Maqolani boshlayapman-u, taassufdaman. Bu mavzu Servantesning qo‘liga tushmadi-da. Tushganida “Don Kixot”ning ikkinchi tomi tayyor, deyavering edi. chunki, syujet tap-tayyor. Faqat Servantes kerak. Lekin Servantesning rahmatli bo‘lganiga besh asr bo‘lyapti-da.
Esingizdadir, Don Kixot shamol tegirmonlari bilan rosa “jang” qiladi. O‘shanda xayol bilan haqiqatni aralashtirib qo‘ygan sho‘rlik ritsar, tegirmonlarni dev deb o‘ylab, “jang”da anchagina talofat ko‘radi. Esladingiz-a, esladingiz. Bizning syujetimizdagi qahramonlar ham ana shu lamanchlik ritsarga o‘xshaydi. Lekin ular shamol tegirmonlari bilan “jang” qilmoqchi emas. Ular “tovlamachi muxbir”lar bilan gaplashib qo‘ymoqchi bo‘ladi. Hech narsaga tushunmadingiz-a?
To‘g‘ri. Keling, boshidan boshlaymiz.
Yaqinda Samarqanddagi “Zarafshon” ro‘znomasida “Tovlamachi “muxbir”ning tegirmoniga kim suv quyayapti?” sarlavhasi ostida bir murojaatnoma e’lon qilindi. Besh jurnalistning imzosi ostida e’lon qilingan bu murojaatnomaga br nazar tashlasangiz, men yuqorida nima uchun Don Kixotni eslaganimni tushunasiz.
Dastavval, murojaatnomaning mazmuni bilan tinishing. Emishki, Samarqand viloyatida ta’magirlik yo‘liga kirgan muxbirlar paydo bo‘layotgan emish. Bu holat shu murojaatnomani yozgan hamkasblarimizning obro‘siga putur yetkazayotgan ekan. Shuning uchun viloyatdagi keng jamoatchilikka ma’lum qilinadiki, “Mabodo, jamoangizga tashrif buyurgan jurnalist haddidan oshsa (?), mavqeini suiste’mol qilsa, uning “og‘zini yopish”dan ko‘ra, avval bizga xabar qiling”.
O, naqadar olijanoblik. Lekin shu iqtibosdagi bir jumlani bir oydan beri o‘ylayman, hech tushunolmayapman-da. “Jurnalist haddidan oshsa, bizga xabar qiling” deb yozishibdi. Jurnalist qachon haddidan oshgan hisoblanar ekan? Ya’ni, qancha so‘raganida yoki qanaqa axborotlarni so‘rganida? Umuman, jurnalist rostdan ham hadidan oshsa, (keling, shu jumlani to‘g‘rilaylik) tegishli qonunlar doirasidan chiqsa, nega Samarqandda huquq-tartibot idoralari yo‘qmi? Yoki samarqandda qonunbuzarni, xususan, ta’magirni jurnalistlar so‘roq qilishadimi? Buyog‘i qandoq bo‘ldi?
Maqola mualliflari jamoatchilik oldiga jazava bilan bir savol qo‘yadi:
“Tovlamachi “muxbir”ning (qo‘shtirnoq nega qo‘yilgan, tushunmadim) tegirmoniga kim suv quyayapti o‘zi? Umuman, ular qayerdan paydo bo‘layaptilar?” Xuddi shu jazava bilan savolning javobini ham o‘zlari beradilar: “Ayrim rahbarlar, alamzada kishilar ham tovlamachi “muxbir”lar tegirmoniga suv quyishmayaptimi? Axir birovdan o‘ch olish, arzimagan ishni ko‘z-ko‘z qilish maqsadida muxbirning yoqasidan kirib, etagidan tushayotgan kimsalarni ko‘rib turibmiz-ku!”
Birodarlar, shuncha ishni ko‘rib turgan ekansiz, shuncha haddidan oshishlarning guvohi ekansiz, nega o‘zingiz fosh qilib qo‘ya qolmaysiz? Butun muxbir zotining axloqini, iymonini jamoatchilik oldida shubhaga qo‘yib nima qilasiz?”
O‘zingiz o‘ylang, Samarqanddagi “Zarafshon” gazetasining muxbirlaridan ehtiyot bo‘ling, ular ta’magir bo‘lishi mumkin, desam, shu yaxshi gap bo‘ladimi? Bu axir butun to‘rtinchi hokimiyat degan yuksak maqomga ko‘tarila1tgan jurnalistikamizga nisbatan hurmatsizlik emasmi? Shoshmang, o‘zi sizga boshqalarning faoliyatini nazorat qilish vakolatini kim berdi?
Darhaqiqat, maqola ana shunday og‘riqli savollarga to‘lib-toshib yotibdi. Bu savollar jihatidan kelib chiqayapti. Keling, endi unga yuridik nuqtai nazardan yondashib ko‘raylik.
Agar eshitgan bo‘lsangiz, bizda “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi Qonun bor. Ana shu Qonunning 1-moddasida uning maqsadi yozilgan. Ya’ni, “Ushbu qonun har kimning axborotini erkin va moneliksiz izlash, olish, tadqiq etish, uzatish hamda tarqatishga doir konstitutsiyaviy huquqni amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi”. Demak, jurnalistning faoliyat yuritishi tegishli qonun bilan himoyalangan. U biror bir jamoaga qarshi borish uchun hech kimdan ruxsat so‘ramaydi. Jumladan, sizlardan ham. Chunki, shu qonunning 8-moddasida ko‘rsatiladiki, “Jurnalist jurnalistik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi”.
Qolaversa, Konstiuttsiyaning 29-moddasida nafaqat jurnalist, balki “…Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega” ekani aytiladi. Aytish mumkinki, axborot olish huquqi har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqidir. Davlat idoralari, har qanday mansabdor shaxs fuqarolar oldida mas’uldir. Demak, shuncha qonun-qoidalar bor ekan, endi boshqa nazoratsilar kimga kerak?
Maqola shu qadar kulgisi tarzda yozilganki, nahotki shu fikrlar biri-biridan g‘aliz jumlalar jamoatchilikni Tovlamachi muxbir”dan himoya qilmoqchi bo‘lgan xaloskor jurnalistlarniki bo‘lsa, deb o‘ylab qolasan. Undagi mana bu eslatmani o‘qing: “Shahar va tumanlarga rahbarlardan iltimos qilardikki, huzuringizga tashrif buyurgan muxbir bilan avval yaqindan tanishib oling. Guvohnomasini qo‘lga olib ko‘ring”.
Voy-bu, rahbar uchinchi sinf o‘quvchisimidiki, huzuriga kelgan odam bilan siz o‘rgatganchalik muomalani bilmasa. O‘qishda davom etamiz:
“Oxirgi gapimiz: faoliyatingizdan kamchilik topgan muxbirni “gapga olish” uchun o‘rtaga odam qo‘yib yurmang. Undan ko‘ra, o‘sha muammo yechimini o‘ylang”. Kaykovus bo‘lib ketg‘ey. Lekin men Kaykovusning nasihatlarini o‘qiganimda, bunaqa diltang bo‘lmasdim. Chunki, hamkasblarimning pandlaridagi ayrim birikmalarni butun boshli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dan ham izlab topolmadim-da. Yo‘q, siz meni xudbinlikda aylashdan oldin mana bu so‘zlarni bilsangiz, tushuntirib bering: “Muxbirni “gapga olish” uchun o‘rtaga odam qo‘yib yurmang”.
Muxbirni “gapga olish” qanday bo‘lar ekan? Ana sizga savol-u, ana sizga mantiq!
Butun respublikamizda davriy nashrlar soni 700 dan oshib ketdi. “Ko‘payish” jarayoni hamon davom etmoqda. Natijada turli ro‘znoma sahifalarida keraksiz gap-so‘zlar ko‘payib boryapti. Hatto bugun shu darajaga yetibmizki, yo‘q joydan fojea yasab, keng jamoatchilikka murojaat qilishdan-da tortinmayapmiz. Nazarimda, bu jarayon yaxshilikka xizmat qilmaydi.
“Hurriyat” gazetasi, 2002 yil 13 fevral.