«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati»ning 2004 yil 15 oktyabr sonida e’lon qilingan «Butovo mahbuslari nega qatl etildi?» sarlavhali maqola munosabati bilan mushtariylarimizdan ko‘plab aks-sadolar olmoqdamiz. Qatag‘on tig‘idan halok bo‘lganlarning yaqin qarindoshlari, shuningdek, ularning qismatiga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimizning maktub va murojaatlarida mualliflarning qatag‘on qurbonlarini qidirib topishdagi sa’y-harakatlari, chekkan zahmatlari, eng muhimi, nihoyatda savobli ishlari uchun benihoya cheksiz minnatdorliklar bildirilgan. Ayni chog‘da hali aniqlanmagan qatag‘on qurbonlari haqida ham imkon qadar ma’lumot olish istagi bayon qilingan.
Shu munosabat bilan gazetamizning doimiy mualliflari, taniqli tarixshunos olimlarimiz Rustambek Shamsutdinov va Alisher Mamajonovlar Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti va «Meros» xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiyasining xayriya jamg‘armasi yo‘llanmasi bilan 2004 yilning dekabrida Rossiyaning Stavropol o‘lkasida ilmiy safarda bo‘ldilar. Quyida qatag‘on qurbonlari taqdiriga qiziqib, ularning begona yurtlarda kechgan alamli, iztirobli hayoti lavhalarini o‘rganishga bel bog‘lagan taniqli olimlarimizning yangi tadqiqotlari bilan tanishasiz.
* * *
Bu safar ham ishni arxivlar va kutubxonalar, davlat va sobiq partiya arxivlari, federal xavfsizlik xizmati, ichki ishlar boshqarmalari hujjatxonalaridagi ko‘pdan-ko‘p tarixiy materiallarni sinchiklab o‘rganishdan boshladik. Bevosita o‘sha qattol davr fojialari guvohlari bilan uchrashib, suhbatlashdik. Vatandoshlarimiz dafn etilgan qabristonlarni ziyorat qildik, ular ruhiga atab Qur’on tilovat qildik. Topilgan hujjatlarni audio va video tasmalariga tushirib, suratlar oldik. Odamlarning shaxsiy arxivlaridagi hujjat va suratlar bilan tanishdik hamda ulardan ham ko‘chirmalar oldik.
Bu galgi ilmiy safarimiz samarali bo‘ldi. Ko‘plab qatag‘on qurbonlari haqida yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritdik. Ushbu maqolamizda o‘tgan asrning 30-40 yillaridagi mudhish qatag‘on qurbonlari, o‘zga yurtlarda kafansiz, janozasiz ko‘milgan, kontslagerlar, mehnat lagerlari, «quloqlar surguni»da azob chekkan, biroq hozirgacha yurtimiz jamoatchiligiga nomlari ma’lum bo‘lmagan jabrdiydalar taqdiri haqida ma’lumotlar berishni lozim topdik. O‘ylaymizki, respublikamizda qatag‘on qurbonlari haqida xotira kitoblari yaratilsa, bu ma’lumotlar, ayniqsa, qimmatli ahamiyat kasb etgan bo‘lur edi.
Biz ilmiy safarda bo‘lgan Levokumskiy rayonidagi Nikolo-Aleksandrovsk posyolkasi Stavropol shahridan 400 kilometrlik masofada ekan. 1931 yilning avgust oyida yurtimizning Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Tojikistondan uch ming xo‘jalik «quloq»qa tortilib, o‘sha yilning sentyabrida Shimoliy Kavkazning Prikumskiy (hozirgi Budyonovskiy), Arzgir, Apanasenkovo rayonlariga surgun qilib yuborilgan.
O‘zbek, tojik va qirg‘izlardan iborat «quloq»lar dastlab eshelonlarda Krasnovodskka keltirilgan. So‘ngra paroxodda Kaspiy dengizi orqali Boku va Maxachkalaga olib kelingan. Bu joylardan yana eshelonlar bilan Prikumsk (Budyonovsk) stantsiyasiga keltirilgan. Undan aravalarda qirq-ellik kilometr olisdagi cho‘l va dasht qishloqlariga olib borilgan. O‘shanda «quloq»larning surgun joyi bo‘lmish Nikolo-Aleksandrovskda «Sovetskiy xlopkorob», «Krasnыy luch», «Zarya vostoka», «Vperyod», «Voroshilov» nomidagi qishloq xo‘jalik artellari tashkil bo‘lgan. Bu xo‘jaliklar paxta va g‘alla yetishtirish, chorvachilik bilan shug‘ullangan. Ularda asosan o‘zbek, tojik, qirg‘iz va qozoqlardan iborat surgun qilinganlar mehnat qilishgan.
1932-1933 yillarda butun mamlakat ocharchilik va qahatchilikni boshdan kechirgan. O‘shanda qariyb yetti million kishi halok bo‘lgan. Yurtdoshlarimiz badarg‘a qilingan Nikolo-Aleksandrovskda ham ko‘plab qurbonlar bo‘lgan. O‘sha paytda L.M.Kaganovich boshliq komissiya Shimoliy Kavkazga keladi. Dehqonlar, kazaklar va surgun qilinganlarning bor-budlari tortib olinadi. Qarshilik ko‘rsatganlar qamaladi, otiladi. Bunga chidamagan kazaklar qo‘lga qurol olib qo‘zg‘olon ko‘tarishadi. Qo‘zg‘olonni bostirish uchun qizil armiya qo‘shinlari tashlanadi. O‘shanda badarg‘a qilingan ko‘plab yurtdoshlarimiz ham qatag‘on tig‘iga uchragan. 1937 yilning sentyabridan boshlab esa ularga nisbatan yana qatag‘on azoblari kuchaytirilgan.
O‘z vatanlaridan badarg‘a qilingan yurtdoshlarimiz 1930 yilning boshlarida va oxirida ham shunday og‘ir azob-uqubatlarga duchor qilinadi. Ular benihoya og‘ir azobli, alamli qora kunlarni boshlaridan kechirganlar. 1932-1937 yillardagi qatag‘on davrida birgina Nikolo-Aleksandrovskka «quloq» sifatida surgun qilingan o‘zbeklardan o‘n yetti kishi haqida zarur ma’lumotlarni aniqlashga muvaffaq bo‘ldik.
Ular quyidagilar:
Yusupov Alamrat — 1894 yili Qumqo‘rg‘on rayoni, Yuqori Qayqas qishloq sovetining Bayrabob qishlog‘ida tug‘ilgan, partiyasiz, 1932 yilning martida hibsga olingan, «uchlik»ning 1932 yil 27 maydagi qarori bilan 3 yil qamoqqa hukm qilingan.
Shodmonov To‘ra — 1900 yili Kattaqo‘rg‘on rayonidagi Liblakos qishlog‘ida tug‘ilgan, partiyasiz, ishchi, 1933 yil 17 avgustda qamoqqa olingan, 1934 yil 19 fevralda 5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Chekanov Imom — 1892 yili tug‘ilgan, chalasavod, dehqon, 1932 yil 5 mayda 3 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Umarov Rajab — 1889 yil Gmur qishlog‘ida tug‘ilgan, chalasavod, partiyasiz, ishchi, 1935 yil 14 fevralda 5 yil muddatga lagerda qamoq jazosini o‘tashga hukm qilingan.
Tangriqulov Xudoyshukur — 1890 yili Jarqo‘rg‘on rayonidagi Minor qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, 1932 yil 2 martda hibsga olingan, «uchlik» tomonidan 1932 yil 27 mayda 5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Samadov Mamatqul — 1901 yili Isonsoy qishlog‘ida tug‘ilgan, savodsiz, partiyasiz, g‘allakor, 1940 yil 4 iyunda 8 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Rossiya Federatsiyasining FXX Stavropol o‘lkasi bo‘yicha boshqarmasi arxividagi ma’lumotda aytilishicha, Samadov Mamatqul O‘zbekistonning Yuqoridarg‘om rayonidagi Isonsoy qishlog‘idan 1931 yili quloq sifatida Nikolo-Aleksandrovskka surgun qilingan. Bu yerdagi «Sovetskiy xlopkorob» kolxozida ishlagan, 1940 yil 4 iyunda 58-10 moddaning 1-bandi bo‘yicha qamoqqa olingan, Ordjonikidze o‘lka sudi 1940 yil 12 dekabrda uni «kolxozchilar orasida sistemali ravishda sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borgani» uchun 8 yil ozodlikdan, 5 yil saylov huquqidan mahrum qilish haqida hukm chiqargan. 1993 yil 7 aprelda Samadov Mamatqul RF Bosh prokurori tomonidan reabilitatsiya qilingan. Uning o‘g‘li Samadov Yusup — Nikolo-Aleksandrovskda, ukasi Hamdam esa Konibodom shahrida (Lenin ko‘chasi, 312-uy) yashamoqda.
Odinayev Orziqul — 1897 yili Kitob rayoni, Tolbin qishloq soveti, Ko‘nchi qishlog‘ida tug‘ilgan, partiyasiz, 1932 yil 2 martda hibsga olingan, 1932 yil 27 mayda 3 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Qaxorov Abusattor — 1895 yil O‘zbekiston SSR, Qoradaryo rayoni, Qirtiqo‘rg‘on qishloq sovetida tug‘ilgan, partiyasiz, ishchi, 1933 yil qamoqqa olingan, 1933 yil 16 aprelda 5 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan.
Qoraxonov Eshqo‘zi — 1878 yili Tojikistonning Beshko‘za qishlog‘ida tug‘ilgan, partiyasiz, ishchi, 1932 yil 26 sentyabrda qamoqqa olingan, 1933 yil yanvarida otilgan.
Zaripov Barot — 1899 yil Samarqand viloyatining Og‘aliq qishlog‘ida tug‘ilgan, savodsiz, partiyasiz, «Sovetskiy xlopkorob» kolxozida brigadir, 1940 yil 3 iyunda 8 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
FXX Stavropol o‘lkasi bo‘yicha boshqarma arxivida Zaripov Barot Nikolo-Aleksandrovskdagi «Sovetskiy xlopkorob» kolxozida dala brigadiri bo‘lib ishlagani, 1940 yil 4 iyunda RSFSR jinoyat kodeksining 58-10 modda, 1-bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib qamoqqa olingani, Ordjonikidze o‘lka sudi 1940 yil 12 dekabrda uni «kolxozchilar orasida muntazam ravishda sovetlarga qarshi tashviqot olib borgani» uchun 8 yil ozodlikdan, 5 yil saylov huquqidan mahrum qilishga hukm qilgani, 1993 yil 7 aprelda Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori tomonidan reabilitatsiya qilingani ko‘rsatilgan.
Avizov Napas — O‘zbekistonning Xo‘jaqo‘rg‘on qishloq sovetida tug‘ilgan, savodsiz, partiyasiz, 1933 yil 28 martda 5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Abdullayev Abdurahmon Abdullayevich — 1900 yili Eski Buxoroda tug‘ilgan, chalasavod, partiyasiz, kolxozda vakil, 1937 yil 19 iyulda 5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Rossiya Federatsiyasi FXX Stavropol o‘lkasi bo‘yicha boshqarma arxivi ma’lumotlariga qaraganda, Abdullayev Abdurahmon 1931 yili quloq sifatida Nikolo-Aleksandrovskka surgun qilingan, bu joyda ombor mudiri bo‘lib, keyin 9-qishloq xo‘jalik artelida vakil bo‘lib ishlagan.
1937 yil 19 iyulda RSFSR jinoyat kodeksining 58-10 moddasi, 1-bandi bilan qamoqqa olingan. Ordjonikidze o‘lka sudi 1940 yil 26 martda uni «milliy adovatni kuchaytirishga qaratilgan antisovet targ‘iboti olib borganlikda» (58-10 modda, 1-band) ayblab, 5 yil qamoq jazosi, o‘ziga yuklatilgan vazifaga sovuqqonlik bilan qaragani uchun yana 3 yil qamoq jazosiga hukm etadi. 1959 yil 4 sentyabrda Oliy sud Prezidiumi uni reabilitatsiya qilgan.
Jiyanov Ahmad — 1894 yili Yangiqo‘rg‘on rayoni, Xilyaki qishlog‘ida tug‘ilgan, partiyasiz, 1932 yil 2 martda hibsga olingan, 1932 yil 27 mayda 3 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Alimandrov (Alimardonov bo‘lsa kerak) Ramazon — 1889 yili Qumqo‘rg‘on rayoni, Qumqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan, partiyasiz, 1932 yil 3 martda hibsga olingan, 1932 yil 27 mayda 3 yil qamoq jazosiga mahkum etilgan.
Axmatov Yarosh — 1894 yili Sharvat rayoni, Ogaor qishlog‘ida tug‘ilgan, partiyasiz, 1932 yil 3 martda hibsga olingan, 1932 yil 27 mayda 3 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Nikolo-Aleksandrovskda qatag‘on qilinganlar orasida 2 nafar eron millatiga mansub jabrdiydalar ham bo‘lgan:
Bagirov Karim — 1904 yili Samarqandda tug‘ilgan, partiyasiz, ma’lumoti — 5 sinf, ishchi, 1935 yil fevralda qamoqqa olingan, besh yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Bokirov Zokir — 1908 yili Samarqand shahrida tug‘ilgan, partiyasiz, chalasavod, sotniyda (yuzlikda) uchastka boshlig‘i, 1935 yil 14 fevralda qamoqqa olingan, sakkiz yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Stavropol o‘lkasining Arzgir Apanasenkovo, Vorontsovo-Aleksandrovskiy, Turkman rayonlariga badarg‘a qilingan vatandoshlarimizdan 22 nafari ham qatag‘onga uchragan. Ular quyidagilar:
Oqilov Rauf — 1890 yili Xo‘ja Gunja qishlog‘ida tug‘ilgan, 1928 yilgacha VKP(b) a’zosi bo‘lgan, Prikumskiy (hozirgi Budyonovskiy) rayoni, Nijne-Aleksandrovskoye posyolkasida ishchi, 1937 yil 6 avgustda hibsga olingan va o‘sha yili otilgan.
Federal xavfsizlik xizmati Stavropol o‘lkasi bo‘yicha boshqarmasining 2004 yil 16 dekabrda bergan ma’lumotnomasida Oqilov Rauf 1890 yili Samarqand rayonidagi Xo‘ja Gunja qishlog‘ida tug‘ilgani, 1928 yili quloqlar bilan aloqa qilganligi uchun VKP(b) a’zoligidan chiqarilgani, 1931 yili quloq sifatida Shimoliy Kavkazning Arzgir rayoni, Nikolo-Aleksandrovsk posyolkasiga surgun qilingani, bu yerdagi 9-qishloq xo‘jalik artelida ishlagani qayd etilgan. Ma’lumotnomada keltirilishicha, Oqilov Rauf RSFSR jinoyat kodeksining 58-10 moddasi bilan ayblanib, 1937 yil 6 avgustda qamoqqa olingan, 1937 yil 10 avgustda Ichki ishlar xalq komissarligining Ordjonikidze o‘lkasi bo‘yicha boshqarmasi qoshidagi «uchlik» qarori bilan «faol aksilinqilobiy ish olib borgani» uchun otuvga hukm qilingan. Hukm 1937 yil 15 avgustda Pyatigorsk shahrida ijro etilgan. R.Oqilov 1989 yil 5 iyulda reabilitatsiya qilingan.
Bozorov-Boboyev Salim — 1887 yil Jinator Qorako‘l qishlog‘ida tug‘ilgan, chalasavod, partiyasiz, Pokrovskiy xutorida yashagan. 1932 yil 12 martda 3 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Jalilov Majid — 1879 yili Buxoro shahrida tug‘ilgan, savodsiz, partiyasiz, Stavropol o‘lkasi, Turkman rayoni, Sharaxalsun posyolkasiga surgun qilingan, 1932 yil 18 martda hibsga olinadi va shu yilning martida aybsiz deb topiladi.
Himmatov Jo‘ra — 1904 yili Turkmanistonning Xo‘jayli qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, Stavropol o‘lkasi, Apanasenkovo rayoni, Malaya Jalga posyolkasiga surgun qilingan, 1930 yil 31 martda hibsga olingan, 1932 yil 14 iyulda 3 yil qamoq jazosiga hukm qilingan, 1989 yili reabilitatsiya qilingan.
Ziyadullayev Tolla — 1888 yili Jarqo‘rg‘on rayoni, Qumqo‘rg‘on qishloq sovetida tug‘ilgan, partiyasiz, Prikumskiy (hozirgi Budyonovskiy) rayoni, Novoaleksandrovskiy qishlog‘iga surgun qilingan. 1932 yil 5 dekabrda otilgan.
Imomnazarov Xudoynazar — 1892 yili O‘zbekistonning Yangibozor rayoni, Qushva qishloq sovetida tug‘ilgan, partiyasiz, Stavropol o‘lkasiga surgun qilinganlardan, 1933 yil 22 martda 5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Eraxmad Xudoyberdi o‘g‘li — 1898 yili tug‘ilgan. Apanasenkovo rayoni, Malaya Jalga posyolkasiga badarg‘a qilingan, 1932 yil 31 martda hibsga olingan, 1932 yil 14 iyulda 3 yil qamoq jazosiga hukm qilingan, 1989 yili reabilitatsiya qilingan.
Ismoilov Murza Safo — 1882 yili Denovda tug‘ilgan, chalasavod, partiyasiz, Xleborob xutorida dehqon. 1932 yil 4 oktyabrda 3 yil qamoq jazosiga hukm qilingan, 1990 yili reabilitatsiya qilingan.
Qayumov Panja — 1897 yili Quydum qishlog‘ida tug‘ilgan, chalasavod, partiyasiz, Stavropol o‘lkasi, Sovetskiy rayoni, Primernыy xutoriga surgun qilingan, 1932 yil 2 martda hibsga olingan, 1932 yil 1 iyunda ozod qilingan.
To‘g‘onov Maxmudali — 1897 yili Turkmanistonning Kardit rayoni, Bozortepa ovulida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, Apanasenkovo rayoni, Malaya Jalga posyolkasiga surgun qilingan, 1933 yil 10 oktyabrda hibsga olingan, 1934 yil 19 fevralda 5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Mirzayev Rahmat — 1900 yili Qorako‘l rayoni, Sirbozor qishlog‘ida tug‘ilgan, chalasavod, partiyasiz, Sovet rayoni, Primernыy xutoriga badarg‘a qilingan, 1932 yil 2 martda hibsga olingan, 1932 yil 1 iyunda ozod qilingan.
Murodullayev Rabbanqul — 1909 yili Kattaqo‘rg‘onda tug‘ilgan, partiyasiz, Novoaleksandrovskiy posyolkasiga surgun qilingan, 1933 yil 24 martda 5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Musayev Sulaymon — 1870 yili Buxoro shahrida tug‘ilgan, chalasavod, partiyasiz, Stavropol o‘lkasi, Turkman rayoni, Sharaxalsun qishlog‘iga surgun qilingan. 1932 yil 17 martda 2 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Narziyev Zaydulla — 1880 yili Arafon qishlog‘ida tug‘ilgan, chalasavod, partiyasiz, Stavropol o‘lkasi, Turkman rayoni, Sharaxalsun posyolkasiga surgun qilingan. 1932 yil 19 martda 2 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Farmonov Salim — 1900 yili Novzendak qishlog‘ida tug‘ilgan, partiyasiz, ishchi, Vorontsovo-Aleksandrovsk rayoniga surgun qilingan, 1932 yil 12 martda 5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Raxmatullayev Mahmud — 1906 yili Buxoro shahrida tug‘ilgan, oliy ma’lumotli, partiyasiz, pedagog, Arzgir rayon, Novo-Romanovka qishlog‘iga surgun qilingan. 1937 yil 4 oktyabrda hibsga olingan, 2 yil 6 oy tergovda bo‘lgan.
Rossiya Federatsiyasi FXXning Stavropol o‘lkasi bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotlariga qaraganda Raxmatullayev Eski Buxoroda 1902 yili (1906) tug‘ilgan, o‘zbek, oliy ma’lumotli, kasbi — pedagog, 1926 yildan 1935 yilgacha VKP(b) a’zosi, keyin partiyadan o‘chirilgan, qamoqqa olingunga qadar Arzgir rayoni, Novo-Romanovka qishlog‘ida to‘liqsiz o‘rta maktab o‘quv bo‘limi mudiri bo‘lib ishlagan, 1937 yil 4 oktyabrda RSFSR jinoyat kodeksining 58-10-moddasi, 1-bandida ko‘rsatilgan jinoyati uchun ayblanib qamoqqa olingan. Ordjonikidze o‘lka sudi uni 1938 yil 2 yanvarda «o‘quvchilar orasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganligi uchun» 10 yil ozodlikdan, 5 yil saylov huquqidan mahrum qilgan. 1938 yil 15 sentyabrda NKVDning Volga lageriga (Yaroslav temir yo‘lida Rыbinsk stantsiyasiga) surgun qilingan, 1940 yili NKVDning Shimoliy-Sharqiy lageri (Xabarovsk o‘lkasi, Magadan shahri)ga ko‘chirilgan. Uning so‘nggi taqdiri noma’lum, 1990 yil 4 aprelda RSFSR Oliy sudining jinoiy ishlar bo‘yicha sud kollegiyasi Raxmatullayev Mahmudni reabilitatsiya qilgan.
Saidov Sayfulla — 1909 yili Qorako‘l rayoni, Sirbozor qishlog‘ida tug‘ilgan, savodli, partiyasiz, Stavropol o‘lkasi Sovetskiy rayoni, Primernыy xutoriga surgun qilingan, 1932 yil 1 iyunda hibsga olingan.
To‘xtamishev Baron — 1901 yili Akan qishlog‘ida tug‘ilgan, chalasavod, partiyasiz, Stavropol o‘lkasi Sharaxalsun qishlog‘iga badarg‘a qilingan, 1932 yil 17 martda hibsga olingan, 3 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Xaydarov Ergash — 1897 yili Yamur qishlog‘ida tug‘ilgan, chalasavod, partiyasiz, Stavropol o‘lkasi Turkman rayoni, Sharaxalsun qishlog‘ida yashagan, 1932 yil 17 martda 3 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Xayrullayev Mullachori — 1900 yili Qorako‘l rayoni, Badlar qishlog‘ida tug‘ilgan, chalasavod, partiyasiz, Stavropol o‘lkasi Sovetskiy rayoni, Primernыy xutoriga surgun qilingan, 1932 yil 2 martda hibsga olingan, ko‘p o‘tmay ozod qilingan.
Chemrayev Qo‘chqor — 1895 yili Buxoro shahrida tug‘ilgan, savodsiz, partiyasiz, Stavropol o‘lkasi Turkman rayoni, Sharaxalsun posyolkasiga surgun qilingan, 1932 yil 17 martda hibsga olingan, ko‘p o‘tmay tergov ishi to‘xtatilgan.
Cho‘liyev Xusayin — 1904 yili Qorako‘l rayoni, Kuydim qishlog‘ida tug‘ilgan, chalasavod, partiyasiz. Stavropol o‘lkasi Sovetskiy rayoni, Primernыy xutoriga surgun qilingan, 1932 yil 2 martda hibsga olingan, 1932 yil 1 iyunda ozod qilingan.
Rossiya Federatsiyasining respublikalar, o‘lka va oblastlarida qatag‘on qurbonlarini nomma-nom aniqlash yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu masala yuzasidan ko‘plab xotira kitoblari nashr qilingan. Ularda o‘zbekistonliklar ham qayd etilgani aniqlandi. Qatag‘on qilingan 52 nafar o‘zbeklar haqidagi ma’lumotni ana shu manbalar asosida o‘rgandik. Ular quyidagilar:
Abdullayev Solijon — 1931 yili Qo‘qonda tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, 1950 yil 14 noyabrda Samarada hibsga olingan, 1951 yil 21 fevralda lager sudi jinoyat kodeksining 58-14 moddasi bilan 10 yil muddatga mehnat tuzatuv lageriga surgun qilingan, 1991 yil 18 oktyabrda reabilitatsiya qilingan.
Abdullayev Jo‘ra — 1905 yili O‘zbekistonda tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, 1938 yil 1 iyulda hibsga olingan, NKVDning Kuybishev oblasti boshqarmasi jinoyat kodeksining 58-7, 58-10 va 58-11 moddalari bo‘yicha jazoga hukm qilingan.
Alimov Otalik — Farg‘ona oblasti, Molotov rayoni, Uchqo‘rg‘on qishlog‘ida 1921 yili tug‘ilgan, o‘zbek, 4 sinfni va 3 oylik agrotexnik kursini tugatgan, sapyorlar rotasida qizil askar, Omskda 1942 yil 25 oktyabrda hibsga olingan. O‘qchi brigadasi 151-bo‘lim harbiy tribunali RSFSR jinoyat kodeksining 19 moddasi, 58-1 «b», 58-10, 2-band moddalari bilan ayblab, oliy jazo — otuvga hukm qilgan, hukm 1942 yil 5 dekabrda ijro etilgan, 1997 yil 9 iyulda reabilitatsiya qilingan.
Almaniyazov Madiyorqozi — 1859 yili Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanidagi 1-ovulda tug‘ilgan, o‘zbek, 1930 yil 20 martda hibsga olingan, OGPUning Qoraqalpog‘iston ASSRdagi vakilligi qoshidagi «uchlik» uni 58-10 modda bo‘yicha 3 yilga surgun qilgan, 1989 yil oktyabrida reabilitatsiya qilingan.
Ortiqov Ismoil — 1896 yili Namangan shahrida tug‘ilgan, Omskda OSMCh 2 da qora ishchi bo‘lib ishlagan, 1942 yil 12 avgustda hibsga olingan, Omsk oblasti maxsus ishlar bo‘limi bo‘yicha prokurorligi tomonidan RSFSR jinoyat kodeksining 58-14 moddasi bo‘yicha ayblangan, reabilitatsiya qilingan.
Axmadoxunov Alioxun — 1907 yili O‘zbekiston SSRda tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, mashg‘uloti aniq emas, Kuybishevda 1938 yil 29 iyulda hibsga olingan, NKVD Kuybishev oblasti bo‘yicha boshqarmasi huzuridagi «uchlik» uni 1939 yil 13 yanvarda 58-6 modda bilan hukm qilgan.
Axmedov Shokirjon — 1917 yili Marxamat rayonidagi Russkoye seloda tug‘ilgan, o‘zbek, Gorkiy shahrida ichki ishlar bo‘limida qorovul bo‘lib ishlagan. 58-1 modda bilan 2 yil 5 oyga hukm qilingan.
Axmedov Fozil — 1919 yili Andijon oblasti, Shahrixon tumanining Qoziqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, 1947 yil 22 martda hibsga olingan, 1947 yil 28 martda Ust-Vimsk mehnat tuzatuv lageridagi maxsus lager sudi uni 58-14 modda bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
Ashurboyev Ibodulla Razmetovich — 1894 yili O‘zbekistonda tug‘ilgan, o‘zbek, Selimjin rayoni Norsk posyolkasidagi koloniyada o‘t yoquvchi. NKVDning Uzoq Sharq o‘lkasi bo‘yicha boshqarmasi huzuridagi «uchlik» uni 1937 yil 31 dekabrda otuvga hukm qilgan.
Ashurov Oqil — 1910 yili Samarqandda tug‘ilgan, 1935 yil 15 sentyabrda Samarqandda hibsga olingan, NKVDning Magadan bo‘yicha boshqarmasi huzuridagi «uchlik» uni 1937 yil 15 sentyabrda otuvga hukm qilgan, hukm 1937 yil 29 oktyabrda ijro etilgan, 1989 yil avgustida reabilitatsiya qilingan.
Bajanov Yo‘ldosh — 1915 yili O‘zbekistonda tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, NKVDning Kuybishev oblasti bo‘yicha boshqarmasi huzuridagi «uchlik» uni 1937 yil 23 oktyabrda 58-10 modda bilan 10 yil muddatga kontslagerga surgun qilgan.
Bakimbayev Saken — 1880 yili Buxoroda tug‘ilgan, o‘zbek, ma’lumoti — boshlang‘ich. Qizil O‘rda oblasti, Terenozen rayon, Teren-Ozek posyolkasiga surgun qilingan, 1930 yil 9 sentyabrda qamoqqa olingan, OGPUning Qozog‘istondagi vakilligi huzuridagi «uchlik» uni 1930 yil 30 oktyabrda 58-7 modda bilan 3 yil kontslagerga surgun qilgan.
Boratov Jo‘ra — 1919 yili Jarqo‘rg‘on rayoni, Qorakursak qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, 1939 yildan 1944 yilgacha armiyada xizmat qilgan. 49-armiya harbiy tribunali uni 58-1 moddaning «b» bandi bilan 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga surgun qilgan, 1955 yil 23 aprelda Yoqutiston ASSR davlat xavfsizlik komiteti tomonidan (DXK) reabilitatsiya qilingan.
Bahromov Ibrohim — 1918 yil Samarqand oblastida tug‘ilgan, o‘zbek, Rubkovsk shahridagi OSMCh-15 qurilish koloniyasida yer qazuvchi bo‘lib ishlagan. 1943 yil 31 mayda hibsga olingan, Oltoy o‘lkasi sudi 1944 yil 27 fevralda 58-10 modda bo‘yicha 6 yil qamoq jazosiga hukm qilgan, SSSR Oliy sudi 1946 yil 16 noyabrda reabilitatsiya qilgan.
Bobokalanov Sayid Komilovich — 1920 yili Xatirchi tumanida tug‘ilgan, o‘zbek, ma’lumoti — o‘rta, 1945 yil 27 dekabrda hibsga olingan, Step hududiy organ harbiy tribunali uni 1946 yil 15 mayda 58-1b modda bilan hukm qilgan.
Davronov Shaim Kirvonovich — 1917 yili Qiziltepa rayonidagi Zarmitan qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, minamyot injener bataloni qiruvchi brigadasidagi 19-bo‘limda qizil askar (Krasnodar o‘lkasi, Dundulova stantsiyasi), Shimoliy Kavkaz harbiy okrugi harbiy tribunali uni 1942 yil 29 iyulda 58-10, 2 qismlar bilan 8 yil ozodlikdan mahrum qilishga hukm chiqargan, 1996 yili reabilitatsiya qilingan.
Jalilov Rustam Botirbekovich — 1887 yili Samarqand shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, Uzoq Sharq o‘lkasi Nikolayevo-Amur shahridagi savdo tashkilotida direktor o‘rinbosari bo‘lib xizmat qilgan. 1937 yil 26 avgustda NKVD Nijno-Amur boshqarmasi uni hibsga olgan, 58-7, 58-8, 58-11 moddalar bilan hukm chiqargan, 1939 yil 29 mayda reabilitatsiya qilingan.
Juramboy Turamboy — 1911 yili Qo‘qon shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, 31-zaxiradagi o‘qchi polkida qizil askar, 58-modda bilan Tataristonga surgun qilingan.
Devonov Akimbay-Abdulla — 1880 yili Qoraqalpoq avtonom oblastida tug‘ilgan, o‘zbek, ma’lumoti — boshlang‘ich. To‘rtko‘ldagi Xo‘tariq qishlog‘idan, 1930 yil 18 avgustda OGPU «uchligi» 58-10 modda bilan 5 yilga kontslagerga surgun qilgan.
Ziyoyev Ne’mat — 1929 yili Qo‘qon shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, 1950 yil 14 noyabrda hibsga olingan, 1951 yil 21 fevralda lager sudi uni 58-14 modda bilan 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga surgun qilgan. Samara oblastida 1991 yil 18 oktyabrda reabilitatsiya qilingan.
Egamqulov Mamarasul — 1924 yili G‘allaorol rayonidagi Ugat qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, Perm shahrida 1945 yil 31 dekabrda hibsga olingan. 1946 yil 23 fevralda ayblanib, 8 yil ozodlikdan mahrum qilingan.
Ikromov Urgut — 1918 yili Toshkentda tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, 1940 yil 22 noyabrda hibsga olingan, 1941 yil 30 aprelda Kuybishev oblasti sudi uni 58-10-modda bo‘yicha 10 yil mehnat tuzatuv lageriga surgun qilgan, 1965 yil iyunida reabilitatsiya qilingan.
Ergashev Donish — 1921 yili O‘zbekistonda tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, Kuybishevda 1942 yil 30 dekabrda hibsga olingan, Kuybishev oblasti sudi 1943 yil 25 fevralda uni 58-14 modda bo‘yicha 5 yil qamoq jazosiga mahkum etgan. 1991 yil 18 oktyabrda reabilitatsiya qilingan.
Ismayev Asana — 1909 yili Kirovsk qishlog‘ida (O‘zbekiston) tug‘ilgan, o‘zbek, to‘liqsiz o‘rta maktab o‘qituvchisi, 58-modda bo‘yicha hukm qilingan, Tatariston ASSRga surgun qilingan, qamoqxonada 1944 yil 5 yanvarda vafot etgan.
Eshonxo‘jayev Usmonxon — 1899 yili Andijon shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, 1920 yili VKP(b) a’zosi, Qozon temir yo‘li siyosiy bo‘limi partiya kurslari mudiri, 1937 yil 15 avgustda Qozonda hibsga olingan. Oliy sud harbiy kollegiyasining sayyor hay’ati uni 1938 yil 4 oktyabrda 58, 63, 64, 67 moddalar bo‘yicha («sovetlarga qarshi, millatchilik, qurolli-terrorchi tashkilot ishtirokchisi» sifatida) otuvga hukm qilgan. Hukm 1938 yil 4 oktyabrda Toshkentda ijro etilgan. 1957 yil 1 avgustda Oliy sud reabilitatsiya qilgan.
Eshmuratov Suyun — 1912 yili Samarqand oblastida tug‘ilgan, o‘zbek, Rubkovsk shahridagi OSMChda brigadir, 1943 yil 7 mayda hibsga olingan, 1943 yil 12 oktyabrda Oltoy o‘lka sudi 58-10, 2 qismi bo‘yicha 2,5 yil qamoq jazosiga va 5 yil saylov huquqidan mahrum qilishga hukm qilgan. 1946 yil 16 noyabrda Oliy sud reabilitatsiya qilgan.
Karamqulov Jumaboy — 1907 yili O‘zbekistonda tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, 1937 yil 12 oktyabrda hibsga olingan, NKVDning Kuybishev oblasti bo‘yicha boshqarmasi huzuridagi «uchlik» uni 58-10, 58-11 va 58-14 moddalari bo‘yicha 10 yil kontslagerda qamoq jazosini o‘tashga hukm qilgan, 1989 yil iyulida Kuybishev oblasti prokurori reabilitatsiya qilgan.
Qosimov Xojiakbar — 1904 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, ma’lumoti — boshlang‘ich, do‘ppido‘z, 1941 yil 10 iyulda Toshkentda hibsga olingan, 1941 yil 21 avgustda Olmaota oblast sudi uni 58-10 modda bo‘yicha 10 yil mehnat tuzatuv lagerida qamoq jazosini o‘tashga hukm qilgan.
Qilichov Qurbon — 1903 yili Arabxonada tug‘ilgan, 1933 yili Arabxonada hibsga olingan, NKVD huzuridagi «uchlik» uni 1938 yil 10 aprelda aksilinqilobiy, trotskiychilik faoliyati uchun otuvga hukm qilgan, 1989 yil iyulida reabilitatsiya qilingan.
Kushatov Toxan — 1898 yili Bo‘stonliq rayon, Xondaylik qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, 1930 yil 12 fevralda hibsga olingan, OGPUning Qozog‘istondagi vakilligi huzuridagi «uchlik» uni 1930 yil 9 aprelda 58-10-modda bo‘yicha 3 yilga kontslagerga surgun qilgan.
Madiyev Haydali — 1917 yili Buxoro oblastidagi Shofirkon qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, ma’lumoti — boshlang‘ich, 1944 yil 14 noyabrda hibsga olingan, 37-armiya harbiy tribunali uni 1944 yil 22 dekabrda 58-10 modda bo‘yicha 10 yilga kontslagerga surgun qilgan, 1978 yil aprelida Moskva harbiy okrugi tribunali reabilitatsiya qilgan.
Maqsudov Shoyoqub — 1900 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, Komi ASSR, Vizinga qishlog‘iga surgun qilingan. 1930 yil 22 dekabrda hibsga olingan. OGPUning Shimoliy o‘lka bo‘yicha vakilligi huzuridagi «uchlik» tomonidan 58-10 modda bo‘yicha 5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Mamuradze Xaydar — 1916 yili Toshkentda tug‘ilgan, o‘zbek, 1934 yili surgun qilingan, NKVD huzuridagi «uchlik» uni 1938 yil 3 fevralda otuvga hukm qilgan, 1938 yil 7 fevralda otilgan.
Mirjalilov Maxmut — 1921 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, 1942 yil 19 iyunda hibsga olingan, Komi ASSR Oliy sudi uni 58-14 modda bo‘yicha 10 yil ozodlikdan, 2 yil huquqlardan mahrum qilishga hukm qilgan, qamoq jazosini Ust-vim lagerida o‘tagan, 1942 yil 25 dekabrda qaytadan hibsga olingan, NKVD Ust-vim lageri operativ bo‘limi 1942 yil 31 dekabrda RSFSR jinoyat kodeksining 58-14 moddasi bo‘yicha ayb qo‘ygan, sudlanmagan, tergov jarayonida vafot etgan.
Mirzarahimov Jaloliddin — 1902 yili O‘zbekistonda tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, 1941 yil 29 oktyabrda hibsga olingan. Kuybishev oblast sudi uni 1941 yil 12 noyabrda 58-14 modda bo‘yicha otuvga hukm etgan, hukm Kuybishevda 1941 yil 14 dekabrda ijro etilgan. 1991 yil 18 oktyabrda reabilitatsiya qilingan.
Mirsoatov-Mo‘minboyev Nuriddin — 1888 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, 1938 yil 8 iyul kuni Pavlodar go‘sht kombinatida sotuvchi bo‘lib ishlayotganida hibsga olingan. NKVD Pavlodar oblasti bo‘yicha «uchlik» uni 1938 yil 29 sentyabrda otuvga hukm qilgan. 1989 yil aprelida O‘rta Osiyo harbiy okrugi harbiy prokuraturasi xulosasi bilan reabilitatsiya qilingan.
Mirzabekov Inomboy — 1913 yili Namangan oblasti Yangiqo‘rg‘on rayoni, Kushan qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, ma’lumoti — boshlang‘ich, kolxozchi, Akmolinskning Shortandin rayoni, 35-mehnat posyolkasiga surgun qilingan. NKVD Qarag‘anda temir yo‘li transport bo‘limi uni 1942 yil 10 fevralda qaytadan hibsga olgan, 1942 yil 22 iyunda Akmolinsk oblast sudi uni 58-10 modda bo‘yicha 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga surgun qilgan. Qozog‘iston Oliy sudi tomonidan 1990 yil 27 iyunda reabilitatsiya qilingan.
Muhammadjonov Yoqubjon Muhammadjonovich — 1887 yili Andijon shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, savodsiz, partiyasiz, dehqon, 1931 yil 13 yanvarda hibsga olingan (Boshqirdiston).
Najimov Abdusalom — 1918 yili Farg‘ona oblasti, Altarda tug‘ilgan, o‘zbek, savodsiz, qizil askar, 1943 yil 27 yanvarda hibsga olingan, NKVD harbiy tribunali uni 1943 yil 10 martda 58-1b moddasi bo‘yicha 10 yil mehnat tuzatuv lageriga surgun qilgan (Qozog‘iston).
Nazarov Zokir — 1918 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, qizil askar. 1942 yil 6 avgustda Mariy Elda 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Po‘latov Haydar — 1906 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, 1935 yili hibsga olingan. NKVDning DS bo‘yicha Magadan boshqarmasi huzuridagi «uchlik» uni 1938 yil 9 mayda «aksilinqilobiy, qo‘zg‘olonchilik tashkilotida bo‘lganligi» uchun otuvga hukm etgan, 1938 yil 14 iyunda otilgan. 1989 yil iyunida reabilitatsiya qilingan.
Sarimsaqov Ibrohim Xolijonovich — 1906 yili Samarqand shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, 19-tog‘ otliq diviziya kutubxonasi boshlig‘i, 1938 yil 17 martda NKVD davlat xavfsizligi operativ bo‘limi hibsga olgan, 1938 yil 2 avgustda O‘rta Osiyo harbiy okrugi harbiy tribunali uni 10 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm etgan. 1966 yil 4 avgustda Oliy sud harbiy hay’ati reabilitatsiya qilgan.
Suvonov Darxon — 1911 yili O‘zbekistonda tug‘ilgan, o‘zbek, 1935 yil 7 aprelda hibsga olingan, NKVDning DS bo‘yicha boshqarmasi huzuridagi «uchlik» 1938 yil 7 aprelda otuvga hukm qilgan, 1938 yil 14 aprelda otilgan. 1989 yil mayda reabilitatsiya qilingan (Magadan oblasti).
So‘fiyev Abdulrauf Ashimovich — 1884 yili tug‘ilgan, o‘zbek, Omskdagi matbuot soyuzida chiqindilarni to‘plovchi, 1937 yil 30 iyulda hibsga olingan, NKVDning Omsk oblasti bo‘yicha boshqarmasi huzuridagi «uchlik» uni RSFSR jinoyat kodeksining 58-2-6-8-9-11 moddalari bo‘yicha otuvga hukm qilgan, 1937 yil 29 oktyabrda otilgan, 1957 yil 26 fevralda Sibir harbiy okrugi harbiy tribunali tomonidan reabilitatsiya qilingan.
Suyunov Pardo — 1903 yil O‘zbekistonda tug‘ilgan, o‘zbek, 1934 yil hibsga olingan, NKVDning DS bo‘yicha boshqarmasi huzuridagi «uchlik» uni 1938 yil 5 mayda «aksilinqilobiy guruhda ishtirok etgani» uchun otuvga hukm etgan. 1938 yil 3 iyunida reabilitatsiya qilingan (Magadan oblasti).
To‘rayev Xamraqul — 1916 yili Vobkent rayonidagi Yavanider kolxozida tug‘ilgan, o‘zbek, ma’lumoti — boshlang‘ich, etikdo‘z, Akmolinsk oblasti, Yesil rayoni, Kiyma qishlog‘ida surgunda bo‘lgan. 1952 yil 30 mayda Davlat xavfsizlik komitetining Akmolinsk oblasti bo‘yicha boshqarmasi tomonidan qamoqqa olingan. SSSR davlat xavfsizlik komiteti uni 1952 yil 19 iyulda 58-8, 64-moddalar bo‘yicha surgun qilgan. 1998 yil 18 iyulda reabilitatsiya qilingan.
Ubaydullayev Shimen — 1908 yil tug‘ilgan, o‘zbek, 1933 yili surgun qilingan. NKVDning DS bo‘yicha boshqarmasi huzuridagi «uchlik» uni 1938 yil 5 mayda «aksilinqilobiy qo‘zg‘olonchi tashkilotda ishtiroq etgani» uchun otuvga hukm qilgan. 1938 yil 5 iyunda reabilitatsiya qilingan (Magadan oblasti).
Umarov Abduvay — 1907 yili Toshkentda tug‘ilgan, o‘zbek, Uzoq Sharq temir yo‘lining Elban stantsiyasida 637-zavod, 6-tsex ishchisi, NKVDning Komsomolsk shahar bo‘limi tomonidan 1945 yil 2 martda hibsga olingan. Davlat xavfsizlik komiteti Xabarovsk o‘lkasi bo‘yicha boshqarmasining tergov bo‘limi tomonidan 58-10 modda bo‘yicha hukm qilingan, reabilitatsiya qilingan.
Umurxonov Solixon — 1908 yili O‘zbekistonda tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, 1937 yil 12 oktyabrda hibsga olingan, NKVD Kuybishev oblasti bo‘yicha boshqarmasi uni 58-10, 58-11 va 58-14-moddalar bo‘yicha 10 yil kontslagerga surgun qilgan. 1989 yil iyulida Kuybishev oblasti prokuraturasi reabilitatsiya qilgan.
Xaydarov Norqul — 1899 yili tug‘ilgan, o‘zbek, 1936 yili hibsga olingan. NKVDning DS bo‘yicha boshqarmasi huzuridagi «uchlik» uni 1938 yil 7 martda aksilinqilobiy qo‘zg‘olonchi tashkilotda ishtiroki uchun otuvga hukm qilgan. 1938 yil 7 mayda otilgan (Magadan oblasti).
Xolmatov G‘ani — 1917 yili Namangan rayonidagi Toshbuloq qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek. NKVDning Shimoliy temir yo‘l lageri mahbusi, 1941 yil 7 noyabrda hibsga olingan. Shimol-Pechor magistral temir yo‘l boshqarmasi huzuridagi NKVD qo‘shinlari harbiy tribunali uni 1942 yil 10 noyabrda 58-14 modda bo‘yicha 10 yilga ozodlikdan, 3 yilga saylash huquqidan mahrum qilishga hukm qilgan.
Hosil Vosil — 1905 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, Toshkentda 1930 yili surgun qilingan. NKVDning DS bo‘yicha boshqarmasi huzuridagi «uchlik» tomonidan 1938 yil 31 martda «aksilinqilobiy, trotskiychilik faoliyati» uchun otuvga hukm qilingan. 1938 yil 13 aprelda hukm ijro etilgan (Magadan oblasti). 1963 yil 7 yanvarda reabilitatsiya qilingan.
Shunday qilib, sho‘rolar davrida avval yurtidan badarg‘a qilingan, keyin o‘sha begona yurtlarda ham qaytadan qatag‘onga duchor etilgan, aybsiz otilgan, uzoq o‘lkalardagi kontslagerlar, mehnat tuzatuv lagerlarida vafot etgan jabrdiydalardan bor-yo‘g‘i 89 nafari haqida qisqacha ma’lumot keltirdik, xolos. Aslida ularning soni minglab, o‘n minglab, yuz minglabdir. Ular haqidagi bor haqiqatlarni aytish, tariximizning ana shu qora kunlari bilan hozirgi avlodlarni tanishtirish bugungi ozod yurt fuqarolarining insoniy burchidir.
Rossiya milliy kutubxonasi va «Vozvraщyonnыe imena» xalqaro loyihasiga ko‘ra 2004 yili Sankt-Peterburgda nashrdan chiqqan «Kniga pamyati jertv politicheskix repressiy v SSSR. Annotirovannыy ukazatel» kitobida Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Belorussiya va boshqa respublikalarning hududiy birliklari bo‘yicha siyosiy qatag‘on qurbonlari haqida xotira kitoblari nashr qilingani qayd etilgan.
«Memorial» xalqaro jamiyati, Rossiya Prezidenti huzuridagi siyosiy qatag‘on qurbonlarini reabilitatsiya qilish bo‘yicha komissiya, A.D.Saxarov nomidagi muzey va jamoatchilik markazi, «Otkrыtaya Rossiya» mintaqaviy jamoat tashkiloti hamkorligida «Jertvы politicheskogo terrora v SSSR» nomli 2 qismdan iborat kompakt-disk ham chiqarilgan. Unda o‘zbekistonlik qatag‘on qurbonlaridan ayrimlarining nomlari keltirilgan.
Holbuki, faqat 1937-1938 yillarning o‘zidagina ichki ishlar xalq komissarligi «uchlik»lari tomonidan 41 mingdan ko‘proq kishi qamalgan. Shulardan 37 mingdan ko‘prog‘i sudlangan, 6 ming 920 kishi esa otib tashlangan, 1939-1953 yillarda 61 ming 799 kishi qamalgan. Shulardan 56 ming 112 kishi turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan, 7,1 ming kishi esa otuvga hukm qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 22 iyuldagi «Vatan va xalq ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan fidoyilar xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi qarorida mustamlakachilik davrida qatag‘on qilingan fidoyi vatandoshlarimizni nomma-nom aniqlash, shahid bo‘lgan yurtdoshlarimiz nomini abadiy saqlash va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida ko‘p jildli «Qatag‘on qurbonlari» xotira kitobini yaratish vazifa qilib qo‘yilgan edi. Biroq bunday zarur vazifalar viloyatlardagi «Shahidlar xotirasi» jamiyatlari e’tiboridan negadir chetda qolayotir. Viloyat hokimliklaridagi ayrim mutasaddilar ham bu ishga sust munosabatda bo‘lmoqdalar.
Bu o‘rinda yana shuni ham ta’kidlash joizki, Rossiya, Ukraina, Gruziya kabi respublikalarda sobiq ittifoq davrida mutlaqo maxfiy hisoblangan hujjat va materiallardan maxfiylik tamg‘asi olib tashlanib, qatag‘on bilan bog‘liq hujjatlar allaqachon tegishli davlat arxivlariga berilgan. Masalan, Ukraina davlat xavfsizligi arxividagi qatag‘on bilan bog‘liq materiallar viloyatlarning davlat arxivlariga berilgan. Natijada butun respublika, har bir viloyat bo‘yicha qatag‘on qurboni bo‘lganlarni nomma-nom aniqlash va xotira kitoblarida qayd etish yaxshi samara bermoqda. Biz ham shu imkoniyatdan foydalanib 30-40-yillarda Xerson viloyatida qatag‘on qilingan o‘zbeklardan 200 ga yaqin sobiq «quloq»lar nomlarini aniqlashga muvaffaq bo‘ldik. Stavropolda nashr etilgan 12 jildlik «Pamyati jertv politicheskoy repressii v Stavropolskom kraye» kitobida Shimoliy Kavkazga surgun qilingan yurtdoshlarimiz nomlarini o‘qidik. Rossiya Federatsiyasida, Ukraina, Qozog‘istonda chop etilgan xotira kitoblarida ham o‘sha yurtlarda qatag‘on qilingan o‘zbekistonliklar nomma-nom keltirilganini ko‘rdik.
Bu misollarni aytishdan maqsad shuki, bizda ham sho‘rolar davrida siyosiy qatag‘onga uchrab, aybsiz holda nohaq dard-alam tortgan jabrdiyda yurtdoshlarimiz haqida xotira kitoblari yaratish vaqti keldi. Shu bois mutasaddi muassasalar, jamiyatlar, tarixchi olimlar, qolaversa har bir ziyoli bu ishga o‘zining hissasini qo‘shishi zarur, deb hisoblaymiz.
Rustambek ShAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
Alisher MAMAJONOV,
Bobur nomidagi Andijon Davlat universiteti katta o‘qituvchisi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 3-sonidan olindi.