Sen menga tushingni ayt, men sening kimligingni aytib beraman, deydi ruhiyatshunoslar. Darhaqiqat, tushda insonning ruhiy olamiga doir ulkan haqiqat yashirin.
Xo‘sh, insonni uning ko‘rgan tushi orqali bilish mumkinmi? Ha, bilish mumkin. Bilganda ham o‘zimiz kutgandan ham ortiqroq bilishimiz mumkin. Buning uchun bizdan ko‘p narsa talab etilmaydi, bor-yo‘g‘i tushimizga e’tiborliroq bo‘lishimiz va undagi har bir kichik narsani ham e’tibordan qochirmay, ta’bir qilishimiz lozim.
Ma’nisiz va tush ko‘ruvchiga aloqasiz tushlar bo‘lmaydi. Faqat biz ma’nosiga tushunmagan va o‘zimizga bog‘liq o‘rinlarni topa olmagan holatlar bo‘lishi mumkin, xolos.
Alisher Navoiy bobomiz hazrat Bahouddin Naqshband haqida so‘zlar ekanlar shunday bir rivoyatni keltiradi: o‘z shogirdlariga topshiriq berib ketgan zot, ancha muddat o‘tgandan so‘ng qaytib kelgach, uning bir shogirdi ustidan shikoyat qiladilar. “Alar gunohkordan so‘rubturlarki, bizni hech tush ko‘rding? Dedi: — Hov ko‘rdim. Dedilarki: — Senga basdir”.
Bu bilan hazrat Alisher Navoiy tush inson ruhiyatining ko‘zgusi, insonning botinida kechayotgan jarayon tushida ham aks etishini, ya’ni uyqu holatida inson ruhiy dunyosining erkinligi, ong osti hislarini aql kabi qolipda saqlab bo‘lmasligi, ulardagi axborot aqliy axborotdan haqqoniyroq ekanini ta’kidlamoqda. Shu sababli uyquda odam rost dunyo bilan to‘qnashadi, uyqu paytidagi faoliyat jismning emas, ma’naviy dunyoning faoliyatidir. Boshqacha aytganda, uyg‘oq odamda soxtalik ko‘proq bo‘ladi. Uyqu payti odam haqiqiy hislar bilan yaqinlashadi. Uyqu payti — inson dunyosining eng katta rostgo‘yligidir. Uyqudagi hissiyotlar tush shaklida namoyon bo‘ladi. Biz uyg‘oq payti olgan taassurotlarimiz o‘z shaklini buzib, biroq qat’iy bir mantiqqa asosida ramzlashadi va tushda aks etadi.
Imom G‘azzoliy tush haqida gapirar ekan, asosan Qur’oni karim va hadislarga suyanadi. “Solih va sodiq kishilarning tushlari, — deb yozadi u, — rost tushdir. Yolg‘onchi kimsaning tushi aloq-chaloq, qo‘rqinchli va yolg‘on tushdir. Fasod va gunohga botgan kishilarning qalbi ham qorayib ketadi. Shubhasiz, bunday kishilarning ko‘rgan tushlari ham xatarlidir.”
Imom G‘azzoliy tushni juda nozik tushunadi. Uning: “Tush va uyqu olamida g‘aybni bilmak janobi Haqning san’ati ajoyibotlaridandir, odam o‘g‘li fitratining g‘aroyibotlaridandir”, deya tushga bergan bahosi nihoyatda qadrlidir. Bu baho tushga aniq va to‘g‘ri bahodir. Ma’lumki, islomga qadar ham tushga g‘ayb olamining mo‘jizasi sifatida qaralgan. Tushga ruhlar va o‘zga olam bilan muloqot qilish vositasi sifatida yondoshilgan. Bu tushning sirli, ilohiy ekanligi bilan ham izohlanadi.
G‘arblik tadqiqotchilar Zigmund Freyddan so‘ng tushni inson ruhiyatining in’ikosi sifatida o‘rgana boshladilar. Vaholanki, Imom G‘azzoliy XI asrdayoq tushning bevosita inson axloqi va ma’naviyati, yanada aniqrog‘i, ruhoniyati bilan bog‘liqligini aytib o‘tgan edi: “Ma’naviyat sohiblari g‘ayb ko‘zi ila ko‘ra oladi? Ba’zan unga vahiy tarzda, ba’zan tush tarzda ayon bo‘ladi. Inson ma’nan bir olamga yuksalsa, yerda turib haqiqatni ko‘radi, mohiyatni anglaydi. To‘g‘ri, tush payg‘ambarlikning qirq olti juz’idan biridir. Bu holat ham eng yuksak ma’naviyatning darajalaridan biridir.”
Shu o‘rinda Imom G‘azzoliy va G‘arb faylasuflarining, jumladan, Zigmund Freyd qarashlari o‘rtasida yaqinlikni ko‘ramiz. Garchand Freyd va uning izdoshlari tushning ilohiyligini inkor etsalar-da, sirli va mo‘jizali ekanligini tan oladilar. Bu borada Imom G‘azzoliy fikrlari asoslidek tuyuladi: “Tushda biror-bir hodisaning oldindan ko‘rilishi sababi qalbning ajoyib sirlari bilan bog‘liqki, bu hol mukoshifo ilmi bilan izohlanadi”. Zero, shu paytga qadar tushga turlicha ta’rif berilgan va o‘rganilgan bo‘lsa-da, hamon tush sirliligicha, mo‘jizaligicha qolmoqda. Tush – inson shaxsi, axloqi va ruhiy dunyosi bilan chambarchas bog‘liq ekanligi borasida Imom G‘azzoliy va Freyd hamda uning izdoshlarining fikrlari hamohangdir. “Karomatli tushlarga sabab, — deydi Imom G‘azzoliy, — uyquda g‘ayb tajalli etadi. Tushda kishi hissiyotga bo‘ysinadi, uyg‘onganda esa hissiyotga e’tibor bermaydi, aqlga bo‘ysinadi.”
Freyd fikricha esa, tushda kishining uyg‘oq paytidagi ong osti kechinmalari yuzaga qalqib chiqadi. Uyg‘oq payti inson ko‘proq ongga, aqlga bo‘ysinadi. Uning xatti-harakatlari chegaralangan, ma’lum bir yo‘nalishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Tushda esa inson erkinroqdir.
Darhaqiqat, uyquda biz uyg‘oq paytimiz yuzaga chiqishiga aqliy mayllarimiz yo‘l qo‘ymagan kechinmalarga guvoh bo‘lamiz va u bilan birga yashaymiz hamda buni tush, deb ataymiz. Tush inson ruhiy dunyosining ajralmas, murakkab va muhim qismidir. Freyd tushni tahlil qilar ekan, tushga e’tiborsizlik XX asr insonlarining ruhan mayib bo‘lib qolishiga olib keldi, degan fikrni aytadi. Tushga – ichki istak va kechinmalarga e’tiborsizlik tufayli odamzot katta fojeaga duch keldi: u o‘z qalbini unutib qo‘ydi, deydi olim.
Freyd XX asrga xos yovuzlik, qullik, mutelik, axloqiy buzilishlar, e’tiqodsizlik va iymon sustligini insonning ichki mayl, kechinmalariga e’tiborsizligida yoxud bu kechinmalarning zo‘rlik bilan jilovlab qo‘yilishida, deb tushuntiradi. Freydning bu nazariyasi tush haqidagi qadim tasavvurlarga g‘arblik olimlar e’tiborini jalb etdi va natijada inson ruhiyati, kechinmalari aks etgan badiiy ijodni tadqiq etuvchi ruhiy tahlil metodi yuzaga keldi. Z.Freyd, K.Yung va boshqa ruhiy tahlil metodi vakillari tushni tahlil qilib, undagi ramzlar miflardagi ramzlar bilan o‘xshash ekanligini kashf etdilar hamda tushni sharhlash miflarni sharhlashni osonlashtiradi, degan qarashni o‘rtaga tashladilar.
Umuman, uyqu va uyg‘oq holatlar inson faoliyatining ikki qarama-qarshi qutbidir. Birida voqelik va mantiq, ikkinchisida erkinlik va “men” yetakchi. Uyg‘oq odam o‘z faoliyatini mavjud sharoitning mantig‘iga moslaydi: u davrga mos kiyim kiyadi,uy quradi, tashvish chekadi va davr mantig‘idan kelib chiqib fikr yuritadi, munosabat-muomala qiladi. Ya’ni u makon va zamon chegarasida yashashga, makon va zamon nomidan gapirishga, faoliyat yuritishga, yashash uchun kurashishga, o‘zini himoya qilishga majbur. Uyqu holatida u makon va zamondan mutlaqo xalos bo‘ladi, u o‘z ichki dunyosi — “men”i ixtiyorida bo‘ladi. “Men” shunchalik kengki, u o‘zida barcha makonlarni, zamonlarni mujassam etadi. Uyquda uyg‘oq paytdagi yashash uchun kurash mantig‘i bo‘lmaydi. Kishi makon va zamon axloqidan, tartib qoidasidan, qonunlaridan, yashash tarzidan, ta’qib va ta’qiq xavfidan butkul xalos bo‘ladi, ya’ni u butkul erkin bo‘ladi. Ana shu paytda faqat “men”ga – ichki dunyoga xos istak kechinmalar uyg‘onadi. Uyg‘oq odam o‘zini o‘rab turgan voqelikning ijrochisi, uyqu esa ichki hissiyotlar – ruhiy dunyo bilan yuzma–yuz kelishdir.
Amerikalik olim Erix Fromm tushga oid bir maqolasida shunday ahamiyatli misolni keltiradi. A. hamda B. degan shaxslar uchrashib qolishadi va birgalikda tijorat qilishmoqchi bo‘lishadi. Shu kecha A. tushida B.ning o‘g‘irlab olgan pullariga soxta hujjat to‘ldirayotgani ko‘radi. A. tushga katta ahamiyat bersa-da, bu gal u ko‘rgan tushini e’tiborsiz qoldiradi. Biroq bir yildan so‘ng B.ning soxta hujjatlar bilan katta miqdorda pul o‘marganiga guvoh bo‘ladi. Bu bashorat-tushni Fromm shunday sharhlaydi: A. uyg‘oq payti uning aqliy salohiyati B.ning asli qiyofasini to‘liq qamrab ololmagan, biroq aqlga nisbatan qamrovi keng bo‘lgan ong osti hislari B.ning asl qiyofasini to‘liq aks ettira olgan va bu taassurot xulosasi tushda namoyon bo‘lgan. Olimning fikricha, ong osti hislari ongli hislarga nisbatan sezuvchan, harakatchan, o‘ta aniq kechinmalardir. Bashorat-tushlar ana shu o‘ta sezuvchan kechinmalar hosilasi bo‘lib, buni odam birdan anglab olishi qiyin bo‘ladi, aql bu sezuvchan hislarni o‘z mantig‘iga suyanib qabul qilolmaydi. Uyqu payti esa bu kechinmalar tush sifatida kelajakni o‘zida namoyon qiladi.
Ruhiy tahlil metodining asoschisi Freyd insondagi mayllarning tushda turli hayvon ko‘rinishida gavdalanishini ta’kidlaydi. Erix Fromm esa “Qizil Shapkacha” ertagini tahlil qilarkan, undagi bo‘ri shahvoniy mayl timsoli sifatida talqin etilganini yozadi. “Alpomish” dostonida Barchinoyning mayli yo‘lbars, aks mayli esa mast tuya qiyofasida gavdalanadi.
Bu misollar shundan dalolat beradiki, ibtidoiy davrlardan XXI asrgacha kishilarining tushga bo‘lgan munosabatlarida unchalik farq sezilmaydi. Ular ko‘rayotgan tushlardagi ramzlarda ham yaqinlik mavjud.
Sharqda tushga shunchalik teran bir munosabatda bo‘linganki, inson tabiatidan tortib u yegan taomgacha tushga ta’sir qilishi mumkinligini yaxshi bilishgan. Misol uchun, Abulfazl Husayn at-Tiflisiy Imom Ja’far roziyllohu anhu tushni uchga bo‘lganligini aytadi. “Tush aslida uch qismdur, — deb yozadi u o‘zining “Mukammal tush ta’birnoma”sida, — biri hukm deb aytiladi, ikkinchisi mutashobih ( ramziy tush ), uchinchisi asg‘osu ahlom (parishon) tushlardir”. Parishon tushlarni ko‘ruvchilarni to‘rt guruhga bo‘lar ekan, ulardan biri savdo qo‘zg‘atuvchi ovqatlarni yeguvchilar ko‘radigan tush, deb aytadi. Yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, tush inson axloqi, ma’naviyati, ruhiyati bilan chambarchas bog‘liqdir. “Yuzing qiyshiq bo‘lsa, oynadan o‘pkalama”, deydi xalqimiz. Yomon, qo‘rqinchli tushlarning sababini chekkadan emas, o‘zimizdan, o‘z tabiatimizdan izlashimiz zarur . Bu birinchi holat. Ikkinchi holat — tushni ta’birlash bilan bog‘liq jarayon.
Yusuf Xos Hojib tush ta’birchilarini o‘rniga qarab yurumchi, yo‘rumchi, muabbir deya uch xil nomda ataydi. Adib o‘zining “Qutadg‘u bilig” asarida “Tush qanday ta’bir qilinsa, shunday bo‘ladi”, “Tushni yaxshiga yo‘y, tush yurug‘iga ko‘ra bo‘ladi”, der ekan, tushni doimo yaxshiga yo‘yish lozimligini ta’kidlaydi.
Ertak va dostonlarimizdan ma’lumki, tushni hamma ham ta’bir qilavermaydi. “Alpomish” dostonida Barchinning tushini Suqsuroy kaniz, Boybo‘rining tushini esa qizi Qaldirg‘och ta’bir qiladi. Mazkur dostonning barcha variantlarida Qaldirg‘och ham, Suqsuroy kaniz ham Alpomish va Barchinning yonidagi yo‘ldoshlardir. Kerak payti ular o‘z yaqinlariga maslahat bera oladigan, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsata oladigan donishmand, oqila ayol, yanayam aniqrog‘i, dostonda homiy obraz sifatida gavdalanadilar. “Manas” dostonida Manasning otasi Jaqibning tushini Boyjigitdan boshqa hech kim ta’bir qilolmaydi.
“Tushingni suvga ayt”, deydi dono xalqimiz. Suv kul’ti haqidagi qadim tasavvurlar bilan bog‘liq bu maqoldagi ikkita eng muhim jihat e’tiborlidir. Birinchidan, tush, albatta, kimgadir aytilishi lozimligi, shunday qilinsa inson yengil tortishi, ko‘ngli ravshanlashishi ko‘zda tutiladi. G‘arb tadqiqotchilari ruhiy xasta bemorlarning xastaligiga tush ham sabab bo‘lganligini va ko‘rgan tushlarini hikoya qilib berish orqali davolaganliklarini yozishadi. Ikkinchidan, tushni hammaga ham aytib bo‘lmasligi, uni o‘ziga yaqin, qalbi toza kishilarga aytish lozimligiga ishora qilinadi. Qolaversa, suvning tiniqligi, musaffoligi va oqib turishi inson ruhiyatiga ta’sir etuvchi xususiyatga egadir.
Tushni ta’bir qilish islomda payg‘ambarlikning qirq olti juz’idan biri hisoblanadi. Zero, “Rost tush haq subhonahu va taolodan vahiydir. Tush Xudoyi Taolo bilan banda o‘rtasidagi omonatdir”.
Abulfazl at-Tiflisiy shunday yozadi: “Ibn Sirin rahmatullohi alayh aytadi: “Muabbir uchun shart shuki, u tushni eshitayotgan paytda tahoratli bo‘lishi, tush aytayotgan dushmani bo‘lsa, dushmanligi sababli noto‘g‘ri ta’bir qilmasligi, bir odamning yomonligini bilsa, boshqalarga oshkor qilmasligi kerak.” Bu o‘rinda tushni ta’bir qilishda muabbir, ya’ni ta’birchining zimmasidagi ma’suliyat alohida ta’kidlanmoqda.
Tush ko‘ruvchining tabiati, axloqi, dini, e’tiqodi, ismi, shajarasi, tush ko‘rish oldidagi holati, tushni ko‘rgan kuni va payti — bularning bari tushni ta’bir qilayotganda, albatta, e’tiborga olish zarur bo‘lgan holatlardir.
Rivoyat qilishlaricha, bir kishi Ibn Sirin rahmatullohu alayhga: “Tushimda azon aytayotgan ekanman”,deydi. Ibn Sirin unga: “Hajga borasan!”, deb aytdi. Shu payt boshqa bir kishi kelib: “Tushimda azon aytayotgan ekanman”, dedi. Ibn Sirin uning tushini “Seni o‘g‘irlikda ayblashadi”, deya ta’bir qildi. Nega aynan bir xil tushni ikki xil ta’bir qildingiz, deya so‘rashganida, u kishi shunday javob beribdi: “Birinchisi yaxshi odam edi, shuning uchun unga hajga borasan”, dedim. Ikkinchisi ahli fasodlardan ekanini bildim va ta’birni boshqacha qilib: “Seni o‘g‘irlikda ayblashadi, dedim”, degan ekanlar.
Bu o‘rinda bizning e’tiborimizni tortadigan birinchi jihat, tush, avvalo, inson axloqi bilan chambarchas bog‘liq ekanligi bo‘lsa, ikkinchi jihat, tushdagi ramzlar har bir tushda o‘zgacha ma’no tashishidir. To‘g‘ri, tushda ham umumiy ramzlar, ya’ni o‘zak ramzlar mavjud. Biroq har bir tush ta’bir qilinayotganda ular individual ma’noga ega bo‘ladi. Shuning uchun ham tushlar va ulardagi ramzlarni sharhlash mushkul masala. Tipik tushlar, ya’ni tez-tez uchraydigan tushlar ham bor. Ularda umumga xos bo‘lgan syujet va ramzlar ishtirok etadi. Biroq xuddi ramziy obrazlar aniq bir matnda alohida ma’noga ega bo‘lgani kabi, tushdagi syujet va ramzlar ham konkret tush va uning ruhiy holatidan kelib chiqib tahlil etilishi kerak.
Sharqdagi tush haqidagi qarashlar G‘arbda keyingi asrlarda yuzaga kelgan ta’limotning, ertak va dostonlarimiz, yozma adabiyotimizdagi tushlarning va ta’birnomalarning ilmiy asosga ega ekanligini ko‘rsatadi. Xoh og‘zaki, xoh yozma manba bo‘lsin, tush lavhasi va undagi ramzlar inson ruhiy olamining ramzlari ekan, ularga ilmiy yondoshish va ilmiy baho berish dolzarb vazifadir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 34-sonidan olindi.