Bolalik ekan, nechanchi yilligi aniq esimda yo‘q. To‘qqiz-o‘n yoshlarda bo‘lsam kerak. Hovlimizda ikki qavatli uy, yozgi oshxona, ko‘mirxona bor edi, xolos.
Erta bahor, hayit arafasi edi, shekilli. Uyimizda aziz odamlar keladigandek tantanavor, katta tayyorgarlik qilinardi. Hammayoq saranjom-sarishta.
Mehmonxonada men bilgan Muniraxon domla. Sobir amaki yana yoshroq shoirlar mehmonlarni kutishardi. Sadriddin Ayniy, Rahim Jalil, Mirzo Tursunzoda, Jalol Ikromiy deb bir-birlariga gapirishayotganini eshitib qoldim.
Intiq bo‘lib kutilgan mehmonlar kelishdi. Hovlimiz gavjum bo‘lib ketdi. Men bir chekkada ayam aytganlaridek, «hech kimga savol bilan xalal bermay» uzoqdan kuzatib turardim.
Mehmonlar avval uyimizning ikkinchi qavatidagi mehmonxonada ayam va oshpazimiz Oxun amakining uyg‘urcha quyuq-suyuq taomlari bilan obdon siylandilar. Dam tojikcha, dam o‘zbekcha suhbat qizigandan qizidi. So‘ng mehmonlar hukumat yuborgan mashinada shahar aylangani ketishdi.
Sadriddin Ayniy domla: «Men dam olaman, Toshkent o‘zimning shahrim, ko‘rmaganlar ko‘rsin», deb uyda qoldilar.
Ayam dadamning ijodxonalaridagi divanga atlas ko‘rpachalar, parqu yostiqlar to‘shab, joy qildilar.
Shundan so‘ng Oxun amaki bilan kechki ovqatga unnashdi.
Sadriddin Ayniy domla uzoq yotolmas ekanlarmi yoki boshqa sababmi, hovliga tushdilar.
Men ayamning oldilariga borib:
— Domla turdilar, — dedim.
— Tepaga chiqib u kishiga xalal bermadingmi?
— Yo‘q, kabinet eshigidan qarasam uyg‘oq ekanlar, otimni so‘radilar, aytdim.
— Uyg‘otib yuboribsan-da, — dedilar afsus ovozda.
— Otlarini aytma, ayb bo‘ladi, buva degin, deb qo‘shib qo‘ydilar.
— Domla, qizimiz sho‘x, uzr uyg‘otib yubordimi, — deya so‘roqladilar.
— Yo‘q kelin, hammasi badastur, dam oldim, men biror ish qilay… — dedilar.
Ayam xijolat bo‘lib:
— Qancha ish bo‘lsa o‘zimizdan qolmaydi, yordamchilarimiz bor, — dedilar.
— Bachalarga bir nishollo qilib beray.
— Ovora bo‘lmang, yegingiz kelsa bozor yaqin, hoziroq keltirishadi.
— Yo‘q kelin, nabiralarimga o‘zim nishollo qilib beraman.
— Domla, bular nisholdani har kuni yeyishadi, — dedilar ayam yanada xijolat tortib.
— Men tayyorlagan nishollo necha kun buzulmaydi, bunaqasini yemagansizlar, — dedilar domla ham bo‘sh kelmay.
— Qaynagan suv, shakar, 5-6 ta tuxum topiladimi?
— Voy, domla, topishga topiladiyu, siz charchaysiz-da…
— Yo‘q, havasga, bachalar shirinlik yesin deyapman.
Ayam hozirgi uy-muzey hovlisidagi so‘riga yangidan yana ko‘rpachalar olib chiqib joy qildilar. Domlani shu joyga taklif qilib, atroflariga yostiq, bolishlar qo‘ydilar. Oldilariga taxti buzilmagan oq dasturxon yozib, aytgan narsalarini bir-bir keltira boshladilar. Men ham ayamga yordamlashib, nisholda qiladigan mis qozonni, ichidagi chila cho‘pni yuvib, artib domlaning oldilariga qo‘ydim.
Domla mening chaqqonligimni maqtadilar. Ayam oshxonada qiyom tayyorlaguncha u kishi paltodan kalta, kostyumdan uzun, katta yoshdagilar kiyadigan ust kiyimlari (otini bilmayman) cho‘ntagidan oq qog‘ozga o‘ralgan, daraxt ildiziga o‘xshagan narsani olib, pakkicha bilan parrak-parrak qilib maydaladilar.
Ayam choy keltirganlarida undan bir qismini berib:
— Kelin, bir kosa suvda qaynatib, tindirib qo‘ying — dedilar. Butun vujudim ko‘zga aylangan, bu ishlarni diqqat bilan kuzatardim.
— Bu ildizmi?
— Ha, dorivor ildiz.
— Oti nima?
— Qizim-e, qiziquvchan ekansiz-ku. Bu ildizni yetmak deydi, uning ko‘piruvchan xususiyati bor, busiz nishollo qilib bo‘lmaydi.
Qiyomni pishirib, yetmak (haligi ildiz)ni qaynatib tindirib, tuxum oqini ajratib, «to‘kasan» deb menga ishonmay, ayam o‘zlari domlaning oldilariga keltirib qo‘ydilar.
Domla mis qozonchaga avval tuxum oqini, so‘ng yetmak eritmasini solib, chila cho‘pda tez-tez aylantirib, ko‘pira boshlagach, sekin, oz-ozdan qiyom qo‘yib, yana ko‘pirtira boshladilar.
Men bu «tomosha»ni va shunday buvam borligini o‘rtoqlarimga ko‘rsatgim, maqtangim keldi. Yugurib borib ularni aytib keldim.
Hammamiz domlaning atroflarini o‘rab, chug‘urlashib, ozgina masalliq ko‘pirib, qozoncha to‘lib-toshay deyotganini bir mo‘jizadek kuzatib turardik.
Nihoyat, oppoq nisholda deyarli tayyor bo‘ldi.
Shunda ayam uzr so‘ragandek:
— Domla, Sizni charchatmadikmi, biror narsa kerakmasmi, — dedilar o‘rtoqlarimga qarab, — voy sizlar ham shu yerdamisizlar, domlani savollaringiz bilan qiynamadinglarmi? — deya so‘radilar.
— Yo‘q, biz tomosha qildik — deyishdi ular chug‘urlashib.
— Kelin, vanil bormi? — deb so‘radilar domla.
Ayam chopganicha uyga kirib xuddi po‘stli loviyaga o‘xshagan narsani olib keldilar. Men bu narsani avval ham ko‘rganmanu lekin nimaga kerakligini bilish uchun so‘radim:
— Vanil o‘zi nima?
— Afrikada o‘sadigan daraxtning mevasi, quritib shokolad, konfet, vareniye (murabbo)larga solinadi. U xushbo‘yligidan tashqari, kishining ruhini yengillashtiradi, ko‘ngliga quvonch bag‘ishlaydi, — dedilar. Keyin domla o‘sha mevaning qobig‘ini yorib, ichidagi oppoq yaltiroq upaga o‘xshagan poroshokni tayyor nisholdaga sepib, chila cho‘p bilan yana aralashtirdilar. Hammayoq xushbo‘y shokolad, konfet va ayamlar qiladigan pishiriqlar hidi bilan to‘ldi.
Ayniy buvam menga:
— Qizim, shuncha taxtacha topib keling, — dedilar kaftlarining yarmini ko‘rsatib.
Darhol oshxonadagi meva soladigan yashikdan uzun taxtacha ko‘chirib keldim. Domla meni yana alqadilar.
So‘ng qor kuraydigan kurakchaga o‘xshagan kichkina-kichkina «qoshiqcha»lar yasab berdilar. Keyin o‘sha kurakchalarga nisholdadan qor kuragandek solib, birma-bir berib:
— Yeb ko‘ringlarchi, — dedilar.
— Nisholda quyuqligidan kurakchadan oqmas, juda mazali edi. Hidi butun hovlimizni tutib ketgandi.
Men va o‘rtoqlarimning quvonchi bir dunyo edi. Mahallamizda hali hech kimning buvasi nisholda qilib, «qoshiqcha» yasab, bolalarga tarqatmagan edi-da.
Men buvamni ko‘rmagan, buva qanday bo‘lar ekan, deya ko‘p o‘ylardim. Endi mening ham shunday saxiy buvam borligidan mag‘rur edim…
Ayam mehmonlarga qayta dasturxon tuzar ekanlar, ular shahar aylanib qaytib kelishdi.
Buvam tayyorlagan «nishollo»ni dasturxonga tortganlarida esa hamma hayratda qoldi.
Ayniy domla:
— Agar yozuvchilik kasbim bo‘lmaganida, holvapaz bo‘lsam kerak edi, — dedilar.
Suhbat rosa qizidi shekilli, ochiq oynadan kechgacha kulgu, qahqaha, qiyqiriq eshitilib turdi.
Men bo‘lsam, bir qo‘limda shirmoy non, bir qo‘limda yog‘och kurakchadagi nisholdani yalab, mehmonlarning askiyalariga tushunmasam-da, eshitishga harakat qilardim.
Hozir o‘ylasam, shunday bir ulug‘ yozuvchi yoshi ulug‘ligiga ham qaramay, bolalarni xursand qilay, deb shogirdining uyida nisholda tayyorlagan ekan. Odamiylik, kamtarlik bundan ham ortiq bo‘lishi mumkinmi?
Yillar o‘tib ketgan bo‘lsa-da, muborak ramazon oylari, hayit arafalarida, to‘ylarda qilinadigan o‘zbek va tojik xalqining milliy taomi bo‘lmish nisholdani yesam, murg‘ak qalbimga muhrlanib qolgan o‘sha saodatli kunni eslayman. Ayniy domla tayyorlagan nisholdaning ta’mi hamon og‘zimda.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 5-sonidan olindi.