmani keltiradi: «Unli tovushlarni aytganimizda havo og‘izda to‘siqqa uchramay erkin o‘tadi. Faqat ovoz eshitiladi». Havoning og‘izda to‘siqqa uchramay erkin o‘tishi tilning unli tovushning talaffuzida ishtirok etmasligini bildirmaydi-ku! Eksperimental fonetikaning yirik mutaxassisi, professor Ahmadjon Mahmudov o‘zbek tili unli tovushlarining barchasining talaffuzida til ishtirok etishini eksperiment yo‘li bilan aniqlagan. Masalan, i tovushining talaffuzi haqida shunday yozadi: «O‘zbek tilidagi i unlisi talaffuz etilganda tilning butun massasi oldinga va yuqoriga siljigan bo‘ladi» (Mahmudov Ahmad. Foneticheskaya sistema uzbekskogo literaturnogo yazыka. T., 1980, str. 18).
O‘zbek tili nutq tovushlarini eksperimental metod bilan uzoq yillar davomida tekshirgan taniqli olima S.Otamirzayeva unlilar talaffuzida tilning roli haqida shunday deydi: «Tilning ishtirokisiz hech qanday nutq tovushi yuzaga kelmaydi» (S.Otamirzayeva. «O‘zbek tili va adabiyoti», 1996, 2-son, 52-bet).
Shundan so‘ng, E.Umarov yozishicha, 50 — 80-yillarda o‘zbek tilshunoslari unlilar talaffuzida tilning ishtirok etmasligini bilganlaru, ammo mafkuraviy tazyiq ostida yashaganlari uchun sobiq markazdagi olimlarga qarshi chiqmaganlar», emish. Biri-biridan antiqa gaplar. Yuqorida keltirilgan nutq tovushlarining talaffuzida tilning albatta ishtirok etishi haqidagi S.Otamirzayevaning maqolasi mustaqillik davrida chiqqan-ku! E.Umarovning bundan xabari bor-ku!..
Shuni alohida qayd etish lozimki, singarmonizmni o‘zbek tiliga ruslar tiqishtirgani yo‘q, balki uni ular o‘zbek adabiy tilidan olib tashlashdi…
E.Umarov mazkur maqolasining oxirida «maqola va dissertatsiyalarda yevropaliklar tarafidan kiritilgan o‘zbek tili tabiatiga zid terminlar uchramoqda», deydi. Ajabo, yevropaliklar (?) kiritgan qaysi terminlar maqola muallifiga yoqmayapti? O‘sha terminlardan 5-10tasi misol sifatida keltirilsa edi!
Umuman, mustaqillikdan keyin tilimiz tabiatiga zid terminlar, so‘zlar chiqarib tashlandi va ularning o‘rniga yangilari qabul qilindi. Buni ko‘pchilik biladi. Lekin ana shu jarayonda shoshma-shosharlikka ham yo‘l qo‘yilib, ba’zi o‘zbek tilining tabiatiga mos kelmaydigan, so‘z-atamalar ham qabul qilindi. Masalan, «stadion» o‘rniga «o‘yingoh», «fakultet» — «kulliyot», «institut» — «oliygoh» kabi.
Tilimizga yevropa tillaridan o‘zlashib singib ketgan terminlarni, u qaysi sohaga oid bo‘lmasin, iloji boricha boshqa so‘zlar bilan almashtirilmagani ma’qul. Agar almashtirish lozim bo‘lsa, albatta, ajnabiy so‘zlar o‘rniga o‘z so‘zlarimizni, ya’ni etimologik jihatdan o‘zbekcha so‘zlarni o‘zbek tili qonun-qoidalari asosida qabul qilish kerak. Ruscha (evropacha) so‘z-terminlarni otib, o‘rniga arabcha, forscha kalimalarni qabul qilish orqali tilimizni milliylashtirish mumkin emas.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 20-sonidan olindi.