Shahri azim Toshkentimizning sharq tarafida ko‘rkam Chotqol tog‘lariga o‘rlab boruvchi go‘zal maskan bor, uni Bo‘stonliq deb ataydilar. Tog‘lar boshidan otilib tushuvchi Pskom, Ko‘ksuv, Chotqol, O‘gam daryolari, shuningdek Oqtosh, G‘alvasoy, Oqsoqota kabi soylar birlashmasidan paydo bo‘luvchi Chirchiq daryosi yonbag‘irlariga joylashgan bu diyor uchun ortiqcha ta’rif-tavsifning hojati yo‘q..Chunki tabiatning bor mo‘jizalari shunda mujassam…
Lekin, taassufki, so‘lim Bo‘stonliq ko‘rkiga ham yillar o‘z ta’sirini o‘tkazdi, unga ancha qattiq putur yetdi. O‘ttiz-qirq yillik jurnalistik va yozuvchilik faoliyatim davomida bu qanday yuz berganidan picha xabarim bor. Alloh yaratgan betakror bu jannatmakonning butun borlig‘ini g‘orat qilib, yildan-yilga tinkasini quritayotgan katta-kichik ko‘ngilsizliklar haqida qayta-qayta tanqidiy chiqishlar qilib, hayvonot va nabobot olamiga o‘nglab bo‘lmas zarba urayotganlar to‘g‘risida yozib, boshimizga ko‘p tashvishlar ham orttirib olganmiz.
“Oqtosh” o‘z salohiyati darajasiga hanuz ko‘tarila olgani yo‘q. Uning hozirgi zamon talabiga to‘liq javob bera olishi uchun hali juda ko‘p ishlar qilinishi kerak. Nafaqat bu sihatgah, balki butun Bo‘stonliq o‘z nomiga chinakamiga munosib bo‘lishi uchun har sohada tub ijobiy burilishlar amalga oshirilmog‘i shart. Birinchi navbatda uning go‘zal va rang-barang tabiatini saqlab qolish, hayvonot va nabobot olami inqirozini to‘xtatish lozim. Faqat to‘xtatibgina qolmay, shundayin buyuk o‘zgarishlar yasash kerakki, Bo‘stonliq dunyoning ikkinchi Shveytsariyasi degan nomga chin ma’noda ega bo‘lsin…
Aytayotgan bu gaplarimiz havoyi fikrlar emas. Bo‘stonliqning fidoyi insonlari kichkinagina bir go‘shada bo‘lsa ham bu gaplarimizning amaliy isbotini yaratib qo‘yibdilar. Bir tasodif tufayli “Xumson” sihatgohiga borib qolib, ko‘zlarimizga ishona olmadik. Sochi, Yalta sihatgohlari, hatto Karpat tog‘lari etaklaridagi, Boltiq bo‘yi mamlakatlaridagi dunyoga mashhur jannatmakonlarning bari o‘z “Xumson”imiz oldidan o‘taversin! Bu bahoni biz berayotganimiz yo‘q. “Shashmaqom”ni ushbu go‘shada yozib bitirgan Yunus Rajabiy domlaning ta’rif-tavsifi bu saralab ekilgan va gurkirab o‘sayotgan archazorlar-u kashtanzorlar, biz nomlarini sanab o‘tmagan xilma-xil ko‘rkam o‘simliklar, gulzoru sumbulzorlar!.. Shundoqqina tepangizdagi oppoq qorli tog‘lardan otilib tushayotgan Qo‘rg‘onsoyning shifobaxsh suvi sihatgohga jon baxsh etib turuvchi qon tomirlarga o‘xshaydi. Ko‘rkamligu sehrli rohatbaxshlikda tengsiz bo‘lgan O‘gam daryosi “Xumson” poyini o‘pib oqmoqda. Dunyoda necha xil archa bo‘lsa, hammasidan bor. Hayron qolasiz, bu yerda bo‘ston yaratishga kim jazm qilganu, hozirgacha uni kim davom ettirayapti? Ma’lum bo‘lishicha, g‘oyat savobli faoliyatni boshlagan ham, hozirgacha shu harakatlar boshida turgan ham Rahmatilla ismli yigit ekan. U Bo‘stonliqning Sijjak qishlog‘idan. Shu bois mehri ham o‘zgacha. O‘zi ham tinmaydi, boshqalarni ham tindirmaydi. U har bir qarichda go‘zallik yaratish, zamonaviy binolar qurish, Yevropaning eng yetuk joylaridagidan ham o‘za oladigan sifatli va rang-barang shifo koshonalari barpo etishni diliga jo qilgan.
– Eng ilg‘or ishchi-xizmatchilaringiz kimlar,- deya so‘rasangiz boshliqdan bitta javob olasiz: “O‘rta hisobda 250 chog‘li jamoamiz bor. Biri biridan sira qolishmaydi…” Sihatgohda bunyodkorlik ishlari hamon qizg‘in davom etmoqdi. Dam olish, davolanish sharoitlari yil sayin yaxshilanyapti, ammo yuqori rahbar tashkilotlar yoki biron-bir homiydan bir so‘m pul so‘rayotgani yo‘q. Beixtiyor savol tug‘iladi: mablag‘ qayoqdan kelmoqda? Avvalo har kim o‘z vazifasiga sadoqat bilan yondoshmoqda. Qolaversa, aniq xisob-kitoblar, har sohada ishni to‘g‘ri tashkil etish yutuqlar omili bo‘lmoqda. Darvoqe, jamoa 1997 yildan boshlab ochiq aktsiyadorlik jamiyati maqomini olgan. Ayni chog‘da sihatgoh hisob raqamida anchagina mablag‘ bor. Shu hisobdan bunyodkorlik ishlari uzluksiz davom ettirilmoqda. Qishki suzish havzasi, sport zali binolarining birinchi navbatini kelgusi yil tugallash ko‘zda tutilgan. Jamoaning ixtiyoriy ravishda navbatma-navbat doimiy hashar uyushtirib borishi ishlarni jadallashtirmoqda, mablag‘ tejalishiga imkon yaratmoqda. Sharoitning muttasil yaxshilanishi esa sihatgohga keluvchi talabgorlar sonining beto‘xtov oshib borishini ta’minlayapti. “Xumson”dagina mijozlar buyurtma asosida ovqatlanish imkoniyatiga ega. Urush qatnashchilari singari imtiyoz egalari uchun esa tekin xizmat va qulay shart-sharoitlar yaratib qo‘yilgan…
Qani endi, Bo‘stonliqning hamma tarafida shu kabi jannatmakonlar barpo etilsa! Shunday qilinsa, nafaqat yurtdoshlarimiz, hatto chet elliklar ham so‘lim maskan – Bo‘stonliq ne’matlaridan to‘la-to‘kis bahramand bo‘lar edi. Yana bir yaxshi tomoni – yerli xalqning kattagina qismini ish bilan ta’minlash imkoniyati yaratilar edi.
Masalan, O‘gam-Chotqol Davlat milliy tabiat bog‘ida ham shunday tub ijobiy o‘zgarishlar yasash imkoniyatlari bor. Bo‘stonliqdagi eng go‘zal hududlarni o‘z tasarrufiga olgan bu idorada o‘tgan o‘n yilcha vaqt davomida necha bor boshliqlar o‘zgaraverdi-yu, ishda ijobiy siljish sezilmadi. Bunga imkoniyat ham yo‘q edi. Chunki bitta hududda bir necha tashkilot o‘z holicha ish olib borar, hamma joyda bosh-boshdoqlik, o‘zboshimchalik hukm surardi. Endi bularning bariga chek qo‘yilib, hududdagi deyarli barcha tashkilotlar milliy bog‘ tasarrufiga o‘tkazildi. Ustiga-ustak bu dargohga Bo‘stonliqning fidoyi insonlaridan bo‘lgan Abdukarim Abdujamilov bosh direktor etib tayinlandi. Shundan so‘ng tez orada ijobiy siljishlar sezila boshladi: mustahkam texnika bazasi yaratilayotgan, moddiy ta’minot ham yaxshilanayotgan milliy bog‘ egalari tabiat bag‘rini to‘ldirishga, avvallari yo‘l qo‘yilgan yo‘qotishlar o‘rnini qayta tiklashga astoydil bel bog‘laganlar.
– Bosh vazifamiz, avvalo hududimizda tinchlik-xotirjamlikni ta’minlash, niyati buzuq, g‘irrom kimsalarning nopok qadamlarini qirqishdir! – deydi A.Abdujamilov qat’iyat bilan.
– Xudo xohlasa, milliy bog‘imizni jahondagi eng ilg‘or turdoshlari qatoriga ko‘taramiz. Bu yo‘lda tuman, ayniqsa viloyat hokimligi juda katta yordam ko‘rsatmoqda.
Shunday ekan, yaqin kelajakda ko‘zlagan rejalarimizni albatta ro‘yobga chiqaramiz.
Xullas, Vatanimizning so‘lim durdonasi bo‘lmish Bo‘stonliqda keyingi yillarda chindan ham taraqqiyot uchun keng yo‘l ochilmoqda. Yurtboshimizning ko‘rsatmasi, Vazirlar Maxkamasining Qaroriga binoan yangi ishxonalar tashkil etildi, katta mablag‘lar ajratildi. Minglab bunyodkorlar Chorvoq dengizi atrofidagi Chimyon-Chotqol hudud ida ulkan bunyodkorlik ishlarini bajarmoqdalar, chala holda tashlab qo‘yilgan qurilishlarni poyoniga yetkazmoqdalar.
Afsuski, ayrim rahbarlarning sustkashligi tufayli Bo‘stonliq obodonchiligi masalasida katta imkoniyatlar boy berilayotir. Buni qarang, tabiiy gaz Chorboq qo‘rg‘oniga yetkazilsa-yu, yerli xalq hanuz undan foydalana olmasa! Shu gazga ishonib, yetarli miqdorda yoqilg‘i jamg‘armagani tufayli ko‘pqavatli uylardagi oilalarning qishda sovuq qotishi insofdanmi?! Nafaqat Chorvoq qo‘rg‘oni, balki yuqori qishloqlarning barchasiga tabiiy gaz tortish imkoniyati yaratildi-ku! Bu ishni amalga oshirish uchun g‘ayrat-shijoat, tashkilotchilik va dadillik kerak, xolos.
Yoki obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish masalasini olib ko‘raylik. To‘g‘ri, ulkan qurilishlar davlat mablag‘i hisobiga bajariladi, ko‘kalamzorlashtirish, bog‘-rog‘lar yaratish-chi? Nima uchun qishloq, qo‘rg‘on yoki shahar rahbarlari o‘z hududlarini ixtiyoriy ravishda obod qilishga o‘z qo‘llari ostidagi insonlarni to‘liq jalb etmaydilar? Shu ish uchun ham doimiy ravishda yuqoridan buyruq kutib o‘tirish shartmikin? Xullas, bu haqda gapiraversak, gap ko‘p. Yaxshisi, amaliy ishga o‘tib, hammamiz go‘zallik yaratishga yoppasiga kirishmog‘imiz, omad kulib boqqan ayni qulay fursatlardan imkon boricha unumli foydalanmog‘imiz lozim.
“Ishonch” gazetasi,
2002 yil 23 iyul soni.